Shoir Tavalloning ismi sharifi To‘lagan Xo‘jamyorov bo‘lib, XX asr boshida Toshkentda yetishgan, xalq o‘rtasida katta shuhrat qozongan iste’dodlardan. Mashhur Oybek «Bolalik»da shunday yozgan edi: «Ayvonda muk tushib, Tavalloning she’rlarini o‘qishga kirishaman. O‘qiyman, diqqat bilan berilib uzoq o‘qiyman… She’rlar rangdor, jonli, tili o‘ziga xos, ravon…»
Bo‘lajak shoir 1883 yilda Ko‘kcha dahasida Obi Nazir mahallasida o‘ziga to‘q Xo‘jamyor Jiyanboyev oilasida dunyoga keldi. Eski maktabda savod chiqardi. «Beklarbega» madrasasida, rus-tuzem maktabida o‘qidi. Mol savdosi bilan shug‘ullanadigan Xo‘jamyor akaning Avliyoota; Prjevalsk shaharlari bilan yaqin aloqalari bor edi. 17 yoshlik To‘lagan 1900 yilda otasining maslahati bilan Prjevalsk shahriga borib, Usmonbek Solihjonboyev degan kishining qo‘lida ish yurituvchi (prikazchik) bo‘lib ishlay boshladi… 1909 yilda Xo‘jamyor aka vafot etadi. Ko‘p o‘tmay, To‘lagan Toshkentga qaytadi. Shahar savdo shirkatlaridan birida ish yurituvchilik qila boshlaydi. Zuhra ismli qizga uylanadi. Rahbar, Sanobar degan ikki qiz, Maqsud, Mahmud nomli ikki o‘g‘il ko‘radi. 10-yillardan vaqtli matbuotda «Tavallo» taxallusi bilan she’r va maqolalari bosila boshlaydi. 1914 yil 30 avgustda Munavvarqori, Avloniy, M. Podshoxo‘jayev, Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li (yozuvchi Said Ahmadning otasi), Saidabdullo Saidkarim o‘g‘li Saidazimboyev, Komilbek Norbekov (jami 12 kishi)lar bilan birgalikda Toshkentda «Nashriyot» shirkatini tuzib, kitob chiqarishni yo‘lga qo‘yadilar. 1915 yilda esa Avloniylar tashabbusi bilan tuzilgan «Turon» jamiyatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Lekin asl kasbi savdo ishlaridan uzilib ketmaydi. 1917 yil voqealariga qadar mazkur sohada muntazam ishlaydi.
Adibning «Jinoiy ishi»da saqlangan «Mehnat daftarchasi»dan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, u shu yillari ijodiy sohadan boshqa hamma ish bilan shug‘ullangan. Ichki ishlardan ma’muriy-xo‘jalik, qurilishgacha bor. Chunonchi, 1918—19 yillarda Toshkentning dastlab Eski shahar, so‘ng Yangi shahar ijroiya qo‘mitalarida a’zolik qilgan. 1919 yilda partiyaga kirgan. Chekaga xizmatga olingan va 1922 yilgacha Respublika kollegiya a’zosi bo‘lgan. 1922— 23 yillarda ushbu tashkilotning Eski shahar ijroiya qo‘mitasi a’zosi, shikoyatlar byurosi a’zosi, Farg‘ona revtribunal a’zosi vazifalarini bajargan. 1924 yildan ichki ishlar va davlat muho-fazasi tizimidan uzoqlashadi, kasaba uyushmasiga o‘tadi. Tashso-yuz boshqarmasi a’zosi, 1925—26 yillarda esa Toshkent sanoat birlashmasi Kustpromsoyuz (Hunarmandchilik sanoati kasaba uyushmasi) raisi bo‘lib ishlaydi. 1927 yil 23 oktyabrda moliyaviy kamomad aybi bilan partiyadan o‘chirilib, 5 yil qamoqqa hukm qilinadi, biroq 1928 yilning 11 yanvarida, chamasi aybi isbotlanmaganligi sababli, ozod etiladi. Shu yil Quruq mevalar omborida tarjimon bo‘lib ham ishlagan ekan. Yil oxiridan 1930 yilning apreligacha KOOPstraxsoyuz (Shirkatlar sug‘urta uyush-masi)da instruktor, Nonmarkaz instruktori (1930), Shirkatlar uyushmasi noziri (1930) vazifalarini bajaradi. 1931 yilning 15 dekabrida arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan. Xomashyo va savdo sektori noziri qilib o‘tkazilgan. 1933 yil 1 yanvardan Soyuzzagotxlopok (Ittifoq paxta tayyorlash) idorasi ixtiyoriga yuborilgan. 1933 yil 22 noyabr – O‘zpromstroy (O‘zbekiston sanoat qurilishi) trestida nazoratchi-instruktor; 1934 yil 15 aprel arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan. 1935 yil 29 yanvar — «Krasniy utilshik» («Qizil foydamand») artelida instruktor; 1935 yil 29 may arizasiga ko‘ra bo‘shatilgan.
