Begali Qosimov. Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919)

Behbudiy portreti. «Unutilmas siymolar» (1999) to‘plamidan olindi

Hayot yo‘li

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining boniisidir. Uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida 20-yillarda mahalliy matbuotda Sadriddin Ayniy, Hoji Muin ibn Shukrullo, Laziz Azizzoda kabi zamondoshlari tomonidan bir qator maqola, xotiralar e’lon qilingan. Keyingi yillarda, xususan, mustaqillikka erishilgandan so‘ng jadidlar faoliyatini o‘rganishga qiziqish kuchayishi bilan Behbudiy ham qayta kashf etila boshlandi. Behbudiy tarjimai holini yoritishda Hoji Muinning 1922-23 yillarda o‘zi muharrirlik qilgan «Mehnatkashlar tovushi» (1922), «Zarafshon» (1923) gazetalarida chop etgan maqolalari muhim ahamiyatga ega. Behbudiy haqida 70-yillardan bugungi kungacha e’lon qilinib kelayotgan Solih Qosimov, Ahmad Aliyev, Naim Karimov, Sirojiddin Ahmedov, Sherali Turdiyev va bugungi yosh tadqiqotchilar Halim Sayyid, Normurod Avazov, Zebo Ahrorova ishlarining barchasida mana shu Hoji Muin ma’lumotlari asos qilib olinadi.

Uning keltirishicha, Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilning 19 yanvarida (hijriy 1291—10-zulhijja) Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, amir Shohmurod zamonida (1780—1785) Samarqandga kelib qolgan. 1894 yilda otasi, imom-xatiblik bilan shug‘ullanib kelgan Behbudxo‘ja vafot etadi. Yosh Mahmudxo‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiqning tarbiya va qaramog‘ida o‘sib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik tog‘asi Odildan o‘rganadi. 18 yoshidan qozixonada mirzalik qila boshlaydi. Darvoqe, Behbudiyning maktab-madrasa hayoti haqida ham ma’lumotlar nihoyatda kam. U dastlab Samarqand madrasasida, so‘ngroq Buxoroda yaxshigina tahsil ko‘rgan. An’anaviy madrasa ilmini Mahmudxo‘ja Behbudiy puxta egallagan Behbudiy 1915 yilda etnograf G.Andreev savollariga javob berar ekan, madrasa tahsilini alohida tilga olgani ma’lum. Xullas, an’anaviy tahsil, so‘ng esa o‘z ustida qunt va sabot bilan ishlash orqali u shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha ko‘tariladi.

1899—1900 yillarda Behbudiy buxorolik do‘sti Hoji Baqo bilan haj safariga chiqadi.

«1318 sanai hijriyasi tavofi Baytullog‘a Kavkaz yo‘li ila Istanbul va Misr al-Kohira vositasila borib edim. Muddati safarim sakkiz oydan ziyoda cho‘zilub edi», — yozadi Behbudiy bu haqda. Dunyo ko‘rishi izsiz ketmaydi. Safar yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi. Uning tashabbusi va g‘ayrati bilan 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S.Siddiqiy), Rajabamin (A.Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar tashkil topadi. Adib ushbu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Ketma-ket uning «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» (1905), «Risolai jug‘rofiyai Rusiy» (1905), «Kitobat-ul atfol» (1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kabi kitoblari paydo bo‘ladi. Mahmudxo‘ja 1903— 1904 yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906 yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda bo‘ladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan, Nijniy Novgorodda 1906 yilning 23 avgus-tida Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bag‘ishlangan qurultoy chaqiriladi. Behbudiy bu qurultoyda turkistonlilar guruhini boshqaradi va katta nutq so‘zlaydi.

25 kunga cho‘zilgan bu safar haqida Behbudiy so‘ngroq shunday ma’lumot bergan edi: «1325 sanai hijriyasinda Rusiya musulmonlarining muhtaram ziyoli va akobirlarining Nijni Yorminkasinda milliy ishlar to‘g‘risinda mashvarat qila turgan majlisg‘a musharraf bo‘lmoq uchun O‘runburg yo‘li ila Maskuf, Peterburg, Qozon vositasila Nijni Novgo‘rud borib edim».

Teatr kerak

Ma’rifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak ediki, unda u o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘ra olsin.

Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi. «Padarkush» shu tariqa maydonga keldi. Biroq uning dunyo ko‘rishi oson kechmadi. Bunga sabab: birinchidan, chor huku-mati mustamlaka Turkistonining ma’rifat yo‘liga kirib, o‘z huquqini tanishidan manfaatdor emas edi; 1916 yildagi Turkiston general gubernatori N.R.Kuropatkinning o‘z kundaligida yozgan va bugun juda mashhur bo‘lib ketgan «Biz tubjoy xalqni taraqqiyotdan, maktabdan, rus hayotidan 50 yil chetda tutdik», degan so‘zlarini eslash kifoya. Ikkinchidan, turg‘unlik va tutqunlik tufayli avj olgan jaholat, mutaassiblik. «Kimiki sahnada ko‘rsang oni jasorati bu», deb yozgan edi shoir Tavallo. Bu bejiz emas. Xullas, 1911 yilda yozilgan «Padarkush» dramasi 1913 yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildidagi «Borodino jangi va Rusiyaning frantsuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining yubiley sanasiga bag‘ishlanadi» degan yozuv va uning Tiflis tsenzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni ko‘rsatadiki, ish oson ko‘chmagan. Pesa bosilib chiqqandan keyin ham uni sahnaga qo‘yish uchun yaqin bir yil vaqt ketdi. Muallif bu haqdagi xatlarga javoban kinoyaomuz: «Turkistonda bekor odam yo‘kki, xalq uchun ishlasa. Bekor kishi yo‘qki, teatru sahnasiga chiqib, «masxarabozlik» qilsa», deb yozgan edi.

