Badiiy asarni anglab yetish, tushunish, o‘rganish, tahlil va tarjima qilishda inson o‘z tafakkuri saviyasiga muvofiq turli usul, uslub va metodlarga tayanadi. Tarjimaning to‘laqonli chiqishi asarning barcha qirralarini shakllantirish orqali amalga oshishini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Men bu o‘rinda badiiy asarni ruhiy-psixologik nuqtai nazardan o‘zlashtirish, o‘rganish va asarni to‘laqonli hazm qilish borasida zarur bo‘lgan ayrim jihatlarga e’tibor qaratmoqchiman. Vaholanki, asarni so‘zsiz, ovozsiz tushunish, his qilish, boshqacha aytganda, asarni ruhiy-psixologik egallashning o‘ziga xos imkoniyatlari ham bor. Faqatgina his qilingan holatni tasavvur orqali idrok etishning o‘zi inson psixologik faoliyati mislsiz imkoniyatlarga egaligini bildiradi.
Tasavvur, hissiyot, fahmlash, tuyg‘u… bular – badiiy asarni borliqning umumparadoksal aksi sifatida to‘laqonli tushunishning turli variantli bosqichlari bo‘lib, har xil shakllarda psixofiziologik jarayonlar bilan amalga oshadi. Biz bu o‘rinda san’at yoki so‘z san’ati namunasini borliq, jamiyat, inson hamda uning mentaliteti bilan bog‘liq holda tushunish aspektlari haqida fikr yuritamiz. Bu holat yoki hodisani bir tomondan tushunish, ikkinchi tomondan esa, tarjima yoki talqin (interpretatsiya) deb ham atash mumkin. Asarga borliqning xususiy bir in’ikosi sifatida qarar ekanmiz, individual inson psixologik dunyosiga duch kelamiz va avvalo, uni yetarlicha o‘zlashtirish zarur bo‘ladi. Bu esa, tushunish orqali yuz beradi. Tushunish jarayoni bo‘lsa, germenevtik metodning asosi hisoblanadi.
Germenevtik metod ildizlari antik madaniyat davriga borib taqaladi. Yevropada bu fan miloddan avvalgi 3000 yilda paydo bo‘lgan. Uning bosh vazifasi o‘zga tildagi fikrlarni tushuntirish-sharhlashga asoslangan edi. Germenevtika (yun. hermeneutica – tushuntiraman, izohlayman ma’nosida) fani XX asr o‘rtalarida ekzegetika (yun. exegetike – sharhlash haqidagi ta’limot)ga o‘rin bo‘shatib bergan. Germenevtika, avvalo (ko‘p hollarda eskirgan, dastlabki ma’nolari turli o‘zgarishlarga uchragan) matnlarning birlamchi ma’nolarini tiklashga qaratilgan ta’limot edi. Qadimiy matnlarning dastlabki ma’nolari davr o‘tishi bilan o‘zgarishlarga uchraydi yoki yetarli darajada e’tibor berilmaganligi sababli shaklan shikastlanadi hamda to‘laqonli o‘qib o‘rganish va tushunish imkoniyati yo‘qoladi. Mana shunday mohiyati o‘zgargan matnlarni tilning leksik-grammatik imkoniyatlari orqali tadqiqdan o‘tkazib, dastlabki ma’nosini tiklashga qaratilgan fan germenevtika demakdir. XXI asr boshlarida bu fanga yangicha rakursdan qarashlar boshlandi.
Germenevtik metod zamirida tushunish jarayoni yotar ekan, shu o‘rinda tushunish jarayonining o‘zi nima va u qanday yuz beradi, nimani qanday tushunish kerak, degan savol tug‘iladi. Germenevtika ulkan haqiqatni, shu qadar ulkanki, inson izmi va hattoki, farishta va payg‘ambarlar izmidan ham yuqori bo‘lgan ulkan haqiqatni tushunish jarayonini shakllantiradigan fan yoki metod. Borliqni o‘rganish aslida falsafaning vazifasi. Falsafa borliqning yaratilish qonun-qoidalari tizimini yaratadi, tizimlashtiradi va izohlaydi. Germenevtika esa, mana shu tizimning muttasilligini tushunishga yordam beradi. Borliq inson izmidan tashqarida ekan, undagi voqea-hodisalar ham inson izmida emas. Qolaversa, hatto jamiyatda ham hamma narsa inson xohish-istagi bilan yuz beravermaydi. Biz buni tushunish uchun germenevtik metod qoidalaridan foydalanamiz. Aynan shu holat uni ontologik fanlarga yaqinlashtiradi. Biroq germenevtika ontologik fan emas, u faqat metod xolos, biz yuqorida aytib o‘tgan falsafiy muammoni yechishning yo‘llarini o‘rganish va o‘rgatishga qaratilgan metod.
