Muhammadjon Xolbekov. Navoiyni jahon biladi

Alisher Navoiy

Hazrat Alisher Navoiy merosining jahon madaniyati tarixidagi o‘rnini haqqoniy baholash uchun eng avvalo u yaratgan asarlarning jahon tillariga qilingan tarjimalari tarixini sinchiklab o‘rganish lozim. Darvoqe, o‘tgan asrda taniqli adabiyotshunos olimlar N.I.Konrad, Ye.E.Bertels, V.M.Jirmunskiy, A.K.Borovkov, V.Zohidov, H.Sulaymonov, G‘.Karimov, N.Mallayev, A.Rustamov, A.Qayumov tadqiqotlarida Alisher Navoiy merosining jahoniy shuhrati va g‘arb sharqshunosligida o‘rganilish tarixi xususida ayrim ma’lumotlar berilgani ma’lum. Ammo shu paytgacha adib asarlarining jahon tillariga qilingan tarjimalari va talqinini keng yorituvchi monografik tadqiqotlar yaratilmadi. Ushbu maqolada hazrat Navoiy merosining Frantsiyada o‘rganilishi va frantsuz tiliga tarjimalari xususida fikr yuritamiz.

Tarixdan ma’lumki, XI–XIII asrlar davomida G‘arbiy Yevropa nasroniy qirollari Rim papasi homiyligida Sharq mamlakatlariga, islom dunyosiga tinimsiz salib yurishlari uyushtirganlar. Bu yurishlar natija bermagach, XIII–XIV asrlar mo‘g‘ul bosqinidan foydalangan yevropalik nas-roniy sayyohlar, monax va missionerlar Markaziy Osiyo bo‘ylab to Pekinga qadar katta hududda emin-erkin yurishib, xristian dinini targ‘ib qilganlar va buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir kitob va qo‘lyozmalarni o‘zlari bilan olib ketganlar. Nihoyat, XIV asrning so‘nggi choragida jahon maydoniga chiqqan sohibqiron Amir Temur shijoati va zafarli yurishlari tufayli 1402 yilda Sharq va G‘arb iqlimida totuvlik o‘rnatildi, nasroniy va musulmon dunyosi o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi. Natijada islom madaniyatining daholari bo‘lgan Ibn Sino, Ibn Rushd, al-Farg‘oniy, al-Beruniy, al-Xorazmiy va antik dunyo olimlari Platon, Gippokrat, Aristotel, Ptolemey asarlari arab va lotin tillarida g‘arb olamiga kirib bordi. Yevropaning Boloniya, Sorbonna, Kembrij, Oksford, Leyden kabi yirik universitetlarida yuqoridagi olimlarning asarlari asosiy darslik tariqasida keng o‘rganila boshlandi.

Qadim yunon va rim hamda islom madaniyati ta’sirida dastlab XIV asrda Italiyada, XV–XVII asrlarda Ispaniya, Frantsiya, Angliya va Germaniya kabi g‘arb mamlakatlarida Renessans (Uyg‘onish) madaniyati yuzaga keldi va ravnaq topdi. Qolaversa, buyuk Dantening “Ilohiy komediya”si, Makiavellining “Hukmdor”, Bokkachoning “Dekameron”, Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, Servantesning “Don Kixot”, Marloning “Buyuk Temur” singari shoh asarlarida sharqona mavzu va falsafa e’tirof etilgani fikrimizga asosdir. Eng muhimi, bu davrda dastlab Frantsiya va Angliyada sharqshunoslik maktablari yuzaga keldi.

Masalan, Frantsiyada qirol Lyudovik XIV (Quyosh qirol – M.X) va uning bosh vaziri Kolber zamonida ilm-fan, adabiyot va san’at juda taraqqiy etdi. Shaxsan bosh vazir Kolberning tashabbusi bilan Vizantiya, Konstantinopol, Toledo, Seviliya shaharlaridagi boy kutubxonalar sotib olinib, Prijga keltirildi. Dast-lab Qirollik kutubxonasi, keyinchalik Milliy kutubxona nomini olgan bu maskanda XVII asrning o‘rtalarida yirik sharqshunoslik maktabi barpo etildi. Shu maktabning birinchi qaldirg‘ochlari Bartolome d’Erbelo de Molenvil (1625–1695) va Fransua de Berne (1620–1688)lar bosh vazir Kolber tomonidan ikki tarafga, birinchisi Vizantiyaga qadar, ikkinchisi Hindistonga qadar bo‘lgan sharq mamlakatlariga safarbar etilgan edilar. Bu safar taassurotlari natijasi o‘laroq, Bartolome d’Erbeloning “Sharq kutubxonasi” va Bernening “Buyuk mo‘g‘ullarning so‘nggi davlat to‘ntarilishi tarixi” kitoblari yuzaga keldi.

