Muhammad Rahimxon Soniy Feruz – buyuk davlat arbobi, atoqli shoir, madaniyat va san’at homiysi, ma’rifatparvar. Feruzning Xorazm xoni sifatidagi faoliyati Vatanimiz tarixining eng murakkab va ziddiyatli davriga to‘g‘ri keldi. Markaziy Osiyo Rusiya istibdodi girdobiga tushgan bu davrda u davlatni nihoyatda tadbirkorlik bilan boshqardi. Adabiyot, san’at, ilm-fan va maorifni rivojlantirishga rahnamolik qildi. Xivada bevosita uning tashabbusi bilan madaniy-ma’rifiy, adabiy muhit yuzaga keldi.
Feruz XIX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyoti ravnaqiga katta hissa qo‘shdi: saroyda o‘nlab shoirlar uning homiyligida badiiy ijod bilan shug‘ullandilar. Muhammad Yusuf Bayoniy, Muhammad Rasul Mirzo, Ahmad Tabibiy, Avaz O‘tar o‘g‘li, Chokar, Rog‘ib, Devoniy, G‘oziy, Shinosiy, Oqil, G‘ulomiy, Komyob kabi shoirlar shular jumlasidandir. Uning saroyida ellikka yaqin shoiru yozuvchilar, sozanda va go‘yandalar, muarrixlar, tarjimonlar, xattotlar, noshirlar faoliyat ko‘rsatgan.
Xorazm tarixiga oid birlamchi manbalar – Ogahiyning «Shohidul-iqbol», Bayoniyning «Shajarayi Xorazmshohiy», Ahmad Tabibiyning «Majmuatush-shuaroi Feruzshohiy», Hasanmurod Laffasiyning «Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai holi», Bobojon Tarrohning «Xorazm navozandalari» kabi asarlarida Muhammad Rahimxon Feruz haqida ma’lumotlar berilgan. XIX asrning yirik madaniyat va davlat arbobi, shoir Komil Xorazmiy «Latoyifuz-zaroyif» asarida Feruzning shoirlik qobiliyatiga yuksak baho beradi.
Xorazm adabiyoti tarixida XIX asrning ikkinchi yarmi o‘ziga xos bir davrdir. Bu davrda Xorazm adabiyoti yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Ayniqsa, saroyda kuchli bir adabiy guruh maydonga keldiki, unda Feruzning hissasi beqiyos. Ammo afsus bilan aytish kerakki, Feruz hukmdor, xon bo‘lgani uchun 74 yillik sovetlar davrida e’tibordan chetda qolib keldi. Uning asarlarini o‘rganish, nashr etish man etildi. Feruz unutilayotgan bir paytda, 1960 yillarda, sho‘rolar mafkurasi ustuvor bo‘lib turgan bir zamonda Abdulla Qahhor birinchi bo‘lib shoir ijodini o‘rganish masalasini ko‘tarib chiqdi. Jumladan, «Qizvd Uzbekiston» gazetasida Feruz ijodini rad etish mazmunidagi maqolaga keskin qarshi chiqib: «Feruz – mashhur lirik shoir, musiqashunos, kompozitor, yaxshi tarjimon. Umarxon singari o‘z zamonasining shoirlarini o‘rdasiga yiqqan. 1873 yilda bos-maxona sotib olib, Xorazmda birinchi kitob bostirgan odam», — degan edi.
Ammo o‘sha 1960 yillarda A. Qaxdorning kuyunib aytgan bu so‘zlari e’tibordan chetda qoldi. Feruz faoliyati va ijodini o‘rganish Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin boshlandi. 1991 yili Davlatyor Rahim va Shixnazar Matrasul «Feruz: shoh va shoir qismati» kitobini bosmadan chiqardilar. 1994 yvdi shoirning 150 yilligi Vatanimiz miqyosida keng nishonlandi. Feruz haqida vdmiy, badiiy asarlar yaratildi. Shoirning devoni 1994 yili «Elga shohu ishqqa qul» nomi bvdan nashr qilindi. 1995 yili Gulsara Ismoilova «Feruz davri Xorazm adabiy muhiti» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995 yili filologiya fanlari doktori N. Jumaxo‘ja «Feruz — madaniyat va san’at homiysi» asarini yaratdi. Natijada Feruzning hayoti va ijodi, uning asarlari o‘rta va oliy o‘quv yurtlari dastur va darsliklaridan o‘rin oldi.
