Ismoilbek Gasprinskiy Rusiya jadidchilik harakatining rahnamosi edi. Turkistonda XIX asrning oxirlaridan ko‘zga tashlangan yangilanish harakatlari ko‘p jihatlari bilan shu nomga, uning «Tarjimon» gazetasiga kelib bog‘lanadi. Va ushbu davrdan e’tiboran XX asrning 20-yillariga qadar faoliyat ko‘rsatgan biror turkistonli ziyoli yo‘qki, bu nomni chetlab o‘ggan bo‘lsin. Shu sababli, uning ijodiy faoliyati va ayniqsa, maslak-intilishlari bilan tanishish Turkiston jadidchiligi va jadid adabiyotining shakllanish hamda rivojlanish bosqichlarinigina emas, umuman mazmun-mohiyatini anglashda, yo‘nalishlarini belgilashda ham benihoya muhim ahamiyatga ega.
Bu nom yuz yil muqaddam turkiy dunyodagi eng mashhur nom edi. Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar. U chiqargan «Tarjimon» gazetasining 1908 yildaga 25 yillik to‘yida Xitoyning «Tarancha»sidan tabrik telegrammasi kelgan. 1910 yilda esa Frantsiyaning eng e’tiborli jurnallaridan «Revyu dyu monde musulman» uning millat oldidagi buyuk xizmatlari uchun nomzodini «Tinchlik borasidagi Xalqaro Nobel Mukofoti»ga tavsiya qilgan va buni xorijiy mamlakatlardagi juda ko‘p matbuot organlari qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi.
U vafot etgan 1914 yilning 11 sentyabrida mashhur Narimon Narimonov yozadi: «Millat Ismoilbek kabi qahramonlarini unutsa, o‘z hayotini barbod etajaqdir». Bu balandparvoz gap emas. Dalil — tarix. U tirikligidayoq millatning otasi, rahnamosi degan nom oldi. Uning eng katta xizmati Rusiya sarhadida yashab turgan, lekin zamonning zayli bilan bir-biridan uzoq tushgan (to‘g‘ri-rog‘i, uzoqlashtirilgan) va begonalashish darajasiga yetgan turkiy xalqlarni bir-biriga tanitdi. Behbudiy so‘zlari bilan aytganda, «Rusiyadagi butun turk-tatar xalqlarini juda oz tarixiy muddatda xayr-xo‘shlik yo‘li bilan yaxlit bir milliy oilaga birlashtirmoqqa noil bo‘ldi». Bu dard o‘sha davr chor Rusiyasi asoratida o‘z erku huquqigina emas, asriy urf-udum, ma’naviy qadriyatlaridan tortib, til va din-e’tiqodigacha unutishga mahkum qilingan turkiy xalqlarning eng katta dardi, so‘ngsiz armoni edi.
Ismoilbek Sharq xalqlari ma’naviy hayotida, xususan, maktab-maorifida chinakam inqilob yasagan, «usuli jadid» nomi bilan tarixga kirgan «usuli savtiya»ni boshlab berdi. XX asr Sharqining eng mashhur, eng taraqqiyparvar harakatchiligiga — jadidchilikka asos soldi.
U barcha turkiy xalqlarni yaxlit, yagona millat deb bildi. Ularni ham ilm-ma’rifatda, haq-huquqda dunyoning taraqqiy qilgan millatlari bilan teng, baqamti ko‘rmoqni orzu qildi. Butun aqli-vujudini mana shu muqaddas ishga — millatning ravnaqi va muhofazasi yo‘liga sarf etdi. Bu shunchaki mutaassibona bir orzu emas, zamonasining baland-pastidan xabardor, tarix va taqdirini teran anglagan, Sharqni ham, G‘arbni ham bab-baravar bilgan va bab-baravar ko‘rgan bir kishining aniq va rejali xatti-harakati edi. Afsuski, uning bu ishlarida ayrim «do‘stlar»i shakkoklik, kofirparastlik ko‘rdilar. Dushmanlari esa unga siyosiy ayb qo‘ydilar. Turkiy qavmlarni Rusiya davlatiga qarshi birlashtirishda, yagona turk-tatar mamlakati tuzishga urinishda aybladilar. Va bu da’volar mash’um 30-yillarda juda «ish» berdi. Uning nomi, uning xotirasi avlodlar qalbidan yulib olindi. Nasllarga o‘z xalqining qattol dushmani qilib ko‘rsatildi…
Gasprinskiy 80-yillarning oxiridan avlodlarga qayta boshladi… 1991 yilda Simferopolda tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 2001 yilda 150 yilligi nishonlandi. O‘zbekistonda ham u haqda risolalar paydo bo‘ldi.
Chetda 1950 yilda u haqda Burbil degan kishi doktorlik dis-sertatsiyasi yozgan va Gamburgda kitob bosdirgan. Amerikalik Edvard Jeyms Lazzerini dissertatsiyasi 1973 yilda «I.Gasprinskiy va Rusiyada musulmon modernizmi» nomi bilan Vashingtonda bosilib chiqqan. 80-yillarda esa Turkiyada Nodir Davlat va Mehmet Saroyning u haqdagi monografiyalari dunyo ko‘rdi. 1991 yilda Toshkentda E. Ablayevning «Ismoil Gasprinskiy — gumanist, prosvetitel, pedagog» risolasi bosildi. Keyingi tadqiqotlardan biri Hoqon Qrimlining «Qrim tatarlarida milliy kimlik va milliy harakatlar (1905-1916)» (Anqara, 1996) kitobidir. Nihoyat, 2003-2004 yilda Turkiyada Gasprali «Tanlangan asarlari» uch jildligining 2 jildi bosmadan chiqdi.
Ismoilbekning ota-bobolari Yalta-Alupka yo‘lida joylashgan Gaspra qishlog‘idan. Ismoilbek taxallus-nisbani shundan oldi. Biroqu ko‘proq «Gasprinskiy» nomi bilan shuhrat qozondi. Ilk o‘zbek matbuotida u «Gasprinskiy» deb beriladi. Ismoilbek Gaspradan uncha uzoq bo‘lmagan, to‘rt tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan Ajiko‘y (ovchi ko‘y – ovchilar qishlog‘i)da 1851 yilning 21 martida – qutlug‘ navro‘z kunida tavallud topdi.
Hayot yo‘li
Otasi Mustafobey Kavkaz va Qrimning general gubernatori knyaz Vorondovga tarjimon bo‘lib ishlagan, sadoqatli xizmati uchun 1853 yilda poruchik unyuniga musharraf bo‘lgan, dvoryan martabasiga ko‘tarilgan. Lekin ko‘p o‘tmay, Krim urushi boshlanadi. Oila Bokchasaroyga ko‘chib keladi. Ismoilni 8 yoshida boqchasaroylik Hoji Ismoilning eski makgabiga beradilar. 10 ga kirganda esa otasi Mustafobek onasi Fotimaning e’tirozlariga karamasdan, Oqmachit – Simferopoldagi guberniya gimnaziyasiga olib boradi. Unda ikki yil o‘qigach, Voronej (Yol Kermon)dagi ofiderlar harbiy o‘quv yurtiga o‘tadi. O‘n uch yoshida Moskvadagi Milyutin gimnaziyasiga o‘qishini ko‘chiradi. Shu yillari ayrim rus ziyolilarida avj olgan buyuk rus millatchiligi Milyutin gimnaziyasiga ham kirib kelgan edi. Xususan, gimnaziya murabbiylaridan yozuvchi M. Katkovning panslavistik qarashlari yosh Ismoilbekda o‘zlikni anglash hissini uygotdi. Uning hatto Kritda yunonlar bilan urush olib borayotgan turk qo‘shiniga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilish uchun sinfdosh do‘sti litvalik Mustafo Davidovich bilan Istanbulga otlangani, Odessa bandargohida qo‘lga olinib, orqasiga qaytarilgani ma’lum. Xullas, 1868 yilda Ismoilbek Gasprali Moskvadagi o‘qishini bitirib, Boqchasaroyga qaytadi. «Zanjirli» madrasasida rus tilidan dars bera boshlaydi. D. I. Pisarev, N. G. Chernishevskiy asarlari bilan yaqindan tanishadi. O‘qish-o‘rganish ishtiyoqi uni 1872 yilda Frantsiyaga boshlab keladi. Vena, Myunxen, Shtutgardtda bo‘ladi. Parijda I. S.Turgenev bilan uchrashadi. Unga assistent-kotib bo‘lib ishga kiradi. Frantsuzchani mukammal egallaydi. «E’lonlar» idorasida tarjimonlik qiladi. Mashhur Sorbonna universitetiga o‘qishga qatnaydi. Nihoyat, 1876 yilda Boqchasaroyga qaytib keladi va «Zanjirli»da rus tili muallimi sifatida ishni davom ettiradi. Shu yili uylanadi. Biroq ular uzoq yashay olmaydilar, ajrab ketadilar. Ismoilbek mutolaaga beriladi. Qunt va sabot bilan turkiy tilni, tarix va adabiyotni o‘rganadi. Ayni paytda, u sharqona an’anaviy tahsilning zamondan orqada qolganini, shu tufayli musulmonlarimiz jahon taraqqiyotidan chetga surilib chiqayotganligini qo‘radi.
Nima qilmoq kerak? Milyutin gimnaziyasidaga o‘qitish usulini, Sorbonnadagi ko‘rganlarini musulmon maktablariga ko‘chirsa bo‘lmasmikin? Har bir maktab, madrasa o‘z nizom-dasturiga ega bo‘lmog‘i lozim. Diniy bilimlar qatorida dunyoviy fanlar ham keng o‘qitilishi kerak. Bu, masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni shundaki, o‘qishni nazorat qilish shakllari, bilimni baholash mezonlari bo‘lishi lozim. Umr degani, axir, hisobli-ku. Biroq bu gaplar o‘rtaga tushar-tushmas, Gasprinskiyga tosh otish boshlanadi. Uni kofirdan olib, kofirga soladilar. Tahdid, do‘q-po‘pisa kuchayib boradi. Ismoilbek yon berishga majbur bo‘ladi. Ishni o‘zgartiradi. Shahar boshlig‘i vazifasiga (1878-1884) saylanib, Boqchasaroyni obod qilishga kirishadi. 1882 yilda mashhur Qozon tatarlaridan millioner Akchurinning qizi Zuhraxonimga uylanadi. Ular yigirma yil baxtli turmush qildilar. Olti farzand tarbiya etdilar. «Ulardan Diloraxonim va Ismoil sog‘-salomatlar. Toshkentda yashaydilar», deb xabar bergan edi «Yildiz» jurnali, 1990 yilda.
I.Gasprinskiy shahar boshlig‘i (gorodskoy golova) bo‘lib uzoq qololmadi. Shahar Dumasi a’zolari Ismoilbekni shahar pulini «ko‘chalarni yoritish, aholiga tibbiy yordamni kuchaytirish» kabi allakanday «foydasiz» ishlarga sarf etayotganini kechira olmadilar. Iste’foga chiqishga majbur etdilar.
U esa, o‘z ishida davom etdi. 1881 yilda «Rusiya musulmonligi» kitobini e’lon kildi. Unda ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri Rusiyaning o‘z musulmon fuqarolariga munosabati masalasi edi.
«Rusiya musulmonligi»
«So‘nggi yillarda Rusiyaning Sharqdagi buyuk madaniylashtiruvchilik xizmati haqida tez-tez o‘qishga va eshitishga to‘g‘ri kelmoqda, — deb yozadi Gasprinskiy ushbu asarida. – Xo‘sh, bu xizmat nimada namoyon bo‘lishi kerak? Nahotki, uning ma’nosi qozini uyezd boshlig‘iga, noibni pristavga, beklikni oblastu guberniyaga, ushrni tan solig‘i-yu yana boshqa «ber-ber»larga, ipak to‘nu beshmetni dvoryanlik yoqasiga almashtirib qo‘yishdan iborat bo‘lib, boshqa qilinadigan ish qolmagan bo‘lsa?»
