Shuni tan olib aytish kerakki, adabiyot maydonida Cho‘lpon singari butun ijodi, hayotiy faoliyati Vatan qayg‘usi, millat iztirobi, hurriyat orzusi bilan yongan shoir kamdan-kam uchraydi. Jahon she’riyati sahnida teran falsafiy mushohadalarga yo‘g‘rilgan yoxud o‘tli satrlarida olam va borliqni kuylagan, qalbidagi orzu va armonlarini yonib qalamga olgan iste’dodli shoirlar bisyor. Lekin jismu joni yurt ozodligi, Vatan erki, millat istiqloli bilan o‘rtangan Cho‘lpon singari otashin siymolar sanoqlidir.
Quyidagi satrlarda shoir yuragini bir umr og‘ritgan iztirobli tuyg‘ularning hamda ko‘ngil tubidagi adadsiz nafratning bir qirrasini ko‘rish mumkin:
Qarg‘alar bog‘larda qag‘lashib qoldilar,
Bilmadim, kimlarning qismati uzilur?
Yong‘oqqa yopishib bir changal soldilar,
Bilmadim, kimlarning umidi yo‘q bo‘lur?
Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelganlar,
U qo‘pol tushingiz qorlarda yo‘q bo‘lsin!
Ey, mening bog‘imdan mevamni terganlar,
U qora boshingiz qorlarga ko‘milsin!
Mustamlaka istibdodini, yurt erksizligini ich-ichidan o‘tkazib yashagan shoir “Buzilgan o‘lkaga” nomli she’rida:
Ey, tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka,
Nega sening boshingda quyuq bulut – ko‘lanka?..
deya fig‘on chekadi.
Shoirning “Ko‘ngil” nomli she’rida esa u yuragida olib yurgan dardining bemisl zalvorini his etish mumkin:
Ko‘ngil, sen bunchalar nega
Kishanlar birla do‘stlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen buncha sustlashding?..
Cho‘lpon ijodi bilan tanisharkanman, har gal undagi bu teran g‘ussa, adoqsiz alamangiz, ayni paytda kurashchan ruh qachon shoir yuragiga jo bo‘ldi, deya o‘yga tolaman. Keling, yaxshisi, Cho‘lponning hayot yo‘liga bir nazar tashlaylik.
Abdulhamid Cho‘lpon 1897 yili Andijon shahrida tavallud topdi. Adulhamidning otasi Sulaymonqul Andijonning ko‘zga ko‘ringan obro‘li va badavlat kishilaridan bo‘lib, gazlama savdosi bilan shug‘ullangan va hamshaharlari orasida Sulaymon bazzoz nomi bilan mashhur bo‘lgan. Onasi Oysha aya xat-savodsiz bo‘lishiga qaramay, tagli-tugli, oq-qorani tanigan, zehn-farosatli, ko‘pgina xalq qo‘shiqlari-yu matallarini yod bilguvchi ayol edi.
Sulaymon bazzoz tijoratdan tashqari, ilm va ma’rifat, she’riyat bilan ham shug‘ullangan. Birmuncha g‘azal va muxammaslar mashq qilib, ularni kichik bir devon holiga keltirgan. Demak, Cho‘lpondagi shoirlik iqtidori uning qonida bor edi.
Cho‘lpon qachon va qayerda ta’lim oldi? Uning birinchi muallimi kim?
Cho‘lponning singlisi bu haqda shunday xotirlaydi: “Akam juda erta xat-savod chiqargan. Maktab, madrasa ta’limi bilan birga no‘g‘ay va turk domlalaridan ham alohida saboq olgan. Andijonga kelgan turk ulamolaridan Munif afandi akamga sakkiz oy davomida Qur’oni Karim mutolaasini (qiroatini) o‘rgatgan, mana shu qisqa davr ichida akam Qur’oni Karimni xatm qilib chiqqan…”
Sulaymon bazzoz farzandining har tomonlama bilimli bo‘lishi uchun harakat qilgan. Maxsus yollangan o‘qituvchi o‘g‘ilga turk, rus, fors, arab tillarini o‘rgatgan, uni musiqa ilmidan boxabar qilgan. Bundan tashqari, ota o‘g‘lining Andijon va O‘shdagi rus-tuzem maktablarida o‘qishini ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan.
