Modernizm G‘arbiy Yevropa adabiyotida XIX asr oxiri va XX asr boshlarida sahnaga chiqdi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, modernizm – bu zamonaviy san’at va adabiyotdagi yangi uslubiy ta’limot bo‘lib, “modern” (modern) so‘zining o‘zi ham “yangi”, “zamonaviy” ma’nolarini anglatadi. Uning adabiyot va san’atda namoyon bo‘lishi aslo tasodifiy emasdi. Ta’kidlash joizki, XX asr boshi falsafasida pessimizm, irratsionalizm va individualizm kabi yo‘nalishlar ustunlik qila boshladi. Dunyoga yangicha qarash, har doimgidek, faylasuf va yozuvchilar zimmasiga tushdi. Mashhur faylasuf va adib, Nobel mukofoti laureati (1927) Anri Bergson (1859–1941) o‘zining psixologik-falsafiy nazariyasida inson aqlga emas, balki ichki hissiyotga tayangan holda mushohada qila olsagina, hodisalar tabiatini tushuna olishi mumkinligini asoslab berdi. Ya’ni, keng ma’noda dunyoni bilish nazariyasini tushunishda va tor ma’noda badiiy ijodning o‘ziga xos xususiyatlarini anglashda aql-idrok emas, balki his-tuyg‘u katta ahamiyat kasb etadi, degan ta’limotni ilgari surdi.
XX asrning yana bir mashhur faylasufi Zigmund Freyd (1856–1939) esa insonda hamma narsa aql-idrokka bo‘ysunavermaydi, deya ta’kidlash bilan u inson psixologiyasi – keng ma’noda kishi ongida ob’ektiv voqealarning aks ettirilishidan hosil bo‘ladigan ruhiy kechinmalar majmui bo‘lsa, tor ma’noda ruhiy holatning yashirin jihatlari, ko‘pchilik bilmaydigan qirralarini ochib berdi; aniqrog‘i, ko‘ngilning noyob sirlarini psixoanalizning universal sxemalari tiliga o‘girdi, deyish mumkin. Uning hamkasbi va safdoshi Karl Gustav Yung (1875–1961) bu yo‘lni davom ettirib, inson psixologiyasiga “jamoaviy ongsizlik” (ong qa’ridagi qatlam) tushunchasini kiritdi. Jamoaviy ongsizlikning o‘ziga xos xususiyati uning universalligi, ya’ni hammaga bir xil taalluqliligi, hamma odamlar uchun umumiy bo‘lganligidadir. Yung fikricha, psixika nimaningdir yoki kimningdir hosilasi emas, aksincha, u birlamchidir va inson borlig‘ini aniqlab beruvchi asosiy fan hisoblanadi. Jamoaviy ongsizlik inson ongining boshlang‘ich (dastlabki) holati, uning o‘ziga xos xususiyati, barchaga baravar taalluqliligi, aynan o‘xshashligi hamdir. Ya’ni jamoaviy psixikani tushunib yetmoq uchun butun tirik mavjudotning bir-biriga aynan o‘xshashlik jihatlarini his qila bilmoq zarur. Shunday ekan, dunyoni o‘rganayotgan, tadqiq qilayotgan odam, avvalambor, tadqiqot ob’ektiga o‘z ong-shuurini, aql-idrokini, his-tuyg‘ularini qo‘shishi lozim. Taajjublanarli tomoni, aslida, ilmiy xodimlar emas, balki adabiyot va san’at ahli yangicha dunyoqarash dasturlarida tub o‘zgarishlarni ilk bor payqab oldilar. Yung fikricha, boshqalarga qaraganda adabiyot va san’at darg‘alari jamoaviy ongsizlik oqimidagi juz’iy, ammo ko‘zga tashlanavermaydigan o‘zgarishlarni ziyraklik bilan payqadilar va keyinchalik o‘z ijodlarida buni aks ettirdilar. Aynan ijod ahlining ushbu ijobiy xislatlari tufayli XX asrning yangi oqimlari, yangi g‘oya va mavzulari, yangicha tafakkur va yondashishlari dastlab adabiyot va san’atda, keyinchalik esa ilm-fan va ijtimoiy hayotda o‘z aksini topdi. Natijada adabiyot va san’at ahli o‘z davri ruhini ifoda etuvchi vositaga aylandi.
