Atoqli adibimiz Oybek «Ulug‘ yo‘l» romanida uni shunday tanishtirgan edi: «Shoir Sidqiy maxsum Iskandardan. Kambag‘al oilada tug‘ilib o‘sgan, qattiqchiliqda qiynalib o‘qigan, keyin madrasaga joylashgan. Ko‘p xoru zorlik bilan madrasani tugatgan, Iskandarga qaytmasdan shaharda qolgan. Nazmda xiyla tuzuk, kalomi o‘tkir, pishiq, hozirjavob shoir edi. O‘rta bo‘yli, muloyim ifodali, yuzlari burishiq, faqirona kiyingan, xushfe’l, xushmuomala kishi edi».
Sirojiddin Sidqiy 1884 yilda tug‘ildi. Otasi Mirzohid-oxund «oxund» deb nomlanishidan o‘qimishli kishilardan bo‘lgan. Shoir o‘z «padari buzrukvor»ining «kamdastroq», «bechoraholroq» bo‘lganligidan «xizmatkorlarga osh toshib, otu ulog‘ boqib» ro‘zg‘or tebratganini ma’lum qiladi. 6 yoshlarida Sirojiddinning savodi chiqadi. Xati ravon bo‘lib, qisqa muddatda sheriklari orasidan ko‘zga tashlanib qoladi.
1903 yilda o‘qishni davom ettirish niyatida Toshkentga keladi. Kesakqo‘rg‘on mahallasidagi Madrasai Rahmatullohda Shomuhiddin oxund qo‘lida arab tili sarf (morfologiya)u nahv (sintaksis)ini o‘rganadi. Xattotlikka muhabbat qo‘yib, zamonasining mashhur qilqalami Toshkentning Arpapoya mahallasida istiqomat qiluvchi Muhammad Shohmurod kotib (1850—1922)ga shogird tushadi. So‘ngroq Farg‘ona vodiysiga borib, «mashhuri davron» Mirza Hoshim Xo‘jandiydan suls, ta’liq, ruq’a, yoqutiy, ubaydiy, lohuriy kabi xatlarni o‘rganadi va uning «tarbiyai mushfiqonasi», «marhamati padaronasi soyai himoyasida» «g‘urbat yurtida» shuhrat qozonadi. Ayni paytda she’r mashq qila boshlaydi. Tarjima bilan shug‘ullanadi. Keksa maorifchi, shoir va jurnalist Mo‘minjon Muhammadjonov (1883—1964) o‘zining «Toshkentlik va Toshkentda bo‘lgan o‘zbek shoirlarining tarjimai hollari» qo‘lyozmasida ma’lum qilishicha, tabiatan g‘oyat zakiy bo‘lgan bu shoir Mulla Qo‘shoq Miskin (1880-1937) bilan juda inoq edi. Ular birgalikda «Ko‘kaldosh» madrasasida Ak-malxon domladan dars olganlar. So‘ng Sidqiy «Beklarbegi»da Abdulmalikhoji oxundda o‘qigan. «Ko‘kaldosh»da Sidqiy va Miskinlar bilan ayni bir vaqtda shoir Xislat (1882-1945) ham o‘qigan. Sidqiy o‘z tarjimai holida Xislatning nomini alohida ehtirom bilan tilga oladi, undan she’r ilmini o‘rganganini aytadi. Sidqiyning shoir sifatida shakllanishida Karimbek Kamiy (1865-1922)ning xizmati katta bo‘ldi. «Beklarbegi» madrasasi hujrasida faqirona hayot kechirgan, Toshkentdagi mashhur 7 bedilxondan biri sifatida e’tirof etilgan bu no-zikta’b shoir ko‘plab yoshlar uchun ustozlik kilgan. Goh «Ko‘kalg dosh»da, goh «Beklarbegi»da she’rxonliklar tez-tez bo‘lib turgan. «Beklarbegi»dan mulla To‘lagan — Tavallo, Mo‘minjon -Toshqin, «Ko‘kaldosh»dan Sidqiy, Miskin, Xislatlar bu mu-shoiralarning faollari edilar.
Bu oddiy suhbatlarda she’r ilmi bilan bog‘liq gaplar ham o‘rtaga tushar edi. Sidqiy «avzon» (aruz vazni ko‘zda tutiladi), «saj’» (qofiyali nasr), «qofiya» kabilarni mana shu adabiy davralarda o‘rganganini aytadi va yuqoridagilar bilan bir qatorda G‘azanfar, Munis, Xayoliy, Iffat Bog‘istoniy, Rizoiy Andijoniy, mash-hur Muhyi Xo‘qandiy, Saidahmad Vasliy Samarqandiy, G‘urbatiy Turkistoniy, Abdulqodir Koshg‘ariy kabi «fusahoi ro‘zgor va adibi balog‘atshior»lar nomini tilga oladi. Ularga «ulfat bo‘lub», «rish-tai muhabbatlarig‘a mehr ayog‘in band etgan»ini, «alardan ancha kasbi maorif qilgan»ini yozadi. Sidqiyning ilk she’rlari, shubha yo‘qki, ishqiy she’rlar edi. Va bularni (2 she’r kitobi) u «Shavkat» taxallusi bilan yozdi («Tuhfai Shavkat», T., 1913; «Savg‘oti Shav-kat», T., 1914), shu nomda nashr ettirdi. Bir qator she’rlariga «Shevan» («nola», «figon») taxallusini qo‘ydi. Lekin so‘ngroq barcha asarlarini «Sidqiy» taxallusi bilan chop etdi. Hatto eski g‘azallarini ham tahrir qilib, «Sidqiy»ga o‘zgartirgan, devoni nomini «Devoni Sidqiy» atagan edi.
Shoirning o‘zi tabiatan mehnatkash, hunar va kasb o‘rganishga moyil va mohir bir kishi edi. U xushxatlikdan tashqari tosh yo‘nib, unga turli ishlov berish, xat yozish, turli bezaklar tushi-rish, suratlar ishlash, muhr «qazish»ni o‘rniga qo‘ygan. Hozirda xususiy va davlat kutubxonalaridagi u ko‘chirgan o‘nlab xushxat devonlar, bayoz, risolalar qatorida tayyorlagan ko‘plab muhrlari nusxalari, toshlavhalar va nihoyat, serqirra ijodkor qalamiga mansub To‘ychi hofiz, Tavallo suratlari saqlanib keladi.
Bulargina emas, u hushtak yasash, qush ovlash, qush boqishga ham usta bo‘lgan.
Asalari boqqan. Unga doir zamonaviy kitoblarni o‘qib o‘rgangan. O‘zi aytmoqchi, arining «zahri omizishi»ni «ahli minnatning shahdi omizishidan yaxshiroq» ko‘rgan.
Sidqiydan surat qolgan emas. Chamasi, u suratga tushmagan. Shoirning 1984 yilgi «Navbahor» to‘plamiga chizilgan surat qarindoshlarining so‘ziga qarab ishlangan.