Hayot yo‘li
Shoirning taxallusi Feruz, asl ismi Bobojondir. Bobosi Muhammad Rahimxon (1806—1825 yillarda xonlik qilgan) sharafiga uni Muhammad Rahimxon Soniy deb ataganlar. U 1844 yvdi navro‘z ayyomida Xivada xon ovdasvda tavallud topdi. Xiva madrasasida o‘qidi, unga murabbiy, ustoz etib zabardast shoir, buyuk mutafakkir Muhammad Rizo Ogahiy tayinlandi. Ogahiy unga ilmi aruz, vdmi bade’, vdmi qofiya sirlarvdan, tarix, falsafa, mantiq ilmidan dars berdi. Muhammad Rahim yoshlik yillarida ba’zi bolalar kabi turli-tuman o‘yinlarga emas, asosan, kitobxonlikka berildi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiyaga oid pandnoma kitoblarni sevib mutolaa qildi. Bu haqda Ogahiy quyvdagvdarni yozadi: «Sayyid Muhammad Rahim Bahodirxon yigitlik ayyomi va ayshu tarab hangomvda hech bir lavhu lu’bg‘a moyil bo‘lmay, aksar avqot besh vaqt namoz lavozimining adosi, faroyizu sunan shug‘lining intihosvdin so‘ng kitobxonliqqa, ma’nidonliq ishig‘a mashg‘ul bo‘lib, har turluk kitobni mutolaa qilur erdi va o‘zga mashg‘ulotdin ani a’lo va afzal bilur erdi. Bayt:
Shabob ayyomida bu ulug‘ odat,
Valilik rutbasindin alomat.
Xususan, har kitob mazmunikim, mavoiza va nasoyihg‘a mush-tamil bo‘lsa, oni bag‘oyat sevar erdi va oni o‘zga kitoblardin ilgari tutar erdi».
Muhammad Rahimxon yoshlik yillarida, ayniqsa, she’riyatga qiziqdi, arab, fors tillarini chuqur o‘rgandi.
1863 yili Feruzning otasi Sayyid Muhammadxon vafot etadi, 19 yoshli Muhammad Rahim Xiva xonligi taxtiga ko‘tariladi. Feruzning saltanat sohibi bo‘lishi toj-taxt uchun kurashlar, xunrezliklar bilan amalga oshmadi. Balki saroy axdlarining, «shuaro va fuzalo xayli»ning xohish-irodasi bilan amalga oshdi. Bu holni Muhammad Yusufbek Bayoniy «Shajarayi Xorazmshohiy» asarida katta mamnuniyat bilan tasvirlaydi. Yosh saltanat sohibini qutlash, bu voqeaga bag‘ishlab ta’rix hamda qasida bitish Muhammad Rizo Ogahiy zimmasiga tushdi. Chunki o‘sha davrda saroydagi eng martabali inson Ogahiy edi. Uning 92 baytdan iborat ushbu «Mav’izatnoma»si Bayoniyning mazkur asarida keltirilgan. Unda shoir yosh xonga davlatni adolat bilan boshqarish haqida pand-nasihatlar qadadi, buning uchun u tarixda o‘tgan hukmdorlar faoliyatini taxt vorisi ko‘zi o‘ngida jonlantiradi, ularning olib borgan ishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishga da’vat etadi. Ogahiy davlatni adolat bilan boshqarishda zarur bo‘lgan fazilatlar bilan birga saltanatni parokandalikka olib boruvchi illatlar haqida ham ogohlantiradi. Ogahiy o‘z mav’izasida yosh xonni pand-nasihatlariga izchil amal qilishga da’vat etadi:
Bu so‘zlarnikim, men bayon ayladim,
Necha bayt birla ayon ayladim.
Bularga qayu shahki qilsa amal,
Oning mulkiga yetmas aslo xalal.
Hukumat binosi bo‘lur ustuvor,
Oning xonadonida tutg‘ay qaror.
Shaho, olam ichra bugun shohsen,
Burundin bu so‘zlarga ogohsen.
Umidim budurkim, amal qilg‘asen,
Amal aylamakda jadal qilg‘asen.
Darhaqiqat, Ogahiyning ushbu «Mav’izatnoma»si Feruz uchun bir umr dasturulamal vazifasini o‘tadi.
Muhammad Rahimxon Feruz adolatli xon, aql bilan siyosat yurgizuvchi davlat arbobi edi. U o‘ta og‘ir sharoitda davlatni boshqardi. 1863-1873 yillarda (Rusiya bosqini xavfi kun sayin oshib borayotgan bir paytda) mustaqil hukmdor bo‘lgan bo‘lsa, 1873-1910 yillarda, ya’ni vafotiga qadar – 37 yil Rusiya imperiyasi mustamlakasi sharoitida hukmdorlik qildi. Feruz ota-bobolari davrida shakllangan Xorazm adabiy muhitini yanada kuchaytirdi. Bu muhitning peshvosi Ogahiy edi. Undan keyin esa Komil Xorazmiy davom ettirdi.
