Muzaffar Ahmad. Ozod Vatan – qismati edi (Viktor Gyugo)

Viktor Gyugo Frantsiyada aslzoda tabaqaga mansub bo‘lgan xonadonda tavallud topadi. Uning otasi Napoleon Bonapart armiyasida xizmat qilib, general unvoniga ham sazovor bo‘lganligini Gyugo biograflari yozib qoldirganlar. Gyugolarning kelib chiqishlariga oid arxiv hujjatlarini ko‘p va xo‘b titkilagan tarixchilar ularning asli yirik yer egalari ekanligini ham aniqlaganlar. Xullas, nima bo‘lmasin, oliynasab bobokalonlariyu harbiy zot sifatida dong taratgan qattiqqo‘l otasidan qat’i nazar, Viktor Gyugo yozuvchilikni tanladi va adashmadi. Uning adabiyot osmonidagi yulduzi hamon butun insoniyatga nur sochib turibdi.

Viktor Gyugoning bolalik va yoshlik chog‘lari asosan otasi xizmat qilib o‘tgan mamlakatlarda kechdi. General bir qancha vaqt Madridda yashab, Ispaniyaning uchta viloyatini boshqarib turdi, unvondor ispan grafiga aylandi. Uning farzandlari esa ispan aslzodalari bilan birga maktabga qatnadi. Ispaniyada kechgan tahsil yillari yosh Gyugo qalbida ko‘pam nurli taassurotlar qoldirmagan. Bu orada Frantsiyada Napoleon taxtdan ag‘dariladi-yu Gyugolar oilasi Parijga qaytishga majbur bo‘ladi. Bolakay juda yoshligidan mustaqil o‘qib-o‘rganishga, mutolaaga ruju qo‘ygan ediki, mamlakatlar va saltanatlar tarixi, xalqlar adabiyoti, tili, madaniyatiga oid o‘sha paytlardagi qanaqangi badiiy asar bo‘lsa, ilmiy tadqiqot bo‘lsa – bular bari o‘spirin yigitchaning mutolaa doirasini kengaytirib, ko‘ngil xazinasiga aylanib qoldi. Buning ustiga, bu bolakay qo‘liga qalam olib o‘zi o‘qib-o‘rgangan kitoblarga taqlidan adabiiy-badiiy mashqlarni ham boshlab yubordi. Har holda kitob o‘qish, tarixiy voqealarga badiiy tus berib tasvirlash Gyugo timsolida oddiy mashg‘ulotdan endilikda hayotiy zaruratga aylanib ulgurgan edi. Shuning uchun ham otasining harbiy sohadagi parvozi yakun topib, onasi vafot etgan o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshar Viktor oila barbod bo‘lib, yeyish-ichish muammolari umriga xavf sola boshlagan yillarda ham yozuvchilik, shoirlik mashg‘ulotlarini tark etmadi.

Otasning Frantsiya taraqqiyoti yo‘lidagi zobitlik xizmatlari taxt egasi Lyudovik XVIII tomonidan esga olinib, oilaga nafaqa belgilangach, endi Viktor uchun ham mashqlarini matbuotda e’lon qilish imkoniyati tug‘iladi va u yigirma yoshida ilk she’rini chop ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Nachora, hayot qiziq ekan, Viktor endi uylanib, oilaviy turmushni yo‘lga qo‘yaman deb turgan paytda yangi bir mashmasha chiqib qoladi – gap shundaki, u bolalik paytidan birga o‘ynab-o‘sgan Adeli Fushe ismli qizga uylangan edi, buni qarangki, o‘zining akasi Ejen ham mana shu qizni sevarkan. To‘yda janjal ko‘targan Ejen Gyugo oradan ikki-uch kun o‘tar-o‘tmas…esdan og‘ib qoladi.