Adabiyotga oshiqona she’rlar, ishqiy g‘azallar bilan kirib kelgan shoir o‘z hayoti davomida ko‘plab asarlar yozdi. Bu asarlar janriga ko‘ra ham, mazmun-yo‘nalishiga, maqsad-mohiyatiga ko‘ra ham xilma-xil edi. Shoir badiiy ijodga badiiy lazzatgina oladigan bir go‘zallik timsoli deb qaramadi. Uni hayot va kurash uchun vosita ham deb bildi. Shuning uchun hajviyot shoir ijodidan keng o‘rin oldi.
U «Holoti Sidqiy» da yozadi: «Adabiyot va oshiqona g‘azali ko‘b bo‘lsa ham, aksar tab’i hajviyotig‘a moyil bo‘lub, Nikolay yo‘lig‘a suv sepqonlarg‘a va hutom dunyog‘a sotilg‘on mufti maojinlarig‘a quvvati boricha qarshu harakot va zo‘r mone’iyat ko‘rsatur edi».
Darhaqiqat, Sidqiy tabiatan tikso‘z, hozirjavob, haqtalab, adolatsizlik bilan hech bir chiqisha olmaydigan, ayniqsa, tekinxo‘rlik, tamagirlik va poraxo‘rlikni, qalloblikni insonlikka buyuk ofat biluvchi g‘oyat pokiza vijdon egasi edi. U buning jabrini ham ko‘rdi.
Chunonchi, uning 1984 yilda «Navbahor» to‘plamida e’lon qilingan asarlari orasida O‘nqo‘rg‘on qozisi haqida bir voqeiy hikoyasi bor. Mazkur she’riy hikoyada johil va bangi bir eshonning yuragiga qozi bo‘lish g‘ulg‘ulasi tushib, muridlarini yig‘ib, pora bilan unga erishgani, shariat ishlarini poymol qilgani, poraxo‘rlik, haqsizlikka rivoj bergani haqida gap ketadi va misol sifatida shariat peshvosining faoliyatidan bir lavha keltiriladi: Bir oqsoqol bir dehqonning ustidan arz qilib keladi. Kuch va tezlikda yagona-yu yolg‘iz ayg‘iri bor ekan, falon dehqon qirchang‘i, qo‘tir baytalini haydab qo‘ygan ekan. Shu bilan qo‘shilibdi va bu ham shu kundan qo‘tir bo‘libdi. Aslida bu g‘irt yolg‘on bo‘lib, dehqonni chuv tushirish uchun qilingan nayrang edi. Dehqonni topib keladilar va urib-so‘kib, o‘ttiz so‘mlik qirchang‘ini baytal egasiga sakson so‘mga o‘tkazadilar. Dehqon qattiq qayg‘uradi. Soyliq qishlog‘ida bir pok e’tiqod, imoni mustahkam, ayni paytda fozil, shariat rahnamosi bo‘lib kelgan bir kishi bor edi. Shunga maslahatga boradi. U mojaroni tinglab bo‘lgach, yo‘q, sen aybdor emassan, shariatda birovga qasd bilan ziyon yetkazgandagina aybdor sanaladi. Holbuki ikkalangizning otingiz ham «bo‘sh», haydoqlik ekan, – deydi va qiziqchilikka olib, sen aksincha, borib, qozidan baytalingning mahrini talab qil, chunki u o‘sha kuni oqsoqolning otiga «haqiqiy xotun bo‘libdi», – deya qo‘shib qo‘yadi.
Sidqiy ushbu voqeani olimning o‘z tilidan eshitganini ma’lum qiladi. Xullas, bu voqeani shoir yozib, e’lon qilib yuboradi-yu boshi baloga qoladi. «Bu so‘zlarim barchaga quyosh kabi fosh bo‘lg‘och, – yozadi shoir, – ul zolim bangi qozi o‘zi kabi zolim va mustabidlarni yollab, men kambag‘alni Sibiriyag‘a surgun («avoq») va turma ichra turg‘un qilmoqg‘a ancha cholishti. Mavlono Firdavsiy Sulton Mahmud G‘oziyni hajv qilib, Tus shahrig‘a qochqondek ul zolim amaldin qolg‘uncha men ham Farg‘onalarda qochib yurdim va ikki yilcha umrumni kechurdim. 1329 sanai hijriyada qish havosinda toki ul zolim taxtdin tobutg‘a tortildi, men ham o‘z vatanim daru devorig‘a ortildim. Va birgina haqiqat izhori uchun shunchalik tashvish chektim».
Darhaqiqat, shoirning Andijonda turib Toshkentga – Kamiy, Vuslatta yo‘llagan she’rlari, «Bayozi Haziniy»dan joy olgan «Yuz ming osafki, charx mani qildi bevatan» deb boshlanadigan, muallifning o‘zi «shikastaholu magasulbol Shevanning Andijondin Toshkandg‘a firoq shiddatidin, ishtiyoq va muhabbatidin sheriklarig‘a yozg‘on musaddasi ash’oridindur» deya izoh berishi bejiz emas.
Bu sho‘rolar zamonida yanada kuchaydi.
Shoir har qanday holda ham ro‘yirost aytishni qo‘ymadi. Bu esa yangi zamon amaddorlariga ham ko‘pda yoqavermasdi. «Shul jihatdin,—davom etadi shoir,—barchalari Sidqiyga mumkin qadar kulfat bermoqg‘a jozim erdilar. Sidqiy xalqni(ng) harchand maorif ishlarig‘a qizdirub borsa ham, lekin ho‘kuzni qulog‘iga do‘nbura va tanbur chertqondek bo‘lub, oni so‘zig‘a biror kishi quloq osmag‘ay erdilar…»
Shu tufayli:
Falak tiyg‘i sitam chekmish, hama fazl ahlini qirmish,
Jaholat ahlig‘a faal ahlining o‘rnuni topshurmish.
Falak bedodidni men ne uchun ming dodlar kilmay,
Ki mendek fazl elining shoxini sahroda sindurmish, —
deya xulosa qiladi. Inqilobdan oldin tinimsiz ijod qilgani, o‘nlab she’riy, nasriy asarlar, hajviyalar, tarjimalar yozib nashr ettirgani holda sho‘rolar davrida durustroq bir asar yozmaganligini quyidagicha izohlaydi:
«Barchaga mashhurdirki, har bir mol xaridor birla rivoj topdig‘i kabi so‘z ham xaridor ko‘plug‘i birlan va talabgor jo‘shishi ilan taraqqiy etar. So‘z xaridori o‘lmag‘ondurki, hozirgi asrimizda qadimg‘i shoirlarimizning amsolini ko‘rmaydurmiz. Atobeklar, Shirvonshohlar, Avrangzeblar, Husayn Boyqarolar bo‘lmasalar erdi, matbuot dunyosinda «Kulliyoti Shayx Sa’diy», «Xamsai Nizomin», «Kulliyoti Bedil», «Haft avrangi Jomiy» kabi kitoblarni, albatta, hech kim ko‘rmas erdi…
Bechora Sidqiyning oz she’r aytmog‘ig‘a bois so‘z xaridorining yo‘qlig‘idur».
