To‘ra Sulaymon bahorda bir ko‘rinish berib, qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketgancha dom-daraksiz ketdi. Nima balo, bedarak yo‘qoldimikan, deb o‘yladik. Unday desak, goh Iqboldan, goh Asqar Mahkamdan, “uyoq-buyoqqa ketib qolmang, To‘ra buva tashrif buyurmoqchilar”, degan xushxabar eshitilib qolardi. Labimizni yalab, yuzimizga tabassum yugurib, uch-to‘rt kun mayin kekirib yuramiz: do‘stlar, parhezni mahkam tutingiz, Go‘ro‘g‘li Sulton kelyaptilar, ziyofat boshqacha bo‘ladi… Qayoqda! E-e, bu cholning tamannolari jigar-bag‘rimizni ezib yubordi-ku! Undan ko‘ra, yuring, Sadriddin jo‘ra, o‘zimiz Go‘ro‘g‘li Sultonning yoniga bora qolaylik; juma kuni do‘koningiz yopiladimi, shanba kuni ish yo‘qmi?.. “Ish yo‘g‘-u, lekin tashvish bor; Dog‘larja Oloy bozoriga yaqin joyga bir moshin qovun tushirgan ekan, o‘shani…” deb Sadriddin ham chaynaladi. Qo‘ying, ana, Farhod bor, qarashib yuboradi, bozor-o‘charni Dang‘ara ham qotiradi. Ketdik!
Xullas, Sadriddin jo‘ramiz bilan shanba tongida Gulistonga yo‘l olamiz. Yangiyerga ketaverishda, yo‘lning o‘ng qanotida so‘limgina oromgoh (sihatgoh) bor. Bog‘ qo‘ynida. Nomini Saptakmi, Spitakmi deyishadi. Hoynahoy, Spartak bo‘lsa kerak. Choshgoh mahali o‘sha go‘shaga kirib bordik. Hovlidagi so‘rida taniqli adabiyotshunos Umrzoq aka O‘ljaboyevni uchratdik. Yuragimiz “shig‘g‘” etdi: nima balo, To‘ra buvaning ahvoli jiddiymi?..
— Ie, Nabijon, To‘ra aka ham shu yerdami? — deb so‘radi Umrzoq aka ajablanib. — Qachon yotibdi? Xabarim yo‘q ekan…
Engil tin oldik. Xayriyat, jiddiy emasga o‘xshaydi.
— Kennoyingizning mazasi yo‘q, hozir olib kelib joylashtirdik, — deb izoh berdi Umrzoq aka. — To‘ra aka nechanchi palatada?..
— Eski joyida bo‘lishi kerak, — deb ikkinchi qavatga ko‘tarildik.
— Men shifokor bilan ikki og‘iz gaplashib chiqaman, To‘ra akaga salom aytib qo‘yinglar, — deb Umrzoq aka Mustafoqulning huzuriga kirib ketdi.
Yo‘lakda yurgan Elbek (boboning to‘ng‘ich nevarasi) darhol bizni lyuks-palataga boshladi: To‘ra aka ko‘zoynakni burniga qo‘ndirib olib, karovotdan oyoqlarini osiltirib, jurnal stoliga engashganicha bir nimalarni yozib o‘tirgan ekan. Biz kirganda boshini ham ko‘tarmasdan:
— Elbek, futbol tamom bo‘ldimi? — deb so‘radi.
O‘sha kunlari futbol bo‘yicha Yevropa chempionati avj nuqtaga ko‘tarilgan, ana ketdi-mana ketdi deb yurganimiz Yunoniston (Gretsiya) terma jamoasi Frantsiya, Chexiya kabi asosiy da’vogarlarni yig‘latib-yig‘latib, finalgacha yetib kelgan, maydon egalari — Portugaliya bilan yuzma-yuz qolgan edi. Erta-indin final uchrashuvi bo‘lishi kerak, bu galgi bashoratlar ham Yunoniston foydasiga emas edi.
— Bugun futbol yo‘q, ertaga bo‘ladi, — dedim. — Siz qaysi jamoaga balet qilyapsiz?..
