Ulug‘bek Dolimov. Ahmad Tabibiy (1869-1910)

Ahmad Tabibiy – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Xorazm adabiy muhitida faoliyat ko‘rsatgan sermahsul ijod sohibi. U badiiy adabiyotning deyarli barcha turlarida ijod qildi, betakror asarlar yaratdi, ustozlari Munis, Ogahiy, Komil kabi o‘ziga xos shoir, dostonnavis, tarjimon, tazkiranavis bo‘lib tanildi.

Ahmad Tabibiy shaxsiyati, ijodiy merosi haqida dastlab Muhammad Yusuf Bayoniy, rus turkshunosi A. N. Samoylovich, shoirning zamondoshi Hasanmurodqori Muhammadamin Laffasiy asarlarida ma’lumot berilgan. Laffasiy yozadi: «Feruzning farmoni ilan Ahmadjon dag‘i Tabibiy taxallusi bilan she’r mashqin qilib, ancha abyotlar yozib, Feruzga maqbuli tab’ bo‘lib, to‘rt mujallad devon asar tab’ qilibdur. Ikki mujallad forsiy tilida, ikki mujallad turkiy — o‘zbek tilida bo‘lib, onlardan digari Feruzning farmoni bilan bir yil muddat ichra jami shuaroni tartibga solib, yozib chiqadur».

Ahmad Tabibiyning ijodiy faoliyati haqvda ma’lumot, uning asarlaridan namunalar 1945 yilda tuzilgan «O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi» va Rahmat Majidiyning «O‘zbek adabiyoti» ki-tobida ham berilgan. Bulardan tashqari, filologiya fanlari doktori M. Yunusovning «Komil Xorazmiy» (T., 1960), V. Mirzayevning «Avaz O‘tar o‘g‘li» (T., 1961), professor G‘. Karimovning «O‘zbek adabiyoti tarixi» (uchinchi kitob, T., 1987) asarlarida ham Ahmad Tabibiy haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud.

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti, uning namoyandalari ijodi haqida yaratilgak deyarli barcha ilmiy adabiyotlarda Ahmad Tabibiy ijodiga oid fikr va mulohazalar uchraydi.

 

Hayot yo‘li

1968 yili F. G‘anixo‘jayev Tabibiyning hayoti va ijodiy merosi mavzuida nomzodlik dissertatsiyasi yoqdadi. Shu yili uning «Tanlangan asarlar»ini nashr ettirdi. 1978 yili esa «Ahmad Tabibiy» (hayoti va ijodi) nomi bilan u haqdagi monografiyasini e’lon qildi.

Ahmad Tabibiy 1869 yili Xorazm xonligining siyosiy va madaniy markazi Xiva shahrida tug‘ildi. Uning otasi asli afg‘onistonlik, keyinchalik Xorazmga kelib turg‘un bo‘lib qolgan Ali Muhammad Xivaning mashhur tabiblaridan edi. U kichik do‘koncha ochib, attorlik bilan ham shug‘ullangan. Ali Muhammad o‘g‘lining o‘qishiga katta ahamiyat berdi. Fors, arab tillarini chuqur o‘rganishiga rahnamolik qildi, tabiblikni o‘rgatdi. Shuning uchun ham Ahmad o‘ziga «Tabibiy» taxallusini tanladi. Uning she’riyatdagi shuhrati keng yoyildi. Natijada Muhammad Rahimxon Feruz uni saroyga taklif qildi. Tabibiy saroyda ekan, Avaz kabi qobiliyatli shoirlarga ustozlik qildi. Bu haqda Laffasiy tazkirasida quyidagilarni ta’kidlaydi: «Aksari vaqtlar Avaz O‘tar bilan ulfatlig‘ qilib, shaxmat o‘yinig‘a mashg‘ulotlig‘ qilib, o‘zlariga taskinlig‘ bilan she’r mashqini qilib turadur erdilar… Hamma vaqtlar tanbur chertib, o‘z shikasta xavotirig‘a tasalli berib turadur erdi».

Avaz O‘tar o‘g‘li ham Tabibiyni ustozi sifatida hurmat qildi, she’riyatda uningdek bo‘lishga intildi:

Ne g‘am emdi, Avaz, nazm ilmida bo‘lsang Tabibiydek,
Ki derlar, ko‘rgan el nazmingni, ustodingga sallamno.

