- TARAQQIYoT VA POEZIYa
Insoniyat taraqqiyotining xos vektorlari mavjudmi? Ushbu savolga turli va ishonarli javoblar ko‘p: nufus o‘sishi, iqtisodiy taraqqiyot, mehnat unumdorligi oshishi va ijtimoiy farovonlik yuksalishi, erkin bozorning yoyilishi, intellektual va texnologik kuchning ortishi, axborotni jadal ishlab chiqarish, noosferaning kengayishi, siyosiy tizimlarning demokratlashuvi, jug‘rofiy va kosmik ekspansiya, etnik va iqtisodiy mahdudlikni yengib o‘tish – globallashuv… Ushbu vektorlarning barchasi bir-biriga mos keladi va tarixi umumiy dadil odimlar bilan hamohangdir.
Biroq har doim ham ushbu qatorda sanalmaydigan yana bitta vektor bor: koinot, hayot, jamiyat, texnika va odamning poetiklashuvi. Bu taraqqiyotni poezis (yunoncha “poezis” (poiesis) “ijod” degan ma’noni beradi) deb tasavvur qilish bo‘lib, bir qarashda oldin belgilab olingan tamoyillarga zidday tuyuladi. Iqtisodiy, texnik, axborot taraqqiyoti mif, ertak va afsonalarning oltin asri sari tobora chekinib borayotgan poetik ibtidoning zaiflashuviga olib kelmayaptimi? Dunyoni poetik idrok qilish tamaddunning dastlabki bosqichlarida hukmronlik qilgan edi, keyinchalik uni ilm-fan, texnika, orzu qilishdan ko‘ra bilish va tadqiq qilishga moyil ziyrak va ratsional aql tarzi siqib chiqardi, degan qarash mavjud.
Ushbu “poeziyadan qochish” (depoetizatsiya) butun insoniyat tarixidan o‘tib, ayniqsa, sanoat asrida kuchayib borayotganday tuyuladi. Ye.Baratinskiy “So‘nggi shoir” (1835) she’rida qayg‘uli xulosaga keladi:
Asr qadam tashlar temir yo‘lidan;
Yuraklarda tama, havas barchasi
Faqat zarur, nafli narsalar bilan
Banddir soat sayin, uyatsizlarcha.
Ma’rifat nurida yitdi ko‘lkaday,
She’rga xos beg‘ubor tushlar sira ham
Sanoat tashvishi ortgan o‘lkada
Avlodlar yodiga kelmaydi bir dam.
Poeziya inqirozini faqat shoirlar e’tirof qilayotgani yo‘q. K.Marks “Siyosiy iqtisod tanqidiga doir” kitobining (1858–1859) so‘zboshisida bu haqda faqat iqtisodiyot faniga xos tilda mana bunday deb yozgan edi:
“…Miltiqdori va qo‘rg‘oshin davrida Axilles bo‘lishi mumkinmi? Yoki chop qilish dastgohi va bosmaxona mashinasi bor joyda “Iliada” yozilishi mumkinmi? Chop qilish dastgohi paydo bo‘lishi bilan rivoyat, qo‘shiq va muzalar, binobarin, epik poeziya uchun zarur shart-sharoit muqarrar ravishda yo‘qolib ketmaydimi?”
Marksning nekbinligiga qarama-qarshi o‘laroq, M.Haydeggerning ommaviy ishlab chiqarish individual buyumlarni yasash poeziyasini parokanda qilishi va binobarin, poezisning (“genezis” – unib chiqishga qarindosh) o‘tmishda qolib ketishi haqidagi fikri moziyni qo‘msash bilan yo‘g‘rilgan. Kosa yoki skripka daraxt o‘sishi yoki bolani tarbiyalash singari shoshilmasdan yasaladi. Zamonamizga kelib, poezisdan tor ma’nodagi poeziya, she’rlar va poetik olamning boshqa orolchalari: rassomlik, badiiy hunarmandchilikkina saqlanib qolmoqda, lekin ular ham ilm-fan, texnika va iqtisodiyot dengiziga g‘arq bo‘lmoqda. “Kompozitorlar zamoni intihosi”, shuningdek, “adabiyot zamoni intihosi” haqida bong urgan kompozitor Vladimir Martinov ham poeziyaning bugungi kuni va kelajagiga ayni qadar tushkunlik bilan qaraydi[1].
She’riyat tanazzuliga sabab bo‘layotgan tarix yo‘nalishidan quvonish kerakmi yoki dahshatga tushish? Bu haqda bahslar ko‘p, lekin negadir muqarrar narsa deb qaraladi.
Lekin men XXI asrning hissiz texnitsizmi va pragmatizmi tasavvur qilishga moyilligimizdan ko‘ra kengroq ma’nodagi poeziya asri bo‘ladi, deb o‘ylayman. She’riyat inson hayotidan hech qayerga ketayotgani yo‘q, aksincha, tamaddunning megatrendlari (etakchi tamoyillari) darajasida eng ulkan miqyosda qayta tug‘ilmoqda. U harf va qofiya asirligidan qutulib, kitob muqovalaridan tashqarida voqelikning yangi shakllarini topib bormoqda.
- POEZIYa NIMA DEGANI?
Poeziya deganda nimani tushunamiz? U dunyoni idrok qilishning alohida, ijodiy usuli bo‘lib, har bir hodisada boshqa hodisalar obrazi, aksi, aks sadosini tutib oladi. Masalan, tashqi makon ichki olamning obrazi yoki aksincha bo‘lishi mumkin:
Ushbu yagona va botiniy olam
Borliqni bog‘laydi. Ichimda yovqur
Qushlar uchar. Olis cho‘qqiga shaxdam
Chiqaman. Yaproqday solaman shovqin.
R.-M. Rilke
Shu bilan birga poeziya nutqning o‘ziga xos shakli bo‘lib, so‘z va bo‘g‘inlarning ohangga solib takrorlanishi ma’no o‘xshashliklarini kuchaytiradi. Poeziya yashirin o‘xshashliklarni izlash, buyumlarni o‘xshashligi yoki turdoshligiga (majozlar, istioralar va boshqa yo‘llar) qarab birlashtirishdir. Ohangdoshliklar, jumladan, qofiyalar assotsiativ aloqalarni kuchaytirish, bir-biridan uzoq hodisalarni o‘zaro birlashtirish shakli sifatida namoyon bo‘ladi. Vasiliy Nalimovga ko‘ra, “bu yerdagi [poeziyadagi] matn so‘zlar bir-birini cheklashi uchun emas, aksincha, ma’nosini kuchaytirish, silliq tarzda umumiy oqimga o‘tib, qo‘shilib ketishi uchun tashkil etiladi”[2]. Poeziya bir narsani boshqa narsalarning nomi bilan ataydi, ularning boshqa narsalarda gavdalanishi, metamorfozasi – evrilishiga sabab bo‘ladi:
Oy tinch oqar suvda, uzala
Tushar oltin qurbaqa misol.
Olma guli yanglig‘ kuzalar
Otam qo‘ygan shu oppoq soqol.
S.Esenin
She’riyat hamma narsadagi Hamma narsadir, u narsalarning bir-biriga kirib borishi o‘lchovidir.
Tamaddun taraqqiyoti bizni turli mohiyatlarning aynan bir-biriga kirib borishi sari yetaklaydi. An’anaviy jamiyatlarda individ etnik va ijtimoiy taniqliligi, madaniy va tabiiy muhiti (ekologiyada tutgan o‘rni) bilan to‘liq mos keladi. Tarix etnoslarni tobora qorishtirib yubormoqda va turli millat, madaniyat va tillar alomatlarini o‘ziga singdirib olgan “barcha odam” vujudga kelmoqda. Kitoblar, filmlar, sayohatlar, tillar va tarixni o‘rganish “mohiyatlarni ko‘chirish”, o‘ziga boshqa narsalarni singdirib olishdir: rus kishisi o‘zini frantsuz yoki yapon deb, zamondoshimiz esa – qadimgi jangchi yoki o‘rta asrlar rohibi deb his qilishi mumkin. Tamaddun rivojlanishi bilan kuchayib borayotgan jami ramzlar almashuvi poetik “ko‘chirish”ga xizmat qiladi. Poetik so‘z nasriy yoki ilmiy so‘zdan (aniq ma’noga ega atama) farqli o‘laroq, chegaralarni kengaytirishga intiladi, boshqa so‘zlar ma’nosini singdirib oladi. Zamon kishisi, faqat foydasini ko‘zlab ish yurituvchi sifatidagi urf bo‘lgan tasavvurlarga zid o‘laroq, tobora poetik shaxsga aylanib bormoqda.
