Ozod Sharafiddinovning keng ko‘lamli ijodi adabiy jarayon, tanqidchilik rivojida yetakchi bo‘lib keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning “Zamon, qalb, poeziya” nomli ilk kitobi 1962 yilda chop etilgandi. 2004 yilda esa “Dovondagi o‘ylar” deya nomlangan oxirgi kitoblari bosilib chiqdi. Ammo umrlarining so‘nggi onlarigacha adabiyot olamidan uzilmay, maqolalar, xotiralar yozishni davom ettirdilar.
Ozod Sharafiddinovning merosi juda keng va beqiyosdir. Shu o‘rinda ijod namunalarini sarhisob qiladigan bo‘lsak, ularning alohida chop etilgan asarlari 28 ta, vaqtli matbuotdagi maqolalari va suhbatlari 385 ta, to‘plamlardagi maqolalar, kirish so‘zlar, so‘zboshi va so‘ngso‘zlar 50 tadan ortiq. Tarjimalarining o‘zi 140 tadan ko‘p. Ularning rahbarligida 29 ta shogird nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladi.
Bundan tashqari, arxivlarida hali qanchadan-qancha chop etilmagan maqolalar, kundaliklar, yodnoma, xotiralar bayoni qo‘lyozma shaklida turibdi.
Olimning serqirra ijodi bir qancha yo‘nalishlarda, jumladan, adabiy-tanqidiy maqolalar (she’riyat va nasr), ocherklar, esselar, xotiralar, tarjimalar, ochiq xatlar “Jahon adabiyoti” jurnalida muharrirlik faoliyati davomida yuzaga chiqqanligini kuzatishimiz mumkin. Biroq bu maqolada ko‘zlagan maqsadimiz — Ozod Sharafiddinovning estetik qarashlarini yoritishdir.
Ozod Sharafiddinov uchun adabiyot bilan shug‘ullanish nafaqat kasb, balki ularning butun borlig‘i, vujudiga aylanib qolgan edi. Yoshlikdan adabiyotni sevgan bu inson so‘nggi daqiqalarigacha adabiyot, kitob degan so‘zlarni tillaridan qo‘ymadi. “Kitoblarni ehtiyot qilinglar, qo‘lyozmalarni, rasmlarni yo‘qotib yubormanglar.” Haqiqatan, ular qanchadan-qancha noyob kitoblar yiqqanlar, ko‘pchiligi hozir sotuvda yo‘q, rasmlarda esa dadam bilan birga madaniyatimiz tarixida nom qozongan shaxslar bor. Ularning ichida Abdulla Qahhor, Ayub G‘ulom, Izzat Sulton, Shuhrat, Homil Yoqubov, Nazir Safarov, Komil Yashin, G‘aybulla as-salom, Halima Nosirova, Zulfiya, O‘lmas Umarbekov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov va boshqalar. Ularning ilmiy rahbari K.Zelinskiy kuchli tanqidchilardan edi. Lidiya Bat, K.Simonov, Ter-Akopyan va boshqa ijodkorlar ham Ozod Sharafiddinov bilan hamnafas bo‘lishgan.
Adabiyotning mohiyati, vazifasi, kimlarga xizmat qilishi yoki faqat ta’sirchanligining o‘zi yetarlimi? – shunga o‘xshash masalalar Ozod Sharafiddinovni doim qiziqtirib kelgan edi. Bu savollarga munaqqidlar ijodlaridan javob axtarardilar. Masalan, Cho‘lponning nafaqat she’riyati, nasriy asarlari, balki adabiy-tanqidiy maqolalarini ham maxsus tahlil etganlari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Masalan, adibning “Adabiyot nadur? ” maqolasiga to‘xtalib: «Nima uchun Cho‘lpon maqolalarida ham o‘zbek, ham tatar, ham ozarbayjon, ham turk adabiyotlarining namunalaridan qoniqmagan?» «Shu bilan birga Cho‘lpon adabiyot rivoji uchun qanday yo‘l ko‘rsatayapti?» – degan savollarni qo‘yadilar. Bu maqolada Cho‘lpon adabiyotning maqsad va vazifalarini belgilab qo‘ygan: “adabiyot quruq g‘oyalar majmuasi emas, balki birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bog‘liq hodisadir. U odamlarning his-tuyg‘ulariga ham ta’sir etishi, ularni quvontirib, yoxud mahzun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini o‘tashi zarur.”
