Karimbek Kamiy — milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyo-tining yirik vakillaridan biri. Shoir Amoniyning «Dar madhi janobi mavlono Kamiy Toshkandiy» she’rida shunday misralarni o‘qiymiz:
Ayladi Farg‘onani bul dam musaxxar har so‘zi,
Balki Islombulni oldi qavli mavlono Kamiy.
Kamiy so‘zlarining Farg‘onaga yetib borganligiga shubha yo‘q. Uning she’rlari asr boshida boshqa bir xonlik hududida — Kogonda chop etilgan bayozlarda uchraydi. Xorazmlik shoir Ilyos Mulla Muhammad o‘g‘li So‘fining Kamiy g‘azaliga yozgan muxammasi bor. Shoirning «Murabba’i dar ta’rifi maktab» she’ri 1906 yildayoq Sankt-Peterburgda chiqadigan «Ulfat» gazetasida bosilgan. Bularning barchasi Kamiy she’rlari asrning dastlabki yillaridayoq Turkiston chegarasidan chiqa boshlaganini ko‘rsatadi. Amoniy aytmoqchi, mavlono Kamiy so‘zlari «balki Islombulni oldi». Darhaqiqat, shunday. 1918 yil Istanbulda chop etilgan M.F.Ko‘prulizodaning «Turk adabiyotida ilk mutasavviflar» kitobida Kamiy ijodidan namunalar uchraydi. Bu 10-yillarda shoir she’rlarining Turkiyaga qadar yetib borganiga dalolat qiladi.
Ijodini o‘rganish tarixidan
Shoir Karimbek Kamiy ijodi o‘z davrida ham e’tiborsiz qolmadi. Unga she’riyatning pastu baland ko‘chalarida yurgan keksayu yosh avlod o‘z munosabatini bildirdi. Shulardan biri Muqimiydir. Mavlono Muqimiy do‘stiga yozgan maktublaridan birini «Birodari kiromiy mavlaviy Kamiy» deb boshlaydi. Bu yerda Muqimiyning Kamiyga munosabati, qolaversa, unga bergan bahosi o‘z aksini topgan. Kamiyning shogirdlaridan biri Sidqiy Xondayliqiy o‘z ustozini «suxanvarliq iqlimida shuhrabardoru oliyshon» deb ta’rif etadi. O‘shlik shoir Amoniy esa shoir tavsifiga alohida she’r bag‘ishladi. Unda Kamiyni «xushfasohat iqlimiga shoh», «lisonul-g‘ayb» deya vasf etdi. Uning shoirlik fitratida «fayzi ilohiydan asar» ko‘rdi.
Lekin shoir ijodiga munosabat bir xilda bo‘lib qolmadi. Anbar Otin, Ibrohim Davronlarning Kamiy ijodiga nisbatan tanqidiy fikrlari ham borki, bu — ular orasidagi adabiy-estetik va falsafiy qarashlarining turli xilligi bilan izohlanadi.
Shoir vafotidan keyin uning ijodi va shaxsiga baho berish sho‘ro adabiyotshunosligi zimmasiga tushdi. G‘ayri milliy mafkuraga asoslangan mazkur adabiyotshunoslik ilmi ba’zi hollarda shoirni «Vatan xoini», «xalq dushmani», «millatchi jadid», «kontrrevolyudion» shoir sifatida baholab keldi. Natijada Kamiy ijodi o‘nlab yillar xalq nigohi va tadqiqotchilar nazaridan chetda qolib ketdi. Lekin XIX asr oxiri XX asr boshlari o‘zbek adabiyo-ti, mazkur davr ma’rifatparvarligi va ayniqsa, Toshkent adabiy muhiti haqida so‘z ketganda Kamiy ijodi va uning nomini chetlab o‘tishning iloji yo‘q edi. Shu bois sho‘ro mafkurasi davrida ham ba’zi xolis adabiyotshunoslarimiz uning shaxsini oqlab, ijodini yoqlab chiqishga harakat qildilar. Adabiyotshunos M.B.Solihov shoirning «Soldi beilmliq xatolarg‘a» deb boshlanadigan muxammasini «Jadidizmning go‘zal adabiyoti»ga kiritdi va o‘z kitobidan (O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari. T., 1932, 14-bet) joy berdi. 1950 yili Moskvada «Antologiya uzbekskoy poezii» majmuasi bosmadan chiqdi. Majmuada Kamiy haqida muxtasar ma’lumotnoma va S.Someva tarjimasida shoirning «Murabba’i dar ta’rifi maktab» she’ri kiritildi. Ma’lumotnomada «Kamiy O‘zbekistonda ilg‘or fikrning namoyandalaridan biri» deyiladi. 1960 yil bosmadan chiqqan «O‘zbek adabiyoti» majmuasida (4-jild 1-kitob) Kamiy ijodidan ba’zi namunalar berildi. 70-yillardan boshlab G‘.Karimov, B.Qosimov, A.Jalolov, M.Hamidova, M.Zokirovlarning maqola va tadqiqotlarida Kamiy shaxsi va uning ijodiga mo‘tadil yondoshish boshlandi. 90-yillarga kelib shoir ijodini maxsus tadqiq etishga kirishildi. Vaqtli matbuot sahifalarida uning hayot va ijod yo‘liga oid maqolalar, adabiy merosidan ba’zi namunalar chop etila boshladi. Nihoyat, 1998 yili Kamiyning 4500 misraga yaqin she’rlar majmuasi «Dilni obod aylangiz…» nomi bilan nashr etildi. Bu bilan shoir ijodini xalqqa tanitish, ilmiy muomalaga olib kirish va adabiyotdagi o‘rnini belgilash imkoni yaratildi.
