Abdurauf Fitrat ijodi va faoliyati yaqin tariximizning eng porloq sahifalaridan birini tashkil qiladi. Uning zamonida adabiyotni jamiyatga xizmat qildirish bilan shug‘ullanmagan ijodkorni topish qiyin bo‘lsa-da, so‘z va ish birligini hech kim u olib chiqqan maqomga ko‘tara olgan emas. U adabiyot va madaniyatninggina emas, siyosatning ham tan olingan arboblaridan edi.
U butun umri davomida Ona-Vatanni ozod va obod qilish dardi bilan yashadi. Bu buyuk ishtiyoq uni Vatan va Millat fidoyilaridan tashkil topgan «Yosh buxorolilar» jamiyatini tuzishga muvaffaq etdi. So‘ngroq mustaqil partiya sifatida faoliyat yuritgan ushbu jamiyatning pirovard maqsadi qadam-baqadam borib, istiqlolni qo‘lga kiritish va islohotlar yordamida mustaqil demokratik davlat qurishdan iborat edi.
Abdurauf Fitrat O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan, yangi o‘zbek adabiyotining asoschilaridan, tan olingan dramaturg, nosir, shoir va zabardast olimdir.
Hayoti va ijodining o‘rganilishi
U haqda ilk ma’lumot bergan kishi Buxoro amiri Abdulahadxonning saroy xodimlaridan bo‘lgan Hoji Ne’matulla Muhtaramdir. U «sarrof Hoji Abdul Rauf valadi Abdul Rahim sarrof»ni «Mijmar» taxallusi bilan o‘zining «Tazkiratush-shuaro» (1910) siga kiritadi va u haqda ikki og‘iz ma’lumot berib, she’rlaridan birini namuna sifatida keltiradi. Fitratning 1327 yil hijriy (1909—1910 milodiy) yillarda Istanbulda bosilgan dastlabki asari «Munozara» Turkistonda juda tez aks-sado berdi. 1912 yilda Hoji Muin o‘zbekchaga tarjima qilib, «Turkiston viloyatining gazeti»da bosdirdi. 1913 yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy so‘ngso‘zi bilan alohida kitob holida chop etildi. Shu yili rus tiliga ag‘darilib, oz sonda kitob bo‘lib chiqdi. 1916 yilda «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 13, 15, 20 oktyabr sonlarida V.B. Andreevning u haqdagi taqrizi bosildi.
Sho‘ro davrining ilk yillarida u haqda fikr bildirgan taniqli mutaxassislardan akademik A. N. Samoylovich bo‘ldi. U o‘zining 1919 yilda e’lon qilgan «Turk xalqlari adabiyoti» kitobida va bir qator maqolalarida Fitratning faoliyati hamda ijodiga to‘xtaldi, baho berdi.
20-yillarda Fitratning «Chin sevish», «Hind ixtilolchilari», «Abo Muslim» dramalari sahnaga qo‘yilishi bilan ular haqda ko‘plab taqrizlar yozildi. 1922 yilda «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plami chop etildi. 104 sahifalik ushbu majmua Fitrat, Cho‘lpon, Botu, Elbeklar she’rlaridan tashkil topgan edi. Adabiyotshunos va tanqidchi Abdurahmon Sa’diy «O‘zbek shoirlari» nomi bilan «Turkiston» gazetasining 1924 yil 12 yanvar sonida katta maqola—taqriz bilan chiqdi. 1923 yilda adibning «Qiyomat» hikoyasi Nazir To‘raqulov so‘zboshisi bilan Moskvada bosildi. Tanikli davlat va madaniyat arbobi uni mashhur Dantening «Ilohiy komediya»siga qiyos etdi. Adibning «Hind ixtilolchilari» dramasini Olmoniyada tahsil olayotgan talabalar Berlinda nashr ettirdilar. Vadud Mahmud u haqda maqola bilan chiqdi.
1924 yilda «Abulfayzxon» dramasi Moskvada chop qilindi…
Ko‘ringanidek, 20-yillar Fitrat ijodining eng sermahsul, ayni paytda, buyuk e’tirof yillari bo‘ldi. U haqda shoirlar ham, olimlar ham, davlat arboblari ham yozdilar. Deyarli hammalari u yozgan asarlarning joziba kuchi, teran ma’nosi, keng qamrovi haqida yaqdil bo‘ldilar. Biroq jadidchilikka qarshi kurash boshlanganida birinchi nishon Fitrat va uning asarlari bo‘ldi.
20-yillarning ikkinchi yarmida Fitratga qarshi hujum avjiga mindi. Uning «Eng eski turk adabiyoti namunalari. Adabiyotimiz tarixi uchun materiallar» (O‘zdavnashr, Samarqand-Toshkent, 1927) va ayniqsa, «O‘zbek adabiyoti namunalari» (Samarqand-Toshkent, 1928) kitobi atrofida sho‘ro mafkurachilari katta janjal chiqardilar. Chek Jalil Boybo‘latov degan firqa jurnalisti zimmasiga tushdi. Markaziy gazeta «Qizil O‘zbekiston»ning uch so-nida Fitratni «panturkist», «panislomist», «opportunist» kabi bir qator siyosiy «ayb»lar bilan qoralab chiqadi. Fitrat matbuot orqali javob berishga majbur bo‘ladi. «Yopishmagan gajaklar» nomi bilan Jalil Boybo‘latovga yozilgan ushbu xat «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1929 yil 15—16 sentyabr sonlarida bosilib chiqadi.
Xat shunday boshlanar edi:
«Do‘stim, oylar, yillar tirishib, bir asar chiqarg‘on muharrir do‘stlarning shu asar haqidagi muhokamalarini tinglashdan, asarning kamchiliklarini o‘rganishdan, albatta, mamnun bo‘ladi. Mening «O‘zbek adabiyoti namunalari» atalg‘an arzimas asarim haqinda fikringizni bildirmaklik uchun ancha urinib, 3 son gazetni to‘ldirganingizni ko‘rib mamnun bo‘ldim, o‘qib ham chiqdim. Hamma gapdan burun Sizga tashakkurimni bildiraman.
Lekin baxtga qarshi maqolangizni shunchalar kengaytirgansizkim, kengligi asl maqsadning yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Bizda, bolalar orasida «Ko‘zim ko‘rmaydir» degan bir o‘yun bor: bir bola ko‘zini qattiq bog‘lag‘andan keyin qo‘lig‘a uzun bir tayoq olub, o‘rtada turadi. Boshqalar uning oyog‘ini olmoq uchun atrofdan hujum qiladilar. Tayoqli bola tayog‘ini ko‘tarib, «ko‘zim ko‘rmaydir» deb, tez-tez aylana beradir, tayoq kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tegadir. Maqolani yozganda, sizning qalamingiz ham shul ko‘zi ko‘rmas bolaning tayog‘ig‘a o‘xshag‘an: aylang‘an, aylang‘an, kimga to‘g‘ri kelsa, shunga tekkan, orada mening kitobim unutilgan, juda oz o‘rin olgan.
Har holda maqolangiz ko‘brak mening shaxsimga qaratilgani munosabati bilan javob tarzida emas, dardlashuv shaklida bir narsa yozaman. Mening asarimni boshlab tartibig‘a e’tiroz qilg‘aningiz ko‘riladir. Adabiyot tariximizni «feo‘dalizm», «savdo sarmoyasi» kabi davrlarg‘a ajratishimg‘a qarshi kabi ko‘rinasiz. Lekin o‘z fikringizni, ya’ni qanday taqsim qilish lozimlig‘ini yozmag‘ansiz. Adabiyot mutaxassisi yoki adabiyot tarixi bilan mashg‘ul bir odam bo‘lsa edingiz, shu bahona bilan sizga «yopishmoq» mumkin edi. Lekin, men bilamankim, siz adabiyot tarixining odami emassiz, maqolangiz esa tasodifiy hodisadir…»
Xatda J. Boybo‘latov maqolasining mazmun-mohiyati va undan kuzatilgan maqsad ochiq-oshkor aytilyapti. Lekin adib J. Boybo‘latovning matbuotdagi dovdirashi mojaroni faqat boshlab berish uchungina ekanligini bilganmikin? Mojaro 30-yillarning birinchi yarmida avj olib, davrning iste’dodli va e’tiborli yoshlaridan Hamid Olimjonni ham o‘z domiga tortdi.
Taniqli shoirning 1935 yilda yozgan «Jadid adabiyotining sinfiy mohiyati masalasi», «Harbiy kommunizm davrida o‘zbek burjua poeziyasi», ayniqsa, «Sovet adabiyoti» jurnalining 1936 yil 4—5-sonlarida bosilib chiqqan «Fitratning adabiy ijodi haqida» maqolasi Fitrat ijodini sho‘ro mafkurasi nuktai nazaridan atroflicha tahlil qilib, J.Boybo‘latovlar pozidiyasini mustah-kamlab berdi.
Qizig‘i shundaki, adibning «Qiyomat» asari ateistik talqin qilinib, Fitrat nomi yuraklardan sug‘urib olingan kommunistik yakkahokimchilik zamonlarida ham nashr qilindi va uzoq yillar sho‘ro mafkurasiga xizmat ettirildi. «Ilmiliq» davr sifatida tilga olinadigan 60-yillarning ikkinchi yarmidan uning nomi orasira uchraydigan bo‘ldi. Lekin nomining tilga olinishi ham ko‘pgina firqa amaldorlarini qattiq bezovta qila boshladi.
Holbuki, ularning aksariyatida Fitrat asarlari tan-qid qilish uchungina tilga olinar, baholarda eski kondepdiya hukmronlik qilar edi. Shuning o‘zini ham tanqid bahonasida targ‘ib qilish deb tushundilar. Masalan, B.Imomov, T.Sobirovlarning 1968 yilda, S.Aliyevning 1973 yilda dramaturgiyamiz tarixiga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyalari va shu munosabat bilan e’lon qilingan maqola va kitoblarga munosabatda shu holni ko‘ramiz.
Fitrat hayoti va ijodining yangicha talqini 70-yillarning o‘rtalaridan ko‘zga tashlana boshladi. E.Karimovning «O‘zbek adabiyotida realizm taraqqiyoti» kitobi bu boradagi jildiy qadamlardan bo‘ldi. Lekin uni adabiyotdagi amaddorlar qabul qilmadilar. Muallif va u ishlagan tashkilot partiyaviy jazo oldi. Bu, tabiiyki, Fitratni qayta kashf etish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirdi. 1983 yilda Ahmad Aliyev «Adabiy meros va zamonaviylik» kitobida g‘oyat ehtiyotkorlik bilan Fitrat asarlarini adabiyotshunoslik va tanqidchilik qayta ko‘rib chiqishi lozimligi haqidagi mulohazani bildirdi. Shuning o‘zi ham kitobning muhokama qilinib, muallifning dashnom eshitishiga sabab bo‘ldi.
Demokratiya va oshkoralik deb nom olgan 1985 yildan keyingi davrda Fitrat asarlariga bir qadar xolisona yondashish imkoniyati paydo bo‘ldi. U. To‘ychiyev, M. Yunusov turli munosabat bilan uning asarlariga murojaat etdilar, biroq talqinlarda jildiy o‘zgarish sezilmadi.
1988 yil 3 iyunda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida taniqli adabiyotshunos olimlar Izzat Sulton va Salohiddin Mamajonovlarning «Madaniyatimizning ikki siymosi» maqolasi e’lon qilindi. Mualliflar Fitrat ijodini o‘rganish va munosib baholash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan ekanligaga diqqatni qaratdilar. Nihoyat, 80- yillarning oxirlaridan Fitrat asarlarini o‘rganishda yangi bir bosqich paydo bo‘layotgani ko‘zga tashlandi.
Bevosita adib asarlarini nashr etish, o‘quvchilarga yetkazish ishlari boshlandi. Matbuot sahifalarida uning ilmiy, badiiy, publitsistik asarlaridan namunalar e’lon qilina boshladi. «Sharq yulduzi» jurnalining 1989 yil 1-sonida E. Karimov so‘zboshisi bilan adibning mashhur asarlaridan «Abulfayzxon» dramasi chop etildi. Uni Safo Zufarov nashrga tayyorladi. 90-yillardan adabiyotshunosligimizga bir qator iste’dodli yoshlar kirib keldilar. Jumladan, H. Boltaboyev «Noma’lum Fitrat» nomli maqolasida («Yoshlik» j. 1990 y., 4-son) ilk bor mashhur adibning asarlari ro‘yxatini tuzib, e’lon qildi. Fitrat ijodini xolisona o‘rganish va baholash mustaqillikdan keyin ilmiy va rejali asosga ko‘chdi.
