Tarix Ikkinchi jahon urushi arafasida adabiyot olamiga kirib kelgan yozuvchilar zimmasiga insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushning ilk kunidan so‘nggi kuniga qadar jang maydonlarida bo‘lish, Reyxstag ustiga G‘alaba bayrog‘i o‘rnatilgandan keyin esa butun umrlarini urush mavzuiga, Moskva ostonalarida, Ukraina adirlarida, Belorussiya o‘rmonlarida, Varshava, Praga va Berlinni fashizm zulmidan xalos qilish uchun olib borilgan janglarda halok bo‘lgan soldat va ofitserlarning jangovar hayot yo‘lini tasvirlash vazifasini yukladi. Va ular shu muqaddas vazifani sharaf bilan bajardilar. Shuning uchun ham ular “urush avlodi yozuvchilari” sifatida qadrlanib keladi.
O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan olisda joylashgan o‘lka bo‘lishiga qaramay, bir milliondan ziyod vatandoshlarimiz, shu jumladan, yuzlab jurnalistlar, shoir va yozuvchilar urushning ilk kunidan boshlab, jang maydonlariga safarbar etildi. Ularning aksari qaytib kelmadi. Ota-onalari va farzandlari bag‘riga omon-eson qaytib kelganlari esa o‘lja qolgan hayotlarini urush qahramonlari obrazini yaratishga, urushning insoniyat boshiga ofat keltiruvchi global qonli voqea sifatida tasvirlashga bag‘ishladilar. Shunday ijodkorlardan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhratdir.
Shuhrat (G‘ulom Alimov) 1918 yili Toshkent shahrining ulamosi yashagan Hazrati imom mahallasida, shoirning yozishicha, kosib oilasida tug‘ildi. Lekin XX asr oxirlarida uning uyida ta’mirlash ishlari olib borilganda, eski devorlar orasidan 1937 yilning dahshatli kunlarida yashirilgan bir talay mo‘tabar diniy kitoblar chiqqanki, ular Aminjon otaning shu mahalladagi o‘qimishli kishilardan biri bo‘lgani va zamona zayliga ko‘ra kosibchilik bilan kun kechirishga majbur bo‘lganidan darak beradi. Shuhrat otasi to‘g‘risida so‘z yuritib, uning “bir oz madrasa ko‘rgan, savodli, juda didli odam edi”, “zukko odam edi”, deb yozgani, otasi Shuhratni sho‘ro maktabiga o‘qishga berganida esa, ammasining “akam bitta-yu bitta o‘g‘lini kofirlikka berdi”, deb ranjigani bejiz emas.
Shunday oilada tug‘ilgan Shuhrat maktabda fizika va matematika fanlaridan “a’lo” baholar olib o‘qigani uchun transport texnikumida o‘qishni davom ettirishni ixtiyor qiladi. Bilim yurtida adabiyot to‘garagining ochilgani, to‘garakka zarif va orif shoirlardan biri Yunus Latifning rahbarlik qilgani uning taqdirini butkul o‘zgartirib yuboradi. U to‘garakka qatnashib, she’riyat alifbosini o‘rganadi, yuragida yashayotgan chaqaloq-shoirning “inga-inga”sini eshitib, g‘oyat bezovtalanadi. Axiyri, o‘qishni Maqsud Shayxzoda, Hamid Sulaymon singari fidoyi domlalar dars berayotgan, qariyb har haftada Hamid Olimjon, Uyg‘un, Usmon Nosir, Amin Umariy singari shoirlar ishtirokida she’rxonlik kechalari o‘tayotgan Pedagogika institutiga ko‘chiradi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maslahatchilar guruhiga kotib bo‘lib ishlashga taklif etiladi. Shu kundan boshlab u butun hayotini adabiyot bilan bog‘laydi.