XX asr adabiyoti va san’atidagi yo‘nalishlarning ko‘pchiligiga, xususan, ekspressionizm, syurrealizm, “yangi roman”, “ong oqimi”, “absurd teatri”ga shaxsdagi shizofreniya, ya’ni iroda va ixtiyorni namoyon qilishning susayishi, psixika yaxlitligining parchalanib ketishi alomatlari, tushkunlik kayfiyati, ruhiy va hissiy depressiya holatlari vosita ob’ekti tarzida xizmat qildi.
Ko‘rib turganimizdek, jamoaviy ongsizlikning otilib yuzaga chiqishi dastlab adabiyot va san’at sohasida ro‘y berdi. Bu bazisda turli-tuman va rang-barang oqimlar majmui sifatida namoyon bo‘lgan modernizm ushbu oqimlarning badiiy uslubi tarzida mustahkam o‘rin egalladi. Modernizm adabiyotda real voqelikning keskin sur’atda o‘zgarishi yoki o‘zgartirilishiga keng yo‘l ochib berdi, kezi kelganda ob’ektiv voqelikni butunlay rad etdi. Buning o‘rniga u aql-idrokka asoslanmagan holda yaratilgan dag‘al va mantiqsiz, irratsional va noreal syujetlarga sayqal berish, ularga go‘zallik, nafosat va badiiylik bag‘ishlash tamoyillariga asoslangan yangi real voqelikni kashf qildi. Modernizm san’at asarlarining qadr-qimmatini hayot bilan hech qanday aloqasi yo‘q tarzda, hayotdan tashqari deb e’lon qilarkan: “San’at san’at uchun” shiori uning bayrog‘iga aylandi. Bundan tashqari, modernizm tarafdorlari, mazkur uslub homiylari boshqa san’at asarlariga, birinchi navbatda, an’anaviy san’at asarlariga hajviy yoki hazil tariqasida taqlid qilishga o‘tdilar. Yuqorida ta’kidlanganidek, jamoaviy ongsizlikka murojaat qilish, butun diqqat-e’tiborni unga qaratish modernizmning asl mohiyatini, tub mazmunini tashkil qilgan edi. Demak, o‘ziga xos badiiy uslub, butun bir adabiy oqim sifatida namoyon bo‘lgan modernizm o‘zining maydonga kelishida eng avvalo dekadansga (real hayotdan yuz o‘girish, ob’ektiv voqelikni rad qilish, ijtimoiy muammolarni qabul qilmaslik va hokazo), shuningdek, uzoq va yaqin o‘tmish meros bilan uzil-kesil aloqasini uzgan, an’anaviy san’atdan yiroq bo‘lgan asarlarni yaratishga da’vat etuvchi avangardizmga sajda qilishi joizdir. O‘z o‘rnida avangardizm G‘arbiy Yevropa estetik nazariyalariga, ya’ni san’at va adabiyotdagi nafosat, go‘zallik va badiiylik tamoyillariga asoslangan dunyoqarashlar negizida paydo bo‘lgan edi.
Dekadansning yuzaga kelishi esa, butun Yevropa madaniyati tarixida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. XX asr boshida jamiyat tanazzulga yuz tutgan holatlar, ijtimoiy inqiroz jarayonlari zamonaviylikni, aynan bugungi kunni to‘g‘ri idrok qilishni, tushunish va anglashni shakllantirdi, insoniy dunyoqarashlar hamda hayotni his etish imkoniyatlarini yuzaga chiqardi. Kishilar aqli hamda ruhiyatida chuqur va keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu o‘zgarishlar avvalo G‘arb she’riyatida (Giyom Apolliner, Ezra Paund, Pol Elyuar va boshqalar) o‘z aksini topdi. Ular birinchi bo‘lib nafis lirika tili orqali tobora yaqinlashib kelayotgan inqirozni, tushkunlik qayfiyatini ifoda etdilar, o‘z ongida uning alomatlarini sezdilar.
Dekadans tahlilini XX asr boshida yaratilgan realizm ruhidagi proza asarlarida ham ko‘rish mumkin edi. Tomas Mann qalamiga mansub “Doktor Faustus”, Maksim Gorkiyning “Klim Samginning hayoti”, Romen Rollanning “Jan-Kristof” singari romanlari shular sirasidan bo‘lib, o‘zlarida yaxlit holdagi ma’naviy dunyoqarashlar majmuini mujassamlantirgan bo‘lsalar-da, dekadans kabi ma’naviy va ruhiy hayotdagi voqea-hodisalarni chetda qoldirmasdan, real tasvirlab berdilar.