O‘tgan yillar ichida uning ko‘pgina asarlari nashr etildi. Ular haqida ilmiy-tadqiqot ishlari yaratildi. Ko‘plab nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Uning keng qamrovli, qomusiy merosi birgina adabiyotshunoslar, tilshunoslar emas, tarixchilar, huquqshunoslar, musiqashunoslar, elshunoslar kabi juda ko‘p va xilma-xil soha mutaxassislarini o‘ziga jalb etmoqda. Istiqlol davrida u haqda himoya qilingan doktorlik dissertatsiyalaridan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin.
Adabiyotshunoslik bo‘yicha:
H. Boltaboyev. «XX asr o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi» (T., 1996 y.);
I. G‘aniyev. «Fitrat dramalari poetikasi» (T., 1998 y.). Falsafa fanlari bo‘yicha:
B. Ergashev. Jadidchilik ijtimoiy-siyosiy g‘oyalarining shakllanishi va taraqqiyoti tarixidan. Yosh buxorolilar mafkurasi, T., 1993;
Huquqshunoslik bo‘yicha:
D. Toshqo‘ziyev. XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asrning birinchi choragi O‘zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy tafakkurining asosiy yo‘nalishlari, T., 1995.
Bugun adibning bosilib chiqqan va chiqayotgan kitoblarini bir yerga to‘plasa, salmoqli meros bo‘ladi. Ayniqsa, adib asarlarining ko‘p tomligi nashri boshlanganligi va uning 3 jildi nashr etilganligi muhim hodisa bo‘ldi. Ular haqida risolalar, katta-kichik kitoblar nashr qilindi.
Tarjimai holi
Abdurauf Fitrat qadim ilm-fan beshiklaridan bo‘lgan Buxoro shahrida 1886 iili tug‘ildi. Yuqorida keltirilgan Hoji Ne’matulla Muhtaram ma’lumotlaridan uning otasi Abdurahimboy degan kishi ekanligi va sarroflik bilan shug‘ullanganligi ma’lum bo‘ladi.
«Sarrof» so‘zi lug‘atlarda «pul maydalovchi», «pul almashtiruvchi» deb izohlanadi. Har hodda uning o‘ziga to‘q, ayni paytda, o‘qimishli, dunyoning baland-pastidan xabardor kishi bo‘lganligiga shubha yo‘q. Tabiiyki, savdo bilan shug‘ullangan. Ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya, Eron, Qashqarga tez-tez borib turgan. Onasining oti Bibijon (to‘la nomi Nastarbibi, ayrim manbalarda Mustafbibi) bo‘lib, taxminan 1866 yillarda tug‘ilgan. O‘g‘li Abdurauf hibsga olingan 1937 yilda u hayot edi. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand — ukasi Abdurahmon va singlisi Mahbuba ham bor edi. 20-yillarning faollaridan bo‘lgan, goho she’r ham mashq qiladigan Mahbuba Rahim qizining nomi o‘quvchilarga bir qadar tanish. Abdurahmonning esa 10-yillarda Kogon bosmaxonasida harf teruvchi bo‘lib ishlaganini xabar qiladilar.
Abdurauf dastlab o‘z davrining eski maktablaridan birida, so‘ng mashhur «Mir Arab» madrasasida o‘qidi. Zamondoshlarining ma’lumot berishlaricha, u Buxoroda 18 yoshlariga qadar o‘qidi. So‘ng, chamasi, bir oz otasi yonida xizmat qilgan, birga hajga borishgan, Turkiya, Eron, Hindiston, Arabistonda bo‘lishgan. «Tazki-ratush-shuaro» muallifi Ne’matulla Muhtaramning uni ham otasi kabi «sarrof» deb atashi, «Hoji mulla Abdulrauf» deb tanishtirishi bejiz emas. Shuningdek, uning Markaziy Rusiyaning Moskva, Peterburg kabi shaharlariga ham sayohat qilgani ma’lum. Bu safar—sayohatlar, mutaxassislarning aniqlashlaricha, 1904— 1907 yillarga to‘g‘ri keladi. 1909 yilda hamshaharlari aka-uka Usmonxo‘ja va Atoxo‘ja Po‘latxo‘jayevlar hamda Mazhar maxzum Burhon maxzum o‘g‘li va Muqimbek bilan Istanbulga o‘qishga ke-tadi. 37-yildagi sud-tergov ma’lumotlariga qaraganda, Fitrat Istanbulda 1909—1913 yillari «Dorulmuallimin»da o‘qigan. Talaba hamshaharlari ishtirokida «Buxoro ta’mimi (umumiy) maorif» jamiyatini tuzgan. Chamasi, u buxorolilarning o‘zaro moddiy-ma’naviy hamkorlik uyushmasi vazifasini bajargan. «Yosh turklar inqilobi» munosabati bilan qizg‘in siyosiy kurashga g‘arq bo‘lgan Turkiya muhiti Fitratta qattiq ta’sir ko‘rsatdi.
U siyosatga sho‘ng‘idi, badiiy ijodga zo‘r berdi. 1909 yilda «Munozara» («Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilg‘on munozarasi») asari Istanbulda chop etildi. 1911 yilda «Sayha» she’riy to‘plami, 1912 yilda «Sayyoh hindi» («Bayonoti sayyohi hindi») bosilib chiqdi.
1913 yilda Fitrat Buxoroga maorif va madaniy-ijtimoiy qurilish haqidagi yangi g‘oyalar bilan qaytib keldi. Biroq bularni mutaassiblik avj olgan Buxoroda amalga oshirishga yo‘l yo‘q edi. Shu sababli Shahrisabz va Karkida yangi maktablar ochish bilan shug‘ullandi. Qisqa muddatda Buxoro jadidchilik harakatining yetakchi vakillaridan biriga aylandi. Biroq, ko‘p o‘tmay, 1915 yildayoq Buxoro jadidlarining o‘z orasida ham ajralish yuz berdi. Chetda o‘qib kelgan yoshlarni harakatning maorif va madaniyat bilan cheklanuvchi maqsadi ham, musulmonlarni insofga chaqiruv orqali unga erishishni ko‘zlovchi vositalari ham qanoatlantirmay qo‘ydi. Ular soliqlarni kamaytirish, dehqonlarning ahvolini yaxshilash, amaldorlarning o‘zboshimchaligini cheklab qo‘yish kabi siyosiy talablar bilan chiqishni taklif qildilar. Bu nuqtai nazar jadidlarga xayrixoh juda ko‘p yoshlarga ma’qul bo‘ldi. Shu tariqa jadidlarning o‘zi «eski» va «yangi»ga — o‘ng va so‘lga ajraddi. O‘ngga Abduvohid Burhonov, so‘lga Fitrat bosh bo‘lib qoldilar.
Fitratning bu qarashlari uning shu davrlarda yaratilgan va XX asr boshi o‘zbek publitsistikasining, dramachiligining nodir namunalaridan bo‘lib qolgan «Rahbari najot» (1915), «Oila» (1916), «Begijon» (1916), «Mavludi sharif» (1916), «Abo Muslim» kabi asarlarida aks etgan edi. Ayni paytda, Fitrat yangi maktablar uchun yangi darsliklar ham yozdi. «Muxtasar islom tarixi» ^Samarqand, 1915), «O‘qu» (1917, Boku) kitoblari bunga dalil. «O‘qu»ning «birinchi bo‘lak» ekanligi ko‘zda tutilsa, muallifning bu ishga katta reja bilan kirishgani ma’lum bo‘ladi. Afsuski, mazkur asarlarning ba’zilari hozirda yo‘q. U haqdagi ma’lumotlar, fikr-mulohazalargina yetib kelgan. Lekin bu asarlarning deyarli hammasi o‘z davrida juda yuksak baholangan. Masalan, bu kitoblarning yuzaga chiqishida shaxsan moddiy yordam ko‘rsatgan Fayzulla Xo‘jayev «Oila» va «Begijon»ni «mavjud tuzumni qattiq tanqid qilgan, uning barcha kamchiliklarini ayovsiz ochib tashlagan, amirlikning chirik sistemasini fosh qilib bergan» kitoblar qatoriga kiritadi.
Fitrat 1917 yil Fevral inqilobidan so‘ng siyosiy ishlarga tamoman sho‘ng‘ib ketdi. Buxoro jadidlarining so‘l qanoti tashabbusi bilan tuzilgan «Yosh buxorolilar» inqilobiy partiyasiga sarkotib bo‘lib saylandi. Samarqandlik ilg‘or yoshlarning Mardonqul Shohmuhammadzoda muharrirlik qilayotgan «Hurriyat» (1917) gazetasida keskir maqolalar bilan chiqdi. Ko‘p o‘tmay, unga muharrirlik qildi (1917 yil 27-sonidan 1918 yil 87-sonigacha). Yangi Rusiya Muvaqqat hukumati bilan o‘zaro tenglik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ishlarida faol qatnashdi. Biroq, bir tomondan, amir va u suyangan mutaassib a’yonlar, ikkinchi tomondan, chor kolonial siyosatining bolsheviklar tomonidan o‘zgarishsiz qolishi «Yosh buxorolilar»ning mustaqillik va demokratiya haqidagi orzulariga yo‘l bermaydi. Fitrat buni bilgan edi. Shu sababli «bolshevik balosi» bosh ko‘targan 1917 yilning Oktyabrini «Yurt qayg‘usi» deb baholagan edi. Shunga qaramasdan, u kelajakdan umid uzmadi. 1917 yilgi Turkiston muxtoriyatini so‘ngsiz mehr bilan qarshi oldi. U e’lon qilingan 27 noyabr tunini «milliy laylatul-qadrimiz» deb atadi. Ayni paytda, Buxoroda «Yosh buxorolilar»ning amir bilan bahsi davom etardi. «Yosh buxorolilar» kuchlarini qayta saflab chiqdilar. 11 kishilik yangi Markaziy Qo‘mita tuzildi. Fitrat tayyorlagan islohotlar loyihasi bir oz tuzatishlar bilan qabul qilindi. Unda mashrutiyat (konstitudion monarxiya) g‘oyasi asos qilib olingan hamda din va shariatga alohida mavqe ajratilgan edi.
20 fevralda Turkiston muxtoriyati sho‘rolar tomonidan xoi-nona qonga botirildi va u «Qo‘qon voqeasi» nomi bilan tarixga kirdi. Martda Buxoroda sodir bo‘lgan «Kolesov voqeasi» ko‘hna Buxoroning «qadimchi» va «jadidchi»si orasida o‘tib bo‘lmas choh qazdi. Ota bilan bolani, amirlik va yoshlarni bir-biriga xundor dushmanga aylantirdi. Amir qirg‘in yasadi. Yosh buxorolilarning omon qolgan qismi Samarqand va Toshkentda jon saqladi. Fitrat Toshkentda panoh topdi. Siyosiy ishlardan uzoqdashib, madaniyat-ma’naviyat bilan shug‘ullandi. Shu yili dastlab Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorilmualliminda til va adabiyotdan dars berdi. Fitrat va Cho‘lpon birinchi marotaba Toshkentda 1919 yilning boshida uchrashdilar. Fitrat 1919-20 yillarda Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasida tarjimonlik qiladi.
Fitratning Toshkentdagi eng yirik xizmatlaridan biri «Chi-g‘atoy gurungi» jamiyatini tashkil etishi bo‘ldi. Jamiyat 3 yil (1918—20) yashadi, lekin o‘zbek tili va adabiyotigina emas, umuman o‘zbek madaniyatining shakllanish va taraqqiyot tarixini yangi, zamonaviy ilm asosida o‘rganishni boshlab berdi. Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Elbek, Shokirjon Rahimiy, G‘ulom Zafariy, Mirmulla Shermuhamedov, G‘ozi Yunus, Cho‘lpon, Botu, Sanjar Siddiq, Mannon Ramz, Mannon Uyg‘ur jamiyatning faol a’zolari edilar. Fitratning Sh.Rahimiy va Q.Ramazon bilan hammualliflikda yozgan «Ona tili» (1918) darsligi, «Cho‘zg‘ilar» («Unlilar») imlosi haqidagi QRamazon bilan hamkorlikda yozgan «Bitim yo‘llari» (1919) o‘quv qo‘llanmasi, «Insoniyat haqida Navoiyning fikri» (1919) risolasi shu davrda maydonga kelgandir. Qiyosan olganda, jamiyat til masalalariga alohida e’tibor bergani ko‘zga tashlanadi. Jamiyat qoshida «Imlo to‘dasi»ning tashkil topishi bejiz emas edi.
Fitrat, Botu, Elbek hamkorliqda 1920 yilning 9 aprelida «Tong» jurnalining 1-sonini bosmadan chiqardilar. Jurnalda «Chig‘atoy gurungi» a’zolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, uning 3-soni chiqib, to‘xtab qoladi.