Kamiy ijodi Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining ajralmas bir qismi ekanligiga XX asrda tuzilgan Mo‘minjon Toshqinning «Toshkent shoirlari» (1948), Po‘latjon Qayyumiyning «Tazkirai Qayyumiy» (60-yillar) tazkiralari ham guvohlik beradi. Bularning har ikkalasida ham Kamiy ijodiga to‘xtab o‘tilgan. Ayniqsa, M.Toshqin tazkirasi shoir hayoti va ijodini o‘rganishda asosiy manba bo‘lib turibdi.
Tarjimai holi Karimbek Kamiy 1865 yili Toshkent shahrida, choponfurush savdogarlar oilasida dunyoga keldi. Otasi Sharifbek zamonasining savdogar boylaridan bo‘lishi barobarida, ilmu ma’rifatga xayrixoh, adabiyotga ixlosmand kishilardan edi. Oilada bo‘lajak shoirning o‘qishiga alohida e’tibor berildi. Boshlang‘ich ta’limni Mozorxon mahallalik Mansurxon domladan oldi. Maktab o‘quv dasturi doirasida Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Bedil, So‘fi Olloyor she’riyati bilan ta-nishdi. Bu – yosh, qiziquvchan Karimbek ko‘ngliga she’r ishqini soldi. Boshlang‘ich maktabni tugatgach, «Beklarbegi» madrasasiga o‘tib o‘qishni davom ettirdi. Shu madrasaning mashhur mudarrisi Shomahmud Oxundda «xatmi kutub» qildi. Kamiy talabalikdan keyin ham shu madrasa hujralarida qolib, faqirona hayot kechirdi. Oila ham qurmadi. Shoirning:
To‘lmasinmu hasratu g‘amg‘a ichu toshim mening,
Tashlabon ketsa pari ruxsor yo‘ldoshim mening.
Ko‘z tutardim bir kuni qilg‘ay vafo deb, ohkim,
Bevafolig‘ zohir etti ul qalam qoshim mening,—
baytlari va yana bir necha g‘azallari uning so‘qqabosh hayoti sabablarini ma’lum darajada izohlaydi.
90-yillarga kelib Kamiy ustoz shoirlar qatoridan o‘rin oldi. Endi uning hujrasi zamonasining katta shoirlari va she’r ix-losmandlarining markaziga aylandi. Bu yerda ko‘ngilochar adabiy suhbatlar qurildi, yangi ijodiy kuch baxsh etuvchi she’rxonliklar tashkil etildi. Chunonchi, Kamiyning:
Eduk afsurdatab’u tiyraxotir necha muddatdin,
Ko‘ngil bo‘ldi munavvar, chashmimiz ravshan bu suhbatdin.
Ochildi g‘unchai maqsud, ko‘kardi sabzai ummid,
Bahori suhbat, arbobi fazlu ahli fitnatdin,-
baytlarini o‘z ichiga olgan g‘azali mana shunday fayzoso suhbatlardan biri haqida bo‘lgan edi.
Shoirning ba’zi bir she’rlari va ayrim manbalar uning 1899 yili Chimkent, 1911 yili Andijon va Qo‘qon, 1912 yilda esa Chimkent, Sayram, Avliyoota safarlarida bo‘lganligidan dalolat beradi.
Shoir Kamiy 1922 yilning yozida 57 yoshida vafot etdi.