Xullas, modernizm – umumiy dunyoqarashga ega bo‘lgan bir qator adabiyot va san’at yo‘nalishlari majmuasi bo‘lib, u hamma ko‘nikib qolgan, an’anaviy tus olgan badiiy obrazlarning ayrim ijobiy va salbiy xislatlarini alohida ajratib ta’riflagan holda, qolgan jihatlarni qismlarga bo‘lib tashladi. Masalan, san’atkorning bevosita obraz mazmuniga, uning asl mohiyatiga me’yoridan oshiq diqqat-e’tibor qaratganligi naturalizm nomini oldi; obrazning favqulodda bo‘rttirib tasvirlangan holati abstraktsionizm qonuniyatiga asos bo‘ldi, jo‘shqin va hayajonli his-tuyg‘ular bilan to‘yintirib ifodalanganligi esa ekspressionizmga aylandi; ortiqcha mazmundorlik va ko‘p ma’nolikning kashf qilinishi bevosita syurrealizmga taalluqli bo‘lib qoldi. Modernizm tarafdorlari o‘zlari yashayotgan jamiyatning ibtidoiy betartibligi, bugungi kunning chalkash va mazmunsizligi, zamonaning o‘ta tartibsizligi, kishilar ongidagi alg‘ov-dalg‘ov fikr-xayollar insonning yolg‘izlik his-tuyg‘usi kuchayishiga, keskinlashuviga olib keldi deb hisobladilar. Sababi, tajovuzkorlik va adovat ruhi bilan sug‘orilgan voqelik shaxsni yengilmaslikka, hammavaqt g‘olib chiqishga undaydi, o‘zgalar unga bas kela olmasligi, undan ustun bo‘la olmasligi, unga kuchi yetmasligi bilan ojiz bo‘lib qoladilar.
Biz ushbu mulohazalarimizni mazkur yo‘nalishdagi ijodi bilan jahon adabiyotida munosib iz qoldirgan adiba Virjiniya Vulfning “Missis Dellouey” romani tahlilida davom ettiramiz.
XX asr modernizm adabiyotining yorqin namoyandasi Virjiniya Vulf (1882–1941) ijodini munaqqidlar uch bosqichga ajratadilar. Birinchi bosqichda (1915–1922) “Sayohat” (The Voyage Out, 1919), “Tun va kun” (Night and Day, 1919) romanlari, “Dushanba va seshanba” (Monday and Thursday, 1921) to‘plamiga kirgan hikoyalar, ko‘p jihatdan adiba ijodining ilk bosqichidagi izlanishlar natijasiga aylangan va impressionizm ruhidagi uslubning o‘ziga xos xususiyatlarini sintezlashtirgan, qolaversa, keyingi rivojlanish istiqbollarini belgilab bergan “Jeykob xonasi” (Jacob’s Room, 1922) romani yaratilgan. Ikkinchi bosqich 1920 yillar o‘rtalariga tegishli bo‘lib, unda Vulf ijodining cho‘qqisi bo‘lmish “Missis Dellouey” (Mrs. Delloway, 1925) va “Mayoqqa” (To the Lighthouse, 1927) romanlari yozilgan. Uchinchi bosqichda (1928–1941)da “Orlando” (Orlando, 1928), “To‘lqinlar” (The Waves, 1931), “Yillar” (The Years, 1937) va “Aktlar orasida” (Between the Acts, 1941) romanlari dunyo yuzini ko‘rgan. Bundan tashqari Vulf adabiyot va rangtasvir sa’natiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar ham yozgan. Uning “Oddiy o‘quvchi” (The Common Reader, 1925; 1932) to‘plami, ayol huquqini himoya qiluvchi “Shaxsiy xona” (A Room of One’s Own, 1928) essesi o‘z vaqtida yuksak e’tibor qozongan edi. Keyingi essesida Vulf ayolning oila va jamiyatda, farzandlarni tarbiyalashdagi roli, dunyoni his etishi bilan bog‘liq masalalari, zamonaviy erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlar kabi muammolarga e’tibor qaratadi.