Shoirning oilaviy hayoti ham rohatda kechgan emas. O‘g‘illari Fathulkarim va Omonullolarning ketma-ket vafoti Sidqiyning qaddini tamom bukib qo‘ydi.
Sidqiy 1934 yili o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda Parveztepa mavzeida vafot etdi.
Uning asarlarini sadoqatli shogirdi Abdulla Nosirov O‘zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondiga keltirib topshirdi. 1984 yilda adabiy jamoatchilik shoir tavalludining 100 yilligini, 1994 yilda 110 yilligini nishonladi. 1984 yilda salkam 70 yillik tanaffusdan keyin adib asarlari alohida bir kitob holida nashr etildi. 1996 yilda uning ijodi haqida maxsus dissertatsiya yoqlandi. Bugungi kunda uning ijodi haqida qator maqolalar, risolalar yozilgan. Ayniqsa, XX asr boshi Toshkent adabiy muhitini va shu jumladan Sidqiy ijodini o‘rgangan filologiya fanlari doktori AJalolovning nomini alohida qayd etish kerak. Shularga qaramay, shoir asarlarini to‘plash va yangi o‘zbek adabiyoti kontekstida baholash masalasi oldinda turibdi.
Sidqiy — serqirra, sermahsul ijodkor.
Arab, fors tillarini yaxshi bilgan shoir tarjima bilan ham jildiy shug‘ullangan. Masalan, u mashhur «Ming bir kecha»ni, Sa’diy Sheroziyning «Bo‘ston»ini, o‘nlab hikoya va latifalarni tarjima qilgan.
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida Sidqiyning 20 dan ortiq nomda bosma va qo‘lyozma kitoblari saklanib keladi. Bularning katta qismini, shubhasiz, shoirning original asarlari tashkil qiladi. Uning yuzdan ortiq g‘azalini o‘z ichiga olgan qo‘lyozma devonidagi she’rlar iste’dodli lirik shoir bo‘lganligini ko‘rsatadi. 10-yillarda bosilgan «Bayozi Haziniy», «Bayozi Muhallo», «Armug‘oni Xislat» kabi ko‘pgina to‘plamlarda Sidqiyning «Shavkat», «Shevan» taxalluslari bilan yozgan o‘nlab she’rlari va hajviyalari bor.
Shoirning lirik she’rlari shuni ko‘rsatadiki, u mumtoz adabiyotimizdagi hayotiy, insonyy muhabbat, odamiylik singari eng yaxshi an’analarni davom ettiradi. U buyuk Navoiyga alohida ixlos va muhabbat bilan qaraydi. Lekin XX asrning shoiri bo‘lganligidan unga demokratik ruh, ma’rifatparvarlik qarashlari har narsadan yaqin turadi. Bu hol uni Muqimiy va Furqat izidan borishga undaydi.
Buni shoirning zohiran ijtimoiy hayot bilan kam aloqadordek tuyulgan, aslida turmush bilan teran bog‘lanib ketgan an’a-naviy lirik she’rlarida ham oshkor e’tirof nishonasi — iqgi-bos va muxammaslarida ham ko‘rish mumkin. Sidqiy klassik po-etikadan, boy an’anaga ega she’riyatimizning sirsinoatidan ham yaxshigina xabardor. U o‘z «Tarjimai hol»ida she’r ilmi bilan maxsus shug‘ullanganini xabar qilgan edi.
Shoir poetik merosining salmoqli qismini hajviyot va ij-timoiy-siyosiy she’rlar tashkil qiladi. Hajviy asarlarining aksariyati voqeiy va deyarli hammasi poraxo‘r qozilar, tamagir, tovlamachi amaldorlar, riyokor ruhoniylar haqida, ijtimoiy-siyosiy she’rlari esa davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan. Masalan, «Muhoraba» she’ri 1914 yilda boshlangan ma’lum va mashhur Birinchi Jahon urushi haqida. Shoir uning oddiy xalq boshiga keltirgan fojialaridan so‘z ochadi, ochlik va talonda qolgan mehnatkash yonida turib, «muhoraba» haybarakallachilarini la’natlaydi.
Mardikorlik voqealariga bag‘ishlab «Rabo(t)chilar namoyishi» (1917) asarini yaratdi. «Rangimiz sinuq, holimiz zabun, bo‘ldi g‘am bila qadimiz duto» degan satrlar bor edi unda. Shoir «qimmatchilik»dan, «hamma elni toqati toq» bo‘lganidan, «el uyiga g‘am seli» to‘kilganidan so‘z ochgan edi. Unda ona diyoridan yulib olingan mardikorlarning yurt, el, yor hajridagi iztiroblari, nihoyasiz sog‘inch hissi bor edi.
1917 yil Fevral inqilobidan keyin jahon jamoatchiligining, turkistonlik taraqqiyparvar musulmonlarning qattiq talabi bilan mardikorlar o‘z yurtlariga qayta boshladilar. Sidqiy 1917 yil 19 martda bosilib chiqqan «Rabo(t)chilar kelishi» asarini shu voqeaga bag‘ishladi.
Shoir ularni «rahbarim», «nek axtarim» (baxt yulduzim) deb tilga oladi.
«Toza hurriyat» kitobida (u 1917 yil 24 martda bosilgan) Ni-kolayning taxtdan ag‘darilishini chin dildan, baland ruh bilan olqishlaydi. Lekin, ayni paytda, hali oldinda ishlar juda ko‘p ekanligini, balki chinakam ozodlik hali kelmaganini yaxshi anglaydi, poetik sintaksisda «Bo‘ldi!» emas, «Bo‘lsun!»ni yoxud «Bo‘lsa!»ni tanlaydi:
Bo‘lg‘ay ne ajab bo‘lsa bu kunlar aro hosil,
Har maqsadu har matlabu har komu har a’mol, –
deb, «bu kunlar»ning «maqsad va matlab»ga yo‘l ochishiga umid qiladi. Yangicha qarashlar bilan chiqqan «yoshlar»ga diqqatni jalb etadi. Ularning urug‘chilik, mahalliychilik nizolaridan, ayir-malaridan xoli, umumturk, umummillat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan elparvar, yurtparvar avlod ekanligini ta’kidlaydi:
Tug‘ushg‘ondin ziyoda barcha elg‘a mehribon yoshlar.
(«Yashasun, yoshlar!»)