Sud-tergov qoidalariga ko‘ra ayblanuvchining qilmishlarigina emas, ularning tashqi ko‘rinishi, ajratib turadigan xususiyatlari haqida ham ma’lumotlar keltirilar edi. Tavalloning «Jinoiy ishi»da ham shu xil ma’lumotlar uchraydi. Chunonchi, «Anketa ma’lumotlari»da quyidagi gaplarga duch kelamiz: «Tashqi ko‘rinishi: o‘rta bo‘y, bo‘yi 1 metru 56 sm, ko‘zi – qo‘y ko‘z, sochi -qora. Darvoqe, «Jinoiy ish» materiallarida «ayblanuvchi»ning yana bir jihati maxsus ta’kidlangan: keragicha notiq.
1937 yil 14 avgustda Tavallo «aksilinqilobiy», «Turon», «Sho‘royi islom», «Ittihodi taraqqiy», «Milliy ittihod», «Milliy istiqlol» tashkilotlarining a’zosi, «millionerning o‘g‘li», «she’rlarvda millatchilik g‘oyalarini ilgari surgan»likda ayblanib, qamoqqa olinadi.
Qamoqqa olinganda oilada besh kishi bo‘lgan: o‘zi — 54 yoshda, xotini Zuhra Miyorova — 40 yoshda, o‘g‘li Maqsud Miyorov — 16 yoshda, qizi Sanobar Miyorova — 11 yoshda. 1913 yilda tug‘ilgan Rahbar ismli qizi 1936 yilda turmushga chiqqan bo‘lib, Buxoroda yashar edi.
Agentura materiallaridan: «T. X. milliy respublikani mustamlaka» deb aytdi. Ko‘pchilik orasvda «O‘zbek xalqi o‘zaro nifoq va qo‘rqoqlik orqasidan xorzor, qizillarga tutqun bo‘ldi. Sabr kosasi bir kun to‘ladi va xalq sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘alishga majbur bo‘ladi. Agar men inqilobni shunday kunlarga olib kelishini bilsam edi, butun vujudim bilan unga qarshi kura-shar edim», dedi.
To‘lagan Xo‘jamyorovning tergov ishlari tezlashib ketdi. O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari muovini Leonov imzolagan «Ayblov xulosasi» 1937 yil 9 sentyabrda 25 kunda tayyor bo‘ldi. Unda Tavalloning 1919 yilda Osipov qo‘zg‘oloniga «qatnashgani»gacha «tasdiqlatib» olindi va bir qator «ayb»lar bilan uchlik hukmiga havola etildi.
Shu yilning 19 oktyabrvda NKVD qoshvdagi uchlik majlisida Tavallo otib o‘ldirishga hukm qilinadi. Hukm shu yil 10 noyabrda ijro etiladi.
Adabiyotshunoslik fanvda esa, uning vafot yilini 1939 deb ko‘rsatib kelardik. Adib 1968 yil 18 oktyabrda oqlandi.
Tavalloning 1968 yilda Buxorodagi qizi Rasulova Rahbarning DXQ vdoralariga yozgan xatlari mazmunvdan anglashilishicha, bu yilga kelib, shoir oilasvdan undan boshqa hech kim qolmagan.
