Muhammad Halim Yorqin. “Sanglox” so‘zligi

Har bir xalq o‘z tilining rivoji va o‘rganishi uchun undagi so‘zlarni to‘plash va lug‘atnoma tuzishga uringan. Tarixning guvohligicha, Sumerlar birinchi bo‘lib lug‘at yozishga himmat qilganlar. “Adabiyot tarixida eng eski lug‘atnomani Sumer adiblari miloddan oldin uch minginchi yilda tuzganlar”[1].

Aslida O‘rta Osiyodan Kichik Osiyo (bugungi Turkiya)ga borib yerlashgan muhojirlar necha tillik haqiqiy so‘zlik yozdilar. Edvard Sheraning Bo‘g‘ozkuy xazinasi kashfi uchun yozgan ma’lumotida mazkur lug‘atnoma haqida shunday yozadi: Bir qatorda qadimgi belgilar yozilgan, boshqa qatorlarda qarshisida sumercha yo okidcha so‘zlarni yozganlar”[2].

Dunyo olimlari jumladan F. Humal, Puppe va Zakarlar Sumerlar tilini agglitionativ til va “urol-oltoy” tillari oilasiga mansubligi va turkiy tillar bilan yaqin qarindosh ekanligini e’tirof etganlar. Ular hatto Sumer tilini eng qadimgi turkiy (purututurk) deganlar [3].

Turkiy tillar jumladan o‘zbek tilida Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otut turk” asaridan boshlab bugunga qadar o‘nlab so‘zlik, turli hajm, yo‘riq va saviyada, bir, ikki va ko‘p tilli so‘zliklar yaratilgan. Bu so‘zliklarning to‘liq ro‘yxati hozirgacha tuzilmagan, chog‘i. Bunday ro‘yxatning tuzilishi turkiy so‘zliklar yaratilishining aniq davrlanishi yo guruhlanishida katta yordam berardi.

“Sanglox” so‘zligi buyuk mutafakkir, shoir va siyosatchi Mir Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu muhim so‘zlikni, mashhur tarixchi, tilchi va Nodir Afshorning munshiysi Mirzo Mahdiyxon Astrabodiy (vafoti hijriy 1117dan so‘ng) Navoiy asarlaridagi qiyin va chigal so‘zlarining sharh va izohi uchun talif etgan.

Navoiy asarlari, barcha turkiy xalqlar uchun turli noyob turkcha so‘zlarning buyuk xazinasidir. Shu bois, lug‘at ahli Navoiy asarlarini o‘qish va tushunish uchun, qiyin so‘zlarining sharh va izohlash uchun maxsus so‘zliklarni ta’lif qila boshladilar. Bu ish turli yo‘riq va uslublarda Navoiyning o‘z zamonidan boshlangan.

Bu haqdagi ta’lif etilgan so‘zliklarni ikki guruhga bo‘lib belgilash mumkin:

a) Mustaqil kitob shaklida ta’lif etilgan so‘zliklar; b) Ayrim olim kishilar yo bilimli kotiblar tomondan Navoiy asarlari qo‘lyozmalarining boshi, adog‘i yoki hoshiyasida yozilgan lug‘atlar.

Navoiy asarlariga oid klassik lug‘atlar orasida “Sanglox” shak-shubhasiz juda yuqori o‘ringa egadir. Eronlik taniqli olim doktor Z. Safoning “Fors tilida adabiyot tarixi” nomli kitobida “Sanglox” haqida shunday yozilgan: “…Bu kitobning turk tilini tushunishdagi ahamiyati xuddi fors tilida “Burhone qote’” lug‘ati kabidir…”[4]

“Sanglox”ni Mirzo Mahdiyxon Navoiyning 12 jild manzum va 9 jild mansur asarini o‘qib, hijriy 1172–1173 (milodiy 1758–1760) yili ta’lif etgan. Asar ikki tilli (turkiy-forsiy) izohli so‘zlik bo‘lib, 6000 ta so‘zdan iborat.

Muallif so‘zlarning forscha ma’nolaridan tashqari, ayrim hollarda arabcha, hindcha, usmonlicha va hatto yunoncha ma’nolarni ham bergan. Muhammadzoda Sidiqning so‘ziga ko‘ra, “bu kitob yolg‘iz lug‘atgina bo‘lmay, balki astronomiya, tibbiyot, fiqh, falsafa, jug‘rofiya, tarix, mif, insonshunoslik kabi zamonasining turli bilimlariga oid mazularni matrah qiladi, qolaversa O‘rta asr islom tarixi bo‘yicha ko‘plab sultonu hukumatlar haqida ma’lumot beradi.

