Muhammad Xayrullayev. Mirtemir domlani qo‘msab

http://n.ziyouz.com/images/mirtemir.jpg“Qandoq yaxshi”

Mirtemir akani o‘zlariga ustoz deb bilgan katta-kichik yoshdagi shogirdlari nafaqat Toshkentda, butun respublikamizda anchagina bor. Shuning uchun ham otaxon shoirni ko‘pchilik “domla” deb atardi. Mirtemir aka kitobxonlar bilan uchrashish uchun, takliflarga binoan, viloyatlarga ko‘p hollarda bir guruh shogirdlari bilan birga safarga chiqar, u yerlardagi shoir va yozuvchilar qo‘shilib, guruh kengayib borar, muxlislar domla atrofida parvona bo‘lishar edi.

O‘z ijodida sof o‘zbek tili boyliklaridan zukkolik bilan o‘rinli va samarali foydalana oladigan, “sheva” deb mensimay kelingan ko‘pgina so‘zlarni shoirona mahorat bilan she’riyatimizga olib kirgan katta adib, o‘ta kamtar bir inson sifatida u kishiga bo‘lgan mehrim juda baland edi. Mirtemir akani eslasam, u kishining yumshoq ko‘ngil, gapda ehtiyotkor siymosi ko‘z oldimda gavdalanadi. Domlaning muomalasida, kattami-kichikmi, kim bilan gaplashmasin, o‘zbekona odob, ichki madaniyat sezilib turardi. U kishining gapirish uslubigina yumshoq bo‘lmay, xatti-harakatlari ham ehtiyotkorona, vazmin va muloyim edi. Ha, haqiqiy inson sifatida o‘z fazilatlari bilan yosh adiblarga namuna bo‘la oladigan zot edi.

… Farg‘ona viloyat gazetasi “Kommuna” tahririyatida ishlab yurgan paytlarim edi. Kunlardan birida, Mirtemir domla kelibdi, “Farg‘ona” mehmonxonasiga joylashibdi, deb eshitib qoldim-u, Mirtemir aka bilan ko‘rishish, Farg‘ona safariga oid rejalarini bilish maqsadida gazetamiz muharriri, shoir Adham Hamdam bilan birgalikda o‘sha yerga yo‘l oldim.

Mirtemir aka mehmonxona zinasidan tushaverishdagi maydonchada shogirdlari Aziz Abdurazzoq, Habib Sa’dullo, Sayyor, To‘lqin Imomxo‘jayev va farg‘onalik shoir Oxunjon Hakimovlar bilan gurunglashib turardi. Zo‘r latifachi, deb nom chiqargan Adham Hamdam bor joyda, tabiiy ravishda, qahqaha boshlanib ketardi. Hozir ham shunday bo‘ldi. “Jvachka” degan zamonaviy saqich O‘zbekistonga endi-endi kirib kelayotgan edi. Mirtemir aka ham vaqti-vaqti bilan saqich chaynab turardi. Ayni paytda ham dahani beto‘xtov qimirlar, lablarini cho‘chchaytirib gapirar, ayrim so‘zlarni yamlab talaffuz qilar, shu boisdan odatdagidan ham kam gapirar edi. Bunga e’tibor bergan Adham aka:

– Domla, saqich chaynashingizning biron sababi bordir-a? – deb so‘radi.

– Shunday, – dedi Mirtemir aka xijolat bo‘libroq, – jig‘ildon qaynaydi. Shu savilni chaynasam sal bosilgandek bo‘ladi.

Adham aka esa:

– E-e, jig‘ildon qaynashga ham shifo ekanda-a?! – deya taajjub bildirgan bo‘ldi.

– Xo‘sh-xo‘sh… Yana nimaga shifo ekan? – Mirtemir aka odatdagi soddaligiga borib, astoydil qiziqib qoldi. – Eshitaylik.

– Keliningizni jag‘i hech gapdan tinmasdi. – Adham aka har qachongidek shoshmasdan gapira boshladi. U kishi har qanday ichakuzdi latifani aytganda ham jiddiy gapirar, gurungdagilar qanchalik xoholashmasin, miyig‘i o‘zgarmas, navbatdagi latifani o‘ylaydi shekilli, kulgining nihoyasiga yetishini kutib jimgina turardi. – Bahorda, – deya gapini davom ettirdi Adham aka. – Uch-to‘rtta chet ellik mehmonlar kelib-ketishdi-yu, xotinim kamgap bo‘lib qoldi.