Virjiniya Vulf romanlari negizida “hayotni”, ya’ni hikoya qilishning ideal badiiy-estetik shakliga mos keluvchi ibtidoni axtarish yotadi. Adiba fikricha, “hayot” ong, o‘lim va vaqt ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Har bir asarida muallif ularga u yoki bu darajada to‘xtalib o‘tadi. Vulf romanlari poetikasi uchun matn “faktura”si, ya’ni matnning assotsiativ aloqalar, lirik chekinishlar bilan to‘yintirilganligi, bir necha syujet chiziqlarini, impressionizm ruhidagi turli-tuman, ko‘pincha bir-biriga bog‘lanmagan lavha va parchalarni bir butun yaxlit holga keltiruvchi kompozitsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ingliz munaqqidlarining fikricha, ushbu elementlar, ayniqsa, “Missis Dellouey” romanida uyg‘un birikma hosil qiladi.
“Missis Dellouey” romanining yaratilishiga adibaning 1923 yil Nyu-Yorkda chop etilgan “Missis Dellouey Bond-strit ko‘chasida” hikoyasi sabab bo‘ldi. Vulf uni romanga aylantirishga qaror qilarkan, dastlabki reja bugungi kunda “Missis Dellouey” nomi ostida mashhur bo‘lgan romanga faqat qisman o‘xshardi.
Birinchi variantga ko‘ra, romanda hajviy ohang ustunlik qilishi, voqealar rivoji esa ingliz jamiyatining yuqori doira (masalan, personajlardan biri Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan)larida bo‘lib o‘tishi lozim edi. Ikkinchi variant bo‘yicha, syujet asosiy personaj, Klarissa Delloueyning o‘zi uyushtirgan ziyofatda, suiqasd yoki baxtsiz voqea natijasida uning o‘limi bilan yakun topishi nazarda tutilgandi. Hikoya qilishning kompozitsion yaxlitligi Londondagi Big-Ben soati bong urishi bilan mavzu mustahkamlanishi lozim edi. Shu sabab romanning “Soat” deb nomlangan dastlabki varianti dunyoga keladi.
Eng so‘nggi ko‘rinishida roman “Uliss” poetikasi ta’siridan dalolat beruvchi badiiy ifoda shakliga ega bo‘ldi. “Missis Dellouey” romanidagi voqealar rivoji iyun oyidagi kunlardan birida roppa-rosa o‘n yetti soat ichida sodir bo‘ladi. Romanning bosh qahramoni – Klarissa Dellouey – yuqori tabaqaga mansub o‘rta yoshdagi ayol, Britaniya parlamenti a’zolaridan birining turmush o‘rtog‘i. U yuqori martabali mehmonlarni kutib olishga taraddud ko‘radi. Qolgan personajlar ziyofatga taklif etilgan bo‘lib, u yoki bu darajada o‘z tashvishlari bilan band bo‘ladilar. Birinchi jahon urushi veterani Septimus Uorren-Smit ulardan mustasno. Bu personaj orqali “hech bir ish qilmaslik, o‘ta mas’uliyatsizlik” shiori xususidagi romanga zo‘ravonlik, telbalik, ajal mavzulari syujeti kiritiladi. Klarissa va Septimus haqidagi hikoyalar bir chiziq bo‘ylab, hech qayerda kesishmasdan, yonma-yon rivojlanadi.
“Missis Dellouey” romanida hikoya qilish, xuddi “Uliss”dagi kabi, alohida epizodlarga bo‘linib ketadi. Ularning har biri mustaqil va bir vaqtning o‘zida murakkab polifonik (ko‘p ovozli) yaxlitlikning ajralmas bir qismidek namoyon bo‘ladi. Epizodlar o‘rtasidagi muvozanat, bir-biriga mos kelishini syujet chizig‘i ta’minlaydi. Adiba, shuningdek, “ong oqimi” hikoya qilish uslubidan keng foydalanadi.
Shunga qaramasdan, “Missis Dellouey” romani “Uliss” poetikasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq deyish ham muayyan tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin, negaki Vulf va Joys oldida har xil vazifalar turadi. Joys o‘z badiiy olamini teng huquqlilik asosida turli nuqtai nazarlarni qamrab olgan holatda, ma’naviy-axloqiy jihatdan neytral ko‘rinishda, umumbashariy qadriyatlardan xoli shaklda qurmoqchi bo‘lgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Vulf esa, aksincha, dunyoni namunaga aylantirishi lozim bo‘lgan shunday bir matnni yaratadi, ya’ni badiiy materialni ma’naviy-axloqiy jihatdan baholashga, umumbashariy qadriyatlar nuqtai nazaridan “o‘lchash”ga intilgan. Qaysidir ma’noda, Vulfga Joys ijodining dastlabki bosqichida ishlab chiqilgan “epifaniya” (yunon. epiphaneia – ko‘rinish, vahiy) nazariyasi ta’sir ko‘rsatgan. Adiba ob’ektiv voqelikning oquvchanligi, o‘zgaruvchanligi, bema’niligini yengib o‘tishga harakat qilarkan, ijodiy kuch-shijoat, ruhiy uyg‘oqlik bilan uning haqiqiy, vaqt oqimiga tobe bo‘lmagan obrazini yaratadi.