— Menmi?.. — deb ko‘zoynak ustidan ajablanib qaradi: birdan lablariga kulgi yoyilib, yuzlari aji-buji bo‘lib ketdi. — Rosa sog‘ingandim, keling, kelinglar!..
Ochomlashib ko‘rishdik.
— Qachon semirasiz? — dedim qoq suyak yelkalarini silab.
— Yaxshi qo‘chqor semirmaydi, — deb qulog‘imga shivirladi.
Birdan xoxolab yubordik.
— Nima, nima dedingiz, To‘ra aka? — deb so‘radi Sadriddin jilmayib. — Biz ham eshitaylik.
— Aytadigan gap emas, — dedi To‘ra aka. So‘ng nevarasiga yuzlanib: — Tezda Mirzoni top, Qahhorga qo‘ng‘iroq qil, mehmonlar keldi de…
Elbek Sadriddinning “sotka”sidan amakilariga telefon qildi. Dahlizga chiqib stol atrofiga joylashdik. Duo-fotihadan so‘ng:
— Siz qaysi jamoaga balet qilyapsiz? — deb qayta so‘radim.
— Biz doim yutgan komanda tarafdorimiz.
— To‘g‘ri. Biz zo‘r tomon g‘olib bo‘lishi kerak deb, oxirida chapak chalib qolaveramiz. Aslida, siz aytgan pozitsiyadan ma’qulroq yo‘l yo‘q.
— Mayli, — deb beparvo qo‘l siltaydi To‘ra aka. — Xo‘sh, Ibrohimjonning sog‘ligi yaxshimi, yuragi bezovta qilmayaptimi?
— Yaxshi. Salom aytib yubordi.
— Lekin “Tafakkur”da chiqqan essesi… Bay-bay! Obbo, azamat-ey, azamatning ishini qilibdi! Otasiga rahmat!
— Mirtemir domla haqida ham kattaroq bir narsa yozishga tayyorgarlik ko‘rib yuribdi. Bir uchrashsak, bafurja gaplashsak, deyapti.
— Arziydi, arziydi! Bo‘pti, men o‘zimni “remont” qilib olay, Botanika bog‘iga boraman, o‘shanda bemalol gaplashamiz… Erkin qalay? “Xalq so‘zi”da lekin… E-e, balli azamat! Bir portlabdi, bir portlabdiki, uyoq-buyog‘i yo‘q! Erkinning maqolasiga luqma jo‘natgan edim, chiqibdi. Ko‘rdimikan?.. Erkinga alohida rahmat aytib qo‘ying, o‘zim uchrashganimda ham aytaman… Nurali yangi romanini tugatibdimi?
— Tugatdi, hozir sayqal beryapti. To‘ra akamga salom aytasiz; ayting — kelsin, uyimizning to‘ri u kishiga muntazir, men bunaqa go‘zal insonni umrimda uchratmaganman, deb qoldi.
— E-e, mening nimam go‘zal! G‘ijimlab tashlangan qog‘ozga o‘xshayman-ku! — deb kuldi To‘ra aka.
Hamshira kirib uch-to‘rtta tabletka berib ketdi.
— Shu dorilarni uyingizda ichib yotsangiz bo‘lmaydimi? Kasalga ham o‘xshamaysiz-ku?!
— Ie, bu nima deyapti? — deb Sadriddinga qarab piching qildi. — Kattalar faqat kasal bo‘lgani uchun shifoxonaga yotadimi? Qolaversa, men bekorga yotganim yo‘q, qo‘lyozmalarimni tartibga solyapman.
— Ko‘rdim, lo‘liga o‘xshab butun ko‘ch-ko‘roningizni ko‘tarib kelibsiz…
Darhaqiqat, To‘ra akaning xonasida har xil qog‘oz-daftarlar uyum-uyum bo‘lib yotardi.
— Ergash otaning xalq yo‘lida, og‘zida yurgan dostonni topdim. Uch xil varianti bor ekan, shuni bir-biriga chog‘ishtirib, optimal nusxasini tiklayapman.
— Tafovut juda kattami?