Shu kunga qadar germenevtikaga murojaat qilgan olimlar uni dastlab diniy falsafa doirasida paydo bo‘lganligi va diniy asarlar tafsiriga qaratilgaligini qayta-qayta takrorlaydilar. Borliq yaratilishda Ulug‘ zot g‘oyasidan paydo bo‘lgan, degan diniy qarash ustunligini e’tiborga olsak, bu yerda hech qanday tushunmovchilik yoki ikki xil fikrlashga o‘rin yo‘q. Keyinchalik, germenevtika jamiyatning turli sohalarida turlicha qo‘llanadigan bo‘lib qoldi; xususan, diniy, huquqiy, ijtimoiy va san’at germenevtikasi kabi. Bizning tadqiqot mavzusi bo‘lgan adabiy germenevtika san’at germenevtikasi doirasida o‘rganiladi. Zotan, borliqni poetik (badiiy) qabul qilish xoh tosh, bo‘yoq, sopol, yog‘och yoki so‘z orqali bo‘lsin, baribir san’at doirasiga kiradi. San’at borliqni psixologik qabul qilishda tasavvurga asoslanadi. Biz tasavvur orqali nafaqat borliq va undagi muvozanatni, balki inson va tabiat ichki dunyosidagi uyg‘unlikni o‘rganamiz.
Germenevtika badiiy asarni o‘rganishga metodik yondashuv doirasida bu jarayonning muttasil dinamikasini ta’minlaydi. Tushunish bir tomondan olib qaralganda, intellektual hayot uchun hech qanday muammo tug‘dirmaydigan hodisa, vaholanki, asarni tushunish, uning mundarijasini egallash til bilgan odam uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydigan jarayondek tuyuladi. Ammo bu shunchaki, yuzaki holat, xolos.
Aslida matnni, badiiy asarni tushunish, uni egallash, hazm qilish juda katta ruhiy-psixologik faoliyat bilan yuzaga chiqadi: chunki har bir inson o‘zga bir olam, uning o‘ziga xos ichki dunyosi bor. Mana shu dunyo badiiy asardagi obrazli tushunchalar vositasi orqali oziqlanadi. Mavjud dunyo asardagi obrazli dunyo elementlari bilan boyitiladi. Shundoq ekan, biz badiiy asar tahlilida faqatgina ijodkor mentaliteti bilan chegaralanib qolmasligimiz darkor, chunki obrazli tasavvur, obrazli dunyo badiiy asar yaratilgan va u o‘qilishi lozim bo‘lgan jamiyat a’zolarining ruhiy-psixologik tayyorgarligiga ham bog‘liq. Biz butun boshli jamiyat mentaliteti haqida fikr yuritganimizda shuni nazarda tutamizki, unda faqat ijodkorninggina emas, balki ikkinchi bir odam, ya’ni o‘quvchi-kitobxon mentaliteti ham muhim. Asar muallifi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi fikrlash qobiliyati jarayonining o‘zaro yaqin ruhiy-psixologik, ma’naviy-ma’rifiy uyg‘unligi kongeniallik deb ataladi (Slovar inostrannыx slov. – Moskva: Russkiy yazыk, 1983. – S. 243.). Xuddi shu o‘rinda o‘quvchi-kitobxonga xos xususiyatlarni aniqlashda bizga germenevtika yordam beradi.