Fitrat o‘z hayotining Toshkent davrida «O‘g‘uzxon», «Chin sevish», «Hind ixtilolchilari» kabi asarlarini yaratdi. Chamasi, Turkiston muxtoriyatining fojiali tugatilishi munosabati bilan yozilgan va adibning so‘ngsiz iztiroblarini ifoda etgan bir pardalik «Temur sag‘anasi» asari ham shu davrda maydonga kelgan. Afsuski, uning to‘la nusxasi yo‘q. Turli munosabat bilan ko‘chirib olingan parchalarigina saqlanib qolgan. «O‘g‘uzxon», mutaxassislar fikricha, bosilgan emas. Uning ustiga, taqdiri noma’lum. «Chin sevish» (1920), «Hind ixtilolchilari» (1923) Hindiston xalqlarining ozodlik, mustaqillik uchun olib borgan kurashlari haqida. Aslida, bu Turkiston voqealarining xorijga ko‘chirib tasvir etilishi edi. Shunga ko‘ra, bu asarlar o‘z davri uchun benihoya dolzarb edi.
1920 yil sentyabr voqealaridan ko‘p o‘tmay, Fitrat Buxoroga keladi. Ehtimol, bunda shu davrdagi Buxoro hukumatining rahbari Fayzulla Xo‘jayevning xizmati bordir. Chunki ularning bir-birlariga hurmat va ixlosi juda baland bo‘lgan. Fitrat Fayzulla Xo‘jayevning did va saviyasini, siyosatchilik iqtidorini yuk-sak qadrlar, u ham o‘z navbatida adibning noyob iste’dodini baland tutar edi. Xullas, Fitrat 1920 yilning oxirlarida Fayzulla Xo‘jayev bosh Buxoro hukumatining a’zosi edi. Partiyaga esa, u 1919 yilda Toshkentdaligida o‘tgan. O‘sha yili iyunda bo‘lib o‘tgan Buxoro Kommunistik partiyasi 1- s’ezdida Markaziy Komitetga a’zo bo‘lgan. So‘ngroq Buxoroda payti Buxoro Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi a’zosi qilib saylandi.
1921 yildan Xalq maorifi noziri, yana bir yil o‘tgach, xorijiya noziri, xalq xo‘jaligi yig‘ilishining raisi, jumhuriyat Markaziy Ijroiya Komiteti raisi o‘rinbosari, Xalq Nozirlari Sho‘rosi Raisining muovini, Hukumat plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati Mehnat kengashining Prezidium a’zosi vazifalarini olib bordi. Jum-huriyat ijtimoiy-madaniy hayotining hamma masalalarida faol ishtirok etdi. Xususan, uning g‘ayrat va tashabbusi bilan 1921 yilda Buxoroda Sharq musiqa maktabi ochiladi. Maktabga Domla Halim Ibodov, Shohnazar Sohibov, Boboqul Fayzullayev kabi mashhur hofizu maqomshunoslarni to‘playdi. O‘z uyini (sobiq Dzerjinskiy 8, hozirda buzilib ketgan) shu maktabga beradi, o‘zi unga mutasaddilik qiladi. Fitrat va Fayzulla Xo‘jayev ta-shabbusi bilan zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 60 dan ortiq yoshlar Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. Fitrat bosh Xalq maorifi nozirligi 1920 yilning 30 oktyabrida Buxoro inqilobi tarixini yozish haqida qaror qabul qiladi. 1922 yil 14 sen-tyabrda esa Jumhuriyat Markaziy ijroiya qo‘mitasi Buxoroda dorulfunun ochish haqidagi tarixiy qarorini e’lon qildi. Ilmiy markaz tashkil qilish harakatlari boshlanadi. Buxoro ilmiy jamiyati tuziladi. Fan va madaniyat tarixiga oid nodir qo‘lyozmalar to‘plana boshlaydi. Ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Jamiyatning «Anjumani tarix» sho‘basi qisqa muddatda «Buxoro arki tarixi» qo‘lyozmasini nashrga tayyorlaydi.
1921 yil martdan Buxoro jumhuriyatida turk (o‘zbek) tili davlat tili deb e’lon qilindi.
Davlat teatri tuzildi (1921). Toshkentdan Mannon Uyg‘ur, Abdulhamid Cho‘lpon taklif etildilar. Vaqf ishlarini boshqarishga esa mashhur Munavvarqori Abdurashidxonov jalb etildi. Yosh jumhuriyat juda qisqa muddatda Turkiya, Eron, Afg‘oniston bilan do‘stlik, hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi. Bu ishlarning barchasi, birinchi navbatda, Fitratning va uning safdoshi Fayzulla Xo‘jayevning aqli va g‘ayrati bilan boshlangan edi.
Biroq jumhuriyatning erkinlik, mustaqillik yo‘lidagi bu harakatlari markazning Turkistondagi noibi — Turkkomissiyaga yoqmadi. 1923 yil 12 iyunda Rusiya kommunist (bolsheviklar) partiyasi Markaziy Komiteti Siyosiy Byurosi «Buxoro masalasi»ni ko‘rdi. Siyosiy byuro Buxoro Sho‘rolar Jumhuriyatida davlat hokimiyatini yanada «demokratlashtirish va aktivlashtirish» to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorga Stalinning Buxoro Nozirlar sho‘rosining tarkibi haqidagi «Buxoro hukumati nomi ostida ish ko‘rayotganlarning xalq va sovet hukumatiga hech bir aloqadorligi yo‘q» degan fikri asos qilib olindi. Buxoro jumhuriyatida hokimiyatga boylar, savdogarlar tortilgan, birorta ham dehqon yo‘q, uning ustiga hammayoq qarindoshchilik, degan ayb qo‘yildi. Shu yil 23 iyunda Rusiya kommunist (bolsheviklar) partiyasi Markaziy Komiteti kotibi Ya. E. Rudzutak ishtirokida Buxoro Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining Plenumi o‘tkazildi. Buxoro hukumatining 5 a’zosi — Nozirlar kengashi raisining birinchi o‘rinbo-sari Atoullo Xo‘jayev, Ijroiya kengashi raisining birinchi o‘rin-bosari Muinjon Aminov, Xalq xo‘jaligi kengashi rais o‘rinbo-sari Abdurauf Fitrat va kengash hay’ati a’zolari Sattor Xo‘ja-ev, Yoqubzodalar partiyadan o‘chirilib, ishdan olindi. 24 iyunda o‘tgan Buxoro jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining 11-, sessiyasi esa, Fitratni «Buxorodan chiqarmoqg‘a» qaror berdi. Fayzulla Xo‘jayev, ayrim ma’lumotlarga qaraganda, shu paytlari Moskvada davolanishda edi. U masaladan bir qadar xabardor bo‘lib, Fitratning jazosini iloji boricha yengillatish tadorikini qiladi.
Umuman olganda, zamonasining bu ikki noyob shaxsiyati orasidagi munosabatlar, yuqorida aytganimizdek, g‘oyat samimiy bo‘lib, o‘zaro hurmat va muhabbat asosiga qurilgan. Chunonchi, Fitrat Fayzulla Xo‘jayevni «eshonjon», «pirimiz», «amirimiz» deb alqar, u esa o‘z navbatida mashhur adibni tirik klassik si-fatida qadrlar, uning millat va jamiyat uchun nihoyatda kerakligini dildan his qilar edi. Shu sababli, Buxoro hukumati rahbari arbob yozuvchisini sakdab qolishning hamma harakatini qildy. Aslini olganda, Akmal Ikromovning ham Fitratga mehri baland bo‘lgan. Tadqiqotchilarning ma’lum qilishicha, u vaziyatni yumshatish uchun Fitratni Stalin bilan uchrashtirgan. Fitratning o‘sha davrdagi ma’lum va mashhur davlat arboblarimiz bilan bunday yaqin munosabatini uning O‘zbekiston Milliy Xavfsizligi xizmati arxivida saqlanayotgan sud-tergov hujjatlari materiallaridan sezib olish qiyin emas.
1923—24 yillarda Fitrat Moskvadagi sobiq Lazarev Sharq tillari instituga (1921 yildan Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti)da ishladi, ilmiy ish bilan shug‘ullandi. Lenin-grad davlat universitetining Sharq faqultetida Sharq xalqlari tili, adabiyoti, madaniyatidan ma’ruzalar o‘qidi, professorlikka saylandi.
Ayni paytda, «Abulfayzxon» (Moskva, 1924), «Shaytonning tangriga isyoni» (Toshkent,1924), «Arslon» (Samarqand—Toshkent, 1926) kabi qator dramatik asarlari, «Bedil» (Moskva,1923; Toshkent, 1924) ilmiy-ommaviy ocherki, «O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf (1-kitob), Nahv (2-kitob)» (1925), «Sarfi zaboni tojik» (Samarkand, 1925), «Adabiyot qoidalari» (Sa-marqand—Toshkent, 1926) kabi darslik-qo‘llanmalari bosildi.
Fitrat O‘zbekistonga 1927 yilda qaytib keldi. O‘zbekiston Kommunistlar partiyasi sarkotibi Akmal Ikromov taklifi bilan poytaxt Samarqandda yangi tashkil topgan Oliy pedagogika instituti (hozirgi SamDU)da ish boshladi. 1927 yilda Boku dorulfununi professori mashhur Bekir Cho‘ponzoda ham ushbu dargohga taklif qilinib, dars berganligi ma’lum. Umuman, 20-yillar, xususan 2-yarmi, Fitrat ilmiy faoliyatida muhim yillar bo‘ldi. U o‘z ahamiyatini bugungi kungacha yo‘qotmay kelayotgan «Eng eski turkiy adabiyot namunalari» (matn, tadqiqot, izohlar, Samarqand — Toshkent, 1927), «O‘zbek adabiyoti namunalari» (matn, tadqiqot, izohlar, Samarqand-Toshkent, 1929), «Sharq shaxmati» (Samarqand — Toshkent, 1928), «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi» (Samarqand — Toshkent, 1927), «Fors shoiri Umar Xayyom» (Samarqand — Toshkent, 1929) kabi ko‘plab tadqiqotlar e’lon qildi. Matbuotda qanchadan-qancha maqolalar bosdirdi. Bu asarlari bilan yangi o‘zbek fani-madaniyatining bir qator yo‘nalishlariga yo‘l soldi. Xususan, Turkiston xalqlarining boy va qadim madaniy merosini har tomonlama, izchil va muntazam, ayni paytda, chuqur ilmiy o‘rganishni boshlab berdi.
Ming yillar osha yonma-yon yashab kelgan o‘zbek-tojikning adabiy-madaniy merosidagi mushtarak jihatlarga diqqatni qaratdi. O‘zbek adabiyotining manba-mansha’larini aniqlab berdi, tarixiy taraqqiyotini yoritdi. Adabiy oqimlar, maktablar, ularning vakillarini o‘rgandi. Davrida shuhrati olamga yoyilib, za-monlar o‘tishi bilan tarix qatlarida unutilib qolgan o‘nlab shoirlarning merosini izlab topdi, qayta kashf etdi. Afrosiyob — Alp Er To‘nga marsiyasidan Yassaviygacha, Yusuf Xos Hojibdan Turdi, Mashrab, Umarxongacha, zamondoshlari Elbeku Cho‘lpongacha yozdi. Yangi o‘zbek adabiyotshunosligi ilmining tamal toshini qo‘ydi.
«Adabiyot qoidalari» (1926) va so‘ngroq yozgan «Aruz haqida» (1936) kitoblari bilan buyuk Navoiylar yuksak bosqichga olib chiqqan o‘zbek adabiy estetik tafakkurini yangi davr tushunchalari bilan boyitdi, davom ettirdi va adabiyot nazari-yasi bo‘yicha ham zamonasining yetakchi mutaxassisi sifatida e’ti-bor va e’tirof qozondi.
Fitrat o‘z dramalari bilan o‘zbek dramaturgiyasi rivojida buyuk rol o‘ynadi. «Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» asarlarida Hindiston xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun ingliz mustamlakachilariga qarshi olib borgan murosasiz kurashlari orqali Turkiston xalqlarining tuganmas dardlarini ifoda qildi.