Gasprinskiy «Rusiyaning Sharqdagi madaniylashtiruvchilik roli»ga mana shunday tanqidiy qaraydi va u savolga salbiy javob beradi. Uni aksincha, atayin ilm-ma’rifatdan uzoqda saqlab kelayotganlikda, musulmonlarning tilini, dinini, turmush tarzini buzishda ayblaydi.
Bir tomondan, millatni mahv etib kelayotgan jaholat, ikkinchi yoqdan chor hukumatining izchil, rejali ruslashtirish siyo-sati. Rusiyadagi musulmonlarning taqdiri qanday bo‘larkin?
Ismoilbek mana shu savolga javob izlaydi. Uningcha, Rusiyaning tobe millatlarga munosabatida 2 yo‘l turibdi: 1. Assimilyadiya (ruslashtirish). 2. Hamkorlik. Birinchi holda mustamlakaga, milliy taraqqiyotga hech qanday yo‘l berilmaydi, u to‘la ruslashtirib bo‘lingach, vakillari mamlakat idora ishlariga jalb qilinadilar. Ikkinchi hodda, uning milliy taraqqiyotiga imkon yaratiladi, tegishli darajaga ko‘tarilgach, hukumat ishlariga tortiladi.
Rusiya o‘z mustamlakalariga nisbatan har ikki yo‘ldan foydalanmoqda. Polshada – birinchi yo‘ddan. Finlyandiyada — ikkinchi yo‘ldan. U turkiy xalklarga nisbatan qaysi yo‘lni tutarkin? Rusiya birinchi yo‘lni istaydi. Lekin bu qiyin va samarasiz. Negaki, turkiy xalqlarning juda katta tarixi, qadim madaniyati bor. Uni qalblardan siqib chiqarish g‘oyat mushkul. Ma’quli — ikkinchi yo‘l. Buning u qadar qiyinchiligi ham yo‘q. Musulmonlar (muallif turkiy xalqlar o‘rniga «musulmonlar» atamasini qo‘llaydi) ozgina turtki bilan o‘tgan muddatda yo‘qotgan zehniyatlarini tiklab ola oladilar. Hatto turtki — yordamga ham ehtiyoj bo‘lmas. Ozgana xayrixohligu ruxsat berishning o‘zi kifoya. Masalan, xalq an’anaviy xayriya yo‘li bilan ham maktab-madrasalarini tiklay oladi. Faqat uni zamonaviy talablarga javob beradigan darajaga ko‘tarish lozim. Birinchi navbatda, dunyoviy fanlarga zo‘r berish kerak. X-XV asr Turkistonining qomusiy olimlarini mana shu madrasalar yetkazib bermadimi?! Ko‘hna Sharqning universitetlari madrasalar emasmi?! Yevropa universitetlari ispan Andaluziyasidagi madrasalardan andoza olib qurilmadimi?! Bu masalada yolg‘iz birgina shart bor. U shundan iboratki, Rusiya musulmonlari milliy maoriflarini o‘z milliy vositalari asosida qurmoqlari kerak. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim va tarbiya mutlaqo o‘z ona tilida bo‘lmog‘i lozim.
«Rusiya musulmonligi» risolasi shular haqida edi.
U Rusiyada yashovchi musulmonlarni shu mamlakatning teng huquqli fuqarolariga aylantirish va ayni paytda ularning o‘z milliy, diniy jihatlarini saqlab qolishga qaratilgan o‘ziga xos dastur edi.
Kitob bosilib chiqishi bilan velikorus shovinistlarining qattiq qarshiligiga duch keldi. Ayniqsa, musulmonlarning maktab-maorifini milliy asoslarda qurishlari lozimligi — milliy maktab haqidagi fikrlar yoqmadi.
Buni u bilardi. Moskvada Milyutin gimnaziyasida o‘qib yurgan paytlari o‘risparastligi bilan dong qozongan M.N.Katkov bilan bu masalada ko‘p to‘qnashgan edi. Uning muharrirligida chiqqan «Moskovskiye vedomosti» gazetasi bilan «Russkiy vestnik» jurnalini muntazam o‘qib borar edi. Uning nuqtai nazari Toshkentda N.Ostroumov va M.Muropiyev, Qozonda N.Ilmins-kiy bilan ayni bir xilda ekanligini yaxshi bilardi.
N. Ilminskiy turk-tatar xalqining maktab-maorifiga daxldor har bir ilgari siljishni rus xalqiga qarshi harakat deb biladi. Sinodning ober-prokurori K.P.Pobedonosdevga yozgan bir xatida ochiqdan-ochiq «Rusiyadagi musulmon xalklariga bironta ham ijtimoiy-siyosiy huquq bermaslik kerak», deydi.
Ismoilbek Rusiya qoidalarini sinchiklab o‘rgandi. 1882 yilda «Solnomai turkiy», «Mir’oti jadid» nomlarida 2 risola e’lon qildi. «Rusiya musulmonligi» asarida ko‘tarib chiqqan masalalarni amalga oshirishni matbuotdan boshladi.
«Tarjimon» zarurati
Vaziyatni o‘zgartirish uchun uni oldin anglatish kerak. Buning uchun esa minbar zarur. «Tarjimon» mana shunday zarurat tufayli yuzaga keldi: «Bir bechora faqirni ko‘rsak, achinamiz. Ulayotgan bechorani ko‘rsak, yuragimiz iztirobdan og‘riydi. Hatto bir hayvonning qiynalishi rahmimizni keltiradi. Lekin bir emas, minglab kishilarning, butun bir xalqning jaholatdan mislsiz qiynalayotganini ko‘rmaymiz….»
Gazetaning dastlabki sonlaridan birida shunday so‘zlar bor edi. Bu jasoratli sado o‘sha paytlari juda ham zarur edi.
Ruslashtirish avjida. Itil-Volga bo‘yidagi tatarlar orasidan biror mansabdor u yoqda tursin, masjidga imom ham missio-ner N.Ilminskiy ruxsatisiz saylanmaydi. Maktab-madrasa kitoblari-ku birmabir qo‘ldan o‘tadi. Turkistonda Ostroumov – to‘ra. Kavkazning ham o‘z to‘ralari bor, albatta. Bu to‘ralar o‘z millatlaridan boshqasini millat deb hisoblamaydilar.
Millatning o‘zligini ko‘rsatadigan xususiyatlaridan biri til va maorifdir. Bu ikkisi bo‘lmasa, millat mustaqil bo‘la olmaydi. Gasprinskiy 1905 yilda yozgan maqolalaridan birida millatning asosi ikkita: tavhidi til (til birligi) va tavhidi din (din birligi) degan edi. Darhaqiqat, tilning o‘rni beqiyos: «Insonning oti bo‘lmasa, o‘zi ham yo‘q demakdir, shuningdek tili bo‘lmagan inson ham soqovdir».
«Til birligi masalasi bizim hayotimizda hayot-mamot masalasidir va biz bu masalada bir qadam ham orqaga chekinmaymiz, -yozadi I.Gasprinskiy 1906 yil 18 dekabrda. – Biz uchun orqaga chekinmoqqa yo‘l yo‘q. Yashasin millat!…
«Tarjimon» umumiy bir milliy gazetadir. Uning tili ham umumiy bir milliy. tildir. Yashasin millat! Ham yashar, chunki u tilda va fikrda birlikning zarurligini angladi. Til birligi esa adabiyot birligidir. Bu esa, o‘z navbatida, mehnat va harakat birligining asosi o‘laroq millatning ozodligini ta’min etajakdir».
Til millatning jonli, harakatdagi tarixidir. Uning kech-mishi ham, hoziri ham tilda ifoda etadi. Millatning barhayotligiga eng muhim guvoh tildir. Til millat uchun hayot-mamot masalasidir. Gasprinskiy o‘z maqolalaridan birini «Til masalasi – eng muhim masala» deb nomlagan edi.
Turkiy xalqlarning mushtarak tili haqidagi gaplar 1905 yil voqealaridan keyin, oq podsho yon berishga majbur bo‘lgach, erkinroqaytila boshlandi. Hatto ayrim ishlar ham qilindi. 1906 yil Gasprinskiy aytganidek, «til yili» bo‘ldi. Jumladan, 1906 yil Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining 600-700 va-kili ishtirok etgan «Ittifoqi muslimin» yig‘ilishida umumiy adabiy til masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Uni asta-sekin shakllantirish va amaliyotga qo‘yish haqida qaror qabul qilindi. Bu qaror o‘sha mushtarak adabiy tilda alohida risola bo‘lib bosilib ham chiqdi. Nihoyat, 1907 yilda Rusiya davlat maorif inspektsiyasi mamlakatdagi musulmonlarning o‘z ona tillarida o‘quv-yozuvni olib borishlari mumkinligi haqida qaror qabul qildi. Biroq bu maxsus qaror musulmon bolalarini o‘z ona tilida o‘qitishni faqat mahalliy shevada olib borish zarurligini uqtirdi.
Gasprinskiy shundan cho‘chigan edi. U bu qarorni mutlaqo noto‘g‘ri, hatto jinoyat deb hisobladi:
«Maorif inspektsiyasining bu ishini biz butunlay xato deb bilamiz, chunki xalqning ona tili bu millatning adabiy tilidir. Agar bizim qadimiy adabiy tilimizning bir halqasi Alisher Navoiy tili bo‘lsa, turli shevalardan tarkib topgan yangi zamonaviy tilimiz uning ikkinchi halqasidir».
«Tarjimon»ning 1908 yil 13-sonida bosilgan «Til va mas’uliyat» maqolasida yana shu masalaga qaytib, o‘z fikrini atrof-licha asoslaydi. Chindan ham Rusiyaning turli joylarida istiqomat qiluvchi turkiy xalqlarning tillari, to‘g‘rirog‘i, shevalari bir-biridan farq qiladi. Xo‘sh, bu farq ruslarda yo‘qmi? Vyatka mujiklarining tili Yaroslavl hunarmandlarinikidan, tulalilarniki Kursk, Smolensk yerlilarinikidan qanchalik farq qiladi! Arablarchi? Goho ular orasidagi farqlar bir-birlarini tushunmaslik darajasiga boradi-ku? Nima uchun Lomonosov, Jukovskiy, Pushkin, Turgenev kabi adiblar, mutafakkirlar yagona adabiy til uchun umr bo‘yi kurashdilar?! Nima uchun arabning ko‘zga ko‘ringan olim-fozili borki, til birligini tildan qo‘ymaydi?! Nemislar nega umumiy til ustida bu qadar jon kuydiradilar?!
To‘g‘ri, yagona adabiy til milliy adabiyot bilan birga maydonga keladi. Lekin uni shakllantirish uchun birgina adabiyot ahlining emas, butun millatning, birinchi navbatda, ziyolilarning g‘ayrat va rag‘bati kerak.
Bu yerda ham ishni maorifdan boshlamoq zarur. Bolaning ilk savodi, mayli, shevada chiqsin, lekin ikkinchi-uchinchi yildanoq o‘qishlar umumiy yagona tilda ketmog‘i lozim. Bu degani dunyoning tashvishlarini ko‘zda tutgan, lekin o‘z ona tilimizda, milliy ruhimizda bo‘lgan o‘rta va oliy maktablar ilmiy, madaniy muassasalar, turli-tuman mutaxassislar, xullas, nimaiki millatning iqtisodiy, siyosiy va milliy mustaqilligini ta’min etadigan bo‘lsa, hammasi kerak. Bularsiz millat ozod bo‘la olmaydi.
Xo‘sh, bizga hozir ona tilida o‘rta va oliy maktablar ochishga ruxsat berilsa, biz bunga tayyormizmi, degan savol qo‘yadi Ismoilbek Gasprinskiy va «yo‘q!» deb javob beradi. Demak, birinchi vazifa, yosh, taraqqiyparvar milliy ziyolilar tayyorlamoq, zamin hozirlamoqdir. Uni hech kim qilib bermaydi, o‘zimiz qilishimiz kerak:
«Bugundan boshlab umumiy til ustida kurasha boshlamoq, maktablar uchun darsliklar, o‘quv kitoblari, lug‘atlar tayyorlamoq kerak», – deb yozadi Gasprinskiy «Tarjimon»ning 1907 yil 42-sonida bosilgan «Do‘stlarimga» nomli maktubida.