Zohiran, “Missis Dellouey” romanida voqealar rivoji va introspektiv (o‘z-o‘zini kuzatish) sahnalar mutanosib joylashgan, mantiqiy almashinadi, betakror uyg‘unlik hosil qiladi. Yozuvchi roman kompozitsiyasini puxta ishlab chiqadi, har bir qismini taqqoslab, hajman baravarlashtiradi. Qolaversa o‘quvchini ayni paytda qayerdaligi, aynan “qaysi vaqtda va qaysi joyda” ekanligi haqida ogohlantirib turadi. Big-Ben soatining bong urib turishiga qarab, har qaysi personaj bilan u yoki bu voqea sodir bo‘lishini chorak soatgacha aniqlash mumkin. Ularning “ong oqimi” shaxsi noaniq gap doirasidan chiqib ketmaydi, chunki roviy tomonidan nazorat qilinadi. Uning har bir epizodda orqa planda turishi “Missis Dellouey” romani matnini tartibga soladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, roman Londonda yashayotgan zodagonlar hayotini tasvirlovchi olti yoki yetti bobdan iborat bo‘lishi, syujet chiziqlari esa – missis Dellouey o‘z uyida uyushtirgan ziyofatda bir nuqtada kesishishi taxmin qilingan edi. Shuningdek, syujet nekbin ruhda bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Saqlanib qolgan xomaki rejalar va qo‘lyozmalar shundan dalolat beradi. Lekin hikoya qilish uslubiga, aniqrog‘i, asta-sekin ochilib kelayotgan voqealar bayoniga g‘amgin va ma’yus ohanglar ham qo‘shilib ketadi. Muallif roman nashriga yozgan so‘zboshida izoh berishicha, bosh qahramon Klarissa Dellouey ziyofat davomida yo o‘z joniga qasd qilishi, yo ajali bilan o‘lishi kerak edi. To‘g‘ri, keyinchalik dastlabki niyatga qator o‘zgartirishlar kiritildi, lekin o‘lim vasvasasiga tushish mavzusi romanda shundayligicha qoldi.
Yuqorida aytilganidek, Virjiniya Vulf romanga tuzatish, qo‘shimchalar kiritib, uning ustida 1922 yilgacha ishlaydi. Dastlab asarni “Soat” deb nomlab, “tashqi” va “ichki” vaqt oqimi o‘rtasidagi farqni ko‘rsatishga urinadi. G‘oya qanchalik jozibador va e’tiborga molik bo‘lmasin, roman katta qiyinchilik bilan yozilardi. Kundalik va yozuv daftarlaridagi “Missis Dellouey” romani haqidagi qaydlar zamonaviy adabiyot uchun eng muhim romanlardan birining yaratilish tarixini ko‘rsatadi. U puxta ishlanishiga qaramasdan, bir maromda yozilgan emas. Ijodiy ilhom, ruhiy ko‘tarinkilik, yuksalish pallalari azob-uqubatli kunlar, shubhalanish va gumonsirash onlari bilan almashinib turilgan. Gohida Vulfga romanni oson, tez, san’atkorona yozayotgandek, gohida esa ish umuman siljimay, bir joyda qotib qolgandek tuyulardi. Bu adibani mushkul ahvolga solib, noumidlik girdobiga tortardi. Qattiq asabiylashishga olib kelgan, tinka-madorini quritgan jarayon ikki yilga cho‘zildi. Adiba dil izhoricha: “… romanni yozish iblis bilan olishuvga teng bo‘layapti. Uning rejasi qo‘ldan chiqib ketayapti, lekin bu mohirona qurilgan istehkom. Men matnga sodiq, yozganimga munosib bo‘lishim uchun, tanamni yorib chiqishga, o‘lib-tirilib mehnat qilishimga to‘g‘ri kelmoqda”. Ta’bir joiz bo‘lsa, ijodiy yuksalish va ijodiy tanazzul, faollik va turg‘unlik almashinuvi yana bir yil, ya’ni 1924 yil oktyabrigacha davom etdi. 1925 yilning mart oyida roman bosilib chiqqanida munaqqidlarning aksariyati uni durdona asar, deya ko‘klarga ko‘tarishdi.