Mirtemir aka:

– E-ha, – deya Adham akaga yaqinroq bordi.

Biz ham ajablanib, u kishining og‘zini poyladik. Adham aka bir nafas sukutdan so‘ng:

– Men ham hech narsa tushunmay hayron bo‘lib yurdim, – deya hikoyasini davom ettirdi. – Bir kuni Ozodaxonning o‘zi: “Nimaga ham o‘sha mehmonlaringiz menga jvachka berishdi! Ordona qolgurga o‘rganib qolibman”, deb zorlandi. “O‘rganib qolgan bo‘lsang chaynayver, – dedim. – Salomatlikka zarari yo‘qdir?”

– “Shundayku-ya, lekin og‘zingizda saqich tursa miriqib gapira olmas ekansiz”, – dedi. O‘shandan beri qayerda saqich ko‘rib qolsam, xarid qiladigan bo‘ldim. Yostig‘ining tagiga ham bir pachkasini tashlab qo‘yaman. Kechasi turib “sayrab” qolmasin, deyman-da.

Rosa kulishdik. Mirtemir aka bir chekkaga panaga o‘tib, og‘zidagi saqichni yerga tashlab, ro‘molcha bilan lablarini artib, hiring-hiring kulganicha yonimizga qaytdi.

– Domla, – dedi yana Adham aka, – siz chaynayvering. Siz ko‘p gapirmaysiz-ku.

Mirtemir aka iliq jilmayib:

– Voy, boy bo‘lg‘ur Adhamjon-ey! – deb qo‘lini Adham akaning kiftiga qo‘ydi.– Sizning borligingiz qandoq yaxshi.

Shundan keyin Adham aka bilan Aziz aka galma-gal latifa aytishga tushib ketishdi.

Mirtemir aka safarga otlansa ko‘pincha Aziz aka u kishiga hamroh bo‘lardi, ustozning ko‘nglini ovlab, avaylab olib yurardi. Gurunglar chog‘ida har qanday odam bilan til topishib ketaveradigan, ustozi singari mo‘min tabiatli, lekin o‘ta xushchaqchaq, gapdon Aziz Abdurazzoq suhbat jilovini o‘z qo‘liga olar edi. U bir ko‘zini qisib, lablarini cho‘chchaytirib gapirar, gap orasida tez-tez “qix”, “qix” deb dimog‘ini qirib qo‘yar, qiziq-qiziq latifalaru hangomalar aytib, suhbatga jon kiritar, atrofdagilarga qo‘shilib o‘zi ham hiringlab kular, huzur qilganidan ko‘zlari yumilib ketar edi. Mirtemir aka esa boshini xiyol ko‘tarib:

– Ha-ha, qiziq, yaxshi,– deb og‘zini ochib, bir tekisda terilgan sadafdek oq tishlarini ko‘rsatib, past ovozda qiqirlab kulardi.

Aziz aka qancha hazil, askiya bo‘lmasin, birovlarning diliga ozor yetkazmas, shaxsga tegadigan gaplardan, qaltis hazillardan uzoq yuradigan ulfat yigit. Mirtemir aka xushchaqchaq shogirdining xislatlarini tan olgan holda: “Aziz bilan yursam dam olaman, dilim yayraydi”, der edi. Ana shunday, gap-gapga ulanib, ancha turib qoldik. Nihoyat Adham aka:

– Domla, rejalaringiz qanday, bilaylik? – deb so‘radi.

Mirtemir aka har qachongidek jilmayib:

– Adhamjon, men bilmadim, – deya atrofidagi shogirdlariga bir-bir qarab oldi. –Yoshlar nima desa, shu-da.

Xullas, bamaslahat bir reja tuzilib, Adham aka ikkimiz hozircha xayrlashadigan bo‘ldik. Shu payt Mirtemir aka meni qo‘ltig‘imdan olib guruhdan chekkaga tortdi. “Kelin” so‘zini o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Iqon qishlog‘i shevasida talaffuz etib:

– Kalin yaxshi yuribdilarmi? – deb so‘radi (Ikkovimiz ham turkistonlikmiz-da), so‘ng tortinibroq: – Puldan qalaysiz? – deb qoldi.

– Bor. Qancha kerak?

– Uydan olib chiqqan pulim tamom bo‘lib qoldi. Uch yuz so‘m berib tura olasizmi? Toshkentga borganingizda qaytaraman.