Yosh Cho‘lponning ilm saviyasi yuksalishida savdo yumushi bilan Toshkentdan Andijonga qatnab turadigan (keyinchalik Sulaymon bazzoz uni o‘z qarindoshlaridan biriga uylantirib qo‘ygan) Olimxon ismli bir tabarruk zotning ta’siri bo‘lgan. Olimxon yigirma to‘rt yil madrasa tahsilini ko‘rib, haj safarini ado etgan. Inqilobga qadar yigirma yildan ziyodroq Moskva va Varshava shaharlarida savdo ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. U o‘n oltita Sharq va G‘arb tillaridan o‘n oltitasini bilgan. Uning dunyoviy fikrlari yosh iste’dod ongini ochishda xizmat qilgani shak-shubhasiz.
Cho‘lpon dunyoning turli shaharlarida o‘zbek, turk, tatar, fors, ozar va rus tillarida chiqadigan gazetalarni mutolaa qilarkan, jadidchilik g‘oyalari bilan ham tanishadi. Bu borada yosh Cho‘lponning 1913 yil jadidchilik harakati asoschilaridan biri bo‘lgan, keyinchalik musulmon milliy ozodlik harakatining yo‘lboshchisi sifatida tanilgan “Tarjimon” gazetasining bosh muharriri Ismoil Gaspirinskiyga yozgan xatlari e’tiborga molikdir. Iste’dodli o‘smir o‘zini qiynagan savollar bilan gazetaga murojaat qiladi. Bosh muharrir unga e’tibor va ehtiromga yo‘g‘rilgan javobini xat orqali bildiradi.
Sulaymon bazzoz o‘g‘lining adabiyotga, ijodga bo‘lgan havasidan quvonsa-da, kelajak hayotini o‘ylab, ikkita do‘kon ochib beradi. Lekin o‘g‘lida tijoratga rag‘bat sezmaydi. Kunlarning birida ota ushbu do‘konlardan xabar olgani kelsa, kambag‘alparvar o‘g‘il anchagina mollarni beva-bechoralarga tekinga yo nasiyaga ulashib, do‘konni shipshiydam qilib qo‘ygan bo‘ladi…
Yosh Cho‘lpon hayotidagi ikkinchi muhim voqea o‘zbek jadidlarining do‘sti boshqird Zaki Validiy[1] bilan uchrashuvi bo‘ldi. Uning butun ijodi va faoliyatiga xos umumiy ruhni anglash uchun ushbu qaydini eslash kifoya: “Rusiya o‘rta turk eliga, olaylik, Hindistondagi inglizlardek o‘z siyosiy va iqtisodiy mavqei muhofazasi uchun mamlakatdan boyliklarni o‘zlashtirish va odamlarni ishlatish fikri bilangina kelgan sodda, afandi millat emas, – uqtiradi Zaki Validiy. – Rusiya bu yerga millat bo‘lmoq va nufuz jihatidan ko‘pchilikni tashkil qilmoq maqsadi bilan kelganligi uchun o‘zining mujigini, aravakashini, etikdo‘zini, ko‘cha supuruvchisini, hojatxona tozalovchisini ham birga keltirdi”. Ushbu bitiklar muallifi 1914 yilning mart oyida Toshkentga keladi va ilmiy sayohati davomida ko‘plab yosh do‘stlar orttiradi. “Turkistonda tanishgan shaxslar orasida Nazir To‘raqulov bilan Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) menga alohida yaqin do‘stlar bo‘ldilar”, – deb yozadi Validiy “Xotiralar” kitobida. Validiy davom etib, yana shularni qayd etadi: “Keyinroq o‘zbeklarning buyuk shoiriga aylangan Cho‘lpon o‘sha vaqtda 15 yoshlarda bo‘lgan bo‘lsa kerak. Menga tarix kitobimni (so‘z muallifning “Turk va tatar tarixi” nomli kitobi ustida bormoqda – M. M.) o‘qib ilhomlanganligi va fikrdoshlik qilishimni aytib, xat yozdi”.