— Juda katta emas-u, biroq farq bor. “Bir musoviy bir elni afsun bilan o‘ynatur” degan misrasi bor. Bu — birinchi nusxasida. Ikkinchi nusxasida “Bir musoviy bir elni shamshir bilan o‘ynatur” shaklida keladi. Uchinchisida “Bir musoviy bir elni qamchi bilan o‘ynatur” deb yozilgan. Qaysi biri to‘g‘ri ekan, bilmayman.
— Demak, “Ergash Jumanbulbul el kezadi” turkumingiz davom etar ekan-da?
— Shunaqa shekilli… Ahror Ahmedovga navbatdagi kitobim nasriy bo‘ladi, deb va’da bergan edim, ammo bunisi ham nazmga tortib ketyapti.
Mirzo keldi. Bu — shoirning uchinchi o‘g‘li; bir tutam tepa sochi oqargan. Hol-ahvol so‘rashdik. Ibrohim ismli gapga chechan, haqiqatchi o‘g‘lini alohida so‘radim. Yaqinda Zomindagi lagerdan qaytibdi.
— Aka, keyin aytaman. Qiziq voqea bo‘libdi, — dedi Mirzo labini tishlab. — Faqat eslatib qo‘yasiz…
Chamasi, voqeadan To‘ra akaning xabari bor edi — kulimsirab qo‘ydi.
— To‘ra aka, Milliy qomusdan tarjimai holingizni so‘rashyapti. Yozib qo‘ydingizmi? “T”ga kelib to‘xtab qolishibdi…
— Yozib, Ravshanga bergandim, ko‘chirtirib qo‘ygan bo‘lsa, bir nusxasini beradi.
— Qaysi Ravshan?
— Universitetda ishlaydi, prorektor. Mirzo taniydi, uchrashtirib qo‘yadi…
Bemorning holidan xabar olgani bosh shifokor Mustafoqul kirdi.
— Bu yigit Kiyevda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, noyob mutaxassis, — deb tanishtirdi uni To‘ra aka.
— Ha, To‘ra aka, qo‘ymaysiz-da! — deb kuldi Mustafoqul.
Xiyla suhbatdan so‘ng ular Sadriddin bilan tanish chiqib qoldi, umumiy oshna-og‘aynilari ko‘p ekan. Ilgari uchrashmaganiga ikkovi ham hayron bo‘ldi. Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, lekin odam odam bilan uchrashadi, deganlari shunda isbotini topdi go‘yo.
“Tixiy chas” boshlandi. To‘ra aka bilan vaqtincha xayrlashib, Mustafoqulning xonasiga tushdik. Birpas uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirdik. So‘ng Gulistonga yo‘l oldik.
— Ravshan akani tanimaysizmi? — deb so‘radi Mirzo.
— Yo‘q, — dedim.
Mashinasining bardachogidan bir kitob chiqarib uzatdi: “Ravshanbek Mahmudov, Odamlar — mening kutubxonam”.
— Ie, faylasuf ekanlar-ku!.. Ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha birinchi prorektor, dotsent, — dedim kitobning zarvarag‘iga ko‘z yugurtirib.
— Doktorlik dissertatsiyasi ham tayyor bo‘lib qolgan… Shu kitobida otam bilan suhbati bor, — dedi Mirzo.
Mundarijaga qaradim: “Shoir To‘ra Sulaymon bilan suhbat” sahifasini ochdim.
“R.M. — Sizning qator she’rlaringiz baxshiyona uslubda yozilgan. Adabiyotshunos, tanqidchilar ham Sizni baxshi-shoir deyishadi. Buning sababi nimada?
T.S. — Sababini o‘zingiz aytib qo‘ydingiz-ku! Aniqroq javob beradigan bo‘lsam, menimcha, yozganlarim sof baxshiyona bo‘lib baxshiyona emas, yozma (klassik) bo‘lib yozma emas, hozirgi davr she’riyatidan sal nari (tuban) turadi. O‘rta-sarson bir narsa… Keyin, adabiyotshunoslaringiz ijodkorlarni bo‘lib-taqsimlab olishgan. Biridan olib, biriga solib yotishadi. Men birorta … shunos bilan “bor tovog‘im-kel tovog‘im” qilisha olmadim…
R.M. — Sizni Mirtemir domlaning shogirdi deyishadi…
T.S. — Mirtemir akaning shogirdiman deyish uchun u kishi qilgan ishlarning yuzdan birini qilish kerak bo‘ladi. Shogird darajasiga yeta olmadim. Lekin ota-bola singari, hatto undan ham ziyoda ko‘nglimiz yaqin edi.
