Frantsuz xalqining buyuk farzandi Viktor Gyugo 1802 yil 26 fevralda Parijda dunyoga keldi. Uning otasi Jozef Leopold Sigizber Gyugo frantsuz armiyasida xizmat qilib yuqori martabalariga erishgan shaxs edi. Onasi Sofi Trebyushe badavlat oilaning qizi bo‘lgan.
Yosh Gyugo Buyuk Lyudovik kollejida tahsil oladi va ijod bilan juda erta shug‘ullana boshlaydi. 15-17 yoshlaridayoq uning yozgan asarlari yorliqlar, mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
O‘sha davr Frantsiya yoshlari ongida ikki daho – Bayron va Shekspir ustuvor edi. Bayron romantikadan murabbiylik qilsa, Shekspir dramaturgiya sohasida ularni yuksak cho‘qqilarga da’vat etardi.
Tengqurlari orasida o‘zining iqtidori bilan dovrug‘ qozongan Gyugo tinimsiz izlanadi. Uning ilk kitobi “Qasidalar va boshqa she’rlar” 1826 yili chop etilgan. Garchi Gyugo bugungi kunda ko‘pchilik kitobxonlar tasavvurida buyuk romannavis sifatida gavdalansa-da, uning adabiy merosida she’riyat salmoqli o‘rin tutadi. Zero, adibning o‘lmas romanlari va jo‘shqin dramalaridagi buyuk g‘oyalarga zamin yaratgan, avvalo, uning tug‘yonli she’rlari edi. Shu ma’noda uning qizg‘in poetik ijodida muhim bosqichlarni o‘zida aks ettirgan “Sharq ohanglari”, “Intiqom”, “Shuur”, “Qahrli yil” hamda bir necha jilddan iborat “Asrlar afsonasi” nomli she’riy to‘plamlarini alohida ta’kidlamoq joizdir. Gyugo she’riyatiga uning buyuk zamondoshi, do‘sti Balzak tan berib, u har qanday ohangda, har qanday uslubda satrlarini sayratib yubora oladi, degan edi.
Romanlari Gyugo ijodida eng salmoqli o‘rinni egallaydi. Uning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi”, “Xo‘rlanganlar”, “Kulayotgan odam”, “Dengiz zahmatkashlari” romanlari nafaqat frantsuz, balki jahon adabiyotining bebaho durdonalari sanaladi.
“Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” asari qahramoni Kvazimodo obrazidan hayratlangan F.Dostoyevskiy 1862 yili “Vremya” jurnalidagi maqolasida bu obrazning naqadar san’atkorona, chuqur timsol asosida yaratilganini ta’kidlab, asarni tarjima qilishga xohishi borligini bildiradi.
Adib “Xo‘rlanganlar” romani ustida yigirma yil ter to‘kib ishlaydi. Asar nihoyasiga yetganda muallif “men roman emas, tog‘ yaratdim”, deydi o‘z dahosidan hayratini yashirmay. L.Tolstoy ham bu asarga yuqori baho berib, XIX asrda yaratilgan jamiki frantsuz romanlarining eng yaxshisi, deya ta’kidlaydi. Zero, Gyugo mazkur romanida yuksak ma’naviyat borasidagi qahramonlikni kuylaydi, ulug‘laydi.
Garchi Gyugoning romanlarida, aksariyat dramatik asarlarida tarixiylik ruhi ustuvor bo‘lsa-da, u o‘z davrining eng murakkab ijtimoiy muammolarini qalamga olishdan hech qachon cho‘chimadi. Uning “Klod Gyo” va “Mahkumning so‘nggi kuni” qissalari fikrimizga dalildir.
Gyugo dramaturg sifatida ham juda katta meros qoldirdi. Uning “Kromvel”, “Marion Delorm”, “Ernani”, “Qirol ishrati”, “Ruyu Bliz” dramalari o‘z vaqtida Parij sahnalarida chaqmoqdek chaqnagan edi. Jumladan, “Qirol ishrati” dramasi ayricha qismatga ega. Bu drama bundan o‘n yillar ilgari Erkin Vohidov tomonidan o‘zbekchalashtirilib, televizion spektakl sifatida namoyish etilgan. Drama “Jahon adabiyoti” jurnalining shu yilgi 2 – 3-sonlarida e’lon qilinmoqda.
“Qirol ishrati” yaratilgan davrida afishalarda paydo bo‘lishi bilanoq tsenzuraning qattiq ta’qibiga uchraydi. Asarni “muallifning axloqsizligi” sifatida talqin etishib, ta’qiqlashadi. Drama ellik yildan keyingina frantsuz teatrlarida qo‘yiladi.
