Naim Karimov. Alisher Navoiy va Ahmad posho

O‘zbek adabiyoti va uning mumtoz namoyandalari ijodi faqat Markaziy Osiyo emas, balki Sharq va G‘arb mamlakatlarida ham katta e’tibor qozonib kelgan. Afsuski, sovet davrida xal qimiz tarixini mukammal va xolisona o‘rganish imkoniyati bo‘lmaganidek, adabiyotimiz tarixiy taraqqiyoti manzaralari ham butun ulug‘vorligi va murakkabligi bilan o‘rganilmay keldi. Shuning uchun ham biz o‘zbek mumtoz adabiyotining jahon (Sharq) adabiy jarayonining ajralmas qismi sifatidagi xususiyatlari haqida to‘la tasavvurga ega emasmiz.
Yaqinda nemis adabiyotshunos olimasi Zigrid Klaynmihel kaminaga o‘zining yangi ilmiy ishlaridan birini tuhfa qildi. Bu tadqiqot «Mir Alisher Navoiy va Ahmad Posho» deb nomlangan bo‘lib, nemis sharqshunoslarining «Archivum Ottomanicum» degan to‘plamida nashr etilgan. Zigrid Klaynmihel shu vaqtga qadar XX asr turkiy xalqlar adabiyoti, shu jumladan, o‘zbek adabiyoti va folklori bilan shug‘ullanib kelgani uchun uning Navoiy ijodiga qiziqishi va, ayniqsa, o‘zbek adabiyotshunoslariga noma’lum bo‘lib kelgan o‘zbek-turk adabiy aloqalari tarixining porloq bir sahifasini yoritib berishi kamina uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Afsuski, nemis tilini bilmaganim uchun olimaning bu ilmiy-tadqiqoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmadim. Ammo quyi-da muallifning o‘zidan olgan va mavjud adabiy-tarixiy risolalardagi ba’zi ma’lumotlar asosida Alisher Navoiy va Ahmad Posho o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik to‘g‘risida baholi qudrat fikr yuritmoqchiman.
Ahmad Posho Mahmad II va Boyazid II zamonlarida yashab, ijod etgani uchun o‘sha davr haqida bir-ikki og‘iz so‘z aytish lozim.
Sulton Boyazid Yildirim Amir Temur tomonidan mag‘lubiyatga uchragunga qadar Turkiya jahonning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan, hatto Yevropadagi bir qancha mamlakatlarni bosib ham olgan. Shuning uchun Sulton Boyazidning yaqin kelajakda Yevropaning birdan-bir hukmdori bo‘lib qolishi hech gap emas edi. Binobarin, jahonni titratayotgan Turkiyaning Amir Temur tomonidan mag‘lub qilinishi o‘zbek-turk madaniy aloqalari taqdiriga salbiy ta’sir etishi va hatto ikki mamlakat o‘rtasiga nifoq urug‘larini sepishi mumkin edi. Amir Temurning davlat arbobi sifatidagi donoligi shunda ko‘rinadiki, u g‘arazli ishlari uchun tavba-tazarru’ qilgan turk sultonini kechiribgina qolmay, ayni paytda unga shohona to‘n hadya etdi, asir tushgan o‘g‘illarini topishga va’da berib, uning o‘zini muhofaza qilish uchun maxsus kishilarni ajratdi. Shundan so‘ng har kuni sultonni huzuriga chaqirib, u bilan suhbat qurdi va ko‘nglini