«Abulfayzxon» adabiyotimizda tarixiy mavzuda yozilgan birinchi drama edi…
20-yillarning 2-yarmidan sharoit o‘zgardi. Sho‘ro tuzumi qaror topa borgan sari erkin fikr torayib bordi. Eski ziyolilarni, xususan jadidlarni qoralash boshlandi. Har bir hodisaga sinfiy-partiyaviy yondashish kuchaydi. Yuqorida qayd etilganidek, 1929 yilda «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 3-sonida (13, 14, 15 may) J. Boybo‘latovning «O‘zbek adabiyotida chig‘atoychilik» maqolasi bosildi. Fitratning «O‘zbek adabiyoti namunalari» munosabati bilan yozilgan bu maqola boshdan oxirigacha uning muallifini «fosh etish»ga qaratilgan edi. Chunonchi, u marksizmni inkor qilishda, o‘tmishni ideallashtirishda, burjua millatchiligi g‘oyalarini tashviq etishda aybdandi. Fitrat va asarga so‘zboshi yozgan Otajon Hoshim matbuotda javob bilan chiqdilar. Tabiiyki, Fitrat haqidagi gap-so‘zlar bu bilan to‘xtamadi. 1930 yildan esa unga siyosiy ayb qo‘yila boshlandi. Muallif tadqiqotlari uning «aksilsho‘roviy» faoliyatiga «ashyoviy dalil» sifatida tilga olina boshladi.
«Sharq haqiqati» gazetasining 1930 yil 180, 182, 183-sonlarida J.Boybo‘latovning «O‘zbeklarning adabiy merosi» bayrog‘i ostidagi panturkizm» sarlavhali maqolasi bosildi. Muallif Fitratning «tarix»ini kavlashga tushdi. 1923 yildagi «ayb»larini qo‘zg‘adi, sudga tortilmay qolganini ko‘tarib chiqdi, uni ochiqdan-ochiq «sinfiy dushman» deb e’lon qilib, isbotlashga kirishib ketdi. Yuqoridagi kitobi haqida esa, «Qur’on»ni nashr qilish proletariat ishiga qanchalik xiyonat bo‘lsa, mazkur «O‘zbek adabiyoti namunalarining chop etilishi ham shunchalik jinoyatdir», degan xulosa chiqardi. Darvoqe, ushbu maqolaning ruscha bir nusxasi Fitratni ayblovchi hujjat sifatida uning «Jinoiy ishi»ga ilova qilingan. Shularga qaramasdan, F. Xo‘jayev 1923 yildagi singari adibni yana saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. 1937 yilda esa, saqlab qolishning iloji bo‘lmadi. Shu yili 24 aprelda O‘zbekiston prokurorining ko‘rsatmasi bilan Davlat Xavfsizligi Boshqarmasi 4chi bo‘limining bosh-lig‘i Davlat Xavfsizligi leytenanti Og‘abekov tomonidan hibsga olindi.
Fitratning 1937 yil 22 iyulda to‘ldirilgan «Mahbuslik anketasi»dan:
Ismi sharifi: Fitratov Rauf Rahimovich.
Tug‘ilgan yili va joyi: 1886, Buxoro shahri.
Doimiy yashash joyi: Toshkent shahri, Guliston mahallasi, 116-uy.
Ish joyi: Pushkin nomli Til va adabiyot instituti.
Kasbi: ilmiy xodimlar sekdiyasi a’zosi.
Mulki: xususiy uyi bor.
Ijtimoiy ahvoli: xizmatchi.
Millati va fuqaroligi: o‘zbek, SSSR.
Partiyaviylngi: yo‘q.
Ma’lumoti: oliy.
Sudlanganmi: yo‘q.
Oila tarkibi
Xotini: Fitratova Hikmat, 25 yosh, uy bekasi.
Onasi: Fitratova Bibijon, 70 yosh.
Qizi: Fitratova Sevar, 7 yosh.
Tergov va so‘roqlar boshlandi. Bir yarim yillik qiynoqlardan so‘ng «millatchi», «aksilinqilobchi», «aksilsho‘roviy» degan ayblari yetmay, «xalq dushmani», «vatan xoini» kabi tavqi la’natlar yopishtirildi. Eng keyin «topgan»lari «nemis», «ingliz» razvedkasi «ayg‘oqchi»si ekanligi bo‘ldi. Va shular asosida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan sud qilinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib o‘ldirildi.
Arxiv materiallari orasida Fitratning xotini Hikmatoyning 1956 yildagi so‘roviga javoban o‘sha yili 5 noyabrda mazkur harbiy kollegiyaning adliya polkovnigi V.Borisoglebskiy imzosi bilan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 1-maxsus bo‘lim boshlig‘iga yo‘llangan ko‘rsatmasi bor. Unda Fitratning 1938 yil 15 oktyabrda sud qilingani (holbuki bu vaqtda adibning otilganiga 11 kun bo‘lgan edi) va jazoni o‘tash davrida 1944 yil 3 noyabrda (!) vafot etgani(!!) ma’lum qilinadi. Bunday hollarni qatag‘on davri hujjatlari orasidan istaganchatopish mumkin.
SSSR Oliy sudi 1957 yil 1 avgust majlisida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining Fitrat haqidagi 1938 yil 5 oktyabrda chiqargan hukmini (U ham bir qator safdoshlari singari oldin otilib, keyin sud qilingan edi) bekor qildi. Lekin shundan keyin ham bu nomni o‘z o‘rniga qo‘yish uchun 30 yildan ortiq-roq vaqt kerak bo‘ldi. Istiqlolgina hamma narsani joy-joyiga qo‘ydi.
Fitratning ijodiy merosi
Fitrat qomusiy ilmga ega, o‘z qalamini badiiy va ilmiy ijodning juda ko‘p sohalarida sinab ko‘rgan va muvaffaqiyat qozongan kamyob iste’dodlardan edi. H. Boltaboyev «Noma’lum Fitrat» maqolasida adib asarlarining 87 ta ko‘rsatkichini ilova qilgan edi. Ilhom G‘aniyev va B. Ergashev 1994 yilda bu ko‘rsatkichni 134 taga yetkazadilar. Ularning salmoqli bir qismi she’r, hikoya, ijtimoiy nasr, drama singari badiiy janrlarda yozilgan asarlardir. Ikkinchi bir qismi — publitsistika, kundalik maqolalar. Yana bir qismini turli-tuman o‘quv darsliklari tashkil qiladi. Nihoyat, yana muhim bir qismi ilmiy-adabiy tadqiqotlardan iborat. Darvoqe, uning ilmiy tadqiqotlari birgina adabiyotshunoslik doirasida cheklanmaydi. U zabardast tilshunos, tarixchi, faylasuf, huquqshunos, musiqashunos. U o‘rta asrlardagi qomusiy ziyolilarimiz singari musiqaning ham nazariyasi, ham amaliyoti bilan shug‘ullangan, u haqda maxsus risola yarattan. U shaxmat tarixi haqida tad-qiqiy maqolalar yozgan, hatto yer qurilishining ilmiy jihatlari bilan qiziqqan va yaqindan shug‘ullangan keng qamrovli is-te’dod ekanligi ma’lum bo‘ladi.
She’rlar
Fitratning bizga ma’lum bo‘lgan she’rlari, shu jumladan o‘zbekchalari u qadar ko‘p emas. Mutaxassislar uning o‘zbekcha she’rlari adadini 20 atrofida belgilaydilar. U, taxmin qilish mumkinki, talabalik yillaridayoq she’r mashq qilgan. Ilk she’rlarini Buxoro muhiti an’anasiga ko‘ra forscha yozgan. XX asrning boshlarida uni «Mijmar» taxallusli shoir sifatida taniganlar. Mijmar — xushbo‘y narsalar solib tutatiladigan cho‘g‘don. Ne’matulla Muhgaram uni o‘z tazkirasiga kiritar ekan, shoirning kasbi (sarrof) va taxallusidan kelib chiqib, so‘z o‘yini qiladi, unga iltifot ko‘rsatadi. Chunonchi uni «udso‘z» (xushbo‘y narsalarni tutatuvchi), «baxurafro‘z» (yoqimli narsalarni yoquvchi) deb ta’riflaydi. Sarrof so‘zining «so‘z ustasi», «suxandon» ma’nolaridan ham samarali foydala-nadi. «Xushbayon», «majlissheva» (o‘tirishlarga jon kirituvchi), «roqiy» (sehrgar) kabi so‘zlarni ishlatadi. Nur taratuvchi tab’i bilan mijmar singari xumorlar bazmiga gulu rayhonlar shu’lasini sochuvchi, deb sifatlaydi.
Fitratning dastlabki she’riy to‘plami «Sayha», mutaxassislar ma’lumot berishlaricha, 1909 yilda Istanbulda bosilgan. «Sayha» «Farhang»da «bong, faryodi dahshatangiz, na’ra» deb izohlangan. Undagi she’rlar Vatan haqida edi. Vatan haqida osoyishta so‘zlab bo‘lmasdi. Uning dardi nihoyasiz, jarohatlari halokatli edi. Shoir uning «holi xarob»ligidan, «panjai g‘am»dan «pirahani (libosi)» chokligidan dod soldi. Unga mehru muhabbatini hayqirib aytdi. U bilan iftixor etdi. Uni har narsadan muqaddas tutdi. U uchun baxt va najot qidirdi:
Binmo, sahari azmi tavofi Vatani man,
Oh-oh, chi Vatan, sajdagohi jonu tani man.
Ham mohi manu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham Ka’bai man, qiblai man, ham chamani man.
(Mazmuni: Vatanimni ziyorat qilmoqqa erta tongda kel. Hay-hay, qanday Vatan bu ! U — mening sajdagohim, jonu tanimdir. U mening osmondagi oyim, osoyishim, izzatim, sharafim, Ka’-bam, qiblam va chamanimdir.)
«Sayha»ga kirgan she’rlardan biri shunday satrlar bilan boshlanar edi.
Shoirning bu o‘tli she’rlari 1914 yilda «Sadoyi Turkiston» gazetasida ham bosildi. Fayzulla Xo‘jayev o‘zining Buxoro inqi-lobi tarixiga bag‘ishlangan kitobida bu haqda shunday yozgan edi: «Vatanparvarlik she’rlari to‘plami bo‘lgan «Sayha»ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, rus hukumati ham ta’qib qila boshladi. Chunki bu she’rlarda Buxoro mustaqilligi g‘oyasi birinchi marta juda yorqin shaklda ifodalab berildi…»
1917 yilda Fitrat o‘zi muharrirlik kdlgan «Hurriyat» gazetasida «Yurt qayg‘usi» nomi bilan bir turkum she’rlar e’lon qildi. Diqqatga sazovor joyi shundaki, ularning aksariyati sochma she’rlar, Fitratning o‘zi aytmoqchi, mansuralar. Bunday tajriba adabiyotimizda ilk bor Hamza tomonidan qilingani ma’lum. Masalan, u «Sadoyi Turkiston» gazetasining 1914 yil 18 iyul sonida bosilgan bir she’riga «She’ri mansur» (nasriy she’r) ot qo‘ygan edi.
«Yurt qayg‘usi»ga kirgan she’rlarining birinchisi «Hurriyat»ning 1917 yil 28 iyul, oxirgisi 29 dekabr sonida e’lon qilingan. Shulardan oxirgisi aruz vaznida. Qolganlarida, tabiiyki, vazn yo‘q.
She’rlar ruknning sarlavhasidan ko‘rinib turganidek, yurt — Vatan qayg‘usiga bag‘ishlangan. Zamon inqiloblar zamoni edi. Chor hukumati quladi. Epchil millatlar darhol istiqlol rejalarini ko‘ra boshladilar. Turkistonning taqdiri qanday bo‘ladi? Ayniqsa, so‘nggi asrlarda zalolatta botgan, dunyodan uzilib, fisqu fujurga ko‘milgan, o‘z qiyofasini yo‘qota boshlab, o‘zga millat yetoviga tushgan Turkistonning. Fitratni qiynayotgan dard — shu!
Ey, ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?
Holing qalaydir?
Nechuk kunlarga qolding? —
deb boshlanar edi ulardan biri.
Shoir uning «yuksak o‘rinlar»dan «qullik chuqurlari»ga tushish sabablarini so‘raydi.
«Dunyoni «urho»lari bilan titratkan yo‘lbars yurakli bolalari»ni, «er tuprog‘ini ko‘klarga uchiraturg‘on tog‘ gavdali o‘g‘lonlari»ni qo‘msaydi. Uning bu holi bilan kelisha olmaydi. Tomirlarida Temur qoni oqayotgan millatdoshlarini nomus va sha’n himoyasiga chorlaydi.
«Bir o‘zbek yigitining tilidan» mansurasida Vatan bosh-oyog‘i yalang, tanasida adadsiz qamchi izlari, ko‘ksidagi yaralaridan qon tomayotgan holsiz, darmonsiz ayol sifatida ifodalanadi. Bu timsol, bu xayol «o‘zbek yigiti»ni tushida ham, o‘ngida ham ta’qib etadi. O‘zbek yigiti «g‘amli ona» — «muqaddas Turon» xayoli bilan muroqabaga kirishadi. Undan ayrilmoqni o‘zi uchun o‘lim, uning uchun o‘lmoqni esa tiriklik hisoblaydi. Uni qutqarmoqqa ont ichadi. She’r shunday yakunlanadi:
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shuni kelsa,
Oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa,
yana sen sari ketarman.