Shoir milliy, diniy tuyg‘usi baland fidoyi avlodga umid ko‘zini tikadi…
1916—17 yillarda yozilib, tezkorlik bilan bosilib chiqqan bu asarlar xalqimiz milliy ongidagi o‘zgarishlarni kuzatishda, mustaqillik va uning uchun kurash g‘oyasining adabiyotga kirib kelishi tadrijini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, Sidqiyning 1917 yil martida juda qisqa muddatda yozilib, juda tez bosilib chiqqan «Rusiya inqilobi» dostoni mavzu va maqsadiga ko‘ra adabiyotimiz tarixining diqqatga sazovor hodisalaridan biri. U Rusiya inqilobiy yuqealarini keng epik planda tasvir etuvchi dastlabki asar. Mumtoz adabiyot bilan shug‘ullanuvchi ayrim mutaxassislar an’anaviy Sharq she’riyatini, shu jumladan, o‘zbek poeziyasini bir qadar torroq, olaylik, ishqiy, didaktik, falsafiy ohanglardagina qo‘rishga moyil bo‘lib, ijtimoiyot va siyosatdan uzoq tutadilar. Bu unchalik to‘g‘ri emas. XX asr boshi o‘zbek adabiyoti, xususan, Sidqiy va uning mazkur dostoni bunga ochiqdalil. Asar nihoyatda muhim bo‘lganligi uchun u haqda kengroq to‘xtaymiz.
Doston hajmi salmoqli — 48 betdan iborat bo‘lib, 1502 satrni tashkil qiladi. Shundan 72 satri «Guftori andar hameshagi» «Sho‘royi islomiya…» bobi (30-32-betlar) fors-tojik tilida yozilgan. Asarning asosiy matni (1430 satr) o‘zbek tilida.
Doston muqaddima va xulosa («Ittifoq zamoni»)dan tashqari hajmi turlicha bo‘lgan 13 bobdan tashkil topgan. Muqaddima va xulosa ham dostondagi voqealar bilan bevosita birlashib kettan. Shu sababli ularni ham boblar qatoriga qo‘shish mumkin.
Asarning boshlanishida ma’lum an’anaviylik bor. Buni sarlavha («Sababi nazmi inqilob») ham ta’kidlab turibdi. Umuman, shoirning ijtimoiy-estetik qarashlarini belgilashda uning ahamiyati katta.
Muqaddimada shunday misralar bor:
Ki eski hukumat zamoni aro
Yo‘q erdi bu xil jur’at etmak mango.
Alar asrida jur’at etsam agar,
Yopar erdilar turmag‘a sarbasar.
Churutqoy edilar vujudim, bale,
Uzulg‘oy edi toru pudum, bale.
Fevral inqilobi xalqimiz uchun mustabidlikdan mustaqillikka tomon keskin burilish edi.
Fevraldagi inqilobiy voqealar tasviri, asosan, birinchi bobda berilgan. Hajman birmuncha salmoqli (214 misra) bo‘lgan bu bob to‘g‘ridan-to‘g‘ri 23 fevraldan — inqilobning birinchi kuni tasviridan boshlanadi. Shoir uni «banogoh qo‘zg‘oldi» deb xabar beradi. So‘ng g‘alayonga kelgan elning ahvoli, xatti-harakatlari tasviriga o‘tadi.
Voqealar asarda kunma-kun beriladi. Har bir kunning eng muhim hodisalari tilga olinib, yakunlanadi. 23 fevraldagi xaloyiqning «mojaro»sini Sidqiy mamlakatni larzaga keltirgan ochlik, vayronagarchilikdan qo‘radi.
Insoniy qadrini talab qilib chiqqan gunohsiz kishilarning o‘qqa tutilishi, to‘kilgan behisob qonlar shoirda g‘amgin kayfiyat uyg‘otadi:
Falak uzra yuzlandi sonsiz suron,
Der erdingiz yiqildi magar osmon.
Bo‘lub nechaning ro‘zgori qaro,
Ajal ilkida bo‘ldi umri ado.
Yaradorlar bo‘ldi base behisob,
Yilondek yotar erdilar pechu tob.
Bo‘lub xoku xun birla og‘ushtalar,
O‘luktin ko‘tarildi ko‘p pushtalar.
Sarosar xaloyiqqa yetti jafo,
Magar yondi ko‘kdin alarga balo.
Baloyeki, yo‘qtur davosi aning,
Xaloyiq bo‘lub mubtalosi aning.
Chidolmay munga yig‘lab el hoy-hoy,
Der erdiki, «Rahm aylag‘il, ey, Xudoy!»
Keyingi voqealar «Tavricheski nom o‘rda qopusinda» bo‘lib o‘tadi. Chor ministrlari «Pro‘topo‘po‘f», «Dobrovolskiy», «Maqoref», «Suxumlinef», «knyaz Shaxovskiy»larning qo‘lga olinib qamalishi, Nikolay II ning taxtdan tushishi, o‘z o‘rniga ukasi Mixail Aleksandrovichni qo‘yishi, u esa taxtni qabul etmaganligi voqealari beriladi.
«Maqbul qurbonlar» bobida shoir Rusiya ozodlik kurashi tarixiga nazar tashlaydi. Bu kurashning uzoqdan boshlanganiga va u hamma zamonlarda shiddatli to‘qnashuvlar, hayot-mamot janglari asosida borganligiga alohida e’tibor beradi.
Hurriyat olinmadi qurbonsizin, Ki tarixlarning so‘zidur chunin, – deb yozadi shoir. Rus inqilobiy tarixi sahifalarini 1772 yildagi Pugachyov qo‘zg‘oloni («ixtilol»)dan boshlaydi. Shoir inqilobning sabablarini mustamlakalardagi milliy zulm bilan bog‘laydi va o‘zi juda yaxshi bilgan, o‘ziga har jihatdan yaqin bo‘lgan 1916 yildagi Turkiston voqealarini misol qilib keltiradi. Muallif fikricha, Turkistondagi qo‘zg‘alishlarga asosiy sabab-nohaqlik va zulmning kuchayishi bo‘ldi. Chor hukumati bu yerda istilochilik, talonchilik siyosatini yurgizdi:
Bosib zo‘r ila mulku molin olib,
O‘zin oqchasidek yonig‘a solib.
Xuddi shunday sharoitda podshoh o‘lka ahlini mardikorlikka olish haqida farmon berdi. Avvalo, shoir mardikorlikka olishning o‘zini «Na bor erdi farmon aro muhlati, na bor erdi anda haqi-xidmati», deya g‘ayri qonuniylik deb biladi.
Uning ustiga, bu qonunsiz ishning o‘zi ham qonunsiz amalga oshiriladi:
Na farmonda bor mardikorga adad,
Na odamni hozirlamoqliqqa had.
Bu hol «soddadil» xalqni «aftodadil» qildi. Avji hosil yig‘ish payti xaloyiq motamsaro qoldi. Qo‘l tirikchilikka bormadi. Oqibatda iqtisod og‘irlashdi. Lekin «jabr-zulm» xaloyiq qalbiga jasorat soldi.