Shunisi ahamiyatliki, Ozod Sharafiddinov Cho‘lpon ko‘targan savollarga birgalashib javob izlaydi va uni shoirning “Ulug‘ hindi” maqolasidan topadi: «yangi o‘zbek adabiyotini yaratish masalasida Cho‘lpon “Sharq va G‘arb san’atlarini sintez qilmoq va mazmun bilan shaklining uyg‘unligiga erishmoq kerak, zinhor-bazinhor san’atni quruq g‘oyalar majmuasiga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.” – deydi.
Ozod Sharafiddinov: “Cho‘lponning gaplari hech kimning qulog‘iga yetib borgani yo‘q, bu gaplarga o‘z vaqtida hech kim e’tibor bergani yo‘q, agar o‘sha mahaldayoq bu hodisaning oldi olinganida, balki o‘zbek yozuvchilari hozirgidan ko‘proq darajada jahon miqyosida tan olingan va tanilgan bo‘larmidi? ” – deya afsus bildiradi. Olim yana shuni ham ta’kidlaydiki, Cho‘lpon o‘zbek adabiyoti uchun tanlagan yo‘l bu — G‘arb va Sharq adabiyotidagi yetakchi an’analarni ijodiy o‘zlashtirishda, ularning boy tajribalariga tayanib ish yuritishdadir.
Shu bilan birga Ozod Sharafiddinov o‘z ijodida tanqidchilik muammolariga ham ko‘p to‘xtalib o‘tganlar. Tanqid – bu adabiyotdagi go‘zallikni kashf etish, adabiyotning badiiyligini aniqlash, insonga ta’sir qiladigan estetik omillarni belgilovchi san’at. Bu sohada munaqqiddan tinimsiz izlanish va o‘tkir nigoh bilan haqiqiy go‘zallikni ilg‘ay olish talab qilinadi. Suhbatlardan birida Ozod Sharafiddinov o‘zbek adabiy tanqidchiligiga munosabat bildirib, uning rivojlanishi uchun to‘siq bo‘layotgan bir qator illatlar xususida to‘xtalib o‘tganlar. Masalan, eng katta kamchilik — sotsiologik tadqiqot usuliga keragidan ortiq mahliyo bo‘lish.
“Sotsiologik tahlil oson – uni amalga oshirish uchun unchalik jon kuydirmaysan – asarning mavzuini, mazmunining asosiy nuqtalarini aytasan-da, o‘shanga yaqin hayot voqealariga solishtirasan, so‘ng o‘zingning bir-ikkita “dono” xulosalaringni aytasan, muallifga qayerni tuzatish, qayerni kuchaytirish, qayerni olib tashlash to‘g‘risida qimmatli maslahatlar berasan, tamom-vassalom. Lekin bunaqa “tanqid” dan na kitobxonga, na ijodkorga foyda bor”. Shu bilan birga, “tanqidning bu shakliga murojaat qilishga majbur etadigan sabab – bilimning sayozligi, saviyaning pastligi” — kuyinib yozadi Ozod Sharafiddinov.
Ozod Sharafiddinov o‘z ijodida tanqidchilarni ogohlantirib, tahlilda bir yoqlamalik, bir xillikdan, sxematizmdan qochishga undardilar. Masalan, “… ayrim o‘rinlarda muhabbat zo‘rayib ketib (Cho‘lponga – M.Sh), ob’ektivlikka putur yetkazib qo‘yayotganga ham o‘xshaydi. Biz ba’zan … Cho‘lponni ideallashtirishga, o‘zi yashagan zamindan olib, zamonaviylashtirishga harakat qilyapmiz … avvallari Cho‘lpon faqat qoralanib kelgan bo‘lsa, endilikda uni salkam farishta sifatida ko‘rsatishga intilmoqdalar.”
Vaholanki, buyuk Cho‘lpon haqida ham, faqat bir tomonlama fikr yuritish katta xatolikka yo‘l qo‘yish bo‘ladi. Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, “haqiqiy iste’dod egasi hech qachon jo‘ngina formulaga tushadigan yuzaki odam bo‘lmaydi. ”
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, ijodi avvalgi davrlarda shakllangan yozuvchilardan bugunga kelib sho‘ro davrida ijod qilgan, deb voz kechib ketishimiz to‘g‘ri emas. Aksincha, ular ijodini qayta tahlil va tadqiq qilish, ijodiga yangicha nazar bilan qarab, har bir yozuvchining adabiy jarayonda o‘z o‘rnini ko‘rsatish lozim.