Tavallo asarlarining qayta nashri va u haqdagi ma’lumotlarning berilishi ham 1968 yilga to‘g‘ri keladi. Marhum M. Zokiriy va atoqli adabiyotshunos — tanqidchi O. Sharafiddinovlarning g‘ayrat va tashabbusi bilan dunyoga kelgan va zararli kitob sifatvda darhol yig‘ishtirib olingan «Tirik satrlar»dagi shoir ijodidan namunalar bu boradagi dastlabki qadamlardan edi. Uning yagona she’riy to‘plami «Ravnaqul-islom» alohida holda 1993 yildagina nashr qilindi.
Butun bu nomni faqat bizda emas, chetda ham biladilar.
Tavalloning ijodkor sifatida shakllanishida Toshkent adabiy muhitining roli katta bo‘ldi. Unga sayramlik shoir Yusuf Saryomiy ustozlik qildi. Taxallusni ham unga Yusuf Saryomiy bergan.
Tavalloning she’r va maqolalari 10-yillardan matbuotda ko‘rinadi. Shoirning 1916 yilda «Ravnaqul-islom» nomi bilan chop etilgan she’riy to‘plami uning hayotlik davrvda bosilgan bitta-yu bitta kitobidir. Maqolalari to‘plangan emas. 20-yillarda «Mushtum» hajviy jurnalining faollaridan edi. Mazkur jurnal sahifalarida «Mag‘zava» imzosi bilan o‘nlab hajviy she’rlari chop etilgan, ular ham yig‘ilgan, o‘rganilgan emas.
Shoir ijodini baholashda asosiy manba «Ravnaqul-islom» bo‘lib turibdi. To‘plam hajman uncha katta emas, 70 tacha she’r kiritilgan. Nomi o‘sha yillar uchun keng rasm bo‘lgan nomlardan. Turkchilik, islomchilik ruhida. Vazn va ohang an’anaviy — aruzda. Biroq mazmun tamom yangi. Turkistonni qoplagan jaholat va nodonlik, tutqunlik va turg‘unlik haqida. Uning ham boshqa rivojlangan, taraqqiy topgan millatlar qatorida farovon va baxtli yashashga bo‘lgan haqqi-huquqi to‘g‘risida.
Shoir, birinchi navbatda, zamon hodisalaridan ilhom va ta’sir oladi. Ko‘pgina she’rlari hayotdagi konkret yangiliklar, o‘zgarishlar haqvda. Shuningdek, uning so‘nggi davr turk, tatar, ozarboyjon shoirlarining she’rlari bilan ham yaxshi tanish ekanligi bilinadi. Chunonchi, 1913 yilda Abdulla To‘qay vafotvdan qattiq qayg‘uradi. Matbuotda chiqadi. «She’rlaridan ko‘p bahralar olgonlig‘i»ni, turmushi ham To‘qayning «tarjimai holiga nihoyatda o‘xshab ketganligi»ni (u ham yetim o‘sgan edi) yozadi. «Totor qardoshlarimizning mashhur shoiri marhum Abdulla afandi To‘qayevning she’rina tazmin» nomi bilan uning «Jumla fikrim kecha-kunduz Sizga oid millatim», deb boshlanadigan she’riga nazirasini e’lon qiladi. Marhum shoirning maslaku muddaosini, jumladan millat yo‘lida jonini fido etmoqni o‘zi uchun muqaddas burch hisoblaydi.
«Millat», «Milliyat» tushunchalariga Avloniy va Tavallolarga qadar she’riyatimizda bunchalik ko‘p e’tibor berilgan emas edi. Xususan, Tavalloda har bir she’r millat, uning shu kundagi ahvoli, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, tarixi va taqdiriga kelib bog‘lanadi. Shoir jahonning, chunonchi Yevropa va Amerika xalqlarining taraqqiyot asridagi hayotiga nazar tashlaydi. Bir tomonda ilm-fan, texnika yangiliklarini turmushga joriy etib, og‘irini yengil, hayotini farovon qilayotgan millatlar, ikkinchi tdmonda, Odam Atodan kelayotgan, allaqachon eskirib ishdan chiqqan ishlab chiqarish usuli va vositalariga mahkam yopishib, dunyoda shuni so‘nggi mo‘jizadek ushlab olgan Turkiston. Shoir har ikkisini muqoyasa qiladi. Bu muqoyasa, hajviy mazmun tashiydi, albatta.