Muhammad Rahimxon Xorazmda ulkan tarjima maktabini vujudga keltirdi, Sharkning o‘nlab adabiy-tarixiy, pedagogik obidalarini tarjima qilishga bosh bo‘ldi. Kaykovusning «Qobusnoma», Shayx Muslihiddin Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston» kabi pandnomalarini Feruz shahzodalik vaqtida Ogahiyga tarjima qildirdi. Bu haqda Ogahiy quyidagilarni yozadi: «Bu bandai faqir Muhammad Rizo mirob Ogahiy, bir kuni ul janob(ning) (Sayyid Muhammad Rahim Bahodirxon) majlisig‘a borib, duo sharoitin taqdimig‘a yetkurdum va ul janobning lozimul bashorati bila men ham ul majlisning bir go‘shasida o‘lturdum. Darhol menga necha turluk mehribonliklar ko‘rguzub, mazkur «Nasihatnoma»ni ilkimga berib dediki: «Bu nusxani turkiy tili bila tarjima kil, toki turk tavoyifining avomi ham bu pandlardin bahra olg‘ay va bizning otimiz, sening so‘zung olam inqirozig‘acha zamon avroqida boqiy va yodgor qolg‘ay».
1873 yil mart oyida general Kaufman Xorazm xonligiga qarshi yurish boshladi. Muhammad Rahimxon Soniy bosqinchilarga qarshi saltanatni oyoqqa turg‘azdi. Ammo Rusiyaning zamonaviy qurollari, to‘plariga xonlikning ibtidoiy qurollari bardosh bera ol-madi. Xon va uning atrofidagi uzoqni ko‘ruvchi Komil Xorazmiy kabi siyosatdonlar xonlikni, xalqni qirg‘inbarot urushdan, asrlar davomida yaratilgan ma’naviyat obidalarini yer bilan yakson qiluvchi rus to‘plaridan saqlab qolish uchun mustamlakachilar bilan sulh tuzshdga majbur bo‘ldilar. Ushbu sulhga asosan xonlik Rusiya imperiyasining vassaliga aylandi. Endi Muhammad Rahimxon Soniy butun imkoniyatlarini, vassallik iskanjasida turib, ilm-fan, adabiyot va san’at ravnaqi, mamlakat obodonchi-ligiga safarbar etdi. U Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Xivada bosmaxona (Podshohi zamon tipolitografiyasi) tashkil qildi va kitob nashrini yo‘lga qo‘ydi. Feruzshoh buyrug‘iga binoan 1880 yillarda Alisher Navoiyning «Hayratul-abror» dostoni, to‘rt devondan iborat «Xazoyinul-maoniy», Shermuhammad Munisning «Munisul-ushshoq», Ogahiyning «Ta’vizul-oshiqin», Komil Xorazmiyning besh devoni bosmadan chiqarildi. Nashr ishlari bilan Komil Xorazmiy, uning vafotidan keyin esa o‘g‘li Muhammad Rasul Mirzo shug‘ullandi.
San’atni sevgan, uning sirlaridan xabardor bo‘lgan kishigina adabiyot va san’atga homiylik kilishi mumkin. Feruz xuddi shunday san’atsevar hukmdor edi. Uning saroyida adabiy munozaralar, mushoiralar, haftaning maxsus kunlari kitobxonlik oqshomlari o‘tkazilardi. Xonning shaxsan o‘zi katta-kichik mansabdorlar — hammasini kitobxon bo‘lishga da’vat etardi.
Muhammad Rahimxon Soniy ona-yurt obodligi, xalq ma’naviyati uchun qattiq qayg‘urdi. Uning bevosita boshchiligida madrasalar, bog‘-rog‘lar barpo etildi. U boshqa davlat arboblarini, boylarni ham bunday ishlarga rag‘batlantirdi. Bu haqda Yusufbek Bayoniy shunday yozadi: «Ma’lum bo‘lsunkim, xon hazratlari bag‘oyat mushfiqfuqaro, bag‘oyat xayrdo‘st kishi erdilar. Ko‘b madrasalar va masjidlar bino qildilar va ko‘b madrasalarning binolarig‘a sabab bo‘ldilar… Alhaq, ko‘b yerlarni obod etdilar, ko‘b masjidlar va madrasalar va qorixonalar bino bo‘lub, ko‘b yerlar obodon bo‘ldi va xaloyiq ham «An-nasu ’ala dini mulukihim» muqtazosicha amali xayrg‘a rog‘ib bo‘lub, hatto Muhammad Panohboy degan ham masjidi kalonning orqa tarafida bir madrasa bino qildi». Shu zaylda Bayoniy Feruz qurdirgan va uning rahnamoligida qurilgan binolarni nomma-nom aytib o‘tadi.