Nihoyat:
Musibat bo‘lub barchaga hukmron,
Xaloyiqni ko‘nglida tuzdi pulon.
Shu tariqa «islom eli» «hurriyatchilar sonig‘a» kelib qo‘shildi.
Dostonning «Maqbul qurbonlar» bobi shuni ko‘rsatadiki, Sidqiy chor samoderjaviyesining hal^katini ijtimoiy asoslardan kelib chiqib qo‘rsatishga harakat kiladi. Chunonchi, chor hukumati siyosatining zulm va nohaqlik asosiga qurilganini markaziy ob’ekt qilib oladi va buni Rusiya ozodlik harakati, shu jumladan, 1916 yildagi Turkiston qo‘zg‘olonlari misolida isbotlashga urinadi.
«Rusiya inqilobi»ning keyingi bobi «Rasputin ila maxlu (sobiq) podshoh xonimi» deb atalgan. 52 satrli bu bobda podsho saroyining ichki tomoni — parda orqasidagi ishlar asosiy ob’ekt qilib olingan. Shoir fikricha, chor tuzumi ich-ichidan zil ketgan, chirib bo‘lgan edi. Bu uning axlokiy-ma’naviy inqirozida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Butun Rusiya ixlos bilan egilgan podshoning xos xonadonida shundoq ishlar ro‘y berib turgan ekan, boshqa mansabdorlarning ichki hayotidan nima kutish mumkin? Axloqan shu qadar tubanlashib kettan, butun imperiyani shoh xotinining shahvatga bo‘lgan mayli boshqargan saltanat yashashga haqli va qodirmi?
Mazkur bobda Sidqiy shu xil savollarni o‘rtaga qo‘ygan va unga javob bergan edi.
Keyingi boblarda Turkistondagi zulm va zo‘ravonliklarning konkret lavhalari qalamga olinadi. Ta’kidlash kerakki, shoir chorizm davrida mahalliy xalqqa yetkazilgan ziyonzahmatlar orasida din va shariat «zavoli»ga alohida e’tibor beradi. Masalan, boblardan biri «Din dushmani misio‘nerlar firqasining ahvoli bad(a’)moli» deb atalgan. Unda N. P. Ostroumov (1846—1930) va uning kirdikorlari haqida gap ketadi. Chor hukumati olib borgan ruslashtirish siyosati, din va shariatga qilingan tajo-vuz qattiq tanqid ostiga olinadi. Shoir fikricha, bu ishlar ham hammasi «pulon» asosida bo‘lgan edi, inqilobgina bularga bar-ham berdi. Dehqon nima eksa, shuni o‘radi. Binobarin, bu jihatidan ham inqilob qonuniy. Shoirning xulosasi – shunday.
«Tafriqalar ko‘tariluvi» bobida ham inqilob arafasida Turkistonda bir qadar keng yoyilgan va o‘lkadagi asosiy sunniylik mazhabiga to‘g‘ri kelmagan «bobiylik», «bahoiylik» va shu singari oqimlar chor hukumati siyosatining oqibati sifatida talqin qilinadi va avtobiografik xarakterdagi bir voqea misolida rad etiladi. Qizig‘i shundaki, shoir buni ham «pulon» asosida qilindi deb tushuntiradi.
«Xoin, zolim, qaroqchi eski amaldorlardan faryodi tazallum»— dostondagi eng yirik bob. U 314 satrdan tashkil topgan bo‘lib, inqilobni maydonga keltirgan omillar talqinini ma’lum darajada yakunlaydi. Mazkur bobda shoir Turkistondagi milliy va ijtimoiy zulmni o‘zi ko‘rgan va bilgan konkret voqealar asosida ko‘rsatishga harakat qiladi.
Dastlab gap yana haddidan oshgan milliy zulmning umumiy ta’rifidan boshlanadi. Unda shunday satrlar bor:
Ayog‘ ostida ayladi poymol,
Nechukkim yotar mol tagida poxol.
So‘ng bular konkretlashtiriladi. Masalan: chor mansabdorlarining ruju’ qilgan narsasi poraxo‘rlik edi. U ishda o‘zbek amaldorlari ham qolishmas edilar. «Pristofu mingboshi-yu oqsoqol»ning hammasiga xos bo‘lgan xususiyat («xisol») shu edi. Ular «besh-o‘n so‘m»ga ko‘nmasdilar. Bu zulmmi — zulm. Ular shu yo‘l bilan mol-davlat ko‘paytirdilar, koshonalar qurdilar. Ular elni xonavayron qildilar, o‘zlari ham xonavayron bo‘lsin. Ular elni gado qildilar — o‘zlari ham eshiklarda gado bo‘lsin!
Kuyub bitsun onlarni ham xonasi,
Alardan kuyub bitdi el xonasi.
Biz(n)ing birla bo‘lsin barobar alar,
Eshiklarda bo‘lsun gadolar alar.
Shoir sobiq ma’murlarning poraxo‘rligi, o‘zboshimchaligi haqida talay hayotiy misollar keltiradi. Masalan, temir yo‘l vokzalida bilet olish voqeasi bilan bog‘liq bir epizod berilgan: «Nogoh, bilet kerak bo‘lib qoldi, — deydi shoir. — Mahkamaga (bilet kassasi ko‘zda tutiladi) bordim. Qo‘limda guvohnoma (chamasi, biletning miqdori, marshruti va unga ruxsat haqidagi qog‘oz). Biri olib o‘qidi, bir so‘mni oldi-da, ertaga kelishimni aytdi. Minnatdor bo‘lib qaytdim. Tong otdi. Va’dasining vaqti yetganida, xursand bo‘lib mahkamaga yugurdim. Lekin mendan pul olgan kishi yo‘q edi. Izlab topa olmadim. Boshqasiga murojaat qildim. Yana o‘sha ahvol qaytarildi. Bir so‘mni berib, uyga qaytdim. Ertasi esa kechagi odamni topish mumkin bo‘lmadi. Uchinchisiga yalinishga to‘g‘ri keldi. Bor mojaroni aytdim. Gardanini qashlab, bosh-oyog‘imga razm soldi. So‘ng esa, soqolini tutamlagancha, «bu ishlar juda og‘ir ish», «xususan bilet olish» deb muddaoga shama’ qildi. Ilojsiz yana bir so‘m berdim. Bu ham odatdagiday ertaga kelishimni tayinladi. Parishon uyga qaytdim. Ertasiga esa… «joyi ko‘b yuqori», «bir rus mirzo sori» eltdilar. U «qoshini chekti-da», meni olib borgan kishiga pul berishim kerakligini aytdi. Yana bir so‘m chiqarib, nihoyat, besh kun deganda bilet olishga muvaffaq bo‘ldim. Menga pullar emas, sitam alam qiladi». Holbuki, bu «zulm elin eng kichik ishlari», deb izohlaydi shoir.
Mana, zulm elin eng kichik ishlari,
Erur doimo bo‘yla qilmishlari.