U paytlarda uch yuz so‘m katta pul edi. Mirtemir akaning odatini bilaman. O‘zi bilan birga yuradigan yoshlarni siylashni yaxshi ko‘radi: yonlaridan pul chiqarib, bozorga borib keling, deya hotamtoylik qilardi. Shu bois shuncha pul nimaga kerak bo‘lib qoldi ekan, deb o‘ylanib o‘tirmadim.

– Ertaga olib kelsam bo‘ladimi? – dedim.

– Yaxshi bo‘lardi…

Oradan qancha vaqt o‘tdi hozir eslay olmayman, bir kuni Toshkentga kelib, Yozuvchilar uyushmasi tomon ketar ekanman, yo‘lda Mirtemir akaga duch kelib qoldim. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, u kishi xijolat chekib:

– Yonimda pul yo‘q edi-ya! – deya afsus bildirdi.

– Mirtemir aka, xijolat bo‘lmang. Toshkentga tez-tez kelib turib-man, – deya tinchlantirgan bo‘ldim.

Aytganimdek, chamasi bir oylardan keyin yana Toshkentga kelib qoldim-u, yana Yozuvchilar uyushmasi oldida Mirtemir akaga duch keldim. Domla meni ko‘rib astoydil xursand bo‘lib:

– Sizni uchratganim qandoq yaxshi bo‘ldi! – deb yonidan pul chiqarib qo‘limga tutqazdi.

Mirtemir aka gapining ustidan chiqadigan odam. Buning ustiga birovdan bir mirilik naf ko‘rsa o‘n hissa qilib qaytaradigan odatlari bor edi.

Mirtemir domlani eslab o‘z xotiralarimdan ba’zilarini qog‘ozga ko‘chirar ekanman, u zotning ruhiga o‘z so‘zlari bilan: “Mirtemir aka, sizning boringiz qandoq yaxshi edi!” deya fikran murojaat qilaman.

Tabarruk qazilar

Moskvada Maksim Gorkiy nomli Jahon adabiyoti instituti qoshidagi ikki yillik kursda o‘qib yurardim. Yotoq joyimiz yetti qavatli binoda bo‘lib, oliygoh talabalari pastki qavatlarda, biz, yozuvchilar esa yettinchi qavatda yashardik. Bir kuni pastdan yuqoriga ko‘tarilgan hamkasblarimdan biri:

– Sizni pastda bir kishi chaqiryapti,– deb qoldi.

– Kim ekan, aytmadimi?

– Yo‘q.

Aksiga olib lift ishlamay qolgan edi. Zinalardan chopib pastga tushdim. Tashqarida eshik oldida bir qo‘lini cho‘ntagiga solib Mirtemir aka turardi. Quchoqlashib ko‘rishdik. Omon-esonlik so‘rashib bo‘lgach:

– Ovqat tayyor. Ko‘k choy ham bor,- deb xonamga taklif qildim.

– Mayli, – dedi domla, – Liftlaringiz ishlamayotgan ekan. Meni qiynamay qo‘ya qoling. Yaxshisi, biron mashina to‘xtatib, meni mehmonxonaga jo‘natib qo‘ying.

Liftning ishlamay qolganligiga go‘yo men aybdordek, xijolat chekib mehmonni kuzatib qo‘yishga majbur bo‘ldim. Taksi poylab turar ekanmiz Mirtemir aka:

– Ertaga vaqtingiz qalay?– deb so‘radi.

– Ikki kun bo‘shman, – dedim. – Ertaga yakshanba – dam olish, indinga – ijodiy kunimiz.

– Bo‘lmasa ertaga soat o‘nlarda mehmonxonaga bora olasizmi? “Rossiya”da turibman.

– Albatta, boraman.

Mirtemir aka nechanchi xonada turishligini aytdi va yonimizga kelib to‘xtagan taksiga chiqar ekan:

– Kutaman. O‘sha yerda bafurja gaplashamiz,– deb xayrlashdi.

Ertasi kuni aytilgan vaqtda Mirtemir aka huzuriga kirib bordim. Bir choynak choy ustida uzoq vaqt gaplashib o‘tirdik. “Sovetskiy pisatel” nashriyotida Mirtemir akaning rus tilidagi she’riy to‘plami chop etishga tayyorlanayotgan bo‘lib, muallifni shu masalada chaqirtirishgan ekan. Domla hali tarjima qilinmagan yangi she’rlarini o‘zlari bilan olib kelgan, endi ularni rus tiliga so‘zma-so‘z o‘girish lozim edi. Bu ishni men o‘z zimmamga oldim va o‘sha yerning o‘zida ishga kirishdim….