Dunyoning butun balolari boshimg‘a to‘kulsa,
Zulm tig‘ining temir tikonlari ko‘zlarimga kirsa,
yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun o‘lurman, ey turklikning muqaddas o‘chog‘i!
O‘lim, sening o‘limingni istaganlarga!
Nafrat, seni ko‘mgani kelganlarga!
Da’vatkor ruh, hayqiriq shu tarzda asarning boshidan oxirigacha o‘tgan edi.
«Temur oldinda» she’rida «Ezilgan boshi, qisilgan vijdoni, kuygan qoni, o‘rtangan joni uchun» ulug‘ xoqoni sag‘anasidan «davo izlab» boradi, uning ruhidan madad so‘raydi. Buyuk bobosi «Turonining eski sharaf va ulug‘lig‘ini qaytarmasdan burun ayog‘larida o‘tirmaslik»ka uning «dunyoga sig‘magan g‘ayrati» oldida «ont» ichadi…
Shunday bir sharoitda yovqur bobolarimiz muxtoriyat e’lon qildilar. Muxtoriyat hali mustaqillik emas edi. Bu ulug‘ yo‘ldagi bir qo‘nib o‘tadigan manzil edi. Turkiston barcha xalqaro aloqalar ixtiyorini Rusiyaga topshirar, ichki idoranigina o‘zi olib borar edi. Mana shu nisbiy erk ham buyuk g‘alaba edi. Adibning mansuralaridan biri ushbu voqeaga bag‘ishlangan.
«Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qopandi. Molimiz talandi, sharafimiz yemuruldi, nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostig‘a olindi.
To‘zimli turdik, sabr etdik, kuchga tayangan har buyruqg‘a bo‘yun-sunduk, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshunturduk, iymonlarimizga o‘rab saqladuk, bu — Turkiston muxtoriyati!»
Mansuradagi iqror ohangi, u qadar to‘liq rioya etilmagan ichki fe’l qofiyalar (ezildik- etildik; bog‘landi-qopandi; talandi-qilindi-olindi va h.) goh shiddat bilan yog‘iladigan, goh sokin tortib yoyiladigan ritm hasrat va quvonchni ifodalashda o‘zbekona uslubni ta’min etgan. Mazkur turkumni shoirning aruzda bitilgan quyidagi she’ri yakunlab keladi.
Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?
Temur bila Chingiz qoni toshdi tomurimda
Aytgil, Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?
Yov suqg‘ali kelgach, qilichini yuragingga,
Tush oddiga, ol ko‘ksumi — qalqonmi kerakdir?
Boq, boq, mana turk tengizi toshqun qila qoldi,
Turon yovini quvg‘ali to‘fonmi kerakdir?
Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg‘a,
Yurtda qorovul qo‘yg‘ali arslonmi kerakdir?
She’rda muxtoriyat g‘alabasining nash’u namosi balkib turibdi. Uyg‘ongan xalq bilan birgalik tuyg‘usi, otalar sharafi va ular ruhi oldidagi burch, el-yurt xizmati sururi yaxshi ifodalangan.
Shoirning o‘n uch she’ri 1922 yilda nashr etilgan «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plamiga kiritilgan. Ularning bir qismi («Kim deyay seni?», «Bir oz kul», «Achchig‘lanma degan eding», «Ishqimning tarixi», «Nega bo‘yla?») — ishqiy mazmunda.
«Behbudiyning sag‘anasini izladim» jadidlarimiz karvonboshisining fojiali o‘limi munosabati bilan yozilgan. «Ovunchoq» — mashhur jurnalist Mirmuhsin Shermuhamedovga bag‘ishlangan. «Mirrix yulduziga», «Sharq» she’rlari Muxtoriyatning riyokorlarcha qonga botirilganidan keyingi sho‘rolarning qatag‘on siyosati borasidagi dardli, iztirobli o‘ylardir. To‘plamga kiritilgan barcha she’rlarning umumiy xususiyati mahzunlik, umidsizlikdir. Bu hol uning ishqiy-intim she’rlarida ham bo‘rtib turadi.
«Erka malak, achchig‘lanmam senga…» deb boshlanadi she’rlaridan biri va unda shunday satrlarni uchratamiz:
Tilaklarim, armonlarim, she’rim,
Ko‘milsunlar, kerakmaslar menga.
«Hayot» degan qopqon borsun,
Parchalansun, bitsun, yo‘qolsun.
Boshqa bir she’rida shoir umidining «ko‘p chidamli teraklari yiqilgani»dan, «umidsizlik qayg‘ulari tongi otmas bir tun»ga aylanganidan so‘z ochadi («Yana yondim»).
«Mirrix yulduziga» she’rida shoir yulduz bilan sirlashadi. Yerdagi tubanliklar, xo‘rliklardan so‘z ochadi. Ular timsolida asllikning buzilishini, tabiiy go‘zallikning, mukammallikning poymol bo‘lishini ko‘radi. Ikkinchidan, she’rning «Mirrix yul-duziga» deb atalishida ham chuqur ma’no bor. Mirrix (uni Bahrom ham deydilar) Mars yulduzining sharqcha oti. U qadim astrologiya («ilmi nujum»)ga ko‘ra jangu jadallar, urushlar ramzi.
Binobarin, she’rning nomiyoq mamlakatdagi notinchlik, g‘avg‘o-to‘polonlarni anglatib turibdi. Shoir yulduzga murojaat qiladi, undan yurtni oyoqosti qilgan dushmanlarnigina emas, do‘st va qardoshni ular qo‘liga tutib bergan xiyonatchilarni ham surishtiradi:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ish buzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda, o‘kso‘z yo‘qsulning qonin —
Gurunglashib chog‘ir kabi ichganlar?
«Dunyo tuzugini» «o‘z qopchug‘»larini «to‘ldurg‘ali buzg‘anlar», «qorin-qursoq yo‘lida elin-
yurtin, borin-yo‘g‘in sotganlar» bormi u yerda?
Mana u ko‘rgan millatlar tengligi:
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uvchi doqonlar?
Yo‘q, bunday haqsizlikni osmon ko‘tara olmaydi, ular faqat yerda bo‘ladilar.
Ikkinchi bir she’rida («Sharq») o‘lkaning yaxlit, umumlash-ma obrazi chiziladi. U, shoir ta’rificha, dunyoning eng go‘zal bog‘chasidir. Uni go‘zallikda hech bir joy bilan qiyos etib bo‘lmaydi. Jannatlar uning atrofida. Uning gullari jon suvidan yetilgan. Saf tortgan ko‘m-ko‘k og‘ochlar mumtozlik haqqi uchun Tangriga topinish maqsadi bilan ko‘kka intiladilar. O‘ngdan, so‘ldan — har yondan ko‘rkam, haybatli tog‘lar qurshagan. Yo‘q, ular tog‘lar emas, haq yo‘lida kurashga yasov tortgan alp askarlardir. Biror yovvoyi hayvon yirtqich tishini, tirnog‘ini suqib qolmasin, deya uni Tangrining o‘zi yorlaqab, tegrasidan aylangan suv,muz, tog‘ qo‘rg‘oni bilan muhofaza etadi.
Biroq bugun, esizlarkim, bu o‘lka,
Har tomondan talanmishdir yo‘lsizcha.
«Madaniyat» degan g‘arbli olbosti,
Boqing, buning ko‘kragidan o‘q bosdi.
Hozircha manzara umumiy. Go‘yo shiddatli bir dovul kelganu bundagi go‘zallikni barbod qilgan. Bu dovulning ismi — «madaniyat». Nega «madaniyat»? Madaniyat hayotning mazmunli bo‘lishiga qara-tilgan emasmi? Gap nomda emas, mohiyatda. Inqilob xalq uchun xalqning nomi bilan amalga oshgan edi. Oqibatichi? Insondagi insoniylik barbod bo‘lib, yovvoyilik, yovuzlik junbushga keldi. Bir-birini yo‘q qilishga tushdi. Hayvondan xor bo‘ldi. Holbuki, bu yerlarga istilochilar «madaniyat» bayrog‘ini ko‘tarib kelgan edilar… Shumi — madaniyat?! Bu inson emas, iblis (olbosti) a’molidir. O‘lkaning ko‘ksiga o‘q qadagan o‘shadir.
Shoirning fikrlash tarzi shunday. Manzara asta-sekin oydinlashib boradi. Yongan qishloqlar, omonsiz talanganlar, qon to‘la ariqlar o‘rnini tafsilotlar oladi:
To‘rt-besh yashar bir bolaning boshini,
Boqing, keskin qilich bilan kesmishlar.
Yig‘lab turg‘on onasining bo‘ynig‘a
Bir ip bilan osmishlar…
Yangig‘ina kelin bo‘lg‘on bir qizning
Ko‘kragini, eri bo‘lg‘on yigitning
Jonsiz yotqon gavdasi uzra qo‘yub
Nayza bilan teshmishlar…
Xotunlarning pardasi,
Bolalarning yuragi,
Qarilarning gavdasi
Yorilg‘on,
Ezilg‘on…
Shoir so‘roqqa tutadi:
Kim bergan
Bu ug‘urli o‘lkaga buncha o‘tni?
Kim to‘kkan
Bu muqaddas ishga buncha qonni?
Bilmaysizmi?!
Bu dahshatlarning bunyodkori kim? «Tulki bilan shayton»ga dars bergan «mal’un» kim? So‘roq beradi shoir va «Anglizlar!» «Hamda uning quyrug‘ini tutg‘anlar!» — deb javob beradi.
Qay yer bu o‘lka? Hindmi, Afg‘onmi, Turkistonmi? «Angliz»chi? U shartli emasmikin? She’rni, albatta, kengroq ham, tor-roqham tushunish mumkin. Ya’ni Sharq-G‘arb, Turkiston-Rus shaklida ham anglash mumkin. To‘g‘rirog‘i ham keyingisi edi.
Ma’lum bo‘lganidek, Fitrat she’rlari adadiga ko‘ra u qadar ko‘p bo‘lmasa-da, uning ijodkor sifatidagi qiyofasini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, uning she’riy iqtidorga ham egaligini dalillaydi. Ikkinchidan, ijtimoiy fikr serqirra iste’dodning barcha qirralariga xos ekanligini, shu jumladan, uning she’riyati zamonning shoir qalbida aks etgan solnomalari ekanligini ko‘rsatadi. Uchinchidan, Fitratning poetik arsenalning imkoniyatlaridan keng foydalana olgan san’atkor shoir bo‘lganligiga bizni ishontiradi.
Dramalari
Fitrat dramaturg sifatida juda katta shuhratta ega. U barcha zamondoshlari tomonidan bu borada yakdillik bilan e’tirof etilgan ijodkor edi. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, u o‘ndan ortiq dramatik asar yozgan. Bular: «Begijon» (besh pardalik fojia, 1916), «Mavludi sharif », «Abo Muslim» (1916), «Temur sag‘anasi» (1918), «O‘g‘uzxon» (1919), «Qon» (1920), «Chin sevish» (1920), «Hind ixtilolchilari» (1921), «Abul-fayzxon» (1923), «Shaytonning tangriga isyoni», «Arslon» (1926), «Vose’ qo‘zg‘oloni» (1927), «Ro‘zalar» (1930) dir.
Bulardan dastlabki oltitasi bizgacha yetib kelgan emas. Ba’zilarining mazmuni va yo‘nalishi haqida ayrim ma’lumotlar saqlangan, xolos. Chunonchi, «Abo Muslim» besh parda, yetti ko‘rinishli tarixiy drama. 747—750 yillarda umaviylarga qarshi kurashib, abbosiylarni hokimiyatga keltirgan qo‘zg‘olon va uning rahbari xurosonlik Abo Muslim (727- 755) taqdiridan hikoya qiladi. 20-yillarda sahnaga qo‘yilgan. 1921 yil «Turkiston» gazetasida (21 dekabr) Cho‘lponning u hakda taqrizi ham bor. «O‘g‘uzxon» turkiy xalklarning milodning boshlarida yashagan va ularning markazlashgan hokimiyati — xoqonligini tuzgan shu nomli sarkarda haqida. «Qon» dramasining syujeti, ma’lumotlarga qaraganda, muallif zamonasidan olingan, uning bir muddat sahnaga qo‘yilganini ham naql qiladilar. «Temur sag‘anasi»dan parchalargina yetib kelgan. Mutaxassislar qayd etganlariday, bu asar «Yurt qayg‘usi»dagi lirik qahramon murojaatiga javobdek taassurot qoldiradi. Masalan, Temur qabridan qo‘zg‘alib, bugungi avlodga shunday xitob qiladi:
«Men sizlarga ko‘p narsalar yetkardim.
Ne bo‘ldiki, bir zamonlar sharafli va jasur bir millatning avlodlari hozir boshqa bir millatning zulmi ostida qolmish.