Masalan, shunday she’rlaridan biri «ovro‘polilar hunari birlan bizlarni(ng) hunarlarimizning farqi» deb sarlavhalangan. She’r boshdan-oxirigacha kesatiq-qochiriqlar, istehzo asosiga qurilgan. Shoir she’rni hatto o‘z millatiga emas, «Ovro‘po ahliga» murojaat bilan boshlaydi. «Ovro‘po ahli»ni bahsga, mubohasaga chorlaydi. Shu asnoda «zanburak» – «sopqon», «aftomobil» — «xo‘qand aroba», «ayripilon» — «varvarak», «zobut», «tovar» — «bo‘yra-bordon» muqoyasalari oddiy mazax-kulgidan vaziyatga fojeiy mazmun beruvchi zaharli istehzoga aylanadi. Yoki «Ibrat bog‘ida» she’rini olaylik. Shoir istirohat bog‘ida sayr etarkan, ikki xil manzarani ko‘radi. Shu ma’noda ushbu «tomosha bog‘» aslida ibrat bog‘idir. Ana, bir guruh «chaman bulbullari» bog‘da «tovus» kabi «xirom» qilmoqdalar, «yoz fasli oq badanlariga» «oq kiyimlar» kiygan, «iskameyka»larda «rohat qilib» dam olmoqdalar. Bu insonning o‘z insoniy sha’nini qadrlamog‘idir. Endi, ikkinchi manzaraga ko‘z tashlang. Yo‘l ustida to‘planib, qarg‘alardek qo‘nqayib olgan kishilar. Ana, birovi «kafshi»ning «loyi bilan» «iskameyka»ga cho‘zilgan. Yo bo‘lmasa, «yoz fasli» bo‘lishiga qaramay, «paxtalik»ni tashlamasdan «elkaga yog‘ini chiqarib» kiyib yurgan, «uch qabat kamzulni ustidan» «sakkiz quloch belbog‘» bog‘lab olgan millatdoshlarimizni aytmaysizmi?! Nega birovlar ozoda kiyinib, chiroyli bo‘lib, huzur-halovat bilan yurganda biz «paypog‘imiz sudrab» ko‘cha changitib yuramiz. Ana, yana biri kelyapti, «ishtonni tizidan yuqori» ko‘tarib olgan, «ko‘krak ochiq». Semiz qorni, jundor ko‘kragini ko‘z-ko‘z qilib kelyapti. Uning uchun dunyoda shundan buyuk martaba yo‘q. Bog‘bon («sadovnik») yo‘qol («ubrays!») deb to‘g‘ri bo‘lsa (tomoshaboqqa mahaliy xalq kirib o‘ris to‘ralarning halovatini buzishi mumkin emas-da), «gaspodin»dan boshqa so‘z ayta olmay chuldirab qolamiz. Uzoqda birorta «mundir kiygan soddat» ko‘rinsa, qo‘yavering, boqqa kirmasdan quyonni uramiz. Qorovul-porovul ko‘rsak-ku, xudo urdi, ko‘chama-ko‘cha oshamiz. Uyga kelganda esa yuragi tog‘miz.
Mantiqan shunday xulosa chiqadi: nahotki bu o‘sha dovrug‘i jahon Turkiston? Nahotki bu sho‘ring qurg‘urlar dunyoga qanchadan-qancha daholarni yetkazib bergan. Amir Temurday jahoniy zotlari bilan yarim jahonga egalik qilgan, insoniyatta insonlarcha yashashni o‘rgatgan, asrlar davomida kuch-qudrat, aqlshijoat timsoli bo‘lib kelgan yurtning farzandlaridirlar.
Aslida, shoir demoqchi bo‘lgan gap ham shu.
