Muhammadjon Xolbekov. Syurrealizm she’riyati: Giyom Apolliner

XX asr Yevropa she’riyatida Giyom Apolliner (1880-1918) ijodi alohida o‘rin tutadi. Uning “Alkogollar” (Alcools, 1913) nomli she’rlar to‘plami, shubhasiz, kubizm[1] ruhidagi she’riyatda muhim ahamiyat kasb etdi, negaki, u birinchi jahon urushidan keyingi shoirlar avlodining aksariyat qismiga va syurrealizm tarafdorlariga yo‘l ko‘rsatib, yangi adabiy yo‘nalishni belgilab berdi.

Ayni paytda, Apolliner o‘z ijodida o‘tmish an’analarini qadrlab, badiiy qadriyatlarga katta hurmat va ehtirom bilan qaradi. Uning she’rlarida Fransua Viyondan to Pol Verlengacha bo‘lgan elegiya (mungli, g‘amgin lirik she’r) ruhi bilan sug‘orilgan she’riyat namunalari ohanglarini bemalol kuzatishimiz mumkin. Apollinerning eng mashhur “Mirabo ko‘prigi”, “Sevilmaganning qo‘shig‘i” she’rlari mazmunida romantik ruh, “Lendor-roudlik muhojir” she’rida esa Artyur Rembo yo‘li sezilib turadi. Ammo shoir she’rlari orasida boshqa mavzular ham o‘zi haqida baralla ovoz beradi va muallif ular uchun poeziyada munosib joy ajratib berishni talab qiladi. “Yangi ong va shoirlar” (1917) nomli essesida u o‘z fikrini quyidagicha bildirgan: “Samolyotlar osmonni to‘liq egallab olmagunga qadar Ikar haqidagi qo‘shiq aqldan uzoq xayol edi… Aynan shoirlar yangi afsonalarga ilhom baxsh etishlari, o‘zgacha ruh bag‘ishlashlari, kashfiyotchilar esa, o‘z o‘rnida, ularni hayotga tatbiq qilishlari lozim”. Darvoqe, shoirning “Alkogollar” (1898-1913) to‘plamida markaziy o‘rinni egallagan “Hudud” she’ridagi satrlar avangard she’riyatining haqiqiy manifestidek jaranglaydi.

“Hudud” (uni poema ham desa bo‘ladi – M.X.) Apolliner “yangi lirizm”ining yorqin namunasidir. Shoir orzu qilingan ozodlik g‘oyasi darajasida ham (eski dunyoga, o‘tmishning but-sanamlariga qarshi), shakl darajasida ham o‘zini mutlaq erkin she’rda ifoda etadi. Ijodiy jarayon qat’iy qoidalardan xalos bo‘lganidek beo‘lchov, kishining g‘ashiga teguvchi darajada ohangsiz, quloqqa yoqmaydigan darajada yoqimsiz (Apolliner “did” haqida hattoki eslatib o‘tishlarni ham istamasdi – M.X.) tuyuladigan bu she’rning muayyan bir janrga mansubligini aniqlash ham mushkul vazifa. Ushbu she’r og‘ir kechgan baxtsiz muhabbat ta’siri ostida bitilgan bo‘lib, ma’no va mazmun jihatidan shoir tavbasi, dilini yorishi, ruhiy qiynalishi, azob-uqubati va dard-alami, boringki, yolg‘izligining ochiqdan-ochiq manzarasiga o‘xshaydi. Chunki “Men” bu she’rda “Sen”dek tasvirlangan; istig‘for keltiruvchi shoir go‘yoki o‘zini chetdan turib kuzatayotgandek, o‘z xatti-harakatlarini va joydan-joyga ko‘chib yurishlarini o‘ziga xos eposga aylantirgan. Kompozitsiya negizida yotgan bu usul, chamasi, simultaneizm rangtasvir san’atidan o‘zlashtirib olingan.