Virjiniya Vulf ijodi xususida fikr yuritarkanmiz, undagi muhim bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tishimiz lozim. “Ong oqimi” uslubi modernizm ruhidagi ushbu romanning o‘ziga xos xususiyatidir. “Ong oqimi” (stream of consciousness) atamasi yozuvchilar tomonidan amerikalik ruhshunos olim Uilyam Jeyms (1842–1910) ning “Psixologiya asoslari” (1890) asaridan olinib, har tomonlama o‘rganilib, badiiy ijodda ham mujassamlashtirildi . Ushbu tushuncha “yangi roman”da, qolaversa, uning hikoya qilish strukturasida inson fe’l-atvori, xatti-harakati, ruhiyatini anglash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu atama yaxlit badiiy tafakkur sistemasidek namoyon bo‘luvchi modernizm uchun mustahkam poydevor bo‘lgan XX asr falsafasi va psixologiyasi sohasidagi qator g‘oya, tushuncha, faraz, paradoks va fenomenlarni o‘zida umumlashtirdi.
Virjiniya Vulf qahramonlarning fikr yuritish jarayonini, ularning o‘tkinchi his-tuyg‘u va o‘y-xayollarini frantsuz adibi Marsel Prust uslubiga xos bo‘lgan “ong oqimi” yo‘nalishi an’analarini chuqurlashtirdi va kengaytirdi. Darhaqiqat, “Missis Dellouey” romani – bu Klarissa Dellouey va Septimus Uorren-Smitlarning “ong oqimi”, ularning Big-Ben soati bong urishi bilan muayyan parchalarga bo‘lingan his-tuyg‘u va xotiralaridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu roman – qalb ovozi, insonning o‘z-o‘zi bilan suhbati, fikr va tuyg‘ularning oqimidir.
Qahramonlarning aniq ilg‘ab olingan, batafsil tasvirlangan kechinmalari zohiran arzimagan bo‘lib tuyulsa-da, ruhiyatning ayni paytdagi holati mufassal izohi (Vulf ta’biricha, mavjudlik oni) asta-sekin naqshinkor koshinga aylanadi. Bu serjilo koshin o‘quvchi nigohidan sal bo‘lmasa chetda qolayozgan o‘zgaruvchan tasavvur, fikr parchalari, tasodifiy assotsiatsiya, bir lahzali taassurotlardan “yig‘iladi” desak to‘g‘ri bo‘lar. Vulf uchun ko‘z ilg‘amas, ya’ni his-tuyg‘ulardan bo‘lak hech nima bilan ifodalab bo‘lmas narsa qadrlidir. Adiba, individual mavjudlikning irratsional qatlamlarini ochib berarkan, go‘yo “yarim yo‘lda ushlab olingan” fikrlarning oqimini tasvirlaydi. Muallif nutqining xuddi bayonnomaga o‘xshash muxtasarligi va ehtirossizligi – o‘quvchini his-tuyg‘u, fikr-mulohaza, mushohada va kuzatuvlarning shaklsiz dunyosi tubigacha sho‘ng‘ib ketish taassurotini tug‘diruvchi roman negiziga aylanadi.
Rus adabiyotshunosi Ye.Yu.Geniyeva fikricha, “tashqaridan qaraganda, syujet va fabula asosida hikoya qilishning yo‘li saqlanib qolgandek, haqiqatda esa – romanga aynan voqealarning an’anaviy almashinuvi yetishmaydi. To‘g‘risi, bu yerda klassik roman poetikasi tushunchasidagi voqealarning o‘zi yo‘q” .