“Sanglox” uch bo‘limdan iborat:

Birinchi bo‘lim: “Maboyin ul-lug‘at” nomli turkiy gramiardir. Bu bo‘lim buyuk shoir tarjimai holidan iborat bir muqaddima, asar ta’lifi sababi hamda chig‘atoy turkchasi (eski o‘zbekcha) gramiari haqida batafsil bahsdan iboratdir.

Ikkinchi bo‘lim: Navoiy asarlaridagi qiyin va chigal turkcha-o‘zbekcha so‘zlar yig‘masidir. U bu so‘zlarni Navoiy va boshqa shoirlar va yozuvchilar asarlaridan misollar keltirib izohlagan.

Uchinchi bo‘lim: “Tabzil” unvoni bo‘lib, unda Navoiy asarlaridagi qiyin forscha va arabcha so‘zlar izohlangan.

“Sangloxshunoslik”:

“Sanglox” haqidagi tadqiqotlar uning ta’lifidan biroz o‘tib boshlangan. Bu ishga sharqu g‘arbning ko‘plab olimlari hissa qo‘shganlar. Yevropaliklar (G. Klovzin, D. Ross, J. Ekmann va K. Manges hamda Basim Otoloy (Turkiya), Sugoxoro Mutsumi (Yaponiya), E. Umarov (O‘zbekiston), Muhammadzoda Sidiq (Eron) va boshqalarni eslash mumkin.

Abbos Mirzoning xodimi Hakim Muhammad bin Abdus Sabur Xo‘yi “Sanglox”ning so‘zlarning ildizi, qo‘shimchalari, she’riy misollar olib tashlangan “Xulosayi abbosiy” unvonli qisqartmasini ta’lif etdi. Bu kitobni professor Muhammadzoda Sidiq hijriy 1388 yil Tabrizda nashr qildi.

“Oltamg‘oyi Nosiriy” nomli “Sanglox”ning yana bir qisqartmasini Shayx Muhammad Solih Isfahoniy tayyorlab, uni Nosiriddinshoh Qojorga sovg‘a qilgan.[5]

“Sanglox”ning uchinchi qisqartmasini Ravshan Xayoviy uning ikki qo‘lyozmasidan foydalanib nashrga tayyorladi. Bu asar Tehronda (hijriy 1374 va 1384) yillari ikki yo‘la bosilib chiqqan.

G‘arb olimlarining “Sanglox” haqidagi tadqiqotlari XX asr boshlarida boshlangan. Quyida ayrimlarini qisqacha eslaymiz:

E. Denison Ross Britaniya muzeyidagi nusxa asosida “Maboni ul-lug‘at” qismini qamariy 1328, milodiy 1910 yili Kalkuttada (Hindiston) nashr etdi. O‘sha yili “Maboni ul-lug‘at” haqida o‘z maqolasini nashr qildi.

Eski o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ko‘p yillar tadqiqot olib borgan Janos Ekmann ham 1947 yili “Maboni ul-lug‘at” haqida keng ilmiy tadqiqotini e’lon qildi. Shuningdek, u 1957 yili Anqarada bo‘lib o‘tgan turkiy tilning VIII qurultoyida “Sanglox”ni tanitdi [6].

Yana bir muhim ilmiy ishni Karl Hinrich Mhges bajargan. 1956 yili bosilib chiqqan ushbu tadqiqotning kirish qismida chig‘atoy lahjasi (eski o‘zbekcha) va uning boshqa turkiy lahjalar orasidagi mavqei hamda so‘zlarning fonologiya, morfologiya va sintaksisi haqida so‘z yuritilgan. Tadqiqotning birinchi bobida, unli va unsizlar, imlo qoidalari haqida bahs qilingan. Morfologiya qismida esa otlarning turlanishi, son, olmosh, affikslar, fe’l va so‘z yasash kabi mavzularda keng bahs yuritilgan [7].

Angliyalik tilchi olim Gerard Klauson “British muzei”dagi qo‘lyozmani birinchi bo‘lib muqaddima va mufassal indeks bilan 1960 yili “Gip” nashriyoti orqali faksimil shaklda nashr qildi[8].