Bularning hammasining boshi milliy ong, xususan, milliy maorif bo‘ladi.
Mamlakatimizda soniga ko‘ra nisbatan ozchilikni tashkil etuvchi armani, gurji, latishlarni qarang, qanchalar ilgarilab ketdilar. Finlyandiya va Polsha mustaqillikni olishgacha yetdi. Iqgisodi ham joyida. Kerakli narsasi bor. Hammasi milliy ongdan, milliy til, adabiyotdan.
«Millatning ikki asosi bor: til birligi, din birligi. Millatning o‘zligini yo‘qotish uchun shularning bittasi buzilishi kifoya», deydi Gasprinskiy.
1885 yilda Istanbuddagi Abuziyo matbaasida Ismoilbek Gaspralining «Ovro‘po madaniyatiga bir nazari muvozana» degan kichkina risolasi bosilib chiqdi. Yevropa o‘z taraqqiyotining haddi a’losida turgan, Yevropa turmush tarzi dunyoning barcha mamlakatlariga o‘rnak va timsol tutilgan bir paytda Rusiyaday qoloq bir yurtning qaysi bir burchagidagi bir musulmon dunyoning taraqqiyparvar ahli orasidagi hukmron nuqgai nazarga e’tiroz bildirdi. Fan va texnikasi bilan dunyoni hayratga solgan kapitalistik Yevropani ham, jannat va’da etuvchi sotsialistik Yevropani ham rad etdi. Har ikkisida ham axloqsizlik ko‘rdi. Bugungi Yevropa madaniyati qadim Rim tsivilizatsiyasi asosida maydonga kelgandir. Qadim Rim saltanati esa ma’naviy-axloqiy chiriganligi uchun barbod bo‘lgan. Binobarin, «Rumolilar asir etlari bilan hovuzlarda boqilgan baliqlarga to‘ymasdan qanday qulagan bo‘lsalar, ularning farzandlari bo‘lgan ovro‘polilar ham butun dunyoning mevalariga to‘ymaydilar»,- deb yozadi Gasprali.
Qadim Rim saltanati deganda bugungi o‘quvchining ko‘z o‘ngiga, birinchi navbatda, bir to‘da to‘ralarning ko‘nglini ochish uchun o‘lim bilan kurashga chiqqan gladiatorlar, mashhur Spartak keladi. XIX asr esa, Yevropa kolonializmining gullagan davri edi. Kitob chop etilgan 80-yillarda oq podshoning sevimli generali Skobelev olis Xurosonning Ko‘ktepa qal’asini qonga botirib, Marvi shohjahonni ishgol etgan edi. Rumolilarning XIX asrdagi farzandlarining butun dunyoning mevalariga to‘ymasliklari shundan. Muallif fikricha, yangi – XIX asr Yevropa madaniyati bilan qadim Rim madaniyati mohiyatan bir xil. Qurollar, usullar, o‘rnaklar o‘zgargan, xolos, natija va samara eskicha.
Risolada asosiy e’tibor «yangi dunyo» madaniyatining ma’naviy-axloqiy jihatlariga qaratiladi. Vorisiylikka, otalar va bolalar masalasiga to‘xtaladi. Bolalarning (sotsialistlarning) o‘z otalari (kapitalistlar)ni rad etishlarida katta ma’no ko‘radi. Ayni paytda, bolalarning adolat haqidagi tushuncha va fikrlari adolatsizliklar bilan to‘la ekanligini ochib tashlaydi. Uningcha, oldingi har ikki madaniyatning asosiy nuqsoni shundaki, ularda haqqoniyat yo‘q. Islomdagi haqqoniyat yo‘q. Haqqoniyat degani nima? Avloniy buni shunday tushuntiradi:
«Haqqoniyat deb ishda to‘g‘rilik, so‘zda rostlikni aytilur…» Gasprali barcha insonlarning o‘zaro munosabatlari bir asosga — foyda asosiga qurilganini ta’kidlaydi, lekin ishlab chiqarish vositalarini kishi faoliyatini nazorat qiluvchi ushr (o‘ndan bir miqdordagi yillik ekin solig‘i), zakot (qirqdan bir miqdordagi yillik mulk solig‘i) kabilarning inson va jamiyat hayotidagi favqulodda nazoratchilik rolini uqtiradi. Shular Yevropaning huquq va axloqiga asos qilib olinganida sotsialistik fikrlarga imkon qolmasligini aytadi. Shu tariqa, Yevropa ilm-fani bilan islom axloqining hamkorligida maydonga keladigan yangi umuminsoniy madaniyat masalasini ko‘taradi.
Xo‘sh, islom madaniyati qanday madaniyat? U nimani ko‘zda tutadi? Yevropa madaniyati sharhidan keyin buning izohiga ham zarurat tug‘ilgan ko‘rinadi. Har holda Ismoilbekning «Mada-niyati islomiya» nomi bilan bir kitobi paydo bo‘ldi va qisqa muddatda 2 marta chop etildi. Madaniyat, uningcha, kishilarning turmushi, ish faoliyati, kasb-hunarga munosabati bilan belgilanadi va ularni taxminan 3 ga (vahshiy, yarim vahshiy, madaniy) bo‘ladi.
Gap shundaki, madaniyat hech qachon yolg‘iz bir millatga yoxud mamlakatga tegishli bo‘lib qolmaydi. Turli sabab va sharoitga ko‘ra birida ozroq, ikkinchisida ko‘proq yoxud birida bir, ikkinchisida boshqa jihati nisbatan farqli rivojlanishi mumkin. Bir vaqtlar Yevropa undan bebahra qolgan edi, hozirda uning Osiyodan o‘sib ketganligi hammaga ayon. Zamonida Yevropa kiyim nimaligini bilmay, mol terisiga o‘ralib yurgan paytlarda Osiyo paxta-ipak matolarini tanlab kiyardi. Hozirda osiyolik ot-eshak, qayiq bilan o‘n kunda yuradigan yo‘lni Yevropa temir yo‘l yo paroxodda bir kunda bosib o‘tadi. Bu madaniyat darajasining samarasi. Ayni paytda, u butun insoniyatnikidir, – deydi muallif.
Kimki bu yo‘lda xizmat qilsa, insoniyatga xizmat qilgan bo‘ladi. Shu jihatdan, musulmon olami insoniyatga nima berdi? Umuman, uning xizmati bormi?
Ismoilbek shunday savol qo‘yadi va «Ham bordir, ham ko‘pdur» deb javob beradi. Shundan so‘ng 2 muhim masalaga aniqlik kiritadi.
- Islom madaniyatining birgina arab madaniyatidan iborat emasligi. Yevropada keng tarqalgan bu fikrni muallif yanglish hisoblaydi. Darhaqiqat u hodda frantsuz, ingliz, nemis ziyolilari bunyod etgan ilm-fanni «lotin madaniyati» deyish kerak, chunki ular shu tilda yozilgan. Unday demaymiz va to‘g‘ri qilamiz. Islom madaniyatini ham yolg‘iz arablar yaratmadilar. Unda turk, fors, hind va boshqa qavmlarning ham ulushi bor.
- Islom madaniyatining antik va hozirgi Yevropa madaniyati bilan o‘zaro munosabati masalasi.
Insoniyatning eng qadim madaniyati, shubhasiz, Misr va Yunon madaniyatidir. Hozirgi baravj madaniyati esa, Yevropa madaniyati bo‘lib turibdi. Xo‘sh, islom madaniyatining o‘rni qayerda? Yevropa olimlarining ko‘pchiligi bugungi Yevropa madaniyati qadim Misr-Yunon madaniyatining bevosita davomchisi deydilar. «Va lekin bu iddaolari yanglishdir va xatodir, — deb yozadi Ismoilbek. — Chunki Yunon madaniyati oxiri ila Ovro‘po madaniyati boshina qadar kechmish ming yil olam madaniyatsizmi qoldi? Ovro‘po madaniyatni to‘g‘ri Yunondan olgan bo‘lsa, nima uchun ming yil uni olmasdan kutib o‘tirdi?»
Muallifning atroflicha asoslashicha, yunon madaniyati Yevropadan oldin islom dunyosiga yoyilgan va musulmonlar uni taraqqiy qildirib, nuqsonlarini ozaytirib, Yevropaga topshirdilar. Aristotel, Platon kabi o‘nlab mashhur yunon olimlari asarlarini Yevropaga tanitganlar musulmonlar bo‘ladi. Buni G‘arb olimlari orasida e’tirof etguvchilar yo‘q emas. Amerikalik Draber «Evropa akliy taraqqiyoti tarixi» kitobida «Evropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham’ va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir», deb yozgan. Oyati karima va payg‘ambarimiz hadislari, sahobalar e’tirofi. islomiyat madaniyatning asosi va manbai ekanligiga dalil emasmi?
Darhaqiqat, Qur’oni karimda «ilm» so‘zi 751 o‘rinda uchrar ekan…
Islom olamidan uzoq yunon madaniyati musulmonlar hayotiga qanday kirib keldi?
Ismoilbek buni VIII asrdan, Abbosiy xalifa Abu Ja’far Abdulloh al-Mansur zamonidan deb belgilaydi. Ilm-fanni sevgan bu xalifa hind olimlaridan ilmi nujum va hay’atni o‘rgangan. Yunonlarda bu fanlarning taraqqiy topganligini anglab, tarjima qilishni yo‘lga qo‘ygan. Qisqa muddatda Bag‘dod, Shom ilmu hikmat xazinalariga aylanadi. Bu borada Xorun ar-Rashid, Ma’mun kabi xalifalar katta himmat va jasorat ko‘rsatadilar. Nihoyat, bular o‘z samarasini beradi.
Ismoilbek o‘z fikrlarini dalillash uchun ko‘plab misollar keltiradi. Chunonchi, mexanika ilmi darajasini ko‘rsatuvchi shunday fakt keltirilgan. Xorun ar-Rashid (763-809) ning Frantsiya hukmdori Buyuk Karl (742-814) ga yuborgan sovg‘alari orasida zang chaladigan soat bo‘lib, barcha yevropalilarni hayrat va taajjubga solgan.
Abu Ja’far yunon hukmdori bilan inoq edi. Afinadan beadad kitob oldirdi. Ma’mun davrida Ptolomeyning «Majistiy»i tarjima qilindi (Yahyo ibn Xolid Barmakiy). Sanad bin Ali va Xolid bin Abdulmalik Marvarudiy astronomiya bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdilar. Yer kurrasining uzunlik va kenglik darajalari o‘lchab chiqildi. Sayyoramiz harakatiga doir 3 zij tartib qilindi. Abbos bin Sayyid Jo‘shariy ibn Ishoq bin Kasuf, Abdulloh bin Sayyid al-Farg‘oniy kabi mashhur olimlar yunonlarning astronomiyaga doir ko‘plab xatolarini aniqladilar va quyosh dog‘lari, oy-kun tutilishi, dumlik yulduzlar borasida bir qancha kashfiyotlar qilindi…
Evropa handasa (geometriya) ilmini xurosonlik Abulvafoning hijriy 5-asr boshida tuzilgan «Az-ziji Shomil» va «Majistiy»sidan o‘rgandi. Ismoilbek fikricha, bugungi teleskoplar o‘sha zamonlarda kashf etilsa edi, islom ulamosi «balki Ovro‘po ulamosina ilmi hay’atda hech bir ish qoldurmaslar edi».
Afsuski, XI asrdan zamon notinchliklari kuchayib bordi. Bir tomondan, g‘aznaviylar, saljuqiylarning mulk dag‘dag‘asi, ikkinchi tomondan, Chingiz istilosi, uchinchi tomondan, Quddusi sharif uchun boshlanib ketgan «salib yurishlari» islom olamini larzaga solib, ilmu hunar yo‘llarini buzib yubordi. Lekin ilm-maorif nuri so‘nmadi, aksincha, dushmanlarga ham ziyo berib, mu-navvar qildi. Mo‘g‘ullarning katta qismi islom madaniyatini qabul etdilar, yevropalilar esa yuz yillik salib yurishlari davomida qanchadan-qancha san’at va hunarlarni o‘rganib qaytdilar.