«Padarkush» – o‘zbek dramachiligining hamma yakdil e’tirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmuniga ko‘ra yangi o‘zbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif «Milliy fojia» atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman juda ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va jo‘n. U jaholat va nodonlik, o‘qimagan bolaning buzuq yo‘llarga kirib, o‘z otasini o‘ldirgani haqida hikoya qiladi. Orqa-oldini o‘ylamagan boyning Toshmurod ismli o‘g‘li bor. O‘g‘li o‘qimagan. Boy atrofdagilarning gapiga kirmaydi, o‘g‘lini o‘qitmaydi, oqibatda u ko‘cha bezorilariga qo‘shiladi. Restoranda maishatga puli yetmay, sheriklarini tunda uyiga boshlab keladi. Boy uyg‘onib, ularni sezib qoladi. Boyni o‘ldirib, pulini olib ketadilar.

Xulosa: jaholat va nodonlik otaning ham, bolaning ham boshiga yetadi. Agar butun millat shu ahvolga tushsachi?!. «Padarkush» dastlab Samarqandda 1914 yilning 15 yanvarida sahnaga qo‘yildi. «Xalq nihoyat ko‘p kelib, belat yetmagani va joyni yo‘qligi uchun uch-to‘rt yuz kishi qaytib ketdi», deb yozadi mahalliy matbuot.

Yana o‘sha yerda o‘qiymiz: «Belatlar bir-ikki kun avval yoshlarni g‘ayrati ilan sotilib tamom bo‘lub edi. Ba’zi kishilar belatlarini ikki bahog‘a foidasi ilan boshqag‘a sotdilar. Soat yettidan minglab xalq ibratxonag‘a hujum qilgan. Ammo belat yo‘q. Uch so‘m berib, tikka turmoqg‘a ham rozi, yana yer yo‘q…»

Spektakl o‘z maishatiga o‘ralib dunyoni unutgan millatdoshlarga chaqmoqdek ta’sir etdi. Unda boy rolini Abdusalom Abdurahim o‘g‘li o‘ynagan edi. «Boyni hamboza (xurrak) va uyqusi hamda harakatidan aholi ixtiyorsiz va fosilasiz kulardi», yozadi taqrizchi. «Domla (Mardonqul Shomahmud o‘g‘li) va ziyoli (Mirza No‘mon Mulla Fozil mufti o‘g‘li)ni nasihati xaloyiqni ko‘nglig‘a ta’sir etardi, hatto va’zu pandga yig‘laganlar bor edi», – o‘qiymiz taqrizda. Ayniqsa, boyning o‘z o‘g‘li yordamida o‘ldirilib, mol-dunyosining fahshu ishrat uchun olib ketilishi voqealari kishilarni larzaga solgan. «Bu faje’ va alamlik manzarani parda yopar. Xalqg‘a haddan ziyoda ta’sir. Ba’zi kishilar fojiadan ko‘z yumarlar…»

Chamasi, asarning ijrosi ham baland saviyada bo‘lgan. Taqrizdagi «Rus, yahudiy va musulmonlar tahsin etardi. Hatto 20 yildan beri teatr ma’muriyatindagi odamlar ta’rif qilurdi… Aholidagi olqish ibratxonani gumbirlatur…» degan jumlalar shunga ishora qiladi.

Toshkentda 1914 yilning 27 fevralida qo‘yildi. Avloniyning «Turon» truppasi Kolizey (hozirgi Savdo birjasi binosi)da o‘z faoliyatini mana shu «Padarkush» bilan boshlagan edi. Spektakl oldidan mashhur Munavvarqori teatrning jamiyati hayotidagi roli va o‘rni haqida nutq so‘zlaydi. Boy rolini Abdulla Avloniyning o‘zi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni «tarixiy kun», deb yozadi.

«Turon» truppasi 1914-16 yillarda bu spektakl bilan butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqdi. «Padarkush» Turkistonni junbishga keltirgan qirg‘inbarot inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bir tomondan, millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undashda buyuk rol o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, professional o‘zbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi.

Bu asarning o‘z davrida adabiy harakatchilikka yetkazgan ta’siri haqida qaydlar ko‘p. Buning shohidi sifatida Abdulla Qodiriyning mashhur «1913 yillarda chiqqan «Padarkush» pesasi ta’sirida «Baxtsiz kuyov» degan teatr kitobini yozib yuborg‘onimni o‘zim ham payqamay qoldim», degan e’tirofini eslash kifoya. 1916 yilda Toshkentga kelib, Kolizeyda «Turon»ning qator spektakllarini ko‘rgan A.N.Samoylovich yozadi: «Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi — Samarqand… Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Mahmudxo‘ja Behbudiydir».

Dramaning birgina o‘zbek emas, tatar, ozarboyjon teatrchiligiga ham ta’siri haqida gapirish mumkin. Turkistonda shu yillari Zaki Boyazidskiy, Aliasqar Asqarov, Sidqiy Ruhillo, Ilyosbek Oshqozorskiy kabi ko‘plab qardosh rejissyorlar faoliyat ko‘rsatganini xotirga olaylik.