Mazkur voqeaning talqini ham, shu munosabat bildirgan fikrlari, qiyoslari ham e’tiborga loyiq. Shoir undan xulosa chiqarishni, uni baholashni bizning hukmimizga havola qiladi. Lekin quyidagi sharh va mushohadalar bilan:
Bu ish zulmmu yo adolatmudur?
Va yo o‘g‘irliq, yo xiyonatmudur?!
Bu ishlarni dengiz: xiyonat, bale!
O‘g‘urluqda bordur jasorat, bale!
O‘g‘urluq qilurlar daleronalar,
Bu yo‘lda berib jonni mardonalar.
Vale pora olmoq xunosa ishi,
Xunosa demang, balki rasvo ishi.
Garchi Sidqiy Fevral inqilobini quchoq ochib qarshi olsa-da, uning natijalari ko‘pincha shoirni qanoatlantiravermaydi. Asarda uning orzulari bilan mavjud sharoit, ideal va hayot o‘rtasida tez-tez ko‘zga tashlanib turadigan zidlikni payqash qiyin emas. Shoir Fevral inqilobi o‘zgarishning boshlanishi ekan-ligini ta’kidlab turgandek bo‘ladi. Masalan, u asarning dastlabki boblaridayoq qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida shunday yozgan edi:
Taraqqiy yo‘linda qiling jon fido,
Ki bo‘lsun bu kun jumla hojat ravo.
Oching ko‘zni g‘aflatdan, ey musulmon,
Ki, yotmang kasolat, atolat bilan.
Imomu muallim, ziyoli bori,
Kerak boqsalar ushbu ishlar sori…
Muningdek zamonda huquq istashing,
Huquq istamoqg‘a tuzuk qatnashing.
Buning uchun shoir «bir tan», «bir jon» bo‘lib, «huquq istash»ga, mustaqillikni qo‘lga olishga chorlaydi. Bu borada qizg‘in ish olib borayotgan «Sho‘royi islomiya» jamiyatiga alohida bob bag‘ishlaydi. Unga targ‘ib va tashviq qiladi. Doston Fevral inqilobidan keyingi sharoit jildiy va atroflicha tahlil etilgan, yutuqlar va vazifalar o‘ziga xos bir usulda ko‘rsatib berilgan, barchani birlikka, hamjihatlikka chorlovchi «Ittifoq zamoni» bobi bilan yakunlanadi.
Bu g‘oya shoirning G‘ulomiya matbaasida 1918 yilning 18 yanvarida alohida varaqa holida bosilib chiqqan «Umidi ittifoq» tarji’bandida davom etadi. Agar biz shu paytlari rus istilosidan keyingi mustaqil davlatchiligimiz namunasi Turkiston muxtoriyati tuzilganini va uni yo‘qotishga Sho‘ro hukumati katta-katta kuchlar tashlaganini ko‘zda tutsak, asarning ahamiyati bir qadar oydinlashadi. Asar hammamizga ma’lum sabablar bilan diq-qatdan chetda keldi. She’r shunday boshlanadi:
Emdi bizlarg‘a bu kun g‘oyatda hurriyat kerak!
Pok ko‘ngul, sof dil birla tuzuk niyat kerak.
Aylamayluk bo‘ridek tishlashqa dandonlarni tez,
Shahr omonliq bo‘lsa shoyad, baski, amniyat kerak.
Birlashayluk, ishlashayluk bas, bo‘lub qo‘lu qanot,
Bu falonidur debon, demang salohiyat kerak.
Barcha islom ahli birdurmiz salohiyat aro,
Demag‘aymiz bu zamonda bizga ziddiyat kerak.
Jon qulog‘i birla anglangkim, man aylarman nido,
Bu nidoni ohkim, anglarg‘a mardiyat kerak.
Bizlara lozimdur emdi, ey musulmon, ittifoq!
Filmasal jism o‘lsa birlik, go‘yiyo jon ittifoq!
Tarji’bandning tarji’ bayti kishilarni takror va taqror birlikka chorlash bilan asarning yetakchi g‘oyasini ta’kidlab turadi:
Bizlara lozimdur emdi, ey musulmon, ittifoq!
Filmasal jism o‘lsa birlik, go‘yiyo jon ittifoq!
Bu yerdagi «musulmon» diniy xarakterdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy tamoyilni ko‘rsatadi.
Shoir olis tarix misolida o‘zaro nizo va janjallarning Vatan va Millat taqdiridagi fojiali oqibatlarini ko‘rsatib beradi. Millatning hayot-mamoti hal bo‘layotgan shunday mas’ul bir paytda «Ittifoq»ning suv va havodek zarur ekanligi haqida bong uradi. Aslida bu g‘oya o‘lmasdir. Mamlakatimiz istiqlolini qo‘lga kiritishi bilan u bugun ham dolzarb bo‘lib turibdi.
Sidqiy nasriy asarlar ham yozdi. «Tazkirai Imomi A’zam», «Sad irshodi mulla Sidqiy Xondayliqiy», «Mezoni shariat», «Zarbulmasali Sidqiy» an’anaviy nasrda yozilgan. Shuningdek, u «Hikoyai latifa», «Bahrom va malikai Gulandom», «Karimo tarjimasi», «Ming bir kecha», «Ajoyibul-maxluqot», «O‘g‘ri va qozi» kabi bir qator nasriy asarlarni tarjima qildi.
Uning tarjimalari orasida e’lon qilinmaganlari ham ko‘p. «Holoti Sidqiy»da og‘ir inqilob yillarida sahobalarning janglari haqida yozilgan bir kitobni «Shavkatus-salom» tarjimai «Futuhul-Shom» nomi bilan tarjima qilganini va umuman «uch adad buyuk asarlari» «Xafo pardasida qolgan»ini yozgan edi.
Adib nasriy merosining salmoqli qismini diniy-axloqiy asarlar tashkil qiladi. Sidqiyning 1914 yilda chop etilgan «Tazkirai Imomi A’zam» asari shundaylardan. Islom olamida Imomi A’zam nomi bilan mashhur bo‘lgan, sunniy «Hanafiya» mazhabining asoschisi Abu Hanifa an-Nu’mon ibn Sobit (699/700-767) haqida bir qancha yodnomalar, tazkiralar, manoqiblar maydonga kelgan, son-sanoqsiz rivoyatlar saqlanib qolgan.
Jahon adabiyotshunosligida anbiyo va avliyolar hayotini badiiy aks ettirishni o‘rganuvchi «agiografiya» degan maxsus soha bor. Afsuski, bu bizning adabiyotshunosligimizda yo‘lga qo‘yilgan emas. Chunki unga salkam dinni targ‘ib qilish sifatida qarab kelganmiz. Va shu sababdan rad etganmiz. Holbuki, o‘tmish adabiy merosimizdagi manoqiblar, rivoyatlar, turli risola. me’rojnoma, qiyomatnomalar bu sohaning bizda g‘oyat taraqqiy qilganini ko‘rsatadi.