Sharq xalqlari hayoti, tarixi va madaniyatini keng yorituvchi Bartolome d’Erbeloning “Sharq kutubxonasi” (La Bibliotheque orientale) qomusiy kitobi tez orada nafaqat Frantsiyada, balki butun Yevropada shuhrat qozondi. Mazkur qomusdagi Markaziy Osiyo xalqlari, sohibqiron Amir Temur va uning buyuk imperiyasi, Shohrux va Ulug‘bek davlati haqidagi maqolalar bilan bir qatorda, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, Ibn Rushd kabi buyuk sharq allomalari hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan sahifalar o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Qomusda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik siymolari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi xususida ham ilk ma’lumotlar berib o‘tilgan edi. Masalan, kitobning 99-sahifasidagi “Alisher” (“Alicher”) nomli maqolada hazrat Navoiy to‘g‘risida quyidagicha ta’rif keltiriladi: “Alisher, yoki Mir Alisher Navoiy deb atashadi. Bu nom “Ali” va “Sher” so‘zlaridan tarkib topgandir… Alisher Xurosonda vazir bo‘lib juda katta obro‘-e’tibor qozongan. U yirik olim va shirinsuxan shaxs bo‘lgan. Hirot shahrida o‘zining boy kutubxonasini yaratgan va unga shogirdi tarixchi Xondamirni mutasaddi etib tayinlagan”.

Qomusning 661-sahifasidagi “Navoiy” (“Nevai”) sarlavhasi ostida berilgan maqolada ushbu satrlarni o‘qiymiz: “Navoiy, bu Nizomiddin Mir Alisherning taxallusi bo‘lib, Amir Temur avlodidan bo‘lgan shahzoda Mirzo Sulton Husaynning vaziri edi. Navoiy ham turkiyda, ham forsiyda ajoyib she’rlar yozgan. Uning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, Saddi Iskandariy” va “Sab’ai sayyor” dostonlari bor. Bundan tashqari, u to‘rtta devon yozib qoldirgan. Ular “G‘aroyib-us-sig‘ar”, “Navodir-ush-shabob”, “Badoyi-ul-vasat”, “Favo-yid-ul-kibar” deb nomlanib, bolalarga, o‘smirlarga, o‘rta yoshdagi kishilarga va keksalarga atalgandir. Navoiy 906 yoki 912 hijriy yilida vafot etgan”.

Bu maqolada frantsuz o‘quvchisi ilk da’fa hazrat Navoiy “Xamsa”sidagi dostonlarning, shoir qalamiga mansub to‘rtta devonning nomi bilan tanishmoqda. To‘g‘ri, Bartolome d’Erbelo maqolasida “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat-ul-abror” hamda “Xazoyin-ul-maoniy” devonining nomlari tushirib qoldirilgan. Shuningdek, olimning shoir devonlari haqida bildirgan fikrlari ham biryoqlama aytilgan. Shoir vafotini ko‘rsatuvchi ikkinchi sana ham to‘g‘ri keltirilgan. Bu kamchiliklarni hisobga olmaganda, Bartolome d’Erbelo qomusidagi ushbu maqolalar Alisher Navoiy ijodi bilan frantsuz jamoatchiligini XVII asrda ilk tanishtirgan manba sifatida qimmatlidir.

