Frantsuz yozuvchisi. 1871 yili tug‘ilgan. Yetti kitobdan iborat «Zavol topgan vaqt izidan» nomli epopeyasi XX asrning «eng yirik yangi talqindagi nafosatli romani» nomini oldi va yozuvchi bu asari bilan dunyo adabiyotida «psixologik roman» janrini boshlab berdi.
XX asr adabiyotida Marsel Prust nomi «G‘arb adabiyotining uchta cho‘qqisi» deb atalgan maqom uchun Kafka, Joysdan keyin Kamyu, Bekket bilan birga uchinchi o‘rinni talashib keladi. Biroq yoshi va adabiyotdagi novatorligi, inson idrokini eng chuqur va ilg‘ab bo‘lmas holatlarigacha kuzatolgani, aks ettirgani bilan Bekket va Kamyuga nisbatan ancha ko‘lamli, zalvorli adib sifatida tan olinadi. O‘z tengdoshlariga qaraganda Marsel Prust hayoti birmuncha sokin va zavqli kechdi. Taqdir, o‘ziga davrdosh yozuvchilardan farqli o‘laroq, Marsel Prustni o‘qimishli, ziyoli va kengfe’l ota, nozik, adabiy didi bor mehribon ona bilan siylagandi. Otasi Yevropada nomi chiqqan mashhur epidemiolog vrach, onasi san’at va adabiyotdan boxabar bolajon, fahm-farosatli, san’atni tushunadigan va talqin qila oladigan darajada bilimli ayol edi. Ular farzandlarini bekamu ko‘st tarbiyalash uchun hamma narsaga tayyor edilar. Ammo taqdir yosh Purstni boshqa tomondan siqqandi. Xuddi doktor otasining sabri va bilimini sinayotganday u 9 yoshidan astmaga yo‘liqdi, bir umr bu dardning azob-uqubatini tortib o‘tdi. Yarim dunyoni vabo va o‘latdan qutqarish yo‘lini topgan mashhur vrach o‘g‘lini bu darddan xalos qilolmadi. Zero, u paytlari mazkur kasallikning davosi haqida kam ma’lumotlar mavjud edi. Yosh Marsel onasining ta’sirida tabiatga, odamlarga, san’atga nisbatan nozik did bilan tarbiya oldi. O‘z davrining eng mashhur va nufuzli litseyida o‘qidi. Xuddi Kafka kabi universitetning huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo Marsel o‘qishni oxiriga yetkazmadi. Harbiylikni tanladi. Biroq harbiylik ham unga yoqmadi, tezda iste’foga chiqdi. Uning bu erkaliklari uchun ota-onasi tergab o‘tirishmadi. Farzandlarini erkin qo‘yishdi, ko‘ngliga qarashdi. Ular Marselning o‘z yo‘lini tanlab olishiga ishonishardi. Shu sababli o‘g‘illari tanlagan har qanday yo‘lni ma’qul ko‘rishardi. Marsel yoshligidan adabiyot shaydosi bo‘lib o‘sdi. 13 yoshida o‘sha davrda oqsuyaklar xonadonida andozaga kirgan so‘rovnomaning «Sizning sevimli mashg‘ulotingiz…» degan bandiga «O‘qish, musiqa eshitish, ijod qilish, teatrga borish» deb javob bergandi. Prust bolaligidanoq adabiyot va ijodni hayotning mazmuni degan qarorga kelib bo‘lgandi. Universitetni ham, harbiylikni ham, aslida, adabiy faoliyat bilan kengroq shug‘ullanish maqsadida tashlagandi. Adabiy davralarga qo‘shilish uchun u gazetada, kutubxonada ishladi, o‘sha davrning mashhur adabiy salonlariga borib turdi, san’at va adabiyot gurunglari, bazmlarida ishtirok etdi. Do‘stlari bilan «Davra» («Pir») nomli adabiy jurnal chiqardi, 1894 yili she’rlari e’lon qilina boshladi. 1895 yili esa keyinchalik ko‘plab syujeti «Zavol topgan vaqt izidan» epopeyasiga singishib ketgan «Jan Santey» romani ustida ish boshladi. Ammo roman tugallanmay qoldi. 