Turk olimi Basim Ataloy ham “Sanglox” haqida ilmiy izlanishlar olib borib, 1950 yili uning ”Maboniyul-lug‘at” qismining bir qo‘lyozmasini (TDK/Turk Dili Kurumi) faksimil yo‘sinda nashr etdi.

O‘zbekistonda turli hajmdagi maqola va tadqiqotlardan tashqari ikki muhim ishni eslash lozim:

Biri “XV–XVIII asrlar o‘zbek tili tadqiqotida Sanglox va Badoyi-ul lug‘at ahamiyati” risolasidir. Bu tadqiqot rus tilida yozilib, 1989 yili Toshkentda bosilib chiqqan. Olim mavzuni fonologiya, morfologiya, liksikologiya va matnshunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilgan [9].

Ikkinchisi, Zikrulloh Umarov o‘zbek tiliga o‘girgan “Sanglox”ning gramar qismi bo‘lmish “Maboniy ul-lug‘at”ning nashr etilishidir. Bu asarni Xolida Alimova 2008 yili Toshkentda nashr qildi.

Yapon olimi Sugoxori Nutsumi necha yildan beri “Sanglox” haqida tadqiqot olib borib, uning yaponcha tarjimasini hozirlamoqda. Olim ushbu ishi oqimida asardagi she’riy misollarni Navoiy asarlarining 20 jildli Toshkent nashriga taqqoslab tadqiq qilmoqda.

Eronda ustoz Muhammadzoda Sidiqning keng muqaddima, tas’hih va ilovalari bilan “Sanglox”ning birinchi qisqartmasi bo‘lmish “Xulosayi Abbosiy” bosilib chiqqan [10].

Ravshan Xayoviyning hijriy-qamariy 1173 va 1188 yillarda ko‘chirilgan “Sanglox”ning ikki qo‘lyozmasi asosida tayyorlagan qisqartmasi. Bunda o‘zakdan yasalgan so‘zlar, barcha she’riy misollar, ayrim takror so‘zlar, “Maboniy ul-lug‘at” qismi hamda ”Sanglox”ning uchinchi bo‘limi – “Tabzil” tashlangan [11].

Bulardan tashqari “Vojayobe sanglox” nomli Ali Badaliy, Samad Jabbor va Hasan Abdullohi Jahoniylarning 160 betli tadqiqotlari ham mavjud [12].

“Sanglox”ning uchinchi qisqartmasi “Oltamg‘oye nosiriy”dir. Bu asarni Shayx Muhammad Solih Isfahoniy “Sanglox” asosida ta’lif etib, uni Nosiriddinshoh Qojorga bag‘ishlangan [13].

“Sanglox”ning birinchi tanqidiy nashri:

“Sanglox” matnining to‘liq, ayniqsa tanqidiy nashri, ishning o‘ta og‘irligi, qiyinligi va uzoq muddat mashaqqatli mehnat talab qilganligi uchun bugungacha amalga oshirilmay qoldi. Haligacha amalga oshirilganlari turli nashrlar yo qo‘lyozmalarning faksimili va yo ham asar matnining qisqartmalari edi.

Eronlik taniqli tilchi va turkulog olim doktor Husayn Muhammadzoda Sidiq o‘ta ilmiy salohiyat hamda “Devoni lug‘otit turk” va “O‘rxun” toshbitiklarining forscha tarjimoni, Navoiyning ”Mahokimat-ul lug‘atayn”, Muhammad Xo‘iyning “Xulosay Abbosiy” nomli “Sanglox”ning qisqartmasi, “Tazkirai majolisi shua’roi Rum”, Fuzuliy “Devon”i kabi asarlarini nashr etgan amaliy tajriba egasi sifatida ushbu og‘ir ishning bajarishni o‘z zimmasiga oldi.

Olim o‘zining chamasi o‘n yillik og‘ir va izchil mehnati davomida “Sanglox”ni 3 jildda (ikki jild matn va bir jild muqaddima, ilovalar va indekslar) ilmiy shaklda nashrga tayyorladi. Bunday ishlarning og‘ir va mashaqqatli ekani shu sohaning ishlovchilarigagina ma’lumdir.

Mug‘ammad Sidiq “Sanglox”ning tanqidiy matnini tayyorlash uchun quyidagi uchta qo‘lyozma va ikkita faksimil nashrdan foydalangan:

  1. Eron oliy majlisi kutubxonasi nusxasi (M),
  2. Tehron universititi nusxasi (D),
  3. Anqara nusxasi – hijriy 1118 yili ko‘chirilgan (O),
  4. Basim Ataloyning faksimil nashri (B),
  5. J. Klovzunning faksimil nashri (K).