Bu gaplarni mustaqillikning ilk davrlaridan boshlab gapirdilar. Do‘rmonda, yozuvchilar bog‘ida rus yozuvchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi fikrlarini eslayman: “Afsuski, bugun ba’zi bir o‘rtoqlar qatag‘on bo‘lgan yozuvchilarga yondashishda yana o‘sha eski davrdagi xatolarga, bir tomonlama yondashuvga yo‘l qo‘ymoqdalar. Avval ular faqat qoralanib kelingan bo‘lsa, endi sal kam farishta sifatida ko‘rsatishga intilmoqdalar. Bu yo‘l mutlaqo xato va o‘ta zararlidir. Yoki aksi, shu kungacha maqtab kelingan shoir yoki yozuvchilarga munosabatning keskin o‘zgarishi, ularni faqat qoralash ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularning hech biridan shunchaki voz kechib bo‘lmaydi. Har qaysisini tushunish, o‘rganish kerak.”
Mustaqillik ijodkorlarga keng imkoniyatlarni yaratdi. Erkin ijod qilish va eng muhimi – o‘z-o‘zini, madaniyatimizni to‘g‘ri anglash, baholash uchun ancha sharoitlar yaratildi. Natijada ijodiy izlanishlar avj olib, yangidan-yangi ma’lumotlarga to‘la maqolalar yuzaga keldi. Shu jumladan, Ozod Sharafiddinovning “Tafakkur” jurnalida Hamzaga bag‘ishlangan katta maqolasi chop etildi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida G‘ayratiy domlaga bag‘ishlangan maqolalari chiqdi. Ularning ijodini davr nuqtai nazaridan o‘rganib, ijodidagi murakkab jihatlarni tushuntirib berishga urindilar. Hamzaning hayot yo‘lida, ijodiy izlanishlarida ko‘ndalang bo‘lgan davr muammolarini ko‘rsatib berdilar. shu bilan birga, uning jadidchilik harakatiga qo‘shgan ulkan hissasini she’rlari orqali isbot qilib berdilar. Shu asosda u G‘ayratiy domlaning davr qurboni bo‘lib qolganligini to‘g‘ri izohlaydi. Yoki Oybek ijodiga qaytishi ham bejiz emas. Shu o‘rinda bir narsa yodimga tushib ketdi. 2004 yil sentyabrda ahvollari og‘irlashib qoldi. Shifokorlar yana operatsiyani taklif qilishdi. Operatsiyaga tayyorlash jarayoni ketayotgan bir vaqtda, ertalab palataga kirsam, yostiqlarining yonida bir talay oq qog‘ozlar yotibdi, yonida ruchkasi ham bor.
— Dada, qog‘ozlar qayerdan keldi? – desam, dadam: Oktyabr (shifokor— M.Sh.) berdi, – deb javob qaytardilar.
— Qog‘ozni nima qilasiz? – degan savolimga birozdan so‘ng javob berdilar: Agarda xudo menga ozgina umr bag‘ishlasa, Oybek haqida yozgan bo‘lar edim. Miyamda maqola pishib tayyor bo‘ldi. Men endi Oybekning mohiyatini tushundim, angladim.
Dadam operatsiyaning og‘irligini juda yaxshi bilar edilar, o‘zlarining ahvollarini ham yaxshi tushunardilar, ya’ni o‘lim bilan kurashib turgan bir paytda – Oybek haqida o‘ylash, xuddi yozuvchi oldida qarzdorday. Go‘yo ko‘pchilik yozuvchilar haqida yozdilar-u, Oybek bir chekkada qolib ketgandek. Shunday og‘ir kunlarida ham, xudodan ozgina umr so‘rab va shu umrni adabiyotga sarflasam degan umidda yotgan edilar. Meni shu narsa hayratda qoldirdi. Birgina misol orqali biz bu insonning adabiyotga bo‘lgan munosabati, kasbiga sadoqati, adabiyotning, qolaversa, madaniyatning oldidagi buyuk burchini qay darajada anglashini his qilishimiz mumkin.