1896 yili Anotol Frans so‘zboshisi bilan «Safoli kunlar» nomli hikoyalar to‘plamini e’lon qildi. Asr boshida izma-iz vafot etgan ota-onasining o‘limi unga qattiq ta’sir qildi va shu paytdan boshlab adabiy uzlatni o‘zining bir umrlik boshpanasiga aylantirdi. 1906 yildan u Parijning Osman bulvaridagi uyiga ko‘chib o‘tib, butun hayotini ijodga bag‘ishladi. 1907 yildan «Zavol topgan vaqt izidan» nomli epopeyasi ustida ish boshladi. Dastlab to‘rtta kitobga mo‘ljallangan roman kattarib ketdi va adib vafot etganda yettita kitoblik epopeyaga aylangandi. Asarning dastlabki kitobi – «Svanga intilib» 1912 yili yozib tugatildi. Ammo bironta nashriyot ham bu romanni nashr qilishga botinolmadi. Barcha nashriyotlar asarning adabiyotga aloqasi yo‘q kechinmalar tasviri sifatida qabul qilishdi. Zero, Prust mavjud romanchilik an’analarini Joys va Kafkadan ancha oldin buza boshlagan, yangi roman – psixologik roman janrini adabiyotga olib kirgandi. Bu roman va barcha yettita kitob ham aniq syujeti yo‘q, ongosti uslubida keng va batafsil tasvirlangan hissiyot, kechinmalar, xotiralardan iborat sahifalar yig‘indisi edi. Romanda yozuvchi idrokning eng chuqur va mantiq yetib bormaydigan qatlamlarini ochib olib, u yerdagi shuur o‘zgarishini – tuyg‘u, zavq, mayl, kechinmalarga aylanish jarayonini birma-bir tasvirlab berayotgan suratchiday taassurot qoldirardi. Idrokning bu qatlamida o‘tmish bilan bugun qorishib ketgan hissiyotlar, xotiralar, amaliy va kundalik hayotda biz e’tibor bermay qo‘ygan, ammo ko‘nglimizning asl qiyofasi, istagi va holatini aks ettiradigan taassurotlar yashaydi. Ana shu taassurotlar Prust epopeyasiga asos bo‘ldi. 1913 yili yozuvchi o‘z hisobidan birinchi kitobini chop ettirdi. Biroq adabiy olam bu asarga e’tibor ham bermadi. Deyarli sotilmadi ham. Marsel Prust esa uyiga qamalib olib xuddi o‘z davrining adabiy didi bilan o‘chakishgandek asarning qolgan kitoblarini xuddi shu uslubda yozishda davom etdi. Qismat o‘yinini qarangki, oradan 85 yil o‘tgach aynan o‘sha hech kimning e’tiborini tortmagan va sotilmay qolgan birinchi kitobning qo‘lyozmasi kimoshdi savdosida 1 million dollarga sotildi.
Prust o‘zining kuchiga va asarining adabiy qiymatiga ishonardi. Sog‘ligi yomonlashsa ham, betinim yozishda davom etdi. U yozish uchun va dunyo adabiyotida yangi adabiy uslubni asoslash uchun har bir kunini, lahzasini adabiyotga bag‘ishladi. Derazalarini qalin parda bilan yopib oldi, tashqarining shovqinlaridan, chalg‘ituvchi saslardan o‘zini ihota qildi, uyining devorlariga ham mato qoplatdi. U ayni paytdagi davrning aldamchi shiddati, o‘tkinchi hayot maromini, jilvalarini unutib, o‘z xotirasiga, o‘zining ichki dunyosiga sho‘ng‘idi. O‘zining ichki dunyosida, xuddi bir paytlar mavlono Rumiy topganidek, bani koinotga teng makon va mavzu, hissiyot, eng muhimi, o‘zini topdi. U jamiyat aldamlaridan, g‘alvalaridan xoli bo‘lgan mana shu ichki dunyo manzaralarini asariga singdirdi, inson hayotiga ma’no izladi, ikkiga bo‘linib bir-birini qirg‘inbarot qilayotgan insonning mohiyatini anglashga urindi. Ana shu ichki dunyodan oldinma-ketin yettita kitobdan iborat XX asrning «ulug‘ romani» degan asarni tortib chiqardi. U har kuni