Tavallo Vatan mavzuiga alohida e’tibor beradi. She’rlaridan biri hatto «Suyukli Vatan haqinda» deb atalgan. Uning she’rlarida «Turon», «Turkiston» atamalari, tabiiyki ko‘p uchraydi. Masalan, Turkiyaning Qars viloyatida yuz bergan bir zilzila munosabati bilan yozgan she’ri bor. She’r «Qars mamlakatida falokatzada musulmon qardoshlar haqida» deb nomlangan. She’r shunday boshlanadi:
Ko‘rasiz, Turoi eli, Qarsda musulmonlardir,
Rahm eting holina sizlar, qardoshlardir…
Nariroqqa borib, shoir bu fikrni yana ta’kidlaydi:
Yordam etmak quni yetti siza, Turon ahli,
Bu falokatzadalar, tuhmata qurbonlardir.
«Turon» turkistonlilarga qadim sha’n-shavkatni eslatib turardi, dunyoni o‘z mulkiday idora etgan buyuk bobolarning «ur-ho»sini eshittirganday bo‘lardi. Bu ham bir — usul. Ikkinchidan, shoir ularning «qardosh»ligiga urg‘u bermoqda. Bu qardoshlik shunchaki din qardoshligi emas, til qardoshligiga ham shama bor. U yerda turklar yashaydilar. Ular 10-asrlarda Sirdaryo bo‘yidan ketib, Kichik Osiyoda vatan qilib qolgan qarindoshlarimizdirlar. Bu ham o‘z-o‘zidan turkiy qavmlarning jahoniy miqyoslarga yoyilganiga ishora qiladi. Rusiya esa, Turkistonni turk dunyosidan imkon qadar uzoqda tutishdan, qardoshlarini tanitmaslik, hech bo‘lmasa yomonotliq qilishdan juda manfaatdor edi. Uni yetim qo‘ziday ko‘rsatishni istar va olijanob cho‘ponlik da’vosini qilar edi. Nihoyat, she’rning yana bir jihati bor. Rusiya urushga kirgan edi. Birinchi Jahon urushi avjida edi. Turkiya Rusiyaga qarshi urushga qo‘shilgan va uning bevosita «dushman»iga aylangan edi. Ko‘rinayaptiki, shoirning Vatan mavzuidagi she’rlarida miqyos ham, mazmun ham juda keng.
«Turon» haqidagi fikrni davom ettiramiz. Bu atama birgina shu she’rda emas, boshqalarida ham uchraydi. Mana ayrim namunalar:
Deyur astag‘furullo, daf’atan shundog‘mu Turonlig‘…
(«Uyonmaz ersa millat» she’ridan)
Yosh-qari qadrini bil, Turon elin mehmonidur…
(«Muxammasi Tavallo bar g‘azali Mavlaviy Yusuf Saryomiy» she’ridan).
Ayni paytda, Vatanni «Turkiston» shaklida anglash ham tabiiyki, ko‘p uchraydi:
Bahora do‘ndi Turkiston, ochildi g‘unchalar xandon,
Yuring bog‘larda, ey yoron, bu davronlar g‘animatdur.
(«Navro‘zlik haqinda» she’ridan)
Shuncha Turkiston elinda nodon ahli ko‘b vale,
Nosih o‘lmaz ersalar, aqli rasolardin nasud?!
(«Xalqg‘a foydasi tegmaganlar haqinda» she’ridan);
Desam, dunyoda bizdek ortda qolg‘on bormu millatdan,
Bu Turkiston elidi» tobmadim iqror, yo‘x, yo‘x, yo‘x.
(«Jahon ayvonida…» she’ridan).
Shoir tarix haqida so‘z ochganda, yana bir kalimani tilga oladi. Bu — Movarounnahr. Jumladan, yuqorida nomi tilga olingan «Suyukli Vatan haqinda» she’ri shunday satrlar bilan boshlanadi:
Movarounnahrdur tarixpa bizlarga Vatan,
Arzig‘ay bizlar sanga xizmatda bo‘lsak, jonu tan.
Ey Vatan, ezgu Vatan, avf ayla, qadring bilmaduk,
Emdi bilduk, bosh ko‘tarduk, ko‘rki, bizlar uyqudan.