Islom madaniyatining o‘choqlari birgina Bag‘dod, Sheroz, Nishopur, Samarqand emas edi. Bunday markazlar Afrika, Ispaniyada, qo‘yingki, islom olamining deyarli barcha nuqtalarida bor edi va hammasida ilm-fan rivoj topdi. Birgina Ispaniya va Afrikada yetishgan islom ulamosining kashfiyotlari va yozgan asarlari nomlarining o‘zi, Ismoilbek guvohlik berishicha, «yigirma jild» bo‘ladi.
Muallif islom madaniyatining mazmun va ko‘lami haqida umumiy ma’lumot bergach, «Ulumi tabiiya», «Qonun va nizom», «Tarix», «Hikmat», «Tib», «Adabiyot», «Ulumi riyoziyya», «Fani jug‘rofiya» kabi boblar ochib, tasnif etadi. Har sohaning eng mashhur namoyandalarini tilga oladi, asarlaridan namuna keltiradi, baholaydi. Tasnif va baho ko‘pincha Yevropa ilm-fani bilan taqqoslab olib boriladi.
Chunonchi, tabiiy fanlar borasida so‘z yuritganda, bir qator sohalarda «xoja (muallim)lari o‘lan yunoniylardan ko‘b o‘zub ketgan»liklarini, masalan, nabototdan «yunon ulamosina hech ma’lum o‘lmayan ikki ming jins nabotot kashf va tajruba etilgani»ni, Andalus podshohi Abdurahmon I Qurtabo shahri yonida ulkan Botanika bog‘i tashkil qilib, dunyo o‘simliklarini to‘pla-moq uchun Osiyo va Afrikaning har tomoniga maxsus kishilar yuborganini qayd etadi. Shuningdek, o‘simlik-giyohlarning changlanishini aniqlash, dori va giyohlarni shakarda qaynatib saqlash, dorixonalar ochish «islom hukumatining ma’rifatlari»dan ekan. Ismoilbek yer ilmi, ziroat asboblari borasidagi o‘nlab kashfiyotlar musulmon olamidan olinganligi yevropalik olimlarning o‘zlari tomonidan qayd etilganini aytadi. «Ovro‘poda bu kunda mavjud o‘lan nabotot (o‘simlik) va ashjor (daraxt) va chechaklaring ko‘pisi Andalus musulmonlarindan olinmishdir va necha asr oldin o‘rganilmishdir», deb yozadi.
«Tib» bobida Xorun ar-Rashidning tabibi Yahyo bin Miskaveyh tibbiyotga doir 30 jild kitob yozgani va ularning arabiy, ibroniy tildagi nusxalari yevropaliklar qo‘liga tushgani, Ab-bosiylar davrida yetishgan Abu Bakr ar-Roziy ilk bor chechak va qizamiqni emlagani, ikki yuzdan ortiq kitob yozgani, asarlari XVI asrda italyan tiliga tarjima qilingani, undan 50 yil so‘ng Eronda yashagan Ali bin Abbos yunoniylarning tibbiyotdagi ko‘plab xatolarini ko‘rsatib, 20 jild kitob yozgani, buyuk Ibn Sinoning asarlari asrlar davomida G‘arbda dasturi amalda kelayotgani kabi ma’lumotlar keltiriladi.
Islom olami ilmda yangi-yangi yo‘nalishlarni boshlab berdi.
Hikmat va Qur’on oralig‘ida «Aqoid» va «Tasavvuf» dunyoga keldi. G‘azzoliy diniy hikmatga doir yuzga yaqin kitob yozdi. Tasavvuf Muhyiddin Arabiy, Jo‘nayd Bag‘dodiy, Mavlono kabi ulug‘ zotlarni yetkazdi. «Ovro‘poda «filo‘so‘f», «mistiq» dediklari ulamoning «So‘fiyun» firqasidir», – deb tugatadi «Hikmat» bobini muallif.
«Qonun va nizom» bobida shariat, mazhablarning jamiyatdagi o‘rni, Imomi a’zam Abu Hanifa, Imom Shofe’i, Imom Molik va Imom Xanballarning islom madaniyati tarixidagi xiz-matlari haqida gap ketadi.
«Tarix yozmaya musulmonlar har millatdan ziyoda xidmat etmishlar, desak joizdir», — deb boshlanadi «Tarix» bobi. Kotib Chalabiy (1609-1658) «Kashfuz-zunnun…»ida 1300 muarrix nomini keltirgan ekan. Ismoilbek ularning eng mashhurlari Abul-Faraj, Burhonildin, Ibn Xaldun, Mas’udiy kabilar haqida ma’lumot beradi, ularning hayoti bilan bog‘liq voqealardan hikoya qiladi. Tabiiy fanlardan «hisob», «handasa», «jabr»ni qayta yaratganliklari, «fani maxoikiya» (mashinasozlik), «fani absor» (optika)ga buyuk xizmat qilganliklarini dalillaydi. Shuningdek, Muhammad Bag‘dodiyning yer sathini o‘lchash va xaritasini tuzish borasida maxsus kitob yozganini ma’lum qiladi.
Bugungi soatlarimizdagi «soat» va «daqiqa» taqsimxonalari musulmonlar hunari bo‘lib, o‘rta asrlarda Abul Hasan Mag‘ribiyning kitobida mufassal bayon qilingan ekan. Mashhur Umar Xayyom va Abdurahmon al-Xarojiyning «Sanayi jaloliya» nom olgan yil hisobi Yevropa Rum (Grigoryan) kalendaridan bir necha asr ilgari va aniq tuzilgan.
Jug‘rofiyachi? Batlimus (Ptolomey) «Jug‘rofiya»si Ma’-mun zamoniga kelib eskirdi. Uning amri bilan maxsus hay’at tuzilib mukammal jug‘rofiya kitobi — «Rasmul-arz» yaratildi, oldingisiga tuzatishlar berilib, xaritalar ilova etildi. Va ular asrlar davomida Yevropada dasturulamal bo‘ldilar. Shohruh topshirig‘i bilan Abdurazzoq Samarqandiy Hindiston va Xitoy jug‘rofiyasini o‘rgandi: Mirzo Ulug‘bek ko‘rsatmasi bilan Ali Qushchi yerning kenglik darajasini, sathini o‘lchashda juda katta yutuklarni qo‘lga kiritdi.
Dengiz xaritalari musulmonlar ixtirosidir. 1497 yilda dengiz safariga chiqib, ko‘plab orollar kashf etgan Vasko da Gamaning arabcha yozilgan bir dengiz xaritasidan foydalanganligi ma’lum.
Ismoilbek ayrim Yevropa olimlarining «turk xalqlari zehnu salohiyatdan noqis va ojiz bo‘lganligidan qora va past ishlardan boshqasiga yaramaydi» degan fikri bilan bahsga kirishadi. Idrok-iste’dodning, zehn va aqlning bu xalqda boshqalardan zarracha ham kam emasligini, axloq va odobda, sadoqat va to‘g‘rilikda, or-nomus himoyasida sayyohlar tilida kelishini ta’kidlab ko‘rsatadi va o‘z fikrlarini «Bir xalq(n)ing yo bir qavm(n)ing axloq kasb etmasi iste’dodu aqliyasindan tug‘ar. Noqis aqldan maqbul axloq va adab tug‘mas», — deb yozadi. So‘ng misollarga o‘tadi: «Olami islomiyatda mashhur va Ovro‘po Farangiston ula-mosina ma’lum «muallimi soniy» nomini kasb etmish Abunasr Forobiy hazratlari turk o‘g‘li turqdirki, ham birinchi ulamodan, ham birinchi hukamodandir. Ali Husayn ibn Sino hazratlari Ovro‘poda «Avissina nomi ila mashhur o‘lan ekan. Turk o‘g‘li turkdir. Yunon qavmi Buqrot kabi tabib va Arastu kabi filo‘so‘f ila iftixor edar. Ibn Sino esa, ham tabibi mashhur, ham filo‘-so‘fi nodir edi. Ibn Sino Arastuning aksi dagil edi va lekin Arastuning shogirdi o‘lmayub, o‘zining iste’dodi aqliya va zeh-niyasi ila Arastuya barobar kelmishdir. Ibn Sino Buxoro mevasidir…»
«G‘aznaviylaring va temuriylaring saroylari ulamo va huka-mo jamiyatlari ila sharaflandigi tarixlarda yozilmishdir…» Muallif «hissa» chiqaradi: «Har millat(n)ing va xalq(n)ing buyukligi, zo‘rligi «cho‘qlik»
(«ko‘plik»), «mol va kasb», «shijoat» ila o‘lchanilur esa-da, eng sharafli mezon va o‘lchov «ilm va hunar»dirki, bularga ega millat, xalq eng ulug‘, eng buyuk xalqdir».
So‘nggi bob «Islomiyat va madaniyat» deb nomlangan. Undan mazkur risola XIX asr o‘rtalarida kechgan islom va ilm-fan mavzuidagi bahsga o‘ziga xos javob ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ismoilbek Yevropa matbuotida goh-goh ko‘zga tashlanib qoladigan «islomiyat madaniyatga mutanosib emas» degan fikrning kelib chiqish sabablari ustida to‘xtab, uni chalamulla din peshvolarimizning jaholatidan ko‘radi. Holbuki, buni aniqlashning yo‘li juda oson. 1. Dinning asosini, qoidalarini o‘qib bilmak. 2. Shu dindagi xalqning ahvolini o‘rganmak. Har ikki jihatdan ham ushbu dinning mukammal bir madaniyat manbai ekanligi ma’lum bo‘ladi. «Qur’oni azimush-shon bir kitobdirki, har nuqgasi vositai madaniyatdir, — deb yozadi Ismoilbek. —Payg‘ambarimizning hadislari va g‘ayri aozim islom(n)ing kalimot va hukmiyoti bir qonuni filloh va madaniyatdur. Dunyoda shariati muhammadiya qadar haqqoniyat va musovot asosi uzra ta’sis o‘linmish hech bir mukammal qonun yo‘qdir.
Madaniyatning bosh va arkoni o‘lan maorif, sa’y va amali ittihod, musovot, hurriyat, muhabbati vatan kabi avsofi mam-duha dini islom(n)ing birinchi darajada amr va tavsiya etdigi ahkomindandir».
Yana bir dalil: boshqa millatlar o‘z olimlarini qamoq va zindonlarda chiritganida, musulmon ulamolariga yuksak mar-tabalar berilib, saroylarda, shoh dasturxoni atrofida umr kechirdilar.
Muallif ikkinchi masalaga – musulmonlar ahvoliga to‘xtalar ekan, arablarning «johiliyat» deb nom olgan islomgacha bo‘lgan tarixini misol qilib keltiradi. Islom bu qavmni tamom yangiladi, millat holiga keltirdi. Ular yuz yil o‘tmay, Afrika o‘rtalaridan Samarqandgacha, Hindistondan Frantsiyadagi Piriney tog‘larigacha cho‘zilgan saltanatni maydonga keltirdilar. Qanchadan-qancha xalqlar bu dinni qabul qilib, madaniyatning katta ko‘chasiga chiqib oldilar. «Ovro‘po xalqlarining hozirdagi hunar va madaniyatlarina asos ulamoi islom(n)ing samaroyi sa’yi o‘ldig‘ini inkor etib bo‘lmas», – deb yozadi Ismoilbek va buning da-lili sifatida bugungi ilm-fan, shahar madaniyati, dehqonchilik, bog‘dorchilik, ekologiya kabilarning hammasi islom madaniyatiga borib taqalishini ko‘rsatib beradi.