 

Behbudiy va matbuot

1913 yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shug‘ullanadi. Apreldan «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haf-tada ikki marta, dastlab ikki, so‘ng to‘rt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi to‘xtagan. O‘sha yilning 20 avgustidan u «Oyna» jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik majalla asosan o‘zbek tilida bo‘lib, unda ixcham forsiy she’rlar, maqolalar, ruscha e’lonlar ham berib borilardi… «Boshda haftada bir marta va ikkinchi yildan e’tiboran 15 kunda bir qatla chiqib, yigirma oy chamasi davom qildi… Kafkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyagacha tarqalar edi… Jadidlarning sevikli jurnallari edi. Shuning uchun ular tomonidan hurmatlandi, sevilib o‘qildi», deb yozgan edi Ziyo Said. Jurnal redakdiyasi muharrirning Yangi shahardagi uyida (Reshetnikov, 3; hozir Mirsaid Baraka, 1) joylashgan.

Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizg‘in shug‘ullandi. «Nashriyoti Behbudiya» nomi bilan o‘z xususiy nashriyotini ochdi. Fitratning «Bayonoti sayyohi hindi» asarini 1913 yilda ruschaga tarjima qildirib, nashr etdi. Turkiston xaritasini tuzib bosmadan chiqardi. Kutubxonani yo‘lga qo‘ydi. O‘sha davr vaqtli matbuotida «Behbudiya kutubxonasi» haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelasiz.

1914 yilning 29 mayida Behbudiy ikkinchi bor arab mamlakatlariga sayohatga otlanadi.

Muallif sayohati arafasidagi kayfiyatni shunday ifodalaydi: «7 sanadan beri ikki daf’a Buxoro va bir daf’a Farg‘onani ziyoratidan boshqa safarga chiqqanim yo‘q edi. Azbaski, tiriklik kasalig‘a mubtalolik, ro‘zg‘or qaydig‘a giriftorlik sayohat ne’matidan mahrum etar. Yetti yillik xonanishinlik, digar ta-rafdan aloyiqi ro‘zg‘or, tijorat va 7—8 risolalar tahrir va nashri, dorulqazo ishlari, xususan, bir sanadan beri sobiq «Samarqand» jaridasi va hozirgi «Oyna» idorasining ishlari ruhan va jisman zaif etdi. A’zou havoslarg‘a kasolat paydo bo‘ldi. Singir (asab)… g‘ayri muntazam ishlaydo‘r. Atibbo istirohat va sayohatg‘a mashvarat berarlar. Tabiat u qadar noqobil va buzuqki, sayohatdan ham nafrat etar, istamaz».

Shunga qaramasdan, safarga chiqmasa, bo‘lmaydi. Avvalo, «Kutubxonai Behbudiya» uchun Istanbul, Misr, Qrim, Kavkaz, Qozon, Rusiya va xorijiyaning manzaralari, imoratlari kishilarning suratlari, turli-tuman qolip (klishe)lar va yana boshqa juda ko‘p narsalar kerak. Xullas, bormasa bo‘lmaydi. Marshrut: Kavkaz, Qrim, Istanbul, Yunoniston, Bayrut, Misr Qohirasi va yana orqaga —Istanbulga qaytib, temir yo‘l bilan Bulg‘oriston, Avstriya va Berlin orqali Rusiyaga, undan Turkistonga kelish. Muddati ikki oy. Birinchi iyunga qolmay yo‘lga tushish kerak. Behbudiy Peterburgda bo‘ladigan Milliy majlis maslahatiga taklif qilingan edi. Savollarga javobini yozib yuboradi, uzrini aytadi. Xullas, 29 mayda yo‘lga tushadi. Poyezdga o‘tirib Bayramali orqali Ashxobodga o‘tadi. Krasnovodskdan paroxod bilan Bokuga boradi. 2 iyunda Mineralnne Vodnkislovodsk-Pyatigorsk, Jeleznovodsk-Rostov-Odessani kezib, 8 iyunda Istanbulga kirib keladi. Undan Adirnaga sayohat qiladi. Yana Istanbulga qaytib, 21 iyunda suv yo‘li bilan Quddusga yo‘l oladi. Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port Said, Shom shaharlarini tomosha qiladi. Sayohat iyulning boshlarida ham davom etadi…

Sayohat xotiralari har jihatdan g‘oyat muhim bo‘lib, Behbudiy ularni o‘z jurnali «Oyna»ning 1914 yil sonlarida mazkur nom ostida peshma-pesh berib boradi (hozircha 18 sonda uchratdik).

«Sayohat xotiralari»ning birinchi qismi jurnalning 14 iyun 34-sonidan chop etilgan. Muallif unga «31 may, Bahri Hazar, Mahmudxo‘ja» deb imzo chekadi. Raqamlash va sana hamda yozilgan joyini ko‘rsatishga birinchi olti sonidagana rioya qilingan. Bu «Xotiralar» ham ma’rifiy, ham adabiy-estetik jihatdan nihoyat muhim. Ular adabiyotimizdagi an’anaviy tarixiy-memuar janrining XX asr boshidaga o‘ziga xos namunasidir. Muallif bu memuarlarda yo‘l taassurotlariga, mashhur yoxud oddiy kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng o‘rin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma’lumotlar to‘playdi, turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Qishloqlardagi dehqonchilikdan tortib, shaharlardagi eskalator («osonsur») gacha uning e’tiboridan chetda qolmaydi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi. Qadimiy muqaddas obidalar, Rasululloh poyqadami tekkan qutlug‘ dargohlar, xususan, Quddusi sharifdagi mashhur al-Masjidul-Aqso ziyoratidan nihoyasiz zavq-shavqqa to‘ladi. Sajdaga bosh qo‘yarkan, dilining tub-tubidan Olloh ishtiyoqi qalqib chiqadi. «Oh, na ruhoniy holatlar, na laziz vajdangiz ubudiyatlari, na ashqrez noz-niyozlar… Nuroniy, fusunkor, porloq moziykim, aningasari qudsiyat samari ming bu qadar sana so‘ngra bizni mahviyat darajasinda kelturar», – deb yozadi u.