XVIII asrga kelib, G‘arbiy Yevropa, jumladan Frantsiyada filooriyentalizm (sharqni sevish va o‘rganish – M.X.) tamoyili fan va madaniyatni feodalizm tajovuzi va diniy jaholatdan himoya qilishda muhim rol o‘ynadi. Frantsuz ma’rifatparvar adiblari Monteskyo o‘zining “Fors maktublari”, Volter “Sharq qissalari”, Didro “Bevafo javohirlar” kabi asarlarida sharqona syujetlarni asosiy maktub qilib oladilar. Bu an’-ana, ayniqsa, Volterning falsafiy qissalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, sharq folklori, mifologiyasi va adabiyotini yaxshi bilgan yozuvchi, o‘zining “Zadig yoki taqdir” (“Zadig ou Destinee”) qissasidagi “It va ot” (“Le chien et le cheval”) bobi mazmunini tabrizlik Xristofor Armaniyning g‘arbda mashhur bo‘lgan “Sarandip podshosi uch o‘g‘lining sarguzashtlari” (1557) nomli asaridan olgani o‘sha davrda ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Qissa nashr qilingandan so‘ng, hatto Volterning zamondoshi, tanqidchi Freron adibni ko‘chirmachilikda ayblagan ham edi. Sharqshunos Ye.E.Bertelsning yozishicha, Xristofor Armaniy ham o‘z kitobiga bu syujetni Alisher Navoiyning “Xamsa”siga kiruvchi “Sab’ai sayyor” dostonidagi hikoyatdan erkin tarjima qilib olgan ekan (Bertels Ye.E. Navoi. Opыt tvorcheskoy biografii. –M. – L., 1948,s.79).

XVIII asr davomida tarixiy manbalarni to‘plash va sharq mamlakatlaridan olib kelingan noyob qo‘lyozmalarning ortib borishi Frantsiyada sharqshunoslik ilmining keyingi rivojiga katta zamin hozirladi. Asr oxiriga kelib, Parij g‘arb sharqshunosligining markazlaridan biriga aylanadi. 1795 yilda bu yerda “Sharq jonli tillari maktabi” (“L’Ecole des Langues vivantes orientales”) ochiladi. 1821 yilda “Osiyo jamiyati” (“La Societe asiatique”) tashkil topadi. 1823 yilda shu jamiyatning organi – “Osiyo jurnali” chop etila boshlaydi. Bu davrda S. de Sasi, A.J.Kloprot, E.Katremer, A.Remyuzo, F.A.Belen kabi sharqshunos olimlar turkiy adabiyot namunalarini o‘rganish va tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ayniqsa, ular o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari hazrat Navoiy va shoh Bobur ijodini o‘rganishga alohida e’tibor berdilar. Masalan, taniqli sharqshunos olim Silvestr de Sasi (1758–1838) tadqiqotlarida Alisher Navoiy merosini o‘rganishga katta o‘rin ajratadi.

Alisher Navoiy ijodini Frantsiyada targ‘ib qilish va o‘rganishga “Frantsuz kolleji” (“Sollege de France”) ning professori Etyen Katremer (1782–1857) katta hissa qo‘shdi. E.Katremer 1841 yil o‘zining “Sharqiy turk adabiyoti xrestomatiyasi” (“Shrestoma-thie en turk orientale”,. Paris, 1841) nomli kitobini nashr ettiradi. Mazkur xrestomatiyaning jildida quyidagi yozuvlarni o‘qiymiz:

“Sharqiy turk adabiyoti xrestomatiyasi. Amir Alisher Navoiy asarlari, sulton Bobur esdaliklaridan parchalar”, “Me’rojnoma”, “Tazkirat-ul-avliyo” va “Baxtiyornoma” kitoblaridan olingan boblarni o‘z ichiga oladi. Undagi Alisher Navoiy hayotiga doir maqola, shuningdek, kitobdagi grammatik, falsafiy va boshqa izohlar E.Katremer tarafidan yozilgan”.

XIX asr o‘rtalariga kelib, Alisher Navoiy ijodini keng qamrovda tad-qiq qilish, asarlarini tarjima va tahlil etish, frantsuz sharqshunosligida yangicha bosqichga ko‘tarildi. Bu yillarda frantsuz sharqshunosi Fransua-Alfon Belen (1817 – 1877) hazrat Navoiy ijodini chuqur o‘rganib, yirik tadqiqotlar yig‘adi. Belen yoshligidan Frantsuz kolleji va Sharq jonli tillar maktabida S.de Sasi, J.J.Marsel, E.Katremer kabi olimlardan saboq olib, fors, arab va turkiy tillarni o‘rganadi. U dastlab qirol saroyida tarjimon, keyinchalik esa Frantsiyaning Qohiradagi elchixonasida tarjimon-kotib, 1852 yildan esa Konstantinopoldagi elchixonada tarjimon-kotib vazifasida ishlaydi. 1868 yildan to umrining oxiriga qadar shu elchixonaning bosh konsuli lavozimida xizmat qiladi.