Muhammad Rahimxon Feruz o‘z davrining nihoyatda peshqadam ziyolisi edi. U musiqashunos, bastakor, musiqa sirlaridan xabardor san’atkordir. U Xorazm maqomlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga to‘laligicha yetkazishda buyuk mutafakkir Komil Xorazmiy va uning o‘g‘li bastakor, musiqashunos Muhammad Rasul bilan katta ishlarni amalta oshirdi. Ma’lumotlarga qaraganda, Feruz san’atkorlarga sozandalik, go‘yandalik shahodatnomasini shaxsan o‘zi topshirgan. Xalq maqomlarini buzib ijro etganlarni hatto jazolagan ham. Bu haqda maxsus farmon ham qabul qilgan:
«FARMONI OLIY
Bizkim, Xorazm mamlakatining oliy xoqoni Muhammad Ra-himxon Soniy quyidagi Farmoni Oliyga imzo chekdik:
Xorazm maqomlari xalqning daxlsiz mulki deb e’lon qilinsin. Ushbu Farmoni Oliyga shak keltirgan va maqomlarni kamsitgan, yoinki uni buzib ijro etgan kimsalar qattiq jazolansin!
Muhammad Rahim Soniy 1299 yil jumod ul-avval (1882)»
Feruz bastakor sifatida «Shashmaqom» yo‘llarida o‘ndan ortiq mustaqil kuy yaratdi.
Muhammad Rahimxon Soniy 1883 yili birinchi marta devonbegi Muhammad Murod va mirzaboshi Komil Xorazmiy hamkorligida Sankt-Peterburg va Moskva safariga boradi. Bu haqda «Novosti i birjevaya gazeta» quyidagilarni yozadi: «Bugun, 21 iyun seshanba kuni Xiva xoni Muhammad Rahim, devonbegi Muhammad Murod, maslahatchi Polvon mirzaboshi, yaso-vulboshi Rahmonbergan, xonning jiyani Sayyid Abdulloxo‘ja, tarjimon shtabs-kapitan Asfandiyorov — 17 kishidan iborat shaxsiy soqchilar va xizmatchilar bilan temir yo‘l orqali Pe-terburgdan Moskvaga jo‘nab ketdi. U yerdan Orenburg orqali Xivaga yo‘l oladi».
Muhammad Rahimxon Soniy kelajak avlod tarbiyasiga katta ahamiyat bergan. 1891 yili Komil Xorazmiy tashabbusi bilan Xivada «usuli savtiya» metodiga asoslangan maktab ochildi. Muhammad Rahimxon yangi maktablarning ochilishiga nafaqat xayrixohlik bildirdi, o‘zi ham bunday maktablarni ochishga bosh-qosh bo‘ldi. Bu maktabda diniy va dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda rus tili ham o‘qitilar edi. Muhammad Rasul, Ahmad Tabibiy, Avaz O‘tar kabi zamonasining ma’rifatparvarlari rus tilini shu maktabda o‘rgandilar.
Muhammad Rahimxonning farmoniga binoan 1904 yili Urganchda «usuli savtiya» maktabi ochiladi. 1906 yili esa xuddi shunday maktab qizlar uchun xam tashkil qilinadi. Bu maktablarga Husayn Kushayev va uning xotini Komila Kushayeva rahbarlik kiladi. Feruz bu maktablarning tartib-intizomi, o‘qitish usullari bilan tanishadi, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning tashabbusi bilan maktab va madrasalar uchun vaqf mulkidan tashqari davlat daromadidan mablag‘ ajratadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, XX asr boshlariga kelib Xorazm xonligi hududida 130 madrasa, 1636 masjid, 1500 maktab faoliyat ko‘rsatgan. Ularda 45000 dan ziyod talaba-o‘quvchi tahsil ko‘rgan. Feruz boshchiligidagi xonlik ma’muriyati ham ta’lim-tarbiya masalalariga katta e’tibor bergan. Madrasalarda gumanitar fanlar bilan bir qatorda aniq fanlar ham o‘qitilgan. Xon mudarrislar ilmini, ta’lim-tarbiya ishlarini shaxsan nazorat qilib turgan. Bayoniy «Shajarayi Xorazmshohiy»da yozishicha, xon madrasa domlalarini imtihon ham qilib borgan.
