“Agar “Jan-Kristof” asari bo‘lmaganida, Rollanni adib va yozuvchi sifatida emas, balki insonning qadr-qimmati va erkinligi uchun tolmas, qat’iyatli kurashchi, adolatli hamda insonparvar jamiyat qurish tarafdori bo‘lgan inson sifatida eslagan bo‘lur edilar…”, deb yozadi adabiyotshunoslardan biri dunyo adabiyotida e’tirofga sazovor siymolardan sanalgan Romen Rollan haqida.
XIX asrning ikkinchi – XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan frantsuz taraqqiyparvar yozuvchisi, romannavis va publitsist Romen Rollan 1866 yilning 29 yanvar kuni Frantsiya janubidagi Klasmi deb ataladigan mo‘jazgina shaharchada, badavlat xonadonda tavallud topgan. Otasi Emil anchayin ko‘zga ko‘ringan advokat, onasi Antuanetta Mari Kuro xudojo‘y, ma’rifatli ayol edi. Yosh Romenning san’atga mehr qo‘yishida onasining ta’siri katta bo‘lgan. Ota-ona o‘z farzandlarining yaxshi ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoitni yaratib beradi. Parijdagi Buyuk Lyudovik litseyini tamomlagach, Rollan “oliy normal maktab” deb yuritiluvchi bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Uch yildan so‘ng, ya’ni 1889 yili tarix o‘qituvchisi diplomini qo‘lga olib, tarix sohasini chuqur o‘rganish uchun universitet hisobidan ikki yil muddat bilan Rimga boradi. Lekin vaqt o‘tib, unda ilmiy izlanishlarga qiziqish susayadi va tarixiy dramalar turkumini yaratishga kirishadi.
Bo‘lajak adibning talabalik chog‘larida san’at olamida yuzakilik va g‘oyasizlik avj olmoqda edi. Shunday og‘ir sharoitda yosh Rollan ulug‘ rus yozuvchisi Lev Nikolayevich Tolstoyga maktub yo‘llab, undan yo‘l-yo‘riqlar so‘raydi. L.N.Tolstoy 1887 yilning 3 oktyabrida Rollanga yozgan javob xatida “Hayotga bo‘lgan chin muhabbatgina san’atkorga haqiqiy badiiy asarlar yaratish uchun ilhom bag‘ishlaydi”, deb ko‘rsatadi. Shu tarzda Tolstoy yosh Rollan uchun do‘st hamda ustozga aylanadi.
Rollan 1891 yilda Parijga qaytib, pesalar yozish va tadqiqot ishlari bilan band bo‘ladi. 1892 yili esa Klotilda Brealga uylanib, o‘z davrining mashhur kompozitorlari Jan Batist Lili hamda Aleksandro Skarlattining opera san’ati bo‘yicha dissertatsiyasini yozishga kirishadi. Ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgandan so‘ng shaxsan uchun tashkil etilgan musiqashunoslik kafedrasiga rahbarlik qila boshlaydi. Shundan keyin qariyb o‘t yetti yil davomida Rollan Sorbona Universitetida, Ijtimoiy tadqiqotlar maktabi va boshqa muassasalarda adabiyot, musiqa va tasviriy san’at sohasiga oid ma’ruzalar o‘qiydi.
Rollanni ko‘proq madaniyatlar tarixi, ayniqsa, o‘zining ta’biri bilan aytganda, tarixning “qahramonona” davrlari qiziqtirar, shundanmi, u alohida mavzularda emas, turkum asarlar yaratishga kirishar va ko‘pincha ularni oxiriga yetkazmay to‘xtatib qo‘yar, boshlagan ishlari qo‘lyozma holida qolib ketverardi.
Muallif o‘z dramalari (“E’tiqod fojiasi”, “Inqilob dramalari” turkumlari) bilan vatandoshlariga o‘sha paytdagi Frantsiya jamiyatida sustlashgan e’tiqod, ishonch va umid-tuyg‘ularini uyg‘otishga harakat qilgan.
Rollan, shuningdek, hayoti va ijodi kitobxon uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin bo‘lgan mashhur kishilarning badiiy tarjimai hollari turkumini yaratishga qaror qiladi. Rollanning biografi Uilyam Tomasning aytishicha, “mushkul ahvolga tushganida ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgani uchun minnatdorchilik belgisi sifatida” adib “Betxovenning hayoti” tarjimai hol asarini yozgandi.
1901 yilda R.Rollan xotini bilan ajrashadi va biroz muddat tushkunlikka tushadi. 1905 yili Mikelanjeloning hayoti va faoliyati haqidagi asarini tugatib, bu yo‘nalishda ishni davom ettitrmaslikka ahd qiladi, negaki, u buyuk kishilarning taqdiri kitobxonga zavq berishi dargumon, degan to‘xtamga kelgan edi. Ammo keyinchalik Rollan Gendel, Ramakrishna, Vivekananda, Tolstoy, Gandilarning hayoti va faoliyati haqida asarlar, “Jan-Kristof” romanini yozadi. Rasman esa “adabiy asarlaridagi yuksak g‘oyalar, turli insonlar qiyofasini aks ettirishdagi haqqoniylikka bo‘lgan sadoqati va muhabbati uchun” adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Urush tufayli mukofotni topshirish qolib ketadi, o‘z-o‘zidan ma’lumki, yozuvchi Nobel ma’ruzasi bilan ham chiqish qilmagan.
1904-1912 yillarda yozib tugatilgan “Jan-Kristof” roman-epopeyasida daho musiqachi Betxovenning taqdiri qalamga olingan. “Jan-Kristof” qudratli shaxs “simfoniya”si, daho qalbining badiiy tahlili sifatida yaratilgan. Qahramonning tug‘ilishidan to vafotigacha bosib o‘tgan yo‘li insonga ishonch ruhi ila sug‘orilib, hayot va kurash qasidasi yanglig‘ jaranglaydi. “Ijod etgan kishi yashaydi… Ijod etmoq – o‘limni yengmoq” deganidir. Qolaversa, asarda XX asr boshlaridagi Yevropaning keng manzarasi aks ettirilgan. Avstriyalik novellalar ustasi Stefan Sveygning ta’kidlashicha, “Jan-Kristof” Rollanning tarjimai hol janridan ko‘ngli soviganligi oqibatida yuzaga kelgan. “Chunki, – deydi Sveyg, – tarix unga tasalli bera olmasligini tushunib yetdi, endi u san’at tomon yuz burdi…”
Ayrim tanqidchilar Rollan asarlaridagi juz’iy kamchiliklarni ko‘rib, yutuqlarini to‘g‘ri baholay olmaganlar. Masalan, “Jan-Kristof” mavhum va shaklsiz, degan gap-so‘zlar ham bo‘lgan. Ingliz yozuvchisi va tanqidchisi E.M.Forster Rollan haqida “yoshligida uyg‘ota olgan umidlarni oqlamadi”, deb yozadi. Har ne bo‘lganda ham, u-da bir inson edi.
Adib 1944 yilning 30 dekabrida yoshligida orttirgan sil kasalligidan vafot etadi.
Romen Rollanni xotirlab do‘sti Mari Doria shunday yozgan edi: “Men Romen Rollan bilan faxrlanaman. Qolaversa, “Jan-Kristof”dan hayratlanaman. Ammo Rollanning ijodkorligidan ko‘ra insoniyligi menga ko‘proq yoqadi… U yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq edi, ikkilangan yoki yolg‘izlikda yo‘l topolmaganlarga, yo‘l ko‘rsatardi…”
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son