Aynan XX–XXI asrlar tamadduni bir madaniyat va bitta til torlik qilib qolayotgan shaxsning ushbu yangi, transmadaniy turi – multividuumni yaratmoqda. U yangicha odam bo‘lib, chin ma’nodagi “obrazli”, majoziy mavjudotdir.
Ushbu transetnik, translingvistik individning “bevosita ma’nosi”, azaliy taniqliligi ko‘chma ma’nolarga yo‘l beradi: bir mamlakatda tug‘iladi, boshqasida ta’lim oladi, uchinchi mamlakatda yangi ixtisos bo‘yicha ishlaydi… Bunday kishi – tamsil etilgan majoz, poetik shaxs; uning hayoti – ko‘p qatlamli matn.
- ANTROPOEYYa VA TEXNOPOEYYa
Qadimgi Yunonistonda she’riyat, ilm-fan va san’at homiysi bo‘lgan to‘qqizta muza izzatlangan: Kalliopa – epik poeziya homiysi; Evterpa – lirik poeziya homiysi; Melpomena – tragediya homiysi; Klio – tarix homiysi; Uraniya – falakiyotshunoslik homiysi… Bugungi kunda ushbu panmuseyonni (yunoncha πάντες – barcha + μουσεῖον – homiylar ibodatxonasi) Antropoeyya, Texnopoeyya, Kosmopoeyya, Biopoeyya, Sotsiopoeyya, Ekonopoeyya, Noopoeyya… singari yangi homiylar bilan to‘ldirish vaqti yetdi. Ushbu ijod turlari ayni paytgacha ma’lum va mashhur bo‘lgan san’at va “pozziyalar” doirasiga sig‘maydi va insoniyat kelajagiga ma’no baxsh etadi.
Ushbu yangi homiylardan birinchisi antropoeyyadir (yunoncha anthropos, inson + poieo qilish, ijod qilish, ishlab chiqarish). Antropoeyya inson mohiyatini yaratish va qayta yaratishga yo‘naltirilgan barcha amaliyotlar yig‘indisidir. Uning eng muhim amali, Tavrotda tavsiflanganiday, odamni Xudoga “o‘xshatib” yaratishdir, bu uning majoz sifatidagi poetik tiynatini namoyon qiladi. Inson o‘simlik yoki jonivorlarga xos ma’nodagi emas, ko‘chma ma’nodagi maxluq – yaratiqdir, chunki u Yaratuvchi timsoli, Xudoning tajallisidir: ular o‘rtasida murakkab belgilar o‘yini, ifodalovchi va ifodalanuvchi munosabatlari mavjud. Inson Xudoga aynan o‘xshash emas, lekin u Xudoning majozidir, ya’ni uning ayrim alomatlari: fikrlash, ijod qilish, narsalarga nom berish, iroda erkinligiga ega. Insonga majoz sifatida munosabatda bo‘lish, ya’ni uni poetik jihatdan qabul qilish lozim. Lekin bundan inson zimmasiga Yaratuvchining timsoli sifatida o‘rab turgan muhitda majozlar yaratish, timsollari va o‘xshashliklarini ko‘paytirish yuklangan, deb xulosa qilish mumkin. Tamaddun degani – mana shu. Mehnat qurollari, texnik ixtirolar, ilmiy kashfiyotlar, san’at asarlari – barchasi dunyoni aynan emas, majoz nuqtai nazaridan madaniylashtirish usulidir. Kartina yoki bino, raketa yoki kompyuter singari tamaddun mahsulotlarida insonning tabiiy mavjudot sifatida borligini emas, uning cheksiz ko‘payib borayotgan timsollari, ramziy proyektsiyalari, qobiliyat va ehtiyojlari majozlarini ko‘ramiz.
“Texnikaga faqat ko‘ngildan kelib chiqib, ma’no yuklash mumkin”, deb yozgan edi O.Shpengler[3]. Texnikaning barcha mo‘jizalari: tezlikka, parvozga, yuksakka ko‘tarilishga, ko‘ngillarning bir-biriga payvasta bo‘lishiga intilish mohiyatan ko‘ngil ehtiyojlari majozlaridir. Ko‘zga tashlanib turganlaridan uy – tana majozi; ko‘zoynak va zarrabin – ko‘z majozi; kompyuter – axborotni qayta ishlaydigan miya majozi; lazer – yorug‘lik ortidan intilish majozi.
Hech kim xayol qilmagan
Erlarga uchgim kelar,
Nur ortidan, bilmagan
Joylarni quchgim kelar!
Davralarga bergin zeb –
Olamda baxt yo‘q o‘zga.
Nur qadri nimadir deb
Savol bergin yulduzga.
O. Mandelshtam,
“Mening bir istagim bor…”
Ko‘ngil nur ortidan uchishga intiladi va bu ehtiyojdir, u ratsional, ixtirolarga xos sinayotib, nurni maqsadli yo‘naltirishga mo‘ljallangan lazerni bunyodga keltiradi.
Majoz sifatida yaratilgan inson majozlar olamini yaratishni davom ettiradi. Antropoeyya texnopoeyyaga (technopoeia; yunoncha – techne – san’at, hunar) do‘nadi. Aslida butun texnik tamaddun inson timsollari, uning qiyofalari va qayta gavdalanishlari ko‘pligidir. Axborot texnologiyalari ko‘rinib, tushunilib, anglab turilgan sohani ulkan masofalarga kengaytirishga qobil idrok etuvchi va fikrlovchi inson timsolidir. Kommunikatsiya texnologiyalari til timsoli, o‘z fikrini ifoda va boshqalar bilan muloqot qila oladigan kishi qobiliyatidir. Ulov texnologiyalari harakatdagi odam timsoli, uning yugurish, sakrash va suzish qobiliyatining mubolag‘ali kuchayishidir. Ishlab chiqarish texnologiyalari mehnat qurollari va iste’mol buyumlarini yaratayotgan kishi timsolidir. Tamaddunlar Yaratuvchisidan qadam-baqadam uzoqlashib borayotgan va tobora undan mustaqillashayotgan kishi timsolidir.
Texnika poeziyadan ko‘ra kamroq majoz yoki ramz emas, lekin u ushbu quvvatni so‘zlar qolib, poetik jihatdan evrilgan materiyada gavdalantiradi, uning har bir unsuri tabiat bilan “o‘ynashadi”, tortish kuchi, uzoq masofalar, tananing cheklangan imkoniyatlarini yengib o‘tadi. Aviatsiya, raketasozlik, elektronika, internet va eng zamonaviy aloqa vositalarini tamsil qilgan texnopoeyya ko‘rinmaydigan narsani ko‘rish, eshitilmaydigan narsani eshitish, turli tillarda so‘zlashish, inson lablaridan yangragan so‘zni koinot cheksizliklariga yetkazish imkonini beradi. U Pushkinning “olti qanotli malagi”ga o‘xshab, Yer va osmon kengliklarini ochadi. Texnopoeyya texnikaning inson ijodiy intilishlari va dunyoni ramziy ko‘rishni faoliyat sifatida tamsil etuvchi poetik jihatidir.