Bu jug‘rofiy atamalar bir-biriga u qadar zid emas. Biri xiyol kengroq, biri torroq, farqi shunda xolos. Ikkinchidan, dastlabki baytning o‘zidanoq uning qadr-qimmati haqidagi gap o‘rtaga tushadi. «Arzig‘ay bizlar sanga xizmatda bo‘lsak jonu tan», deb yozadi shoir va «Vatan»ga «jonu tan»ni qofiya qiladi. Vatan qadri haqidagi bu ta’rifiy fikr, misrama-misra, baytma-bayt taraqqiy topib boradi va g‘azal maqta’ida:
Kech gunohini Tavalloni, Vatan, ezgu Vatan.
Bildi asling, qildi vasfing, bu vatandandur badan, –
deb tugallanadi. Boshqacha aytganda, Vatan va uning sarhadlari bizning badanimiz kabi tanu jonimizga tutashdir. Vatanga daxl tanga daxldir, jonga daxldir. U — shu qadar tan bilan jonga qo‘shilib ketgan. Uchinchidan, Vatan o‘lik jism emas, jonlik tandir. Va u ushbu tuproqda yashovchi har bir vatandosh tanu joniga payvasta bo‘lmog‘i lozim.
Nima uchun shoir maqta’da Vatandan gunohini kechmoqni so‘ramoqda?!
Matla’da har bir Vatan farzandining uning oldidagi burchini belgilab bergan edi. So‘nggida uzr so‘rayapti. Chunki shoir o‘zini unga munosib xizmat qila olmadim, deb hisoblaydi. Uningcha, birinchi vazifa millatni uyg‘otmoq edi, — u, inshoollo, uyg‘ondi («uyqudan bosh ko‘tardi»). Navbatdagi ish millatni tarbiyalamoq va uni Vatan bog‘ining bulbuli maqomiga ko‘tarmoq, uni barkamol qilib tarbiyalamoq va yurtning chinakam egasi ma-qomini olib bermoq edi. «Zag‘on» («qarg‘alar»)ni xijolatga solib, bog‘dan «jo‘natish» — mustamlakachilardan xalos bo‘lmoq edi. Afsuski, bularni amalga oshirib bo‘lmayotir. Shoir uzrining sa-babi shunda. Lekin u mutlaqo ishonadi: «Bundoqcha kunlar bor ekan» deydigan kunlar, albatta keladi. Bu shoir tasallisining bosh sababidir.
Zamonasining juda ko‘p shoirlari kabi Tavallo she’rlarida ham keng o‘rinni Millat va Vatanga xizmat hissi va shu munosa-bat bilan o‘z-o‘ziga hisob egallaydi. U bir she’rida «Havolansin, g‘izolansin, biling, bu bir humo, millat!..» deb yozadi. Undaga mantiq shunday: millatning ravnaqi uchun, birinchi navbatda, aql va g‘ayrat kerak. G‘ayrat esa ishtiyoqdan, mehr-muhabbatdan tug‘iladi. Aql va g‘ayrat ishonchni, ishonch harakatni yuzaga kelti-radi. Millat unga mansub har bir kishining joni-jahoni, baxti-saodati. Binobarin, humo qushi. U ko‘klarga parvoz etmog‘i lozim. Buning uchun unga ruh kerak, madad kerak.
Shoir she’rlaridan biri «Uz vijdon-vujudima xitob» deb nomlangan. Muxammas shaklida yozilgan ushbu she’rning har bandi «Chiq ichimdan, jonim ey, san manga hamdamlashmasang» satri bilan yakunlanadi. Jonga xitob har bandning yakunlovchisi bo‘lgan-ligidan ungacha shoir o‘z vujudining har bir a’zosiga shart qo‘yib chiqadi. Bu shartlar Vatan va Millat manfaati yo‘lidagi xizmatlarga qaratilgandir. Chunonchi, millatga yordamlashmagan, uning og‘irini yengil qilmagan qo‘lning «pul tut»ishga haqqi yo‘q, millat g‘amini yemagan dil «xushnud» bo‘lmasligi kerak. Bu g‘amdan yosh to‘kmagan ko‘zning ochilmagani yaxshi. Millatga suyanchiq bo‘la olmagan aql va fikrning boridan yo‘g‘i. Millat g‘amidan boshka so‘zni so‘zlaydigan til lol bo‘lgani ma’qulroq va hokazo.