Kimlar bog‘laringdan qushlarimizni quvmoqda!…
Otalar merosidan nimani oldingiz!
Sizdan talab etaman, qalqingiz!…
O‘lkani tuzatingiz, avlodlarimning hur yashamoqlarini ta’min etingiz.
Agar bunday qilma-sangiz, o‘lka buyuk bir mozorlik holiga kelur».
«Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» voqealari Hindistonda yuz beradi. Birinchisiga ham muallif «Hind ixtilolchilari turmushindan oling‘an 5 pardali ishqiy-hissiy fojiadir» deb izoh beradi. Ixtilolchi — qo‘zg‘olonchi degani. Demak, har ikki asar ham hind xalqining ingliz istilochilariga qarshi mustaqillik uchun olib borgan kurashlari haqida. Ular bir asarning ikki varianti emas, bir mavzudagi ikki asar. Dastlab, «Chin sevish» yozilib, 1920 yilda chop etilgan. Ikkinchisining yozib tugatilgan yilini muallif 1920 deb ko‘rsatadi. Uch yil keyin Berlinda bosilgan (o‘sha yili o‘zimizda ham chop etilgan). «Chin sevish»ning markaziy qahramonlari Nuriddinxon va Zulayho, uning otasi Karimbaxsh, boyvachcha Rahmatulloxon, ingliz yuzboshisi Vilyamlardir.
Asar Karimbaxsh uyidagi suhbat bilan boshlanadi. Unikiga boyvachcha Rahmatulloxon kelgan. Boyvachcha Zulayhoga xaridor. Suhbat aylanib, Yevropaga taqaladi. Bularning ko‘pchiligi o‘sha yoqda o‘qib kelganlar. Lekin gap birgina o‘qishda emas ekan. Bunday qarashsa, o‘qigan ham, qo‘yingki, o‘qituvchining o‘zi ham yovuz bo‘lishi mumkin ekan. Agar yovuzlik akl va bilim bilan birlashsa, to‘g‘rirog‘i aql va bilim yovuzlikka xizmat ettirilsachi?!
Karimbaxsh bir vaqtlar Yevropani maqtardi. Endi esa yo‘q, fikri o‘zgargan: «Ovrupoda bilim bor, lekin insof yo‘q. Ovruponing bilimi qoplonning tishi, tirnog‘i kabi bir narsadir. Kuchsizlarni yirtib, yemak to‘g‘risida ko‘p ish ko‘rmishdir…», -deydi xotini Fotimaxonim bilan suhbatda.
Xotini hayron: «Bukung‘acha Ovrupoda o‘qimoqni maqtashdan tilingiz tinmas edi… Ovrupo bilimlarini o‘rganishni kerak topgan edingiz. Bu kun u so‘zingizdan qaytib qolibsizmi?» — dashnom beradi Fotimaxonim. «Qaytg‘onim yo‘q,- javob qiladi Karimbaxsh.- Ovrupo ishlarini o‘rganmak albatta kerakdir. Ovrupoda o‘qimoq Ovrupolilarni insofli, adolatli deb maqtamoq uchun emas, ulardan o‘zimizni saqlamoq, tishlitirnoqli bo‘lish uchun kerakdir», deydi.
Avvalo, ma’rifatchilik talqinining butunlay o‘zgarganligiga diqqat qilaylik. Sal ilgari vatandoshlarimiz nazdida Yevropa ideal, ilm-ma’rifatga timsol edi. Ko‘z ochilgan sayin boshqa manzara namoyon bo‘la boshladi. Ularning og‘izdagi gaplari bilan qilayottan ishlari o‘rtasidagi jarlik tobora ravshanroq ko‘rina boshladi. Lekin buni ko‘rishda hamma bir xil emas. Masalan, Rahmatullo oldingi qarashlaridan zarra qaytgan emas. U hali ham Yevropani ustoz deb biladi. O‘rgangan har bir narsasi uchun uning oldida o‘zini qarzdor hisoblaydi. Yevropalilar orasida musulmon bo‘layotganlari borligini, masjidlar qurayotganligini hayajon bilan gapiradi. Lekin Karimbaxshning o‘z nuqgai nazari bor. Uningcha, inglizlarning «masjid yasamoqlari Ka’bani buzmoq uchundir».
Nuriddinchi? U — ixtilolchi. Vatanini dildildan sevadi. Uning o‘zgalar oyog‘i ostida toptalishidan qattiq iztirob chekadi. Uning hayoti to‘la tahlika. Bir tomonda, inglizlar. Ikkinchi tomonda — Rahmatulloga o‘xshaganlar. Peshovarda bir ingliz o‘ldirilgani uchun Dehlida harbiy holat e’lon qilingan. Shu bahonada «Vatan!» degan hindining bari qo‘lga olinmoqda. Rahmatulloxon Zulayho tufayli uni yo‘qotish rejasi bilan band.
Nuriddinxon ko‘nglida esa, bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan ikki xayol, bir timsol bor: Vatan va Zulayho. U qamoqda ekan, bu tuyg‘u yanada kuchayib boradi. «Chin oshiqlar ma’shuqalarining o‘zi bilan emas, xayoli bilan yashayur», — deydi u.
Darhaqiqat, unda ishqiy-hissiy holat, ma’shuqa bilan ru-hiy birlikni anglash kuchli. Shu ma’noda u ma’lum so‘fiyona mazmunga ega. Ayrim jihatlari bilan u Hindistonning buyuk faylasuf shoiri, inqilobni inson ruhiyatiga ko‘chirgan Muhammad Iqbolni esga tushiradi. Sharq ozodlik harakatida, Javoharla’l Neru aytganidek, «ishonchli ma’naviy suyanchiq» bo‘lgan bu shoirning she’rlari, xususan «Asrori xudi» («O‘zlik sirlari», 1915), «Rumuzi bexudi» («Bexudlik ramzlari», 1918) dostonlaridan Fitratning bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkin emas. «Hind ixtilolchilari»da uning nomi tilga olinib, she’rlaridan namunalar keltirilgani bunga dalil.
«Chin sevish» ko‘p o‘tmay, Toshkentda Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnaga qo‘yildi. Cho‘lpon u haqda «o‘zbek sahnasi ulug‘ va ulug‘ligi qadar yuksak ham go‘zal bir tomosha ko‘rdi», — deb yozdi. Vadud Mahmud esa, uni «o‘zbek sahnasida shu kungacha o‘ynalib kelgan pesalarning eng kuchlisi, eng buyugi», deb baholadi. Asarning shuhrati faqat Rusiya musulmonlari orasidagina emas, Turku Erondan Hindu Afg‘ongacha yoyildi. «Chin sevish»da boshlangan «Hindistonni tozartish» g‘oyasi «Hind ixtilolchilari»da davom etadi. Ikki yosh — Rahimbaxsh va Dilnavoz bir-birlarini sevadilar. Biroq yurtda erk yo‘q.
Vatan o‘zgalar oyog‘i ostida. Shu tufayli ular ham erkin emaslar. Bir kuni kuppa-kunduzi bosqin qilib, «Hukumatga qarshi yashurin kengashasiz» deb ikki yoshni qo‘lga oladilar. Rahimbaxsh qamoqqa tashlanadi. Dilnavozni Loxur po‘lisi boshlig‘i Okunar ishrat uchun olib ketadi. Rahimbaxsh qamoqdan qochib, inqilobchilarga qo‘shiladi. Do‘stlari yordamida Dilnavozni qutqaradi. Biroq inqilobchilarning turgan joylari inglizlarga ma’lum bo‘lib qoladi. Tengsiz jangda Dilnavoz Badrinat degan hindi inqilobchi bilan yana dushman qo‘liga asir tushadi. Asar ularning ozod qilinishi, hammalarining «Yurtimizni qutqaramiz! Yashasin istiqlol!» degan xitoblari bilan yakunlanadi.
Dramaning qisqacha mazmuni — shu. Lekin undagi har bir sahifa, tafsil Vatanga bo‘lgan qizg‘in mehr bilan yorishib turadi. «Meni Hindistonni sevganingcha sevarmisan?» — so‘raydi Dilnavoz. «Hindistonni sevganim seni sevganim emasmi?!» — javob beradi Rahimbaxsh. U yurtini sevadi. Tosh-tuproqlari uchun emas, go‘zalligi, fazilati, tarixi uchun. Dilnavoz mana shu yurtning, ulusning fazilatlaridan biri, birinchisi. Shu sabab, Dilnavozning shubha va gumonlariga qarata: «Chindan sevaman, yurakdan sevaman, jondan sevaman, vijdondan sevaman. Menim yuragimdagi sevgini ko‘rsatmak uchun sevish so‘zi ozdir. Topinaman senga!» — deydi.
Aslida, ularga ko‘p narsa kerak emas. Hatto birgina narsa -erkinlik kifoya. «Kimsaning bizga hech ishi bo‘lmasa…» zorlanadi Dilnavoz. Lekin ularning har bir qadamini o‘z uyida ta’qib etuvchi inglizchi? Uni yurtdan quvmay, erkin yurib bo‘ladimi! Ammo bu oson ish emas.
«Ishning qulayini axtarmak yalqovlikdir,—deydi Rahimbaxsh. — Qulay ishdan buyuk unum chiqmas. Buyuk unumli ishlar qulayda bo‘lmas. Inglizni Hindistondan quvmoq yer yuzini o‘z qora qanotlari ostig‘a olg‘on olbostini yo‘q etmoqdir. Qulay bo‘lmas. Nima bo‘lsa ham bir yovni yurtdan haydamoq bir yurtni yov qo‘lida ko‘rmoqdan qiyin emasdir».
Lekin baribir oson emas. Chunki ozodlikka chiqmoq uchun, avvalo, uni xohlash kerak. Qulning o‘zining qul ekanligini anglashi yarim ozod bo‘lganidir. So‘ng unga tayyor bo‘lish kerak.
«Miyalari tamug‘ puchmoqlarindan qorong‘uroq, ko‘zlari oyoq ostidan nariroqni ko‘rmaydir»gan, «olg‘a bosmoq», «kelgusini o‘ylamoq»ni «kufr» deb biluvchi, «dunyo bularni talamoq uchun birlashgan»da ham «talondan qutulmak uchun birlashmay»digan to‘dadan nima umid qilish mumkin?
Biroq Rahimbaxsh noumid emas. «Zulm mazlumlarni birlashtirmoq uchun eng buyuk quroldir»,— fikrlaydi u. Bu yo‘lda chinakam insonlar, albatta birlashadilar. Chin insonlik esa, ma’juslikka, musulmonlikka qaramaydi.
Darhaqiqat, yurt yonmoqda. «Ulus ezilib bitdi… Omonlik, tinchlik, erk degan narsalarni kimsa bilmaydir. Masjidda namoz uchun yig‘ilganlar siyosiy yig‘in yasag‘on bo‘lib, to‘pg‘a bog‘lanalar, er bilan xotin o‘zaro uzoqroq gaplashib qolsalar, hukumatga qarshi bo‘lib, dorg‘a osilalar… Shular orasinda tinch turmoq… Lolaxardiyol aytmoqchi, sag‘ana boshida chog‘ir ichmakka o‘xshaydir».
Rahimbaxsh xalq orasiga kirib borgan sayin Hindistonni qutqarmoq haqidagi tilagi o‘sib boradi.
Ingliz ham anoyi emas. U Hindiston aholisining turli din-e’tiqodga, maslak-mazhabga mansubligidan, ular orasidagi o‘zaro janjal-nizolardan ustalik bilan foydalanadi. Bir-birlariga qayrab qo‘yib, chetdan kuzatadi.
Muallif mute’ millatning psixologiyasiga ko‘z tashlaydi: Afg‘on chegarasidagi Bunir qo‘rg‘onining boshlig‘i Mavlono Nu’mon uyida gazeta varaqlab o‘tiribdi. Inglizlarning g‘alabasi haqida xabarlar. Unga baribir. Qaysi hukumatga xizmat qilishning ahamiyati yo‘q. Or-nomusning o‘zi yo‘q. Biroq shamolning avzoyini bilib qo‘ygan yaxshi. Hozir inglizning qo‘li balandga o‘xshaydi. U shunday fikrlaydi: «Ingliz — Tangrining balosi. Nima qilamiz, «kofir» bo‘lsa ham Tangri shunga yaxshi qarag‘on endi». (Naqadar tanish itoatparastlik.) Ko‘p o‘tmay, uning huzuriga ingliz josusi Marling keladi. O‘rtada «suhbati xos» ketyapti.