1940 yili institutni tugatgan Shuhrat o‘sha yilning kuzida armiya safiga olinadi. Harbiy xizmatni Ozarbayjonda o‘tay boshlagan vaqtda Ikkinchi jahon urushi boshlanib, Nizomiy Ganjaviy vatani ham olovli halqa ichida qoladi. U xizmat qilgan qism doimiy manzilidan olinib, Kavkazning dushman kirib kelayotgan go‘shalariga tashlanadi. Shuhrat dastlabki janglardan birida jarohat oladi. Dastlab tibbiyot xizmatida, keyin vatanida davolangach, yana frontga yo‘l oladi. “1940 yil kuzida armiya safiga chaqirilganimcha Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi, faqat urushning oxirgi yilidagina yarador va kontuziya bo‘lib uyimga qaytdim”, deb yozadi Shuhrat tarjimai holida. Va davom etadi. – Garchand frontda muntazam ijod etolmagan bo‘lsam ham, qachonlardir bu sevimli hunarimga qaytish ishtiyoqi bir lahza ham xayolimdan nari ketgani yo‘q. Ba’zan zavq-shavqimni yoki dushmanga bo‘lgan nafratimni qog‘ozga tushirib qo‘yar edim. Keyinchalik ular to‘ldirilib, “Shinelli yillar daftari” nomli turkumni tashkil etdi”[1].
Agar 1940–1957 yillarda yozilgan she’rlardan iborat ushbu turkumni varaqlay boshlasak, bunday satrlarga nazarimiz tushadi:
Qirqinchi yil edi. Noyabr beshi,
Yoshligim beshigin tebratdi safar…
Yaxshi qol, ey Toshkent, ey ona shahrim,
Kindigim qoni bor senda, unutma!..
Okopdaman, ko‘zim o‘ngidan
Bir-bir o‘tar shonli lavhalar.
Shirin o‘ylar tinar, so‘ngidan
Qalbim o‘rtar qonli lavhalar…
Chegara chizig‘in o‘tdi-yu soldat
O‘q tegib to‘xtadi metin to‘shidan…
Jangchining ko‘pdandir oshna betiga…
Bu satrlarning o‘qir ekanmiz, ularning urush maydonlariga borib, qo‘l-oyoqlaridan ayrilgan jangchilarning faryodlari-yu to‘plar hayqirig‘ini o‘z qulog‘i bilan eshitgan, navbatdagi jangdan keyin esa o‘liklardan hosil bo‘lgan tepaliklar-u kuyib vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan jangchi-shoirning qalami bilan yozilganiga amin bo‘lamiz…
“Meni prozaga da’vat etgan omil nima, – deb yozadi Shuhrat, – hozir ham aniq bilmayman. Lekin unga bo‘lgan ishtiyoq shunday kuch bilan tug‘ildiki, yillar o‘tgan sari meni yanada o‘z bag‘riga ola boshladi. Ehtimol, buning sababi yoshim ulg‘ayib borganidan, Ikkinchi jahon urushi frontlarida “ulkan hayot”ni bevosita o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelganimdandir”[2].
Agar shoirning biz murojaat etayotgan tarjima holi bilan tanishishda davom etsak, Shuhratning urushdan keyingi davolanish va roman yozishga chog‘lanish kezlarida “bir mahallar qulog‘iga kirgan yozuvchilarning asarlarini imkon boricha ko‘zdan kechirgani”, “shunchalik ko‘p narsa(ni) o‘qib chiqqani”, “Mopassandagi maishiy jozibadorlik”, “Jek Londondagi romantik qahramonlik”, “Chexovdagi ixchamlik va aniqlik”, “Turgenevdagi ajoyib lirizm va ko‘tarinkilik”, “Lev Tolstoydagi ko‘lam va psixologik butunlik” uni nasrning sehrli olami sari yetaklay boshlaydi. “Shundan keyin, – deb yozadi shoir, – jiddiyroq bosh qotirib, obrazlarim ustida kengroq o‘ylab, o‘zbek soldat-ofitserlarining Ikkinchi jahon urushi maydonlaridagi jonbozligini ko‘rsatish niyatida voqeani urush arafasidan boshladim. Asosiy material bo‘lib o‘z biografiyam xizmat qildi”[3].
Shuhrat haqidagi xotiralardan shu narsa ma’lumki, iste’dodli adib Shukur Xolmirzayevga ustoz sifatida maslahat berar ekan: “Ko‘proq frantsuz adiblarini o‘qi! Ular voqea va hodisalarni qiziqarli tasvirlash usullarini yaxshi bilishgan!..” degan edi. Chamasi, Shuhratning o‘zi ham ilk romanini yozishdan avval frantsuz adiblaridan ko‘p narsani o‘rgangan ko‘rinadi. U urush haqidagi asarida faqat harbiy mashqlar, janglar, askarlarning yarador va halok bo‘lishlari, noma’lum tepaliklarning dushmandan ozod qilinishidan iborat voqealar kitobxonni zeriktirib qo‘ymasligi uchun bosh qahramonning ruhiy olamiga chuqurroq nazar tashlashga, uning sevgi, rashk va ishqiy iztroblardan xoli bo‘lmagan hayotini ham tasvirlashni lozim, deb bilgan.