Matnni tayyorlashda, har bir nusxada ma’lum kamchiliklar borligi uchun, hech biri asos qilib olinmagan. Shuning uchun, matnda eng to‘g‘ri variantlar tanlangan. (Sanglox, muqaddima. Nusxalar tavsiti. 17-18-betlar)

Nashrga tayyorlovchi so‘zlikni 3 jildda tayyorlagan:

Birinchi jild: Maboniyul-lug‘at va “alifآ،ا/”dan “toت/”gacha bo‘lgan harflarning barchasini qamrab oladi;

Ikkinchi jild: Qolgan “jim/ج”dan ”yo/ی” harflari hamda Navoiy asarlaridagi forscha va arabcha so‘zlar sharhi bo‘lmish “Tazyil” bo‘limi;

Uchinchi jild: Mir Alisher Navoiy va Mirzo Mahdiyxonlarning tarjimai hollari, eskiy o‘zbekcha (chig‘atoy turkchasi), Navoiy asarlarini tanitish va indekslar.

Indeks qismida ham ancha ishlar qilingan: 720 ta nasriy ibora va 4900 ta bayt chiqarilgan. Shuningdek, 600 ta shaxs va elatlar nomi, 96 ta kitob va chamasi 1000 ta turli hayvonlar va o‘simliklar nomi belgilangan.

Uchinchi jilddagi muhim va qiziqarli narsa, Mirzo Mahdiyxon foydalangan ayrim so‘zliklar va kitoblarga nisbatan tanqidiy fikrlari yig‘masidir. Bular: Nasiriy, Firog‘iy, Nodir Ali, Sarvariy, Tole’ Hiraviy, Muayidul fuzalo, Turkiy qomus, Farhangi Jahongiriy va boshqalar.

“Sanglox”ning tanqidiy nashriga ayrim tanqidiy mulohazalar:

Bunday yirik hajmli ishda ayrim texnik va imlo xatolari yuz berishi tabiiy. Biroq tayyorlangan matn, ayniqsa, she’rlarda bir harfning tushib qolishi yoki qo‘shilishi va yo o‘zgarishi, matnga yo she’r ma’nosi va vazniga zarar yetkazishi mumkin.

Bir nechta misol:

Quyidagi baytda “sarv” so‘zidan “v” harfi tushib “sar” bo‘libdi:

“Ey sabo holim borib sar xiromonimg‘a ayt
Yig‘lorimning shiddatin gulbarge xandonimg‘a ayt”
(Sanglox, 1-jild, 342-bet)

Bu baytda “borg‘usidur” so‘zi “yorg‘usidur” shaklda yozilibdi:

 “Tifle maktabdek qochib yorg‘usidur ul oy sori
Telba ko‘nglumni necha tobib ketursong aldabon”
(O‘sha, 316-bet)

Yana bir baytda “berguchi” so‘zi ham arabcha va ham lotincha yozuvda yanglish yo‘sinda “bir kuchi” shaklda yozilgan. Bu yerda “Olg‘uchi” so‘zi baravarida “berguchi” bo‘lishi she’r ma’nosi va san’atiga mos tushadi.

“Tig‘ tortib dam ololmoy, tishting boshima,
Go‘yo xurshid yanglig‘ yo‘lida ko‘rdung shitob”

Birinchi misrada “tishting” so‘zi ham vazn va ham ma’noni buzgan. Bu so‘z “etishting” bo‘lishi kerak.

Yana eslash kerak bo‘lgan ikki nuqta:

  1. Ham muqaddima va ham “Sanglox-Navoiyning so‘z xazinasi” maqolaning “Sanglox va undan taqlid” unvonli bo‘limda, Navoiy asarlari so‘zlarini sharhlashda yozilgan bir qator lug‘atnomalar tanitilgan. Jumladan “Kelurnoma” va “Lug‘ati turkiy” yoki “Risolai Fazlullohxon” Avrangzeb Olamgir zamonida, uning buyrug‘i bilan yozilgan. Shuningdek, “Abushuqa” (ta’lif zamoni XVI asr boshlari) hamda “Navoiy lug‘ati” (ta’lif yili 1599) ”Sanglox”dan taqlid qilinib yozilmagan. Bu lug‘atnomalar “Sanglox”dan ancha ilgari yozilgan. Yaxshisi, bular mazkur unvon ostidan chiqarilsin.
  2. Matndagi ko‘plab she’riy misollarda “ko‘z”, “ko‘rmak” kabi so‘zlardagi eski o‘zbekchadagi “k” tovushi ozarboyjon turkchasiga xos “g” tovushiga almashilgan. Buning matnda juda ko‘pligi, bu ish matn yoziladigan chog‘da kompyuterchi (u ozariy turk bo‘lishi mumkin) tomondan yuz bergan bo‘lishi mumkin. Ikki misol:

“Johil ki hasad bo‘lgoy oning jahlig‘a zam
Nur el go‘zidin ongloso o‘z go‘zido kam
Go‘zlorin olishmoqg‘a chekib tig‘e sitam
El go‘zini ham o‘yg‘oyu o‘z go‘zini ham”
(Sanglox, 1-jild, 309-bet).

“Ahle dillor chehra ochti yor, ochmong dida kim
Har kishi ul yuzgo go‘z oldurdi, ko‘nglin oldurur”
(O‘sha, 308-bet).

Ushbu tuzatilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarga qaramasdan, professor Muhammadzoda Sidiq juda mehnat va himmat bilan “Sanglox” kabi yirik klassik lug‘atnoma matnini nashrga tayyorlab, bilim ahli va ushbu muhim asar egalariga taqdim qilganligini olqishlamoq lozim.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son

____________________
[1] Nigohiy navin ba tarixe derine turkhoye Iron (Iron turklarining eskiy tarixiga bir nazar), Rahmoniyfard, Mohammad, “Axtar” nashriyoti, Tabriz (Eron): 1379 h, 42-bet.

[2] O‘sha asar, 42-bet.

[3] Sumariyon (Sumerlar) – turkalarning ajdodlari, Begmurod, Gerey, ikkinchi nashr, “Nidoy shams” nashriyoti, Tabriz: 1389, 169-bet.

[4] Safo, dr. Zabihulloh, Tarixe adabiyot dar Iron, “Firdavsiy” nashriyoti, Tehron: 1366 h., 5-jild, 1-bo‘lim, 394-bet.

[5] Qarang: Dar boray zabon, xat va farhang navisii turkiy-o`zbekiy (Turk-o`zbek tili, xati va lug`atchiligi haqida), M. H. Yorqin va dr. SH. Yorqin, Kobul: 2007 y., 48-69-b.

[6] F. Xayrulloh, Navoiy asarlari bo‘yicha tuzilgan lug‘atlar. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali, 1973 y., 4-son, 81-bet. E. Umarov, Eski o‘zbek lug‘atlari, Toshkent, 1992 y., 32-bet.

[7] Safo, dr. Zabihulloh, Tarixe adabiyot dar Iron, ”Firdavsiy” nashriyoti, Tehron: 1366 h., 5-jild, 1-bo‘lim, 394-b.

[8] Dr. Muhammadzoda Sidiqning suhbati, “ ناریاب اتکی رازگربخ ،باتک ” (internet sayti).

[9] 1989 yil Toshkentda bosilib chiqqan.

[10] Xulosai abbosiy, Shayx Muhammad Xo‘yi, dr. M.Sidiq ihtimomi bilan, “Axtar” nashriyoti, Tabriz: 1394 h.

[11] Astrobodiy, Mirzo Mahdiyxon, Sanglox, Ravshan Xayoviy ihtimomi bilan, Nashre markaz, Tehron: 1374 h. Bu asar hijriy 1384 yili ikkinchi marta Tehronda bosilgan.

[12] Vojayobe Sanglox, “Deniz chin” nashriyoti. Tabriz: 1393 h.

[13] Dar boray zabon, xat va farhang navisii turkiy-o`zbekiy (Turk-o`zbek tili, xati va lug`atchiligi haqida), 62-bet.

_____________________
Muhammad Halim Yorqin – Navoyishunos olim, fan doktori, professor. 1951 yilda Afg‘onistonning Saripul viloyatida tug‘ilgan. O‘zbek mumtoz adabiyoti va o‘zbek madaniyati tadqiqotiga oid o‘n sakkizta kitob muallifi. Shvetsiyada istiqomat qiladi. 2018 yil 7–8 avgust kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” xalqaro konferentsiyasi qatnashchisi.