Dadam operatsiyadan omon chiqdilar va natijada, tezlik bilan Oybek haqida “Millatni uyg‘otgan adib” nomli maqolasini e’lon qildilar. Bu maqolada yozuvchining ijodiga bugungi, yangi nuqtai nazar bilan qarashlari aks etgan.
“Men bu shifoxonada umrimdagi eng og‘ir kunlarimni o‘tkazdim. Oxir-keti ko‘rinmaydigan og‘riqli, dardchil tunlarda necha martalab ajalning ko‘ziga qaradim va bu gal ham choh labidan omon qaytdim. Endi o‘ylasam, bunga adabiyotni, adabiyot dunyosidagi tozalik va poklikni o‘ylaganim ham sabab bo‘ldimikan? O‘sha og‘ir kunlarda mening qay bir sifatim yoqib qolgan bo‘lsa, Oybek domlaning o‘lmas ruhi menga madad bergan bo‘lsa ajabmas”.
Adabiyot haqida, madaniyat haqida o‘ylashni otam oxirgi daqiqalargacha to‘xtatmaganlar. So‘nggi so‘zlari – kitoblarni ehtiyot qilinglar, men ketyapman, kuchlarim ketyapti, alvido, deb vidolashdilar.
L.Tolstoyning “Iqrornoma”sini tarjima qilgan, “Ivan Ilichning o‘limi” ni yaxshi bilgan odam, go‘yo endi o‘zi ham o‘sha asar qahramonlarini o‘lim oldidagi kechinmalarini to‘laroq his qilgandek. Bu asarlarda qahramonlarning so‘nggi daqiqalari tasvirlangan, ularning xayolidan kechayotgan kechinmalari berilgan. Nazarimda, shu qahramonlarning holatiga kirib, yana bir mo‘jizani – o‘lim oldida inson ruhiyatining kuchini angladilar.
Ozod Sharafiddinov fenomeni nimada, degan savol doim meni ham hamma qatori qiziqtiradi. Ulardagi aql-zakovat, o‘tkir xotira, keng dunyoqarash, keng diapazon hammani hayratda qoldirar edi. Sabablarini ijod namunalaridan ko‘rishimiz mumkin. U kishining yaqqol ko‘zga tashlangan fazilati – hayotdagi, adabiyotdagi muammolarni aniqlash, tahlil etish va yechimini berishda ko‘rinadi. Bu uch vazifani bir vaqtda bajarar edilar. Hammaning ham qo‘lidan kelmaydigan bu noyob fazilatni “Salmon Rushdiga ochiq xat” yoki “Nega e’tiqodimni o‘zgartirdim?” kabi maqolalarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Ozod Sharafiddinov fenomeniga xos muhim qirralardan yana biri shundaki, u qaysi ijodkor asarini tahlil qilmasin (xoh yosh yozuvchi bo‘lsin, xoh tajribali) – bu ijodkorning asarlarini go‘yo o‘z laboratoriyasiga aylantirar, har biridan saboq, ozuqa olishga harakat qilar edilar. Tanqidchilikning vazifasini ijodkorga faqat aql o‘rgatishda yoki faqat ko‘kka ko‘tarib yerga urishda emas, asarlardan badiiylikni axtarishda deb bilar edilar. Ana shunday jarayonlar ichida Ozod Sharafiddinovning diapazoni ham kengayib, tafakkuri rivojlanib borgan. Zero, umri davomida son-sanoqsiz asarlarga munosabat bildirgan bo‘lsalar, ularning hech qaysisi tasodifiy asarlar bo‘lmagan. Qaysi ijodkor xususida to‘xtalmasinlar – Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Said Ahmad, Cho‘lpon — har bir yozgan maqolalarida ularning nafasi kelib turar edi.
Ozod Sharafiddinov asarlarida so‘zning kuchi chuqur ma’no anglatishi bilan ham ahamiyatlidir. Birgina sarlavhalarni oladigan bo‘lsak, jumladan:
“Sizni sog‘indim, Zulfiya opa”, “Mag‘zi puch so‘zlardan bir tosh nari qoch”, “Nega e’tiqodimni o‘zgartirdim?”, “Umarbekovning o‘lmas fazilatlari”, “A’lo hazratning hasratli kunlari” (A’lo Ashrapov haqida, chop etilmagan), “So‘nggi jadid qissasi” — ularda ham teran ma’nolar bor.