Tushlik qilish vaqti bo‘lishi hamon Mirtemir aka meni restoranga boshladi. “Talabasiz” deb yaxshilab mehmon qildi. Tushlikdan keyin yana bir necha soat tarjima bilan mashg‘ul bo‘ldim. Keyin yana bir necha she’rni olib, yotoqxonamga otlanar ekanman, domla:

– Qazi pishirishga imkoniyatingiz bormi? – deb so‘rab qoldi.

–Bor,– dedim.

Mirtemir aka kattakon qog‘oz o‘ramini stolga qo‘yib:

– Ikkita qazi olib kelgan edim, – dedi. – Malol kelmasa, bittasini pishirib olib keling, ikkinchisini o‘rtoqlaringiz bilan baham ko‘rarsiz.

Bajonidil:

–Xo‘p,–dedim. Qazi yemaganimga ancha bo‘lgan edi-da.

– Xullas, qazilarning birini kechasi yaxshilab pishirib, ertalab Mirtemir aka yoniga shoshildim. Yana tarjima bilan mashg‘ul bo‘ldim. Yana ovqatlangani restoranga tushadigan bo‘ldik. Mirtemir aka:

– Buning mazasini ko‘raylik-da, – deb qazining mushtday qismini qirqib olib, qog‘ozga o‘rab qo‘limga tuttirdi.

…Tamaddi qilar ekanmiz, restorandagi ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan taomlar chaynaganingiz sari mazasi chiqaveradigan bu qazining oldida o‘taversin ekan…

Yana ikki kundan keyin Mirtemir aka Toshkentga ketadigan bo‘lib qoldi. Kuzatgani shahar aerovokzaliga bordim. Domla, barvaqt kelgan ekan, shekilli, jomadonini topshirib bo‘lgan, nashriyot muharriri, eski qadrdoni Anatoliy Kanikin bilan gaplashib turar edi. Qo‘lida gazeta o‘rami solingan to‘rxalta. Bir payt uni menga berib:

– Qazi, – dedi. – Yeyishga fursat bo‘lmadi. Toshkentga qaytarib olib ketamanmi.

Men Kanikin tomonga imo qilib:

– Og‘ayningizga bersangiz bo‘lardi, – dedim. Mirtemir aka odatdagiday nim jilmayib:

– Bular qaziga tushunishmaydi, – dedi.

Oradan ko‘p o‘tmay oilam bilan telefonda gaplashdim. Domla Toshkentga yetib kelgan kunning ertasigayoq bizning uyga sim qoqib: “Kelin, yaxshi o‘tiribsizlarmi? Jiyanlarim sog‘-salomat yurishibdimi? – deb hol-ahvol so‘rabdi, so‘ng: – Moskvaga borib keldim. Muhammadjondan tashvish tortmang, yaxshi yuribdi”, deb xotinimning ko‘nglini ko‘tarib qo‘yibdi. Bunaqa beminnat savob ishlar uncha-muncha odamlarning xayoliga kelavermaydi.

O‘sha rus tiliga so‘zma-so‘z tarjima qilingan she’rlardan ikkitasini ta’til paytida o‘zim bilan Toshkentga olib keldim va “Zvezda Vostoka” jurnalining nazm bo‘limi mudiri Viktor Nechayevga berdim.

– Yaxshi she’rlar ekan, – dedi u o‘qib chiqib.– Muallif rozi bo‘lsa o‘zim tarjima qilaman.

–Rozi bo‘ladi,–dedim men dadil.

Nechayev yaxshi shoir. Mirtemir aka ham bir safar u hakda iliq fikr aytgan edi. Xullas, har ikkala she’r jurnalda Viktor Nechayev tarjimasida bosilib chiqdi. Mirtemir aka xursand bo‘lib:

–O‘zimning xayolimga kelmagan ekan,– deb menga minnatdorchilik bildirdi.

Mirtemir domla shunaqa tortinchoq, o‘ta kamtar shoir edi.