Ijodiyoti
Kamiy sermahsul mumtoz she’riyatimizning g‘azal, murabba’, muxammas, musaddas, ruboiy, qit’a, fard kabi janrlarida qalam tebratdi. Ijtimoiy-falsafiy ruhaagi manzumalar yozdi. Adabiy-ijtimoiy hayotdagi eng muhim voqealar sanasini o‘zida darj etgan ta’rixlar yaratdi. Shoirdan 6000 misraga yaqinroq adabiy meros qolgan.
Kamiy she’riyati shaklan va mazmunan xilma-xil. Shoirning jo‘shqin ishqiy g‘azallari, zaharxanda va dadil ijtimoiy manzu-malari, millat kelajagiga kuyunib, uning farzandlarini ilm-ma’rifatga da’vat etgan she’rlari o‘z davrida katta mavqega ega bo‘lgan.
Kamiy o‘z ijodining dastlabki bosqichidayoq o‘ziga xos badiiy tafakkur tarziga va o‘z adabiy estetik qarashlariga ega ijodkor ekanligini ko‘rsata olgan. Shoirning 1894 yilgi bayozidan o‘rin olgan:
O‘qing ash’ori bikru fikrni aylang tasarrufkim,
Atorud tashlasun qo‘ldin qalamni ko‘kda hayratdin,-
misralari mana shunday fikrga kelishimizga asos bo‘la oladi. U o‘z zamondosh shoirlari oldiga fikrni o‘zgartiradigan, qotib qolgan tafakkurlarni isloh qiladigan mutlaqo yangi — bokira bir she’r yozish talabini qo‘yadi.
Kamiyning ijodiy merosi, avvalo, o‘z bayozlari va shaxsiy arxividagi qo‘lyozma varaqalar shaklida bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, keyinchalik tuzilgan qo‘lyozma va toshbosma bayozlar hamda o‘z davrida chiqqan ba’zi gazeta va jurnallar ham shoir adabiy merosining asosiy manbalaridan bo‘lib hisoblanadi.
Ishqiy lirikasi
Kamiy ijodiyotining asosiy qismini ishqiy lirika tashkil qiladi. Xo‘sh, shoir lug‘atida ishq nima? Buni biz:
Ishqdir olamda bir rohatfizoy komil asar,
Mabdayi ayni sirishku mazhari ohi sharar,-
misralaridan anglab olgandek bo‘lamiz. Uning nazdida ishq barchani hayratga soluvchi bir «komil asar». Ko‘z yoshining manbai ham u, o‘tli ohning mazhari ham u. Aynan mana shu yerda azaliy va abadiy ishqning tabiati ochilganday. Shunday ishq egasi bo‘lmagan inson – inson emas. Shuning uchun ham Kamiy:
Dilekim, onda yo‘qdur otashi ishq
Ki, andin sham’ ila parvona yaxshi,-
deydi. Tabiiy, ishq har bir oshiq qalbida bir bor yangilanadi. Unda yangicha kechinmalar uyg‘otadi, ohorli tuyg‘ular tug‘diradi.
Bunga o‘sha oshiqning ma’shuqasi, uning fe’l-atvori, o‘ziga xosliklari sabab bo‘ladi. Kamiyning ham she’riyatda o‘z ishqiy olami va o‘z ma’shuqasi bor. Bu yor ham o‘ziga xos suvratu siyratga ega. U husnu malohatda shunday go‘zalki, naqqosh Moniy ko‘rgan zamon hayratdan qotib, chizib turgan suvratini ham chizolmay qoladi. Bu yorning ruxsori olamni yoritadi. Hatto «ul zeb bul mohi tobonlarda yo‘q». Bu husn shunday tarovatga egaki, undan o‘zi mast qilish xususiyatiga ega bo‘lgan sharob mast emish: «Mast ermish sharob husningdin». Uning jamoliga bir marta Oy bilan Quyosh qarshi kelgan edi, ko‘ring oqibatini: «Birin ruxsori dog‘ o‘ldi, birin sorg‘ordi siymosi».
Kamiy bir masnaviysida suyukli yor qiyofasini shunday chizadi:
Ey, g‘amzasi ofati zamona,
Husn ichra jahonaro yagona.
Ey, qomati rashki sarvu shamshod,
Ey, kiprigi tig‘u chashmi jallod.
Ey, yuzlari mohu mehri anvar,
Ey, xatlaru zulfi mushku anbar.
Ey, lablari ayni obi hayvon,
Ey, so‘zlari rohati dilu jon.