Laffasiyning yozishicha, Tabibiy past bo‘yli, ochiq chehra, shirin so‘z, nozik tabiat kishi bo‘lgan. Shaxmat bilan tanburni g‘oyat xush ko‘rgan. Bir she’rida yozadi:

Tabibiykim, anga tanbursiz bazm ichra rohat yo‘q,
Chekar Mutrib ani yo bazmidin soz aylabon tanbur.

Shoir saroyda she’riyat, ilm-ma’rifat ahli o‘rtasida katta hurmatga ega bo‘ldi, xon e’tiborini qozondi, tabib sifatida kishilar dardiga davo izladi. U xon saroyida uyushtirilgan mu-shoiralarda, haftaning har juma va dushanba kuni o‘tkaziladigan kitobxonlik yig‘inlarida ishtirok etdi. Shunga qaramay, Tabibiy o‘z tirikchiligini saroyga bog‘lab qo‘ymadi. Kichik do‘kon ochib, dori-darmon savdosi bilan shug‘ullandi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shoir she’rlarida hayot tarzi, muhtojligi haqida kuyunib aytgan fikrlarga duch kelamiz. Jumladan, «Po‘stin» radifli she’rida u shunday yozadi:

Adamdin to kelib qildim bu qashshoq xonani maskan,
Kiyarga topmadim umrim o‘tib, men banavo po‘stin…

Sovuqdin goh qochib kirsam ichiga qaltirab, qaqshab,
Tanimg‘a parvarish qilg‘ay edi misli ano po‘stin…

Bu qish ichra tarahhum aylabon miskin Tabibiyning,
Tani uryoniga bergay Xudo chakmon va yo po‘stin.

Xon Tabibiyning kuchli iqtidorini bilib, unga mas’uliyatli ishlarni topshirardi. Yig‘inlarning birida Xorazm shoirlari tazkirasini tuzishini amr etadi. Bayoniy bu voqeani shunday hikoya qiladi:

«Xon hazratlari Tabibiyg‘a amr etdilar, tokim ul g‘azallarni masnaviy zimnida jam’ qilib, bir kitob etgay. Tabibiy farmon mujibi bilan amal qilib, ul g‘azallarni jam’ qilib, har g‘azalni yozmoqchi bo‘lg‘onda, masnaviy bila ul g‘azalni aytg‘on kim erkanin bayon etib, bu tariqada tamomi g‘azallarni jam’ qilib, tamom etib, ul kitobg‘a «Majmuatush-shuaro» ot qo‘yuldi». Bayoniy voqeani bayon etgach, shoirni quyidagicha ta’riflaydi:

Tabibiykim, shoiri muhtaram,
Netay oni atvorin aylab raqam.

Maorifda o‘zni tutar ko‘b orif,
Majolisda dog‘i harifu ta’rif.

Bir oynadur so‘zlari sarbasar,
Ramuz oni aksidadur jilvagar…

Ahmad Tabibiy «Majmuatush-shuaro»ni 1909 yili poyoniga yetkazdi. Uning qurilishi va uslubida Qo‘qonda tuzilgan Fazliy Namangoniy tazkirasining ta’siri seziladi. Har ikkala tazkira bir xil nomlangan. Faqat birini ikkinchisidan farqlash uchun hukmdorlarga bog‘lab, «Majmuatush-shuaroyi Umarxoniy» va «Majmuatush-shuaroyi Feruzshohiy» deb aytish udum bo‘lgan.

Laffasiy ma’lumotiga ko‘ra, Ahmad Tabibiy yoshligida jigar xastaligiga yo‘liqqan va shu kasallik bilan 42 yoshida vafot etgan. Laffasiy yozadi: «Ahmadjon Tabibiy Feruz – Muhammad Rahimxon vafotidan keyin ancha muddatlar o‘tmasdan jigar xastaligiga mubtalo bo‘lib… qirq ikki yoshida, 1328 hijriy, 1910 yil oktyabr oyinda… falaki zolim jafokordin shikvalar qilib, ko‘ngul maqsudig‘a yetisha olmasdan bul dunyodin ko‘z yumib, oxirat safari qilib, jannat bo‘stonida manzil qiladur».

 

Adabiy merosi

Ahmad Tabibiy qisqa umri davomida salmoqli adabiy meros qoldirdi. Uning besh devoni bor. «Tuhfatus-sulton», «Munisul-ushshoq», «Hayratul-oshiqin» devonlari o‘zbek tilidagi she’rlaridan, «Mir’otul-ishq», «Mazharul-ishtiyoq» devonlari esa fors-tojik tilidagi she’rlaridan tashkil topgan. Bundan tashqari, shoir katta hajmdagi «Vomiq va Azro» dostoni muallifi. Tazkiranavis sifatida «Majmua-tush-shuaroyi Feruzshohiy»ning tuzuvchisi. Tarjimon sifatida Fuzuliyning «Haft jom» asarini fors tilidan tarjima qildi. Nihoyat, u yosh iste’dodlarning sevimli ustozi edi.