ko‘tardi. Yildirim Boyazid 1403 yili vafot etgach, manbalarda aytilishicha, Amir Temur muborak ko‘zlaridan yosh chiqib, yig‘lab, «Inna lillohi ilayhi roji’una» (“Haqiqatan, biz Ollohga tegishlimiz va, haqiqatan, biz uning oldiga qaytamiz»),–dedi. U hatto «Rum mamoliki»ni zabt etganidan keyin Yildirim Boyazidni yana taxtga o‘tqazmoqchi bo‘lganini aytdi. Amir Temurning mag‘lub sultonga ko‘rsatgan bunday marhamati Yildirim Boyazidning vorislarida katta taassurot qoldirdi va ular Amir Temurdan keyin ham uning vorislari bilan samimiy aloqada bo‘ldilar.
Adolat yuzasidan shuni ta’kidlash lozimki, Turkiya XIV—XV asrlarda jahonning ilg‘or madaniy mamlakatlaridan biri edi. Sulton Boyazid II temuriyzodalar bilan do‘stona munosabat o‘rnatib, ikki mamlakat o‘rtasida faqat savdo emas, ayni paytda madaniy aloqalarning ham ravnaq topishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Ulug‘bek o‘ldirilgandan keyin talaygina samarqandlik ilm va madaniyat ahlining Turkiyaga borib qolishi tasodifiy emas. Ulug‘bek astronomiya maktabining ajoyib namoyandasi, Qozizodaning nabirasi Mariyam Chalabiyning «Dastur ul-amal tasxih al-jadval» (Ulug‘bek jadvaliga sharhlar) asarining Boyazid II iltimosiga ko‘ra yozilishi esa turk sultonining o‘zbek ilm-fani va madaniyatiga katta hurmat-e’tibor bilan qaraganidan dalolatdir.
Ma’lum bo‘lishicha, sulton Boyazid II o‘z yurtiga sig‘magan o‘zbek olimlari va hunarmandlarini Turkiyaga taklif etibgina qolmay, sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy bilan ham yaqin aloqada bo‘lgan. Xususan, Alisher Navoiy unga o‘z g‘azallarini yuborib turgan. Boyazid II esa, o‘z navbatida, bu g‘azallarni Ahmad Posho ismli eng mashhur shoiriga nazira bog‘lash uchun bergan.
Ahmad Posho Turkiyada Sharq madaniyatining mumtoz siymolaridan biri sifatida hanuz qadr-lanib keladi. Navoiyga qadar bo‘lgan o‘zbek adabiyoti singari, Ahmad Poshoga qadar bo‘lgan turk adabiyoti ham fors she’riyatining kuchli ta’siri ostida rivojlandi. Boyazid IIning fikriga ko‘ra, Navoiy she’riyati an’analarining turk adabiyotiga kirib kelishi, bir tomondan, turk shoirlarining mahoratlari oshishiga, ikkinchi tomondan, fors klassiklari ta’siridan xalos bo‘lishiga yordam berishi mumkin edi. Shuning uchun ham u Navoiyning 33 g‘azalini Ahmad Poshoga berib, bu g‘azallarga tatabbu yozishni buyuradi.
Turkiyada XV asrning eng mashhur lirik shoiri hisoblangan Ahmad Posho Edirnada dunyoga kelgan. Uning tug‘ilgan sanasi ma’lum emas. 1496 yili, Navoiydan besh yil avval vafot etgan. Ahmad Poshoning otasi sulton Murod II huzurida qozi askar bo‘lib xizmat qilgan. Shu sababdan u o‘z davri uchun eng yuksak ma’lumotni olgan.