Tabiiyki, undagi bu g‘oyalar muayyan bilim va idrokka suyangan edi. Turkiy xalqlarning o‘tmish madaniyatini, ruhiyatini teran anglashdan, uning keyingi asrlarda taqdir taqozosi bilan tushib qolgan tutqun va turg‘un turmushini teran idrok etishdan, unga yo‘l izlashdan kelib chiqqan edi. Bu jihatdan Ismoilbekning «Turkiston ulamosi» kitobi muhim.
«Turkiston ulamosi»
Ushbu kitob 1900 yilda Bokuda bosildi. Muallif «Noshirdan bir so‘z»da «Ovro‘poda ulum va funun bik oz muntashor ulan bir zamonda Turkiston qit’asinda aqliy va naqliy ilmlara cholishmoqda emishlar», — deb izoh bergan.
Gasprinskiy zamondoshlarini ko‘hna Turkistonning yuzdan ortiq ulamosi bilan tanishtirar ekan, ularni sahni keng gulshandan saralab olingan bir dasta gul sifatida taqdim etadi, o‘lkaning nodir iste’dodlarga benihoya boyligini ta’kidlaydi. Kitob o‘n faslga bo‘lingan. Dastlabki faslda «Turkistonda yetishan ulamoi mashoyix, muhaqqiqindan ba’zilari» haqida gap ketadi. Fasl «shoh Naqshband» — mashhur Muhammad Bahovuddin Naqshband (1318-1389) bilan boshlanadi. Muallif uning tasavvufga daxldor «Dalilul- oshiqin» bilan «Hayotnoma»si «arbobi ur-fon»ning har doim nazar-e’tiborida kelganligini xabar qiladi. Shayx Najmiddin Kubroning «618 sanai hijriyasinda Chingiz askari tarafindan shahid» etilganini ma’lum qilib, asarlarini sharhlaydi. Abduxoliq G‘ijduvoniyning o‘nlab mashhur mutasavviflarga murabbiyligiga to‘xtaladi. Gasprinskiy «jorulloh» Zamahshariyni, qonunshunos, ilohiyot olimi Abullays Samarqandiy (1075— 1144)ni (Navoiyga dars bergan Fazlulloh Abullaysiyning ajdodlaridan), «Axloqi Muhsiniy»ning muallifi Husayn Voiz Koshifiy (1440—1504) ni «Mufassiri kirom» (ulug‘ tafsirchilar) fasliga kiritadi. «Shuhrati ta’rif va bayondin mustag‘ni o‘lan» Zamaxshariy haqida so‘zlab, «tafsir, hadis, fiqh, lug‘at, bayon, nahv ilmlarinda zamonining eng birinchisi edi»,— deb yozadi. 20 dan ortiq kitobini sanab ko‘rsatadi. Faqihi muhaqqiq Abullaysiyning 7 kitobini tilga oladi. Husayn Voizning 4 kitobiga to‘xtaydi. Buyuk muhaddislardan Imom Buxoriyning 19, Muhammad binni Iso Termiziyning 6 asari haqida fikr yuritadi.
Kitobdagi fasllardan biri «ulumi adabiya» vakillariga bag‘ishlangan. Fasl foroblik Abunasr Ismoil bin al-Ahmad Javhariy (v. 1003) bilan boshlanadi. Uning «Toj ul-lug‘ati va sahih ul-arabiyati» nomli lug‘ati keltirilgan. Arab tiliga oid bu kitob, chamasi, o‘z davrida benihoya mashhur bo‘lgan. Zamaxshariyning, bu tilni mukammal egallagani uchun, «jorulloh» (Ollohning qo‘shnisi) laqabini olgani ma’lum edi. Muallif keltirishicha, Javhariyning zamondoshlari ushbu kitobni arab ulamosi qo‘liga berib, «Lug‘atingazni ajnabiy bir odamdan o‘rganingiz!», degan gapi mashhur bo‘lib ketgan ekan (10-bet).
Sarf, nahv, maoniy, adab, munozara, qofiya fanlaridan bahs yuritgan «Miftohul-ulum» («Ilmlar kaliti»)ning muallifi xivalik Sirojiddin Yusuf Sakkokiy (v.1229), uning hamshahari «Hadoyiqus-sehr»i bilan shuhrat qozongan Rashidildin Vatvot (v.1188), «An-nahj» («Usul»), «Navodirul-usul» («Usul jilolari») kabi kitoblar yozgan Abu Abdullo Termiziy (Hakim Termiziy) (v.816) kabi o‘ndan ortiq ulamo haqida ma’lumot ushbu bobda keltirilgan.
Navbatdagi fasl «sohibi devon mashohiri shuaro» (devon tartib etgan mashhur shoirlar) haqida. Unda «Sayrul-ibod»i bilan ilohiyot mavzuiga yangi yo‘nalish bergan Sanoyi (v.1054)dan «devoni major-vengr ulamosindan musyo Vamberi tarafindan nemis dilina darjima o‘linmish» Maxtumquligacha bor. Muallif ajdodlari Kesh – Shahrisabzdan bo‘lganliklarini ko‘zda tutib, Amir Xisrav Dehlaviyni ham kiritgan. Shuningdek, maqbarasi Tabrizda bo‘lgan, «ilmi hikmat va she’rda mashhuri zamon» Zohir Faryobiy (v.1202), «quvvai xayoliyai shoirona»da benazir Shavkat Buxoriy (1636 yilda Isfahonda vafot etgan) kabi umrining so‘nggi boshqa yurtlarda kechgan qalamkashlar ham o‘rin olgan. Axsikatlik shoir Asiriddin Axsikatiy (v.1212) ni Anvariy (Avhadildin Anvariy, 1105-1187), Hoqoniy kabi «azim shuaro» qatoriga qo‘yadi. Sayfiddin Isfarangi degan shoirning she’rlari Ulug‘bek zamonasida g‘oyat shuhrat topganini ma’lum qiladi: «Devoni ash’ori 12 ming bayt jam’ o‘lub, aksariyat Ulug‘bek majlisinda qiroat o‘linurdi», «Isfara Movarounnahrda bir qasabadur», deb izoh beradi muallif. Pahlavon Mahmud (Puryoyvali)ning «Kanzul-haqoyiq»i, Lutfiyning «musavvada qolan» she’riy «Zafarnoma»si haqida ham ayrim qaydlar uchraydi.
Muallif Alisher Navoiy va uning adabiy muhiti haqida keng to‘xtalgan. Xususan, Navoiy borasida «laqabi zullisonayn o‘lub, hijrating to‘quzunchi asri avoxirinda yetishan chig‘atoy va Ajam shuarosining eng mashhurlaridandur, boxusus, turk(n)ing «rais ul-shuarosi» deya talqin o‘linadur. Ilmi xat, rasm, musiqi, naqqoshliq san’atlarindanda voqif edi…» (13-bet) deb yozadi. «Mavlono Jomiy ila muosir (asrdosh) Lutfiy»ni «forsiy, boxusus turkiy nazmda soniyi Alisher» ataydi. Sulton Husayn Boyqaroning «quvvai tab’i»ni ta’kidlab ko‘rsatadi.
Faslning eng diqkatta sazovor joylaridan biri Oyshayi Samarqandiy, Mehri Nurjahonbegim, Lola xotun, Asimiy, Iffatiy va Do‘xtari Qoshg‘ariy – jami 7 «turk shoirasi» haqidagi fikrlardir. Afsuski, ular haqidagi materiallar qayddan nariga o‘tmagan. Lekin shu holda ham uning Turkiston adabiy tarixini o‘rganishda mutaxassislar uchun foydali ekanligiga shubha yo‘q. «Turkistonda yetishgan hukamo (hakimlar) va atibbo (tabiblar)» fasli Ibn Sino bilan ochiladi. Gasprinskiy uni «dohiy» ataydi. Lotinchaga tarjima qilingan «Qonun»i «Ovro‘po dorilfununlarinda tadris o‘linurdi» deb yozadi. Til bilimini yuksak baholaydi: «Haqila voqif o‘ldig‘i lisonlar: arabi, forsi, turki, yunoni edi». Faslda 11 nom keltirilgan. Bular mashhur Forobiy, Xo‘ja Faxriddin bin Avhadiy Sabzavoriy (1384—1463), Hakim Azraqiy Marviy, Najibildin Samarqandiy, Abu Yazid Balxiy, Abdurahmon al-Marzuyi, Abu Ibrohim Gurgoniy (v. 1137), «Yodgori tib»ning muallifi Sharif Sharafiddin, «madaniyati islomiyaning eng buyuk xodimlarindan «50 parcha asari vor» Abul Ahmad bin Tabib Sarxushiy (v. 897) kabilardir. Aljabr asoschisi Al-Xorazmiy, Nilning suvini o‘lchaydig‘an «miqyosul-jadid» asbobini yaratgan Ahmad Farg‘oniy (v.861), Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid — jami 12 kishi «nujum, hay’at va riyoziya ulamosi» sirasida berilgan. Mazkur fasldagi «Ziji Abu Ma’shar»ni tuzgan, riyoziyot va ilmi nujumga oid o‘nlab asarlar yozgan Abu Ma’shar Balxiy, Qozizoda Rumiy kitobiga sharh yozgan hayatshunos Muhammad Chag‘miniy, handasaga doir kitoblari bilan shuhrat qozongan Shamsiddin Samarqandiy (v.1204), oltmish qadamlik usturlob yasagan Muhammad Xo‘jandiy, Oy haqidagi kuzatishlari yev-ropaliklarni mahliyo qilgan, «Al badi’» («Go‘zal yaratilish») asarining muallifi Abul Hasan, Ma’mun «baytul-hikmasi» (akademiyasi)ning bir og‘izdan e’tirof etilgan olimi Abdullo binni Suhayl al-Farg‘oniy kabi hayot va ijodlari nisbatan kam yori-tilgan olimlar haqida to‘plangan ma’lumotlar, shubhasiz, o‘zining ahamiyatini bugungi kungacha saqlab keladi.
Muhimi shundaki, G‘arb va Sharqni baravar bilgan Gasprinskiy turkistonlik ushbu olimlar ijodi Yevropada qanday o‘rga-nilayotganligiga ham diqqat qiladi. Jumladan, Ulug‘bek «Zij»ining 1665 yilgi Oksford nashri, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Ma’shar asarlarining Yevropada kutib olinishi, baholanishiga oid ma’lumotlar keltiradi.
«Turkiston ulamosi»da «tarix va jug‘rofiya ulamosi» haqida ham bob bor. O‘nta tarixchi kiritilgan. Bularning bir qismi tanish, Xondamir, Tabariy, Hofizi Abro‘, Abdurazzoq Samarqandiy. Jamolildin Abdullo Nishopuriy (v.1512), Abu Said Al-Marvoziy (v.1167), Mir Abdulkarim Buxoriy (v.1830) nomlari ko‘pchilikka u qadar ma’lum emas. Gasprinskiy Jamolildin Nishopuriyni asli movarounnahrlik deb tanishtiradi. «Ravzatul -ahbob» («Do‘stlar bog‘i») nomli kitobi borligini, «Kitobi tak-milussinoa» («Ajoyibotga qo‘shimcha»)sini Navoiy nomiga yozgan-ligini, Abu Said al-Marvoziyning esa 28 jild (shundan 10 jildi «Tarixi Marv», 8 jildi «Tarixi ansob») asari borligini, Mir Abdulkarim Buxoriyning Turkiston va Afg‘onistonga doir bir kitobi 1876 yilda Parijda musyo Shefr tomonidan frantsuzchaga tarjima qilinganini bizga yetkazadi.
Gasprinskiy Turkiston ulamosi haqida to‘xtalar ekan, bir faslini maxsus faqihlarga (diniy huquq olimlariga) bag‘ishlaydi.