Vasliy Samarqandiyning «Al-kalom ul-afhom fi manoqib il-Imomi A’zam» kitobiga xattotlik qilgan Sidqiy keyinchalik o‘zi ham maxsus bir asar hozirladi. Imomi A’zam haqidagi rivoyatlarni to‘pladi, ularni qayta ishladi. Tab’idan o‘tkazdi. Bir ipga tizib, nashr etdi. Bu asar shu kunga qadar qayta nashr bo‘lmagan va ilmiy tahlil etilmagan.
«Tazkirai Imomi A’zam» Sharq mumtoz adabiyotida ma’lum va mashhur bo‘lgan nasriy qissalardan tarkib topgan. Ularning markazida turuvchi, «Imomi A’zam» («Buyuk imom») martabasiga musharraf bo‘lgan bu kishining asl ismi No‘mon binni Sobit, kuniyasi Abu Hanifa. Ko‘fa shahrida forsiynasab xonadonda dunyoga kelgan. Ko‘fani arablar fath etganlarida bobosi asir olinib, bu yerga keltirilgan. No‘monning otasi Sobit tu-g‘ilgan paytda bu xonadon erkinlikka chiqqan edi.
Yozma manbalarda No‘mon binni Sobitning dunyoga kelishi haqida talaygina rivoyatlar mavjud. Ularning ko‘pchiligida Sobit ariqda oqib kelgan olmani tutib yegani, birovning haqi deb egasini rozi qilish uchun ariq yoqalab borib, bog‘bonga uchragani va qizini nikohiga olgani hikoya qilinadi.
Bu rivoyatlar juz’iy farqlar bilan turli variantlarda uchraydi. Sidqiy variantida Abu Hanifaning otasi qashshoq bir dehqon tarzida tasvirlanadi. Abu Hanifa hayotini ilmiy tadqiq etgan manbalar Sobitning shoyi savdosi bilan shug‘ullanganidan guvohlik beradilar. Bu fakt hayot haqiqati bilan badiiy haqiqat o‘rtasidagi munosabatni belgilaydi.
Badiiy haqiqat o‘sha lavhada ilgari surilgan g‘oyani asoslashga xizmat qildiriladi. Bu lavha Abu Hanifaning otasi va onasining topishuvi, o‘zining dunyoga kelishi voqeasi bilan bog‘liq holda tasvirlangan.
«Tazkirai Imomi A’zam» kitobi Imomi A’zam.qissasidan tashkari «Qiyomatnoma», «Reznomai Muso alayhissalom», «Me’rojnoma», «Vasiyatnoma», «Odobul-muslimin», «Eru ko‘k xalq bo‘lg‘oni», «Xotun olmoqliq fazilati» va hokazo qismlardan iborat. Bu qismlarda ham din va payg‘ambarlar tarixiga oid rivoyatlarga keng o‘rin berilgan.
«Qiyomatnoma»da Rasululloh boshliq choryorlarning qiyomat quni payg‘ambar ummatlarining g‘amida ko‘rsatajak jonbozliklari tasvirlangan. Ular o‘z halovatlaridan kechib, bor g‘ayratlari bilan boshqalarning gunohlari uchun tortajak azoblarini yengillashtirish yo‘lida harakat qiladilar. Ayniqsa, Rasulullohning qizlari Fotimaning o‘z shaxsiy alamlari bilan figon chekib otalari huzuriga borganida, butun ummat manfaati uchun bu ginalarni unutishi lozimligini darhol anglab yetishi nihoyatda ibratlidir.
Rasululloh bu qissada Xudoi taoloning do‘sti va ummatlarni shafoat qiluvchi bir zot sifatida namoyon bo‘ladilar.
Kitobning «Roznomai Muso alayhissalom» qismi boshqa qissalardan alohida ajralib turadi. Unda hazrati Musoning Tur tog‘ida Olloh visoliga vosil bo‘lishi haqidagi mashhur voqea qalamga olingan. Xudoi taolo Muso alayhissalomni Tur tog‘iga chorlab, uni qiziqtirgan savollarga javob beradi. Bu suhbat chog‘ida ko‘pgina diniy va dunyoviy masalalarga oydinlik kiritiladi. Ushbu qismni Xudoi taolo tomonidan Musogagina emas, bal-ki hukmdorlarga, oddiy bandalarga berilgan «Yo‘riqnoma» deb qabul qilish joizdir. Suhbatda imon va e’tiqod mustahkamligining asl mohiyati tamomila inson manfaatiga bo‘ysundirilganligini ko‘ramiz.
Rasulullohning me’rojga chiqqan kechalari haqida rivoyatlar ko‘pgina kitoblarda uchraydi. Sidqiy asarida ham «Me’rojnoma» nomi bilan ayni shu mavzudagi rivoyatlar berilgan. «Me’rojnoma» «Roznomai Muso alayhissalom» qissasini eslatadi. Faqat Muso payg‘ambar Tur tog‘iga, Muhammad alayhissalom esa Arshga chiqib Xudoi taolo bilan muloqotda bo‘ladi, ruhiy olamni kezib, undagi payg‘ambarlar va farishtalar bilan uchrashadilar.
Rasuli Akram Muhammad alayhissalomning me’rojga chiqish qissalari juda ko‘p rivoyatlarda zikr qilingan bo‘lsa-da, adib Sidqiy qalamida o‘zgacha joziba kasb etdi.
Sidqiyning «Mezoni shariat» («Shariat tarozusi») asari 1915 yilda Toshkentda chop etilgan va 1917 yilda qayta nashr qilingan. 1992 yilda Mahmud Hasaniy tomonidan bu asar uchinchi marta nashr etilib, dunyo yuzini ko‘rdi. Sidqiy shariat mezonlarini ommabop qilib berdi, qulay dastur shakliga keltirdi. «Sababi ta’lif» (kitobning yozilish sababi) qismida zikr etganidek, «E’tiqodga dalolat qilg‘uluq va din zaruriyotini bilg‘uluq parishon va chochuq iboratlarni mo‘tabar kitoblardin… boshoqchilik tariyqi birla» bir joyga to‘pladi.
«Mezoni shariat», «Kitobul-iymon», «Kitobut-tahorat», «Ki-tobus-salot», «Kitob uzzakot», «Kitobus-savm», «Kitobul-haj» degan boblardan iborat. Ularning qurilishi quyidagicha: har bi-riga mavzu yuzasidan tushuncha beriladi, so‘ng ular bilan bog‘liq amaliy holatlar keltiriladi. Va bularning barchasi savol-javob tarzida, turli badiiy ifodalar orqali bayon etiladi.