U yoshlik chog‘laridayoq she’rlari bilan nazm muxlislari e’tiborini qozondi. Zullisonayn shoir sifatida o‘zbek va fors-tojik tillarida salmoqli she’riy meros qoldirdi. Ta’kidlash kerakki, u bu ishlarga xon rag‘bati, hatto topshirig‘i bilan kirishgan edi. Shoir «Munisul-ushshoq» devoni «Debocha»sida quyidagilarni yozadi: «Bu faqir qo‘lida jam’ bo‘lg‘on kitobning soni besh devondur. Alarning uchtasi turkiy va ikkitasi tojikchadur. Birinchisini adolatli shohg‘a hadya qilish sababidin «Tuhfatus-sulton» deb atadim, ikkinchi devong‘a oshiqlar unsiyati sababidin «Munisul-ushshoq» («Oshiqlar do‘sti») nomi berildi. Uchinchisig‘a faqat ishq holatlaridan gapirilgan vajhdan «Mir’otul-ishq« («Ishq oynasi»), deb nom qo‘ydim. To‘rtinchi devong‘a oshiqlar o‘qib hayron bo‘lsinlar deb, «Hayratul-oshiqin» deb ism berildi. Beshinchisi bedillar ishtiyoqi jilvagohi bo‘lg‘oni sababidin «Mazharul-ishtiyoq» («Ishtiyoq izhori») deb ataldi».

Yuqorida zikr qilingan besh devonning birinchisi Dushanbedagi akademik A.A.Semyonov uy-muzeyida, qolgan to‘rttasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur besh devon shoir umrining so‘nggi besh yilida tartib qilingan.

Tabibiy Alisher Navoiy va Fuzuliy ijodiga alohida ixlos bilan qaradi. Umuman, unda an’anaviylik kuchli. U saroyda xonning e’tiborida bo‘lishiga qaramay, hamisha nimadandir ko‘ngli to‘lmaydi, hayotdan qoniqmaydi, dilgir yashaydi. Ishqiy she’rlarida ham ijtimoiy ohanglar yangrab turadi. «Charx jafosi», «majruh, afgor jism», «falak»ning «kaj» («teskari»)ligi, «berahm»ligi tez-tez tilga olinadi. «Falak» radifli she’rida «nodonni aziz va mukarram aylab», «dono kishilarni asru xor etgan» falakdan shikoyat qiladi. Ikkinchi bir she’rida esa zamonasining ijtimoiy manzarasini shunday chizadi:

Olamga boqsang, hosili boshtin oyoq kulfat erur,
Bir rohatining keynida behaddu son mehnat erur.

Bir oshiqikim, lahzaye topsa visoli dilbarin,
Doim hamul bechorag‘a so‘ngra g‘ami furqat erur.

Yo‘qtur jahong‘a e’timod ushbu jihatdin, ey qo‘ngul,
Kim inqilob etmak anga davron aro odat erur.

Bas, shunday ekan, yagona yo‘l qoladi: imkon qadar insonlarga yaxshilik qilmoq, naf’ yetkazmoq. Yolg‘iz shu yo‘l bilangina kishilar boshiga berahm davron tomonidan otilayotgan jabru jafo toshlari zahrini kamaytirish mumkin. Shoir davron manzarasi tasvirida yana buyuk ustozi Navoiyning odamiylik haqidagi hikmatlariga ergashadi:

Ikki jahonning komini gar istar ersang, ey ko‘ngul,
Kelgancha qo‘ldan xalqg‘a yetkur, base, takror naf’.