XIX asrning oxirida yashagan va dunyo ko‘rgan ziyolilarning birortasi ham Turkistonning o‘sha davr ahvolidan qanoat hosil qilmaydi. Ismoilbek xonliklar saltanatining so‘nggi davr ahvolini shunday bayon qiladi:
«Shoh Temur zamoninda har biri bir arslon o‘lan turkistoniylar bu zamonda ta’siri zulm va istibdod ila biror sochsiz xotin, soqolli zaifalar poyasina kirmish edi. Eski ilm va ulamodan ham deyarli asar qolmagan. Xolis va halol (kishi) qolmay, uzun choponlarga, xil’atlarga o‘ralgan riyokor ko‘paygan edi. Zolimlar yo‘lini to‘sadigan shariat ahli tugab, zolimlarga fatvo topib berib, 5—10 tilla-oltun uchun sabohdan oqshoma qadar «omin», «omin» aytib, millatni xarob va barbod etganlar sanoqsiz edi. Qanday baxtsizlikki, bir uchi Saddi Chinga, digar uchi O‘rta yer dengiziga chiqqan saltanat bahodirlarining avlodi yoshlikda bachchalik, so‘ng esa bachchabozlik haromliklari ichida umr kechiradirlar edi. Umaro va vukaloning aksari yo Eron asirlaridan, yo bachchalik qilganlaridan mansabga ko‘tarilar edi. Shijoat maydonida Temurlarning, Shayboniylarning ismi-shariflari unutilgani kabi ilm maydonida Ibn Sinolar, Forobiylar, maorif maydonida Ali Qushchi, Ulug‘beklar yoddan chiqib, butun Movarounnahr bir xonaqoyi parishon va diyori darveshon o‘lmish edi. Ilm, hilm, maorif izzat-nafs va haysiyat (hurmat-e’tibor) riyokorlikka aylangan edi. Bu so‘zlar balki achchiq so‘zlardir, lekin to‘g‘ri so‘zlardir. Tarix yozadigan muarrix madhiya yozadigan mirza emas».
Mana shu «xonaqoyi parishon» vatanga, «darvesh» va «riyokor»lar millatga aylanmas ekan, Turkistonning kelajagi yo‘qdir. Bu birgina Turkiston emas, butun Rusiya musulmonlariga tegishli. Ismoilbek fikricha, ahvolni tuzatmoq uchun uch narsa kerak: 1. Milliy fikr. 2. Milliy til. 3. Milliy maorif. Milliy fikr, birinchi navbatda, millat birligi fikridir. Til yagona adabiy til masalasidir. Milliy maorif ona tiddagi ta’lim-tarbiyani yo‘lga qo‘yishdir. Fikr va tilni matbuot tarbiya qiladi. Matbuot xodimlarini yetkazuvchi esa maorifdir. Demak ishni maorifdan boshlash kerak. «Tarjimon» ham, «usuli jadid» ham shu maqsadda dunyoga kelgan edi. U yozadi:
«Yigirma besh sanadan beri dedigim, yozdig‘im, cholishdig‘im budir: yo‘l ochmoq. Boshqa bir narsa emas. Chunki qudratli, najib, umrli, chidamli va jasoratli bo‘lgan turk millatining parokanda bo‘lib, Saddi Chin (Xitoy devori)dan Oq dengiz (O‘rta yer dengizi)ga qadar yoyilib, nufuzsiz, tovushsiz qolishi tilsizligidan, ya’ni «Lisoni umumiya»ya ega bo‘lmaganidan maydonga kelgandir. Bu e’tiqod bilan yashadim. Bu e’tiqod bilan mozorga kirajakman».
Millat va uning manfaatini har narsadan muqaddam va muqaddas tutgan Ismoilbek «Hayot» gazetasiga yo‘llagan tabrigini shunday tugatgan edi: «… Lekin yagona shartni — unutma: har na yozajak esang, qalamni uch kapiklik qora siyohga botirma, yuragingga botirib, qoning bilan yoz, so‘zing unar, vijdonlara yetar, aks holda besamar ketadi».
Turkiston safari
Ismoilbek 1893 yilda Turkistonga keladi. Buxoro amiri Abdulahadxon bilan Qrimda uchrashgan edi. Ular bir-birlarini bilardilar. Ismoilbekka shirvonlik Majid G‘anizoda hamrohlik kiladi. Samarqandlilar «usuli savtiya» g‘oyasini yaxshi kutib oladilar. Tezda «usuli jadid» yo‘lga qo‘yilib, ish boshlanadi. Ismoilbek Shahrisabzga ketadi. Majid G‘anizoda 40 kun Samarqandda qolib, «usuli savtiya»dan dars beradi.
Ismoilbekning Turkistonga ikkinchi safari 1908 yilga to‘g‘ri keladi. Safar tafsilotlari «Buxoroda na ko‘rdim?» sarlavhasi ostida «Tarjimon»ning o‘sha yil sonlarida (47,50,57-59,64,78) bosilgan. Kaspiydan «General Skobelev» kemasida kelib, Krasnovodskdan poyezdga o‘tarkan, Ko‘ktepa urushini eslaydi. Kal’a aholisining «butun Osiyoga shuhrat va ibrat deya bola-chaqasi barobar qilichdan kechurulub, ot oyog‘ida toptalgani»ni alam va iztirob bilan yodga oladi. Ismoilbekni Yangi Buxoro (Kogon) standiyasida amir odamlari va Rusiya siyosiy agentligi tarjimoni Mirhaydarbek kutib oladilar. Amir uni Karmanaga taklif etadi. Ziyofat asnosida Valiahd Sayyid Olimxon bilan uchrashadi. Valiahdning Rusiya matbuotini muntazam o‘qib borishini, dunyo voqealaridan xabardorligini ko‘radi. Samarqandga o‘tadi. «Usuli jadid» maktablari bilan tanishadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy bilan uzoq suhbatlar quradi. Gap tarix va kelajak, muqaddas obidalar va ularning taqdiri, rus istilochilik siyosati va o‘zlikni saqlab qolish haqida edi.
Qaytishda yana Buxoroga tushadi. Qushbegi Ostonaqulbek bilan to‘xtab qolgan yangi maktabni yuritishni gaplashadi. Asosiy to‘sqinlik qozikalon tomonidan ekanligini anglab, huzuriga boradi, va’dasini oladi. Buxorodagi no‘g‘oylar Ismoilbekni mehmonga chaqirib, «Jamiyati xayriya»lariga faxriy a’zo qiladilar. Yangi ochilgan bir maktabni uning sharafiga «Ismoiliya» atamoqchi ekanliklarini aytadilar. Ismoilbek unamaydi. Amir Abdulahadxonning marhum padari hurmatiga «Muzaffariya» nomlashni maslahat beradi…
Maktablargina emas, madrasalar ham isloh qilinishi kerak. Iloji bo‘lsa, yangi zamonaviy oliy o‘quv yurtlari — universitetlar qurmoq kerak. Ismoilbek bu fikrga 1885 yildayoq kelgan edi.
«Ey davlatlular! — deb yozgan edi Buxoro va Xiva xonlariga murojaatida, — maydoni siyosatda mag‘lub o‘lub, istiqlolni boy berdi(ngiz). Bu zamonda g‘aflat edilursa, maydoni iqtisod va maishatda millat mag‘lub tushub, sabab o‘lanlari dunyo turdiqcha mas’ul tutajakdir…».
GASPRINSKIYNING BADIIY NASRI
Ismoilbek badiiy iqtidorga ham ega edi. Uning «Farangiston maktublari» (1887), «Dorur-rohat musulmonlari» (1889), «Sudan maktublari» (1889), «Xotinlar o‘lkasi» (1890), «Gulbobo ziyorati» (1908), «Arslon qiz», «Kun tug‘di», «Ivan va Sulaymon» (1897), «Baloyi islom» (1905), «Mukolamayi salotin» kabi ko‘plab nasriy asarlari bor. Ayrimlari o‘zbek tiliga tarjima ham qilingan. Voqealari deyarli hammasida muallif tilidan hikoya qilinadi. Nomi – Mulla Abbos Fransaviy-Toshkandiy. Asli toshkentlik, Yevropada o‘qigan, sayohatni yaxshi ko‘radi. «Mukolamai salotin» (1906) («Sultonlar suhbati») Amir Temur haqida. «Arslon qiz» (1893) Sharqiy Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlariga bag‘ishlangan. Markazida Guljamol bilan qo‘qonlik mashhur Ya’qubbek turadi. «Kun tug‘di» (1905) – avtobiografik roman. Doniyolbey — Ismoilbekning o‘zi. Xullas, Gasprinskiy badiiy asarlarining deyarli hammasi qay bir darajada Turkiston va turkistonlilar hayoti bilan bog‘lanadi.
«Dorur-rohat musulmonlari»
«Tarjimon»ning 1887 yil sonlarida bosilgan. 1906 yilda Boqchasaroida alohida nashr etilgan. 1997 yilda «Qalb ko‘zi» gazetasi qayta chop etdi.
Muallif asarning janrini «fantastik ro‘mon» deb belgilaydi. Asarning shirin taxayyul asosiga qurilgani sarlavhasidanoq ko‘rinib turibdi. Muallif xayoliy-afsonaviy bir mamlakat — Dorur-rohat (so‘zma-so‘z — rohat uyi), ya’ni obod va farovon bir yurt fuqarolari haqida hikoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Buning uchun 8 asr davomida musulmonlar taxti farmonida kelgan va islom davlati sifatida Yevropa mamlakatlariga namu-na bo‘lgan Andaluziyani tanlaydi. Hijriy yilning 98 ida (mil.668) Marokashning Fasi bilan Ispaniya orasidagi Jabal-ut-tariq (Gibraltar) bo‘g‘ozini sarkarda Muso ibn Nusoyr qo‘shini kesib o‘tib, Andaluziyani zabt etgan edi. Andaluz dastlab Shomga tobe edi. 756 yildan ummaviy Abdurahmon taxtni egalladi va o‘zini xalifa e’lon qildi. Ispaniyani musulmonlardan qirol Ferdinand (1452-1505) qaytarib oldi. So‘nggi musulmon hukmdor Al-Hisoriy, so‘nggi saroy Al-Hamro (Qizil saroy), so‘nggi poytaxt G‘arnata (Grenada) bo‘lgan edi.
Ismoilbek taxayyulning real asoslariga to‘xtar ekan, olis tarix qatlarida qolgan turli-tuman ma’lumotlar, sayyoxlarning bir vaqtlar islom shuuri bilan gullab-yashnagan Andaluziya – arablar Ispaniyasining ma’naviy-madaniy turmushiga oid ko‘plab fakt va raqamlarni topib, o‘quvchi diqqatiga havola qiladi. Arablar ispanlarning taqir sahrolarini obod o‘lkaga aylantirdilar, – deb hikoya qiladi muallif. — 12 ming qishloq, 80 qo‘rg‘on, 300 shahar, 300 ming jome’ bino qilingan. Zamonida poytaxt Qurtaboda 200 ming xonadon yashar edi. 600 jome’, 500 shifoxona, 800 madrasa, 900 hammom musulmonlar xizmatida edi. G‘arnata, Tulidu (Taledo), Sibelyo (Seviliya) kabi shaharlar ham Qurtabo (Kordova)dan qolishmas edi. Boyligichi?! Farang tarixchilari yozishicha, Qurtabo xalifaligining xazinasiga jami Yevropa mamlakatlarinikini qo‘shganda ham yetmas ekan. 852 yilda Qurtabo kutubxonasida 600 ming kitob bo‘lgan. Butun o‘lkada 70 ulkan kutubxona bor edi. Faranglar kelib, Andaluziya maktab-madrasalarida o‘qidilar. Yevropa Qurtabo madrasalaridan andoza olib, universitetlarini qurdi… Xullas, insoniyat taraqqiyotini yangi bir bosqichga olib chiqqan G‘arb ilm-fanining tamal toshi olis XII-XIII asrlarda Andaluziya — musulmonlar Ispaniyasi tomonidan qo‘yilgan edi. Biroq har narsaning o‘z kushandasi bo‘lganidek, mutaassiblik juda qisqa muddatda bu o‘lkadagi yuksak islom madaniyatini yo‘q qilib tashladi. Ferdinand Andaluziyani musulmonlar qo‘lidan qaytarib olgach, o‘lkani johilona bir sur’atda musulmonlikdan «tozalash» boshlandi. Mo‘jizaviy saqlanib qolgan «Jome’ul-kabir» (Katta machit) va «Al-Hamro»gina olis musulmon Andaluziyasining bir vaktlar balqigan nuridan yetib kelgan shu’ladek yiltillab turadilar…
Ushbu ma’lumotlar sayyoh — muallif tilidan berilgan bo‘lib, asarning mazmuniga singdirib yuborilgan. Tahririyatning ixcham izohida asarning bosh qahramoni toshkentlik Mulla Abbos ekanligi, Frantsiya sayohatidan keyin «Fransaviy» deb nom olgani, o‘z ko‘rgan-bilganlarini «Farangiston maktublari» sarlavhasi ostida «Tarjimon»da e’lon qilib kelgani, maktublarning ikkinchi qismidan Andaluziya sayohati o‘rin olgani, muallif-sayyoh «baxtiyorona bir surati maishata yetishmish jamiyati muslimadan bahs etajagi» aytiladi.