E’tibor bering, bu she’riy parchada yorning husni, qomati, kiprigi, xattu zulfi, lablaridan keyin gap uning shirin tilligiga, so‘zining «rohati dilu jon»ligiga ko‘chyapti. Til – kishining ma’naviyatiga aloqador. Darhaqiqat, Kamiy she’rlarida yorning nafaqat zohiriy suvrati, balki uning ma’naviy qiyofasi ham o‘z aksini topgan. U g‘azallaridan birida yor tabiatining nozikligi, go‘zal axloqi, ko‘nglining ravshanligi, boodobu bohayoligini shunday ta’riflaydi:
Nozanin xo‘yu neku axloq, ey ravshan zamir,
Sharmu odobu hayo bobida yo‘q senga nazir.
Kamiy ishqiy she’rlarining aksari mana shunday yorning ta’rifu tavsifiga bag‘ishlangan. Shoir bu yorning vasliga mushtoq, lekin «baloyi firoqi»ga mubtalo. U hajr shomi o‘tib, vasl tongi otishini istaydi, biroq orzulari armonga aylana boradi.
Xullas, Kamiyning ishqiy she’riyati, nafaqat sevimli yorning suvratu siyrati, balki hijronzada shoir qalbining so‘ngsiz iztiroblari, hasratu alamlarining ham badiiy in’ikosidir. Ayni paytda bu she’riyat o‘z ijodkorining nozik ta’b, hissiyotga to‘la shoirona qalb egasi ekanligiga ham guvohlik beradi.
Ma’rifatparvarligi
Kamiyning ma’rifatparvarlik she’riyati gimnaziyani tanishtiruvchi she’rlari bilan boshlandi. Bu jihatdan u Furqat maktabining davomchisiga aylangan edi. Lekin, shoir ijodida keyinchalik uslubiy o‘zgarishlar yuz berdi. U, asosan, milliy madrasalarimizning tolibi ilmlarini ilmga chaqiruvchi da’vatkorona ruh oldi. Kamiyning «Dar ta’rifi tavsifi ilm…», «Ayo, ey, mulla Foziljon qori», «Har makonda bo‘lsang, ey xonim, farog‘at birla bo‘l» she’rlari mana shular jumlasidandir. Shoir mazkur she’rlarida ilmni tar-g‘ib qilar ekan, unga ikki dunyo saodatining kaliti deb qaradi:
Obro‘yi dinu dunyo ilmdur, beshakku rayb,
Kasbi ilm et, ikki dunyoda saodat birla bo‘l.
Kamiy nazarida insonni e’tiborli qiladigan ham, uni bax-tu iqbolga, molu davlatga yetishtiradigan ham ilm. Uningcha inson molu dunyo, naslu nasabiga qarab emas, aynan ilmu odobiga qarab aziz va sharafli sanaladi:
Azizlik sonmangiz molu nasabdur,
Sharaf hosil etan ilmu adabdur.
Shoir «Dar ta’rifu tavsifi ilm» she’rini «Toliboni ilma dasturul-amal» deb atagan edi.
Darhaqiqat, Kamiyning bu davr ma’rifatparvarlik she’riyati ilm toliblari uchun o‘ziga xos dastur xarakteriga ega. Masalan, shoir millat farzandlarini ilmga da’vat qilarkan, shuning barobarida fazlga, adabga, hayoga ham chaqiradi. Bir ilm tolibini vasf etganda, uning nafaqat ilmini, balki fazlini ham ibrat qilib ko‘rsatadi («Fazlu donish ichra yaktoi zamon Abdulg‘ani»). Agar ulardan birini duo qiladigan bo‘lsa:
Kamolu fazlu ilmingni ziyoda,
Bazudi aylasun Xalloqi Boriy, –
deya Yaratgandan unga ilmgina emas, fazlu kamol ham so‘raydi. Shoir nazarida maktab ilm bilan birgalikda «hayovu adab»ning ham koni. U fayz chashmasi, fazl maskani… Bir so‘z bilan aytganda «favki har shay», ya’ni, har narsadan ustun:
Maktabki, koni ilmu hayovu adab erur,
Maktabki, fayz chashmasiyu fazli Rab erur.
Maktabki, obro‘yu kamola sabab erur,
Maktabki, favqi har shayyu kulli nasab erur.
Shuningdek, Kamiy ma’rifatparvarlik she’riyati ilm toliblariga ilmni xolislik va pok niyat bilan o‘rganishni tavsiya qiladi:
Bo‘lib pokizavu ham pok niyat,
Hamisha jahd qilg‘il ilm sari.
Albatta, shoir ilmga da’vat qilarkan, amalni ham yoddan chi-qarmadi. U talabalarga qarata: Boamal bo‘l, boadab bo‘l, behiyal,— deya ta’lim berdi. Zero, amalsiz ilm insonni ziyonu zahmatlarga olib borishi tayin.