Shuhrat Ozarbayjonda harbiy xizmatni o‘tayotgan vaqtida bir go‘zal ozar qizi bilan tanishgan. Shoir o‘z hayotida ro‘y bergan shu real voqea asosida “Shinelli yillar” romanida Elmurod bilan Zeboning muhabbati tasviridan iborat asosiy syujet chizig‘ini yaratgan.
Romanda tasvirlanishicha, Zebo Elmurodni ishqiy asarlardagi ma’shuqalardek butun qalbi bilan sevadi. U hatto Elmurod jang qilayotgan qismga borib, sevgilisini naqd o‘limdan qutqarib qoladi. Ammo Elmurodning halok bo‘lgani haqidagi yolg‘on xabarni eshitib, dushmandan qasos olish uchun jangga otlanadi va orzusiga erisholmay, jangda o‘q tegib, halok bo‘ladi. Front hayotini tasvirlashga bag‘ishlangan romanga bunday syujet chiziqlarining kiritilishi asarni “magnitlantirib”, kitobxon qalbini esa to‘lqinlantirib turadi.
Shuhrat “Shinelli yillar” romanini yakunlashi arafasida sovet davlati qatag‘on siyosatining navbatdagi to‘lqini ko‘tarilib, 50-yillar avvalida Shayxzoda, Shukrullo, Said Ahmad, Hamid Sulaymon, Nabi Abdurahmonov, Vosit Sa’dulla singari shoir va olimlar qatori u ham qamoqqa olinadi va tintuv paytida mazkur asar qo‘lyozmasi ham olib ketiladi. Stalin vafotidan keyin ozodlikka erishgan Shuhrat romanni qayta qo‘rib chiqadi, ko‘p narsalarni olib tashlaydi, uni yangi boblar bilan to‘ldiradi. Dastlab Toshkentda o‘zbek tilida, keyin Moskvada rus tilida necha minglab nusxada nashr etilgan roman ko‘p millatli kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olinadi. “Shular zavqlantirib yubordimi yoki ichki bir zarurat tug‘ildimi (shu so‘nggisi bo‘lsa kerak), – deb yozgan shoir, – har holda yana bir romanga qasd qildim. Buning mavzui ham, ibora joiz bo‘lsa, o‘z biografiyamdan. Lekin biografiyam “Shinelli yillar”dagi kabi bir vosita, xolos. To‘g‘ri, “Oltin zanglamas”dagi hayotni men yaxshi bilaman, ular men bilan birga bo‘lgan, menga uchragan kishilarning hayoti. Men bu hayotning atrofidamas, naq ichida bo‘lganman. Bu mavzuda biror narsa yaratmasam, ko‘nglim o‘rniga tushmas edi. Buni vijdonim taqozo etardi”[4].
”Shinelli yillar”ni bugun o‘qigan kitobxon o‘tgan asrning 20 – 50- va hatto 80-yillarida sovet davlatining o‘z xalqi boshiga qanday kulfatlarni solganini yaxshi biladi. Qamoqxonalar va lagerlardagi mahbus-xalqqa bo‘lgan vahshiyona munosabatni ko‘rgan, xo‘rlangan, kaltaklangan, bir burda non va bir piyola suvga zor etilgan kishilarning bu do‘zaxda insonlik qiyofalarini yo‘qotib qo‘yishlari hech gap emas edi. Shuhrat “Oltin zanglamas” romanida shunday holat va sharoitdan iborat Lagerlar saltanatiga tushib qolgan kishilarning O‘zligini – Insonligini saqlab qololganini ularning shu saltanat ustidan qozongan g‘alabasi sifatida talqin qilgan.