- POEZIYa FIZIKASI
Tamaddunning barcha jarayonlarini nafaqat koinot, texnika, jamiyatning poetiklashuvi, qolaversa, poeziyaning koinotlashuvi, texniklashuvi va ijtimoiylashuvi, uning borliqning barcha sohalariga kirib borishi deb qarash mumkin. Andre Breton “Ob’ekt inqirozi” (1936) maqolasida “Syurreal ob’ektlar” ijodi, Pol Elyuarning fikricha, haqiqiy “she’riyat fizikasi” ehtiyojlarini qondiradi”, deb yozgan edi[4]. Darhaqiqat, syurrealizm og‘zakilik va ikki o‘lchamli (rasm) vizuallik chegaralaridan tashqariga chiqadi va uch o‘lchamli ob’ektlar yaratadi. Ayni holatda absurdning syurreal mantig‘i ustuvorlik qiladi: ob’ektlar pragmatik funktsiyalardan qanchalik mahrum bo‘lsa, shunchalik poetiklashadi. Masalan, Man Reyning (1921) “Sovg‘a”sini olaylik: ostiga zich qilib mix qoqilgani bois dazmol foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Meret Oppenheymning (1936) “Mo‘ynali nonushta”sida bordoq, likopcha va qoshiqcha Xitoy ohusining mo‘ynasi bilan qoplangan.
Biroq ob’ekt poetikligi undan foydalanish funktsiyasini har doim ham istisno qilavermaydi. Syurrealizm poetik go‘zallik absurdligini, o‘z vazifasi – ratsionallikni tanqid qilish va g‘ayrishuuriylikni madh etishdan kelib chiqqan holda, bo‘rttirib ko‘rsatar edi. A.Breton “Syurrealizm manifesti”da (1924) shaxs jamiyat bosim o‘tkazadigan intuitiv ruhiy amallardagina erkin bo‘ladi, deb hisoblar edi. Breton nafaqat Freyd va uning tush ta’birlari, qolaversa, XIX asrda “go‘zallik tikuv moshini bilan shamsiyaning anatomiya stolida tasodifan uchrashib qolishi”, degan ta’rifni ilgari surgan Lotreamondan ham iqtibos olar edi. Ushbu fikr syurrealizm shioriga aylanib qoldi.
Biroq tikuv moshini bilan shamsiyaning anatomiya stolida uchrashib qolishi hech qanday tasodif emas, chunki ko‘z oldimizda uchta uchli narsa namoyon bo‘ladi: tikuv ignasi, shamsiya kegayi va jarrohlik tig‘i. Shamsiya kegaylarining yoyilishi, tikuv ignasining vertikal harakati tikish jarayonida bir-birining harakatini, xuddi moshin g‘ildiragi – shamsiyaning yumaloq shakli singari, takrorlaydi. Binobarin, tasodif emas, ob’ektlar va ular birikuvining yashirin qonuniyligi poetikdir. Shu ma’noda poeziya tarixdan ratsionalroqdir va falsafa bilan yaqinlashadi. “Poeziya tarixdan ko‘proq falsafiy va jiddiy unsurga ega: u umumiyroq narsani, tarix esa juz’iy narsani tamsil qiladi” (Arastu, Poetika, IX)[5].
Uchoqlar, poyezdlar, raketalar, telefonlar, kompyuterlar – barchasi syurreal emas, zamonaviy tamaddun voqeligidan iborat poetik ob’ektlardir. Bu so‘zlar chegarasidan tashqariga chiqqan poeziya, chin ma’nodagi poeziya fizikasi, uning texnik va ijtimoiy jismlaridir. Ularda na absurd va na mubolag‘a bor, lekin shu holicha majoz yoki istioradir, chunki inson tanasi xususiyatlari va ko‘ngil intilishlarini (aslida, majoz – “metafora” – ko‘chirish yoki bir joydan ikkinchi joyga tashish degani, Yunonistonda yuk moshinlari “metafora” deb ataladi) materiyaga ko‘chirishdir. Shunday qilib, telefon eshitish majozi va quloq istiorasidir (ya’ni eshitish moslamasi alomatlarini turdoshlik bo‘yicha apparatga ko‘chiradi). Syurreal ob’ektlardan farqli o‘laroq, telefon yoki raketada foydalanishga yaroqlilik va poetiklik bir-biriga zid kelmaydi, aksincha, bu o‘rinda foydalanishga yaroqlilikka poetik vositalar bilan erishiladi.
Texnopoeyya texnikaning butun tarixiga poetiklikning foydalilik bilan chatishib ketishi sifatida qarash imkonini beradi. Masalan, pishangning foydalilik funktsiyasiga hech kim shubha qilmaydi, uning poetikligi esa qo‘llanadigan texnologiya ko‘rsatib turganiday, yelka va qo‘l majozi, ular mubolag‘asidan (kuchaytirish, uzaytirish) iboratdir.
Tirsak qadar
Moyga botar,
Pishang “o”lab
“A”lab yotar.
E.Bagritskiy,
“Bahor”
Bu gapni istalgan texnik moslama haqida aytish mumkin. Xalq xayoloti ko‘pgina texnik ixtirolardan ularga, masalan, “gilam-uchoq”, “ochildasturxon”, “sehrli qalpoqcha” singari oldindan poetik ma’no berib, ilgarilab ketgani bejiz emas[6].
Zamonaviy texnika mehnat qurollari ishlab chiqarish barobarida dunyoni idrok qilishimiz va muloqot usullarini tobora kengaytirmoqda, shuningdek, har kimga fe’liga yarasha hayot tarzini tanlash imkoniyatini beradigan yangi, muqobil va virtual olamlar yaratmoqda. Poetik ertak, fentezi (mif va ertaklarga asoslangan fantastika adabiyoti) bugungi kunning eng mahsuldor janri bo‘lib, u adabiyot va kino bilan cheklanib qolmaydi: atrofimizdagi dunyo ko‘proq fentezini eslatadi, unda xayolot o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi va yangi dunyolarni yaratish mantig‘i bo‘lib qolmoqda.
- KOSMOPOEYYa VA BIOPOEYYa
Texnopoeyya koinotning bundan buyongi evrilishlari, kosmopoeyyaning (yunoncha kosmos) debochasidir. Kosmopoeyya barcha ta’sir ko‘rsatuvchi sensor, jumladan, hid bilish va sezish vositalariga ega san’atdir. Kosmopoeyya voqelikni qayta ishlab chiqarishning barcha texnik vositalarini o‘zlashtiradi hamda rassom fantaziyasini shunday hissiy aniqlik bilan gavdalantirib, uni real olam ob’ektlaridan mutlaqo farqlanmaydigan qilib qo‘yadi. Biz vaqt o‘tishi bilan nafaqat tasviriy yoki musiqa, qolaversa, barcha hissiyot a’zolariga qaratilgan va voqelikning o‘zi singari ko‘p o‘lchamli bo‘lgan universal, koinot san’atini yaratishni o‘rganib olamiz.
Bunday holatda oldimizda bir savol ko‘ndalang bo‘ladi: koinotning o‘zi kosmopoeyya asari, ya’ni ijod namunasi emasmi? Qadimgi dunyo va Uyg‘onish davrining Aflotun, Plotin va boshqa mutafakkirlari Borliq olamni shunday tasavvur qilgan. Mabodo shunday bo‘lsa, fizika, biologiya va boshqa tabiiy fanlar, taraqqiyotning dastlabki bosqichlarida bo‘lgani kabi, yana ilohiyotshunoslik va estetika bilan qayta birlashadi. Fizika moddiy dunyo tuzilmasini o‘rganib qolmasdan, fantaziya, mahorat, kompozitsiya, obrazlilik, plastik til singari ushbu dunyoni universal san’at asari sifatida yaratgan ilohiy kosmopoeyya qonunlarini tushunish hamdir.