Bundan tashqari istioralardan foydalanish, o‘xshatishlarni qo‘llash, ularga xos sifatlardan edi. “Yangi chiqqan besh tiyinlik chaqalarga o‘xshaydi” kabi.
«Ijobiy qahramon» degan atamani hush ko‘rmas edi. Dunyoda inson atalmish jumboqning zamiriga yetib bo‘larmikan?! Axir o‘g‘ri ham, qaroqchi ham onasi vafot etganda yig‘laydi, farzand ko‘rsa quvonadi, sevib va sevilib yashagisi keladi.
“Ra’no” – (“Ikki eshik orasi” romani) qanday obraz? — salbiymi, ijobiymi? Axir qilgan xatosi uchun jazo oldi-ku?
Anna Karenina-chi? Ijobiymi yoki salbiy?
Agar vulgar sotsiologizm tahlilini qo‘llasak, unda Anna nega ichmaydigan, chekmaydigan, urmaydigan (ijobiy) erini tashlab, yosh yigit bilan qochib ketdi. Axir bu obrazlarning fojiasi sabablarini aniqlash kerak.
“Ijobiy qahramon” yoxud shunchaki “qahramon” atamasi adabiyotda mavzu, kompozitsiya, syujet kabi kategoriyalar qatorida turadi, lekin u asarning jamiki mazmuni va yo‘nalishini bildiradigan unsurga aylantirilmasligi kerak. Holbuki, adabiyot degani birinchi navbatda siyrat bilan ish yuritadi, odamning ruhiy dunyosini tahlil qilish bilan o‘z zimmasidagi vazifani ado etadi.”
Ozod Sharafiddinovning yana bir o‘ziga xos xislati shunda ediki, kuchli intuitsiya – sezgirlik bilan kim haqida yozmasinlar, kelajakda yosh tadqiqotchilar bajarishi zarur bo‘lgan mavzular, g‘oyalarni belgilab ketardilar. Cho‘lponni – Gogol, Saltikov-Shedrin bilan, Zulfiyani – Anna Axmatova bilan solishtirish haqida, Mirtemir, Oybek, Cho‘lpon ijodlarida modernizm ko‘rinishlari mavjudligi haqidagi mulohazalarni o‘rni bilan aytib ketardilar. Albatta, men o‘ylaymanki, yana bir bor bu g‘oyalar bizni Mirtemiru Oybek, Cho‘lponu Zulfiya, Hamzayu G‘afur G‘ulom ijodlariga qaytish va yangi nuqtai nazar bilan tadqiq qilishga da’vat qiladi. “20-30-yillarda o‘zbek adabiyotida ham muayyan modernistik izlanishlar bo‘lgan. Bu, jumladan, Mirtemir, Oybek, Cho‘lpon ijodlarida ko‘rinadi … Cho‘lpon “Kecha va kunduz” romanida, ayniqsa, Zebo ustidan sud epizodlari tasvirlangan o‘rinlarda o‘sha voqealarning absurdligini juda yorqin ifodalagan. Ifodalaganda ham quruq so‘zlar bilan emas, qahramonlarning xatti-harakati, his-tuyg‘ulari bilan ifodalagan. Afsuski, o‘zbek adabiyotidagi bunday izlanishlar o‘z vaqtida tanqidchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va natijada davom ettirilmay qolib ketdi.”
Zulfiya xususida esa: “Ko‘pgina she’rlarida Zulfiya opa o‘zining “kemtik baxti” haqida gapirardi. Umrining so‘ngida yozgan “Xotira siniqlari” dostonida esa o‘sha mashaqqatlar to‘g‘risida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning “Rekviyem” degan asarini eslatadi.” deya aytib o‘tganlar.
1968 yilda adabiyot xususida yuritgan fikrlari hozirgacha dolzarbligini yo‘qotmagan. “Adabiy etyudlar” kitobida shunday deyiladi: “10-sinfni tugatgan qiz “Qutlug‘ qon” dagi Yo‘lchiga xarakteristika berib, “men ham Yo‘lchi kabi mard, qahramon, vafodor kurashchi bo‘lishni istayman”, deb yozadi.
