Ikki buyuk asr – XIX va XX asrlar oralig‘idagi 50—60 yillik davr qadim va boy o‘zbek adabiyoti tarixida g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Negakim, birinchidan, «Adabiyot millat oynasi» (Avloniy) sifatida xalqimiz hayotida yuz bergan eng katta baxtsizlik – o‘z mustaqilligini yo‘qotishi voqealarini loqayd kuzatishdan uning fojiali oqibatlarini chuqur idrok etish va istiqlol uchun kurashga chaqirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ikkinchidan, adabiyot davr voqealari ta’sirida g‘arblashdi; mazmun-mundarijasi kengaydi; davriy matbuot va teatrning paydo bo‘lishi bilan yangi adabiy tur va janrlar paydo bo‘ldi. An’anaviy she’riyat va u bilan bog‘liq timsollarga yangi mazmun kirib keldi. Yakka hukmron aruz yoniga unutilgan eski barmoq vazni qo‘shildi. Sarbastda tajribalar qilindi. Mansuralar yozildi. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy realistik adabiyot maydonga keldi.
Bu davr adabiyoti jug‘rofiyasi ham oldingilaridan farq qiladi. Adabiy harakatchilik XVII-XIX asrlardagi kabi uch mustaqil xonlik doirasida emas, Rusiyaga mutlaq tobe Turkiston general gubernatorligi hamda yarim vassal Buxoro va Xivada uyushdi. Bu hol umumo‘zbek adabiy mahsulotining mavzu-mundarijasigagina emas, til xususiyatlaridan janrlar poetikasigacha o‘z izini qoldirdi.
Milliy uyg‘onish, millatning o‘zligini anglash jarayoni mazkur davr adabiyotining ruhi va mazmunini tashkil qildi. Buni adabiyotshunoslik o‘tgan asrning 20-yillaridayoq e’tirof etgan edi. Milliy uyg‘onish birgina adabiyot doirasida qolgani yo‘q, ijtimoiy turmushning barcha qatlamlarini qamrab oldi, hatto «bosmachilik» nomi bilan «g‘alati mashhur» bo‘lib tarixga kirgan hodisaning ham mafkurasi milliy uyg‘onishga, Uning samarasi bo‘lmish mustaqillik uchun kurashga kelib bog‘lanardi.
Milliy uyg‘onish mintakamizda jadidchilik shaklida namoyon bo‘ldi. Va u 20-yillarning o‘rtalarigacha davom etdi. 1926 yildan sovetlar unga qarshi keng ko‘lamda kurash boshladilar. 1929 yildan ularni jismoniy tugatish yo‘lga qo‘yildi. Binobarin, bu harakatning yuzaga kelishi bevosita istilo va uning oqibatlari bilan bog‘langan bo‘lib, uning shakllanish davrini 1865—1905 yillar bilan belgilamoq kerak bo‘ladi. 1905 yil voqealari, xususan, 17 Oktyabr Manifestidan keyin u rivojlanish bosqichiga kirdi. 1916 yilga kelib, jadidlarimiz «qora xalqni oqartirmoq va ko‘zin ochmoq chorasiga» (Avloniy) kirishdilar. Mamlakat hayotida o‘chmas iz qoddirgan 1916 yil mardikorlar qo‘zg‘olonida jadidlarimiz xalq bilan yonma-yon turdilar. Afsuski, tarix istiqlolni egallash uchun noyob bir sharoit yaratgan 1917 yilning Fevraliga xalqimiz lozim darajadagi tayyorgarlik bilan yetib kela olmadi. Butun Rusiya kabi Turkistonni ham «bolshevik balosi» (Fitrat) qoplab oldi. Shunga qaramay, taraqqiyparvar fidoyi ziyolilarimiz mustaqillik uchun kurashni to‘xtatmadilar va 1917 yilning 27 noyabrida Turkiston muxtoriyatini e’lon qildilar. Turkiston (Qo‘qon) muxtoriyati uch oyga yetmay, sho‘rolar tomonidan shafqatsizlarcha yo‘q qilindi. «Millatchi» deya nom olgan millatparvarlarimizning omon qolganlari tog‘-toshlarga qochib, kurashni davom ettirdilar va Vatan ozoddigi yo‘lida shahid ketdilar. Bu jarayon 20-yillarning oxirigacha davom etdi. Binobarin, 1905-1929 yillar jadidchilik (milliy uyg‘onish) harakatining taraqqiyot va tugatilish davridir.
Milliy uyg‘onish (jadid) adabiyoti XIX asr oxirlarida yuzaga kelgan mazkur harakat g‘oyalarining adabiy-badiiy ifodasi edi. Lekin gap shundaki, u jadidchilikning shunchaki bir ko‘rgazmasi (illyustradiyasi) bo‘lib qolmadi, chinakam adabiyotga aylandi. U yangi adabiyotni boshlab berdi. Avji taraqqiysi 1915-1925 yillarga to‘g‘ri keldi.
Shulardan kelib chiqib, milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotini 2 bosqichga ajratdik: 1) Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining ilk bosqichi: manbalari va yuzaga kelishi (XIX asr oxirlari); 2) milliy va ijtimoiy kurashlar davri: taraqqiyoti va tugatilishi (XX asr birinchi choragi).
Uning ko‘lami va jug‘rofiyasi haqida muayyan tasavvur hosil qilish, ijodkorlarni yetkazgan muhit bilan tanishtirish zaruriyatidan kelib chiqib, adabiy-madaniy markazlar haqida ma’lumot berishga urindik.
Mazkur davr adabiyotini milliy uyg‘onish nuqtai nazaridan o‘rganish bevosita mustaqilligimiz samarasi bo‘lganligidan undagi milliy istiqlol g‘oyasining shakllanishi va taraqqiyoti masalalari hamisha diqqat markazimizda turdi.