1914 yil aprelidan boshlab Toshkentda “Sadoi Turkiston” nomida yangi gazeta chiqa boshladi. Haftada ikki marotaba chiqadigan bu adabiy, iqtisodiy, fanniy va maishiy gazetaning muharriri Rusiyada tahsil ko‘rib qaytgan mashhur advokat Ubaydulla Xo‘jayev (Asadulla Xo‘jayev) edi. U Tataristonda chop etilayotgan “Vaqt” gazetasi va “Sho‘ro” jurnali yo‘lidan borishga intilib, xorijiy Sharq mamlakatlari hayotini yorituvchi maqola va xabarlar yoritishga katta ahamiyat berdi va ular ko‘magida g‘aflat og‘ushida yotgan vatandoshlarini uyg‘otish vazifasini bajarishga kirishdi. Gazetaning 18 aprel sonidayoq Abdulhamidning “Turkistonlik qardoshlarimizga” nomli she’ri bosildi:
Ilm-ma’rifat ham hunardin qoldi mahrum bizni xalq,
Ma’rifatsizlik balosiga yo‘liqg‘on bizni xalq.
Bir kishi millatparast o‘lsa, deyurlar “dahriy” deb,
Bir kishi millatni so‘ksa izzat aylar bizni xalq.
Maktaba yo‘q bir tiyin, to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasiz mushkul kasalga mubtalodir bizni xalq…
Yosh shoir qalbidagi teran dard va hasrat bilan sug‘orilgan bu she’r XX asrning o‘ninchi yillari o‘zbek poeziyasining bosh g‘oyasini, ruhini o‘zida mujassam etgan edi.
Inqilob arafasida Orenburg shahrida “Sho‘ro” jurnali nashr etilgan va bu jurnal ham Turkiston jadidlarining g‘oyaviy shakllanishida muayyan rol o‘ynaydi. Mazkur jurnalda Cho‘lponning “Umid” nomli she’ri berilgan va unda shunday satrlar bor edi:
Kezar edim Turkistonning tog‘larini,
Turli meva bilan to‘lgan bog‘larini.
Keng sahrosin, cho‘listonin sayr etib,
Tinglar edim turk elining ohlarini…
She’r quyidagi xitobli savol bilan yakunlanadi:
Ayt-chi menga qayda sening o‘tganlaring,
Sharqda, g‘arbda shovlab oqqan umr sha’ning?
Kuni-tuni ilm uchun jonin bergan
Qayga ketdi, qayga uchdi eranlaring?
Abdulhamid Orenburgda vaqtincha yashab, yurtga qaytib keladi. Bu vaqtga qadar uning she’rlari turli imzolar bilan (ko‘proq Qalandar imzosi bilan) bosilgan. Toshkentda yashay boshlab, toshkentlik jadidlar bilan yaqin aloqaga kirishadi. Ular orasidagi yetakchi siymo Munavvar qori tomonidan andijonlik shoirga Cho‘lpon taxallusi beriladi. Bu taxallus yosh ijodkorning o‘ziga ham manzur bo‘ladi.
1917 yilning 7 noyabrida Rusiya hududida saltanat Muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi. Muvaqqat hukumat ham uzoq umr ko‘rmadi. U o‘z o‘rnini bolsheviklarga bo‘shatib berdi. Ikki hafta o‘tar-o‘tmas Toshkent shahrida ham hokimiyatni bolsheviklar qo‘lga olishdi. Muvaqqat hukumat davrida Turkiston muxtoriyatini tuzish qiyinlashgan edi. Mustamlakachilar Ishchi va soldat sho‘rolariga kirib olib, Toshkentda qudratli qal’ani vujudga keltirganlari uchun Muxtoriyat hukumatini tuzishga jazm qilgan “Sho‘roi islom” jamiyatining Munavvar qori singari dono rahbarlari va tadbirkor a’zolari mazkur g‘oyani ro‘yobga chiqarishning birdan-bir maydoni bolsheviklar hali to‘la egallab ulgurmagan Qo‘qon edi.
Toshkentdagi hodisaga javoban muxtoriyat g‘oyasi tarafdorlari 26 noyabr kuni Qo‘qonda O‘lka musulmonlarining favqulodda III qurultoyini chaqirdilar. Va unda Turkiston muxtoriyati tashkil etilganligi e’lon qilindi. 30 noyabr kuni musulmonlarning ulug‘ namoyishi o‘tkazildi. Cho‘lpon shu kunning o‘zidayoq “Ollohu akbar” she’rini yozib, Turkiston muxtoriyati vujudga kelganini o‘zining go‘zal she’riy qalami bilan sharafladi.