Kamiyning ma’rifiy qarashlari bo‘yicha ilm o‘rganish erkaklar singari ayollarga ham shart. Hatto bu Ollohning farzi ekanligini shoir alohida ta’kidlaydi. Bu haqdagi mashhur hadisga ishora qiladi:
Mardu zang‘a ilm farz o‘lg‘onlig‘i,
Barchaga mashhur bu shirin masal.
10-yillarga kelib Kamiy ma’rifatparvarligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi uning da’vati ilm toliblariga emas, millatga qaratildi. Uni milliy uyg‘onishga, taraqqiyotga chorladi, kamchiliklaridan, nuqsonlaridan so‘z ochdi:
Qilmag‘ay ilm sari kimsa nazar,
Xalq behuda kasba mayl aylar.
Qolmadi hech qadri ilmu hunar,
Ko‘rdi beilm qavm necha zarar.
Dilki, millat g‘amidin qon o‘ldi,
Doimo sudimiz ziyon o‘ldi.
Nainki birgina foydaning ziyonga aylanishi, balki millatning yo‘ldan ozganligi, balolar girdobida bir xas singari qolib ketganligi, hatto birovlarga qaram bo‘lib, butun mol-mulki qo‘ldan ketganligi ham, shoir nazdida, ilmsizlik oqibati edi:
Ilmsizlik chiqordi tuz yo‘ldin,
Oldi qoplab balo o‘ngu so‘ldin,
Bizda na qoldi sarvatu puldin,
Ketdi mol ila mulkimiz qo‘ldin
G‘arbiylar, ya’ni O‘vrupolarg‘a.
Davr shiddatkor hodisalarga boy edi. Fevral voqealari yuz berdi. Chor hukumati ag‘darildi. Millat boshidan «jahannamiy zulumot» chekindi, «subhi najot» tobora yaqinroq ko‘rina boshladi. Mana shunday bir vaziyatda ham Kamiy ma’rifatga sodiq qoldi.
Millat uchun, Vatan uchun najotni ilmda ko‘rdi, maorifda deb bildi:
Najot istasang ilmu maorifa yopish,
Hamisha ilmni tahsil ayla-yozu qish –
Senga ulumu maorif kerak, na zar, na kumush,
Bu so‘zni tingla, pandi tamomi mazhabi kish.
Chekildi ufqi Vatandin jahannamiy zulumot,
Uyon Vatan, uyon, ortiq ko‘rindi subhi najot.
Kamiy hayotining so‘nggi yillariga qadar ma’rifatga chorlovchi she’rlar yozdi, maktab-maorif ishlariga faol qatnashdi. Hatto kutubxonalar tashkil qilish va maktablar ochishda zo‘r faoliyat ko‘rsatganligi haqida ma’lumotlar bor.
Ijtimoiy she’riyati
Kamiy she’rlarida charxning «ravishi kaj» ligidan to zolim podshohning zulmigacha, ochlik yillarining «suubatu alami»dan Fevralning su-rurigacha, Oktyabrning «ranju zulmi»dan boshlab Turkiston muxtoriyatini qonga botirgan bolsheviklarning «fe’li bad»igacha o‘z ifodasini topgan.
Shoirning mana shunday she’rlaridan biri «Alhazar, ey shohi zolim, alhazar» deb boshlanadigan muxammasidir. Muxammas 25 misradan iborat bo‘lib, zolim shohni zulmdan saqlanishga chaqiruvchi quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Alhazar, ey shohi zolim, alhazar,
Rahm qun bar holi mazlumon nagar,
In suxan xush guft on neku sar:
Oh ursa piru zan vaqti sahar,
Bo‘lg‘ay andin yuz tuman zeru zabar.
Xoh farmoningda bo‘lsun bahru bar,
Xoh bo‘lsun sanda jam’i molu zar,
Bas, keraqdur zulmdin qilmoq hazar,
Oh ursa piru zan vaqti sahar,
Bo‘lg‘ay andin yuz tuman zeru zabar.