1827 yilda Viktor Gyugo “Kromvel” dramasini, 1830 yilda “Ernini” dramasini e’lon qiladi va endi uning nomi frantsuz adabiyotida porlab turgan yulduzlar – Shatobrian[1], de Vini[2], Node[3], Gote[4], Lamartin[5] kabi adabiyot nahanglari qatorida tilga olina boshlaydi. Gyugoning o‘sha paytlarda yozgan har bir asari – u xoh she’r, xoh drama, xoh tadqiqiy asar bo‘lsin – talabchan frantsuz o‘quvchilari orasida tez tarqalib, muallif jahoniy shuhratga noil bo‘ldi. Sababi, o‘sha yillarda frantsuz tili ham, adabiyoti ham, madaniyati ham jahon xalqlari nazdida ilg‘or sanalardi. Qarabsizki, hali o‘ttiz yoshning eshigini ham qoqib ulgurmagan yigit sal vaqt ichida adabiy dargohlarning qadrli mehmoniga, muxlislarning sevimli adibiga aylandi. Yo‘q, yosh ijodkor bu muvafaqiyatlardan esankirab qolmadi, hali o‘zi yozadigan asarlar, nomini abadiylikka muhrlab qo‘yadigan romanlar oldda kutayotganini yurak-yurakdan his qila oldi, o‘zini butunlay ijod olamiga urdi. Nashriyot xodimlari yosh adibning iste’dodidan, qudratli qalamidan xabar topib, Gyugo bilan shartnomalar tuzishga kirishadi.1831 yili Gyugo qalamiga mansub “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romani yosh yozuvchiga ulkan muvaffaqiyat keltirdi. Oradan o‘n yil o‘tib, hali 40 yoshga to‘lmagan Viktor Gyugo Frantsiya akademiyasining a’zoligiga saylanadi. 1845 yilda esa, siyosat sohasi hokimiyat tepasiga kelgan Orlean sulolasini qo‘llab, Burbonlardan voz kechgani uchun u qirollikda per unvonini olishga ham muvaffaq bo‘ladi. Bundan ko‘rinadiki, Gyugo xalq ommasi kayfiyatini anglab yetishda, uni ifodalashda ham yaxshigina iqtidorga ega bo‘lgan.

“Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” deyishadi. Aftidan, mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy, ijtimoiy voqeliklar adib sifatida katta shuhrat qozongan Gyugoning ham boshini aylantirgan ko‘rinadi. 1848 yilgi inqilob to‘s-to‘polonlaridan so‘ng, u mamlakatda respublikachilar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, ham maslaklari maslahatiga ko‘ra aprezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini olg‘a suradi. Dekabr oyida hukumat tepasiga Lui Napoleon kelgach, avvaliga Gyugo bu yangi hukumatni qo‘llab-quvvatlaydiyu, biroq keyinchalik hukmronlik qiluvchi qo‘mita tarkibidan o‘ziga ham o‘rin tegmay qolganidan o‘pkalab, yangi hukumatga qarshi bo‘lib oladi. Va nihoyat, ijodkorlik bilan siyosat olami boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushungan Gyugo 1851 yilgi davlat to‘ntarishidan so‘ng (Lui Napoleon o‘zini imperator deb e’lon qilgach), adib Frantsiyani tark etishga, La-Mansh bo‘g‘ozidagi Angliyaga qarashli frantsuz tilli aholi yashaydigan orolda yashashga majbur bo‘ladi. Bu surgun qariyb yigirma yil davom etdi. Yozuvchi hatto o‘ziga nisbatan e’lon qilingan avf etish farmoni – amnistiyani ham qabul qilmadi. 1862 yilda u o‘zining “Xo‘rlanganlar” romanini yozib tugatadi.

Oradan yillar o‘taverdi. Frantsiyada “Uchinchi respublika” davri boshlangandan so‘nggina (1870 yillar) Gyugo o‘z vataniga, qadrdon Parijga qaytib keldi. Uning qaytishini butun mamlakat olqishlar bilan kutib oldi. U kelishi bilanoq hukumat tarkibidagi qonunchilik organida ish boshladi. Yanada yangi kuch-quvvat, shiddat bilan ijodini davom ettirdi.U endi yana qadrdon muxlislari, xalqi, o‘zi sevgan demokratik g‘oyalarga sodiq fuqarolar orasida edi. Gyugo ozod Frantsiyaning yanada gullab yashnashi, taraqqiy etishi, dunyoda ilg‘or o‘rinlardan birini egallashi yo‘lida yetsa iste’dodi bilan, yetmasa joni bilan to‘lib-toshib mehnat qildi, she’rlar, dramalar, romanlar, adabiy publitsistik maqolalar yozdi. Vafotidan so‘ng (1885) Parijdagi Panteon mozoriga – Frantsiya uchun unutilmas xizmatlar qilib ketgan ulug‘ shaxslar dafn etiladigan qabristonga izzat-ikrom bilan dafn etildi.Uning dafn etilish kuni butun mamlakat hududida motam kuni deb e’lon qilindi.

U juda sermahsul adib edi, uning vafotidan so‘ng nashr etilgan asarlarining to‘plami jami 90 jildni tashkil etdi. Ko‘plab eng mashhur asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilinib, jahon xalqlari ma’naviyatining oltin xazinasiga aylandi.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son

____________________

[1] Fransua Rene de Shatobrian (1768-1848) atoqli frantsuz adibi.

[2] Alfred Viktor de Vini (1797-1863) – shoir, dramaturg, tarjimon, romannavis.

[3] Sharl Node (1780-1844) – romannavis.

[4] Teofil Gote (1811-1872) – atoqli adib.

[5] Alfons Mari Lui de Lamartin (1790-1869) – shoir va publitsist. Yuqoridagilarning bari o‘sha davrda nom taratgan ijodkorlar bo‘lishgan.