Muhammad Rahimxon Soniy avlodidan Murodiy, Komyob, Oqil, Sulton, Sa’diy, G‘oziy, Asad kabi o‘nga yaqin sohibi devon shoirlar yetishib chiqdi. Bu shoirlar ijodi va faoliyati XX asr birinchi yarmi Xorazm adabiy muhitini o‘rganishda muhim manba bo‘la oladi.
1910 yili Feruz og‘ir xastalikka duchor bo‘ladi. Bu haqda Bayoniy quyidagilarni yozadi: «Hijratning ming uch yuz yigirma sakizlonchi yilida xon hazratlarig‘a bir qattig‘ bemorlik oriz bo‘lub, bir necha kunlardin so‘ng andak afoqat toptilar. Ammo ul maraz badani muboraklaridin zoyil bo‘lmadi. Tamomi atibbo aning muolajasida ojiz bo‘ldilar… Hijratnyng ming uch yuz yigirma sakizlonchisi muvofiqi it yili va sunbulaning sakizlonchisi va sha’bon oyining yigirma to‘rtlonchisi va dushanba kuni erdi, jahon bo‘stonidin jannat gulistonig‘a xirom etdilar. Faqir vafotlari ta’rixin bu tariqada aytib erdikim, ta’rix:
Darig‘oki, shohi Muhammad Rahim,
Edi olam ichra adolatshior.
Jahon ichra anvo’i xayrotni
Ko‘yub ketti o‘zdin qilib yodgor.
Raiyyat zamonida emin bo‘lub,
Duosin mashg‘uli laylu nahor.
Vafotidin o‘ldi bori el g‘amgin,
Tahassur bila yig‘labon zorzor.
Bayoniy to‘kub ashk ta’rixini
Dedim: «Ketdi xusravi jam nomdor».
«Ta’rix»dan ma’lum bo‘lganidek, Muhammad Rahimxon Feruz 1910 yili 66 yoshida vafot etdi.
Ijodiy merosi Shoir Feruz ijodiy merosi bizgacha ancha paro-kanda holda yetib kelgan. Feruz ulug‘ ustozlari Ogahiy, Komil Xorazmiy devonlarini qayta-qayta ko‘chirtirgan, nashr etgirgan. Ahmad Tabibiyni she’rlarini to‘plab devon tuzishga undagan. Ammo o‘z she’rlarini to‘plab nashr etishga sa’y-harakat qilmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning bizgacha yetib kelgan ijodiy merosi u darajada katta emas. Umumiy hajmi 2534 misradan – 98 g‘azal, 7 muxammas, 2 musaddas, 4 masnaviy, 7 ruboiydan iborat.
Muhammad Rahimxon yoshligidanoq o‘zbek mumtoz g‘azalchiligi an’analarini mukammal egalladi. Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy kabi ulug‘ shoirlar she’riyatini chuqur o‘rgandi. Ayniqsa, shoir ijrdiga Ogahiy kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Feruz hayotda Ogahiy o‘gitlariga, mav’izalariga amal qilgan bo‘lsa, she’riyatda uni ustoz bildi, g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Feruzning o‘ziga xos so‘z san’atkori bo‘lib yetishuvida Ogahiy she’riyati ijod maktabi vazifasini o‘tadi:
Komil ersam nazm aro Feruzdek, ermas ajab,
Ogahiydek she’r mashq aylarda ustodim mening.
«Ishqiy g‘azallar piri» deb e’tirof etilgan Feruz lirikasining asosiy mavzui ishq-muhabbatdir. Shoir ushbu mavzuda o‘ziga xos jozibali she’rlar bitdi. Uning lirikasida shohning emas, oddiy insonning – oshiqning ruhiy kechinmalari, iztiroblari o‘z ifodasini topgan. Feruz g‘azallarida yuksak insoniy fazilatlar egasi – oshiq hamda go‘zalliqda yagona, ba’zan mehribon, ba’zan zulmkor ma’shuqa timsoli turadi. Lirik qahramonning e’ti-roficha, ishq borasida shohu qul barobar:
Garchi erurman tole’i Feruz ila olamg‘a shoh,
Lek ul parilar sarvari ol(d)idadurman qul bu kun.