Fransua Belen o‘zining Misrga qilgan sayohati paytida Navoiy “Kulliyot”ini qo‘lga kiritadi. Mazkur “Kulliyot” 1649 yil (hijriy 1059 yil)da Mashhadda ko‘chirilgan bo‘lib, Belenning ta’kidlashicha, u Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan va 1526 yil (hijriy 930–933) Hirotda ko‘chirilgan nusxadek mukammal bo‘lmagan. Belen Navoiyning bu ikki “Kulliyoti” hamda Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy, Davlatshoh Samarqandiy va Som Mirzolarning Parijdagi Milliy kutubxonada saqlanayotgan asarlari, shuningdek, S. de Sasi, E.Katremer, Sh.Shefer, B. de Meynar kabi frantsuz sharqshunosining Sharq xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlariga tayanib, adib ijodini o‘rganish va tadqiq qilishga kirishadi.

1861 yil “Osiyo jurnali”ning fevral-mart va aprel-may sanalarida janob Belenning “Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodidan lavhalar” (“Notice biographique et litteraires sur Mir Alicher Nevai”) nomli birinchi tadqiqoti bosilib chiqadi. Mazkur tadqiqot ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida atroflicha fikr yuritilgan. Ikkinchi qismida esa, munaqqid Navoiy “Kulliyot”idagi “Majolis-un-nafois” va “Xamsat-ul-mutaxayyirin” asarlaridan parchalar keltirib, ularni frantsuz tiliga tarjima qiladi va izohlar yozadi. Masalan, jurnalning 300–357-sahifalaridan o‘rin olgan “Xamsat-ul-mutaxayyirin”ning frantsuzcha tarjimasiga 150 dan ortiq izoh yozilgan. Muallifning ta’kidlashicha, u tarjimani asarning Milliy kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozmasidan frantsuz tiliga o‘girgan. Frantsuzcha matni ko‘proq ilmiy uslub kasb etadi. Tarjimon asardagi obrazli iboralar, maqol, matal va hikmatlarni asliyat mazmuniga monand o‘girishga harakat qilgan.

1868 yili “Osiyo jurnali”ning XVII–XVIII jildida Belenning “Sharq donolari” ruknida Mir Alisher Navoiyning fazilatlari, estetik va falsafiy qarashlari (“Caracteres, maximes et pensees de Mir-Ali-Chir Nevai”) nomli ikkinchi tadqiqoti e’lon qilinadi. Tadqiqotning dastlabki sakkiz sahifasi “Mahbub-ul-qulub” asari tahliliga bag‘ishlangan. Qolgan ellik sahifa mazkur kitobning frantsuzcha tarjimasi va unga yozilgan izohlardan iborat. Belen asarni to‘liq tarjima qilmagan, balki o‘ziga ma’qul boblarnigina frantsuz tiliga o‘girgan. Mazkur tarjimalarning asosiy fazilati, ularga yozilgan 90 dan ortiq izohda ko‘rinadi. Bu yerda ham tarjima matni ilmiy uslubga yaqindir.

F.A.Belen “Mahbub-ul-qulub” asari ustida olib borgan tadqiqotini yana davom ettiradi va 1872 yil turk olimi Ahmad Vofiq afandi bilan hamkorlikda uning matnini nashr qildiradi. Mazkur nashr haqida “Osiyo jurnali”ning 1874 yil 3-jildida professor Pave de Kurteylning ijobiy taqrizi bosilib chiqqan.