Ahmad Posho mehnat faoliyatini mudarrislikdan boshlaydi. U muayyan muddat Bursada mudarrislik qilgach, qarindosh-urug‘larining saroyga yaqinligidan foydalanib, Edirnada qozilik lavozimiga erishadi. U ushbu vazifani bajarish jarayonida sulton Mahmad II Fotihning e’tiborini qozonadi va, ko‘p o‘tmay, qozi askar hamda xalifa – shahzodalar murabbiysi etib tayinlanadi. Bu baland martabalar uning moddiy jihatdan to‘kin va farovon turmush kechirishi, ruhiy va ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi uchun qulay sharoit yaratadi. Oradan bir necha yil o‘tgach, Ahmad Posho vazir lavozimiga ko‘tarilib, izzat-ikrom bilan qurshaladi. Ammo hurmat va e’tiborning oliy darajasiga erishgan bir paytida dushmanlarining chaqimchiligi oqibatida zindonga tushadi.
Ahmad Posho Yettiminorali qal’a zindonida yotar ekan, sulton sha’niga «Karam qasidasi» deb nomlangan mashhur asarini yozib, uning Mahmad II qo‘liga yetib borishiga muvaffaq bo‘ladi. Katta she’riy mahorat va samimiyat durlari porlab turgan qasida sultonga manzur bo‘lib, u zindonband shoirni afv etadi. 1481 yili Mahmad II bandalikni bajo keltirgach, uning ma’rifatli o‘g‘li Boyazid II nomi bilan taxtga o‘tiradi va Ahmad Poshoni Bursa sanjog‘ining begi etib tayinlaydi.
Ahmad Posho XV asr turk she’riyatini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. U, bir tomondan, mumtoz turk adabiyotining xalq og‘zaki ijodiga xos shakllardan uzoqlashib, arabiy va forsiy so‘zlar bodroqdek potrab turgan aruz sistemasiga o‘tishiga sababchi bo‘ldi. Ikkinchi tomondan, ijodiy faoliyatining ikkinchi bosqichida fors shoirlarining ta’sir doirasidan qochib, turkiy tillardagi O‘rta Osiyo shoirlari ijodiga murojaat etdi. Sulton Boyazid II tufayli Alisher Navoiy ijodi bilan tanishishi faqat unga emas, balki, umuman, shu davr turk she’riyatiga milliy madaniy ildizlarga qaytish va shu ildizlardan ozuqa olgan holda kamol topish imkonini berdi.
Shunday qilib, Ahmad Posho ijodi ikki tadrijiy bosqichdan iborat. Agar u Yettiminorali qal’a zindoniga tashlanguniga qadar bo‘lgan vaqtda fors shoirlari, ayniqsa, Hofizga taqlidan she’rlar yozgan va turk she’riyatiga forsiy she’riyatning rangin jozibasini olib kirgan bo‘lsa, «Bursa davri» deb atalgan ikkinchi bosqichida shoir Navoiyning maftunkor lirikasi bilan tanishdi va shu omil uning yangi ijodiy parvozi uchun hayotbaxsh zamin bo‘lib xizmat etdi. Ahmad Posho ijodining gullab-yashnashi xuddi shu davrda ro‘y berdi.
Tarixiy manbalarda aytilishicha, Navoiyning 33 g‘azali Turkiyaga 1480 – 1481 yillari yetib boradi. Bu g‘azallarning sulton Boyazid IIga Navoiyning shaxsan o‘zi tomonidan yuborilganligi ayniqsa muhimdir.
