Adabiy-badiiy tafakkurimiz taraqqiyoti tarixida mohiyati va mazmuniga ko‘ra tamoman yangi bo‘lgan XIX asrning oxiri — XX asr boshi adabiyotining roli va o‘rni alohida. Bu davrning milliy uyg‘onish davri deb atalishi bejiz emas.
Bu adabiyot yangi adabiyotdir, shakl va mazmuniga ko‘ra rang-barangdir, biroq uning yetakchi yo‘nalishini milliy istiqlol g‘oyasining shakllanishi va badiiy ifodasi tashkil qildi.
Yangi adabiyot deganda biz ko‘p asrlik adabiyotimizning asosan so‘nggi asrini ko‘zda tutamiz. Bu aslida sal ilgariroq, o‘tgan asrning so‘ngidan boshlandi.
Bu adabiyotning ayon ko‘rinib turgan xususiyati unda davr voqealarining aks etganligidir. Unda Xudoyorxon tilidan aytilgan «taassufnoma»lardan tortib, 1892 yilgi Toshkentdagi «Toshotar voqeasi» qahramonlarigacha, 1898 yilgi Dukchi eshon mojarosidan 1916 yilgi «Mardikorlik voqealari»gacha aks etdi. «Sovet mamlakati» degan yasama bir mamlakat, «sovet xalqi» degan soxta bir millat yasamoqchi bo‘lgan sho‘ro tuzumi voqealari xdm aks etdi. Bu voqealar shunchaki emas, murakkab jarayonlari bilan aks etdi. Istilo va uning oqibatlari, Vatan va Millat taqdiri hamisha adiblarimizning ko‘z o‘ngida turdi. Bu adabiyotning chegarasi, ko‘lami ham katta: Muqimiydan Cho‘lpongacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Janrlari, ifoda vositalari ham xilma-xil. Ayniqsa vaqtli matbuot va teatrning yo‘lga qo‘yilishi adabiyotning imkoniyatlarini kengaytirib yubordi.
Bu adabiyotning ikkinchi bir nomi «jadid adabiyoti» edi. «Jadid» ham aslida «yangi» degani. «Jadid adabiyoti» tushunchasi fanda jadidchilik deb nom olgan ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy-islohotchilik harakatining tarkibiy bir qismi sifatida qaraldi. Bu harakat turmushning barcha sohalarini yangilash, eng muhimi va asosiysi, idora usulini yangilash shiori bilan chiqdi. Idorachi? Idora boshqalarning qo‘lida edi. Demak, uni o‘zgartirish uchun, avvalo, unga ega bo‘lish kerak. Bu, o‘z navbatida, mustaqillikka, milliy istiqlolga kelib taqalar edi.
Lekin, gap shundaki, bu g‘oya millat tomonidan anglanmog‘i kerak edi. 1789 yilda frantsuz Bastiliyasi qahramonlarining sevimli iboralari bo‘lgan va Nomiq Kamol, Tavfiq Fikratlar, so‘ngroq esa Behbudiy, Munavvarqorilar tomonidan tez-tez ishlatilib turgan «Haq berilmas, olinur» degan gap millatning qalbiga, ruhiga singmog‘i, boshqacha aytganda, chinakam milliy g‘oyaga aylanmog‘i kerak edi. Shundagina u real kuchga aylanardi.
Bu juda murakkab ish edi. Chunki bu g‘oya anglanmog‘i uchun millat uyg‘oq bo‘lishi kerak edi. Hamzaning iztirob bilan aytgani -«Ruhsiz tandir: xanjar ursang, qoni sochilmas» degan nidosi bejiz emas edi. Shuning uchun ham badiiy ziyolilarimiz asrimiz boshida adabiyotning bosh maqsadi millatni uyg‘otish deb bildilar. Shuning uchun ham bu davr adabiyotining yana bir nomi «Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti» bo‘ldi.
Adabiyot hech qachon Vatan va Millat taqdiriga bu qadar yaqin kelgan emas edi. Vatan va Millat taqdiri hech qachon bu qadar ham qahr, ham faxr bilan, ham iztirob, ham g‘urur bilan adabi-yotga kirib kelmagan edi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, 1865 yildan 1929 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida ushbu mavzuga daxl qilmagan birorta ijodkor yo‘q. Agar bu adabiyotning bosh mav-zui nima desalar, «Millat» deyish kerak bo‘ladi. Eng katta dardi nima deb savol qo‘yilgudek bo‘lsa, «Istiqlol!» deb javob berish kerak bo‘ladi.