Hikoya qilish ikki sathda olib boriladi. Birinchisi voqea-hodisalarni aniq ifodalamasa-da, zohiriy, moddiy hisoblanadi. Ya’ni, gullar sotib olinadi, ko‘ylakning yirtiq joyi chatiladi, sersoya bog‘dagi xiyobonlar bo‘ylab sayr qilinadi, bemorlar qabul qilinadi, siyosiy masalalar muhokama mazmuniga aylanadi. Mehmonlar yo‘liga jonsarak ko‘z tikiladi, pirovardida derazadan tashlab o‘z joniga qasd qilinadi. Bu yerda serfayz ranglar, xushbo‘y hidlar, serzavq his-tuyg‘ular uyg‘unligida London gavdalanadi, u ko‘z o‘ngimizda kunning turli paytida, turli yorug‘likda ajablanarli tarzda topografik aniqlikda qad ko‘taradi. Bu yerda uy tonggi sukunatda “mudrab yotadi”, kechqurungi g‘ala-g‘ovurga, shovqin-suronga “kuch to‘playdi”. Bu yerda Big-Ben soati to‘xtovsiz vaqtni o‘lcharkan, sovuqqonlik bilan shafqatsizlarcha bong urib turadi.
Darhaqiqat, o‘quvchi 1923 yil iyun oyining uzun bir kunini qahramonlar bilan birga yashab o‘tadi, ammo real bir vaqtda emas. Qahramonlar xatti-harakatining shohidiga aylanib qolmasdan, o‘quvchi, avvalambor, ularning qalbi, xotirasi, ruhiyati, tushlari kabi “muqaddas qadamjo”ga kirgan “ayg‘oqchi”ga aylanadi. Romanda aksari jimjitlik hukmronlik suradi; haqiqiy suhbat, monolog va dialog, bahs-munozaralar sukunat pardasi ortida – xotirada, xayolda olib boriladi. Beqaror xotira ters, injiqlik bilan tutqich bermaydi, mantiq qonunlariga bo‘ysunmaydi, ko‘pincha tartib-qoida, xronologiyaga qarshi “isyon ko‘taradi”. Garchi Big-Ben soati millarining tsiferblat bo‘ylab harakatlanishi, muntazam bong urib turishi vaqt o‘tishini bizga doim eslatib tursa-da, ushbu romanda ilmi nujum vaqti emas, balki ichki, assotsiativ vaqt ustun turadi. Aynan ikkinchi darajali, syujetga bevosita bog‘liq bo‘lmagan voqealar ongda kechib o‘tuvchi ichki xatti-harakatlar uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi. Real hayotda esa vaqt bir voqeani boshqa voqeadan atigi bir necha daqiqa ajratib turadi.
Mazkur romanda bosh qahramonlar – Londondagi hashamatli uylarning birida yashovchi zodagon ayol, ayni paytda xayolparast Klarissa Dellouey va kamtarin xizmatchi, birinchi jahon urushida kontuziya bo‘lgan Septimus Uorren-Smit hayotidagi atigi bir kun tasvirlanadi.
Darhaqiqat, real vaqtni maksimal darajada tig‘izlashtirish – to oniy taassurotgacha qisqartirish, bir kungacha chegaralash – modernistik roman uchun xosdir. Bu usul realistik romandagi vaqt kategoriyasi bilan an’anaviy tarzda foydalanish usulidan keskin farq qiladi. Boisi, realizm yo‘nalishida XX asr boshida mashhur ingliz adibi Jon Golsuorsi (1867–1933) qalamiga mansub “Forsaytlar haqida saga” (The Forsyte Saga, 1906–1927) epopeyasiga o‘xshagan ko‘p jildli “oilaviy xronika” janridagi romanlar yetakchilik qila boshladi. Realizm tamoyillariga asoslangan an’anaviy hikoya uslubida inson vaqt oqimiga tobe qiyofada namoyon bo‘ladi; modernizm tamoyillariga asoslangan hikoya qilish uslubida esa, aksincha, inson ruhiy kechinmalarini qisqa vaqt oqimida tasvirlash ustunlik qiladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Nuqtai nazar almashinuvi, keskin o‘zgarishi, muntazam yangilanib turishi – modernistik romanda ko‘p qo‘llaniladigan uslubdir. Ong oqimi, bitta inson hayoti bilan taqqoslaganda, ancha keng qirg‘oqlar bo‘ylab oqadi, u ko‘p insonlarni o‘zi bilan oqizib ketadi, individual betakror taassurotdan dunyoning ancha ob’ektiv manzarasigacha yo‘l ochib beradi, keng sahnada ijro etilayotgan voqealar rivojini bir nechta kameralardan olib boriladigan yaxlit kartina sifatida suratga oladi. Shu bilan birga muallif rejissyor kabi sahna ortida qolishni afzal ko‘radi.
