Muhammad Halim Yorqin. Nizomiy Ganjaviyning turkiy devoni

http://n.ziyouz.com/images/nizomiy.jpg

Buyuk shoir hakim Nizomiy Ganjaviy hijriy-qamariy VI asrda yashab o‘tgan. U chamasi hijriy 530 yili Ozarboyjonning Ganja shahrida tug‘ilib, voyaga yetdi va butun umri bo‘yi o‘sha yerda yashab, ijod etib, dunyodan o‘tdi. Nizomiy she’riyatda xamsachilikni boshlab bergan buyuk so‘z ustozi sanaladi.

Nizomiy Ganjaviy turkdir. Chunonchi, u o‘z zamonida ona tili bo‘lmish turkiyga e’tibor berilmaganligidan shunday shikoyat qilgan edi:

Turkiyamro darin habash naxaran,
Lojaram dug‘boyi xush naxuran.

(Mazmuni: Turkiyda bitgan ­matoyim(she’rim)ni bu qadriga yetmaydiganlar sotib olmaslar, zotan, ular mazali dug‘boy (taom) yemaslar.)

Bu baytdan Nizomiyning ona tili turkiy ekanligi bilinib turibdi.

Fors adabiyoti manbalarida ­Nizomiyning asosan forscha she’rlari haqida so‘z yuritilib, uning turkiy she’rlari bor-yo‘qligi haqida hech qanday so‘z aytilmagan yoki ishora qilinmagan! Biz ushbu ­maqolada Nizomiy Ganjaviyning turkiy devoni va she’rlari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Misr mamlakati Qohira shahrining “Darb ul-majomir” saroyidagi “Hadiviya” nomli mashhur kitobxonada juda noyob qadimiy qo‘lyozmalar saqlanadi. Kitobxona mas’uli Ali afandi Hilmiy Dog‘istoniy kitobxonaning forsiy va turkiy qo‘lyozma asarlari katalogini tuzib, uni hijriy 1306 yili Misr al-Qohira Usmoniya bosmaxonasida chop etgan edi.

Nashr etilgan katalogda qo‘lyozmalarning ilm ul-adab ul-forsiy bo‘limida Ali afandi Hilmiy bir to‘plam haqida so‘z yuritgan. Bu to‘plam olti ayri asardan iborat: 1. Devoni Nizomiy; 2. Devoni Hotifiy; 3. Devoni Mas’ud; 4. Devoni Hotamiy; 5. Devoni Fathiy va 6. Bir forscha manzum risola.

Olim to‘plamdagi “Nizomiy devoni” haqida shunday yozgan: “Devoni Nizomiy ta’lif ul-mavlo Nizomiddin bin Muhammad Jamoliddin Yusuf bin muayyid ul-Ganjaviy ul-uvaysiy, vafot yili hijriy-qamariy 597… ta’liq xati ila Pirahmad bin Iskandar, yozilishi sanasi hijriy-qamariy 923. U turk tilidadir”.

Bu bilan Ali afandi to‘plamdagi “Nizomiy devoni”ni buyuk shoir Nizomiy Ganjaviyning turkcha devoni deb qayd etgan. Keyinlari Nizomiy Ganjaviyning ushbu turkcha devoni haqida so‘z yuritgan barcha olimlar, asosan, Ali afandining ana shu qisqa eslatmasi asosida so‘z yuritganlar. Biroq uning she’rlarining hajmi va xususiyati haqida deyarli ma’lumot bermaganlar.

Eronlik olim doktor Husayn Fayzullohi Vohid hijriy 1370/1991 yili Tabrizda nashr etgan Nizomiyning forscha devoni muqaddimasida shoirning turkiy she’rlari haqida ham to‘xtalib, jumladan, Ali afandi katalogidagi qisqa ma’lumotni birinchi bo‘lib Eron matbuotida nashr qildi. Keyin boshqa olimlar ham shoirning turkiy she’rlari borligini aynan Husayn Fayzullohi Vohid ma’lumot va mulohazalari asosida aytganlar. Jumladan, eronlik olim Muhammad Rahmoniyfar o‘zining “Nigohiy navin ba ta’rixi derini turkhoi Eron”(Eron turklarining qadim tarixiga bir yangi qarash) otli kitobida Nizomiyning turkiy she’rlari borligi haqida so‘zlab, katalogdagi ma’lumotni ham nashr etdi. (Beshinchi nashr, Tehron, 1387(2008) yil, 157-bet).