Frantsuz olimi yuqoridagi tadqiqotlarida Alisher Navoiyning o‘z zamonasida tutgan mavqeini, shoirlik mahoratini to‘g‘ri baholab, “Navoiy turkiy tildan ustalik bilan foydalanib, uning boyligini favqulodda keng ko‘lamda namoyish etish bilan chinakamiga vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi”, deb yozadi. Biroq, Belen Navoiy ijodini, uning shoh asari “Xamsa”ning haqiqiy qimmatini to‘g‘ri baholay olmadi. Professor Ye.E.Bertels ta’kidlaganidek, “ikki noto‘g‘ri fikr Belen tomonidan yengil-elpi bayon qilingan edi: birinchisi, sulton Husayn va Navoiy o‘rtasidagi do‘stlikni haddan ortiq ideallashtirib ko‘rsatilishi, ikkinchisi, shoir ijodining butunligicha taqlidchilik tariqasida baholanishidir” (E.E.Bertels. Navoi. Opыt tvorcheskoy biografii.–M., 1948.– s.48).

Darvoqe, Belenning yozishicha “Navoiy o‘z davrining yetuk olimi va shoiri Xisrav Dehlaviy, Nizomiy hamda Jomiylarning tarjimoni edi. Ularga taqlid qilishdan (“imiter”), ularni badiiy ijodda rahnamo deb bilishdan faxrlanardi”. (M.Belin. Notice biograchique…, p.222). Belen tarafidan aytilgan bu xato fikr, taniqli sharqshunos, professor A.K.Borovkov tomonidan ham tanqid qilinadi (qarang: A.K.Borovkov. Izucheniye jizni i tvorchestva Alishera Navoi. // Rodonachalnik uzbekskoy literaturы. Tashkent, 1940, s.19-20). Bu kamchiliklardan qat’i nazar, Belen tadqiqotlari Yevropa sharqshunoslik ilmida to XX asr o‘rtalariga qadar yetakchi o‘rinni egallab keldi.

Hazrat Navoiy merosini o‘rganish o‘tgan XX asrda ham frantsuz sharqshunoslarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Masalan, 1900 yilda nashr etilgan Sh.Sheferning “Arab, fors va turkiy tillardagi qo‘lyozmalar majmuasi katalogi”da Alisher Navoiy qalamiga mansub asarlarning 16 ta qo‘lyozma nusxasi keltirib o‘tilgan (qarang: Xolbekov M. Parijning Milliy kutubxonasida saqlanayotgan sharq qo‘lyozmalari katalogi. // O‘zbek tili va adabiyoti, 1985.5-son.) E.Bloshening “Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi” (“Les enluminures de manuscrit orientaux de la Bibliotheque National. Paris” 1926) maqolasida esa adib asarlarining 35 ta qo‘lyozma nusxasi tavsif etiladi. E.Bloshe ham Navoiy ijodini baholashda Belen fikriga tayanib, adibni fors-tojik adabiyotining taqlidchisi, degan to‘xtamga keladi. Bu davrda hazrat Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish bilan sharqshunos Lyusyen Buva (1872–1942) ham jiddiy shug‘ullandi. U 1902 yil Parijda bo‘lib o‘tgan sharqshunoslar anjumanida Navoiyning “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asarining yangi topilgan qo‘lyozmasi xususida ma’ruza qiladi. 1926 yil “Osiyo jurnali”da uning “Temuriylar davri madaniyati haqida risola” (“Essai sur la Civilisation timouride”) nomli tadqiqoti bosilib chiqadi. Lyusyen Buva ushbu tadqiqotida temuriylar davri fani, madaniyati, san’ati va adabiyotiga to‘xtalib o‘tarkan, bu davrda yashab ijod etgan fors-tojik va turkigo‘y shoirlar ijodini yoritishga ham harakat qilgan. Masalan, hazrat Navoiy Buva ta’rifida ham oliy unvonlaru mansabga intilmagan kamtarin hamda vatanparvar shaxs qiyofasida talqin etiladi. Shuningdek, shoir o‘z ustozlari Xisrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy va Abdurahmon Jomiylar salohiyatini hurmat qilgani, o‘zining “Majolis-un-nafois” asarida ular ijodiga yukask baho berib o‘tganligi frantsuz sharqshunosining nazaridan chetda qolmagan. Afsuski, Buva ham hazrat Navoiy ijodiga, asarlarining g‘oyaviy-badiiy qimmatiga to‘g‘ri baho berolmadi. U Navoiyning “Mahbub-ul-qulub” asarini Nosir Xisravning “Saodatnoma”, “Lison-ut-tayr”ni Farididdin Attorning “Mantiq-ut-tayr” asarlarining taqlidi va tarjimasi, “Hayrat-ul abror”ni esa turli forsiy manbalardan olingan majmuadir, deya isbotlashga urindi. Lyusyen Buva ushbu risolasini hech o‘zgarishsiz 1927 yilda nashr ettirgan “Mo‘g‘ul imperiyasi” (“Histoire du monde. Tome VIII. L’Impire mongol. Paris, 1927”) nomli monografiyasiga ham kiritadi. Akademik V.V.Bartold bu kitobga yozgan taqrizida, Buvaning Temur va temuriylar sulolasi tarixini yoritishga ilmiy yondoshmaganini, faqat Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, Navoiy va Bobur asarlarigagina tayanib qolganini, oqibatda Sulton Husayn hukmronligi haqida ham, Mir Alisher Navoiy merosi xususida ham ma’lum bir to‘laqonli tasavvur bera olmaganini tanqid qilib o‘tadi (Qarang: V.V.Bartold. Sochineniye. Tom 9, s.557-560).