Sakkiz bandlik ushbu muxammasning birinchi va so‘nggi bandlarini keltiramiz:
Ey qo‘lum, pul tutma hech, millatga yordamlashmasang,
Bo‘lma xushnud, ey dilim, millat g‘amin g‘amlashmasang,
Ravshan o‘lma, ey ko‘zum, yoshing to‘kub namlashmasang,
Fikrim, ochilma, agar she’ring yozib, xamlashmasang,
Chiq ichimdan, jonim, ey, san manga hamdamlashmasang…
Deydilar, bas qil, Tavallo, she’rlar manzur emas,
Millating mahv o‘lsa, parvo qilmayurlar, g‘am yemas,
Bunlaring sho‘rbo-palov, norin yebon, choy ichsa, bas,
So‘ngra ikki yelkasiga tepsalar ham indamas,
Chiq ichimdan, jonim, ey, san manga hamdamlashmasang.
She’r bir qadar mahzun ohangda yakunlanmoqda. Bu – umidsizlik, najotsizlik ohangi. Asorat va zalolat o‘z ishini qilgan. Millat allaqachon, Avloniy aytganidek, tirik murda («madfun zinda»)ga aylangan. Uning qorin qayg‘usidan boshqa qayg‘usi yo‘q. Sha’n-shukuh, or-nomus, o‘zliqdan nishon qolgan emas. Shoir millatining ochiq ko‘zli farzandi sifatida bunday fojiaga chiday olmaydi. She’rni she’r qilgan dard – shu.
Tavallo xalq hayotini ro‘y-rost ko‘rsatishda she’r, shoir zim-masiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunonchi, «Qalamga xitob» she’rida uning «hasratu anduh»dan, «mehnat»dan «yozishini», «to‘g‘ri yoz»ishini talab qiladi. Uningcha, qalamning vazifasi vijdonni uyg‘otmoqdir. Shoirlik bir umr uyg‘oq vijdon bilan yashamoqdir. Sham misoli o‘zi yonib, atrofni yoritmoqdir. Yo‘q-yo‘q, xalq, vatan hayotidagi har bir tashvishu quvonchdan chaqmoqdek chakilmoq, momaqaldiroqdek borliqni larzaga solmoqdir… Uning birgina quroli bor. U ham bo‘lsa haq so‘z. Undan chekinish qalamga ham, vijdonga ham xiyonatdir.
She’riyat – bu kurash. O‘zining omonat farog‘ati emas, ko‘pning nafi, manfaati uchun adolat va adolatsizlik, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash. Bas, shunday ekan:
Kel Tavallo, bo‘l musavvir, ol qalamni qo‘lg‘a san,
Chek frontlar suvratin, qo‘rsun hama naqqoshlar.
Shoir «haqiqat so‘z»ni, dilband diyori dardlarini aytish bilan kifoyalanmaydi. Uni tuzatishga diqqatni qaratadi:
Kamchilikni nazmu tahriri Tavallo qilmasang,
Kel bu kun manzur emas, yozma bo‘lak ash’or hech!
(«Hech» radifli she’ridan)
Ikkinchi bir she’rida esa, o‘zini millatning «otxonasida xiz-mat et»ishga «millatning shaltog‘i»ni tozalashga safarbar qiladi («Tomoshabog‘ xususida»).
Bunday hol adabiyotimizda ilgari ko‘rilmagan edi.
Shoirning sevimli mavzularidan biri hurriyat edi. U inson erkini har narsadan ustun qo‘ydi. Uning talqinidagi erkning ma’nosi g‘oyat keng. Bu erk siyosiy, iqtisodiy mustaqillikdan tortib nafs qutqularidan, qullikdan ozod bo‘lishgacha o‘z ichiga qamrab oldi. U xotin-qizlar hurriyatiga keng e’tibor berdi. Masalan, «Qarindosh va hamshiralarimiz mazluma qizlar tilindan» she’rida qizlar otalariga murojaat qilishib, ularni ham o‘qitishni, ularga ham insoniy munosabatda bo‘lishni so‘raydilar. Bugina emas, she’rda teng nikoh hakida so‘z ochiladi:
O‘qutg‘on so‘ngra vergonda, quyov tengdoshimiz o‘lsun,
Ikov ham ilmlik, yoshlikda birdek yoshimiz o‘lsun,
Jahonda shod o‘lub hamoxirat qardoshimiz o‘lsun,
Agar chollarga tushsak, zahr ichgon oshimiz o‘lsun,
Iloho, saqla, bizni dunyoda mundoq falokatdan.