kechasi bilan ertalab soat yettigacha yozar, so‘ng jismu jonini larzaga solayotgan astmaga qarshi malham ichib uxlashga yotar, kechqurun yana yozishga tushardi. Qariyb o‘n besh yil shu taxlit, shu sharoitda, shu maromda ijod qildi. U ijod bilan o‘lim va kasallik ustidan g‘alaba qilmoqchiday edi. G‘alaba qildi ham. «Zavol topgan vaqt izidan» romanining oxirgi kitobi – «Vaqt mahkumligi»da asar qahramoni hayotning ma’nosi ijoddir, ijodsiz, ijodkorliksiz insonda va uning hayotida, intilish va maqsadlarida hech qanday mohiyat va ma’no qolmaydi, ijodgina inson va hayotga ma’no bag‘ishlaydi, inson faqat ijod va ijodiy zavq bilangina vaqt zavolidan, umr zavolidan xalos bo‘la oladi degan xulosaga keladi. Bu, aslida, yozuvchining dunyoga va insoniyatga qoldirgan hayot hamda mavjudlik mohiyati haqidagi xulosalari edi. Marsel Prust 1922 yili bir umr uni qaqshatib kelgan og‘ir astmaning asorati bo‘lgan o‘pka shamollashidan vafot etdi.
«Zavol topgan vaqt izidan» epopeyasining turli kitoblari xuddi yozuvchi hayotdek o‘limidan so‘ng ham yana besh yilgacha nashr etilib turdi. Romanning oxirgi qismi 1927 yildagina bosilib chiqdi. Uning bosh qismini o‘qiganlarning aksariyati endi dunyoda yo‘q edi. Uzilishlar bilan bosilib chiqqan mazkur roman o‘zining murakkabligi tufayli ko‘p vaqtgacha keng omma orasida yetarli baho ololmadi.
Biroq san’atning qadriga yetadiganlar romanni yuksak baholadilar. Asar hatto sho‘roning sotsialistik realizm asoschisi bo‘lgan adiblarini ham lol qoldirgandi. Gorkiy Prustni «so‘z sehrgari» deb atadi. Lunacharskiy «u adabiyotga ipak poyandoz to‘shadi» deb ta’rif berdi. Prust «Zavol topgan vaqt izidan» romanida har qanday fikr inson kechinmalari mahsuli, inson tafakkuri ana shu kechinmalar mujassami, hosilasi, tafakkurni bilish uchun uning ichki kechinmalarini bilish zarur degan qarashni o‘rtaga tashlaydi. To‘g‘rirog‘i, Prust G‘arb adabiyotiga xos bo‘lmagan tarzda inson qalbini birinchi o‘ringa qo‘yadi va inson qalbidagi o‘zgarishlar uning tafakkurini belgilaydi, qalbdagi go‘zallik haqiqiy go‘zallikdir degan sharqona xulosani asariga singdiradi. Qalb – inson faoliyatining yagona ko‘zgusi. Shu sababli Prust ushbu asarida insonni o‘rganishda, tahlil etishda tashqi faoliyatni, tashqi jimjimalarni mutlaqo rad etadi. Tashqari hech qachon inson ma’naviy dunyosini to‘liq belgilay olmaydi deydi. Ushbu yetti kitobning har biri har xil nom bilan atalsa-da, «Zavol topgan vaqt izidan» romanining bo‘linmas yetti qismi hisoblanadi. Chunki bosh qahramonlar bir xil, usul bir xil, badiiy til bir xil. Romanning bosh qahramoni – Marsel. Asarda voqelik faqat xotiralar, his-tuyg‘u, kechinmalar orqali bizga namoyon bo‘ladi. Prust Marsel obraziga o‘zining ismini emas, butun boshli biografik lavhalarni, tuyg‘u va kechinmalarini kiritib yuborgan. To‘g‘rirog‘i, roman Marsel Prustning shaxsiy kechinmalari stenogrammalari, fotosuratlariga o‘xshaydi. Shu sababli mazkur tasvirlarda muallif kechinmalari yaqqol sezilib turadi. Anna Axmatova yozuvchi o‘z tarjimai holini bu qadar ustalik bilan asarga singdirib yuborishiga qoyil qolib: «Buni faqat Prust eplagan!» – degandi.