Nihoyat, eronlik olim Sadyor Vazifa(El o‘g‘lu) tashabbusi va sa’y-harakati bilan Qohiraning “Hadiviya” kitobxonasidagi Nizomiy turkiy devoni qo‘lyozmasining fotonusxasi qo‘lga kiritilib, uning ihtimomi bilan hijriy 1381/milodiy 2003 yili Tehronda “Andishai nav” nashriyotida birinchi qatla chop etildi. Kitobga taniqli turkolog olim doktor Husayn Muhammadzoda Sidiq chuqur ilmiy muqaddima yozgan. Mazkur muqaddimada Nizomiy devonidagi she’rlar va unga tegishli boshqa mavzular haqida keng ma’lumot berilgan.

Nizomiyning turkiy devoni nashr bo‘lishi bilanoq bir qancha olimlar turli fikr-mulohazalarini Eron matbuotida bildira boshladilar.

Ozarboyjonlik bir olim (afsuski, menga yuborilgan fotonusxada u kishining oti yo‘q!) ushbu devonni Sadyor Vazifaning nashri hamda xonim doktor Faxrtoj Faxriy dizi orqali qo‘lga kiritgan “Hadiviya” qo‘lyozmasining fotonusxasi asosida milodiy 2006 yili Bokudagi “Nurlar” nashriyotida chop etdi.

Biz Tehronda arab yozuvida bosilib chiqqan Nizomiyning turkiy devonini, o‘ta noyobligi bois, afsuski, qo‘lga kiritaolmadik. Biroq hurmatli do‘stim, ustoz Muhammadzoda Sidiq janoblari o‘ta lutf ila, iltimosimga ko‘ra, lotin yozuvida bosilgan Boku nashri fotonusxasini menga yubordilar. Men u kishiga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Nizomiyning turkiy devoni haqidagi barcha ma’lumotlarni ana shu Boku nashridan foydalanib beramiz.

Bokuda chop etilgan Nizomiy Ganjaviyga mansub ushbu turkiy devonning mundarijasi:

Kirish so‘z (3 — 4-betlar). Bunda turli manbalar asosida Nizomiyning tug‘ilgan va vafot sanalari, oti, laqabi va ajdodlari, yashagan yeri, oilasi va asarlari haqida ma’lumot berilgan.

Devoni Nizomiy haqida mulohazalar (5 — 7-betlar). Bu bo‘limda Said Nafisiy fikricha, Nizomiyning barcha she’rlari 20000 baytli devoni (forschasi, albatta — H.Yo.) borligi eslangan. Ali afandining ma’lumoti keltirilib, devon nusxasidan bir bet o‘rnak bosilgan va Nizomiyning turkiy devoni borligi ta’kidlangan. Qolaversa, Nizomiy devoni bilan to‘plamdan o‘rin olgan oltita asarning nomi ham zikr etilgan.

Muhtamim(nashrga tayyorlovchi) Nizomiyga mansub ushbu devonni tekshirib, undagi she’rlar “Nizomiy” taxallusli ikki shoirga tegishli ekanini aniqlaydi: biri hakim Nizomiy Ganjaviy; ikkinchisi — Nizomiy Chalabiy Qaramonli.

Unga ko‘ra, to‘plamdagi Nizomiy devoni alifbo asosida tartib qilingan. Birinchi bo‘limdagi she’rlar o‘zining tili, uslubi, ayri-ayri unsurlari, qasidalardagi mamduhlarning oti hamda Nizomiy “Xamsa”sidan topilgan ayrim mushtarak o‘rnaklarga ko‘ra bu she’rlar Nizomiy Ganjaviyniki ekanligini subut qiladi. Ammo devonning ikkinchi va uchinchi bo‘limlaridagi she’rlar hakim Nizomiy Ganjaviydan ikki asr keyin yashab o‘tgan Nizomiy Qaramonliga tegishlidir.