R.M. — Hozirgacha nechta to‘plamingiz nashr qilindi?
T.S. — Bu savolingizga, ijodkorning ijodkorligi uning qancha kitobi bosilib chiqqani bilan belgilanmaydi, deb javob bergan bo‘lar edim”.
Kitobni yopib Sadriddinga uzatdim. Sadriddin ham suhbatni o‘qib chiqdi.
— Malades, tarashlamasdan, qanday gapirgan bo‘lsa, shundayligicha qog‘ozga tushiribdi. To‘ra akaning hidi kelib turibdi! — dedi Sadriddin miyig‘ida kulib.
Guliston Davlat universitetiga yaqinlashdik. Mashinani bir chetga qo‘yib, Ravshan akani izlab ketdik. Shanba — qisqa kun, peshindan keyin navbatchilardan tashqari o‘qituvchilar uylariga ketadi. Ravshan aka esa… sholi o‘toqda ekan.
— Sholikor bo‘lib ketibsiz-ku? — deb so‘radik Ravshan akadan hazil aralash.
— Rapqondan sinfdosh o‘rtog‘imni olib kelganman, yordam beryapti, o‘zi mirishkor dehqon, — dedi Ravshan aka. — To‘ra aka to‘g‘risida o‘zimcha bir narsalarni qoralab qo‘yganman, faqat yana ishlov berish kerak. Sholini o‘toqdan chiqarib olsam, qo‘lim bo‘shaydi. Hozir o‘toqdan keyin esnab-esnab uxlab qolganimni o‘zim ham bilmay qolaman. O‘toq qiyin bo‘lar ekan, odamning sillasi qurib ketadi…
O‘sha oqshom Yevropa chempionatining final uchrashuvi bo‘ldi: Portugaliya bilan Yunoniston uchrashdi. Hamidjon ikkovimiz Portugaliyaga, Ne’mat (to‘ng‘ich o‘g‘il) Gretsiyaga tarafdor bo‘ldi. Mirzo betaraf qoldi… Kutilmaganda Yunoniston maydon egalarini mag‘lubiyatga uchratdi; Portugaliya terma komandasining aksariyat futbolchilari rosmana yig‘lab yuborishdi, tomoshabinlar ham yum-yum yig‘lashardi… Noiloj biz ham taqdirga tan berdik: biz kutgan natija bo‘lmadi. Yunoniston bir tanu bir jon bo‘lib harakat qildi va haqqoniy g‘alabaga erishdi. Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishda gap ko‘p ekan, hamjihatlikda gap ko‘p ekan… Kayfiyatimiz bir pul bo‘lgan esa-da, ko‘hna haqiqat — hamjihatlik oldida bosh egib, g‘oliblarni g‘oyibona tabrikladik.
…Qaytishda shifoxonaga borib, To‘ra aka bilan dunyoning ishlaridan gurunglashdik. “Iloji bo‘lsa, Xosiyat Rustamovaning keyingi “Najot”, “Rido” kitoblaridan topib yuboringlar!” deb iltimos qildi. Xo‘p dedik. “Jiddiy shoiraga o‘xshaydi, lekin Vahob Ro‘zimatov aytmoqchi, o‘zim o‘qib ko‘rmasam ishonmayman”, deb ilova qildi To‘ra Sulaymon.
Nazarimda, To‘ra Sulaymon tayanch nuqtani izlayotgan insonga o‘xshaydi. U ham Arximed bobo kabi odamlarning koriga yaraydigan kashfiyot yaratsa ajab emas. Ehtimol, biz hozircha allaqachon yaratib qo‘yilgan kashfiyotni anglamayotgandirmiz. Qaydam…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 31-sonidan olindi.