V.Gyugo buyuk evrilishlar, inqiloblar zamonida yashadi. U o‘z davridagi voqea-hodisalarning shunchaki shohidi emas, balki faol ishtirokchisi edi. Mamlakat taqdiri, oddiy odamlarning o‘ta qashshoqligi uning uyg‘oq qalbini hamisha tug‘yonga keltirardi.
Adibning imperator Lui Bonopartga qarshi yozilgan “Kichik Napoleon” pamfleti tilining o‘tkirligi bilan mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Bundan g‘azablangan Bonopart uni hibsga olishga farmon beradi. O‘sha paytda A.Dyuma-ota do‘stiga uning boshi 25 ming frankka baholanganligini aytadi. Imperatorga yaqin kishilardan biri, agar uni tuta olishmasa, otib tashlash haqida maxfiy buyruq ham borligini yetkazadi. Barrikadalarda olib borilayotgan kurashlarning samarasizligini sezgan Gyugo Frantsiyani tark etishga majbur bo‘ladi. U o‘n to‘qqiz yil quvg‘inda yashaydi. Iztiroblardan azob chekkan adib, “Quvg‘in beshafqat diyor ekan”, degan edi do‘stlaridan biriga.
Frantsuz xalqining dardlariga yo‘g‘rilgan Gyugo asarlarini o‘zining mahorat maktabi deb bilgan rus yozuvchisi A.Tolstoy adib vafotining 50 yilligiga bag‘ishlangan maqolasida shunday yozadi: “U o‘zining oddiy qalamida o‘ktam siymolar yarata olardi. U mening mo‘jaz yuragimni chuqur insoniylikka yo‘g‘rilgan otashin tuyg‘ularga to‘ldirgandi…
Uning yuksak g‘oyalarga limmo-lim romantikasi qashshoq turmush ustidan hamisha g‘olib kelardi. U borliqqa “Uyg‘oning, inson qashshoqlashib bormoqda, xalq adolatsizlik ostida ingramoqda” deya bong urardi”.
Shekspirga bag‘ishlangan “Tafakkur va omma” nomli kitobida V.Gyugo yozuvchi kim uchun mehnat qilishi kerak degan savolni qo‘yadi va bu savolga o‘zi shunday aniq javob beradi: “Xalq uchun ishlamoq yozuvchining eng muqaddas burchidir”.
1870 yil 5 sentyabrda adib quvg‘indan Parijga qaytib keladi. Butun mamlakat uni “Yashasin Respublika!”, “Yashasin Gyugo!” degan xitoblari bilan kutib oladi. Bu izdihom quvg‘inga uchragan shoirning orzu-umidlari frantsuz xalqining armonu ideallari bilan allaqachon uyg‘unlashib ketganidan dalolat edi. Umrining so‘nggi yillarini ham mardonavor yashagan adib 1885 yili 83 yoshida vafot etadi.
Oktav Mirbo Gyugoni “Frantsiyaning kuylovchi yuragi”, “XIX asr qalbi”deya ataydi. Gyuismans adib ijodiga baho berib, XIX asrda iste’dodlar ko‘p edi, lekin “daho bitta – u Gyugo”, deydi.
Barhayot adib Gyugo tavalludining 200 yilligi kunlarida yozuvchi va zamon, yozuvchi va shaxs degan tushunchalarning mohiyatini chuqurroq anglaymiz. Adibning umr tug‘yoni faol bo‘lishga, odamlar baxti uchun kurashmoqqa da’vat etadi.
“Jo‘shqinlik, qat’iyat, yengilmaslik, o‘zingga bo‘lgan cheksiz ishonch, qismat bilan yakkama-yakka olisha bilmoq, xavf-xatarni dadil turib bartaraf eta olish, g‘alabalardan g‘ururlanib ketmaslik, mardonavor tura bilmoq – xalqlarga kerak bo‘lgan saboqlar, ularni ilhomlantiruvchi yog‘dular mana shulardir”, deya yozgan edi Gyugo “Xo‘rlanganlar” romanida. Bu ulug‘ da’vat bugungi kunda ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.
Gyugo Balzakning dafn marosimida so‘zlagan nutqida ulug‘lar haykal uchun poydevorni o‘zlari tiklaydilar, ularga haykalni esa kelajak qo‘yadi, degan edi. Ikki yuz yilki, insoniyat Viktor Gyugoga ajoyib haykal tikladi hamda bu haykalni qalb to‘rida ardoqlab keldi va hamisha ardoqlaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 12-sonidan olindi.