She’r mana shunday ruhda davom etadi. «Shohi zolim»ni «no-tavonlar holidan xabar» olishga chaqiradi, «aftodalar»ning «Haq janobig‘a niyoz aylab» oh urishlaridan, oqibatda esa butun molu davlati «zeru zabar» (ostin-ustin) bo‘lishidan ogoh etadi. Xuddi shu paytlar mazlum Turkiston bir zolim podshoh -Aleksandr III ning zulmidan qon yutmoqda edi. Asrlar davomida o‘ziga bek bo‘lib yashagan va ajdodlarining qaynoq qonlari tomirlarida jo‘sh urgan bu yurtning farzandlari hali-hali mustamlakachilikning haqoratomuz siyosatiga ko‘nikolmay kelayotgan edi. Shundan har joy-har joyda, tez-tez zulmga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib turdi. Ularning eng dahshatlilaridan biri 1892 yili Kamiyning ko‘z oldida yuz berdi. «Vabo qo‘zg‘oloni», «Toshotar voqeasi» nomlari bilan tarixga kirgan bu Toshkent qo‘zg‘olonida yuzlab mahalliy xalqning qoni to‘kildi, o‘nlab yo‘lboshchilarning boshi ketdi. Kamiyning mazkur muxammasi mana shu qirg‘indan keyin jabrdiyda xalqning Aleksandr III ga, mustamlakachilik siyosatiga nafrati o‘laroq dunyoga kelgan edi.
1895 yili Rusiya imperatori vafot etdi. Shu munosabat bilan «Turkiston viloyatining gazeti»da Kamiy qalamiga mansub ta’rix-marsiya chop etiladi. Sho‘ro adabiyotshunosligi uzoq yillar shoirni «oq podshoning maddohi» deb qoralab keldi. Lekin marsiya mazmuniga e’tibor bersak, bu da’voga butunlay teskari holatning guvohi bo‘lamiz. Keling, matnga diqqatni qarataylik:
Taammul birla boqsoq, darhaqiqat,
Qani Iskandaru Doro bila Jam?
Qani Kayxisravu Kaykovus, Bahman,
Qani Afrosiyobu Zolu Rustam?
Qani Bahrom – haft iqlimni olg‘on,
Qani Qaysar, qani Fag‘furi Chin ham?
Qani Xisrav, qani Parvizu Hurmuz,
Qani No‘shiravoni odil, mukarram?
Kelib har birlari navbat-banavbat,
Muaxxar ketti, ba’zisi muqaddam.
Bilurmusiz qayon bordi bu bari,
Bo‘ling ogoh, ey avlodi Odam.
Ajal soqiysidin no‘sh ayladilar,
Fanoning sharbatin bari, ba hardam.
Jahonni sar-basar tasxir aylab,
Aleksandr Aleksandruvich ham.
Demak, Kamiy aytmoqchi, tarihda dunyoni so‘raganlar ko‘p edi. Ularning bari ketdi. Qay biri oddin, qay biri keyin, baribir, «ajal soqiysi»ning sharbatidan «no‘sh ayladilar». Xuddi shuningdek, «Aleksandr Aleksandruvich ham». Demak, bu bevafo dunyodan ketishga barcha mahkum. Kamiy aytmoqchi: «Bale, hali hama shundog‘ bo‘lg‘ay, Agar shohu va gar bo‘lg‘ay gado ham». Unda shohlikdan nima ma’ni? Butun dunyoni zabt etsa-yu, bu dunyodagi barcha «molu dirham»larni to‘plab, ularning manfaati tegmaydigan boshqa bir dunyoga ketaversa. Undan nima qoladi? Kamiy bunga: «Valekin qolg‘usi bir nomi neku», — deydi. Demak, faqat yaxshi nomgina qolishi mumkin. Shoir buning isboti sifatida: «Guvohi odil ermasmu bu so‘zga, Biri No‘shiravonu biri Hotam», — deb No‘shiravonning odilligi-yu, Hotamning saxovatpeshaligini ibrat qilib ko‘rsatadi:
Kerak erkan tariqi adl tutmak,
Olib ibrat karamla, shohi olam.
Shoir «kerak erkan» deb poetik sintaksisda o‘tgan zamon for-masini tanladi. Chunki buni dunyodan o‘tgan Aleksandrga aytayotgan edi. Kamiy davom ettirib:
Qayu shoh bu sifatga muttasif yo‘q,
Eshitgay to qiyomat ta’n ila zam,-
deydi. Darhaqiqat, qaysi shoh odillik sifati bilan sifatlanmagan bo‘lsa, u qiyomatga qadar ta’nayu dashnomga qoladi. Umuman shunday. Lekin, bu Aleksandr III ga qarata aytilayapti. Ustiga-ustak bu marsiya Sharq she’riyatining poetik usullaridan ancha-muncha xabardor bo‘lgan N.Ostroumovning farmoyishiga ko‘ra, uning gazetasi uchun yozilgan. Mana shunday bir holatda Kamiyning o‘ris podshosining zolimligiyu, uning adolatsizligini bundanda oshkorroq suratda aytishi mushkul edi.