Germenevtik metodda Shleyermaxer ikki aspektni ajratib ko‘rsatgan: lingvistik aspekt va psixologik aspekt. Bularning birinchisida asarning mundarijasini tashkil etgan so‘zlarning grammatik, leksik-semantik imkoniyatlari asosida yaratilgan mazmun, mohiyat, voqea-hodisa, syujetning birlamchi mazmuni yetakchi hisoblanadi. Ya’ni so‘zlarning lug‘aviy-grammatik ma’nolariga tayaniladi hamda shular vositasida ma’lum bir voqea-hodisa in’ikosi yaratadi. Bu oddiy holat. Biz uchun muhimi esa, asar matnining mana shu birlamchi mazmuniga tayanilgan holda undan yangi turli mazmun va ma’no, syujetlar, boshqacha qilib aytganda, yangi voqea-hodisalar dunyosini yaratish, fantaziya qilish imkoniyatini shakllantira olish muammosi. Bunday tahlil psixologik aspekt deb nomlanadi. Bunday tushunish ham o‘z o‘rnida bir qancha metod va usullarga tayanadi:
- Sillogizm, ya’ni voqea-hodisalar shakllanishini induktiv va deduktiv metodda o‘rganish yoki butunning qismga, qismning butunga munosabatini shakllantirish;
- Transformatsiya, ya’ni voqea-hodisalarni ruhiy-psixologik aspektda bir jarayondan ikkinchisiga ko‘chirish: rivoyat qilingan asar syujetini kitobxon tasavvurida turli sharoit va obrazlar ishtirokida turli mazmun, turli makon va zamonda shakllantirish (bu o‘rinda butun adabiyot borliqni masal sifatida taqdim qilishi bois badiiy asar rivoyat sifatida qaraladi, undagi makon, zamon, antroponomik chegaralar yo‘qoladi hamda insonga ruhan borliqning yolg‘iz kuzatuvchisi va yaratuvchisi statusiga chiqa olish imkoniyati yaratiladi);
- Tasavvur, ya’ni asardagi voqea-hodisalarni tasavvurda yaratish, ko‘rish, shakllantirish: mavhumlashtirish orqali badiiy asardagi konkret borliqni asar voqealar tizimini tasavvurga ko‘chirish va uni o‘z tasavvurida ichki dunyosiga aylantirish.
Bu metodlarning birinchisida biz barcha asarlardagi katta yoki kichik voqealarning umumiy yoxud xususiy birligini tushunamiz. Har bir asardagi xususiy voqea-hodisa bir tomondan ulkan va cheksiz borliqning bir ko‘rinishi bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘ziga xos bir dunyo. Ularning o‘rni va ahamiyati eng avvalo o‘zlari uchun muhim, chunki biz, ya’ni jamiyatning boshqa a’zolari ularning borligi va faoliyatini ko‘pincha sezmay ham qolamiz. Asarni o‘qish jarayonida o‘quvchi uchun hayot, borliq, butun jamiyat faqat shu qahramonlarning atrofida mujassamlashganday bo‘ladi.
Bu borada kognitiv tilshunoslik ilmida ham ma’lum fikrlar ilgari surilgan: “Bilish metodlarini tanlashda birini ikkinchisiga (masalan induktsiyani deduktsiyaga) qarama qarshi qo‘yish noto‘g‘ri. Binobarin, yaxlitlik va yakkalik munosabatini olsak, bunda bilish jarayonining yo‘nalishi faqatgina yaxlitdan yakkalikka (induktiv) yoki aksincha, yakkadan yaxlitga yo‘naltirilsa, kutilgan natijaga erishish amri mahol. Faylasuflarning ta’biricha, induktsiya va deduktsiya tafakkur harakatining mustaqil shakllari bo‘lishiga qaramasdan, ular doimo jonli aloqada” (Safarov Sh. Kognitiv tilshunoslik. – Jizzax, 2006. – B. 48.).
Bu o‘rinda taqdim qilingan bilish metodi borliqni ratsional o‘zlashtirishga qaratilgan. Germenevtik tushunish esa, uni badiiy – sentimental tushunish kategoriyasi sifatida qabul qiladi. “Germenevtika bu – eng avvalo tushunish san’atining amalda qo‘llanilishi demakdir… va bu o‘rinda tuyg‘uning alohida ahamiyatini ta’kidlash zarur” (Hans-Georg Gadamer. “Reflections on My Philosophical Journey” in The Philosophy of Hans-Georg Gadamer, ed Lewis Edwin Hahn. – Chicago and La Salle, Open Court, 1977. – P.33. Yana qarang: Tiselton E. Germenevtika. – Minsk, 2008. – S.8.).