Chunki: birinchidan, bo‘limlardagi ayrim she’rlar ba’zi tazkiralarda Nizomiy Qaramonli otiga qayd etilgan; ikkinchidan, bu she’rlar hakim Nizomiy Ganjaviyning she’ri va tuyg‘ulari dunyosidan farqlidir.

Devoni Nizomiyda til normalari (8 — 10-betlar). Bu bo‘limda Nizomiy devonining tili “Dada Qurqut” asaridan keyin o‘rtaga kelgan bir til mahsuli degan fikr bildirilgan va bir talay eski turkcha so‘zlar o‘rnak sifatida devondan olib ko‘rsatilgan.

Nizomiyning turkcha va forscha o‘xshari, tarkiblari (11 — 12-betlar). Bu bo‘limda Nizomiyning “Xamsa” va turkcha she’rlarida ishlatilgan bir xil tarkiblar va o‘xshatishlar o‘rnak sifatida ko‘rsatilib, bu bilan “Xamsa” va turkiy she’rlarning shoiri bir kishi, ya’ni Nizomiy Ganjaviy ekanligi ta’kidlanadi.

Turkcha devonda Nizomiyning mamduhlari (13—16-betlar). Bu bo‘limda Nizomiy o‘zining turkcha qasida va g‘azallarida madh etilgan olti mamduh tanitilgan. Tabiiyki, bularning barchasi Nizomiy Ganjaviy bilan zamondosh bo‘lib, Nizomiy Qaramonli zamonida bu hukmdorlar yashamagan. Mamduhlar otlarining har biri Nizomiyning turkcha baytida o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan. Mamduhlar oti: 1. Muhammadxon (Jahon pahlavon); 2. Jahonbaxsh/Muzaffar (Qizil Arslon); 3. Sulton Jamol(iddin); 4. Sanjar, Tug‘rul; 5. Mir Ahmad (Amir Ahmad) va 6. Said (Otabek Said) — Saidzangiy.

Hadiviya nusxasida saralama necha davom edar (17—19-betlar). Bu bo‘limda muhtamim Nizomiy devonining tuzilishiga diqqat qilib, devondagi she’rlar Nizomiy taxallusli ikki shoirga tegishli ekanini aniqlagan. Uningcha, agar she’rlar bir kishiniki bo‘lganida edi, unda tuzuvchi she’rlarni uch qatla saralamay, balki bir qatlagina saralab, tuzishi kerak edi! Shu bois, she’rlarning uch qatla saralanib tuzilganligi, ular ikki ayri shoirga tegishli degan tasavvurni tug‘diradi.

Birinchi saralama she’rlar(qasida va g‘azallar) hakim Nizomiy Ganjaviyga tegishli ko‘rinadi. Devondagi forscha she’rlar Nizomiy Qaramonliga tegishlidir. Chunki Muhammad Tohir Bursali “Usmonli mualliflari” nomli kitobida uning forscha she’rlar yozgani va Hofiz Sheroziyning she’rlaridan taxmislar qilganini aytgan. Bursalining “Tazkirai shohiy”dagi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘limizdagi devonda

Rindlara ayb etmayi xushaxloq zohid,
Ki o‘zgalarin gunohini sana yozmayajakdir

matla’li g‘azalining taxmisi Nizomiy Qahramonli she’rida bor. Bu — ikkinchi va uchinchi saralama she’rlar Nizomiy Qahramonliniki bo‘lganligini ko‘rsatadi. “Hadiviya” qo‘lyozmasining kitobat tarixi (hijriy 923) nazarda tutilsa, demak, Nizomiy Ganjaviydan so‘ng Eronda tahsil olib, Quniyada yashab, ijod etgan Nizomiy Qaramonlidan o‘zga shoir bo‘lmagan.

Eslash kerakki, birinchi bo‘limdagi Nizomiy Ganjaviyga mansub she’rlar to‘liq emas. Chunonchi, birinchi g‘azal va Nargiz qasidasi tugal emas. Qolaversa, kotib ikkinchi va uchinchi saralamalarning so‘ngida maxsus belgi qo‘ygan, biroq shunday belgi birinchi bo‘limning adog‘ida qo‘yilmagan.

Nizomiy Qahramonliga mansub qilingan she’rlardagi mamduhlar u bilan zamondosh bo‘lmay, balki undan ikki asr ilgari yashab o‘tgan Nizomiy Ganjaviy bilan zamondoshdir.