Kamiyning yuqorida to‘xtalganimiz bir podshoh haqidagi ikki she’ri qay vaziyatda va qay uslubda yozilishidan qat’i nazar Turkiston xalqi ustiga yog‘dirgan zulmu bedodliklarini oshkor etadi.
Kamiy ijtimoiy she’riyatining bir qismi zamona va ahli zamonadan shikoyat tarzida yozilgan. Shoirning «Muqarrar har kiming bo‘lsa kamoli», «Al-amon…», «Yo rab, zamona xalqi…», «Yaxshi», «Ey sabo, kel…», «Bir mayxo‘r yigit xususida» kabi she’rlari mana shunday asarlar sirasiga kiradi. 10-yillarga kelib Kamiyning bunday xarakterdagi she’rlari milliy-ma’rifiy ruh bilan uyg‘unlashib, shoir ijodida millatparvarlik she’riyatining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Uning «Ahvoli zamona» she’ri shular jumlasidan:
Ming asaf, bir ajib zamon o‘ldi,
Yaxshi kim ersa, ul yamon o‘ldi.
Ba’zi el tolibi zanon o‘ldi,
Ba’zisi moyili javon o‘ldi.
Dilki, millat g‘amidin qon o‘ldi,
Dardu hasrat nasibi jon o‘ldi.
1916 yili ocharchilik boshlandi. Bu haqda Zavqiy «Payambar bo‘lsa non, osh avliyodur», — degan edi. Kamiy bu davrdagi xalqning ahvolini shunday tasvirlaydi:
Ochlik suubatu alami cho‘q yamon erur,
Bir luqma hasratida yuz ohu fig‘on erur,
Bir non alarning nazdida go‘yoki jon erur…
Darhaqiqat, 1916-1919 yillar yomon keldi. Ochlik va kasallikdan xalq qirila boshladi. «Biz hozir shunday vaqtga yetib keldikki, — deb yozgan edi o‘sha yillari Turor Risqulov, — har kuni o‘n minglab kishilar qirilib ketmoqda va shunday payt kelishi mumkinki, butun bir millat yo‘q bo‘lib ketadi». Bunday ochlik dahshati Kamiy qalbini larzaga soldi. U zamona boylariga murojaat qilib, xalqqa madad berishga chaqirdi.
Alg‘ov-dalg‘ovli 17 yil ham kirib keldi. Shu yilning 17 fevralida chor hukumati ag‘darildi. Ikkinchi martda Muvaqqat hukumat tuzildi. Turkiston ziyolilari bu inqilobni xursandchilik bilan kutib oldilar. Vaktli hukumat bizga hurriyat beradi, deb qat’iy umid qildilar. Shulardan biri Kamiy edi. U «Najot» gazetasida inqilobni olqishlab, shunday satrlarni yozdi:
Tulu’ aylab bu kun bo‘rk Sharqdin oftoboso,
Munavvar ayladi olam, bo‘lay qurboni hurriyat.
Tashakkurlar qilib tabrik aylang, ey musulmonlar,
Nashast etti adolat taxtiga xoqoni hurriyat…
Biroq yuz bergan Oktyabr voqealari va uning oqibatlari shoirni qattiq tushkunlikka soldi. Buning misoli sifatida uning «Shikoyatnomai Kamiy az inqilobi zamona va ahli za-mona» she’rini keltirish mumkin. Shoir saboga murojaat etib, shunday yozadi:
Etti de: ham zamon, zamon ahlidin
Anga ko‘b ranju zulm birla malol.
Chunki bu ishi zamona, ham xalqi
Munqalib, inqilobi hol-behol.
Inqilobi zamona ermasmu,
Qildi oliyni pastlar poymol.
Yo xaloyiq yo‘qotti maslahatin,
Bo‘ldi mundog‘ buzuq hama aqvol.
Narkushu modaparvar o‘lmish xalq,
Bu nechuk shug‘lu bu nechuk af’ol?!
