Ko‘p asrli o‘zbek adabiyoti tarixidagi ikki adabiy asrni milliy adabiyotimiz tarixining oltin sahifalari, desak adolatdan bo‘ladi. Agar shu ikki asrning biri buyuk Navoiy nomi bilan munavvar bo‘lgan XV asr bo‘lsa, ikkinchisi Abdulla Qodiriy, Fitrat va Cho‘lponning porloq ijodlari bilan boshlangan o‘zbek adabiyoti tarixining yangi davri — XX asrdir. Shu ikki oltin asrning mash’allari bo‘lgan bu adiblarning har biri milliy adabiyotimiz tarixidagi mo‘jizaviy voqea va har biri adabiy fenomendir.
Jahonning bir qator rivojlangan mamlakatlarida shunday adabiy-madaniy fenomenlar – Dante va Shekspir, Hyote va Betxoven, Dikkens va Byorns singari adabiyot va san’atning buyuk darg‘alariga bag‘ishlangan entsiklopediyalar – qomuslar yaratildi. O‘tgan asrning 70 — 80-yillarida Ukrainada Taras Shevchenkoga bag‘ishlangan “Shevchenko so‘zligi”, Rossiyada “Lermontov”, Belorusiyada “Yanka Kupala” entsiklopediyalari maydonga keldi. So‘nggi yillarda esa Qirg‘izistonda “Manas”ga, Ozarbayjonda “Dada Qo‘rqut”ga va Rossiyada Dostoyevskiyga bag‘ishlangan entsiklopediyalar dunyo yuzini ko‘rdi.
Shu kecha-kunduzda mamlakatimizda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan adabiy qomuslar ustida qizg‘in ish olib borilmoqda. Shubhasiz, bu ikki qomusni, shuningdek, yaqinda Til va adabiyot instituti tashabbusi bilan boshlangan “Abdulla Qodiriy qomusi”ni yaratishga ilmiy-madaniy zarurat talabi bilan kirishildi.
Biror yozuvchi yoki san’atkorga bag‘ishlangan maxsus qomus yaratish uchun, birinchidan, shu yozuvchi yoki san’atkor o‘z xalqining milliy madaniyati tarixida olamshumul o‘zgarishlarni amalga oshirib, jahon adabiyoti va san’ati taraqqiyotiga ham muayyan hissa qo‘shgan, ikkinchidan, uning adabiy merosi to‘la bosilgan va eng muhim asarlari boshqa tillarga ham tarjima qilinib, shu xalqlarning ham badiiy mulkiga aylangan, uchinchidan, uning hayoti va ijodi mutaxassislar tomonidan chuqur va har tomonlama o‘rganilgan bo‘lishi lozim. Abdulla Qodiriyning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati, asosiy asarlarining nafaqat barcha turkiy tillarga, balki rus va nemis tillariga ham tarjima qilingani, hayoti, ijodi va adabiy merosi o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab shu kunga qadar izchil o‘rganib kelinayotgani ham bizga bu ulug‘ adibga bag‘ishlangan maxsus adabiy qomusni yaratish imkonini beradi.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, Abdulla Qodiriy ijodini o‘rganish ishini xatarli 30-yillarda ustoz Oybek boshlab bergan. Undan keyin Izzat Sultonov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ibrohim Mirzayev, Umarali Normatov, Ahmad Aliyev, Sobir Mirvaliyev, Sherali Turdiyev, Bahodir Karimov, Aliboy Qahramonov, Xadicha Lutfullayeva, Nabijon Boqiy singari olim va jurnalistlar, shuningdek, adibning farzand va nevaralari Habibulla, Mas’ud, Xondamir va Sherkon Qodiriylar bu sohada ibratli ishlarni amalga oshirdilar. Ularning fidokorona ilmiy va targ‘ibotchilik faoliyatlari tufayli o‘zbek adabiyotshunosligida qodiriyshunoslik fan tarmog‘i yuzaga keldi. Biz qodiriyshunoslik ilmiga katta hissa qo‘shgan olim va jurnalistlarning davr po‘rtanalarida o‘z qimmatini yo‘qotmagan asarlaridan barakali foydalanish va ulardan olinajak adabiy-tarixiy va adabiy-nazariy lavhalarni ular nomi bilan e’lon qilish niyatidamiz.