Roman qahramoni ham Marsel Prust kabi dunyoni nozik his qiladi, shoirona did va hissiyotga ega. Uning qalbi romantikaga moyil. Asar uning kechinmalari, xotiralari oqimi bilan rivojlanib boradi. 30 varaqlab bir jumla, bitta tasvir davom etaveradi. Lekin bu 30 varaqlik jumla uzuq-yuluq, noaniq va ma’nosiz emas; balki qahramonning uzluksiz aks sado berayotgan ko‘ngil mayllari va unda sodir bo‘layotgan voqealar, tafsilotlar, kechinmalar suratidir. Prust sizni ko‘z oldingizda turgan tashqi dunyodan uzib olib, ko‘ngil degan beadad ma’voga boshlab kiradi va yetti kitobdan «Svana bo‘ylab», «Germantlar xonadonida», «Sodom va Gomorra», «Qochoq qiz», «Asira», «Qiz chehrasiga yashiringan gullar» kabi barcha qismlarda sizni ana shu go‘zal dunyoda yetaklab yuradi. Bu makonda bizni qalb va ehtiroslar tafti, tuyg‘ular mavji, hayajon va his kutib turadi, bu yerda bosh qahramonlar timsolida o‘zingizni ko‘rasiz, asar xuddi siz haqingizda, o‘zingizning ko‘nglingiz haqida ketayotganday tuyuladi. Shu sababli Prustni adabiyotda «men»ni va qalbni tahlil qilgan ulug‘ adib sifatida tan olishadi. «Men» bu – inson o‘zligi. Inson o‘zligi uning ichida. Epopeya ana shu botiniy olam haqida. Ba’zida uzun jumlalar odamni toliqtiradi, ammo jumladagi ohorlar ko‘ngilga zavq beradi. Jumlaning uzunligi ham bilinmay qoladi, sizni yoqimli bir zavq qamrab oladi. Yirik jumlalar boshqa adiblarda ham uchraydi. Masalan, Tolstoyning «Urush va tinchlik» asarida 5 varaqqacha yetadigan jumlalar bor. Shuningdek, Folkner va Gofmanda ham shunday jumlalar mavjud.
Xo‘sh, Prustning yirik jumla tuzishdagi novatorligi nimada?
Tolstoy yirik jumlani tashqi detallar, naturalistik tasvirlar hisobiga boyitadi, kengaytadi. Bu Prust uslubiga qaraganda yengilroq. Chunki tashqi detalni har xil tasvirlay olish mumkin. Zolyada ham xuddi shunday. Prust esa ulardan farq qiladi: u jumlalarni ichki kechinmalar hisobiga boyitadi, kengaytadi. Bu og‘ir, chunki ichki kechinmalarni har xil tasvirda aks ettirib bo‘lmaydi; kechinmalar yozuvchini o‘ziga bo‘ysundirib qo‘yadi. Shuningdek, kechinmalar elektr tezligida o‘zgarib, almashib, taraqqiy topib, turg‘unlashib, takrorlanib, siyqalanib, yana harakat qilib turadi. Buni yirik jumlalarda aks ettirish uchun katta mahorat kerak. Prust mazkur ishni uddalay oldi. Uning jumlalardagi mahorati ana shunda. To‘laqonli jumla til boyligi, til qamrovining kengayishi degani. Aslida, kechinmalar, ya’ni inson botinidagi holatlar, tuyg‘u va fikrlar hech qanday nuqta, vergul, so‘roq, xitob, chegara degan narsalarni bilmaydi. U izma-iz, izchil bo‘lmagan holda o‘zgarib turadi va hech qanday chegaraga sig‘maydi. Nuqta va vergullar – nafas maromining mahsuli. Odam bir paytning o‘zida uch-to‘rt xil narsa haqida fikrga tolishi mumkin. Prustning yirik jumlalari ana shu xilma-xil ruhiy holatlarni butunisicha qamrab olishga intiladi, asardagi tasvirlar nasrdan ko‘ra nazmga moyilroq. Qahramonlar kechinmalari, hissiyoti ham nazmga xos. Umuman, yozuvchilarning asosiy maqsadi ham