Frantsuz adabiyotshunosligida Alisher Navoiy ijodiga haqqoniy bahoni mashhur adib Lui Aragon (Louis Aragon – 1897–1982) berib o‘tdi. U o‘zining 1955 yilda nashr qilingan “Sovet adabiyoti” (“Lettres sovietiques”) monografiyasida sobiq Ittifoq xalq-lari adabiyoti xususida fikr yuritarkan, har bir yozuvchi faoliyatini o‘z xalqi tarixi va madaniyati bilan bevosita talqin qilishga urinadi. Taniqli frantsuz adabiyotshunosi Jan Frevil so‘zi bilan aytganda, Aragon “bu kitobi bilan frantsuzlarga hali ma’lum bo‘lmagan bir qator millat va elatlar madaniyatiga eshik ochib bergan edi”. Masalan, kitobning 95–97-betlaridan o‘rin olgan “Navoiy” nomli bob quyidagi satrlar bilan boshlanadi: “O‘zbekiston haqida so‘z yuritganda – bu o‘lkaning Alisher Navoiy vatani ekani beixtiyor yodimizga tushadi. Bugun bu Respublika paxta makoni, poytaxti Toshkent bog‘u-rog‘larga burkangan shahardir” (L.Aragon. Navoiy. Sharq yulduzi, 1987.4-son, M.Xolbekov tarjimasi).

Lui Aragon Navoiy yashagan davrda Markaziy Osiyo hududida hali temuriylar sulolasi hukmronlik qilgani, Samarqand va Hirot kabi shaharlarda ilm-fan taraqqiy etib, shoir ulardan bahramand bo‘lganligini ta’kidlab o‘tadi. Aragon hazrat Navoiy hayoti va ijodi haqida aniq ma’lumotlarni keltirarkan, o‘z risolasini yozishda professor Ye.E.Bertels, M.Oybek va G‘afur G‘ulomning shoir haqidagi maqolalaridan foydalanganini ham alohida ta’kidlaydi.

“Navoiy, – deb yozadi L.Aragon, – Sa’diy va Attor she’riyati, ayniqsa, XXII asrda yashab ijod qilgan ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy izidan borib, uning “Xamsa”si an’-analarini davom ettiradi. Aynan shu hodisa frantsuz o‘rta asr adabiyoti (Krityen de Trua) dan to renessans davri (Pyer Ronsar) gacha bo‘lgan adiblar ijodida ham kechgan edi”. Aragon kitobida Navoiy ijodi haqidagi fikrini davom ettirarkan, yana yozadi: “Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” dostoni mazmunini Nizomiyning “Xisrav va Shirin” dostoni syujetidan oladi. Biroq adib uni o‘z ona tilida, ya’ni turkiyda bitadi. Turkiy tilning nozik xislatlarini unda namoyon etadi”. Risola davomida muallif Navoiyning sof turkiyda original asarlar yaratganligini yana bir karra tasdiqlash va o‘z o‘quvchisiga yetkazish maqsadida “Farhod va Shirin” dostonidagi ushbu satrlar bilan boshlanuvchi she’riy parchani frantsuzcha tarjimada keltirib ham o‘tadi:

Deyolmasmanki Xisrav yoki Nizomiy,
Va yo nazm ahlining sarxayli Jomiy…

Moi je ne suis ni Khosrav, ni Nizami le sage,
Ni le cheikn des poetes d’aujour d’hui, Djami…

Lui Aragon Navoiy hazratlarining davlat arbobi, madaniyat homiysi sifatida muhim tarixiy xizmatlarini alohida ta’kidlagan. Masalan, uning vazirlik lavozimida el-yurt farovonligi, xalq osoyishtaligi yo‘lidagi faoliyatiga quyidagicha ta’rif beradi: “Navoiy vazir lavozimida fuqaroning istagi va talabini qondirishga intilgan xalqparvar shaxs edi”.