Simultaneizm haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu hayotlari bir-biridan alohida, o‘zga bir joyda va bir vaqtda parallel ravishda kechayotgan personajlarni har xil rakurs va holatda tasvirlash uslubidir. Simultaneizm uslubidan foydalanishning bir nechta yo‘li mavjud. Ulardan biri bevosita bitta sahna (manzara)da harakatlanayotgan pozitsiyadan turib suratga olingan taassurotlarni umumlashtirilgan holda tasvirlashdir. Natijada tasvirlanayotgan predmetlar shaklining o‘ziga xos o‘zgarishi va noaniqligi paydo bo‘ladi, shakllar o‘z strukturasidan deyarli ajraladi, sirtqi ko‘rinishi batamom yo‘qoladi. Bu uslubning yana bir jihati shundaki, tasvirga olish jarayoni bir qator alohida sahnalarga parchalanadi va ularning har biri o‘z pozitsiyasidan suratga olinadi. Tasvirga olayotgan kuzatuvchi esa shu vaqtda bir joydan boshqa joyga ko‘chib yuradi, suratga olingan sahnalarning yig‘indisi esa harakatlanish illyuziyasini yaratadi. Bu yerda adabiyotshunos B.A.Uspenskiy (“San’at semiotikasi”, 1995) ta’riflaganidek, harakatning tahliliy talqini alohida ahamiyat kasb etadi; unga ko‘ra to‘xtovsiz jarayon bir qator diskretlik[2] komponentlarga parchalanadi, ularni sintez yo‘li bilan umumlashtirish retsipiyentga havola qilinadi. Ta’kidlash lozimki, seriya tarkibiga kiruvchi sahnalar bir-biriga ma’no va mazmunan bog‘liq, har bir manzara boshqalarga qo‘shilmagan holda o‘z mustaqilligining bir qismini yo‘qotadi.

Vaqtning keng oqimida ayni shu paytda, ayni shu sahifada turli vaqtda sodir bo‘lgan voqealar namoyon bo‘ladi. Zamon va makonning shu tarzda bir joyga jamlanishi ob’ektiv voqelikning umumiyligini tasvirlashga qulaylik yaratadi. She’r butun boshli koinot bilan tenglashishga tayyor, matn ochiqligi, oshkoraligi, uning cheksiz kengligi taassuroti paydo bo‘ladi. Ustiga-ustak, “sayr qilayotgan” shoir o‘z yo‘lida hamma narsani, eng avval yangi reallik alomatlarini: avtomobil va samolyotlarni, reklama va albatta, Eyfel minorasini o‘z ichiga singdirib oladi.

Apolliner she’riy shaklni har xil cheklov va qoidalardan bo‘shatib yubordi, uni qat’iy chegaralardan xalos qilgan kashshofga aylandi. Shoirning eng muhim quroli – bu g‘oya, obraz, so‘zlarni saralab terish paytida “kutilmaganlik” yoki tasodifiylikdir (“Kalligrammalar” 1918). She’riy tilni yangilashni Apolliner teatr sohasiga ham tatbiq qildi. U o‘zining “Tiresiy siynasi” (1917) nomli burlesk (mubolag‘ali) pesasida ilk daf’a “syurrealizm” so‘zini ishlatadi. Shoir shuningdek, yangi she’riy janrlar: “suhbat she’r”lari (“Derazalar”, “Kristin ko‘chasida dushanba”), “simultan she’r”lar (“Bor”), “lirik ideogrammalar”[3] (“Yurak, toj va ko‘zgu”, “Yomg‘ir”) bilan tajribalar o‘tkazdi.