Agar Sulton Boyazid IIning bu g‘azallarga tatabbu bog‘lash haqida Ahmad Poshoga buyruq bergani, Ahmad Poshoning esa bu g‘azallar buyuk shoirning emas, balki Husayn Boyqaro vazirining asarlari bo‘lgani uchun ularga tatabbu bog‘lashga kirishganini e’tiborga olsak, Navoiy bilan Boyazid II o‘rtasidagi munosabatlar avvalo ikki davlat arbobi o‘rtasidagi munosabatlar o‘laroq gavdalanadi. Taxmin qilish mumkinki, 1472 yili Husayn Boyqaro saroyining bosh vaziri etib ta yinlangan va «Amiri kabir» unvoniga muyassar bo‘lgan Navoiy 1480 – 1481 yillarga qadar ham Boyazid IIga bosh vazir sifatida xat yozib turgan va Navoiy bilan Boyazid II o‘rtasida rasmiy, ayni paytda, do‘stona aloqa bo‘lgan. Agar ular o‘rtasidagi aloqa faqat rasmiy tusda bo‘lganida Navoiy turk sultoniga hech qachon eng yaxshi 33 g‘azalini tuhfa sifatida yubormagan bo‘lardi.
Ma’lumki, Alisher Navoiy XV asrning 70-yillari oxirida o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan tarkib topgan ilk devoni – «Badoye’ ul-bidoya»ni tuzadi. Ikkinchi devoni – «Navodir un-nihoya»ga esa 80-yillarning oxirida tartib beradi. Navoiy ijodining ana shu dalillaridan kelib chiqib, aytish mumkinki, u Boyazid IIga asosan dastlabki devonidan joy olgan va qisman «Navodirun-nihoya»ga kiritilishi mo‘ljallangan g‘azallardan yuborgan.
Xullas, Ahmad Posho Navoiyning ana shu g‘azallariga tatabbu bog‘lagan.
Ayrim manbalarga tayanib aytish mumkinki, Navoiy lirik merosini to‘plab, «Xazoyin ul-maoniy» ustida olib borgan ijodiy ishini tugatganidan keyin uni Boyazid IIga yetkazish chorasini ko‘rgan. Chunonchi, 1501 yili hirotlik shoir Vaziriy Jomiy va Navoiyning tavsiyanomasi bilan Boyazid II huzuriga kelgan va unga o‘zbek shoirining to‘la devonini tuhfa etgan. Ammo bu vaqtda Ahmad Posho ham, Navoiyning o‘zi ham olamdan o‘tgan edilar.
Ahmad Posho o‘z tatabbularini usmonli tilida yozgani uchun taqlid deb hisoblamagan. U Navoiyning qaysi g‘azaliga tatabbu bog‘lagan bo‘lsa, shu g‘azalning ta’sir doirasidan bir oz esa-da chiqishga uringan. Agar Navoiy muhabbat taronalarini kuylashda ko‘proq quyosh obrazidan foydalangan bo‘lsa, Ahmad Posho oy obraziga murojaat etgan. Agar Navoiy lirik qahramoni serviqor bo‘lsa, Ahmad Posho hazil-mutoyibaga moyillik bildirgan. Muhimi shundaki, Ahmad Posho Navoiy g‘azallariga tatabbu bog‘lash jarayonida shoir sifatida bir pog‘ona yuqori ko‘tarilgan va o‘z ijodining gultoji bo‘lgan asarlarni yaratganki, bu asarlar turk mumtoz lirikasining oltin xazinasiga kirgan.
Sharqshunos V.S.Garbuzova «Turk adabiyoti klassiklari» risolasida (Toshkent, 1960) Ahmad Poshoning Navoiy lirik olamining tarovati bilan yo‘g‘rilgan quyidagi g‘azalini keltirgan:

Zulfingki, uzoringda etar jilvalar, e do‘st,
Tovusi junondirki, ochar bolu par, e do‘st.

Xatingki tilsim etdi labing doirasiga,
Shirinlik uchun mushk ila afsun yozar, e do‘st.

Qo‘y, borma qo‘nog‘iga, raqibingki, bilursen,
It bo‘lgan yerga hech malak etmas guzar, e do‘st.

Zulfi siyohing chiqmadi zebo kulohingdan,
Zeroki, harir ichra bo‘lur mushki tar, e do‘st.

Voiz so‘ziga voqif o‘lib, yosh to‘kmadi chashmim,
Sard bo‘lsa – havo bo‘lmagay mardumda gar, e do‘st.

Ne vajh ila surmagay Ahmad ayog‘ingga,
Ne bosh ila tark etmagay yo‘lingda sar, e do‘st.

Navoiyning lirik merosida «e do‘st» radifi bilan tugagan g‘azallar oz emas. Bunday g‘azallar Ahmad Posho ixtiyoridagi «Badoye’ ul-bidoya» va «Navodir un-nihoya» devonlarida ham mavjud bo‘lgan. Ammo Ahmad Poshoning yuqoridagi g‘azalini bu devonlarga kirgan «e do‘st» radifli Navoiy g‘azallarining aynan nusxasi, deb bo‘lmaydi. Ammo shunga qaramay, V.S.Garbuzova «Ahmad Posho ijodiga nazar tashlar ekanmiz, shoir ijodidagi asosiy nuqson chinakam originallik yo‘qligidir, degan fikrga kelish mumkin. Bunday nuqson boshqa usmonli saroy shoirlari uchun ham xos edi», deb keskin xulosa chiqaradi. Bu xulosaning qanchalik adolatli ekani haqida tasavvur hosil qilish uchun har ikki shoirning «anga» radifli g‘azallariga nazar tashlash joizdir.

Navoiyda:

Ul parivashkim, bo‘lubmen zoru sargardon anga,
Ishqidin olam menga hayronu men hayron anga.

O‘qlaringdin har zamon taskin topar ko‘nglum o‘ti,
Bordurur bir qatra suv go‘yoki har paykon anga…

Ilmag‘on jonin fido jonong‘a yetmas, der emish,
Ey Navoiy, ushbu so‘z birla fido yuz jon anga.

Ahmad Poshoda:

Ne qamardur bu ki o‘lmish zulfi mushk-afshon anga,
Nicha rayhondur xati kim qolmisham hayron anga.

Nomai shavqum ne nav ul oyga yetgay, chunki men
El otin o‘qur hasaddin yozmadim unvon anga…

So‘zda ushshoqi muhayyir ayla dersan Ahmada,
O‘yla bulbul o‘lmaga kuyun kerak bo‘ston anga.

Shubhasiz, ikki-uch baytni o‘zaro qiyoslash orqali Ahmad Posho g‘azallarining originalligi darajasini aniqlash oson emas. Ammo agar nazira bog‘lovchi, tatabbu bituvchi, muxammas yozuvchi Sharq shoirlarining g‘azal va muxammaslariga nazar tashlasak, ularning aksari taqlid etilgan shoirning badiiy tafakkuri darajasidan anchagina pastda turishi ma’lum bo‘ladi. Zero, nazirago‘y shoirlarning asosiy maqsadi ustoz shoirlardan g‘azal yozish san’atini o‘rganish, ulardan badiiy mahorat bobida saboq olishdir. Agar Ahmad Posho naziralariga shu nuqtai nazardan yondashsak, uning she’rlaridagi originallik darajasi emas, balki Sharq she’riyatining purviqor cho‘qqilaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ijodidan bahramand bo‘lish, uning mahorat maktabidan saboq olishga intilishi biz uchun muhimdir.
Ahmad Posho Navoiyning ijod gulshanida mavjud bo‘lgan xushbo‘y tarovatni, badiiy nafosat chechaklarini turk she’riyatiga olib kirdi. Uning Navoiy lirikasidan bahramand bo‘lishi turk she’riyati ufqlarining kengayishi, tili va uslubining yanada milliylashishi, go‘zallashishi va sayqallanishiga imkoniyat yaratdi. Binobarin, Navoiy tufayli turk she’riyati taraqqiyoti tarixida yangi bir davr boshlandi. Bu Navoiy ijodining olamshumul ahamiyatidan darak beruvchi yana bir misoldir.
Taniqli nemis sharqshunos olimasi Zigrid Klaynmihel o‘z tadqiqotini yozishda asosan Germaniya kutubxonalarida mavjud bo‘lgan qo‘lyozmalardan foydalangan. Navoiy bilan Ahmad Posho ijodiy munosabatlariga oydinlik kirituvchi bunday manbalar jahonning Shvetsiya, Turkiya singari mamlakatlarida ham mavjud. Ehtimol, bunday manbalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasi va boshqa yirik kutubxonalarda ham bordir. O‘ylaymizki, o‘zbek adabiyotshunoslari ham Alisher Navoiy ijodining olamshumul ahamiyatini, xalqimizning o‘tmishdagi madaniy va adabiy aloqalarini aniq-tayin adabiy hodisalar asosida o‘rganishga alohida e’tibor berajaklar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 26-sonidan olindi.