Lui Aragon keyinchalik ham o‘z ijodida sharq xalqlari adabiyotiga, jumladan, Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Jomiy va Navoiy ijodiga hurmat bilan qaradi, ayniqsa, o‘z she’riyatida sharqona an’analardan foydalanishga harakat qildi. Masalan, shoirning 1963 yilda bosilib chiqqan “Majnun Elza” (“Le Fou d’Elsa. Poemes”) majmuasiga kirgan she’rlarida sharqona poetik tasvirning frantsuzcha matn mazmuniga naqadar uyg‘unlashib ketganini kuzatamiz. Aragon ushbu kitobidagi lirik qahramon Elzani (rafiqasi shoira Elza Triole. 1896–1970-M.X) sharq klassiklari qalamiga mansub “Layli va Majnun” dostonidagi Qaysning sevgilisi Layliga o‘xshatarkan, uni o‘z ishqiga munosib sohibjamol-parivash qiyofasida tasvirlashga harakat qiladi.

Hazrat Navoiy merosi bilan frantsuz o‘quvchilarini yaqindan tanishtirishda XX asr frantsuz qomuslarining ham alohida o‘rni bor. Masalan. 1960–1964 yillarda chop qilingan o‘n jild-lik “Katta Laruss qomusi” (Grand Larousse Encyclophedique)ning yettinchi kitobidagi “Navoiy” (Mir-Ali-Sher) nomli maqolada shoirning hayot yo‘li va ijodi to‘g‘ri yoritilgan. Biroq qomusda keltirilgan ma’lumotlar o‘quvchiga Navoiy ijodi haqida to‘liq tasavvur berolmaydi. Sababi, bu maqolada adib merosining asosini tashkil qiluvchi “Xamsa”ga kirgan dostonlar va “Xazoyin-ul-maoniy” devoni umuman tilga olinmagan.

O‘tgan asr frantsuz adabiyotshunosligida yaratilgan nufuzli manbalardan biri hisoblangan uch jildlik “Adabiyot qomusi” (“Dictionnaire des litteratures”. -Paris, 1968) ning ikkinchi jildidagi “Navoiy (Ali-Sher, 1540–1600)” maqolasi ham diqqatimizni o‘ziga jalb etadi. Maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: “Navoiy turkiy tilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlarini, turkiygo‘y shoirlar tarjimai holini yorituvchi “Majolis-un-nafois” asarini yozdi. “Mezon-ul-avzon” asarida turkiy tilda she’r bitishning qonun-qoidalari xususida bahs yuritadi. Mashhur “Muhokamat-ul-lug‘atayn”da esa turkiy tilning bebaho boyligi va shirinzabonligini isbotlab berdi”. Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinadiki, “Adabiyot qomusi”dagi bu maqola “Katta Laruss lug‘ati”dagiga qaraganda shoir merosi haqida birmuncha keng tasavvur beradi. Biroq, maqolada adibning tavallud va vafotini bildiruvchi sanalar noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Shuningdek, shoir qalamiga mansub “Xamsa”dagi “Hayrat-ul-abror”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” dostonlari, “Xazoyin-ul-maoniy” devoni xususida hech narsa deyilmagan.