Muallif Ollohga nido qiladi: «Iloho, u aziz va faol bandalaring hurmatig‘a bizg‘a basirat ber. Eshitar quloq, anglar aql ber… Ey Ollohi azimushshon. Bu magar sening g‘azabingmidur?! Avf et, biz insonlarni. Hidoyat et. Yer yuzinda sulh va silohi umumiy ato ayla. Insonlarg‘a insoniyat ber. Zolimlarni qahr et, mahv bo‘lsun zulm. Yashasun adolat va haqqoniyat, omin…»

«O‘AS» haftaligi Ingeborg Baldaufning mazkur xotiralarning olmoncha tarjimasi munosabati bilan yozilgan «Mahmudxo‘ja Behbudiy Falastinda» (1993, № 21) maqolasini e’lon qildi. Muallif unda Behbudiy kuzatishlarining o‘ziga xosligi haqida yozgan, adib qalbini o‘rtagan eng katta dard – erk va ma’rifat ekanligini aytgan. Darhaqiqat, «Xotiralar»dagi ma’rifiy ruh, iztirob to‘la fikr-mulohazalar, muallifning tashna nigohi sizni befarq qoldirmaydi. Xususan, Vatan tuyg‘usi ifodasi uni bugun siz bilan bizga haddan tashqari yaqin qilib qo‘yadi. U Quddusi sharifdagi Hazrati Dovud maqbarasini, Bibi Maryam va Hazrati Iso kalisolarini ziyorat qilar ekan, toshkentlik yosh bir attorga duch keladi. «Do‘konig‘a bir oz o‘lturdik, – yozadi Behbudiy,— mamlakatdan so‘radi. Qo‘lig‘a bir necha nusxa «Oyna» va «Turkiston xaritasini» berdim. Ahli savod ekan. Toshkand shahrini ko‘rsatdim. Beixtiyor xarita ustindagi Toshkandni o‘pib, ko‘zig‘a surtdi. («Hubbul-vatani minal-imon».) Xususan, vatan va ahli diyorni qadri musofiratga ma’lum bo‘lur. Haqiqatan vatan mu-qaddasdur. Qadrini bilmoq kerak». «Oyna» jurnali ma’rifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha diqqat markazida bo‘lgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913 yil avgust, birinchi – nishona sonidayoq, «Ikki emas, to‘rt til lozim» degan maqola bilan chiqqan edi.

Fitratning jurnalda bosilgan maqolalaridan biri «Himmat va saboti bo‘lmagan millatning haqqi hayoti yo‘qdur» deb nomlangan. «Tushundigim zamon ko‘nglum yonar, yig‘lamoq istarman, ko‘zyoshlarim kelmaydur», deb boshlanar edi maqola. Adib taraqqiyot va turmushda Yevropadan yer va osmon qadar uzilib qolgan Turkistonning fojiali ahvolidan so‘z ochgan edi. (1915 y., 7-son.) «S.A.» imzoli kishining «Har millat o‘z tili ila faxr etar» (1914 y., 35-son) maqolasida boshqa tillarni o‘rganish qatorida har bir millat o‘z tilining muhofazasi bilan shug‘ullanishi shart, degan fikr juda ko‘p dalillar bilan isbot qilib beriladi. «Agarda til va adabiyotimizni muhofaza qilmay, anga ajnabiy lug‘at va so‘zlarni qo‘sha bersak, bir oz zamonda til va milliyatimizni yo‘qoturmiz. Milliyatimizni yo‘qotganda diyonatimiz o‘z-o‘zi ila albatta, yo‘qolur», deb yozadi muallif va «Bas, bizg‘a tilimizni ajnabiy so‘zlardan muhofaza qilmoqlik eng birinchi muhim bir vazifadur», deb xulosa chiqaradi. Jurnalning 1915 yil 11-12-sonlarida bosilgan Behbudiyning «Til masalasi» maqolasida tillarning o‘zaro munosabati haqidagi bahs davom etadi. Ulug‘ ma’rifatchi tillarning bir-biridan o‘rinli lug‘at olishini tabiiy jarayon deb qaraydi. Eng boy tillardan bo‘lgan inglizchaning ham «o‘n minglar ila begona lug‘atlarni majburan olganligini» dalil qilib ko‘rsatadi va masalaning boshqa jihatiga — yagona adabiy til, til birligiga diqqatni qaratadi.

Behbudiy adabiy tanqidga katta e’tibor berdi. Navoiydan keyingi bir necha asrlik sukunatdan so‘ng bu sohaning xos xususiyatlarini tayin etib, adabiyotda uning teng huquqligi masalasini o‘rtaga qo‘ydi. «Tanqid saralamoqdur» (1914 y., 27-son) deb nomlangan edi uning ushbu mavzuga bag‘ishlangan jildiy maqolalaridan biri.