Kosmopoeyya keng ma’noda insonning fizik dunyoni go‘zallik va uyg‘unlik qonunlariga mos ravishda o‘zgartirish borasidagi barcha faoliyat turlaridir. Biroq ushbu ulkan soha ichida mavjudot va insonning o‘zini o‘zgartiruvchi biotexnologiyalar majmui – biopoeyya (yunoncha bios – hayot) alohida ajralib turadi. Biopoeyya organizmlarning yangi turlarini yaratishdan tortib, tana a’zolari va ularning o‘zgartirilgan ko‘rinishlarini uch o‘lchamda chop qilishgacha turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Hayotga oid eng ko‘p ta’sir kuchiga ega nazariyalardan biri “avtopoezis” deb atalishi bejiz emas: XX asrning 70-yillari boshida biologlar: U.Maturana va F.Varela mavjudotlarning o‘zini tuzishi va qayta ishlab chiqarishini shunday tavsiflagan edi. Hayot bilan poeziya o‘rtasida til, genetik va og‘zaki umumiylik bor. Hujayralardan organizmlar va ekotizimlargacha bo‘lgan tiriklikni barcha darajalarda tashkil etishning alomatli jarayonlari kechmoqda. Biosemiotika bo‘yicha tadqiqotlarning shahodat berishicha, genetika tilida sinonimiya, omonimiya, majozlar, ya’ni poetik obrazlarni qurish usullari mavjud.
Duragaylash tabiatdagi eng ko‘zga ko‘rinarli majoz jarayonidan biri bo‘lib, har xil biologik turlarning genetik materiali bitta hujayrada birlashadi. Bir-biridan uzoq turlar, hatto o‘simliklar va jonivorlarning genlari alohida viruslar yordamida ko‘chirib o‘tqazilishi natijasida yangi turlar vujudga kelishi gorizontal ko‘chirish deb ataluvchi tabiiy gen injeneriyasidir. Sun’iy selektsiya jarayonidagi ushbu ko‘chirib o‘tqazishlar asosida madaniy o‘simliklarning yangi navlari yaratiladi – bular mohiyatan jonli, o‘sadigan majozdir, chunki bir turdagi o‘simliklar boshqa turdagi o‘simliklarning xossalariga ega bo‘ladi. Amerikalik selektsioner Lyuter Byorbank yaratgan navlarning poetik nomlariga bir e’tibor bering-a: ananas hidli behi, magnoliya hidli georginlar, moviy ko‘knor, xushbo‘y georgin, xo‘jamunjon (xo‘jag‘at va maymunjon duragayi; asliyatda yejemalina (ejevika + malina)… N.Zabolotskiy “Mevalar bilan nikohlash” she’rida she’r yozishga muqoyasa qilingan yangi o‘simliklar yaratishni ulug‘laydi: “Michurin mevalari, Berbank qumanjirlari, quyosh bankasi misol shaffof, bormi sirlari…”
Tabiat kuchlarini shaxslantirish, xususan, hayvonlarni (ertak va masallardagi singari) gapirtirish poetik obrazlilikning eng qadimiy usullaridan biridir. Ayni paytda “aql ato etish” fantaziyagina bo‘lib qolmasdan, poeziyaning eng yangi turlaridan biri – zoopoeyya urf bo‘lib bormoqda. Vositachi tillar yordamida jonivorlar (avvalo, shimpanze) bilan muloqot qilishning real imkoniyatlari yaratilmoqda va bu insonning mavjudotlar bilan teran muloqotga asoslangan munosabatlariga sabab bo‘lishi mumkin[7]. Yana N.Zabolotskiyning “Dehqonchilik g‘alabasi” poemasidagi aqlli va qayta tarbiyalangan tabiat obrazi esga tushadi:
O‘rgatilar kapalak ishga,
Qo‘lqop yoki shim tikish, yana
Sopol yasash, ip yigirishdan
Saboq olar suvilon, mana.
Zarrabinni tutgancha ma’yus
Bo‘ri kuylar yulduz haqqinda.
Suhbat qurar ot rediskayu
Shivit bilan uzoq-yaqindan.
Poetik usul – tabiatning tajassumli obrazi – biopoeyyada uni amaliy jihatdan o‘zgartirish uchun tajriba vazifasini o‘tamoqda.
Tor ma’noda Ars Chimaera yoki ximeralar (yunon mifologiyasida o‘t purkovchi, og‘zi sherniki, dumi ajdarhoniki va tanasi echkiniki bo‘lgan maxluq – tarj.) san’atining poetik tajribalarini ham biopoeyyaga kiritish mumkin. Dmitriy Bulatov bergan ta’rifga ko‘ra, bu “tabiatda mavjud bo‘lmagan genlar birikmasidan muayyan estetik xususiyatlarga ega organizmlarni yaratish imkonini beruvchi yangi genlarni aniq maqsadni ko‘zlab hosil qilishdir”[8]. Genetik va biokimyoviy usullardan foydalanish, masalan, hech qanday foydalanishga yaroqlilik xususiyatiga ega bo‘lmagan, ammo estetik ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan nur taratuvchi o‘simliklarni yaratish imkonini beradi.
Gender inqilobi ham poeziya belgisi ostida kechmoqda. “Shunday qilib, Xudo odamni O‘z suratida, ilohiy suratda yaratdi: ularni erkak va xotin qilib yaratdi”. Agar ilgari erkak va ayolning ijtimoiy, professional, maishiy vazifalari aniq taqsimlangan bo‘lsa, bugun erkaklarning ayollashuv, ayollarning esa erkaklashuv jarayoni – ularning o‘zaro evrilishi ro‘y bermoqda. Aniq ma’no ustiga ko‘chma ma’no qatlanib tushmoqda: muayyan jinsning fiziologiyasi hamda ijtimoiy va professional vazifalari o‘rtasida majoziy keskinlik vujudga kelmoqda: masalan, ayol azaldan erkakning ishi bo‘lib kelgan siyosatchi, diplomat va yuristlik qilsa, erkak kishi chaqaloqni parvarishlash uchun ta’til olmoqda. Bu jinslarning aralashib ketishi, ikkala jins uchun ham xos bo‘lgan betaraf xususiyatlarni vujudga keltirishi barobarida jinslararo va transjins evrilishlari uchun, biologik va ijtimoiy jinsning o‘zaro munosabatlaridagi ijodiy dinamika uchun, tabiiy aniqligini tanlash yoki undan voz kechish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Gender inqilobi mohiyatan androgenez, ya’ni o‘zida ikkala jins xususiyatlarini biriktirgan androginlar, ikki jinsli mavjudotlar qaror topishidir, tashqi ko‘rinish, xulq-atvor va ijodning duragay shakllari vujud keladi.
- SOSIOPOEYYa VA EKONOPOEYYa
Biopoeyyadan sotsiopoeyya (sociopoeia) – ijtimoiy hayot, ijtimoiy ijodning poetik tarafiga o‘tamiz. Biz jamiyat zimmamizga yuklagan rolni oddiygina ijro etib qolmasdan, botinimizda funktsiyamiz taniqliligimizdan uzoqlashib va uni majoz sifatida idrok etib, o‘sha rolga tobora qattiqroq kirishamiz. Bu ijtimoiylikning karnaval-teatr, shartli o‘yin tarafidir: Shekspirga ko‘ra, dunyo – teatr, unda barchamiz aktyorlarmiz. Shunday qilib, zamonaviy jamiyatni muallif bilan uning personaji o‘rtasidagi munosabat shartli va obrazli bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar shakllantirmoqda. Biz tarmoq hamjamiyatlarida boshqa odamlar rolini o‘ynaymiz, o‘zimizni “o‘zimiz emas” yoki “nafaqat o‘zimiz” timsolida shakllantiramiz, bu esa yangi majoziy hamjamiyatlar va ijtimoiy-poetik muhit yaratishda kuchli omil bo‘lib xizmat qiladi. Biz tarjimai holimizdagi taniqlilikdan uzoqlashib, shoirlar lirik qahramonlari yaratuvchisi bo‘lganidek, o‘zimiz, timsolimiz yaratuvchisiga aylanamiz. Mualliflik va avatarlik tarmoq sotsiopoeyyasining ikki timsolidir. Har bir bloger (blog yurituvchi – tarj.), avvalo, “yuzi”, “kitobiy shaxsi”ni (facebook) yaratadi, ayrim hollarda esa muallif sifatidagi o‘zi bilan niqoblari o‘rtasidagi oraliq masofani ta’kidlab ko‘rsatish uchun bir necha personaj, laqab (taxallus, geteronim (muallif asarlarining bir qismi uchun qo‘llaydigan taxallus – tarj.) qiyofasida namoyon bo‘ladi.