Shu tarzda o‘zbek xalqining barcha qatlamlarini junbushga keltirgan tarixiy voqea ro‘y berdi. Shoirlar muxtoriyatga bag‘ishlab she’riy guldastalarini yaratdilar. Turkiston muxtoriyatining, demak, mustaqil o‘zbek davlatining birinchi rasmiy madhiyasini yaratish baxti Cho‘lponga nasib etdi. Uning “Ozod turk bayrami” deb nomlangan madhiyasi ushbu tantanavor satrlar bilan boshlanadi:
Ko‘z oching, boqing har yon!
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon!
Fido bu kunlarga jon!
Turkistonli – shonimiz, turonli – unvonimiz,
Vatan – bizim jonimiz, fido o‘lsun qonimiz.
Bizlar temir jonlimiz!
Shavkatlimiz, shonlimiz!
Nomusli, vijdonlimiz!
Qaynagan turk qonimiz!
Bu madhiya ilk marotaba muxtoriyatning “El bayrog‘i” deb nomlangan gazetasining 1917 yil 13-sonida e’lon qilindi. XX asrning o‘ninchi yillarida mashhur bo‘lgan “O‘rdu marshi” ohangida yozilgan madhiya yoshlar va kattalar tomonidan sevib kuylandi, Qo‘qon ko‘chalari qo‘shiqning yangroq va nekbin sadolariga g‘arq bo‘ldi.
Shodlik, xursandlik chog‘lar,
Ketsun yurakdan dog‘lar!
Vatan bog‘indan zog‘lar!
Selkullasin bayrog‘lar!
Turkistonli – shonimiz, turonli – unvonimiz,
Vatan – bizim jonimiz, fido o‘lsun qonimiz.
Biroq… ezgu niyatlar ro‘yobi bo‘lib dunyoga kelgan Muxtoriyat uzoq umr ko‘rmadi. 1918 yilning 19 fevraliga o‘tar kechasi Toshkentda O‘lka harbiy komissariatining artilleriya bilan qurollangan qo‘shini Qo‘qonga yetib keldi. Ular Qo‘qon sho‘rosiga Farg‘onadan yordamga yo‘llangan kuchlar bilan birga muxtoriyatchilarga qarshi qaqshatqich jangga kirishdilar.
Qo‘qon uch kun mash’ala bo‘lib yondi. Muxtoriyat tor-mor etilgandan keyin dashnoqlar sho‘ro drujinasi nomi ostida o‘n ming qo‘qonlikning yostig‘ini quritdi. Ular qilgan vahshiylikning chek-chegarasi bo‘lmadi.
Bunday mislsiz xunrezliklarni ko‘rgan oddiy odamlar qon yig‘laganda shoir qalbi qanday holatga tushishi mumkin?.. Bu qonli kunlar iztirobi Cho‘lponda millat va Vatan qayg‘usini yanada chuqurlashtirdi.
Tarixning evrilishini ko‘ring – Vatanimiz Olloh inoyati ila mustaqillikka erishgach, hammasi joy-joyiga tushdi, haqiqiy adolat qaror topdi. Zero, Cho‘lpon Vatan ozodligi yo‘lida umidlar kesilgan, ishonchlar sovurilgan bir davrda yozgan “Tilak yo‘lida” nomli she’rida shunday degandi:
Ketgan yo‘lim to‘g‘ri yo‘ldir, ketaman,
Qanday to‘siq mone bo‘lsa, o‘taman.
Men ketaman, tilak deya ketaman,
Hech kimsasiz quruq tanni netaman?
Tilak yiroq, yog‘dusi-la ko‘raman,
Oy ketarman, yil ketarman – yetaman;
Tuyg‘um uning izlariga urilmas,
Bu yo‘llarda balki shafqat etaman.
Yana “tilak-tilak” deya keturman,
Bir jon ekan, mayli, qurbon eturman.
Cho‘lpon boshida qora bulutlar aylana boshladi. Uni milliy burjuaziya namoyandasi sifatida, milliy mahdudlikda ayblashdi. Bu ish borasida tergovga tortilganlarning barchasi – shoir atrofida yurganlar, uni alqaganu she’rlarini yod olganlar bo‘lib, jonlarini asrab qolish uchun unga qarshi ko‘rsatmalar berishdi. Holbuki, Cho‘lpon o‘z millatini boshqa millat ustidan ustun qo‘yadigan, boshqa millatlarga ola qaraydigan shoir emasdi. Balki, u o‘z millatining qalbini, ma’naviyatini, g‘ururini, orzu-umidlarini o‘zida mujassam qilgan shoir, millati g‘amini yeydigan, uning baxti, kamoli uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradigan, jonini ham baxshida qiladigan shaxs edi. Mustamlakachi mustabidlarga u aynan shu xislatlari bilan ma’qul kelmas edi. Undaylar o‘ziga nomatlub shaxslar ustidan istalgan bo‘htonni uyushtirib, ularni ajal tegirmoniga tashlashi hech gap emasdi.