Tanqidchilarning qayd qilishlaricha, Shuhrat “Shinelli yillar”da ayrim voqealar va qahramonlar xarakterini tasvirlashda o‘zining shu voqealar va shu qahramonlarga bo‘lgan munosabatini oshkor qilmagan va yozuvchi tomonidan “yo‘l qo‘yilgan” bu loqaydlik asarning badiiy-estetik qimmatini ma’lum darajada tushirgan. Shuhrat tanqidchilarning shu fikrlarini inobatga olibmi yoki qalbidagi NKVD zindoni va lagerlarida olgan jarohatlari bitib ulgurmagani uchunmi, “Oltin zanglamas” romanidagi qariyb har bir voqea va qahramon obrazini tasvirlashda o‘zining shu voqea va shu qahramonga bo‘lgan munosabatini yashirmagan. Shu hol aksar kitobxonlarga manzur bo‘lgan bo‘lsa, ta’qib va kuzatuv yillarida yayrab yashagan kimsalarning yozuvchini qoralab, uning ustidan o‘nlab tashkilotlarga yumaloq xatlarni yozib, Shuhrat asabining buzilishi va sihat-salomatligining yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Asar o‘z qamroviga urushdan avvalgi, 30-yillarda ro‘y bergan ijtimoiy voqelikni ham, urush yillaridagi maishiy va jangovar voqelik manzaralarini ham tortgan. Shu hol asarga yangi-yangi personajlarning kirib kelishini adibdan taqozo etgan. Shunday personajlardan biri Dilovarxo‘ja bo‘lib, uning ismiyoq qanday inson ekanligini anglatib turibdi. Agar xudbinlik, hasadgo‘ylik, ichiqoralik Mirsalimning xatti-harakatlarini g‘ayriaxloqiy ishlarga yo‘naltirgan kuch bo‘lsa, Dilovarxo‘janing xatti-harakatlarini yo‘naltiruvchi kuch uning jamiyatga yot unsurligi, zaharli maqsadidir.
XX asrning 20-yillarida ro‘y bergan muhim ijtimoiy voqealardan biri “bosmachilik harakati” edi. Sovet davrida ham, mustaqillik davri tarixining birinchi bosqichida ham bu harakat keskin qoralanib keldi. Ammo jadidchilik harakati, jadidlarning erk va hurriyat uchun kurashi ijobiy baholanayotgan hozirgi davrda “bosmachilik harakati”ning kelib chiqish sabablari, maqsad va mohiyatini chuqur o‘rgangan holda shu harakatni qayta baholashga zarurat sezilmoqda. Sir emas, jadidlar Turkistonni bolsheviklar zulmidan ozod qilish uchun dastlab “bosmachilik harakati”ni qo‘llab-quvvatlaganlar. Ammo ayrim qo‘rboshilar xalq va vatan manfaatini unutib, xalqqa ozor beruvchi kuchga aylanganlarida, ular bu harakatni to‘xtatishni lozim, deb topganlar. Bu, ularning “bosmachilik harakati”ga to‘g‘ri munosabatda bo‘lganlarini to‘la tasdiqlaydi.
Mazkur roman yozilgan yillarda “bosmachilik harakati”ga munosabat o‘ta salbiy bo‘lgani uchun Shuhrat bu harakatni va uning qatnashchilari obrazini “salbiy” bo‘yoqlar bilan tasvirlagan. U shu siyosiy aqidadan kelib chiqqan holda romanda “bosmachilik harakati” qatnashchilarini “yaxshi” va “yomon”larga ajratmasdan, ularni yoppasiga qoralash yo‘lini tanlagan. Mafkuraviy davr yozuvchilardan “bosmachilar”ni xuddi shu tarzda talqin qilishni talab qilgani uchun Shuhrat Dilovarxo‘janing “bosmachi”, dushman sifatidagi obrazini yaratib to‘g‘ri qilgan. Zero, o‘sha murakkab davrda istiqlolsevar “bosmachilar” bilan birgalikda mol-mulkini tortib olgani uchungina sovet davlatini yomon ko‘rgan, sovet davlati muassasalarida xizmat qilgan millatdoshlarining uyiga o‘t qo‘ygan kishilar oz bo‘lmagan. Shuning uchun ham romandagi “bosmachilik harakati” talqinini qoralab bo‘lmaydi.
Sodiq – Dilovarxo‘janing antipodi. Shuning uchun Shuhrat Sodiqning Dilovarxo‘ja guruhiga qarshi olib borgan kurashini yorqin bo‘yoqlar bilan tasvirlagan. Ammo taqdirning achchiq o‘yinini qarangki, kunlarning birida Sodiq ham, Dilovarxo‘ja ham bir qamoqxonada, bir kamerada uchrashib qoladilar. Sovet davlati nazarida, ularning ikkalasi ham xalq dushmanlari edi.
Ana shunday keskin ziddiyatlar va bir-biriga qarama-qarshi kuchlar to‘qnashuvida Shuhrat yashagan tarixiy davr fojialari badiiy tajassmini topgan. Romanning asosiy ijobiy qahramonlari ana shunday dahshatli sharoitdan chin inson bo‘lib chiqadilar.