Sotsiopoeyya roldan rolga ko‘chib yuruvchi kezgindining boshqa holatga xuddi “obraz obrazga kirganday, buyum buyumni kesganday” (Pasternak) o‘tishidir. U shizofreniyaga chalinib bo‘linib ketmagan, boy, ko‘p rolli, ko‘p “o‘z”ga ega shaxs bo‘lib, unga bitta “men” torlik qiladi. “Men”ning bunday ko‘pligi har doim shaxs sahnada va romanda har xil obrazlarda gavdalanadigan badiiy ijodda ko‘zga tashlanadi. Buyuk shoirlar o‘z “men”ining ko‘pyuzligi haqida yozib ketgan:
Men shohman, – men qulman, – men qurtman!
G.Derjavin
Men o‘zimga qarshi chiqyapmanmi? Zo‘r, demak, men o‘zimga qarshiman. Men ko‘paydim, men – ko‘pchilikman (multitudes).
Uolt Uitmen
Bunday dunyoqarash rolli o‘yinni, niqoblarni almashtirishni siquvga olish o‘rniga rag‘batlantiradigan demokratik jamiyatlarda tobora quloch otmoqda. Sotsiopoeyya odam taniqliliklari, “o‘z obrazlari”ni ijtimoiy va professional rivojlanishga qarab ko‘paytirishdir. Ilgari odam faqat hunariga bog‘lanib qolgan bo‘lsa, endi uning professional safarbarligi umri uzayishi singari o‘sdi. U boshqa kasbga o‘qishi, mashg‘ulotlarini o‘zgartirishi, yangi ko‘nikmalar hosil qilishi, o‘zini ko‘p obrazlarda gavdalantirishi mumkin. U evrilish san’atini egallamoqda hamda ijtimoiy va professional jihatdan polimorf (ko‘p shaklli) bo‘lib bormoqda. P.Valeri yozganiday, “o‘z hayoti barobarida ko‘plab hayotlarni yashash imkoniyatidan mahrum qilingan odam o‘z hayotini ham yashay olmas edi”[9] (“She’riyat va mavhum fikr”). Poetikaning asosini boshqa ko‘plab odamlar bo‘la olish imkoniyati natijasi o‘laroq, o‘zligiga ega bo‘lish imkoniyati tashkil qiladi. XXI asr odami poetikdir, chunki u ichiga oldingi davrlar odamlaridan ko‘ra ko‘proq ijodiy qiyofalarni sig‘dira oladi.
Ayniqsa, inson ilgari mehnat taqsimotining pragmatik tizimida qo‘llash imkoni bo‘lmagan qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun hayotining kam-ko‘stini butlab olgandan so‘nggi pensiya yoshidagi bosqichi ancha ko‘p vaqtni tashkil qilmoqda. Seneka 2 ming yil avval “lavozimni egallash, sayohat va savda-sotiq qilish uchun tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan qariyalar”ga hamla qilgan edi. “Hayotini yangidan boshlamoqchi bo‘lgan qariyadan ham razil odam bormi?”[10]. Lekin bugun qarilik aksariyat odamlar uchun yangi – poetik ibtido bo‘lib qolmoqda. Oltmishdan keyingi bu yoshni qarilik ham deb bo‘lmaydi, chunki odam jismoniy kuchga to‘la, shu bilan birga tanlash erki, o‘zini namoyon qilishning turli-tuman usullariga egadir. U o‘zini turli kasblarda sinab ko‘rishi, rassom, jurnalist, poliglot – ko‘p til biluvchi bo‘lishi, dunyo bo‘ylab sayohat qilishi, turli an’ana va madaniyatlardan bahramand bo‘lishi mumkin. Bu hayot akmesi (qadimgi yunon tilida ακμή – yuksak nuqta, cho‘qqi; shaxs rivojlanishining yuksak holati – tarj.), ikkinchi balog‘at bo‘lib, rivojlangan mamlakatlarda sakson-sakson besh yoshgacha davom etadi. Bu hayotning eng poetik bosqichi bo‘lib, “evrilish” jihatidan odam hali professional taniqliligi va ijtimoiy rollarini aniqlab olmagan bolalik va yoshlik davriga tengdir. Endi u mana shu biryoqlamalikdan va foydani ko‘zlab mehnat qilishdan ozod bo‘ladi. Bu taniqlilikning yo‘qolish (deidentifikatsiya) yoshidir.
Zamonaviy jamiyatda narsaning borlig‘i ham o‘zgaradi, u ham poetiklashib, “ekonopoeyya” (yunoncha oikonomos – uy boshqaruvchisi, boshqaruvchi) tushunchasini iste’molga kiritishni oqlaydi. Sanoatlashishdan so‘nggi davr kapitalizmi iste’molchi ruhiyatini o‘zgartirib, uni mulk qulligidan o‘zini yaratuvchiga aylantiradi. Ilgari inson pishiq-puxta, uzoq turuvchi narsalar olamida yashar, ular insondan uzoq umr ko‘rib, evaralarga [meros bo‘lib] o‘tar edi. Endi tovar yig‘ish, ularning moddiy qiymatini avlodlarga o‘tkazish uchun emas, o‘z ustida tajriba o‘tkazish uchun xarid qilinadi. Tovar “men”ning majozi, uning o‘xshashliklaridan biri bo‘lib, boshqasi bilan almashadi. Men bugun raketka sotib olsam, sportchiman, “men”ligim – to‘pning sakrovchanligi, zarba shodligi. Botinimda mana shu elastiklik, siltash shiddati va nishonga olish aniqligi bor; men eng yaxshi sifatlarimni namoyon qilish uchun raketka sotib olaman. Yangi kostyumlar, telefonlar va avtomobil hali o‘zim bo‘lib ko‘rmagan boshqa odam bo‘lishim uchun turli imkoniyatlardir.
Osonlikcha chiqindiga chiqariladigan narsaning bu qadar tez ma’naviy va ruhiy eskirishi sababi shunda – istiqboldagi poetik shu’lada mutlaq tovar mohiyati jilvalanadi, lekin u mening botiniy ongim, qodir-Menim singari tutqich bermaydi. Xarid qilishim uchun taklif etilayotgan narsa “men”ning yo‘qolib ketgan ko‘plab zarralaridan bittasi, xolos, tovar menga uni eslatib turadi, cheksiz qudratim, cheksiz bilimim, har yerda hoziru nozirligim haqidagi romantik shirin orzular olamiga g‘arq qiladi. Reklama kim bo‘lishingga ishora va boshqacha mavjudlikning oniy shirin orzusi, narsalarni aql bilan idrok qilishga chorlov sifatida poetikdir. Zamonaviy kapitalizm, hammaning badiga urgan “iste’mol jamiyati” mustahkam moddiy zamini yo‘q, o‘zgarayotgan imkoniyatlar, bugungi men bilan kelgusi men o‘rtasidagi harakatchan “munosabatlar alomatlariga aylanib qolgan narsalar pozziyasidir.
- NOOPOEYYa. ILM-FAN YuKSAK POEZIYa SIFATIDA
J.-J.Russo, M.Haydegger, R.Genon va “Yuksak an’ana”ning izdoshlari, taraqqiyot dushmanlari va o‘tmishni qo‘msash mafkurachilari ilm-fan va texnikani hali tabiatdan uzilib ketmagan birlamchi poeziya, insoniyat bolaligining maftunkorligini buzib yuborganlikda ayblaydi. Tabiat mavjudotlar bilan to‘lib-toshgan, har bir ko‘lda iloha (nayada), har bir daraxtda pari (driada) yashar, momaqaldiroq oliy iloh Zevs yoki Perunning ovozi edi. Ilm-fan va texnika go‘yo insonni borliqdan begonalashtiradi, sub’ekt bilan ob’ektni o‘zaro qarama-qarshi qo‘yadi, shaxs atrofida sovuq, jonsiz makon hosil qiladi.