“Abdulla Qodiriy qomusi” ustidagi ish qodiriyshunoslarning to‘ng‘ich va o‘rta avlodi hayotni tark etgan, Umarali Normatov, Sobir Mirvaliyev singari taniqli qodiriyshunoslar keksaygan, qodiriyshunoslarning yangi avlodi esa hali shakllanmagan bir vaqtda boshlanmoqdaki, bu hol fursatning g‘oyat g‘animat ekanligiga ishora bo‘lib, undan tez va samarali foydalanishni taqozo etadi.
Ana shunday bir paytda “Abdulla Qodiriy qomusi” loyihasi o‘z atrofiga respublikamizdagi barcha ilmiy va ijodiy kuchlarni jalb etishni taqozo etadi.
Abdulla Qodiriy tarixning muayyan davrida yashagan va badiiy adabiyotning asosan roman janrida ulkan ijodiy ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa ham, uning ikki buyuk romani haligacha o‘zbek kitobxonlarining eng sevimli asarlari o‘laroq o‘qilib, ardoqlanib keladi. Abdulla Qodiriydan keyin roman janriga murojaat etgan yozuvchilar esa uning romannavislik an’analarini davom ettirib va imkon qadar rivojlantirib kelmoqdalar. Adib va uning “O‘tkan kunlar” hamda “Mehrobdan chayon” romanlari kino, teatr va tasviriy san’at namoyandalariga ham ilhom berib, ular ijodidagi muhim yo‘nalishlardan birini tashkil etgan. Bu yo‘nalishning bosh masalasi esa badiiy asarning kino, teatr, muzika va tasviriy san’atdagi talqini masalasidir.
Yuqoridagi fikrni xulosalab aytish mumkinki, Abdulla Qodiriy ijodkor sifatida yashab o‘tgan emas, balki hozir ham barhayot, zamonaviy o‘zbek adabiyoti va boshqa san’at turlari rivojiga faol ta’sir ko‘rsatayotgan adibdir. Shu ma’noda, “qomus” mualliflari oldida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi misolida o‘zbek xalqining XX asr va XXI asr boshidagi siyosiy, ijtimoiy, adabiy va madaniy tarixini yaratishdek o‘ta murakkab va mashaqqatli vazifa turadi.
“Abdulla Qodiriy qomusi”ning bosh vazifasi adib hayoti va ijodi, u yashab ijod qilgan tarixiy davr, shu davrdagi adabiy-madaniy jarayon bilan tanishtirish, adib ijodining umuminsoniy va umummadaniy ahamiyatga molik tomonlari va badiiy mahorati “sir”larini, adib romanlarining O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti ravnaqiga, xususan, bu milliy adabiyotlarda roman janrining tug‘ilishiga ko‘rsatgan ta’sirini, adib bilan uning ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari o‘rtasidagi ijodiy rishtalarni yoritib berishdan iborat.
Abdulla Qodiriy qalamkash birodarlari Fitrat, Cho‘lpon va Hamza bilan birga yangi o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ammo shu bilan birga, adib asarlarida mumtoz o‘zbek adabiyoti tiliga xos xususiyatlar oz emas. Bu hol Abdulla Qodiriy asarlari misolida yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanish jarayonini kuzatish imkonini beradi. Adib ijodining shunga o‘xshash masalalari “Abdulla Qodiriy qomusi”da adabiyotshunoslardan tashqari, tilshunos, folklorshunos, san’atshunos, dinshunos, faylasuf va etnograf olimlarning ham ishtirok etishini taqozo etadi.
Shu vaqtga qadar yaratilgan adabiy qomuslarda bo‘lganidek, “Abdulla Qodiriy qomusi” asosan besh qismdan: a) adib ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy, ya’ni tahliliy maqolalar; b) adib zamondoshlari, izdoshlari, tadqiqotchilari va hokazolar haqidagi biografik maqolalar; v) adib asarlarida zikr qilingan tarixiy shaxslar, joy, asar, muassasa, me’moriy obida, o‘simlik, kiyim-kechak va hokazolar haqidagi ma’lumotnomalar; g) adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy adabiyot hamda adib asarlari bibliografiyasi; d) adib asarlari tilining chastotali lug‘atidan tashkil topadi. Shu besh qismning dastlabki uchtasi, o‘z navbatida, bir necha qismchalarga ajralib, bu qism va qismchalarda berilajak maqola va materiallar kitobxonlarga adib yashagan tarixiy davr, uning adabiy muhiti va zamondoshlari, shajarasi, qarindosh-urug‘lari, badiiy olami, asarlarining qardosh xalqlar adabiyotiga ko‘rsatgan ta’siri va hokazolar haqida malakali tasavvur beradi. Umid qilamizki, “Abdulla Qodiriy qomusi”ning yaratilishi madaniy hayotimizda sezilarli voqea bo‘ladi.