Bunday tushunishda badiiy obrazlar butun jamiyatni o‘rab turgan muhitni boshqaradilar. Kitobxon uchun mutolaa jarayonida o‘sha muhit ruhan yagona jarayon bo‘lib tuyuladi. Masalan, Chingiz Aytmatovdagi Jamila, Doniyor, “Choliqushi”dagi Feride taqdiri o‘sha asar doirasida etimon, hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aslida esa, reallikda, ularni o‘rab turgan jamiyatda ular hayoti sezilmasdan, tinch va osoyishta, ortiqcha shovqin-suronlarsiz kechadi. Biroq o‘quvchi tasavvurida ular butun insoniyat taqdirida ulkan burilish yasayotgan siymolardek, butun jamiyat faoliyati ularning atrofida uyushgandek bo‘lib ko‘rinadi. Ularning atrofidagi hayot ular uchun to‘laqonli bo‘lsa, butun jamiyat uchun umumiy hayotning bitta zanjiri, xolos. Biroq jamiyat va umuman borliqning o‘zi mana shunday zanjirlardan iborat ekanligi ularning taqdiri to‘g‘risidagi syujetni umumbashariy hayotning ko‘rinishi sifatida tasavvur qilishimizga imkon beradi.
Badiiy asar mazmuni va syujetini transformatsiya qilish jarayonida biz butunlay begona inson taqdirini asardan olib o‘z taqdirimizga aylantiramiz, ya’ni bo‘lib o‘tayotgan voqea-hodisalar xuddi biz bilan, kitobxon bilan yuz berayotgandek ko‘rinadi. Xuddi shu asosda asar syujetini o‘z taqdirimizga transformatsiya qilamiz. Asar ichida, uning voqea-hodisalari ichida yashayotgandek, tasavvur qilamiz. Bunday tasavvurni bizga ruhiy-psixologik transformatsiya taqdim qiladi.Bunda bir xil voqealar jo‘nlashadi, boshqalari esa globallashadi. Yurakda jo‘sh urayotgan his-tuyg‘ular umumfazoviy global muammo bo‘lib ko‘rinadi, har bir ishimiz, har bir qilmishimiz uchun butun insoniyat oldida o‘zimizni mas’ul sezamiz. Binobarin, jamiyatga zid ishlarni qilmaslikka intilamiz, o‘zimizni ruhan ulkan taqdirga tayyorlaymiz. Bunday transformatsiya o‘quvchi-kitobxonda ijodiylikni yaratadi, takomillashtiradi, uni ruhan chiniqtiradi. Natijada buyuk adabiy asarlar har bir inson tasavvurida yangi syujet holatida aks etadi.
Transformatsiya iqtidorli odamlar faoliyati va taqdiri uchun eng muhim hodisa bo‘lib ko‘rinadi. Zero, “Jo‘shqin xayolot egalari hech qachon hech narsani xotirlab qololmaydilar. Ehtiroslar, ishtiyoqlar, ayniqsa, ushalmay qolgan yoki namoyon bo‘lmagan orzular, tushlar, timsollar, qiliqlar, xavotirlar, uyat tuyg‘usi, xullas, har bir odam o‘z yolg‘izligini nima bilan to‘ldirsa, shularning hammasi san’atkor uchun uning ijodiy laboratoriyasi bo‘lib xizmat qiladi” (Parandovskiy Yan. So‘z kimyosi // Jahon adiblari adabiyot haqida. – Toshkent: Ma’naviyat, 2010. – B. 293). Transformatsiya jarayoni alohida salohiyatga ega odamlar tomonidan keng va mazmundor holatda amalga oshiriladi, zero, ijodkorlik aynan mana shunday jarayonni talab qiladi: “Gyotening chinakam ijodkorda dunyoni bilish tug‘ma va har gal uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni uddalamoq uchun unga shaxsiy tajribaning xojati yo‘q, deyishga haqqi bor edi”.