Ikkinchi jahon urushi haqiqat va adolatning g‘alabasi bilan tugadi. Shundan so‘ng urush yillarida, ayniqsa, urushning dastlabki oylarida ro‘y bergan achchiq haqiqat yuzaga chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, minglab jangchilar – minglab sovet kishilari – urushning dastlabki kunlarida turli sabab-larga ko‘ra dushman tomoniga o‘tib, sovetlarga qarshi kurashgan ekanlar. Jangchilarning kuni kecha otasi “quloq” qilinib, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilingani yoki jangga qurol-yaroqsiz tashlangani, yo jang maydonida jiddiy jarohat olganligi sababli dushmanga asir tushgani yoki asir tushishga majbur bo‘lgani mutlaqo e’tiborga olinmadi. Urush tugagach, ularning bir qismi qo‘lga olinib, Sibir lagerlariga olib borib tashlandi, ikkinchi qismi esa amerikaliklar yoki inglizlarga asir tushib, ular idora qilgan zonalarda yashadi. Masalaning nozik tomoni shundaki, vaqt o‘tishi bilan xorijda qolgan vatandoshlarimizning muayyan qismi tadbirkorligi, mehnatsevarligi, yaxshi insoniy fazilatlari tufayli qaddi-qomatlarini tiklab, mamlakat ichkarisidagi qarindosh-urug‘lariga qaraganda osuda va farovon turmush kechira boshladilar. Keyinchalik shunday kishilar manglayiga “vatangadolar” degan mudhish tamg‘a yopishtirildi.
“Jannat qidirganlar”, – deb yozgan Shuhrat, – boshqacha roman. Unda deyarli o‘z tarjimai holim yo‘q. Agar uchrasa ham Ummatali obraziga sal-pal yuqqan. Lekin romanda mening idealim bo‘lgan obrazlar bor. Mening nazarimda, ona-yurtga bo‘lgan muhabbat, milliy iftixor kishidagi nozik va muqaddas, aziz va so‘nmas hisdir. Bularning o‘rnini na molu dunyo, na shoni sharaf, obro‘, yo‘q, hech narsa to‘ldirolmaydi. Shu oliyjanob hislar bilan yashagan odam nohaqlikka, har qanday og‘ir va musibatli kunlarga bardosh beradi, ulardan g‘olib chiqadi va murod-maqsadiga yetadi. Bu oliyjanob hisni davr va tarix oqimidan ayirib qisqa o‘ylagan shaxs esa doim ko‘ngli vayronlikda yashab, umrini tugatadi.
Romanda men aytmoqchi bo‘lgan gap shu”[5].
Chindan ham, adib va shoir “Jannat qidirganlar” romanida ona Vatanni qo‘msab yashagan, ona Vatanining tarixi va tarixiy siymolari bilan faxrlangan kishilar obrazini birinchi rejaga olib chiqqan va mehr bilan tasvirlaganki, asarning ahamiyati va tarbiyaviy qimmati shu narsa bilan belgilanadi.
Shuhrat ijodini mana shu uch roman bezab turadi.
Shuhrat bu epik asarlardan tashqari, she’riyatda o‘nlab she’riy to‘plamlar, “Shinelli yillar daftari”, “Kavkaz daftari”, “Dunay sohillari” “Odamlar va obidalar” singari she’riy turkumlar hamda “Mardlik afsonasi”, “Guldursin”, “So‘lmas chechaklar”, “Jamila”, “Quvg‘indi” singari dostonlarni yaratdi. Dramaturgiyada iste’dodini sinab ko‘rib, “Besh kunlik kuyov”, “Qo‘sha qaringlar”, “Ona qizim” singari sahna asarlarini o‘zbek tomoshabinlarga taqdim etdi. Badiiy tarjima sohasida ham javlon urib, Genrix Geyne, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, Adam Mitskevich, Taras Shevchenko, Muhammad Voqif asarlarini, shuningdek, yapon, vetnam va ozarbayjon shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, ularni o‘zbek xalqining ham adabiy mulkiga aylantirdi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son
_________________
[1] Shuhrat. Tanlangan asarlar. Uch jildlik. 1-jild. She’rlar, balladalar. – T., 1969. – B. 8.
[2] O‘sha manba. – B. 6.
[3] O‘sha manba. – B. 8.
[4] O‘sha manba. – B. 9.
[5] O‘sha manba. – B. 10.