«Sad irshodi Mullo Sidqiy Xondayliqiy» («Mullo Sidqiy Xondayliqiyning yuz nasihati» — O‘zFAShI qo‘lyozmalar fondida № R 7629-111 raqami ostida saqlanadi.) Sharqda keng tarqalgan, xalq donoligi namunasi pand-o‘gitlar, maqollar, hikmatli so‘zlar ko‘rinishidagi qaydlardan iborat. Bu o‘gitlarning ko‘pchilik qismi umumiy g‘oya jihatidan o‘tmish donishmandlarining hikmatlari bilan hamohang.
«Holoti Sidqiy». Bu asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida R—7629 raqami ostida saqlanadi. Mumtoz adabiyotimizda tarjimai hol xarakteridagi asarlar yozish an’anasi qadimdan ma’lum. Bunday asarlar manoqib, holot, ahvolot deb atalib kelingan. Alisher Navoiyning «Xamsatul-mutahayyirin», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Holoti Said Hasan Ardasher», Boburning «Boburnoma», Furqatning «Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti» shu xildagi asarlardan bo‘lib, bu risolalar odatda nasrda bitilgan.
Sidqiy ham shu janrda qalam tebratib, 1924 yili «Holoti Sidqiy»ni yozdi va uni «Iktisob» asariga yetti bet hajmda ilova qildi. Biroq oxirgi sahifa ostida poygirning mavjudligi qolgan varaqlarning tushib qolganini bildiradi.
Bu qusur asarning to‘la hajmi haqida qat’iy bir fikr ayta olishimizga imkon bermaydi.
«Holot» shoirning o‘sha paytgacha bo‘lgan tarjimai holini, adabiy faoliyatini o‘z qalami bilan yoritgani uchun ishonchli manba sifatida ilmiy, tarixiy, ma’rifiy jihatdan benihoya muhimdir. Sidqiy ijodiga u yoki bu munosabat bilan murojaat qilgan ko‘pgina tadqiqotchilarimiz asosiy ma’lumotlarni shu manbadan olganlar. «Holot» bo‘lajak shoirning yosh paytida Toshkentta kelgani-yu bilimi va dunyoqarashining, ijodi va faoliyatining qirralarini ochishda, Sidqiyning shaxs va shoir sifatida o‘sishini kuzatishda mislsiz manba hisoblanadi. Sidqiy o‘z hayotini yozar ekan, turmush sharoitini hech bir yashirmaydi. Hamma narsani boricha ifoda etishga intilgan. Bu asar orqali biz shoir muloqotda bo‘lgan, suhbat qurgan ziyolilar, zamonasining mashhur xattotlari va shoirlari, taniqli mudarrislari haqida ma’lumot olamiz. Davr madaniy hayoti haqidagi tasavvurimizni to‘ldiramiz.
Shoirning qishlog‘iga qaytib ketganidan keyingi hayotini yorituvchi ma’lumotlarni faqat shu asardan ola olamiz. «Holot»dagi badiiy ifoda, sifatlashlar, kesatish, kinoya kabi iboralar uni nasr namunasi deb qarashga asos beradi. Asardagi barcha ma’lumotlar uchinchi shaxs tilidan beriladi.
Insho san’atining go‘zal namunalaridan biri «Zarbulmasali Sidqiy»ning muallif dastxati O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida № 7631 raqami ostida saqlanadi. Oddiy maktab daftari varaqlariga asosan, qizil va ba’zi yerlari qora siyoh bilan isloh qilingan arab o‘zbek yozu-vida bitilgan. Asar besh yuzdan ortiq maqol, matal va xalq naqllariga qo‘yilgan savol va ularga to‘g‘ri, kinoya hamda kesatiq ma’nolaridagi izoh yoki javoblardan iborat. «Zarbulmasali Sidqiy» 1932 yilda yozilgan va shu vaqtgacha hech qayerda nashr qilinmagan, u haqda ma’lumot ham berilmagan.
Asar dastlab «Savol-javobli yuz so‘z» nomi bilan yozila boshlagan. Muallif birinchi qismning musavvadasidayoq savol-javobni yuztaga yetkazib qo‘yadi. Biroq boshqa bir daftarda ayni shu savol-javoblarning ko‘pini she’riy parchalar bilan xulosalab, ularning miqdorini besh yuzdan oshirgan, bosh varaq hoshiyasiga «Zarbulmasali Sidqiy» deb yozib qo‘ygan. Hozirda shulardan 268 tasianiqlanib, jamlandi, 253 tasi esa noma’lum turibdi.
O‘zbek adabiyoti tarixida «Zarbulmasal» yaratish an’anasi Muhammadsharif Gulxaniy (XVSh-XIX), Nozil Xo‘jandiy (1788-1876), Sulaymonqul Rojiy (1871-1924) kabilar ijodida kuzatiladi. Bu mualliflar o‘z didaktik qarashlarini, davr ijtimoiy masalalariga munosabatlarini ifodalashda turli badiiy-estetik prindiplardan foydalanishgan: Gulxaniy xalq maqollari, hikmatli so‘zlari, matal, masal va rivoyatlarni yagona bir qissaga birlashtirib, nazm va nasr aralash yaxlit asar yaratgan bo‘lsa, Rojiy ularning barchasini masnaviyga joylaydi. Sirojiddin Sidqiy «Zarbulmasal»i esa boshdan oxirigacha savol-javobga asoslangan.
Sidqiy nasriy asarlarining mavzu ko‘lami keng va rang-barang. Yuksak axloq mezonlari va ilm-ma’rifatga da’vat Sidqiyning she’riyatidagi kabi nasrida ham o‘zak g‘oyalardan hisoblanadi. Ilm va ilm sohiblarini e’zozlash kerakligini Sidqiy asarlarida takror va takror uqgiradi. Shu bilan birga adib o‘z risolalarida insoniy fazilatlar, aql va bilim egasi bo‘lgan go‘zal xulq-odobli ayol siymosini ham chizishga harakat qiladi. «Er birla xotunlarning bayonida» deb atalgan bobda ayolning jamiyatdagi o‘rnini, ularning izzatga loyiq ekanligini shariat qonunlari asosida tushuntirib berishga harakat qiladi.
«On hazrat aydilar: Har kim xotunini izzat qilsa, ani Olloh taolo izzat qilur… Xotunlarning eranlardan besh haqqi bor turur. Avval ulki, xotunig‘a ish buyursa, uy ichida buyurg‘ay. Ikkinchi, shariat va tahorat va g‘usl va namoz va ro‘za va imon va islom -ushbu nimarsalarni va oncha yaxshi amallarni o‘rgatqay. Uchunchi, halol taom berg‘ay. To‘rtunchi, zulm qilmag‘ay. Beshinchi, yaxshi so‘zlar bilan ko‘nglini xursand qilg‘ay».
Ayni paytda, ayollarning ham oila va jamiyat oldidagi burchi va mas’uliyati chiroyli rivoyatlar bilan dalillanadi.
Yuqoridagi dalillar Sidqiy Xondayliqiyning milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida muayyan o‘ringa ega ekanligini ko‘rsatadi.