Darhaqiqat, asar roman-sarguzasht xarakterida. Voqea Mulla Abbosning Farangistonda orttirgan tanishi madmuazel Margarita bilan xayrlashib, Ispaniyaga otlanishidan boshlanadi. Mulla Abbos ilk tahsilni Toshkentda olgan. Farangistonda «ilmi jadid»ga oshno bo‘lgan. 27 yoshda, sayohatni sevadi. Andaluziya haqida o‘qigan, eshitgan. Uning o‘z davrida jahonni hayratga solgan ilmu fanidan, yuksak madaniyatidan xabardor. Shuning izlarini ko‘rmoqchi. Uni hozir Ispaniya deb ataydilar…
Poyezd qirq uch soat yurib Madridga olib keldi. Ajoyib o‘lka, xushhavo, serhosil. Bir yoni tog‘, bir yoni suv. Hammayoqda gul. Obidalar. Qurtabodagi, qubbasi 80 ustun ustiga o‘rnatilgan jome’, besh asrdan oshibdiki, hamon ulug‘vor. Mulla Abbos bir hafta Qurtaboda qolib, jome’ni qayta-qayta ziyorat qiladi. So‘ng G‘arnataga Malik ibn Ahmar sharafiga 1343 yilda qurib bitirilgan Al-Hamro saroyi ziyoratiga boradi. Mulla Abbos unga tamom mahliyo bo‘lib qoladi. Al-Hamro xizmatchisiga saroyni ziyorat etish uchun Turkistondan maxsus kelganini aytib, xonalarida tez-tez bo‘lish va uzoqroq qolishga izn so‘raydi. Bir oy qolib ketadi. Ziyoratlaridan birida saroy naqshlarining, peshtoqranglarining kun va tunning turli pallalarida turli tovlanishlariga mahliyo bo‘lib, tunab qoladi. Arslonlar maydoni deb atalgan go‘shada namoz asnosida mudrab, xayolga toladi. Olis va shavkatli tarix namoyon bo‘ladi. Shu payt nogoh oyoq tovushlari eshitilib, yengil kulgi ko‘tariladi. Bular kim bo‘lsa? Ko‘zlarini ochib qarasa, biri-biridan go‘zal 12 qiz. Arab qizlari. Qahramonimiz ohista ularga ergashadi. Ular begona odamni sezib qiy-chuv ko‘taradilar. Shu payt xonalarning biri ostonasidagi marmartosh ko‘tarilib, oq salla ko‘rinadi. Parijda tanishgan do‘sti — Shayx Jalol. Mulla Abbos ularga ergashib, «Qizlar ko‘shki»dan yashirin yo‘l orqali yer ostiga tushadi va «Bobi salomat»dan uzoq yurib, yana yuqoriga yer ustiga ko‘tariladi. Bu joyning nomi «Dorur-rohat», qizlar esa, a’lo o‘qiganliklari uchun taqdirlanib, «Al-Hamro» sayohatiga yuborilgan «Dorul-ulum» talabalari edilar. Bu diyorga besh asrdirki, begona nazar tushgan emas, uning yo‘lini hech kim bilmaydi. Buni Mulla Abbos Shayx Jaloldan bilib oladi. Qolganini unga hamrohlik qilgan Faridabonu tushuntirib boradi.
Darvoqe, ular arabcha gaplashadilar. Shayx Jalol barcha yo‘lchilarga bu sirli diyorga kirish oddidan ko‘zlarini bog‘lashni buyurgan edi.
Dorur-rohat G‘arnatadan 3-4 soatlik yo‘l. Nihoyatda go‘zal manzarali bir yerda. Sathi u qadar katta emas. Eni 2, bo‘yi 3 soatda kesib chiqsa bo‘ladigan maydonda joylashgan.
Faridabonu tilidan aytilgan tarixi esa quyidagicha edi: Andaluziya zabt etilib, islom g‘oyalari yoyilgach, qisqa muddatda o‘lka «olam darsxonasi»ga, o‘lka ahli esa «muallimi jahon»ga aylanadi. Qo‘shni faranglar undan ibrat olib, g‘aflat uyqusidan uyg‘onadilar. Biroq inson qonidagi tanballik, beg‘amlik, kin-nifoq bir jo‘sh uradi-yu 300 yillik shuhratshior Andaluz davlati ichdan yemiriladi. Qudratli mamlakat Turkiston singari uchga bo‘linib, o‘zaro qirg‘in-barot urushlar boshlanadi. Bundan foydalangan Kastiliya qiroli Ferdinand 1484 yilda katta qo‘shin bilan G‘arnatani qamal qiladi. Uzoq va davomli urush boshlanadi. Xalifa Abu Abdulloh Al-Hamroda yashirin majlis o‘tkazib, ish taslimga borsa, bola-chaqalarni qanday asrab qolmoq kerakligini maslahat qiladi.
Al-Hamroning bir tomoni o‘tib bo‘lmas yuksak S’era Nevada tog‘lariga tutashib ketgan edi. Sudanlik asirlar keltirilib, saroy ichidan tog‘ tomonga lahm qazdiriladi. Yashirin yo‘lni bilganlar sekin-asta vafot etadilar. Omon qolgan asirlar ozod qilinib, yurtlariga qaytariladi. Undan voqif ikki kishi qoladi. Xalifa va keksa bir bog‘bon. Mulla Abbos «Qizlar ko‘shki»dan shu yo‘lga tushgan edi.
G‘arnata mudofaani davom ettiradi. Xalifa Istanbulga elchi yo‘llab, usmonlilardan yordam so‘raydi. Sulton muhorabada bo‘lgani uchun yordamga kelmaydi. Xalifaning sustligidan xalq junbushga keladi. Biroq xalifa Ferdinand odamlari bilan xufya aloqa bog‘lab, saroyni tark etadi. Sal oldinroq esa dovyurak sardori Muso oxirgi nafasgacha jang qilish lozimligini aytganida shohdan munosib javob ololmagan va alam ustida bir o‘zi dushman ustiga otilib, mardona halok bo‘lgan edi. Xullas, Sardor Musoning yaqinlaridan 140 kishi uni izlab, bo‘m-bo‘sh saroyga keladilar. Saroyning siridan xabardor yakka-yolg‘iz keksa bog‘bon vaqtni qo‘ldan bermay, ularni lahm orqali pastga olib tushadi. Lahm yo‘li bilan tog‘ oralig‘idagi, atrofini tik bahaybat qoyalar o‘rab olgan sayhonlikka chiqadilar. Barcha kerakli ashyolar, birinchi navbatda minglab kitoblar saroydan yangi vatanga tashib keltiriladi va yashirin yo‘l bekitib tashlanadi. Bu bir hovuch musulmon dushmanga taslim bo‘lmay, tog‘ bag‘rida makon tutib turgan bir paytda xalifa Abu Abdulloh Ferdinand huzurida shaharning kalitlarini unga topshirar edi. Shu tariqa, ispanlar tog‘ ichiga bekingan bir to‘p musulmonlardan bexabar qoldilar. Tog‘ ichida omon qolganlar qahramon sardor Said Musoning avlodlari edilar. Xalifa esa, qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Lekin foydasiz edi. Ferdinand hech kimga shafqat qilmadi. Musulmon maktablarini yopdi, vaqflarini olib qo‘ydi, machitlarni bekitdi. Ahli islomning molini talon qilib, o‘zlarini asir-xizmatkor etdilar. Yuz minglab aholi ota-bobolari yotog‘i—qabrlarini dushmanga omonat qoldirib, hijratga yuz tutdilar. Obodlik o‘rnini vayronlik oldi. Zamonlar aylanib, dunyo ilgarilab, ispanlar, faranglar ham mag‘lub bo‘lgan millatni yo‘q etish insof va adolatdan emasligini, ular bilan tengma-teng hamkorlik qilmoq lozimligini anglab yetdilar. Biroq buning uchun ham uch asr kerak bo‘ldi, deb hikoyasini tugatadi Faridabonu.
Shayx Jalol so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, Dorur-rohatdagilar dunyodagi barcha o‘zgarishlardan boxabarlar, lekin bular haqida bilishmaydi. Chunki bular dunyo bilan aloqaga kirishmaydilar, haqlari yo‘q. Saodatli taqdirlariga sababchi bo‘lgan Sardor Muso hijriy 1500 (milodiy 2078) yilgacha ushbu makondan chikmaslikni vasiyat qilgan. Vasiyatnoma shu sanada ochilmog‘i kerak. U 40 qulf ostida, 40 kaliti 40 imomga omonat topshirilgan. 40 imom Dorur-rohatdagi 40 qishloqdan vakil. O‘lkaning amiri Ali ismli kishi bo‘lib, Muso avlodidan. Huquq va nizom shariatga, aqlga, ittifoqqa suyanadi…
O‘lkaning har qadami mo‘jiza. Qizlarning qo‘lida o‘zi yonar fonuslar — elektr chiroqlari. Kirib chiqqanda o‘zi ochilib-yopiladigan eshiklar.
Muallif Faridabonu Mulla Abbosni olib borgan qishloqning manzarasini chizadi. Markazida keng maydon. Toshdan muhtasham binolar. Jome’, madrasa, majlisxona, devonxona. Atrofida gullar, bog‘-bog‘chalar, ulkan xurmo daraxtlari. Bog‘ va gulzorlarga ko‘milgan hovlilar… hammayoq ozoda, batartib. — Bu joylar aslida balchiq, to‘qayzor bo‘lgan, — deydi Shayx Jalol, — kishilar ilmu fan yordamida mo‘tadil iqlim va muhit yaratishga muvaffaq bo‘lganlar, tog‘lardan toza suv tushirganlar.
Qishloq imomi Mulla Abbosdan dovrug‘i olamga ketgan Buxoro madrasalari, Turkiston maorifi haqida so‘raydi. Din va shariatdan boshqa narsa o‘qitilmasligini bilgach, taajjubga tushadi. «Sizning diyorlarda tabib, kimyogar, me’mor, muhandis o‘lmayurmi? Sizning xonlar va hukumatlar idorai mulk va davlat uchun umuri idoraya, fununi moliyaya, mohir ma’mura va to‘ralara hojat ko‘rmayurlarmi?» — deb so‘roqqa tutadi. Ularsiz har qanday millatning halokati muqarrarligini ta’kidlaydi: «Yohu, o‘g‘lum, ko‘zi bog‘liq kishi yurarmi?!» – deya hayron qoladi… Lekin bu buyuk o‘lkaning kelajagiga ishonadi: «Sanga og‘irliq kelmasun, o‘g‘lum. Inshoolloh, zamona kelur, ahli Turkiston dahi funun va kamolot oshnosi o‘lub, tariqi taraqqiyaya yetishar…» deya tasalli beradi.
Umuman, Turkiston hayoti asarning boshidan oxirigacha muallifning diqqat markazida turadi. Masalan, asar boshida Andaluziya buhroni, ispanlar-faranglarning o‘zaro janjallari haqida gap ketar ekan, Buxoro va Qo‘qonning XIX asr o‘rtalaridagi bir-birlariga qilgan qatlu g‘oratlariga shama qilib o‘tadi. Boshqa bir o‘rinda esa, har bir yurtning timsoliga aylangan daryolari haqida so‘zlar ekan, Zarafshonni qaynoq bir mehr bilan tilga oladi.