Yoki:
Ishq bir o‘tdurur, nechukkim barq,
Aylamas shoh bila gadoni farq.
Tushsa ondin ko‘ngulga bir uchqun,
Kuydurub boshig‘a solur qaro kun.
Feruzning yuqoridagi misralari Zahiriddin Muhammad Boburning quyidagi mashhur ruboiysini eslatadi:
Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,
Sen shu’lasen, ul shulag‘a men kuldurmen.
Nisbat yo‘qtur deb ijtinob aylamakim,
Shahmen elga, vale sanga quldurmen.
Feruzning bir qator she’rlarida Vatanning ko‘rkam bahori, uning go‘zal tarovati, oshiqning ma’shuqa qadamiga gul barglaridan poyondoz to‘shab, intizor kutishi nihoyatda ta’sirli ifodalangan. «Fasli gul» – bahorning kelishi bog‘larga o‘zgacha bir ziy-nat bag‘ishlaydi. Shoir bunday go‘zal tabiatni g‘animat bilib, undan bahramand bo‘lishga da’vat etadi. U mohir musavvir kabi bahor lavhasini va unga monand ma’shuqaning betakror go‘zal qiyofasini chizadi. Bahor kelishi bilan tabiat, borliq butun go‘zalligini na-moyish etar ekan, ma’shuqaning ham o‘z jamolidan «burqa’» – pardani olib, oshiq ko‘zlarini ravshan qilishini iltijo etadi:
Ochilmish gul, yeturmish bog‘a ziynat, ey sanam, kelgil,
Icharga bir nafas ahbob birla jomi Jam, kelgil…
To‘shab bargini gul yer uzra, tortar intizoringni,
Guliston ichra gul bargi uza qo‘yub qadam, kelgil.
Havodur mo‘tadil, ham fasli guldur, kecha ham mahtob,
Tuzub majlis, icharga lolagun may dam-badam kelgil…
Olib burqa’ jamolingdin qilurg‘a ko‘zlarim ravshan,
Jafou javru zulmingni qilib bir lahza kam, kelgil.
Gahi aylab bahona gul terarga, bu haziningni
Qilurg‘a xayli ushshoq ichra, jono, muhtaram, kelgil.
Sanga Feruz erur bir qul, vale hajringdadur noshod,
Bu qulni shod etarga, ey, nigori muhtasham, kelgil.
Feruzning ishqiy she’rlari, asosan, an’anaviy yo‘nalishda, badiiy tasvir vositalari ham oshiqning hijron kechinmalarini, ma’shuqaning go‘zal husnu jamolini, nozu karashmalarini tasvirlashga qaratiladi. Shoir tasvirida ma’shuqa nihoyatda iltifotli, rahmdil, uning har so‘zi Masih kabi o‘lik jismiga jon ato etadi, uning jamolidan oshiqning shomi subhga, ag‘yorning subhi shomga aylanadi. Oshiq – shoir dilbarining bunday iltifotidan shu darajada mamnunki, unga Ollohdan oliy maqomu shodlik tilaydi:
Bu oqshom keldi ul dilbar adab birla salom aylab,
O‘luk jismimga jon berdi Masihoso kalom aylab.
Shabistonimni qildi orazining mehridin ravshan,
Ochib ruxsoridin parda quyosh yanglig‘ xirom aylab.
Ayon aylab jamolin qildi shomim subhga tabdil,
Yuzi hijronida ag‘yorning subhini shom aylab.
Kelib yuz nav’ nozu ishva birla mehr etib og‘oz,
Qoshimda o‘lturub dedi tilin mo‘jiz kalom aylab
Ki: «Ey, hajrimda ko‘ngli loladek dog‘ uzra dog‘ o‘lgon,
Yurursan bo‘yla toki ayshu rohatni harom aylab?
Visolimg‘a chu yetging shodu masrur aylabon o‘zni,
Bayon ayla menga sen arzi holingni tamom aylab…»
She’rga chuqurroq e’tibor berilsa, shoir tazod, tashbih, savolu javob, talmeh kabi she’riy san’atlarni mohirona qo‘llaganining guvohi bo‘lamiz.