Tasavvur kategoriyasi germenevtik tushunishda ijodiy fantaziyaning bazisi bo‘lib xizmat qiladi. Unda o‘zimiz uchun har bir asar doirasida har bir qahramon va har bir hodisa borasida alohida tasavvur yoki tasavvurlar tizimini yaratamiz. Shu tizim orqali ular ustidan hukm chiqaramiz, ularni o‘z dunyomiz mulkiga aylantiramiz. Albatta, tasavvur barkamolligi ijodkorning o‘ziga xosliklari bilan chambarchas bog‘liq. Unga Yaratgan tomonidan berilgan alohida iste’dod, qobiliyati barobarida badiiy-estetik dunyoqarashini shakllantirgan hayotiy tajribasi, insoniy fazilatlari ham muhim rol o‘ynaydi.
“Hayot ularning xarakterini shakllantirgan. Irodalarini, qalblarini, aql-zakovatlarini toblagan, o‘pkalarini toza havoga to‘ldirgan, aynishlariga, munkillab qolishlariga yo‘l qo‘ymagan, tajriba bilan boyitgan, odamlar haqida, olam to‘g‘risida bilim bergan. Avvalo inson bo‘lmoq kerak, keyin san’atkor bo‘lasan – bu fikrni ba’zilar baland ovozda baralla aytishgan, boshqalar esa, o‘z hayotlaridan misollar keltirib, uni hech qanday shubha tug‘dirmaydigan haqiqat ekanini tasdiqlash bilan cheklanishgan. Ma’lumki, Dikkens, Xamsun, Peymont, Konrad, Gorkiy hayotda xilma-xil mashaqqatlarni ko‘rganlar, uning turfa rang sinovlariga dosh berishga majbur bo‘lganlar. Xo‘sh, mana shu mashaqqatlar va sinovlar ularning ijodi uchun juda qimmatli material bergan emas, deb kim ayta oladi? Uitmendan to bugunga qadar butun Amerika adabiyoti haddan tashqari g‘ayrioddiy yo‘llardan o‘tib kelgan odamlar tomonidan yaratilgandir. Ular shaxsiy hayotlarida shunaqa ishlarni va sharoitlarni ko‘rganlarki, bunaqasini boshqa mamlakatlardagi ko‘pgina yozuvchilar hatto tushlarida ham ko‘rgan emas. Ular o‘z faoliyatlari bilan o‘z asarlari uchun xomashyo barpo etishgan” (Parandovskiy Yan. So‘z kimyosi // Jahon adiblari adabiyot haqida. – Toshkent: Ma’naviyat, 2010. – B. 291).
Bu o‘rindagi yana bir muhim holat bu – fantaziya. Yuqori saviyadagi asarlar fantaziya uchun material beradi. Shu sababli asar ta’sirida o‘z yaratgan dunyomizda o‘zimiz hukmronlik qilamiz, o‘zimiz yaratamiz, o‘zimiz yo‘qqa chiqaramiz. Bunda kitobxon o‘zini yuqori insoniy fazilatlar sohibi sifatida ko‘rishga intiladi. Chunki uning nochor bo‘lsa-da mavjud tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jamiyat e’tibori, izzat-hurmati markazida aynan shunday odamlar turadi. Bunday ruhiy-psixologik jarayon insonni qalban, ruhan poklanishga olib keladi.
Ijodkorning real borliqdagi yurish-turishi uning kimligini ko‘rsatmaydi. Odamlarning asl qiyofasi ularning niyatida aks etadi. Ulug‘ bir alloma aytganidek, “til insoniyatga uning asl maqsadini yashirish uchun berilgan”, xolos. Asarda aks etgan alohida dunyo biz uchun ideal dunyoga aylanadi. Biz o‘zimizni aynan o‘sha dunyodagina baxtli his qilamiz. Biz mutolaa jarayonida ruhlanamiz, ilhomlanamiz va o‘z-o‘zimizdan buyuk ishlarga chog‘lanamiz, zero bilamizki, “G‘oyaning ulug‘ qo‘ng‘irog‘iga zang urish vaqti keldi”. Aynan shu holatni Aristotel katarsis deb atagan edi.
Ba’zi olimlarimiz lirik asarlar germenevtik tahlil uchun material bera olmaydi; germenevtika faqat yirik epik asarlarda borliq manzarasini yaratishga mo‘ljallangan, shuning uchun lirik asarlardagi voqea yoki holat ko‘lami bunday metod uchun asos bo‘la olmaydi, degan fikr bildiradilar. Keyingi vaqtda germenevtika borasida yaratilgan asarlar bunday qarashlarning noto‘g‘riligini isbotladi (Tiselton E. Germenevtika. – Cherkassы, 2011. – S. 430.). Har qanday germenevtika yetuk tugallangan asarga tayanadi, bu aniq. Biroq lirik asarlarni tugallanmagan deyish muammosi munozarali va shubhali.