Qishloq imomi Mulla Abbosni maktabga boshlaydi. Yorug‘, ozoda. Har bir fan uchun maxsus jihozlangan o‘quv xonalari, qiroatxona, kutubxona… 8 yoshdan 12 yoshgacha barcha maktabda. O‘g‘il va qiz bolalar alohida o‘qiydilar.
Sayohat davom etadi. Shayx Jalol mashina tayyorligini aytib, shaharga taklif qiladi. Yevropada ko‘rgani otasharoba. Biroq tutuni yo‘q, o‘zi ham boshqacharoq, elektr bilan harakat qiladi.
O‘lka markazi Dorus-saodatga ketmoqdalar. Yo‘lda qishloqlar ko‘rinadi. Bir-biri bilan telefon, telegraf orqali bog‘langan. Elektr moshina Dorus-saodat vokzalida to‘xtaydi. Shahar ham tamom boshqacha. Bu binolarni Mulla Abbos Turkistonda ham, Yevropada ham ko‘rgan emas. Shayx Jalol mehmonni mehmonxonaga joylab, qoziga ketadi. Mehmonning Dorur-rohatga qanday kelib qolganini bildirish kerak.
Kech tushadi. Birdan hammayoq yorishib charog‘on bo‘lib ketadi. Mehmon hayron. Bunday holni oldin ko‘rgan emas. U bularning kechda yonib, tongda o‘zi o‘chadigan elektr ekanligini so‘ng biladi. Ertalab hammomga tushib, Shayx Jalol bilan qozi huzuriga boradilar. Ko‘chalar, maydonlar ham boshqacha. Masalan, maydonlarning biri «Ozod» deb nomlangan, biri xalifa Abdurahmon III nomida. Ko‘chalardan biri Tariq ibn Ziyod deb ataladi. Abdurah-mon III maydonidagi muhtasham bir binoga boradilar. Marmardan, naqshinkor. Eshigi tepasiga oltin harflar bilan xatti ko‘fiyda «Bobul-huquq» deb yozib qo‘yilibdi. Qozixona — shu. Qozi, o‘ng tarafida kotib, yo‘lakda xizmatchi.
Shayx Jalol Mulla Abbos Turkistoniyni tanishtiradi. Qozi uni mamlakatning tartiblaridan xabardor qiladi. Bir narsani alohida ta’kidlaydi: «O‘lkamizcha eng buyuk kdbohat va jinoyat yalon so‘ylamakdir. Jazosi dahi bik og‘irdir. Yalonchi hibs o‘lini-yur, ammo hibsxona ochiq turar, atrofinda ming kishi o‘lsa-da, so‘zlamaya bir kishi topilmas…»
Bu hol hammasidan oshib tushadi. Qanday mamlakat bu?! Qahramonimiz bu yerdagi urf-udum, axloq, ilm va madaniyat borasida qozi bilan suhbatlashar ekan, tobora o‘zini o‘ng‘aysiz sezib boradi. 12 yil madrasada umri bekor ketibdi. Farangistondagi 2 yil o‘qishini so‘zlar ekan, Margaritaga bo‘lgan muhab-batigacha aytishga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagilarning yashash qonuni shunday: Ular Ollohdan qo‘rqadigan darajada yolg‘ondan qo‘rqadilar. Yomonlikdan jahannamdan qochgandek qochadilar. Jannatga intilgandek kishilarga muhabbat qo‘yadilar. Bu gaplar qozi tilidan yurtning yangi mehmoniga birgina qardoshlik nasihati emas, ma’muriy-shar’iy amr sifatida ham aytilgan edi. Bu o‘lka inson tabiatining ikki buyuk illatidan – yolg‘ondan va haqsizlikdan qutulgan edi. Shu jihatdan u G‘arbning ham, Sharqning ham, Yev-ropaning ham, islomning ham qusuridan xoli edi. Bu yerdagi ilm va axloq oldida Turkiston badaviy, Farangiston olchoq edi. Holbuki bu o‘lka dunyodan tamom uzilib, baland tog‘lar orasiga yashiringan bir joyda ajdodlarining ilmu hunari soyasida o‘z hollaricha shunday darajaga yetdilar. Mulla Abbos bozor yonida yana bir voqeaga duch keladi. Bir arab duch kelgan odamga iltijola boqib, hol-ahvol so‘rar, hech kim unga e’tibor qilmasdi. Sotuvchi ekan. Bir kishining yarim dinorlik haqiga xiyonat qilibdi. Qozi uni tekshirib aniqlagach, aybdor deb topibdi. Shundan buyon u hammaga begona. U bilan hech kim so‘rashmaydi, gaplashmaydi. Odamlar uni vabodan qo‘rqqandek chetlab o‘tadilar. Hatto xotini, bola-chaqasi ham tark etadi. U o‘z xohishi bilan mamlakat chetidagi maxsus joylarda ibodat va tahsil bilan o‘zini poklaydi. So‘ng jamiyatga yangidan qabul qilinadi. Bu bechora yoshligida ozgina kasal bo‘lganu tarbiyasi yetishmay qolgan, gunoh qilgani shundan. Keyingi to‘rt yil ichida yurtda bundan boshqa jinoyat sodir bo‘lgan emas.
Bu yurtda hamma narsa g‘ayritabiiy. Masalan, Mulla Abbos mehmonxonasiga kelsa, 2 xat va bir gazeta turibdi. Biri Faridabonudan, ikkinchisi mahalliy «Istiqbol» gazetasidan. Faridabonuning qarindoshlari mehmon bilan tanishmoq istaydilar. Gazeta esa Mulla Abbosdan olis Buxoro va Turkiston haqida maqola so‘rabdi. Biroq bu xatlar yozilgan qog‘ozlarni u ilgari hech ko‘rmagan, tamom boshqa materialdan. Konvertlarida marka yo‘q, bepul. Shayx Jalol shoshib 5—6 tuxum ko‘tarib kiradi, jo‘ja ochirmoqchi emish. Mulla Abbos hayron, qanday qilib, tovuqsiz jo‘ja ochadi.
Shayx Jalol sirni ochadi. Tuxumdan jo‘ja chiqishi tovuqning bosishidan emas, haroratdan. Bu yangi gap emas. Bu qadimdan ma’lum edi. Mulla Abbos va uning turkistonlik hamsaboqlari eski ilmning mohiyatini o‘rgangan emaslar. Gap shunda. Qogozni ham ko‘p narsalardan tayyorlash mumkin. Dorur-rohatdagilarning ishi shu yo‘ldagi tajribalardan biri xolos.
Mulla Abbos «Istiqbol» gazetasini varaqlaydi. Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklarining Rusiya tomonidan zabt etilishi tarixi haqidagi maqolaga ko‘zi tushadi. Muallif, olis tarix, xususan Amir Temur borasidagi hokim qarashlarga qarama-qarshi o‘laroq uning yarim dunyoni egallashida ilm-fan va qahramonlik samarasini ko‘rgan edi. Uningcha, jaholat va nodonlik bilan futuhot va shijoat hech qachon bir yerda jam bo‘la olmaydi. Maqolada ko‘hna Turkistonning tanazzuli sabablari haqida so‘z yuritilib, shunday yozilgan edi:
«Bir davlat yo millat xarob o‘lajaq esa, eng ibtido ilmsiz va ma’rifatsiz qolur. Bu holda qo‘y hayvoni kabi fahmsizlanub o‘z boshlarini o‘zlari uzatub turarlar! Nima qilsinlarki, ko‘zlari bog‘langandir!»
Maqola oxirida Turkistondan Mulla Abbos degan bir kishining ajib bir hol bilan Dorur-rohatga kelib qolganligi ma’lum qilinib, uning bu yerda o‘z bilimini oshirish maqsadi bor-ligi mamnunlik bilan qayd etilgan edi.
Ha, bular dunyoni biladilar. Dunyo bularni bilmaydi, xayolidan o‘tkazadi Mulla Abbos.
Faridabonuning uyida ko‘rganlari bundan ham hayratlanarli edi. 80 yoshlik shayx Turkistonning zabt etilishi istilodan yuz yil oldin ma’lum bo‘lganligini aytadi va Ibn Marvonning «Qiyos va ehtimolot siyosati» kitobini o‘qishni tavsiya qiladi…
Mulla Abbosning Amir bilan uchrashuvi epizodi ham bor. Uning sirli mamlakatdan chiqib ketishi dunyoga noma’lum bu o‘lka uchun falokatga sabab bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, bu masalani amir hal qilishi lozim. Lekin adolat qonuni uni ixtiyoriga qarshi holda olib qolishga yo‘l bermaydi. Sayyoh Amir bilan uchrashadi: 30 yoshlarda, cho‘qqisoqol, ochiq yuzli, xush boqishli. Buxoro va Turkiston turmushidan so‘raydi. «Rishta» xastaligidan so‘z ochadi. (Chor hukumati Zarafshon suvini to‘sib qo‘ygach, Buxoroga suv bormay, hovuzlarda rishta tarqalgan edi.) Buxoroga toza suv keltirish yo‘llari haqida fikr bildiradi…
Amir Abbosga ruxsat bermaydi. Abbos o‘zining asir emasligini aytadi. Amir bunday mas’uliyatli masalani bir o‘zi hal qilolmasligini, Oliy Majlisdan so‘rab hal qilishini aytadi… Bir qator mojarolar, Faridabonu — Mulla Abbos munosabatlari, shu asnoda xotin-qizlar taqdiri, Turkiston, Buxoro manzaralari, 1500 yilda ochilajak «Vasiyatnoma» bilan bog‘liq gap-so‘zlar so‘nggida ruxsat beriladi. Mulla Abbos bu yerda orttirgan do‘stlari bilan vidolashib, unga qanday sirli kelib qolgan bo‘lsa, shunday sirli tarzda chiqib ketadi.
«Dorur-rohat musulmonlari» Rusiyadagi turkiy xalqlar adabiyotining yangi davrdagi birinchi yirik namunasi edi. Shu sabab u Volgabo‘yi va Turkiston xalqlari yangi adabiyotining shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Bu gap o‘zbek adabiyotiga ham tegishlidir.
Ikkinchi tomondan esa, Ismoilbekning badiiy ijodi uning qizg‘in va samarali kechgan jadidchilik faoliyatining ma’naviy davomi, buyuk millatparvar qarashlarining olijanob taxayyuli mevalari edi.
Gaspralining xotin-qizlar va ularning jamiyatdagi o‘rni ma-salasi haqidagi qarashlari «Xotinlar o‘lkasi» nomli xayoliy-sarguzasht qissasida aks etdi. Unda ham voqealar toshkentlik Mulla Abbos Fransaviy tilidan hikoya qilinadi. Asar ayollarni «sochi uzun, aqli kalta» deguvchi islom mutaassibligiga kinoya bo‘lganidek, emansipatsiya niqobi ostida ularning asliy xususiyatlari hisoblanishi lozim bo‘lgan nazokatdan uzoklashtirilishiga, «erkaklashtirilishi»ga qarshi isyon ham edi. Bu mavzuning ham Turkistonda naqadar qizg‘in muhokama qilingani ma’lum.
Xulosa qilib aytganda, I.Gaspralining hayoti va sermazmun faoliyatini Turkistonsiz, uning tarixi va taqdiri haqidagi o‘ylarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ulug‘ mutafakkir Turkiston xalqlarining boy ma’naviy merosini Rusiya musulmonlari borasidagi yangilanish va islohotchilik harakatlari uchun ma’naviy omil deb biladi. Ayni paytda, butun vujudi bilan Turkiston uchun ham najot yo‘lini izlaydi va buni yangilanishda, islo-hotda ko‘radi. Shunga ko‘ra, uning qarashlari ham Turkiston bilan teran bog‘langan edi. Shu sababli, bu fikr-qarashlar Turqistonda aks-sado topdigina emas, turkistonlik taraqqiyparvar ziyolilar uchun dasturulamal vazifasini bajardi.