Turkiston zabt etilgach, ruslar mahalliy xalqqa «sartlar» deb nom berdilar. N.Ostroumovning bir kitobi xuddi shunday nomlanganligi hammaga ma’lum. Bu so‘z, aslida turli vaqtda turli etnik qatlamga, goho sotsial qatlamga nisbatan aytilgan. 10-yillarda bu so‘z atrofida yana bahs ketdi. Chunonchi, Buxoro amirining ruschaga tarjimoni Bahrombek 1911 yilda «Sho‘ro» jurnaliga «Biz, Turkiston va Buxoro xalqining turkligi ma’lum bo‘lib turub… na uchun sart ataydurlar?» degan savol bilan mu-rojaat qiladi. Jurnalning 19-sonida Behbudiyning «Sart so‘zi majhuldur» degan javobi bosiladi. 24-sonida esa samarqandlik Baqoxo‘ja «Sart so‘zi aslsizdur» degan maqola bilan chiqadi. Bu bilan bahs bosilganday bo‘ladi. Biroq oradan 2-3 yil o‘tib, «Sadoyi Farg‘ona»ning 1914 yil 30-sonida Mulla Abdullabek degan kishining «Sart so‘zi ma’lumdir» degan maqolasi bosiladi. Tabiiyki, Behbudiy undan qanoatlanmaydi, chunki unda mavzuga doir biror yangi gap aytilmagani holda, «ma’lum» deb da’vo qilingan edi. Shu sababli Behbudiy «Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi» degan maqola yozib, «Sadoyi Farg‘ona»ga yuboradi. Biroq gazeta maqolani bosmaydi. Shundan so‘ng muallif maqolani o‘z jurna-lida (1914 y., 39-son) berishga majbur bo‘ladi. Jurnalda Behbudiyning «Sart so‘zi majhuddur» maqolasi ham qayta bosilgan. Maqola hajman salmoqli, jurnalning bir necha sonida davom etgan. Adib ushbu kalimaning xalqona etimologiyasidan tortib, Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Solih, Abulg‘ozi Bahodirxonning asarlarigacha, N.Ostroumov kitobidan D.G. Logofetning «Buxoro xonligi»yu L.M.Budagov lug‘atlarigacha, I.I.Geyer «Sayo-hatnoma»laridan A.Vamberi «Kundaliklar»igacha, jadidchilik harakatining Ahmad Zaki Validiydan Ismoilbek Gasprinskiygacha bo‘lgan namoyandalarining bu sohadagi kuzatishlarini to‘plab, xulosalaydi.

Adibning barcha tarixiy-ilmiy mavzudagi maqolalari singari bu ham o‘tmishga kamoli ehtirom va e’tiqod bilan yozilgan. «Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydur-gonlarni «qul»—«marquq» derlar (1914 yil 23-son, 340-bet), deb yozadi u. Bu so‘z Ch.Aytmatov tufayli «manqurt» shakli bilan yangi umrini boshladi. Behbudiy, millat o‘zini anglagandagina ijtimoiy-siyosiy masalalarga boshqalar bilan teng aralasha oladi, degan fikrda bo‘ldi. Shuning uchun ham tarixga alohida e’tibor berdi. «Hayot va mamot masalalari qadar muhim bo‘lgan necha masalalar ko‘zimiz oldig‘a turgan holda alarni ehmol etub, faqat sart so‘zi ila shug‘ullanib, fursatlarni bo‘shqa o‘tkarmoqlik yaxshi emas», deb yozadi u. «Lekin,— davom etadi, — yovrupolilar qoshida milliyat masalasi muhim va muqaddas tutilgan bir zamonda bizlar ham milliyat masalasidan sanalgan «sart» haqida goh-goh bahs etub, milliyatimizni xotirlab turganda, zarar ko‘rmasmiz».

Umuman, Behbudiyning publitsist sifatidagi faoliyati adib iste’dodining juda yorqin bir qirrasini tashkil etadi. U o‘z umri davomida yuzlab maqolalar yozdi. O‘zining Millat va Va-tan, jamiyat va axloq haqidagi fikrlarini ko‘proq maqola va chiqishlarida ifoda etdi. Ba’zilar uning maqolalari adadini 200, boshqalar 500 deb belgilaydilar. Uning barcha yozganlari hisoblab chiqilmagan, hatto aniqlanmaganlari qancha. Mualliflar o‘zlarining ismi-shariflarini o‘z gazeta-jurnallarida ko‘pda qo‘yavermaganlar. Har qanday holda ham Behbudiy g‘oyat sermahsul qalamkash edi. Muhimi shundaki, u XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arbobi edi. Uning Millat va Vatan taqdiri haqidagi barcha qarashlari, avvalo, mana shu maqolalarida aks etgan edi. Bu jihatdan uning 1906 yil 10 oktyabrda «Xurshid» gazetasida (6-son) bosilgan «Xayrul-umuri avsatuho» (Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidur) maqolasi xarakterli. Bu maqola uzoq yillar Sovet tarix fani nuqtai nazaridan baholanib, Behbudiyni qoralash uchun nishon bo‘lib keldi. Gap shundaki, Behbudiy o‘sha 1906 yildayoq sotsialistik ta’limotni va uni Rusiyada amalga oshirishga bel bog‘lagan Lenin partiyasini keskin rad etgan Rusiya musulmonlari ittifoqi («Ittifoqi muslimin»)ni, qarashlarida ma’lum yaqinlik bo‘lgan Kadetlar partiyasini qo‘llaydi. Uning bu xususdagi fikrlari ustozi Ismoilbek Gasprinskiyning «Mazhabi ishtirokiyun»ni qattiq tanqid qilgan «Ovrupo madaniyatiga bir nazari muvozana» ri-solasi va «Dorur-rohat musulmonlari» romanidagi mulohazalarga tayanar edi. Behbudiy ham o‘z ustozi kabi sotsializmni zo‘ra-vonlik hisobladi, ijtimoiy tenglikni adolatsizlik deb bildi. Shaxs manfaatdorligida, millat ravnakida taraqqiyotning buyuk omilini ko‘rdi. Xuddi shu e’tiqod uni Turkistonning mus-taqilligi uchun kurashga yetakladi.