qahramon qalbida yuz beradigan dialektik holatlarning barcha qirrasini – barcha tomonini qanday yuz bersa, shunday tasvirlashga intilishdan iborat. Buning uchun ular ichki nutq, ichki monologdan keng foydalanishadi. To‘g‘ri, Prust usulida ham tashqi detallar ba’zida qahramonning qaysidir psixologik holatini aks ettirish uchun ishlatiladi, keng qo‘llanadi. Ammo mazkur detallar ichki monologga o‘tish va qaytish uchun bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Biroq bunday epizodlar oz. Prustga asarni detallar va syujet orqali kengaytirish usuli xos emas. Bu XX asr frantsuz adabiyotidagi yangi an’ana ta’siridir. Prust hamisha mazkur an’anadan ilhomlanib, ta’sirlanib keldi. «Zavol topgan vaqt izidan» romanida syujetning o‘zi yo‘q, to‘g‘rirog‘i, biz ko‘nikib qolgan odatdagi syujet mavjud emas. Romanda Marselning qarama-qarshi ichki kechinmalari, hissiyotlari, tuyg‘ular, taassurotlari, xotiralari bor. Shu sababli asarni hikoya qilib berish juda og‘ir. U haqida fikrlash ham og‘ir. Prustning asari ko‘zingizni yumib yotganda eshitilayotgan mayin shivirlarga, yomg‘irning maydalab yog‘ayotgandagi shitirlashiga o‘xshaydi va shunday kayfiyat uyg‘otadi.
Marsel Prust romanida an’anaviy adabiyotga hurmat va ehtirom bilan qaragan holda uning janr xususiyatlari, tili, tasvir imkoniyatlarini buzadi; janr xususiyatlarini yorib chiqadi; tilni faqat tasvir uslubiga emas, jozibaga, hissiyotga, psixologik kechinmalarning ko‘zgusiga aylantiradi. Umuman, janr degan tushuncha nisbiy. Yozuvchi qaysi shaklda fikrini ayta olsa, o‘sha janrdir. Prust xuddi shaxtyorga o‘xshaydi. Farqi shuki, shaxtyor yer ostini tobora chuqurroq kavlab boradi; Prust esa inson qalbini o‘z asboblari – psixoanalitik uslub bilan chuqurroq kavlaydi. Prust inson qalbini kavlashtirishda bitta shaxtyor vazifasini o‘tamaydi. Bir necha shaxtyor sifatida ish ko‘rib inson tafakkurining qorong‘u burchaklaridagi «ashyo»larni qazib oladi. «Zavol topgan vaqt izidan» romani – agar yetti kitobdan iborat faqat kechinmalar va hislar, kayfiyat, mayllar va xotiralarga qurilgan asarni roman deyish mumkin bo‘lsa – jahon adabiyotini yana bir pog‘ona yuqori ko‘tardi; uning tasvir imkoniyatlarini kengaytirdi. Prust adabiyotni inson hayoti va faoliyati in’ikosi degan qarashni adabiyot inson mayllarini, kechinmalarini o‘rganuvchi fan va bu fan inson haqida eng to‘g‘ri xulosa bera oladi degan tushuncha bilan boyitdi. Uning asarlarida ruhshunoslik adabiyot bilan jozibali tarzda uyg‘unlashib ketdi. Shu sababli chet elda Prust asarlarini faqat adabiy voqelik emas, ruhshunoslik tadqiqoti sifatida ham o‘rganishadi.
Prust psixologik roman janrini boshlab berdi, ong oqimi uslubini adabiyotga dadil olib kirdi, uni uslub sifatida shakllantirdi: uning psixoanalitik uslubini Joys davom ettirdi; so‘z fusunkorligini, fikr poeziyasini, so‘zning jarangiga qurilgan ohangni Antuan de Sent-Ekzyuperi rivojlantirdi. «Zavol topgan vaqt izidan» asari jahon adabiyotining durdonalaridan biri bo‘lib qoldi.
Nazar Eshonqul