Tabibiy she’riyatining mazmun-mohiyatini, ruhini tushunib olishda zamondoshi, rus sharkshunosi A.N.Samoylovichning shoir haqidagi xotiralari alohida ahamiyatga ega. Taniqli turkshunos 1909 yili Xivaga kelgan, 1638 sahifalik «Majmuatush-shuaro»ni erinmay o‘qib chiqqan va uning tuzuvchisi bilan uzoq suhbatlar qurgan edi. So‘ng esa, majmua haqida kattagina taqriz e’lon qildi. Olim XX asr boshidagi an’anaviy she’riyatimiz namunalarini kuzatar ekan, unda yangi adabiyotga xos xususiyatlar paydo bo‘layotganini nozik his qiladi va buni Tabibiy misolida shunday tushuntiradi:

«Shoir, aytishiga qaraganda, erkin fikrli qarashlari sababli madrasadagi musulmon fanlarining to‘la kursini o‘zlashtirishdan voz kechgan, — deb yozadi u Ahmad Tabibiy haqida. – U Xivaga xivaliklarning mustamlakachilar — ruslar, nemislar bilan, tatarlar bilan bevosita aloqalari tufayli va undan tashqari yangi yo‘nalishdagi tatarcha, usmoncha kitoblar, jurnallar va gazetalar orqali kirib kelayotgan yevropacha ilm mazasidan jindak tatigan. Hukmdorining topshirig‘i bilan dori-darmon uchun Mashhadga borib, o‘sha yerda malaka oshirib qaytgan Ahmad Tabib musulmoncha usulda tabiblik qiladi. Va, chamasi, bu xivalik leyb-medik o‘z «ilm»i ustidan pinhona kuladi. Kuzatishimcha, «Majmua» muharririning o‘z jonajon O‘rta Osiyo adabiyotining benihoyat uzoq va mutlaqo yakrang asrini kechirayotgan hozirgi qiyofasiga ham munosabati xuddi shunday. Va yosh Xivaning adabiyot sohasida yakka-yolg‘iz bo‘lmagan bu vakili, garchi hozir aflotunchasiga bo‘lsa-da, usmonli, turkiy-qozon, turkiy-kavkazcha eng yangi asarlarga, tarjima va originallarga, shubhasiz, moyil. Shoirning menga o‘z qalamkash birodarlarini «bularning hammasi uchun Mir Alisher Navoiy o‘rnakdir, lekin hech biri uning iste’dodiga ega emas»,— deb ta’riflaganidagi dilgir-nafratchan yuz ifodasi shundoq esimda».

Shundan bo‘lsa kerak, Ahmad Tabibiy ijodida ma’rifat mavzui, ma’rifatparvarlik g‘oyasi muhim o‘rin egallaydi. Shoir hayotni tubdan yaxshilovchi, jamiyatni, mamlakatni qoloqlikdan, zulmatdan qutqaruvchi, xalqni farovon hayotga yetaklovchi yo‘l – ma’rifat deb bildi. Shoirning fikricha, ilm-ma’rifat johilni, g‘ofilni jaholat uyqusidan uyg‘otadi, uning hayotiga fayz bag‘ishlaydi. Tabibiy ilmni targ‘ib qilar ekan, uni egallash uchun qunt bilan mehnat qilish zarurligini ta’kidlaydi:

Kimdakim ahli jahondin bor ilmu ma’rifat,
Kilg‘usidur oni barxurdor ilmu ma’rifat…

G‘aflatu jahl uyqusig‘a g‘arq bo‘lgon shaxsni
Fayz birla ul qilur bedor ilmu ma’rifat.

Ey birodar, olimu orif bo‘lurg‘a jahd qil,
To yeturgay qo‘nglunga anvor ilmu ma’rifat.

Ilm birla ma’rifat ta’limini tark etmagil,
Hosil et borincha jon, takror ilmu ma’rifat.

Yuqorida aytganimizdek, Ahmad Tabibiy she’riyatiga Fuzuliyning ta’siri katta bo‘lgan. Birgina Tabibiy emas, umuman, Xorazm adabiy muhitida ulug‘ ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliyning ta’sir doirasi – nufuzi katta. Munis, Ogahiy, Rojiy, Komil, Feruzlar Fuzuliy g‘azallariga muxammaslar, taz-minlar bitdilar. 1908 yili Ahmad Tabibiy Fuzuliyning fal-safiydidaktik dostoni «Haft jom» («Etti jom»)ni fors tilidan tarjima qildi. Bundan tashqari, Fuzuliyning ushbu dostoni ta’sirida «Etti ravza» («Etti bog‘») nomli axloqiy-ta’limiy doston yaratdi. Ushbu doston 7 ravza va 14 hikoyadan tashkil topgan. Hikoyalar Muslihiddin Sa’diy «Guliston»idagi hikoyalarni eslatadi:

Erur tarbiyatda ajab xosiyat,
Ki aksarg‘a ta’sir etar tarbiyat.

Agar tarbiyat qilmas ersa asar,
Topilmas edi hech sohibi hunar.

Chu ustoddin yetsa qattig‘ suxan,
Bo‘lur jahl uchun daf’i ranj mihan.