 

Behbudiy darsliklari

Behbudiy bir qator darsliklar yozdi. O‘zSE dagi «Behbudiy» maqolasi muallifi marhum S. Qosimov adibning 6 ta darsligini qayd etadi: «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya»), «Kitobatul-atfol» («Bolalar maktublari»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Madxali jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish»), «Muxtasar jug‘rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha geografiyasi»). Shulardan bittasiga – «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy»ga to‘xtaymiz. Asarning to‘la nomi «Kitobi muntaxabi jug‘rofiyai umumiy va namunai jug‘rofiya». 1905 yil 24 avgustda Sankt-Peterburg tsenzurasidan ruxsat olinib, 1906 yil Samarqandda G.I.Demurov matbaasida chop etilgan. 106 sahifadan tashkil topgan. Muallif bu «qadim fan»ga taalluqli «turkiy, arabiy, forsiy, rusiy lug‘atlarga tasnif bo‘lgan o‘ttuz qadar qadim va jadid kutub va rasoili jug‘rofiya, hay’ati riyoziy, tarixiy, tabiiy»lardan va yana juda ko‘p turli-tuman ma’lumot-manbalardan foydalanib yozganini qayd qiladi (1-bet).

«Jug‘rofiya degan so‘z yunoniy, lug‘ati arabiyg‘a ta’rifi ard ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni aytilur»,- izoh beradi muallif. So‘ng Behbudiy uning turlariga to‘xtaydi.

Kitobning dastlabki sahifalarida jug‘rofiyaning fan sifatida maydonga kelish tarixi, qadim Turkiston olimlarining bu sohadagi xizmatlari yoritiladi, asarlari keltiriladi. Muallif Shamsiddinbek Somiyning (1850-1904) 6 jildlik mashhur «Qomusul-a’lom» va Ismoilbek Gasprinskiyning «Turkiston ulamosi» kitoblaridagi hujjat va dalillarga suyanib fikr yuritgan.

Boblarning biri: «Jug‘rofiyani o‘qumoq musulmonlarg‘a lo-zimdur» deb atalgan. Unda Yer haqidagi xurofiy tushunchalar tanqid qilingan. Chunonchi: «Ammo hozirgi jug‘rofiya ilmi, tajriba va ro‘yati boshlarindan bilinadurki, Yer kurraviy – yumaloq, ostig‘a ho‘kuz, balig‘ yo‘q, atrofig‘a devori yo‘q va Yer aylanadur, havog‘a muallaq turadur. Bizni nazarimizg‘a sokin va ammo haqiqatda aylanadur» (14-bet).

«Eski va yangi donishmandlar» faslida qadim Batlimus (Ptolomey)dan qolgan geotsentrizm va unga qarama-qarshi geliotsentrizm haqida gap ketadi. Ilmi hay’atdagi «sab’ayi sayyor», «to‘qquz osmon» iboralari izohlanadi.

«Ahli hay’ati jadida, ya’ni yangi hukamolar aytadurki, Oftob dunyoni o‘rtasig‘a xalq bo‘lubdurki, Atoruddan boshlab qadi-ma besh sayyora va yangi topilgan ikki sayyora va ko‘z ila ko‘rilmay, yangidan durbin ila topilgan uch yuzg‘a yaqin sayyoralar va bularni ichig‘a biz ustida turg‘on Yerimiz Oftobni atrofig‘a har biri o‘zig‘a tegishli doira – aylanasig‘a aylanib yuradurlar. Yerimiz Oftobg‘a nisbatan uchlanchi sayyora – yurguvchi yulduzdur! Yurguvchi yulduzlarni hammasi benur va yorug‘likni oftobdan oladur» (22-bet) o‘qiymiz kitobda.

Muallif, shu tariqa, juda sodda qilib osmon jismlarining joylashish va harakatini tushuntirib beradi. Bularning ayrimlari Qur’on va Hadis xabariga rost kelmasligini ham aytadi. Shunga qaramasdan, «Yangi hukamolar osmondagi yulduzlarni ahvolidin eskilardin ko‘ra yaxshiroq ogoh bo‘lubturlar»,- deb yozadi. Chunonchi, Oy, Mirrix (Mars) haqidagi zamondoshlari ma’lumotlarini jamlab va ularning qadim hukamoga nasib etmagan aniq va puxta zamonaviy asboblar yordamida to‘planganini ta’kidlab, «…hukm qiladurlarki, albatta, Mirrixda odam bor va ilm bizlardan ziyodadur!» degan fikrni ilgari suradi. «Martabai insoniyatg‘a noil o‘lmakg‘a, har bir insonni jamiyati insoniyatg‘a va dini ilohiyag‘a ehtiyoji bor, – yozadi muallif. – Ushbu sababdandurki, insonlar komil insonlarni qo‘l ostig‘a jamiyati bashariyani barpo qiladurlar. Olloh taolo anbiyo vositasi ila qonuni shariat, xavfu qalbu rijo yuboribdurki, ango doxil va solik bo‘lmoq lozim va vojibdur. Dinsiz dunyoda yashamoq insoniyat va madaniyatdan emas, hayvoniylikdur. Dinsiz mutamaddun (madaniyatli) bo‘lmoq muhol (qiyin)dur. Jamiyati bashariyani barqaror turmoqig‘a din, shar’ (shariat), nizom va bularni boshqaruvchilarga birinchi sababdur. Bas, jamiyat ilm, insof va hunar sabablari ila uch xil bo‘linadurki, vahshoniyat, badaviyat, madaniyat atalgan. Va bularni(ng) har birini yana bir necha sinfg‘a taqsim qilmoq odamlarni ahvolig‘a qarab mumkin bo‘ladur».