«Bilasizkim, ingliz ulusining Hindga kelganliklari hindlarni yetishtirmak, «madaniy qilmak» uchun edi… — uzoqdan gap boshlaydi Marling. — Biz kelmasdan burun Hindiston din janjallari, mazhab g‘avg‘olari, qorin-qursoq urushlari bilan to‘lg‘on edi… Biz kelgach, shul buzukliklarni tuzatdik! Janjallarni ko‘tarduk. Madaniy yashamoq yo‘llarini ko‘rsatdik, hindularni o‘qitduk». Dunyo bino bo‘libdiki, hech bir jahongir men falon mamlakatni talamoquchun borganman, degan emas. Hammalari «adolat», «ma’rifat» olib kelganlar. Makedoniyalik Aleksandrdan rusiyalik Aleksandrgacha.
Marling davom etadi: «Biz Hindistonni adolat bilan oldik, adolat bilan saqladik. Yana adolat bilan o‘zingizga qaytarmoqchi bo‘lamiz…» U Angliyaning Hindistondagi mustamlakachilik siyosatini oq-oppoq qilib olgach, navbatdagi ishga — mamlakatdagi ikki buyuk millat orasiga nizo urug‘ini sepishga kirishadi.
«Eski Hindiston madaniyatining tub egasi musulmonlar edilar, — sekin «ish»ni boshlaydi Marling. — Shu pallada ham eng yaxshi tayyorlangan ulus musulmon ulusidir. Biz istar edikkim, butun Hind hukumatini musulmonlarga topshiraylik».
Bu kimga yoqmaydi?
«Bilasizkim, Hindistonda ko‘pchilik musulmonlarda emas. Hindular, sekxiylar, ma’juslar birlashib, hukumatni o‘z qo‘llariga olmoqchi bo‘lsalar nima qilamiz?», — sekin og‘uni yubora boshlaydi o‘ljasiga ig‘vogar. Shu tariqa, ular allaqachon birlashgan, bu tilakni Olmoniyaga bildirib ham ulgurgan va bu borada oralaringizda agentlar ham ishlab turibdi, degan yolg‘on ma’lumotni ustalik bilan qistiradi. Va, tabiiyki, shubha-gumon boshlanadi.
Inqilobchi Abdusubbuhning fikri shunday: «Inglizlarni tarqatmoq uchun Hindistonni birlashtirmoq kerak. Hindu bilan musulmonni birlashtirmak yo‘lida ular har narsaga tayyorlar. Lekin Marling bergan og‘uning ta’siri Mavlonoda allaqachon boshlangan: «Shariatda musulmon bilan hinduning birlashmagi tuzuk emas, qatag‘ondir. Hindular musulmon bo‘lmag‘uncha, biz ular bilan birlasha olmaymiz»,— deydi u inqilobchilarga.
Abdusubbuh «Biz zulmga qarshi har kim bilan birlashurmiz», — deb hisoblaydi. Mavlono o‘z fikrlarini «mushrik», «ahti kitob» haqidagi uzoq dalolatlar bilan isbot etmoqchi bo‘ladi. Abdusubbuh o‘z fikrida qatiy. Uningcha, inglizlarni Hindistonga boshlab kelgan narsa ham yurt ichidagi shu xil janjallardir: «Siz, mullalar, tutash shunday qilasiz. Hindistonni yillarcha el-aymoq janjallari bilan to‘ldirdingiz. Ulusni yetmish to‘rt bo‘lak qildingiz. Har bo‘lakni boshqalariga yov etdingiz. O‘lkamizni ichki janjallar bilan to‘ldirdingiz. Shunday qilib, inglizni boshimizg‘a kelturdingiz.
Yuz yillardan keyin biz o‘zimizni qutqarmoq uchun bosh ko‘tardik. Birlashdik, qutulmoq istadik. Yana mazhab, din janjallari bilan yo‘limizni to‘smoqchi bo‘lasiz. Uyalingiz! Erkimizg‘a tirnoq urmoqchi bo‘lg‘anlarg‘a qarshi chiqurmiz. Qo‘lg‘a qo‘l berib kurashamiz, bizni bu yo‘ldan siz-da, dinda qaytara olmas!»
Ko‘rinib turibdiki, asar voqealarini faqat va mutlaqo Hindistongagina tegishlidir, degan da’voni hech kim qila olmaydi. Bu muammo mustamlaka va mustamlakachi mavjud har bir mamlakatga daxldor edi. Shu jumladan, Turkistonga ham. Shu sababli, u haqda o‘nlab taqrizlar bosilishi, hatto olis Germaniyada maqola chop etilishi va Fitratning mashhur Husayn Jovid bilan yonma-yon qo‘yilishi bejiz emas. «Turkiston va Buxorodag‘ina emas, balki Sharqning boshqa go‘shalaridagi xalqlar ham Fitratni taniydilar,- yozgan edi B. A. Pestovskiy 1922 yilda. — Bir musulmon shoirining dunyog‘a qarashi buddistlarning qarashidan uzoq tursa kerak, degan bir fikr miyaga kelsa ham Fitratning ba’zi bir asarlarida ko‘rilgan dunyog‘a qarashi hind shoiri Rabindranat Tag‘o‘rning qarashlari bilan bir nuqtag‘a kelub birikadur».
Ushbu gaplarga qo‘shilgan holda, Fitratda Maxatma Gandi, Muhammad Iqboldan ham bahramandlik bor edi, deyish lozim bo‘ladi.
Kichik dramatik doston «Shaytonning tangriga isyoni» Oktyabrning oqibatlarini, yo‘qsillikni ilohiylashtirish fojiasini o‘ziga xos yo‘sinda ifodalab bergan bir asardir. Odam yo‘qdan bor qilindi. (Sharqda proletariat yo‘q edi.) Xalifa deb e’lon qilindi. (Unga cheksiz huquq berildi.) Lekin unga hech kim itoat etmadi. Oxir-oqibatda dunyo Yaratganning amri bilan azalga qaytdi.
«Arslon» qishloq hayoti voqealariga bag‘ishlangan bo‘lib, sho‘ro davri o‘zgarishlariga nisbatan bir qadar murosasozlik bilan yozilgan drama. Dehqon yigit Arslonni boy arzimagan bahona bilan o‘z domiga ilintirib oladi. Arslon atrofidagi haqsizliklarni ko‘rib chiday olmaydi, jabrdiydalarga yordam beraman, deb to‘yga yig‘ib qo‘ygan pulidan ajraladi. Do‘sti Botur uchun o‘rtaga tushib qamaladi. Hamqishloqlari uning hovli-joyini sotib, qutqarib oladilar. Xullas, u qamoqdan qaytib kelganida sevgan qizini boy xotinlikka olgan, endi joni uzilgan onasi Tursunbibining esa iyagini bog‘lar edilar. Asar Arslonning boydan o‘ch olish voqealari bilan yakunlanadi.
Fitrat dramalari orasida alohida o‘rinlardan birini «Abul-fayzxon» egallaydi. «Abulfayzxon» janriga ko‘ra — tarixiy fo-jia. Mazmun-mundarijasiga ko‘ra ko‘hna Buxoro tarixidagi g‘oyat mas’uliyatli va murakkab davrlardan birini qalamga olgan.
Bu ashtarxoniylar sulolasining oradan ko‘tarilib, o‘rniga mang‘itlar saltanatining kelishidir. Drama bir qadar o‘rganilgan, u haqda qator maqolalar yozilgan, dissertatsiya yoqlangan. Asar o‘rta maktab darsligiga kiritilgan va h. k.
Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi hukmdori bo‘lgan Abulfayzxon (PP—1747) shaxsi boshqalaridan ko‘pda farq qilgan emas. Lekin u yurt so‘ragan XVIII asrning birinchi yarmidagi tarixiy, siyosiy sharoit juda murakkab bo‘lganligi aniq. Gap shundaki, saltanatda Muhammadhakim (pesada Hakimbiy) bosh mang‘itlar nufuzi benihoya ortib ketgan edi. Ikkinchi tomondan esa, joriy an’anaga ko‘ra ashtarxoniylardan boshqani xon ko‘tarish mumkin bo‘lmaganligi tufayli mang‘itlar o‘z vakillarini taxtga o‘tqaza olmas edilar. Shu sababli, Abulfayzxon nomigagina xon bo‘lib, hamma ishlar mang‘it Muhammadhakim izmida edi. Muhammadhakim, so‘ngroq uning o‘rnini egallagan o‘g‘li Muhammadrahim (dramada Rahimbiy) barcha ishlarni Abulfayzxon orqali amalga oshirar, shu jumladan, saltanat yo‘lidagi dushmanlarini xon qo‘li bilan o‘rtadan ko‘tarar edilar. Bunday qo‘sh hokimiyatchilik birgina saroy doirasida emas, sipohlar orasida ham ikki-yuzlamachilikka keng yo‘l ochgan edi.
Fitrat mana shu tarixiy voqelikning mazmun-mohiyatini konkret obrazlar xatti-harakati va taqdirlar misolida qayta jonlantirishga va ulardan zamon uchun kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘ladi.
Tarixiy voqealarni kuzatishda davom etamiz: Muhammadhakim xon saroyidagi mavqeiga qanoat qilmaydi. Xiyonatga o‘tadi. Movarounnahrni qoralab kelayotgan Nodirshoh istiqboliga chiqadi. Uning xizmatiga kirib, nomidan elchi bo‘lib keladi. 1216—1217 yillardagi xorazmlik Mahmud Yalavochning ishini qiladi. Tarix kitoblarida bu hodisaning ayrim tafsilotlari ham saqlangan. Chunonchi, Abulfayzxon Muhammadhakim qo‘liga ko‘pdan-ko‘p sovg‘a-salom tutqazib, unga Nodirshoh bilan sulh tuzish, yurtni shu yo‘l bilan talon-torojdan saqlash choralarini ko‘rishni topshirgan. Muhammadhakim esa aksincha, o‘z mamlakatining nochor ahvolini, nuqsonlarini keragidan ham oshirib, Nodirshohga sadoqat izhor etgan. Shohdan katta vakolatlaru yorliqlar olib, Buxoroga kirib borgan.
To‘g‘ri saroyga kirib borishdan cho‘chigan, Mir Arab madrasasiga tushgan. Ko‘cha va bozorlarga jarchi chiqarib, qo‘rquv-vahima tarqatgan. Eron shohi sonsiz-sanoqsiz qo‘shin tortib kelayotganini, molu jonining bexatarligini o‘ylagan har bir kishi uning huzuriga kelishini ayttirgan. Madrasaga odam yog‘ilgandan- yog‘ilavergan. Abulfayzxon chetda qolib ketgan. Axiyri xonning o‘zi Mir Arab madrasasiga Muhammadha-kim huzuriga yo‘l oladi. Biroq, Muhammadhakim soqchilari uni yaqinlashtirmaydilar, o‘qqa tutadilar. Xon saroyga qaytadi va Nodirshohga taslim bo‘lishdan boshqa iloj topmaydi.
Nodirshoh, Abulfayzxon va xiyonatchi Muhammadhakim otaliq Buxorodan tashqarida Zarafshon daryosining qirg‘og‘ida mashhur Chorbakr mavzeida uchrashadilar. Garchi sharqona iltifotlar o‘rniga qo‘yilib, xon (Abulfayz) va shoh (Nodir) bir-birlariga mulozamatni quyuq qilsalar-da, Buxoro hukmdori bir qizini Nodirshohga, ikkinchi birini uning jiyaniga berib, o‘zini harchand fotihga qarindoshlik iplari bilan bog‘lashga urinsa-da, baribir, munosabatlar hokim-tobelik bilan yakun topadi. Oldin Abulfayzxon (1747), bir yil o‘tar-o‘tmas o‘g‘illaridan Abdulmo‘minxon, so‘ng Ubaydullaxon birin-ketin qatl qilinadilar. Nihoyat, Muhammadrahim 1753 yilda amir unvoni bilan Buxoro taxtiga chiqadi. Farg‘onada minglar ajrab chiqadilar va mustaqil Qo‘qon xonligini maydonga keltiradilar. Buxoroda Muhammadrahim bilan mang‘itlar sulolasi hokimiyat tepasiga keldi va u 1920 yil Buxoro inqilobiga qadar hukmronlik qildi.
Fitrat nega Abulfayzxon tarixiga murojaat etdi? XIX asrning 20-yillaridagi shiddatli inqilobiy jarayon bilan olis tarixdagi sulolalar kurashining bir-biriga qanday yaqinligi bor?