Fevral inqilobidan keyin yerli ziyolilar Turkistonning istiqloli uchun harakatda bo‘ldilar. Matbuot orqali o‘z fikrlarini xalqqa yetkazdilar va shu maslaku maslahat atrofida birika boshladilar. Shoirning «Yo xaloyiq yo‘qotti maslahatin» misrasi mana shunga ishora qiladi. Ularning sa’y-harakati va fidoyiligi bois 1917 yilning yigirma beshinchi noyabrida Qo‘qonda Turkistonning mustaqilligi haqida rezolyudiya qabul qilindi. 28 noyabrda bo‘lajak davlat tuzilmasining nomi «Turkiston muxtoriyati» deb belgilandi. Lekin, afsuski, bu muxtoriyat 81 kun umr ko‘rdi, xolos. Chor hukumati yiqitilgan bo‘lsa-da, endi bolsheviklik niqobini kiygan rus shovinizmi yerli xalqlarning mustaqilligiga tishtirnog‘i bilan qarshi turdi. Turkiston muxtoriyatining markazi xisoblangan Qo‘qon 19 fevral kuni ular tomonidan vayronaga aylantirildi. Turkiston O‘lka harbiy komissari Perfilev barcha zambaraklardan Qo‘qon aholisi ustiga o‘t ochishni, bu ham yetmagandek, yondiruvchi snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Shahar uch kun yong‘in ichida qoldi, yerli aholidan o‘n ming kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Kamiy «Xo‘qand foje’asina» bag‘ishlangan «Afsusnoma» she’rida shunday yozadi:
Voy, yuz voyki, Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,
Zulm o‘qi birla bu kun gardi turob o‘ldi, darig‘,
Bu musibatdin ulus chashmi purob o‘ldi, darig‘,
Ham bari katta-kichik bag‘ri kabob o‘ldi, darig‘,
Shahri obod erdi, chun dashti sarob o‘ldi, darig‘.
She’rning ilk bandidanoq misralar taassufu dard ila yozilganini payqash qiyin emas. Kamiy bir o‘rinda Farg‘ona xalqi «Sulh debon necha zamon rus elig‘a ko‘z tutti», – deydi. Lekin, ming afsuski, mazlum xalqning yana addanishi ma’lum bo‘ldi. Sulh o‘rniga ular ustiga qahru g‘azab yog‘ildi. Kamiy nadomat bilan buni «Bolshiviklardin alar uzra itob o‘ldi, darig‘» shaklida ifodalaydi. Shahar vayron qilindi, xalq qirib tashlandi, nomusi poymol etildi. Biroq, shunda ham bolsheviklarning ko‘ngli taskin topmaydi. Mazlumlar mol-mulkini talon-toroj qiladilar. Otning o‘limi itningbayramiga aylanadi. Ularning bu qiyofasi shoirning «Bolsheviklarning zulmimu, fe’li badi, Zaru am-vollarin qo‘ymadi, mundog‘ taladi, Bo‘lmayin qolmadi toroj gilemu namadi» misralarida yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi.
Xullas, Kamiy ijtimoiy mavzudagi she’rlarida mumtoz she’riyatning qay bir usulidan foydalanmasin, mustamlakachi podshohning, istibdod tuzumining zulmu bedodliklarini fosh etdi. Hurriyatni baralla olqishladi. Milliy davlatchiligimizga rahna solganlardan o‘z qahru g‘azabini yashira olmadi. Bularning barchasi shoirning istiqlolni naqadar orziqib kutib yashaganligidan dalolat beradi.
Xulosa
Kamiy ijodi Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining har ikki davriga daxldor. Uning she’rlarida yangi ma’rifatparvarliqdan Millat qayg‘usi va uning muammolarini ko‘tarib chiqqan milliy navolar, bevosita Istiqlol g‘oyalarigacha bor. Ularda ijtimoiy hayotdagi barcha voqealar mustamlakachilik siyosatining zulmu bedodliklari, vahshiyona bostirilgan milliy qo‘zg‘olonlar, Fevral sururi, Oktyabrning «ranju zulm»lari, beshigidayoq qonga botirilgan milliy davlat tuzilmasi — Turkiston muxtoriyatining alamli iztiroblari — hamma-hammasini topish mumkin.
Kamiy bu hodisalarning shunchaki kuzatuvchisi bo‘lib qolmadi, ularga millat manfaatidan kelib chiqib munosabat bildirdi. Ma’rifatga da’vat etarkan, millat farzandlarining har tomonlama mukammal insonlar bo‘lishini, o‘z millatini esa taraqqiy etgan millatlar qatorida ko‘rishni orzu qildi.
Kamiy shoir sifatida she’riyatda an’anani davom ettirishga, uning davomiyligini ta’minlashga ham alohida e’tibor berdi. Boy mumtoz she’riyatimizning janrlaridan, uslub va usullaridan san’atkorona foydalandi. Lekin shu bilan cheklanib qolmadi. U zamondosh shoirlari oldiga millat tafakkurini isloh qiladigan she’r talabini qo‘ydi. O‘zi ham shunday she’rlar yozishga harakat qildi.