Ilm-fanda pozitivizm, materializm, rekduktsionizm… ustunlik qilgan sanoatlashgan jamiyatda bunday ayblovlarga asos bor edi. Biroq ilm-fan ushbu hazin “izm”lardan uzoqlashib, paradoksal, portlovchi va urib turgan, tahliliy mulohazadan ko‘ra, she’r yoki koanga (yaponcha, qisqa paradoksal fikr – tarj.) mengzalgan borliqni kashf etuvchi poetik aql dadilligini o‘rganib o‘zgardi. Yana bir yuksak poeziya – noopoeyya (yunoncha noos – aql) – eng yangi fanda aqlning poetikligi sifatida namoyon bo‘layotgan atama haqida ham fikr yuritish mumkin. Ilm-fan va texnikaning darajasi qancha yuqori bo‘lsa, uning poetikligi shuncha terandir. A.Eynshteynning taxminicha, “ilmiy tafakkurda har doim poeziya unsuri mavjud. Haqiqiy ilm-fan va haqiqiy musiqa bir xil fikrlash jarayonini talab etadi”[11].
Elementar mikroob’ektni ham zarra, ham to‘lqin sifatida tamsil etuvchi kvant fizikasi poetikdir. Kvant chigalligi nazariyasiga ko‘ra, ulkan masofalarga tarqatib yuborilgan ob’ektlar ham bir-biriga (mahalliy bo‘lmagan tarzda) bog‘liq bo‘lib qolar, kvant holati ularning biridan ikkinchisiga makon va zamon qonunlariga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘tar ekan. Bu empirik aql mantig‘ini buzuvchi teran poetik g‘oyadir. Nisbiylik nazariyasi poetikdir: materiyaning har bir bo‘lagida unga joylangan atomlar parchalanishining ulkan quvvatini ko‘rish mumkin – bu teran majoziy qarashdir.
Materiyaning axborot tabiatini zamonaviy tushunish ham shu qadar poetikdir. “Borliq mohiyatan ulkan kompyuterdir, undagi har bir atom, har bir elementar zarrada axborot bitlari (inglizcha, bit – uzatilayotgan axborotning eng kam miqdor birligi – tarj.) mavjud…”[12] (Set Lloyd). Borliq va uni tashkil etuvchi zarralar kvant darajasida tinimsiz hisoblashlarni amalga oshirishi to‘g‘risidagi tasavvur zamonaviy axborot nazariyasi kontseptsiyasi bo‘lishi barobarida eng hayratlanarli majozlardan biri hamdir.
Fikrlarimiz va qiyofalarimizni ham zum o‘tmay istalgan masofaga yetkazib beradigan Butun jahon to‘ri poetikdir. Internetdagi qidiruv tizimlari ishiga “barchasi barchasining ichida” poetik printsipi ta’riflab bo‘la oladi. Muayyan so‘z va iborani izlayotib, shu paytgacha yozilgan barcha matnlarni soniyalar ichida yig‘amiz hamda yagona leytmotiv bilan yo‘g‘rilgan yangi matn butunligi, ma’nolar simfoniyasini yaratamiz. Shu tariqa assotsiativ aloqaga kirishadigan matnlarni qofiyali matn deb nomlash mumkin, chunki ularda umumiy so‘z unsuri bor, o‘ziga xos ichki qofiya bor. Qidiruv tizimlari matn qofiyalarini, leytmotiv-assotsiatsiyalar bilan yo‘g‘rilgan yangi so‘z massivlarini yaratuvchi mexanizmlardir.
Har bir zarrada, qanchalik mayda bo‘lmasin, “odamlar yashaydigan shaharlar, ishlov berilgan yerlar bor, xuddi bizdagi singari quyosh va oy, boshqa yulduzlar nur sochadi”, deya ta’kidlagan edi miloddan oldingi V asrda yunon faylasufi Anaksagor. Gomeomeriya aynan “o‘xshash zarra” bo‘lib, zarrasi butunga o‘xshash narsani anglatadi. Ushbu ko‘hna poetik intuitsiya elementar zarralar boshqa olamlarga yo‘l ochishi mumkinligi to‘g‘risidagi fraktallar nazariyasi (B.Mandelbrot) va farazlar bilan tasdiqlanmoqda[13]. Har qadamda mo‘jizaga borib taqaluvchi evrilish va paradoksga ko‘zimiz tushadi: katta va mayda narsalarning bir-biriga o‘tishi, massaning quvvatga, zarraning to‘lqinga aylanishi – bu Borliqning poetik ishi bo‘lib, fundamental fan darajasida kashf qilinadi.
Ayni chog‘da ilm-fan bilish amallari: kuzatuvlar, tavsiflar, tajribalar, miqdor o‘lchovlari, qayta ishlab chiqariluvchi natijalar qayd etilishi va hokazo doirasida ham ilm-fanligicha qoladi. Biroq ilm-fan eng yuksak umumlashtiruv darajasida poeziya bilan tutashadi. Dunyoning tuzilishi tavsiflanadigan formulalar go‘zalligi va xushbichimligi olimlarni hayron qoldiradi – ular nafaqat fizika, qolaversa, estetika qonunlari bo‘lsa ajab emas. Fizik Brayan Grin mashhur kitobini bejiz “Xushbichim borliq” (1999) deb nomlamagan bo‘lsa kerak. Aslida ulkan ilm-fan zamonamizning asosiy poeziyasidir.
“Inson – yaratuvchi” majozi har doim insondagi ilohiylikni va Xudodagi insoniylikni kashf qilish yo‘llarini izlayotgan tamaddunning bosh vazifasi bo‘lib kelgan. Lekin bizning zamonga kelib, uning qatoriga yana bir qancha fundamental majozlar qo‘shildi: Borliq – kompyuter; sayyora – tirik organizm; kompyuter – miya; internet – asab tizimi; yuqumli viruslar – kompyuter viruslari ham; genlar – til; hayot – xat yozish jarayoni… Ushbu majozlarning ma’nosini fan tasdiqlaydi yoki texnika hayotga tatbiq qiladi, lekin bundan ularning poetik ahamiyati pasayib qolmaydi. Shunday qilib, poeziya ilmiy dunyoqarash tarkibiga kiradi va yangi kashfiyotlarning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qoladi.
- MAROM VA ChEKLOVLAR TIZIMI
Tamaddun rivojlanib borgani sari inson borlig‘i maromi tobora tezlashadi va bu hol uning o‘sib borayotgan poetikligida aks etadi, chunki poeziya barcha darajalarda maromga ega bo‘lgan nutq, musiqa va ma’noning qo‘shilib ketishidir. Globallashuv Yer yuzida ro‘y berayotgan jarayonlarni sinxronlaydi va sayyorani musiqa asbobiga aylantiradi, uning sadosi axborot oqimlarini tashkillashtiradi. Jahon taraqqiyotining ushbu tarang va har joyda hoziru nozir maromiga ko‘ra, tarix har bir satri qofiyalanadigan poetik asarga aylanib bormoqda. Tamaddun musiqasi, ko‘plab voqea-hodisalarning ma’no ohangdoshligini tinglash chin ma’nodagi poetik kechinmadir. Musiqa ritmlari va axborot jarayonlari bir-biriga qo‘shilib, kuchli poetik taassurot qoldiradi.
Shu bilan birga poeziya cheklovlar tizimi ekanini ham unutmaslik kerak. Ular belgilab qo‘yilgan ohang va qofiyalar joylashuvi, o‘rnatilgan izchillikdagi urg‘uli va urg‘usiz bo‘g‘inlar almashinuvidan hosil bo‘ladi. Hatto erkin she’r, verlibr ham marom nuqtai nazaridan nasrdan ko‘ra qat’iyroq shakl topadi. Buni eslatib turish kerak, chunki zamonaviy tamaddunning poetikligi, majoz va evrilishlarga ishtiyoqi ichki cheklamalarni taqozo qiladi – aks holda bu hamma narsaning fojiali tarzda aralashib ketishiga olib kelishi mumkin. Muayyan jismning barcha atomlari parchalanib, massasi quvvatga aylansa, yadro portlashi vujudga keladi.