Avvalo, har ikki tarix ham xalqimiz hayotidagi eng mas’uliyatli, eng hayajonli voqealarga to‘la edi. To‘g‘ri, biri yangi turmush bayrog‘i ostida, ikkinchisi yangi sulola himoyasi yo‘lida kechdi. Lekin bir-birini inkor etuvchi ikki holat — mamlakatning mustaqilligi va hokimiyat uchun kurash har ikkisi uchun ham xos bo‘lib, ularning biri birlashishga undasa, ikkinchisi bo‘linishni taqozo etardi. Har ikkisi ham jamiyatning barcha qatlamlarini o‘ziga jalb etgan va eng muhimi, har ikkisi ham kuchga, zo‘ravonlikka suyangan edi. Bunday damlarda inson tabiatidagi ezgulik bilan
yovuzlik yuzaga qalqib chiqadi. Fitrat shularni ilg‘ay oldi. «Podshohlik qon bilan sug‘orilaturgon bir «og‘och (daraxt)» ekanligini, «qon oqib turmagon yerda bu og‘ochning qurub qolishi aniq»ligini ko‘rsatib bera oldi.
Fitrat uchun XVIII asr Buxorosida yuz bergan voqealar shunchaki ma’lumot uchun emas, ma’rifat uchun ham kerak edi. U zulm va zo‘rlikning el-yurt uchun faqat moddiy talafot, jismoniy azob-uqubat emas, o‘nglab bo‘lmas ma’naviy jarohat ham keltirishini ko‘rsatib berdi. Shu tariqa adib, bir qaraganda, inqilobiy voqealardan uzoq tuyulgan Abulfayzxon fojiasini zamonasiga xizmat ettira oldi. Uningcha, kishilar taqdiriga, ijtimoiy turmushga daxddor har qanday ish ming o‘lchab bir kesilishi lozim. Inson manfaatiga doir har qanday xatti-harakat insoniy qonunlar, vositalar asosida amalga oshmog‘i kerak. Bu inqilobning ma’naviyatiga doir muhim masalalardan edi. Asardagi quyidagi vaziyatga e’tibor qilaylik: Buxoro xoni Abulfayzxonning ko‘ngli xufton. Eron shohi Nodir afshor katta qo‘shin bilan Buxoroga tobora yaqinlashib keladi. Atrofdagilarga esa ishonch yo‘q. Kimga suyanish mumkin? Taro-zining posangisiga qarab qadam tashlaydigan qozikalon Qozi Nizomgami, xonning har bir qadamini zimdan kuzatib, Hakimbiyga yetkazib turuvchi Mir Vafogami? Bu qanday saltanatki, egasining o‘z haddidan chiqib biror ish qilmoqqa ixtiyori bo‘lmasa. Hakimbiy — quv. Hammayoqda shuning odamlari. Farhod otaliq bilan Ibrohim kenagas ham uning oldidan o‘tib, bir ish qila olmaydilar. U bo‘lsa, xon nomidagi bir qo‘g‘irchoq, xolos.
Yaxshiyamki, uning yonida bir vaqtlar otasi sotib olgan ikki quli -Davlat bilan Ulfat bor. Shulargagina ishonmoq mumkin. U taxtni egallash uchun nimalar qilmadi. O‘rtaga Qur’on qo‘yib «axd-paymon» bog‘lagan qanchadan-qancha do‘stlarining boshini kesdirdi. Hatto o‘z akasini o‘ldirdi. Bugun esa unga murabbiylik qilgan Farhod otaliqni novvosdek bo‘g‘izlatdi. O‘rniga Ibrohim kenagasni otaliq tayin etdi. Ulfat bu otaliqning ham «to‘g‘riliq»ini xushlamayroq turibdi. Bu ham Farhod otaliqning izidan boradiganga o‘xshaydi…
Bu o‘ylar xonning xayolini iskanjaga oladi. Atrof-muhit, davlatxohlikning g‘ayriinsoniy qoidalari, aslida, uning diydasini allaqachon ko‘r qilgan, yuragi tosh-metin. Shuning o‘zi insonlikka jabr, zulm. Negaki shunday barkamol vujudning eng mumtoz tuyg‘usi poymol bo‘lgan.
Shunda ham bu g‘ayriinsoniy yovuzliklar xon ongining qay bir puchmoqlaridan sezdirmay sizib chiqadi-da, qiyin-qistoqqa oladi. Inson tabiati — shunday. Abul-fayzxon kechalari uxlay olmaydi. Qatl ettirgan akasi va do‘stlari, murabbiysi xayoli xonni kechayu kunduz ta’kib etadi…
Kishining o‘ziga o‘zi qiladigan bundan ortiq zulmi bormi?!
«Hayratul-abror»ning uchinchi maqolotidagi «Salotin bobida…» shunday fikr bor: «Ey vohki, — deydi shoir shohga qarata, — baxt sening qo‘lingni quvvatli qilgan edi, lekin sen uni zulmga qaratding. Zulming xaloyiqqa kam emas edi, ammo sen uni o‘zingga ham qilayotirsan. Zulm o‘zing uchun ham buzug‘luq-ku, ey hushyor odam, agar hushing joyida bo‘lsa, uni bas qil!»
G‘arb bilan Sharqni birday bilgan akademik N. I. Konrad ulug‘ shoirimizning ushbu satrlarini tahlil etar ekan, «Bunday teran fikr kishini hayratga soladi. Va bunday buyuk insoniy donishmandlikka duch kelganingda, yuraging zavq-shavqqa to‘ladi», — deb yozadi.
Fitrat inson ruhiyatidagi mana shu nozik nuqtani ilg‘ay olgan va asarining o‘q tomiriga aylantirgan edi.
Pesa matnida ayrim holatlar ifodasi, personajlarning xat-ti-harakatlari, so‘zlari musiqa bilan quchaytirilishi lozimligi haqida so‘zlar, ishoralar bor. Ular goho bevosita asar qahramonlari, ba’zan esa muallif tilidan beriladi. Spektaklda bu masalaga ma’lum e’tibor qaratilganligi kishini quvontiradi.
Qolaversa, Fitrat qadim an’anamizga ko‘ra har bir ziyoli singari musiqaning ham nazariya, ham amaliyoti bilan bevosita shug‘ullangan, 15 ga yaqin o‘zbek cholg‘usi bilan 300 dan ortiq o‘zbek kuyining sirsinoatidan va ayniqsa, uning inson ruhiyatiga ta’siridan yaxshigina xabardor adiblarimizdan edi.
«O‘zbek musiqasi to‘g‘risida» (1928) nomli bir maqolasi shunday boshlanardi: «Biz, o‘zbeklar, o‘zimizning musiqamiz judayam boy ekani to‘g‘risida ko‘p gapirdiq, ham gapirib turamiz. Bu ishimiz yomon emas, albatta. U bir musiqaki, yolg‘iz o‘zining qismida 300 dan ortiq kuy saqlangan. Bir musiqaki, bugun o‘n beshga yaqin cholg‘uning egasidir».
Dramaning muvaffaqiyatini ta’min etgan narsa muallifning tarix falsafasini anglaganida, davr voqealari va tur-mushi manzaralarini nozik his qilishida, ota-bobolarimizning maishiy hayoti tafsilotlarini yaxshi bilishida, nihoyat, badiiy zehniyatida edi.
Nasriy asarlari va publitsistikasi
Fitrat ijodiy merosining muhim qismini uning nasriy asarlari va publitsistikasi tashkil qiladi. U o‘z hayoti davomida yuzlab jangovar maqolalar, o‘nlab ijtimoiy keskir risolalar, hikoyalar yaratdi. Birgina Turkiston matbuoti emas, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz, Volgabo‘ii matbuotida faol ishtirok etdi. Uning ilk risolalari («Munozara», «Bayonoti sayyohi hindi», «Oila», «Rahbari najot» kabi) fors tilida yozilgan. Bularning to‘rttalasi ham bugungi kunda o‘zbekchalashtirilib, nashr qilingan1 va ko‘tarib chiqqan mavzu-masalasiga ko‘ra deyarli har biri voqea sifatida qabul qilingan edi.
Masalan, Fitratning ilk asari dramatik publitsistikaga moyil «Munozara» zamonining zayli bilan tarixiy taraqqiyotning ikki pog‘onasida turib qolgan, din va dunyo, jamiyat va ma’rifat haqida — ikki xil ko‘z qarashga ega bo‘lgan ikki kishining — «jadid» va «qadim»ning bahsi asosiga qurilgan edi. Muallif xuro-fotni, bid’atni qoraladi, unga chinakam e’tiqodni qarshi qo‘ydi. Aqlu donishni, uning samarasi taraqqiyot va farovonlikni himoya qildi. «O‘z millatining saodat va osoyishi uchun» fidoyilik qilgan turk, eron hurriyatchilari Anvarbek, Niyoziybek, Sattorxon, Boqirxonlarni, «Rusiyadagi haqiqiy insonlar»dan «dohiy va faylasuf To‘lsto‘y»ni, uning «saodati bashar» yo‘lidagi xizmatlarini ibrat qilib ko‘rsatdi.
Asar xalqning ko‘zi ochilishida muhim rol o‘ynadi. Yangi usul maktablarining shar’iyligini isbot qilib berdi, mutaassib mulla-mudarrislarning usuli jadid maktablariga yopishtirgan tavqi la’natlarini olib tashladi.
«Buxoroning najib millati bo‘lgan vatandoshlarim,-deb boshlanar edi risola, — birmuncha vaqtdan beri jadid va qadim o‘rtasida ixtilof chiqqani ba’zi millat xoinlarining xato va fasodlaridan boshqa narsa emasdir. Muqaddas Vatanimizni parchalab, uning ahdi jamoasini jadid va qadim unvonlari ostida ikki firqaga ajratib, ularning birini ikkinchisiga dushman qilib qo‘ydilar».
Asar jonajon Buxoroga bo‘lgan so‘ngsiz mehr-muhabbat, unga xizmat qilmoqlikning buyuk sharaf ekanligi haqidagi hayajonli so‘zlar bilan yakunlanar edi. «Ey, mening bu kitobchamning o‘quvchilari! Agar ding‘a, molg‘a, jong‘a, avlodg‘a muhabbatingiz bo‘lsa, agar dinning xalos bo‘lishi, shariatning rivoji, Vatan obodlig‘i, avlodning tinchligi, yaxshi nom qoldirishning chorasini xohlasangiz, sizning ilojingiz, avvalo, kasbi maorifdir. Qobiliyatlilarni tahsil uchun o‘qishga yuboring. Qobiliyati sustrog‘ini Buxoroda yangi muntazam maktablarni ochib topshiringlar… «Alloh nomi bilan qasam!», na zamonaviy ilmlarning tahsili haromdir, na islom ittifoqi!» Bu muallifning ilk risolasi edi.
«Yo‘l» ocherkini eslatuvchi «Sayyoh hindi»da yeri, suvi, havosi betimsol, g‘oyat mehnatkash, hunarmand bir xalqning og‘ir turmushidan so‘z ochdi, uning sabablarini tahlil etdi. Barcha mushkulotlarning sababini davlat idora usulining buzuq va nobopligida, hokimiyat egalarining ilm-ma’rifatdan uzoqligida deb bildi va bularni o‘zgartirish yo‘llarini izladi. «Oila» asarida esa, oilaning millat va jamiyat asosini tashkil etishini ta’kidlab, uning davlat, huquq, ma’rifat, tibbiyot bilan bog‘liq tomonlarini muhokamaga qo‘ydi. «Najot yo‘li»da islom va Qur’on yo‘lini insoniyatni tanazzul va falokatdan qutqaruvchi birdan-bir yo‘l sifatida taqdim etdi.
Fitratning Vatan va Millat ozodligi, istiqlol borasidagi fikrlarini kuzatishda uning 1917-1918 yillarda mahalliy matbuotda, xususan, «Hurriyat» ga- zetasida e’lon qilingan maqolalari, alohida bir qimmatga ega. Fitrat o‘nlab hikoyalar yozdi. Ular orasida «Qiyomat» (1923) katta shuhrat topdi, qayta-qayta nashr qilindi, biroq aksariyat hollarda sho‘ro mafkurasiga moslab talqin etildi.
Adib nasri o‘zbek prozasi rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ularda ko‘tarilgan masalalar esa, Turkiston milliy uyg‘onishini ta’minlagan omillardan bo‘ldi.
Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, Fitratning hayoti va ijodiy faoliyati tarixning eng qaltis damlarida Millat va Vatanga xizmat qilmoqning yorqin namunasidir. Har qanday holda ham xalq bilan birga bo‘lish, uning manfaatini har narsadan muqaddas tutish Fitrat shaxsiyatining eng muhim xususiyatlaridan edi. U ijodkor sifatida o‘zbek adabiyotini jahoniy miqyoslarga olib chiqqan, uni yangi hayotbaxsh g‘oyalar bilan boyitgan, tilimizning boy imkoniyatlarini, badiiy ifodaning betimsol namunalarini namoyish eta olgan iste’dod edi. U o‘zbek dramachiligini yuksak pog‘onaga ko‘tardi, zamonaviy adabiyotshunoslik ilmining boniysi bo‘lib tarixga kirdi.