Yuksak baho

Mirtemir aka yigitlik chog‘larida qancha-qancha qiz-juvonlarning yuragiga o‘t yoqqanini bilmayman-u, lekin keksaygan chog‘ida ham husn bobida bekami-ko‘st edi. Ayniqsa, uzun, quyuq qora kipriklar orasidan odamga teran ma’no bilan boqadigan shahlo ko‘zlari havas qiladigan darajada jozibali edi. Eng muhimi, qalbi toza, vijdoni pok inson edi. Sir emas, ba’zan xonaki suhbatlarda ayrim yozuvchilarning xislatlari bilan bir qatorda nuqsonlari haqida ham gap bo‘lib qoladi. Ammo Mirtemir aka to‘g‘risida biron nojo‘ya gap bo‘lganini, domlaning adibmi yoki oddiy fuqaromi – biron kimsaga ozor yetkazganini yoxud bilib-bilmay dilini og‘ritganini hozirga qadar eshitgan emasman.

O‘zbekiston yozuvchilari V s’ezdining yakunlovchi majlisiga, tobi qochib qolganligi sababli, Mirtemir aka qatnasha olmaydi. Bir jihatdan ma’qul bo‘lgan. Negaki, SSSR yozuvchilarining s’ezdiga delegatlikka tavsiya etilgan nomzodlar ro‘yxati o‘qilganda, unda atoqli shoir Mirtemirning nomi yo‘q edi. Hatto, o‘zbek adabiyotida ko‘zga ko‘rinarli faloliyat ko‘rsatmagan bir-ikki yozuvchi ro‘yxatga kiritilgani holda, Mirtemirdek xalq sevgan zabardast shoir… Ko‘pchilik taajjubda. Zalda shivir-shivir gap ketadi-yu, ammo hech kim bu haqda fikr bildirishga jur’at eta olmaydi. Chunki, ro‘yxat “yuqori”da tasdiqlanib kelinganligi aniq edi. Shunda adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov o‘rnidan turib ikki og‘iz so‘z so‘radi.

– Mirtemirdek taniqli shoirimizning ro‘yxatda yo‘qligiga hayron-miz, – dedi Ozod aka hay’at a’zolariga qarab..

Raislik qiluvchi olimning gapini bo‘lib:

– Nima, bu taklifmi? – deb so‘radi.

– SSSR yozuvchilar s’ezdiga delegatlikka nomzodlar tanlashda, – dedi yana Ozod Sharafiddinov dangal, – qanday shartlar qo‘yilgan? Shuni bilmoqchi edim.

Olim joyiga o‘tiradi. Zalda jimjitlik. Hay’at a’zolari esa o‘zaro maslahatlasha boshlaydi… Shoir Mirtemirning SSSR yozuvchilar s’ezdiga delegatlikka nomzodlar ro‘yxatiga kiritilganligi e’lon qilinganda gulduros qarsaklar yangraydi. Bu ham shoirning muxlislari, jumladan ijodkorlar, shuningdek, jamoatchilik tomonidan Mirtemir akaga berilgan yuksak baho edi.

O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan tarjimonlardan biri bo‘lmish Husan Ro‘zimatov bilan Mirtemir aka ota-boladek yaqin edilar. Husan anjuman tugashi bilan Mirtemir akaning uyiga shoshadi. Domla uni:

– Xo‘sh, s’ezdda nima gaplar? – deb qarshi oladi. – Batafsil gapirib bering.

– Mirtemir aka, tafsilotlarni qo‘yib turing, – dedi Husan Mirtemir akani quchib. –Xushxabar keltirdim sizga.

– Xo‘sh-xo‘sh, nima ekan?

– Sizni SSSR yozuvchilar s’ezdiga delegat etib saylashdi. Tabriklayman! – deydi Husan, so‘ng tafsilotlarini hayajonlanib gapirib beradi.

Mirtemir aka esa chuqur o‘yga tolib, diqqat bilan tinglar ekan, provardida:

– Ozodxonga javr bo‘libdi-da, – deya aziyat chekadi.

Mirtemir aka Ozod Sharafiddinovni halol va rostgo‘y bir inson sifatida yaxshi ko‘rgani, katta adabiyotshunos olim, deb astoydil hurmat qilganligi uchun ham ba’zan ardoqlab Ozodxon der edi.