To‘g‘ri, masala hech qachon bunday ochiq, yalangoch qo‘yilgan emas. Qo‘yilishi ham mumkin emas. Bu — badiiy adabiyot. Uning o‘z qonunlari bor. Va, tabiiyki, istiqlol g‘oyasi asarning umumiy ruhidan, timsol va tamsillarga o‘rab berilgan ma’no-mazmunidan kelib chiqadi. Bu bilan hisoblashmog‘imiz shart.
Lekin fakt shuki, u milliyat dardi bilan to‘la. Har bir obraz timsoldan milliy g‘oya, milliy mafkura chiqib kelaveradi. Ularni xotirjam o‘qiy olmaymiz. Deyarli har bir so‘z, har bir ishoraning zamirida Istiqlol dardi yotadi. Faqat ularni anglash, umumiy kontekstdan kelib chiqib baholash lozim. Aks holda, bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yish hech gapmas. Uzoqqa bormaylik, ma’rifatchilik masalasini olaylik. G‘oyat muhim mavzu, taraqqiyotning kaliti. Jadid adabiyotida juda keng ishlangan. Shunga yaqinroqdan razm solaylik. Mana, shunchaki bir misol. Rusiya Turkistonni zabt etgach, bu yerga temir yo‘l olib keldi. Xo‘sh, uni qanday baholash kerak? Poyezd, albatta, uzoqni yaqin, og‘irni yengil qiladigan o‘ziga xos bir mo‘jiza. Ikkinchi tomondan, u – ilm-fan samarasi. Shoirlarimiz dastlab shunday baholadilar. Masalan, Kamiy «Temir yo‘l xususida» degan she’r yozdi, uning «rohatafzo»ligini ta’rif-tavsif etdi. «Taxti ravon», «obi ravon» deb maqtadi. Bular – tabiiy. Endi masalaning ikkinchi tomoniga qaraylik. Bu temir yo‘llar (ular asosan 2 ta edi. Biri XIX asrning 80-yillarida Turkistonni markaz bilan G‘arbdan Qizil Arvot orqali bog‘lardi. Ikkinchisi XX asrning 10-yillarida qurilgani, shimoldan Orenburg orqali bog‘lardi) Turkistonning yer uyechi va yer osti boyliklarini tezroq, samaraliroq tashib ketishni ko‘zda tutardi, bu yerga hech qachon mahalliy xalqning og‘irini yengil qilish uchun keltirilgan emas edi. Bunga qanday qaramoq kerak edi? Avvalo, bu holni mahalliy xalqning nechtadan bittasi bilar edi?!
Rusiya Turkistonga kelar ekan, u bilan birga, tabiiyki, yevropacha tartiblar ham (davlat yuritish, maorif tizimi, harb ishlari, madaniy-maishiy qurilmalar, savdo-sanoat kabi) kirib keldi. Xususan, teatr, matbuot, gimnaziya kabilar necha asrlardan buyon turg‘unlikda kelayotgan Turkiston xalqida katta taassurot qoldirdi. Rus ma’muriyati mahalliy ziyolilardan vakillar tanlab, ularning Moskva, Peterburgga sayohatini uyushtirdi. Bir qismini zodagonlarning ichki hayotiga olib kirdi. Turli-tuman ko‘rgazmalar uyushtirdi. Va bular, tabiiyki, o‘z samarasini berdi. Adabiyotda Rusiya mavzui, rus ilm-fani, madaniyati-maorifi targ‘ibi paydo bo‘ldi.
Ilm-fan baxt va saodatning kaliti, albatta. Lekin gap shundaki, bu ilm-fan nimaga xizmat qildiriladi. Ilmni ko‘pincha, nurga, ziyoga qiyos qiladilar. Haqiqatan ham shunday. Undan to‘g‘ri foydalanilsa, yo‘lingizni yoritadi, oq-qorani ko‘rib boryviz, tanib borasiz. Manzilga yetashishingiz oson bo‘ladi. Agar undan yovuz maqsadlarda foydalanilsa-chi? Qirg‘inbarot qurollar ham ilm-fan samarasi. Qo‘yingki, Rusiyaning Turkistonni bosib olishi ham rus harbiy qudratining, harbiy tafakkurining, demakki, ilm-fanning samarasi. Undan keyingi bosqich — mustamlakachilik idorasi-chi? Bu davrda Turkistondan ancha ilgarilab ketgan Rusiya ilm-fanining, idora tartablarining ko‘z-ko‘z qilinishi, ilmtalab mahalliy ziyolilarning bir qismini og‘dirib olishga urinishlar, yo bo‘lmasa qisqa muddatda tashkil qilingan yuzlab rus-tuzem maktablari Turkiston ahliga himmatdanmi? Olijanobliqdanmi edi? Aslo unday emas. Bu rus istilochilik siyosatining o‘ziga xos uslubini tashkil qildi, xolos.