Ammo bu sharafli loyiha qatnashchilari oldida o‘ta murakkab vazifalar va muammolar borki, bu muammolarni ham ilmiy jamoatchilik yordamida hal qilish mumkin.
1.Entsiklopediya (qomus) “janr”ining qonun-qoidalariga ko‘ra, adibning ota-onasi, zamondoshlari, tadqiqotchilari va boshqa shaxslarga bag‘ishlangan maqolalarda ularning tug‘ilgan, vafot etgan sana va joylari qayd etilishi lozim. Baxtga qarshi, Abdulla Qodiriyning aksar qarindosh-urug‘lari, mahalladoshlari, yor-do‘stlari, turli sohalarga mansub zamondoshlarining tug‘ilgan va vafot etgan sanalarini aniqlash oson emas.
2.Abdulla Qodiriy qalamiga mansub birorta asar matni bizgacha yetib kelmagani uchun (ular tintuv paytida olib ketilib, kuydirib tashlangan) ularni nashr nusxalari bilan solishtirish imkoniyati yo‘q. Ammo shu narsa aniqlandiki, adibning ayrim asarlari dastlab gazeta yoki jurnalda, keyin esa kitob shaklida nashr etilganida, ma’lum bir tekstologik (matniy) o‘zgarishlarga uchragan. Bu hol “qomus”da adib asarlari matni tarixini berishdan avval jiddiy tekstologik (matniy) tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.
3.Abdulla Qodiriy mashhur hajvchi adib sifatida 20 – 30-yillarda “Mushtum” jurnalida ko‘plab hajviy asarlarni e’lon qilgan va ularni turli taxalluslar bilan imzolagan. Adib istifoda etgan taxalluslarning mavjud ro‘yxatlarini to‘la va aniq deyish qiyin. Masalan, “Mushtum” taxallusidan 20-yillarda Qodiriyning ham, Cho‘lponning ham, G‘ozi Yunusning ham foydalangani ma’lum. Bu hol “Mushtum” jurnali va boshqa nashrlarda e’lon qilingan hamda adibga mansub deb kelingan hajviy asarlarni uslub nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.
4.Abdulla Qodiriy aksar asarlari matnida tasvir etilgan voqea yoki shaxsga oid fikr yoki ma’lumotdan tashqari boshqa pinhona fikrlar qatlami yo‘q emas. Masalan, adib hajviyalarida kimning ustidan kulish emas, balki kulgi vositasida ifodalangan boshqa maqsad ham bo‘lishi tabiiy. Ammo bu hol ko‘pincha qodiriyshunoslar e’tiboridan chetda qolib kelgan. “Qomus”da, katta yo kichikligidan qat’iy nazar, adibning har bir asari haqida tahliliy maqola berilganida, shu asar zamirida yotgan tagma’noni, badiiy niyat va maqsadni ilg‘ab olish va yoritish lozim bo‘ladi.
5.Ilmiy guruh tomonidan olib borilayotgan izlanishlar shundan darak beradiki, xorijiy arxiv, fond va kutubxonalarda Abdulla Qodiriy yoki uning asarlarida tasvirlangan tarixiy voqea va shaxslarga oid ma’lumotlar yo‘q emas. Ammo bu ma’lumotlarning aksari ingliz tilida bo‘lgani sababli, ular bilan inglizzabon tarixchi yoki adabiyotshunoslar yordamida tanishib chiqish va zarur ma’lumotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilinishiga erishish maqsadga muvofiq.
6.Xorijiy mamlakatlarda e’lon qilingan adabiy entsiklopediyalar faqat yuksak poligrafik ijrosi bilangina emas, balki illyustrativ materiallarga boyligi bilan ham kitobxonlarni hayratga soladi. Bizning san’atkorlarimiz, xususan, rassomlarimiz va hunarmandlarimizda ham Abdulla Qodiriy va uning asarlariga, umuman, o‘zbek madaniyatiga shunday katta hurmat va muhabbatning san’at asari shaklida reallashuvini umid qilib qolamiz.
Yuqorida tilga olingan masalalar ijobiy hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolardir. Shuning uchun ham biz, “Abdulla Qodiriy qomusi” ishtirokchilari, o‘z zimmamizdagi murakkab vazifani Qodiriyga ixlosmand kishilar yordamida bajarish orzusidamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 21-sonidan olindi.