Doktor Husayn Muhammadzoda Sidiq- (Do‘zgun)dan (20 — 23-betlar). Bu maqola darvoqe olimning Nizomiy turkiy devonining Eron nashriga yozgan muqaddimasidir. Olim maqolada “lomiya” qasidasi hamda Nizomiy haqida keng ma’lumot berib, tarixda “Iroq saljuqlari” oti bilan tanilgan sulolaning Ozarboyjon va Iroqi ajam yurtlarida hukmronlik qilgan to‘qqiz hukmdorini tanitadi. Bu shohlarning deyarli barchasi adabsevar bo‘lib, Zahir Foryobiy, Xoqoniy Shervoniy, Asir Axsikatiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir I’modiy, Qavomiy Roziy, Abulma’oliy Roziy, Jaloliddin Isfahoniy va Kamoliddin Isfahoniy kabi zabardast shoirlar ularni madh etganlar.

Bulardan Arslon o‘g‘li Tug‘rul(hukmdorlik zamoni hijriy 573—590 yillar) o‘zi ham shoir bo‘lgan. Shoirlar uning madhi uchun “lomiya” qasidalar yozganlar. “Lomiya” Tug‘rul so‘zining so‘nggi harfidan olingan va bu harf qasidaning qofiyasi bo‘lgan. Bu xil qasidalar mo‘g‘ullar yurishiga qadar keng tarqalgan.

“Lomiya” qasidalari orasida Nizomiy Ganjaviyning qasidasi juda shuhrat qozongan. Bu qasida “Hadiviya” qo‘lyozmasida bor. Nizomiy “lomiya”si Amir Abulfazoyil Falokid bin Ahmad vasfidadir. Qabuliy Shervoniy, Ahliy Sheroziy, Kamol Isfahoniy va boshqalar o‘z “lomiya”larini Nizomiyning “lomiya”si ta’sirida yozganlar. Nizomiy Ganjaviy:

Ul zulfu binogo‘sh, su’bonu dasti Muso,
Ul xolu zanaxdon, Horutu chohi Bobil.

Kamol Isfahoniy:

Zulfi tu bar banogo‘sh, su’bonu dasti Muso,
Xoli tu dar zanaxdon, Horutu chohi Bobil.

Qizig‘i shuki, Hofiz Sheroziy ham Nizomiyning “lomiya” qasidasi matla’ini forschaga tarjima qilgan. Nizomiy deydi:

Vasfida ul jamolin zikr etdiyini bu dil,
Har kim eshitsa, aydir: lillohi darru qoyil.

Hofiz aytadi:

Har nuktayiki guftam dar vasfi on shamoil,
Harku shunid, gufto: lillohi darru qoyil.

(Mazmuni: Har neniki ul jamolning vasfida aytdim, Kimki so‘zimni eshitdi, so‘zlovchiga Ollohdan ko‘p xayrlar bo‘lsin.)

Nizomiy Ganjaviyning turkchadagi davomchilari (24 — 45-betlar). Bu bo‘limda Nizomiy turkiy she’riyatining davomchilari sifatida Yusuf Shayxiy, Tojiddin Ibrohim Ahmadiy, Nizomiy Chalabiy Qaramonli haqida keng so‘z yuritilib, ularning she’rlari muqoyasa tarzida Nizomiy she’rlaridan ta’sirlanganligi misollar bilan ko‘rsatilgan.

Devoni Nizomiy Ganjaviy (46 — 62-betlar). Devonda 4 g‘azal va 3 qasida bo‘lib, hammasi 202 baytni tashkil etadi. Hozircha Nizomiy Ganjaviyning turkiy she’rlaridan faqat bir qo‘lyozmagina olimlarga ma’lum. Biroq she’rlarning ozligiga qaramay, Nizomiyning turkiy she’rlari ham o‘z zamonidan boshlab, keyingi nasl shoirlargacha kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Kelgusida olimlarning izlanishlari bilan dunyo kitobxonalaridan Nizomiyning boshqa turkiy she’rlari tazkiralar, bayozlar va junglardan topilishiga umid bog‘lab qolamiz.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 25-son