Shoirning bir qator she’rlari davr yangiliklari, kundalik voqealar haqida. Masalan, «Oyna» (muharriri Behbudiy) jurna-lining (1913), «Sadoyi Turkiston» (muharriri Ubaydullaxon Asatillaxo‘jayev) gazetasining (1914) chiqishlari, Ismoilbek vafoti (1914), Qars (Turkiya)dagi zilzila (1914), ayniqsa, Birinchi Jahon urushi va u bilan bog‘liq hodisalar Tavallo diqqatidan chetda qolgan emas. O‘zbek teatrining maydonga kelish voqealariga bag‘ishlangan bir emas to‘rt she’ri bor. Shulardan biri bevosita ilk o‘zbek teatri tomoshasi 1914 yil 27 fevralda Toshkentdagi «Kolizey» teatrida Avloniy truppasi tomonidan Behbudiyning «Padarkush» dramasi qo‘yilishiga bag‘ishlangan. Shunda mashhur ma’rifatchi Munavvarqori Abdurashidxonov teatr haqida nutq so‘zlagan edi. She’r ham shu voqeani hikoya qilishdan, «Cho‘q munavvar etdi olamni Munavvarqorimiz» deb boshla-nar edi. Ikkinchisi esa bu voqeani, ya’ni teatr paydo bo‘lishining ahamiyatini ta’kidlab ko‘rsatdi. Shoir fikricha, yoshlarning teatr o‘ynashi, millatning hayot asari ko‘ringanidan – tirikligidan nishonadir, «taraqqiyning xabari»dir.
Tavalloning «Ravnaqul-islom»dagi she’rlari eski she’r tizimimiz — aruzda yozilgan. Lekin undagi ruh va mazmun, ko‘rganimizdek yangi. Shoir barmoqqa 20-yillarda hajviyalarida muroja-at qildi va 20-yillar o‘zbek hajviy she’riyatining esda qoladigan namunalarini yaratdi. Biroq sovet davrida yozilgan she’rlarini na g‘oyaviy, na badiiy jihatdan 10-yillardagi she’rlariga qiyoslab bo‘lmaydi. Ular yengil-elgsh yozilgandek, ko‘ngli to‘lib turgan kishining istehzosidek taassurot qoldiradi. Buning sababi, bizningcha ikkita:
1. Ijtimoiy. Shoir kambag‘alparvarlik shiorlari bilan o‘ziga og‘dirib olgan bolsheviklar siyosatining g‘ayriaxloqiy va g‘ayriinsoniy mohiyatini tobora anglab boradi. Millat va Vatanning tubsiz girdobga ketayotganidan, halokatning muqarrarligidan, najotning yo‘qligidan iztirob chekadi. Sho‘ro idoralarida, hatto uning huquq muhofazasida ishlayotganidan qiynaladi. Ko‘nglini borligicha ocha olmaydi.
2. Shaxsiy. Guvoh M. X. Husanboyev ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 1931 yilda o‘g‘li Mahmud vafot etadi. Bu narsa shoirga qatgiq ta’sir qiladi, ichkilikka beriladi. Xullas, Tavallo hayotining so‘nggi 20 yili juda ko‘p zamondoshlariniki kabi iztirobli, lekin deyarli samarasiz kechdi.
Lekin u ko‘proq adabiyotimiz tarixida 10-yillardagi millatni erk va adolatga uyg‘otgan jo‘shqin, ehtirosli she’rlari bilan qoldi. Bu she’rlar yangi o‘zbek she’riyatining maydonga kelishida muhim bir bosqich bo‘lib tarixga kirdi. Xususan, Cho‘lpon she’riyatining yuzaga chiqishida ma’naviy omillardan bo‘ldi. Oybekning shoir she’rlarini alohida bir samimiyat bilan esga olishi sababi shunda.