Adabiyot olamida ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy o‘ta mashhur bir g‘azalining ilk baytini tilanchidan bir qancha oltin bahosiga sotib olgan, degan naql yuradi. Gado shoir eshigiga kelib, bu baytni o‘qib, tilanchilik qilgan ekan.
Bu naql g‘azalning favqulodda va o‘xshashi yo‘q asar ekanligiga ishoradir. O‘ta qimmat narxga sotib olingani esa baytning g‘oyat qimmatli, ma’no olamidan topilgan nodir xazina ekanligiga dalildir. Zotan, Navoiy devonida bunday favqulodda va benazir g‘azallar va baytlar son-sanoqsiz.
Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokroq,
Kiprigim shabnam to‘kulgan sabzadin namnokroq.
“Mening ko‘ksim tongning yirtilgan ko‘ylagidan ko‘ra ham chokroq, yirtiqroq. Kipriklarim esa ustiga shabnamlar to‘kilgan maysalardan ko‘ra ham namliroq, ho‘lroq”.
Tasavvufiy ma’noga ko‘ra, bu manzara shoirning ma’naviy holi va martabasidan darakdir va tun bo‘yi tonggacha ishq, umid va zorliq bilan yig‘lab chiqqanidan alomatdir.
Shoir aytmoqdaki, subhning ko‘ylagi chok bo‘lib, tong oqarib, ufq qizarib ko‘ringanidek, mening qizil qondek bag‘rim ham tong libosidan ko‘ra chokroq bo‘lgan ko‘ksim chokidan ko‘rinayotir. Tun bo‘yi maysalar ustiga to‘kilgan mayin, mahzun shabnamlar tongda ravshanroq namoyon bo‘ladi. Shoir tong orqali tungi unsiz yig‘i holatini, botiniy kechinmalarini oshkor etmoqda.
Bu ko‘ngul g‘amnokidin to shodmon ko‘rdum seni,
Istaram har damki, bo‘lg‘ay xotirim g‘amnokroq.
“Mening xotirim – ko‘nglim g‘amginroq bo‘lgan sari sening tobora shodmonroq bo‘lganingni ko‘rmoqdaman. Modomiki, sen o‘z oshig‘ing g‘amidan suyunar ekansan, bas, sening shodlanmog‘ing uchun har nafas ko‘nglim yanada g‘amginroq bo‘lishini istayman!”
Bu baytda “ko‘kragi chokroq”, “kiprigi namnokroq” bo‘lishining siri ochildi va “ko‘ngli g‘amnokroq” ifodasi bilan mazmun tobora rivojlandi.
Layli andin qo‘ydi Majnun ko‘nglida raxti g‘amin,
Kim, yo‘q erdi manzil ul vodiyda andin pokroq.
“Layli shuning uchun g‘am yukini, qayg‘u omonatini Majnunning ko‘nglida qo‘ydiki, bu hayot vodiysida, ishq sahrosida, tiriklik dashtida undan pokroq boshqa joy yo‘q edi”.
Raxt – yo‘l yuki, safar anjomi degani. Bu o‘rinda g‘am yuki, qayg‘u safar xaltasi, g‘ussa omonati ma’nosida kelmoqda. Insoniy-majoziy ishq uchunki oshiq qalbi shunchalik pok bo‘lishi shart bo‘lsa, bas, endi ilohiy ishq uchun bandaning qalbi naqadar pok bo‘lishi kerak!
Zero, pok narsa pok joyda bo‘ladi.
O‘yla mujgon xanjariga yopishibdur durri ashk,
Kim, magar andin yatime yo‘qturur bebokroq.
Shuningdek, ko‘z yoshlarining durri – inju marvaridlari kipriklar xanjariga shunday yopishib olganki, magar undan ham ko‘ra bebokroq – qo‘rqmasroq va bevoshroq bezoriyu chapani yo‘qdir.
Sahrolarda bezorilar karvonlardagi oltin-kumush, durru gavhar boyliklariga qanday yopishsa, kipriklar xanjari ham ko‘z yoshi durlarini qo‘ldan bergisi yo‘q. Layli, Majnun, vodiy zikr qilingani uchun bu bayt ham mantiqan hayotiy bir misolga bog‘landi.
Aslida bu majozdan murod ma’rifat natijasi bo‘lgan yig‘idir, tinimsiz ko‘z yoshi to‘kib yig‘lash manzarasini aks ettirishdir.
Lablaringdin jon olurda barcha el quldur sanga,
Jon berurda bir qulung yo‘q bandadin cholokroq!
Sening lablaringdan o‘z o‘lik tanasiga jon olishda – hayot topishda butun xalq senga quldir, asirdir. Lekin jon berishga kelganda men g‘arib bandangdan ko‘ra ham chaqqonroq – tayyorroq quling yo‘q. Zero, hayot topish hammaga yoqadi, lekin jon fido qilish, jon berish oson narsa emas.
Odamiylik tufrog‘in bersa fano yeliga charx,
Ohkim, yo‘qtur kishi ahli vafodin xokroq.
“Fano”ning ma’nosi mahviyat ekanini Navoiy boshqa bir g‘azalining ushbu baytida ravshan bildirgan:
Deding: fano nedurur? Muxtasar deyin: o‘lmak,
Ki, sharhini tilasang, yuz risola bo‘lg‘usidir.
Taqdir, ajal butun odamiyat tuprog‘ini yo‘qlik shamoliga sovursa, ya’ni vafot ettirsa, ohki, unda vafo ahlidan ham ko‘ra xokroq, tuproqroq, ya’ni o‘limga tayyorroq kishi yo‘qdir. Hayotda o‘zi tuproq bo‘lib, yo‘qlik shamoliga shay turgan toifa avvalo vafo ahlidir.
Vafo ulug‘ ne’mat bo‘lishi bilan birga, sidq (to‘g‘rilik va sadoqat)ning oltidan bir qismidir. Chunki sidq olti qismdir: So‘zdagi to‘g‘rilik. Niyatdagi to‘g‘rilik. Azmdagi (azm etib intilishdagi) to‘g‘rilik. Vafodagi to‘g‘rilik. Amal qilishdagi to‘g‘rilik. Dinning har qanday masalasidagi to‘g‘rilik. Ana shu olti sifat bilan sifatlangan kishi siddiq deyiladi.
G‘azalning so‘nggi bayti ilk bayt bilan mantiqan bog‘lanadi – yana jarohat, chok ifodalariga qaytiladi:
Necha uqlosang, Navoiy ko‘ngli zaxminroq bo‘lur,
Ko‘rmaduk zaxmeki, tikkan soyi bo‘lg‘ay chokroq.
(Ey do‘stim, tabibim, shifokorim!) Sen har qancha to‘qib, tikib bog‘laganing sari Navoiyning ko‘ngli yana zaxminroq – jarohatliroq bo‘lib boradi. Holbuki, tikkan sari tobora ochilib, chokroq bo‘lib boradigan jarohatni hech ko‘rmagan edik!
“Uqla” – band, bog‘, to‘qima (tikish) degani. Aruz vaznida ramal bahridagi shakllardan birining nomi ham “uqla” deyiladi. Raml “ramal” esa she’rning o‘n to‘qqiz bahridan biri bo‘lib, bo‘yra to‘qishdagi bir shaklga asoslangan. Chunki “ramal” deb lug‘atda bo‘yra (gilam, palos) to‘qishni aytiladi. Shunga ko‘ra “uqlamoq” bog‘lamoq, to‘qimoq, tikmoq degan ma’nodadir. Maqta’ mantiqi va mazmuni ham shuni anglatmoqda.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 2-son.