“Genetik bombalar” ham o‘ziga yarasha xavfli. XX asrning birinchi yarmidayoq har xil turlarni: yo‘lbarsni sher, odamni maymun bilan chatishtirish orqali yangi turdagi sut emizuvchilar, itoatgo‘y mutant maxluqlar olish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan edi. Yaqinda o‘tkazilgan transgen aralashuvlari namunasi sifatida pomidorning ichiga kambala balig‘i geni kiritilgan sovuqqa chidamli turi, makkajo‘xorining chayon geni qo‘shilgan qurg‘oqchilikka chidamli navi yoki hali tuxumdan chiqmagan jo‘ja oyoq va qanotlarini yo faqat oyoq yoki qanot qilib rivojlantirishning seskantirarli usulini sanab o‘tish mumkin. Transgen mahsulotlar bilan solishtirganda an’anaviy selektsiyaning muhim cheklovi borligini eslatib o‘tmoqchiman: faqat o‘zaro qarindosh organizmlar chatishtiriladi, ya’ni turli navga mansub kartoshkani chatishtirish mumkin, lekin pomidor bilan baliqni duragaylab bo‘lmaydi.
Hamma narsani hamma narsaga aylantirish, turlar, jinslar, etnoslar, tamaddunning struktura unsurlari o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish yalpi entropiya (nemischa entropie, frantsuzcha entropie < yunoncha yen …ga, ichkariga + tropē burilish, evrilish; – tarj.) va tanazzulga uchrash xavfini tug‘diradi. Shuning uchun poetiklashtirish haqida tarixiy taraqqiyot vektori sifatida so‘z yuritganda poeziyaning ifodaliligini kuchaytiruvchi mavjud cheklamalarini ham yodda tutish lozim. “Bir-biridan uzoq g‘oyalarni o‘zaro biriktirish” alohida sabab va teran qardoshlikka asoslangan assotsiativ aloqasi bo‘lmasa, bemalol aralashib ketmagan hollardagina ta’sir kuchiga ega bo‘ladi.
Odatda majoz bir xillikka emas, aynan o‘xshashlikka ishora qilishini qayd etish lozim. Insonni Xudo bilan bir xil deb bilish kufr, miyani kompyuter bilan aynan deb qarash johil materializmdan boshqa narsa emas, zotan, o‘xshashlik birxillikka o‘tgan joyda poeziya va obrazlilik tugab, formula va tenglamalar tili boshlanadi.
- INSONNING O‘ZINI O‘ZI BUNYoD QILIShI
Roman Yakobsonning fikricha, “xabarga moyillik (Einstellung), xabarning o‘zi uchungina unga diqqat-e’tiborni jamlash tilning poetik funktsiyasidir”[14]. So‘zlar va ularning kompozitsiyasi, ma’nosi, ichki va tashqi shakli o‘z-o‘zidan salmoq va qadr-qimmat kasb etgandagina… poetiklik mavjud bo‘ladi…”[15].
Avtoreferent (o‘ziga yo‘naltma berish – tarj.) funktsiya, ya’ni tilni o‘ziga yo‘naltiruvchi poetik funktsiya ta’rifini yuksak poeziyaga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Zamonaviy texnikaning poetik funktsiyasi, xususan, an’anaviy, agrar va sanoat jamiyatidagi mehnat begona qilgan kuchni insonga qaytaradi. Sanoatdan keyingi davr mahsuli bo‘lgan eng ilg‘or texnika fetishga aylangan tovarlarni ishlab chiqarishda insonning muhim kuchini tortib olmaydi, aksincha, insonning ichki teranlashuviga, evrilish imkoniyatlarini kengaytirishga sabab bo‘ladi. Bu tovar yoki anjomning foydaliligidan ko‘ra insonning o‘zini o‘zi bunyod qilishi, yangi, kengaytirilgan obrazini yaratishdir.
Inson faoliyatining nafaqat til bilan bog‘liq, qolaversa, barcha turlarida poetik funktsiya ustuvor bo‘lishi mumkin, u o‘sha faoliyat turlarini birlashtirib turadi. Ushbu o‘z-o‘ziga qamalib olishning sarchashmasida o‘zini anglagan, o‘zi harakat qiluvchi, “avtopoetik” mavjudot turadi, u, I.Kantning yalpi majburiy axloq qonuniga ko‘ra, “insoniyatga o‘z shaxsi va istalgan boshqa shaxs timsoliga maqsad deb qarashi va unga hech qachon vosita deb qaramasligi kerak”. Insoniyat faoliyati pirovardida uning o‘ziga nisbatan maqsad sifatida yo‘naltirilgandir va binobarin, oliy ko‘rinishlarida poetiklashadi.
Xristian dinida Iso timsolida Xudoni odam qiyofasida aks ettirish va odamni ilohiylashtirish G‘arb tamaddunining asosiy mavzusidir. Odam Xudo bo‘lishi, ya’ni o‘zini o‘zi yaratishi uchun Xudo odam bo‘ladi. Nitshe odamning alp odam yaratishiga oid ushbu mavzuni yana bir marta ko‘tardi. Insonning dunyodagi taqdiri uning obrazlilik mohiyatini tobora teran kashf qilmoqda, chunki u nafaqat biologik tur sifatida o‘zgarmoqda, balki o‘zining yanada murakkabroq, shartli va olisdagi obrazini yaratib, bir vaqtda ularni birlashtirmoqda.
Ayni chog‘da biz homo sapiens (lotincha aqlli odam – tarj.) paydo bo‘lgandan beri eng muhim antropologik inqilobni boshdan kechiryapmiz. Inson tur sifatida nafaqat mehnat qurollari yasay oladigan va tamaddun barpo qiladigan aql egasidir. Bugungi antropologik inqilobning ma’no-mazmuni shundaki, inson uni o‘ziga singdirib, alp odamga aylanmoqda. U asarlar, tovarlar, mehnat mahsulotlari ko‘rinishidagi narsalarga aylantirgan ongi va fantaziyasini o‘zidan begonalashtirib, endi qayta moslashtiradi va qayta o‘zlashtirib oladi. Odam “malla sochli firibgar” sifatida emas, o‘zi yaratgan, hamma narsani ko‘rib, eshitib turuvchi, qanotli va deyarli farishtamonand texnika qudratini singdirib olgan alp odam bo‘la bormoqda.
XXI asrda tamaddun taraqqiyoti markazdan qochish yo‘nalishini saqlab qolgan holda tobora markazga intiluvchanlik xususiyatini kasb etyapti. Biz tamaddun insonni texnik qurilmalar, tibbiyot preparatlari va ehtimol, konstruktiv genetik o‘zgarishlar vositasida qaytadan bunyod eta boshlagan keskin o‘zgarishlar ostonasida turibmiz. Inson tanasiga o‘rnatilgan yoki u bilan chambarchas bog‘langan asboblar xotirasini keskin oshiradi, qabul qilish organlarini kengaytiradi, ishlab chiqarish qobiliyati va muhitga ijodiy ta’sirini ko‘paytiradi. Insonning tur o‘laroq yaratgan narsalarini singdirib olgan qodir tabiiy mavjudot sifatida o‘zini bunyod qilishi Xudo insonni yaratgandan so‘nggi eng buyuk antropoeyya amalidir. Albatta, bu inson atrofidagi tamaddun muhitini yo‘q qilmaydi, ammo uning inson botinida mavjudligini mustahkamlaydi. Individ tamaddunning mikrokosmi – kichik olami bo‘lishi, cheksiz egiluvchan mavjudot, o‘zini erkin yasovchi, missiyasini ko‘plab amaliy va harakatchan majozlari, “avatarlari” orqali amalga oshiruvchi multividuum sifatida o‘sha tamaddunning ijodiy yashirin imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin. O‘shanda poeziya ham til bilan bog‘liq ijod turi bo‘lib qolmasdan, insoniyatning o‘zini o‘zi bunyod etishiday mo‘ljallangan narsasiga erishadi.