Shoirning quyidagi «Yo, rab» radifli g‘azalida tasvirla-nishicha, ma’shuqa nihoyatda go‘zal, uning «jahonoro jamolidan» oshiq — shoir ham o‘z bazmi uchun ravshanlik istaydi. Ammo u oshiqqa faqat ranju alam keltiradi. She’rda ma’shu-qaning tashqi qiyofasidagi har bir a’zoning go‘zalligini tas-virlash bilan uning oshiqqa keltirayotgan jabr-zulmini ko‘rsa-tadi. Bu bilan shoir lirik qahramon ruhiyatini teranroq inkishof etadi. Lekin har qanday sharoitda ham oshiq yor lutfu karamiga umid bog‘laydi, sabr qiladi:
Etushti hajridin jonimg‘a yuz ranju alam, yo, rab,
Ko‘rub holimni, kam qilmas manga bir dam sitam, yo, rab…
Sochi savdosida doim qorong‘udur manga olam,
Mening bu shomi hijronimg‘a yetkur subhidam, yo, rab.
Jahonoro jamolidin mening bazmimg‘a ham bir tun
Eturg‘aymu ekan ravshanlig‘ ul mahvash sanam, yo, rab.
Agar lutf aylabon o‘z ilki birla bersa bir sog‘ar,
Ko‘ngulda qolmas erdi orzuyi jomi Jam, yo, rab.
Na yanglig‘ sabr qilsun ul quyosh hijronida Feruz,
Ziyod aylar jafosin, aylamas bir zarra kam, yo, rab.
Shoir ma’shuqa tasvirini chizishda mumtoz adabiyotimizda mavjud bo‘lgan timsollar, tashbihlardan juda o‘rinli foydalanadi:
Orazing davrida har yon zulfi anbarmu ekan?
Yo‘qsa ganj ustida yotg‘on ikki ajdarmu ekan?
Oraz — yuz Sharq she’riyatida ganj, ya’ni husn ganji, xazinasi ramzi. Ikki zulf esa — ajdar, ilon. Rivoyatlarga ko‘ra, xazina bor joyda uning qo‘riqchisi — ajdar ham bo‘ladi. Shoir mazkur baytda tashbih san’atini mahorat bilan qo‘llagan.
Feruz she’riyatda qofiyaga alohida e’tibor beradi. Ma’lum-ki, qofiya she’r badiiyatini, musiqiyligini ta’minlovchi asosiy unsurlardan biri. Shu bilan birga, qofiya fikr va g‘oyani bo‘rttirib ko‘rsatishga xizmat qiladi. Feruz she’rlarida qofiyaning deyarli barcha turlarini kuzatish mumkin. Shulardan biri musajja’ — sajli qofiyadir. G‘azali musajja’da har bayt (matla’dan tashqari) misralari to‘rt bo‘lakka bo‘linib, uch bo‘lak o‘zaro qofiyalanadi. To‘rtinchi bo‘lak esa matla’ bilan qofiyadosh bo‘ladi. Sajli qofiya she’rning ohangdorligini orttiradi. Tabiiy-ki, bu shoirdan anchagina mahorat talab qiladi. Feruzning quyidagi g‘azali shu jihatdan alohida ahamiyatga ega:
Shod o‘lg‘il, ey, mahzun ko‘ngul, bu kecha dildoring kelur,
Shirin takallum, gulbadan, la’li shakarboring kelur.
Soz ayla aysh asbobini, ochg‘il tarab abvobini,
Ruxsori olamtobini ochib sevar yoring kelur…
Mahzun qilib ag‘yorni, shod etgali sen zorni,
Tark aylabon ozorni, yori vafodoring kelur.
Ko‘nglig‘a nolang bir sahar ta’sir qilmishdur magar,
Shirin dudoqu siymbar, farxunda diydoring kelur.
Feruzbaxt o‘lg‘il mudom, et no‘sh ishrat birla jom,
Andoqki sarvi xushxirom ozoda raftoring kelur.
She’rning muhim fazilati shundaki, shoir ma’shuqaning bu-un go‘zalligini, uning vafosidan, lutf-karamidan umidvorligini, oshiqning unga bo‘lgan samimiy munosabatlarini go‘zal badiiy san’atlar yordamida tasvirlaydi.
Feruz ijodida ancha ko‘p qo‘llangan san’atlardan yana biri — takrir san’ati. Bu san’at Xorazm adabiyotida, ayniqsa, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Avaz O‘tar o‘g‘li ijodida keng qo‘llangan. Takrir san’ati shoir urg‘u bermoqchi bo‘lgan fikrni ta’kidlab ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Oftoboso jamoling qo‘rgach o‘ldum, ey, nigor,
Beqaroru beqaroru beqaroru beqaror.
Tig‘i ishqi xanjari nozingdin o‘ldum subhu shom
Dilfigoru dilfigoru dilfigoru dilfigor.
Oxu nolam ayladi ishqingni oxir dahr aro
Oshkoru oshkoru oshkoru oshkor.