Apolliner tajribasini kubizm shoirlari Leon-Pol Farg, Andre Salmon va Per Alber-Birolar o‘zlashtirib oldilar. Masalan, Maks Jakob (1876-1944) o‘zining “Monastirda vafot etgan birodar Matorslning mubolag‘a va tasavvuf asarlari” (1912) asarida tajnis (so‘z o‘yini)ga moyilligini namoyish etdi. Shoirning “Bir hovuch soqqalar” (1916) nomli nasriy she’rlar to‘plami keyingi avlodga mansub ko‘p shoirlarga ta’sir ko‘rsatdi. Chunki bu to‘plamda Maks Jakob Apolliner ketidan “adabiy” va “hikoyaviy” poeziyaga qarshi chiqqan edi. Boshqa bir frantsuz shoiri Stefan Mallarme (1842-1898)ning “Muvaffaqiyat zinhor qulay fursatni bekor qilmaydi” (1897) nomli poemasi Jakobning maqsadlariga ayni javob bo‘lib tushdi. Uning iqror bo‘lishicha, u “o‘z miyasidan erkin so‘z va dadil fikr, tungi tush va kunduzgi orzu-xayol, hayotda yo‘q narsa va hokazolarni chiqarar edi”. Shunga o‘xshagan oldindan belgilanganlikni rad etish M.Jakob ijodida doimiy istehzo va o‘z-o‘ziga zaharxanda va kinoya qilish jo‘rligida vobasta kechadi.

She’riy kubizm va “yangi she’riy ong” yalovbardorlari safining old qatorida, Apolliner bilan yonma-yon yana bir mashhur frantsuz shoiri Per Reverdi (1889-1960) joy egallaydi. U simvolizmga xos bo‘lgan ehtiros va his-hayajonni, lirizm bilan sug‘orilgan cheksiz shodlik yoki benihoya xursandlik holatini Artyur Remboga xos kayfiyatdagi “tartibsizlikni” yengib o‘tishga harakat kildi. Reverdi o‘z she’riy dasturini “tasvirlangan ob’ekt” g‘oyasi bilan chambarchas bog‘ladi. O‘z ijodini sharhlar ekan, Reverdi quyidagilarni ta’kidlaydi: “Obraz muqoyasadan emas, balki u yoki bu darajada bir-biridan uzoqlashgan ikkita ob’ektning yaqinlashuvidan tug‘ilishi mumkin. Yaqinlashayotgan ob’ektlar bir-biridan qanchalik uzoq bo‘lsa, obraz shunchalik o‘tkir bo‘lib chiqadi, undagi jo‘shqinlik va his-tuyg‘u kuchi, shoirona realligi ko‘proq bo‘ladi”. Keyinchalik bu tezisdan syurrealizm tarafdorlari foydalanishib uni maromiga yetkazishdi. Reverdi syurrealizm tarafdorlarining intellektualizm (aql-idrokka asoslanganlik)ni qabul qila olmasliklarini, yozuv stoli atrofida uzoq vaqt ishlashni xush ko‘rmasliklarini oldindan payqab oldi: “Yaxshi she’r o‘z-o‘zidan tugallangan bo‘ladi. Tuzatishlar baxtli tasodif hisoblanadi. Agar mo‘jiza ro‘y bermasa, ular hamma narsaning rasvosini chiqarishi mumkin”.

1910 yillar Yevropa avangardining mashhur va nufuzli namoyandalaridan biri hisoblangan Apolliner yonida syurrealizm tarafdorlari – Andre Breton, Filipp Supo, Lui Aragon, Jan Kokto kabi yosh shoirlar maydonga chiqdi. 1916 yilda P.Reverdi muharrirligi ostida tashkil topgan “Shimol-janub” nomli jurnalda, ularning ilk she’rlari chop etila boshlandi va aytish mumkinki, shu bilan o‘ziga xos syurrealistlar maktabiga asos solindi.

“Yangi ong va shoirlar” nomli manifestida Apolliner she’riyatga bo‘lgan yangicha qarashni ta’rifladi. Unga ko‘ra she’riyatning bu jiddiy va og‘ir vazifasi asosiy nishonasi misli ko‘rilmagan texnik taraqqiyot bo‘lgan zamonaviy davrga to‘liq javob berishi va har taraflama mos bo‘lishi lozim. Apolliner ijodi shu kabi poetik tamoyillarni o‘zida to‘liq mujassam etgan etdi.