Dostonning har bir bobi muayyan axloqiy-ta’limiy masalaga bag‘ishlangan. Masalan, asarning birinchi bobida — karam va saxovat, ikkinchi bobida – ilm va ma’rifat, uchinchisida — sabr va qanoat, to‘rtinchisida – sevgi-sadoqat haqida gap ketadi va hokazo. Har bir ravza – bob uchun alohida hikoyatlar keltiriladi. Muallif har bir mavzu bo‘yicha o‘z fikr-qarashlarini bayon etadi. So‘ng unga mutanosib bir axloqiy hikoya ilova qiladi.

Tabibiy adabiyotimiz tarixida dostonnavis shoir sifatida tanilgan. U Sharq adabiyotida mashhur bo‘lgan «Vomiq va Azro» afsonasining she’riy variantini yaratdi. Mazkur mavzuga ham «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»dagi singari juda ko‘plab shoirlar murojaat qilganlar va turli variantlarini yaratganlar.

Ushbu doston ham shoirning boshqa ko‘plab asarlari singari Muhammad Rahimxon Feruz amri va homiyligida maydonga keldi.

Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha: Sabo mamlakatining podshohi Nosir o‘g‘il ko‘radi, unga Vomiq ism qo‘yadilar. U yoshligidan ilm-ma’rifatga beriladi, yunon donishmandi Maobid unga murabbiylik qiladi va juda qisqa muddatda el nazariga tushadi.

Jabilso mamlakati shohining qizi Azro kanizaklari bilan sayr qilib, Shahrisabzga keladi va Vomiqni ko‘rib, sevib qoladi. Azro o‘z shahriga kelib, rasmini chizdiradi va uni Vomiqqa yuboradi. Rasm Vomiqning otasi Nosir qo‘liga tushadi va uni o‘g‘liga ko‘rsatmay, undan yashiradi.

Bu o‘rtada Nosir vzfot etadi. Vomiq tasodifan rasmni ko‘rib, Azroga oshiq bo‘lib qoladi. Vomiq sevgilisini izlab, Jabilsoga yo‘l oladi. Dostonda uch juft sevishganlar: Vomiq va Azro, Osaf va Shakardo‘xt, Naim va Havrolarning sarguzashtlari ancha ta’sirli ifodalangan. Nihoyat, ular bir-birlariga yetishib, to‘ylari bo‘ladi. Vomiq Jabilsoga shoh etib tayinlanadi. Vomiq va Azro o‘g‘il ko‘radilar va unga Nosiri soniy (Ikkinchi Nosir) deb ism qo‘yadilar. Qarib qolgan Vomiq o‘g‘liga mamlakatni adolat bilan boshqarish haqida vasiyat qiladi:

…Haris o‘lma jahon molig‘a aslo,
Karamni pesha qil o‘zga mudomo.

Sipah xaylig‘a qil in’omu ehson,
Raoyoni etib lutf ila shodon.

Yana bo‘lg‘il hamisha sohib insof,
Zamonni qilmag‘il xarjingda isrof…

Ulum ahlig‘a qil doim muhabbat,
Jaholat ahlidin et asru nafrat…

Dostonda sevgi va sadoqat, do‘stlik, ilm-ma’rifat, xalqparvarlik va vatanparvarlik, qahramonlik g‘oyalari tarannum etilgan. Obrazlar talqinida Nizomiy va Navoiy dostonlari ta’siri qo‘zga tashlanadi. Ayniqsa, Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi tasvir vositalaridan keng foydalangan. Har ikki asarning vazni ham bir xil: hazaji musaddasi mahzuf (mafoiylun mafoiylun faulun).

Shoir «Vomiq va Azro» dostoni xotimasida quyidagilarni yozadi:

Bihamdillahki, Xoliq yovar o‘ldi,
Mute’im baxtu tole’ chokar o‘ldi.

Ki, ya’ni nusxai «Azro va Vomiq»,
Mururi soli sak ichra muvofiq.

Demak tarixini chun joyiz erdi,
Mingu uch yuz yigirma sakkiz erdi.

Demak, ushbu doston it yili, 1328 hijriy, 1910 milodiy yilida yozib tugatilgan. So‘ng Muhammad Yusuf Chokar tomonidan 2 nusxa ko‘chiriladi. Asar 16200 misra — 81 bobdan tashkil topgan.

Tabibiyning «Vomiq va Azro» dostoni o‘zbek mumtoz adabiyotining doston janridagi go‘zal yodgorliklaridan biri sifatida qadrlidir.