Javru zulming bo‘lg‘ondur man hazing‘a dam-badam,
Beshumoru beshumoru beshumoru beshumor.
Oy kibi farruh jamoling ko‘rgali yo‘lingda ko‘z
Intizoru intizoru intizoru intizor.
Noz ila sursang samanding sakratib yo‘q sen kibi
Shahsuvoru shahsuvoru shahsuvoru shahsuvor.
Vaslinga yo‘l topsa har kim bo‘lg‘ay ul Feruzdek
Baxtiyoru baxtiyoru baxtiyoru baxtiyor.
Feruz – o‘zbek she’riyati an’analarini chuqur o‘rgangan shoir. U o‘zining buyuk salaflari she’rlariga naziralar yozdi, muxammaslar bog‘ladi. U «Majmuatush-shuaroi Umarxoniy» tazkirasi orqali Umarxon davri Qo‘qon muhiti shoirlari ijodi bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Ma’lumki, ushbu tazkirada Amiriyning mashhur:
Lab uyur takallumg‘a, zulfini parishon qil,
Qand qimmatin sindur, narxi anbar arzon qil, –
matla’li g‘azali berilgan. Bu g‘azalga Amir Umarxon saroyida ijod qilgan Fazliy Namangoniy, Ado, Nusrat, Hoziq, keyin-roq Uvaysiy, Muqimiy, Hamza kabi o‘ndan ortiq shoirlar nazira bitdilar. Amiriyning mazkur g‘azali hazaji musammani ashtar, ya’ni: foilun mafoiylun foilun mafoiylun vaznida yaratilgan. Ushbu g‘azal Muhammad Rahimxonda chuqur taassurot uyg‘otadi. Natijada, u she’rning vazni, qofiyasi, radifi va mavzuini saqlagan holda unga nazira yozgan:
Gul yuzung ochib, ey, gul, majlisim guliston qil,
Mehri orazing uzra kokulung parishon qil.
Ilkinga olib sog‘ar, no‘sh etib mayi gulrang,
Jonfizo tabassumdin lablaringni xandon qil.
Azmi gulsiton ayla zulfunga berib ziynat,
Rashk o‘tig‘a sunbulning paykarini so‘zon qil.
Ko‘zunga chekib surma, yuzunga urub g‘oza,
Lola birla nargisni ul ikovga hayron qil.
Rashk tig‘idin qilsun gul yuzini yuz pora,
Gulshan ichra ruxsoring har taraf namoyon qil.
Hasrat o‘tig‘a kuysun qomating ko‘rub shamshod,
Qaddi nozparvardek noz ila xiromon qil.
Lutf etib agar yoring kelsa bazminga, Feruz,
Bu aziz joningni maqdamig‘a qurbon qil.
Feruz masnaviy janrida ham muvaffaqiyatli qalam tebratdi. Jami 706 misrani o‘z ichiga olgan to‘rt masnaviysi buning yorqin dalili. Har to‘rtala masnaviy ham diniy-tasavvufiy ruhda bitilgan. Quyidagi misralar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:
Sensan iki kavn aro panohim,
Rahm aylabon afv qil gunohim.
Ko‘nglum uyin aylagil sarosar,
Tavhid charog‘idin munavvar.
Toatda qadimni aylagil xam,
Lutfung manga hargiz etmagil kam.
Man zorg‘a tavba ato qil,
Fayzingg‘a zamirim oshno qil.
Ma’lumki, sho‘rolar zamonida «feodal-saroy adabiyoti» va unga mansub bo‘lgan shoirlar, ayniqsa, saltanat sohiblari nomi qoralangan edm. Faqat mustaqillik tufayli ular ijodini o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Muhammad Rahimxon Soniyning adabiy ijodi, uning Vatan obodonligi, xalq farovonligi, ilm-fan, maorif va madaniyat ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi bugungi kunda izchil o‘rgakilmoqda. U masnaviylaridan birida Ollohga iltijo qilib shunday yozgan edi:
Dahr eliga garchi podshoman,
Ehsonig‘a mustahiq gadoman.
Ko‘btur manga rahmatingdin umid,
Qilma mani — notavonni navmid.
Qil baxt ila tole’imni Feruz,
Har bir qunim ayla iydi Navro‘z.
Uning umidlari, iltijolari ijobat bo‘ldi. Shoir vafotidan 80 yil o‘tgach, mustamlaka kishanlari parchalandi. Yurt ozod bo‘ldi. Milliy istiqlol bois Feruzning xazon bilmas ikkinchi umri boshlandi.