Yigirmanchi yillar adabiy muhitiga nazar solsak, uning kuz havosidek beqaror bo‘lganligini his etamiz. Ayni shu muhitda shoir atrofida parvona bo‘lganlar uning ustiga tuhmat toshlarini yog‘dirdilar, kechagi do‘stlar uni jar yoqasiga olib borishning yangi-yangi rejalarini tuzdilar. Shu asnoda jamiyatni qarama-qarshi sinflarga ajratib yuborgan Sho‘rolar davlati yana bir sinfni – xoinlar va sotqinlar sinfini vujudga keltirdi.
Mirzakalon Ismoiliy Cho‘lponga xattotlik qilib yurganida bir holatni eslaydi: “U romanni (“Mog‘oralar sultoni”, uning sahifalari yo‘qolganligi sababli muallifi aniqlanmagan – M. M.) tarjima qilishda davom etar ekan, o‘qtin-o‘qtin ko‘zyoshlarini artib turardi…”. Biroq “xattot” buning sababini tushunmaydi. Bir kuni Cho‘lpon bilan gap-so‘zlari yurishib ketganda bu borada shoirning o‘zi “yoriladi”, u mijjalarini arta-arta, o‘ziga gapirgandek deydi:
– Millatimiz xarob bo‘ldi, uning eng muqaddas narsalari, hurligi, sha’ni-sharafi qo‘ldan ketdi! Har qadamda yuragimiz hadik bilan uradi. Endi bizning vazifamiz millatni sharmandalarcha qullikdan, haqorat va xo‘rlikdan qutqazish bo‘lishi kerak…
Cho‘lpon o‘ziga otilayotgan malomat toshlaridan forig‘ bo‘lmoq uchun bot-bot ijodga berildi. She’rlar yozdi, tarjima qildi, ayniqsa, Shekspirning “Hamlet” asari tarjimasiga kirisharkan, u qalb yaralariga malham topgandek bo‘ldi. Asarni qayta-qayta o‘qirkan, o‘zi guvoh bo‘lib turgan zamonni Shekspir oldindan ko‘rgandek, shu davr fojialarini ochish uchun “Hamlet”ni yozgandek tuyuldi. O‘z vaqtida Cho‘lpon singari zamon qahriga duchor bo‘lgan ulug‘ rus shoiri Boris Pasternak ( u ham mazkur asarni tarjima qilgan) “Hamlet” she’rida yuragidagi iztirobli tuyg‘ularini shunday satrlarga ko‘chirgan edi:
…O‘jar fe’ling maqbuldir juda,
Rolingni-ku o‘ynashga shayman.
Lekin bu kun boshqa fojia –
Kechmoqdadir, ma’zur tutgaysan.
Unda bari to‘qima lekin.
Yakuni ham olddan ayon, bas.
Yolg‘iz qoldim, qabohat yengdi
Bildim, umr ravon yo‘l emas…
Cho‘lpon yuragidagi iztiroblari, alamlari tufaylidir, “Hamlet” uning tarjimasida o‘ta muvaffaqiyatli chiqadi. Va bu drama “Hamza” teatrida namoyish etilib, o‘zbek tomoshabinlarini larzaga keltirganda uning yaqin kishilaridan, unga madad qo‘lini uzatib yurgan arbob “Qizil O‘zbekiston” gazetasida “Hamlet”ga tuhmat” degan katta maqola bilan chiqadi. Shekspir asarini uning boshqa ruscha tarjimalari bilan qiyoslab, mushtarak nuqtalarni kamroq topgan muallif Cho‘lponni Shekspir yordamida sho‘ro davriga qarshilik qilishda ayblaydi.