Ta’kidlash lozimki, Apolliner syujetga mazmundorlik va bama’nilikni qaytardi. O‘z vaqtida simvolizm tarafdorlari bu muhim tamoyil­lar qadriga yetmasdan, ularga ro‘yxush bermay, kibr bilan chetga surib tashlagan edilar. Shoir o‘z she’rlarini puxta o‘ylangan reallik bilan to‘yintirdi, ushbu reallik faqatgina shaxsiy his-tuyg‘u va hayajondan unib chiqmay, balki uning lirikasida (“Mirabo ko‘prigi”, “Muhabbatda omadsizning qo‘shig‘i”) turfa rang va ohanglar vositasida namoyon bo‘ldi. Apolliner zamonaviy hayotning asl mohiyatga ega maromini hammadan ko‘ra yaxshiroq eshitishga va ifoda etishga mohir usta edi: u “sanoat ko‘chasining nozik harakatlarini”, zavodlarga keng ko‘chani to‘ldirib borayotgan ishchilarning shiddatli oqimini, osmonu falakda parvoz qilayotgan samolyotlarni, temiryo‘l vokzallarining shovqinini she’riy satrlarda tarannum etardi, inson taqdirlarining chigal tugunini, mudhish urushning fojiali musiqasini, vahimaga soluvchi qurol-yarog‘lar tovushini, zambarak o‘qlarining xavf-xatarli portlashini she’rga solib, insoniyatni ularning tahdididan ogoh qilardi. Taraqqiyot kuychisi bo‘lgan Apolliner bir vaqtning o‘zida yaqinlashib kelayotgan global halokatlarning xavotirga soluvchi noxush kayfiyatini o‘z poeziyasida mujassam etganini anglab yetamiz.

Mavzular xilma-xilligi Apollinerning boshqa she’rlariga ham xos. U “Ulkan nafas” (“Hudud”, “Qo‘rg‘onlar”, “Sen-Merrilik sozanda”, “Mallasochli sohibjamol” va hokazo) poemalarida hayotning har xil hodisa va voqealarini bir-biriga tizib chiqadi. Bu voqealar eng muhim holatlardan (urush, o‘z hayotidagi keskin burilishlar) tortib, to bir qarashda arzimas bo‘lib ko‘rinuvchi (shahar ko‘chalari qiyofasi, uylar devoriga yopishtirilgan afisha va reklama, do‘kon peshtaxtalaridagi gazeta va jurnal, yo‘lovchilarning uzuq-yuluq jumlalari, bog‘lanishsiz gap­lar) holatlargacha bir-biriga chambarchas bog‘lanib, she’rlar dunyosining bir butun yaxlit holdagi, epik ko‘lamdagi manzarasini namoyon etadi. Tinish belgilarining yo‘qligi mazkur yaxlitlikka katta xizmat qiladi; aniqroq qilib aytganda, bu – jamiki mavjudot, butun borliq hajm va mazmun jihatdan tengligi va aloqadorligini, kichikni kattadan, shaxsiylikni umumiylikdan ajratib turuvchi barcha chegara, tafovutlar yo‘q qilinganligini anglatadi. Poema xuddi hayotning shiddatli va parchalanmagan oqimidek harakatlanadi.

Apolliner she’riy til sohasida novator deb ham e’tirof etiladi. U tilni atamalar (telegraf, telefon, aeroplan, tramvay va hokazo)hisobiga boyitib boradi, ta’rif va ma’no jihatdan aslo she’riy bo‘lmagan bu atamalar, poemalarning vazniga, maromiga, ohangiga qo‘shilib, estetik nuqtai nazardan bor narsaga, mavjud faktga aylanadi. U she’riyatga jug‘rofiy nomlarni, jumladan, eng qadimiy nomlarni (Xanaan, Xaldeya, Evrip, Formoza), shuningdek shahar, daha va ko‘chalar nomlarini ham hech ikkilanmasdan qo‘shib ketaveradi. Uning she’rlari son-sanoqsiz atoqli otlarga to‘la, ular orasida Injil personajlari, yunon, hind va boshqa afsonalar qahramonlari, O‘rta asrga mansub dostonlardan olingan obrazlar, o‘tmishning buyuk mutafakkir faylasuflari, shoirning suyukli ayollari va do‘stu og‘aynilarining nomlari bor. Apolliner tilning xilma-xil qatlamlaridan, ya’ni muomaladan chiqib ketgan arxaik so‘z va iboralar, sodda so‘zlashuv tili, adabiy tilda uchraydigan vulgar so‘z yoki ibora, ekzotik nom, tarixiy atama hamda milliy madaniyatlardan olingan o‘ziga xos realiya va iboralardan keng foydalanadi. O‘z universalligi jihatidan ustomon hisoblangan shoir lug‘ati poemaning chegaralangan makonida turli dunyo va davrlarni bir joyga jamlash imkonini beradi.