 

Ma’rifatdan siyosatga

Behbudiy zamonasidagi mavjud idora usullari haqida fikr yuritib, ularni uchga bo‘ladi:

  1. Idorai mustaqilla (idorai mutlaqa-monarxiya).
  2. Idorai mashruta (konstitudiyali parlamentli hokimiyat).
  3. Idorai jumhuriyat (respublika).

Lekin millat ozod bo‘lib, o‘zining mustakil davlatini o‘rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo‘lmaydi. Bu Behbudiy kelgan birinchi xulosa edi. Uning «Vaqt» gazetasida chop etilgan maqolalaridan birida shunday mulohazalarni uchratamiz:

«Bir madrasaga 20 talaba gapi ila bir noahil mudarris saylanur. Bir volostda 40 nafar el boshlarindan 21 nafarni sadosi ila bir johil qozi saylanur va Rusiya ma’murlarinada ma’qul o‘lur. Bir ming faqirning raddu mudoxalasi mo‘tabar o‘lmaz va so‘zlari eshitilmas. Ishta bizim Turkiston shaharlarining bu kungi qozi, mufti va mudarris ham imom va o‘zga ruhoniylarining yuzdan saksoni, sahro va qariyalarda o‘lanlarining o‘ndan to‘qqizi sho‘yla nomunosib kishilardan iboratdir». Shu gazetaning o‘sha yili 4 noyabrda bosilgan «Duma va Turkiston musulmonlari» maqolasida esa chor mustamlakachilik siyosati, xususan, o‘lkadan yetmish ming rusdan olti deputat bo‘lgani holda yetti million musulmonga besh o‘rin ajratilgani oshkora tanqid qili-nadi. Shularga qaramasdan, Behbudiy, istiqlol haqida fikr yuritar ekan, har qanday zo‘ravonlikni rad etadi. Uningcha, zo‘ravonlik g‘ayriaxloqiy, binobarin, g‘ayrinsoniydir. Umuman olganda esa, mustaqillik uchun kurash olib borgan bobolarimiz, jumladan, jadidlar kelajak haqida fikr yuritar ekanlar, istiqlolga erishish borasida bir-birlaridan farq qiluvchi uch yo‘ldan bordilar:

  1. Rusiyaga tobelikdan zo‘rlik yo‘li bilan qutulish, kuch bilan istiqlol olish (Dukchi eshon qo‘zg‘oloni„1916 yil voqealari, «bosmachilik»).
  2. Murosa yo‘li. Ruslar yordamida ma’rifatga erishish. Ma’rifat masalalarida haq-huquq olish, milliy xususiyatlarni tiklash (Ismoilbek Gasprali, Mahmudxo‘ja Behbudiy).
  3. Hamkorlik yo‘li. Chor ma’murlari, so‘ng esa Sho‘ro hukumati bilan birga ularning dasturlarida qatnashish va imkon bo‘lishi bilan mustaqillikni qo‘lga olish. Buning uchun ma’lum tayyorgarlik ko‘rib borish (Munavvarqori, Hamza, Avloniy).

Behbudiy hamisha xalq bilan birga bo‘ldi.

Vatan taqdiri qun tartibiga qo‘yilgan 1917 yilning 16—23 ap-relida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan o‘lka qurultoyida hayajonli nutq so‘zladi. Millatni o‘zaro ixtiloflardan voz kechishga, buyuk maqsad yo‘lida birlashishga, itgifoq bo‘lishga chaqirdi. Xuddi shu ixtilofimiz sa-babli «mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar» deb ochiq aytdi.

U haq edi. Mustamlakachilar «50 yil ilm-ma’rifatdan chetda saqlab kelgan»lari (Kuropatkin) Turkistonni osonlik bilan

qo‘ldan chiqarmas edilar. Fitna va ig‘vo tinimsiz davom etar edi. Shundaylardan biri 1917 yilning bahorida Buxoroda yuz bergan edi. Amir Fevral o‘zgarishlarini hisobga olib, rus elchixonasining maslahati bilan islohot e’lon qiladigan bo‘ladi. Va bu farmonni ushbu elchixonaning boshlig‘i janob Miller tayyorlaydi. Har xil anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida sobiq general gubernator, endilikda Rusiya Muvaqqat huku-matining Turkiston komissari Kuropatkin topshirig‘iga ko‘ra Samarqand ijroiya qo‘mitasi Buxoroga bir necha kishilik hay’at yubordi. Ular orasida Behbudiy ham bor edi. 7 aprel islohot e’loni oldindan mo‘ljallanganidek tantanaga, tantana esa fo-jiaga aylanadi. Amir va yoshlar, mullalar va jadidlar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas choh paydo bo‘ladi. Miller buning aybini Behbudiyga qo‘yadi. Faqat Miller emas, Toshkentda 9 apredda boshlangan Turkiston ishchi va soldat deputatlari sovetlarining birinchi o‘lka s’ezdida ayrim rus deputatlari Buxoro fojiasining sababini Samarqanddan «o‘z ixtiyorlari ilan» borgan deputatlarga to‘nkaydilar. Millatni ich-ichidan qayrash va nizo chiqarish izchil davom etadi. Behbudiy mazkur s’ezdda minbarga chiqib bor voqeani tushuntirib bergan va bu haqda «Buxoro voqealari va daf’i tuhmat» («Hurriyat» gazetasi, 1917 yil 1 may) degan maxsus maqola yozgan edi. Shu yil noyabrning 26sida Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga o‘tar kechasi «Turkiston muxtoriyati» e’lon qilindi. Bu mustamlakadan mustaqillik tomon qo‘yilgan jildiy va jasoratli qadam edi. Uning ma’naviy otasi, shubhasiz, Behbudiy edi. «27 noyabrda Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon s’ezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lushdan iftixor etaman. Yashasun Turkiston muxtoriyati!» — deb yozgan edi Behbudiy.