Yana bir e’tiborli manba, bu taniqli frantsuz olimi va shoiri Remon Keno muharrirligida nashr qilingan ikki jildlik “Pleyada qomusi” (“Encyclopedie de la Pleiade. Histoire des Litteratures”.– Paris, 1956.) bo‘lib, uning birinchi jildidagi M.Talbo qalamiga mansub “Turkiy xalqlar adabiyoti” bobida Alisher Navoiy ijodiga ancha keng o‘rin berilgan. M.Talbo maqolani yozishda o‘z vatandoshlari F.A.Belen va L.Buva tadqiqotlaridan foydalangani sezilib turadi. Chunki u keltirgan ma’lumot va ta’riflar yuqoridagi mualliflar aytib o‘tgan fikrlarga juda yaqin. Maqolani o‘qir ekanmiz, hatto ba’zi o‘rinlarda muallif L.Buva aytgan noto‘g‘ri fikrlarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib olganiga shohid bo‘lamiz. Bir o‘rinda u yozadi: “Navoiy forsiyda bitilgan diniy-mistik asarlarni tarjima qildi va ularga taqlidan asarlar yozdi. Masalan, “Mahbub-ul qulub” asarini bunga misol qilib keltirish mumkin”. Mazkur misollar o‘tgan asrda ham ayrim frantsuz olimlari Navoiy ijodini izchil o‘rganish o‘rniga avvalgi noto‘g‘ri fikrlarni takrorlash yo‘lidan borganligini ko‘rsatadi.

O‘tgan asrning so‘ngi yillarida, frantsiyalik ijodkorlarning hazrat Navoiy merosiga, umuman, o‘zbek she’riyatiga bo‘lgan qiziqishi ortdi. Shu o‘rinda Parijda chiqadigan e’tiborli jurnallardan biri “Action poetique” (“She’riy harakat”) ning sa’y-harakatlarini ta’kidlab o‘tish joiz. 1989–1990 yillarda ushbu jurnalning ikki soni o‘zbek she’riyatiga bag‘ishlandi. 1990 yilda esa “O‘zbek g‘azali” (Actio poetique: Ghazale ouzbeks.-Paris, 1990, n121) sarlavhasi ostida maxsus soni bosilib chiqdi. Unda Xoja Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Husayniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Boborahim Mashrab, Nodirabegim, Ogahiy, Uvaysiy, Fazliy va Mahzuna kabi mumtoz shoirlarimiz ijodidan namunalar berildi. G‘azallarni frantsuz tiliga iste’dodli shoir Jan-Pyer Balf yuksak mahorat bilan o‘girgan. Masalan, hazrat Navoiyning “Qaro ko‘zim” radifli g‘azalining birinchi to‘rtligini tarjima bilan solishtirganimizda bunga amin bo‘lamiz.

Frantsuz shoiri Jan-Pyer Balf hazrat Navoiy she’riyatidan o‘girgan tarjimalarini alohida kitob qilib, shoir tavalludining 550 yillik yubileyiga sovg‘a sifatida chop ettirdi. Parijdagi nufuzli nashriyotlardan sanalmish “La diferans” kitob uyi 1991 yilda Navoiy she’riyati majmuasini “G‘azallar va boshqa poemalar” (Alicher Navoi. Gazels et auteres poems.-Paris: Orphee/La Difference, 1991-127p.) nomi ostida chop etdi. Eng muhimi, to‘plam matni ikki tilda, ya’ni asliyat (arab imlosida) va frantsuzcha tarjimalari bilan yonma-yon berilgan. Bu frantsuz o‘quvchisiga hazrat Navoiy she’riyatini bir paytning o‘zida ham aslida, ham tarjimada o‘qish imkonini yaratgan.

Frantsiyalik olimlar va noshirlar yirik qomuslarda Alisher Navoiyni targ‘ib qilishga keng o‘rin bermoqdalar. Shu o‘rinda, frantsiyalik taniqli tilshunos olim, hozirda Toshkentdagi Markaziy Osiyoni o‘rganish frantsuz institutining direktori doktor Remi Dor janoblarining xizmatini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Doktor Rem Lui Bazen, Jan-Pol Ru, Bake-Grammonlar qatorida tanilgan, turkiy tillar bo‘yicha yirik tadqiqotlar yaratgan olimdir. Uning Vatanimizda yashab, o‘zbek tili va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratayotgani quvonchlidir. Bevosita olim rahbarligida frantsuzcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-frantsuzcha lug‘atlar nashr qilindi. U hazrat Navoiy merosini, jumladan shoirning “Mufradot” risolasini chuqur tahlil qilib, muammo janrining yechimiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy muammolari” (Parij, 2006) nomli tadqi-qotini nashr ettirdi. Olimning bu monografiyasi frantsuz sharqshunoslik ilmining katta yutuqlaridan biridir.

Muhammadjon Xolbekov, filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son