- POEZIYa TAMADDUN ChO‘QQILARIDA
Yuksak poeziya so‘z chegaralaridan chiqib ketib, ya’ni evrilish, bir obrazning boshqasiga o‘xshashlik yoki turdoshlik belgilariga ko‘ra aylanish san’ati bilan poeziyaligicha qoladi. Poeziya og‘zaki holatda salmog‘ini yo‘qotmoqda, biroq o‘ta yirik miqyoslarda – texnik va ijtimoiy evrilishlar darajasida qudratini oshirmoqda. Bunday yuksak poeziyani tushunish uchun nafaqat so‘zda, qolaversa, narsalarda, texnosfera va sotsiosferada ifodalangan majoz va istioralarni tadqiq qila oladigan yuksak poetika va yuksak filologiya zarur. Yuqorida zikr etilgan yuksak poeziyalarga mos ravishda yangi poetikalar qatori vujudga keladi: kosmopoetika, texnopoetika, biopoetika… Ushbu fanlar texnik ixtirolar poetikasini o‘rganishi, astronomiya asboblariga kuchaytirgich giperbolalar sifatida qarashi yoki qarshilantirish va oksyumoron (yo‘lovchi tashuvchi va harbiy aviatsiya, boshqariluvchi va portlovchi termoyadro sintezi) singari ayni texnologiyalarni yaratuvchi va buzg‘unchi sifatida qo‘llashni tahlil qilishi mumkin.
Endi Hegel bilan Shelling o‘rtasidagi eski bahsga nuqta qo‘yish mumkin. Shelling san’at va tasavvurni ma’naviy taraqqiyot cho‘qqisi deb bilgan bo‘lsa, Hegel mantiqiy fikrlash va ilmiy bilishni dunyoviy Ruh taraqqiyotining eng yuksak nuqtasi deb hisoblar edi. Ayni choqda Hegel falsafasi san’atni dunyoviy Ruh taraqqiyotining sodda bosqichi sifatida tarixan halokatga mahkum deb biladi. Ilmiy bilish cho‘qqilariga yetgan Ruh borliqning nisbatan past, “hissiy” bosqichi bo‘lgan badiiy ijod darajasiga qaytib tusha olmaydi. Aqlning kelgusi taraqqiyotida poeziya va san’atga o‘rin qolmaydi.
San’atning an’anaviy shakllari: kartinalar va haykallar masalasidagi Hegelning fikriga qo‘shilish mumkin. Klassik san’at yoki XX asrning boshi va o‘rtalaridagi modernizm davri bilan solishtirilsa, (XX asrning 60-yillaridan so‘nggi) zamonaviy san’at muzeylarida tanazzul va tasavvur qashshoqligini ko‘ramiz. Haqiqiy zamonaviy san’at texnikadir. U tafakkur va ma’naviy intilishlarga to‘la, odamlarni bir-biri bilan bog‘laydi hamda muloqot va ijodga yangi yo‘llar ochadi. Shu ma’noda Shelling haq bo‘lib chiqadi: dunyoni badiiy o‘zgartirish ilmiy bilimlar va texnik mahoratning oliy sintezi ekani ma’lum bo‘ladi. Ilm-fan va texnika iskanjasiga tushib qolgan ko‘hna san’at o‘ladi, lekin ularning yuksak cho‘qqilarida yangi poeziya paydo bo‘ladi, unga idrok etishning boshqa miqyoslari kerak bo‘ladi. Bu endi an’anaviy ilm-fanga qarama-qarshi qo‘yilgan an’anaviy san’at emas, bu bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketadigan yuksak ilm-fan va yuksak san’atdir.
Qadimgi asotirlarda bo‘y ko‘rsatgan poeziya yaxshi tartiblangan eng yaxshi so‘zlar bo‘lib qolmasdan tabiat ustidan hukmronlik qiluvchi afsun va duoga teng kuchdir. Orfey ashulasi bilan daraxt va qoyalarni joyida siljitgan, yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgatgan, tabiat hodisalarini boshqara olgan. “Kalevala” eposidagi Vyaynemyoynen karomatli runani (karel va finnlarning qadimiy qo‘shig‘i – tarj.) kuylaganda, ko‘llar mavjlangan, tog‘lar silkinib, qulab tushgan. Poeziyaning ushbu kuchi o‘tmishda go‘zal afsona bo‘lib, qolib ketgani yo‘q. Bugun ko‘z o‘ngimizda poeziya dunyoni har qachongidan ham qudratliroq va har tomonlama o‘zgartirmoqda. Fizika, biologiya, energetika, informatika ilgari faqat so‘zda erishish mumkin bo‘lgan taraqqiyot – poezis ma’nosini oliy maqsad deb ta’riflaydigan poeziyaga hamma narsada hamma narsada aks etadigan olamni poetik kompozitsiya sifatida yaratishga xizmat qilmoqda. Poeziya eng kuchli evrilishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida ilk so‘z – she’r shaklidan chiqib, bir zamonlar she’r va qo‘shiqlarda o‘zgartirilgan dunyoni yana o‘zgartirish uchun ilm-fan va texnika quvvati, barcha bilim va kasblar ashyolari bilan qurollanmoqda.
Rus tilidan Faxriyor tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 6-son
_______________________
Mixail Naumovich Epshteyn (1950 yili Moskva shahrida tug‘ilgan) – rus faylasufi, madaniyatshunosi, adabiyotshunosi, tilshunosi, essenavisi, Emori universitetining (Atlanta shahri, AQSh) madaniyat nazariyasi va rus adabiyoti bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan professori va Darem universitetining (Buyuk Britaniya) Gumanitar innovatsiyalar markazi rahbari, Rossiya Pen-markazi a’zosi.
Ushbu esse muallifning roziligi bilan tarjima qilindi va chop etilmoqda.
[1] “…bo‘lishi mumkin. Prigov she’rlarida rus poetik an’anasi bizga va butun dunyoga so‘nggi marta “kechir” deb aytgan so‘nggi rus shoiri bo‘lib olishi mumkin”. Vladimir Martыnov. Pestrыe prutya Iakova. – M.: 2009. S. 45.
[2] Vasiliy Nalimov. Veroyatnostnaya model yazыka. – M.: Nauka, 1979. S. 241, 242.
[3] http://philosophy.mitht.ru/spengler.htm
[4] http://www.guelman.ru/maksimka/n5/breton.htm
[5] http://philosophy.ru/library/aristotle/poet.html
[6] Rech idet o sposobe preobrazovaniya opticheskogo izlucheniya. http://ria.ru/society/20060530/48834009.html
[7] Sm. Z.A. Zorina, A.A. Smirnova. O chem rasskazali «govoryaщiye» obezyanы. – M.: 2006.
[8] Dmitriy Bulatov. Russkaya ruletka. http://www.vavilon.ru/textonly/issue10/bulatov.html
[9] http://lib.ru/CULTURE/VALERY/about_art.txt
[10] Seneka. Nravstvennыe pisma k Lutsiliyu, pismo XIII. ] http://ancientrome.ru/antlitr/t.htm?a=1346570013
[11] http://www.orator.ru/einstein.html
[12] Set Lloyd. Programmiruya Vselennuyu. Kvantovыy kompyuter i buduщee nauki. – M.: Alpina non-fikshn, 2013. S. 7.
[13] Boshqa bir – materiyaning ham kattalashib, ham maydalashib borish tomon cheksizligi, Borliq tobora kattalashib borish tartibidagi bir-biriga kiruvchi tizimlar majmui ekanligi haqidagi – faraz zamonaviy fanda hozircha isbotini topmayapti, lekin kelgusida unga qaytilishi ehtimoldan xoli emas.
[14] Yakobson R.O. Lingvistika i poetika / Sokr. perev. I.A. Melchuka // Strukturalizm: «za» i «protiv»: Sbornik statey. – M., 1975. S. 202–203. http://cyberleninka.ru/article/n/parallelizm-i-poeticheskaya-funktsiya-r-yakobsona-v-teorii-povtora#ixzz35b3TQUp3
[15] R. Yakobson. Yazыk i bessoznatelnoye, per. s angl., frants. – M.: 1996. S. 118.