“Boy ila xizmatchi” haqida insho yozadigan yigitcha, “men ham G‘ofir va Jamila kabi mard, qahramon, vafodor kurashchi bo‘lishni istayman”, degan xohish bildiradi. Na qiz, na yigit Yo‘lchiga, G‘ofirga, Jamilaga o‘xshash kerakmi o‘zi … degan savolni berib ham o‘tirmaydi.
Yoki tarixiy asarlar haqidagi insholarda: “Biz bu asarlarni o‘qib o‘tmishdan nafratlanamiz, hozirgi kunimizga muhabbatimiz yanada ortadi» yoki: «Biz bu asarni o‘qib, ona-Vatanimizni ortiqroq sevamiz”. O‘sha vaqtda ham Ozod Sharafiddinov, axir bu asarlar bir-biridan osmon bilan yercha farq qiladi, har xil asarlarga mana shunday bir xil munosabat bo‘lsa, bu adabiyotning asl vazifasini, mohiyatini tushunmaslikdan dalolat beradi, deya kuyinib yozgan edilar.
Ozod Sharafiddinov ijodi xususida so‘z borganda tarjimachilik borasida amalga oshirgan ishlarini gapirmaslikning iloji yo‘q. Bu, albatta, “Jahon adabiyoti” jurnalida muharrirlik faoliyatlari bilan ham bog‘liq. Hatto ushbu jurnalning 100-sonini chiqarish uchun imzo chekib, olamdan ko‘z yumdilar. Shu davr ichida qanchadan-qancha asarlar tarjima qilindi. Nega jahon adabiyotining durdona va betakror asarlarini o‘zbek xalqim o‘qimasligi kerak?» – deb, tarjima qildilar. Buni L.N.Tolstoyning maqolalari, Oskar Uayld, V.Voynovich, I.Bunich, P.Koelolarning asarlari tarjimasi misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Yana e’tiborga molik jihati — mashhur yozuvchi Paula Koeloning asarlari 117 ta davlatda chop etilib, millionlab insonlar o‘qishga muyassar bo‘lib turgan bir paytda, nega mening xalqim bundan bebahra qoladi, degan fikrlar tinchlik bermay ko‘proq mehnat qilishga harakat qildilar.
Shunday qilib, P.Koeloning “Alximik”, “Beshinchi tog‘” asarlari o‘zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etildi.
Ozod Sharafiddinov butun bir jamoa qiladigan ishni yolg‘iz o‘zlari, sog‘liqlari og‘irligiga qaramay, kuchli iroda va matonat bilan bajarishga urindilar. Keyingi paytlarda qand kasali o‘z asoratlarini ko‘rsatib, ko‘z ko‘rish qobiliyati ham ancha pasaydi. Shunda eng sevimli ishlari – tarjima qilish bilan shug‘ullana olmay qoldilar. “Eh, qani edi, ko‘zimni operatsiya qildirsam, tarjimalarni pistaday chaqib tashlardim, a Fatxullaxon! ” – deya afsus bildirardilar. Afsus, ko‘zlarini operatsiya qilishga ulgurmadilar.
U inson nihoyatda kuchli bilimga ega edi. Bu hol har bir asar, maqolalarida aks etadi. Jahon madaniyatidan juda ko‘p ma’lumotlar keltirib, kitobxon bilan suhbatlashar edilar. Jumladan, Suqrot haqida qiziqarli ma’lumotlar yoki dunyoning yetti mo‘jizasi haqida to‘xtaydilarmi, J.Golsuorsi, V.Gyugo, S.Sveyg hayotlaridan ma’lumotlar keltiradimi, fikrlar birin-ketin quyulib chiqaverardi. Ularning hayotidagi qiziqarli, ibratli voqealarni yo‘l-yo‘lakay aytib ketardilar.
Ozod Sharafiddinovning badiiy-estetik qarashlari, muallif va kitobxon munosabatlaridan tortib, uning ijodida ochiq xat kabi janrlarning o‘rni singari mavzularda ilmiy ishlar, izlanishlar olib borish kerak. bunday izlanishlar bir qator yoshlar tomonidan boshlab yuborilgan ham. Zero, Ozod Sharafiddinovning ko‘p qirrali ijodiy merosini o‘rganish endi boshlanmoqda.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 10-son