Muallif bu qadim otalar yurtini unda yashab turgan barcha qon-qarindosh millatlarning birligi, hamkorligi bilangina saqlab qolish mumkinligini teran anglaydi. Butun vujudi bilan Turkistonni birlikka chorlaydi. «Bovurlar! — deb yozadi qozoq birodarlariga ochiq xatida,—bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e’lon qilindi va siz bilingki, haq olinur, lekin berilmas. Inchunin, muxtoriyatda olinur, lekin berilmas. Ya’ni muxtoriyatni Turkiston bolalarining o‘zi birlashib, g‘ayrat ila olurlar. Albatta, boshqalar tarafidan be-rilmas. Boshqalarning qo‘lidan kelsa, bermaslar. Biz bo‘shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo‘liga sa’y qilmasak, albatta hozirgi qog‘oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo‘q qilurlar. Bul, albatta shundaydur va bul so‘zga hech kim ixtilof qilolmaydur… Endi ishlar shu holda ekan, biz hammamiz, ya’ni qirg‘iz, qozoq, o‘zbek, turkman, arab, fors, xullas, Turkistondagi, Qozog‘istondagi va Turkmanistondagi barcha musulmonlar va hamda mundagi yahudiy va xristianlar birlashib, ittifoq ila shu muxtoriyatning amalg‘a kelishiga sa’y va ehtimol etmog‘imiz lozimdur…

Chirog‘larim! Boshqa xalqlar, masalan, serblar, italyanlar, armanlar, slavyanlar/ polyaklar va boshqalar hatto dunyoning u bir uchidagi qarindoshlari ila birlashur ekanlar, boshqa katta va quvvatlidavlatlarga tobe’ bo‘lub, yutilub, hatto tilini yo‘qotgan o‘z jinsdoshlarini ajratib olib, birlashmoqg‘a jon va kuchlarini sarf etar ekanlar, biz o‘z ichimizdagi qarindoshlarimizdan ayrilsak, uyatdur, ahmoqlikdur. Turk tomurig‘a bolta urmoqlikdur».

Muxtoriyat boy berildi. Uni otalarimiz saklab qololmadilar. U Sovetlar tomonidan xoinona bostirildi. 19—20 fevral kunlari shahar to‘pga tutildi. 10 mingta turkistonlik o‘ldirildi, 180 ta qishloqqa o‘t qo‘yildi.

Behbudiy iztirob bilan mayning boshida Samarqandga qay-tadi. U yerda tura olmay, Toshkentga keladi. Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokaralar natija bermaydi.

Orzulari chilchil bo‘lgan Behbudiy 1919 yilning bahorida — 25 martda Shahrisabzda qo‘lga olinib, sirli bir tusda Qarshi shahrida qatl qilinadi. Uning qatli haqidagi xabar o‘sha paytdagi poytaxtimiz Samarqandga rosa bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. 1920 yilning aprelida butun Turkiston motam tutadi. O‘nlab marsiyalar yoziladi. «Behbudiyning sag‘anasini izladim» deb atalar edi Fitratning bir she’ri. Ayniyda bir emas, uch she’r bor.

Sani mundin buyon Turon qo‘rolurmu, ko‘rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu topolmasmu? —

deb boshlanardi uning she’rlaridan biri.

Mashhur Cho‘lpon ham Behbudiyning fojiali o‘ldirilganiga bag‘ishlab she’rlar yozdi.

Qarshi shahri 1926-37 yillarda 11 yil Behbudiy nomi bilan yuritildi. Biroq uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Adib nomining abadiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi. Qarshi shahriga uning nomi qo‘yilgan o‘sha 1926 yildayoq u mansub bo‘lgan jadidchilikni aksilinqilobiy, aksilsho‘roviy harakat sifatida qoralash kampaniyasi boshlab yuborilgan edi.

B. A. Pyaskovskiy 1922 yildagi «Inqilob» jurnali sahifalarida e’lon qilgan «O‘zbek teatri tarixi» maqolasida uning maydonga kelishi tarixi haqida fikr yuritar ekan, «O‘zbek teatrining asosini qo‘yib beruvchi samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiydir» deb yozadi, adib nomida Toshkentda maorif klubi, Samarqandda kutubxona va dramtruppa, Turkistonning deyarli hamma shaharlarida uning nomiga ochilgan maktablar, Buxoroda esa markaziy bosmaxona borligini ta’kidlaydi.

1929 yilda Qozonda bosilib chiqqan «O‘zbek adabiyoti» kitobida esa «O‘zbek milliy adabiyotining negiz toshini Behbudiy bilan Fitrat qo‘yib berdi» (8-bet) degan e’tirofga duch kelamiz.

Bu gaplar haqiqat edi.