Cho‘lpon hamma tomondan tanqid tig‘i ostiga olinib, nomi qoralanib turgan bir paytda yosh adib Oybek Olim Sharafiddinovning “O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon” nomli (“Qizil O‘zbekiston”, 1927 yil, 14 fevral) sharmandali maqolasiga qarshi maqola yozib, shoirni jasurlik bilan himoya qilganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Maqola “Cho‘lpon. Shoirni qanday tekshirish kerak?” deya nomlanib, matbuotda e’lon qilingan.
Oybek yozadi: “Cho‘lpon bizning hozirgi adabiy ehtiyojimizga javob bera olmas, deb undan qo‘l yig‘amizmi? Menimcha, bu narsa xato. Bu kun rus birodarlarimizga qarasak, ular Pushkinni qanday sevganlarini ko‘ramiz. Pushkinni rus ishchisi, komsomoli, firqalisi, olimi – hammasi sevadi, hammasi o‘qiydi. Pushkin inqilobdan so‘ng ham Pushkin bo‘lib qoldi…
Pushkin yo‘qsil el uchun yozgan bir shoir emas. Ul pomeshchik va to‘ralar shoiri. Mafkurasi ham hozirgi zamonga muvofiq emas. Bo‘lmasa, nechun uni shu qadar sevamiz?..
Biz ham Cho‘lpondan qo‘l tortib olmaymiz. Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsalar yaratdi. Muvashshax adabiyoti o‘rniga bu kunning badiiy zavqiga yarasha yoqimli, go‘zal she’rlar o‘rtaga chiqadi. Cho‘lponni mafkurasi emas, balki yaratgan badiiy namunalari o‘quladi, voz kechilmaydi”.
Matonatli adibning bu olqishli so‘zlari – ulug‘ shoirga otgan guli had-hisobsiz tuhmat toshlari orasida ko‘milib, yanchilib ketdi.
Cho‘lponning mashhur “Go‘zal” she’rida:
Men yo‘qsil na bo‘lib uni suyubman,
Uning-chun yonibman, yonib-kuyubman,
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibman,
Men suyub… men suyub… kimni suyubman!..
degan satrlar bor. Shoir “zo‘r ish” deganida nimani nazarda tutgan degan savol qo‘zg‘alib, bot-bot bahs va munozalarga sabab bo‘lib turadi. She’rining yaratilish tarixini bilganlar, bu she’r Cho‘lpon Farg‘ona ko‘chasida ketayotganida ko‘chada unga nogoh uchragan sohibjamol qizga bag‘ishlangan, “zo‘r ish” shoirning qiyosi yo‘q go‘zalgan bildirgan muhabbati tashbehidir, deyishadi. Boshqalar esa “zo‘r ish” shoirning Vatanga bo‘lgan sevgisini, unga mubtaloligining otashin sadosi ekanligini aytishadi. Ushbu talqinda ko‘proq asos borga o‘xshaydi. Zero, boshini “zo‘r ishga” berib qo‘yganidan emasmidi uning qismatidagi turfa talotumlar! Lekin shoir o‘zining bu ulug‘ muhabbatidan zarracha chekinmaydi, afsus-nadomat qilmaydi. Chunki u ko‘ngil bergan, yonib-kuyib suygan Vatan – oydan-da go‘zal, kundan-da go‘zal!.. emasmi!
Cho‘lpon xastaligiga qaramay, Andijonga, ota uyiga so‘nggi marta borib, singillari va jiyanlariga atalgan sovg‘a-salomlarni bergach, ular xonadonida saqlanayotgan barcha qo‘lyozmalarini olib qaytadi.
Biror falokat ro‘y bersa, mening qo‘lyozmalarimni saqlagan singillarimni, jiyanlarimni, yor-birodarlarimni sog‘ qo‘yisharmikan?…
Uni shu savollar qiynadi.
U Toshkentga qaytib, barcha qo‘lyozmalarini tun ichida varaq-varaq yoqdi. Uning yuragida yig‘ilib qolgan, so‘ng qog‘ozga tushgan dardlari, alamlari, hasratlari yonib kul bo‘ldi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son
___________________
[1] Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on (1890 –1970) turkiy xalqlar milliy ozodlik harakati yetakchilaridan biri sanaladi. Uning “Turkiy xalqlar tarixiga kirish” , “Turkiston”, “Bugungi turk eli Turkiston va uning yaqin tarixi”, “Xotiralar” singari bir qancha kitoblari ma’lum va mashhur.