Apolliner an’anaviy she’r tuzilish qoidasidan butunlay bosh tort­maganini ham ta’kidlash lozim. U ko‘p hollarda aniq, to‘g‘ri qofiyali klassik strofikaga ham amal qiladi. Buni biz shoirning “Urush atirguli”, “Qo‘rg‘onlar”, “Yulduz qayg‘usi” va boshqa she’rlarida kuzatamiz. Lekin bir vaqtning o‘zida shoir yangi shaklni ham yaratadi. Verlibr tarafdori bo‘lgan Apolliner, she’r vaznini g‘alati va antiqa tarzda o‘zgartiradi, qofiyani she’r ichiga joylashtiradi, qofiyani assonans (chala qofiya, faqat urg‘uli unlilarning qofiyalanishi)ga almashtiradi yoki undan batamom voz kechadi. U yangi strofikaga asoslangan shaklni tavsiya qilib, she’r bandining qat’iy belgilangan va mustahkam o‘rnatilgan qoidalarini buzib, she’r bandining yangi qiyofasi, yangi shaklini ishlab chiqadi. Bu shaklda bitta she’r o‘ttizga yaqin yoki bitta yagona bo‘g‘inga ega bo‘lishi mumkin, unda shakl qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mutanosib­likdan xoli, erkin tuzilgan bo‘ladi. Bunday shakl o‘z mazmuniga adekvat, aynan mosdir: u chegaralanmagan va ko‘p qirrali umuminsoniy borliq modelini aks ettiradi.

Verlibr haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu frantsuz tilida “vers libre”, ya’ni “erkin she’r” degan ma’noni anglatadi. U XX asr Yevropa she’riyatiga xos bo‘lgan she’r vaznining metrik tizimga asoslangan kompozitsion shaklidir. Umuman olganda, verlibr negativ belgilari bo‘yicha aniqlanadi: unda na vazn, na qofiya bor, uning satrlari uzunligi bo‘yicha umuman tartiblanmagan. Bu agar nasriy asardan bitta parcha olinib, ixtiyoriy ravishda satrlarga bo‘linib tashlansa, verlibr hosil bo‘ladi, deganidir.

Xulosa qilib aytganda, Giyom Apolliner ijodi XX asr boshlarida Yevropa she’riyatida e’tiborga molik voqea tarzida namoyon bo‘ldi. Ikki yirik adabiy oqim – tarixga aylanib borayotgan simvolizm va maydonga kelayotgan syurrealizm o‘rtasida paydo bo‘lgan oraliq davrni to‘ldirish, nafaqat to‘ldirish, balki she’riyatning keyingi rivojiga kuchli turtki berish shoirning zimmasiga tushdi va bu murakkab vazifani Apolliner muvaffaqiyat bilan uddaladi.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 4-son

Muhammadjon Xolbekov – Filologiya fanlari doktori, professor. 1950 yilda tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetini tamomlagan. Uning “O‘zbek adabiyoti Frantsiyada”, “Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Uilyam Shekspir”, “XX asr modern adabiyoti manzaralari” kabi risolalari nashr etilgan.


[1] Kubizm – san’at va adabiyotda XX asrning 1-choragida vujudga kelgan va realizmga qarama-qarshi o‘laroq borliqni geometrik shakllarda tasvirlashga intilgan oqim.

[2] Diskretlik – (lot. discretus – parchalangan, uzilgan) uzluksizlikka qarama-qar­shi qo‘yilganlik.

[3] Ideogramma – (lingv.) butun so‘z yoki tushunchani ifodalovchi yozuv belgisi.