Yuqorida zikr etilgan kichik bir lavha Mirtemir akaning qanday inson ekanini ko‘rsatish bilan birga o‘sha paytdagi mavjud vaziyatdan dalolat berardi. Ozod Sharafiddinov har qanday asarni chuqur tahlil qilib, adolatli fikr yuritadigan, o‘z fikrini dangal ayta oladigan, rostgo‘y halol olim. Bu esa ayrim ijodkorlarga, ularning yuqori tashkilotlardagi homiylariga yoqmas edi, albatta. Shu bois ham barcha imtiyozlardan benasib bo‘lib kelardi. Bu o‘rinda Ozod aka bilan ko‘p yillar oldin bo‘lib o‘tgan suhbatimizni esladim.

… Ozod Sharafiddinov o‘zbek poeziyasini yaxshi biladigan, uni atroflicha teran tahlil qila oladigan xassos olim bo‘lib, bu borada u kishiga teng keladigan adabiyotshunos kam, deb bilardim. Lekin allaqachon filologiya fanlari nomzodi bo‘lgani holda hanuz doktorlik dissertasiyasini yoqlamayotganiga ajablanib yurardim. Suhbatimiz chog‘ida shu to‘g‘rida so‘radim. Ozod aka, aytaymi-yo‘qmi, degandek bir necha soniya sukut saqlab turdi-yu, keyin, u kishiga malol keladigan noxush savol berdim shekilli, bir xo‘rsinib olib:

– Mening doktorlik mavzuim oltmishinchi-etmishinchi yillardagi o‘zbek sovet poeziyasi xususida edi, – deya sekin gap boshladi. – Katta ishtiyoq bilan ishga kirishganman. Anchagina mehnat ham qilib qo‘ygan edim. Ammo o‘sha paytlarda bu mavzuda dissertatsiya yoqlay olmasligimga keyinchalik aqlim yetib qoldi. Negaki, o‘sha yillarda ijod qilishgan shoirlar orasida shunday noqobillari ham bor ediki, ularning qalamlariga mansub asarlarni tahlil etadigan bo‘lsam, ularni qattiq tanqid qilishimga to‘g‘ri kelardi. Bunga, imonim komilki, yo‘l qo‘yishmasdi. Shuningdek, ularning ijodlarini chetlab o‘tib ham bo‘lmasdi…

Gapning qisqasi, Mirtemir akaning tashvishlanganicha bor. Ozod Sharafiddinov o‘sha vaqtlarda “kattalar” nazaridan qolib kelayotgan shoir Mirtemir to‘g‘risida qayg‘urgani uchun ham boshiga biron tashvish orttirishi mumkin edi. Mirtemir aka shu boisdan o‘zining delegat etib saylanganidan xursand bo‘lish o‘rniga Ozod Sharafiddinovning fidoyiligidan tashvishga tushib kuyingan edi. Mirtemir akaning qatag‘on yillarida ko‘p mashaqqatlarni boshidan kechirib, qanchalar zahmat chekkanligini endilikda ko‘pchilik biladi. Ammo, domla bilan ko‘p marta suhbat qilgan bo‘lsam-da, u kishining hayotdan noliganini yoxud biron kimsadan zorlanganini eslay olmayman. Ha, Mirtemir aka o‘z dardini birovlarga dasturxon qilib yozadigan kishilardan emasdi. Jussasi kichik bo‘lsa-da, tog‘dek yuragi bor ekanmi, har qancha g‘am-g‘ussani ichiga yutib, bardosh beradigan sabr-toqatli, irodasi kuchli odam edi.

Malomatlardan xoli bo‘lganidan keyin ham nohaq chekilgan zahmatlar haqida, johil, to‘nkadek hissiz, bir pulga qimmat kimsalarning o‘zini qanchalar tahqirlaganlari to‘g‘risida lom-mim demay ichida saqlab yurish uchun, voy-vo‘y, ozmuncha kuch kerakmi odamga! Otaxon adibimizni oramizdan olib ketgan dard – o‘sha, yuragida zil-zambil yuk bo‘lib yotgan sitamlar ekanligiga imonim komil. Ming afsuski, Mirtemirdek toza qalbli shoir, ajoyib inson juda erta (68 yoshida) hayotdan ko‘z yumdi. Atoqli adib o‘zbek she’riyatining durdonlari bo‘lgan “Surat” (lirik qissa), “Pattining hasratlari”, “Toshbu”, “Alyor”, “Bu men tug‘ilgan tuproq”, “Onaginam” darajasidagi ko‘pgina yozilmay qolgan, she’rlaru ajoyib dostonlarni o‘zi bilan olib ketdi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 10-son.