Lirik asarlarning hajman kichik ekanligi ularni tugallanmagan asar deyishga asos bermaydi. San’at asari o‘zi qalamga olgan mavzuni to‘laqonli ochib berishi shart emas. U shuning uchun ham san’at asariki, unda voqea-hodisalarning umumiy mazmun-mantig‘iga faqat ishora bilan, allegorik tarzda havola qilinadi. Vaholanki, san’at asari mazmun va mantiq bilan ta’minlanishi ham shart emas, chunki lirik asar oniy ruhiy-psixologik ekstazning mahsuli, undan qanday ma’no-mazmun olish yoki uni qanday istifoda qilish har bir kishining o‘z shaxsiga bog‘liq Biz bu o‘rinda yuqoridagi sillogizm metodini yodga olishimiz lozim. Undagi induktsiya va deduktsiya bizning fantaziyamizga ilhom beradi, makon yaratadi. Lirik asar esa bunday fantaziyaning shakllanishiga xamirturush vazifasini o‘taydi. Aforizmga aylanib ketgan boqiy misralarning ulkan ma’nolar ummoni hech kimni befarq qoldirmaydi.
Lirik asarlar – inson qalbining mo‘jaz manzaralari. O‘quvchi asar mutolaasi davomida yangi manzaralarni kashf etarkan hayratlanadi, ehtiroslar dunyosiga g‘arq bo‘ladi, tafakkurning yangi sarhadlariga chiqib boradi. Xuddi shu holat unga yangi fantaziya uchun ilhom beradi. Bu o‘rinda yuksak mahorat bilan yaratilgan Navoiy g‘azallari, Umar Xayyom ruboiylari, Shekspir sonetlari, Cho‘lpon she’rlarining tugallangan asar ekanligi hech kimda shubha tug‘dirmasa kerak. Ularning har biri original qalb manzarasi ekanligi aniq va tan olingan holat.
Har bir inson taqdir qilingan hayotni yashab o‘tadi. Faqatgina yaxshi xulq, odob va ezgu ishlar tufayli umr mazmunini o‘z foydasiga hal qilishi mumkin. Bu borada din falsafasi beqiyos adabiyotlar xazinasini yaratgan. Ammo yana biz hali tushunib yetmagan shunday holatlar borki, ular faqat yolg‘iz Yaratganning o‘zigagina ayon. Turli taqdir yo‘llarida ayrim insonlar o‘zlari bilmagan holda borliqning yangi ranglarini kashf qiladilar, bu kashfiyotni his qilganlarida o‘zlarini daho deb o‘ylaydilar va o‘zlarini ulkan hayotga chog‘laydilar. Biroq tan olishimiz kerakki, har bir inson faqat taqdir qilingan hayotni yashaydi. Uning zimmasiga tasavvurimizdagi yoki o‘zimizga taqdir qilingan vazifalarni yuklab qo‘yishga haqsizmiz. Jamiyatning turli jabhalaridagi aksar kelishmovchilik mana shunday oddiy haqiqatni tushunmaslik oqibatida kelib chiqadi. Har bir inson tirik sayyora: uning o‘z haqiqati, o‘z zamini, o‘rmonlari, daryo, ko‘l va dengizlari bor. Unga vazifa tayinlashda ayni shu holni nazardan chetda qoldirmaslik kerak.
Badiiy adabiyotda bu holatni ancha murakkab ruhiy-psixologik manzarada ko‘ramiz. Taqdim qilingan badiiy asar namunasi bu – alohida o‘z dunyoqarashiga ega bo‘lgan iste’dod sohibining bizga g‘oyibdan olib kelgan dunyosi. Asar bizning ruhiy-psixologik tayyorgarligimiz, sodda til bilan aytganda, es-hush, aql-zakovatimiz doirasida ruhimizda aks etadi hamda ruhan tarjima qilinadi. Badiiy asarning so‘zsiz tarjimasi deganda biz aynan shu holatni nazarda tutamiz.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son