Maorifni olaylik. Ilg‘or ziyolilarimiz Rusiya hukumatidan mahalliy musulmonlarga o‘z an’anaviy o‘quv tizimida savod chiqarishga izn so‘radilar. Ularni davlat ishlariga jalb etib, ulkan mamlakatni hamkorliqda boshqarishlarini umid qildilar.
Hech biriga yo‘l berilmadi. Ruslashtirish va islomni buzish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu jihatdan, usuli jadid maktablari millatimiz qalbidagi fidoyilikka timsoddir. Matbuot, teatrning yo‘lga qo‘yilishi jasorat namunalari bilan to‘la. Zamonaviy adabiyotning shakllanishi ham oson kechgan emas.
Qiziq fakt. Rusiya Ichki ishlar vazirligining Turkiston chor maorifi ma’murlariga bergan ko‘rsatmasi bor. Unda rus-tuzem maktablari mutasaddilariga mahalliy xalqqa rus tilini qay darajada o‘rgatish borasida me’yor belgilanadi. Unga ko‘ra, mahalliy xalq rus tilida gapirganida hamisha nimanidir yaxshi bilmasligidan rus ziyolisi oldida o‘ng‘aysizlanib turishga majbur bo‘lishi lozim edi.
Chor Rusiyasi aqidasiga ko‘ra hokim millat tobe millatdan har jihatdan ustun bo‘lmog‘i lozim edi. Hamma narsa shunga qaratilgan edi. Ular hatto Turkistonni zabt etishlarini va bunga haqli ekanliklarini qonunlashtirmoqchi bo‘ladilar. Go‘yo jannatday bir makonni undan samarali foydalana olmayotgan egalari qo‘lidan samarali foydalana oladigan boshqa bir millatning tortib olishida hech bir g‘ayritabiiylik yo‘q emish.
Bularning barchasini biz buyukmillatchilik, velikorus shovinizmi deb ataymiz. Adabiyot shularni ilg‘ay oddimi? Ilg‘ay oldi. Buning yorqin namunasi Furqat ijodidir.
Ko‘rinyaptiki, biz shu paytgacha ma’rifatchilik deb kelgan bir qator adabiy fakt va hodisalarni qayta ko‘rishga ehtiyoj bor.
Ikkinchidan va eng muhimi, ma’rifat tushunchasining o‘zini ikki xil talqin qilish, xususan, uning hokim millat qo‘lida tobe millatga nisbatan uni itoatda saqlash uchun bir vosita sifatida qaralgani ma’lum bo‘ladi. Fitrat buni «Chin sevish» dramasida betakror ifoda etgan edi. Bir she’rida esa, qonga belangan Turkiston manzaralarini chizarkan, kim bunday qildi, degan savol qo‘yib, «Madaniyat degan g‘arblik alvasti» deb javob beradi. Cho‘lpon bir she’rida «madaniyat» bilan «vahshoniyat»ni yonma-yon qo‘yadi.
Ko‘rinyaptiki, madaniyat, ma’rifat talqinlari an’anaviy yondashishdan tamoman farq qiladi. Biz esa, bularni aksariyat sho‘ro pozidiyasidan baholab kelgan edik. Holbuki, ular Vatan va Millat manfaati nuqtai nazaridan yondoshganimizdagina, mohiyatini to‘g‘ri anglagan bo‘lamiz. Bu jildiy masaladir.
Milliy uyg‘onish adabiyoti g‘oyalar majmuidan iborat ekan-da, degan tasavvur qolmasligi kerak. Unda ko‘tarilgan g‘oyalar mutlaqo yangi va aksariyat mavjud tuzumga zid bo‘lgani uchun shakl va ifoda vositalarini ham shunga moslashga majbur bo‘ldi. She’riyatda barmoq vaznining o‘z o‘rnini topib borishi, sarbastning kirib kelishi, an’anaviy badiiy-tasviriy vositalardagi o‘zgarishlar, mumtoz adabiyotimizga suyangan holda jahon adabiyoti tajribalaridan foydalanish, jumladan, realistik prozaning shakllanishi, teatrchilikning yo‘lga qo‘yilishi, ijtimoiy publitsistikaning kundalik ehtiyojga aylanib borishi kabilar buning yorqin dalilidir. Nihoyat, bu davr Furqat, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi ijodi chinakam jahoniy miqyosga ega shaxsiyatlarni yetkazdi. U adabiyotimizning bugungi avlodi uchun ham ilhom manbai, mahorat maktabi bo‘lib turibdi.