Ba’zi adabiyotshunoslar Vulfning mazkur romanida “mavhum uy bekasi”ga mahliyo bo‘lishni payqab olganlar. Ularning fikricha, bunday ayol faqat quyuq ziyofat uyushtirishni emas, balki uydagilar o‘rtasida vujudga kelgan tushunmovchilik, sovuqchilik, adovat kabi salbiy xislatlardan ularni forig‘ etish, uy ichida sog‘lom muhit o‘rnatishni bilguvchi dono ayol, ayni paytda jamiyatda insonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash qobiliyati egasi ham bo‘lishi lozim.
Ushbu romanning yana bir muhim estetik xususiyati – zamonaviy hayot dunyoni qanchalik tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirganligini chuqur his etishdir. Virjiniya Vulf aristokratlarga xos yashash tarzini batafsil tasvirlashga katta ahamiyat bergan; u “mustahkam va o‘zgarmas” qadriyatlarni ulug‘lagan, unga snobizm ham begona bo‘lmagan. Biroq adiba, o‘zi yaratgan erkak qahramonlaridan farqli o‘laroq, bunga boshqacha munosabatda bo‘lgan. Vulf ushbu “qat’iy nizom-qoida, o‘zgarmas qonuniyat”larda qandaydir bir “metafizik g‘oya va printsiplarga asoslangan hamjamiyat”ni kashf etgan. Bu, uning so‘zlariga qaraganda, ayol nuqtai nazaridan inkishof etilgan dunyo edi. Va, bu dunyo, o‘z o‘rnida, Virjiniya Vulf uchun ham, Klarissa Dellouey uchun ham muayyan estetik yaxlitlikka, qolaversa, o‘z go‘zalligi va tarovatiga ega bo‘lgan.
Aytishimiz mumkinki, bu romanda qahramonlar siymosi ong oqimida bir-biriga ulanib, qo‘shilib ketadi – ushbu uslub zamonaviy roman uchun muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi va Virjiniya Vulf haqli ravishda uni kashf etgan yozuvchilardan biri hisoblanadi. Mavzular ulkan shahar hayotini tasvirlash hisobiga chigallashib ketadi, qahramonlarning yo‘llari tasodifan kesishib o‘tishi yaxlit murakkab naqshni hosil qiladi.
Virjiniya Vulfning ushbu romani zamonaviy hayotning beqarorligi va o‘zgaruvchanligidan, oldingi qadriyatlar zavol topganligidan, ularning o‘rniga g‘ayriinsoniy va g‘ayriaxloqiy, sun’iy va soxta qadriyatlar kelganidan ko‘p aziyat chekkan “yo‘qotilgan avlod”ning orzularini, azaliy va abadiy intilishlarini tushunish yo‘lida bo‘lgan yana bir harakatdir.
Xullas, impressionizm ruhidagi “Missis Dellouey” romani o‘tkinchi his-tuyg‘u, ichki kechinmalarni tasvirlash bilan band, oniy taassurot va o‘zgaruvchan ruhiy holatni batafsil yoritish bilan mashg‘ul bo‘lib, xotiralar girdobidan chiqib ketolmaydi. Biroq ong oqimiga sho‘ng‘ib, roman hayot oqimi g‘ala-g‘ovurini, shovqin-suronini mujassam eta olgan. Bu shiddatli oqim insonni Hayotning muqarrar chegarasiga eltib qo‘yadi. Azalu abad haqidagi o‘y-fikr hayotiy taassurotlarning oniyligini aniq-ravshan ko‘rishga, tushunishga zamin yaratadi. Azalu abad Me’mori insonga umrini o‘lchab berganini anglab yetishga imkon yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Angliya adabiyotida modernist yozuvchi sifatida shuhrat qozongan Virjiniya Vulf mashhur o‘tmishdoshlari va ustozlari hisoblangan Lorens Stern, Jeyn Ostin, Marsel Prust, Jeyms Joys kabi yozuvchilarning badiiy-estetik merosini, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘gitlarini qayta anglab, tubdan o‘zgartirib, qolaversa, boshqa badiiy shaklga o‘tkazib, yangicha mazmun bilan to‘ldirarkan, o‘z ortidan ergashgan yozuvchilarga bir qator tasviriy-ifodaviy vositalar, usul va mahorat yo‘llarini qoldirdi.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 5-son