O‘zbek adabiyoti badiiy tafakkurida XX asrda bir yo‘la uch marotaba tub burilish kuzatiladi. Dastlabki o‘n yilliklarida jadidlar, oltmishinchi yillarda “iliqlik davri” sharofati bilan bir qator shoirlar avlodi, nihoyat, to‘qsoninchi yillarning oxirlarida milliy adabiyotda, xususan, she’riyatda keskin yuksalish bo‘ldi. Bu shoirlar she’riyati rang-barang ramz va timsollarga boyligi bilan ajralib turadi. Rauf Parfi she’riy mashqlarining ilk davridanoq Cho‘lponga payravlik qildi, ergashdi.
Uning qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan she’rlarini yod olish bilan kifoyalanmasdan, ularni qalb sardaftariga toabad muhrladi. Rauf Parfi Cho‘lponni ustoz bilgani, uning shonli yo‘lini davom ettirish niyatida ekanini yigirma besh yoshida, 1968 yili chop etilgan ilk she’riy majmuasi “Karvon yo‘li”ning dastlabki she’ri – mungzada sonetdayoq baralla ovoza qilgan. Unda Cho‘lponning “Kishan kiyma, bo‘yin egma, ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen” da’vatiga hamohang, cho‘lponona, biroq Rauf Parfi ko‘ngil mulkida toblangan ilohiy jazba yangraydi:
Ey samo, ey zamin, ey inson – qodir,
Gullar, chechaklarga to‘lsin oydin yo‘l,
Nafosatga axir chidamli odam.
Bu kun Sen boshqasan, dunyo boshqadir…
Sen-da hur tug‘ilding, bir kuyla, bir o‘l,
Va bilgil qaylarda sarsondir alam…
Shoir 1980 yilda yozilgan mashhur “Og‘riq” sonetlar turkumida:
Ruhga imon bergil, ey qodir hayot –
deya hayqiradi.
“Ijodkor e’tiqodiga xiyonat qilmasligi kerak”, degan naqlni umrbod shior qilgan Rauf Parfining bunday e’tiqodtalabligi ajablantirmaydi. Biroq uning “qizil mafkura” hukmronligi sharoitida mana shunday mardona imontalabligi kishini hayratga soladi.
Rauf Parfi o‘zbek adabiyotini jahon modern she’riyatiga bog‘lash bilan o‘ziga, o‘zbek adabiyotiga yangi yo‘l ochib, uning asoschisi bo‘la oldi. Asqad Muxtor boshlagan “eksperiment”larni chinakam san’at, butun, yaxlit adabiyot darajasiga ko‘tara bildi.
Rauf Parfi ijodida Bodler she’riyati bilan hamohanglik mavjud. Bodler: “Iztirob – mangu shuhrat qasriga eltar yolg‘iz yo‘l” deb ta’kidlasa, Rauf Parfi: “Shoirning onasi iztirob, axir”, deya yozg‘iradi. Ikki xil ifoda qilingan yagona shoirona fikr. Bodler shoirona ilhom jazavasi, iztirobni yo‘lga qiyoslaydi. Rauf Parfi esa bu fikrni rivojlantiradi, kuchaytiradi, iztirobni shoirning onasi deb ta’kidlash asnosida, uni shoirlik isde’dodining tamal toshi sifatida talqin etadi.
Rauf Parfi she’rlarida, ayniqsa, “oy”, “tun”, “yomg‘ir” so‘zlari timsol darajasiga ko‘tarilgan.
Shoir she’rlarida “yurak”, “qalb”, “ko‘ngil”, “ko‘ks” so‘zi bilan baravar maqomda “ruh”, “hurriyat”, “ruhimning qushi” iboralari ham tilga olinadiki, bu kalimayu iboralar negizida ramz va timsollarga boy mazmun-mohiyat yashirin. Shoir “Iztirobdan o‘lmas shoirning qalbi”, “Yuragimda ko‘hna anduhlar” deya baralla xitob qilar ekan, o‘zining qalb kishisi ekanligini ta’kidlaydi. To‘g‘ri, ko‘ngil timsoli qadim mavzu. Lekin shoir shu ko‘hna mavzuni yanada rivojlantirib, uni yangi ramzlar bilan boyitishda davom etadi: “Ramz – voqelikning timsolidir. Voqelikning aynan o‘zi go‘zal emas, uning timsoli go‘zaldir. Illo, tosh emas, toshga yo‘nilgan xayol go‘zal. Adabiyotning ilohiy kuchi – ana shu xayolni yarata olishda ko‘rinadi. Ijod yaratishdir. Yaratish esa ilohiyotga daxldorlikdir. Yaratish zavqi barcha zavqdan, yaratish azobi barcha azobdan yuksakroqdir. Go‘zallik yaratish esa – bu ilohiyotni charxlashdir”.
Men xonamga kirgayman alhol,
Yuragimda ko‘hna anduhlar.
Derazamga urilar shamol,
Qaydasan sen? Qayda ul ruhlar?..
Eng muhimi, Rauf Parfi she’riyatida mumtoz she’riyatmizdagi an’anaviylikka xos tajrid, tafrid (yolg‘izlanish) holatlari qalamga olinadi. Binobarin, Rauf Parfi yolg‘izlik iztiroblarini “Sabr daraxti”, “So‘nggi vido” she’riy to‘plamlarida ko‘p marotaba tilga oladi.
Shu o‘rinda Rauf Parfining “Yomg‘ir emas, marvarid yog‘ar” satrlari bilan boshlanuvchi she’rida “yomg‘ir” poetik obrazliligi bilan ajralib turishini alohida ta’kidlash zarur:
Yomg‘ir emas, marvarid yog‘ar,
Yomg‘ir – kecha shaklinda bu on.
Suv singari jildirab oqar,
Kecha kechar shod va bearmon.
Fikrimizcha, “oy”, “tun”, “yomg‘ir”, “ko‘ngil” va “yolg‘izlik” timsoli shoir she’rlarida “ruhiy hurriyat”, “ma’naviyat”, “ma’rifat”, “azaliyat va abadiyat” kabi chuqur falsafiy-irfoniy tushunchalarni ham ifodalab kelgan.
Shoir uchun so‘z non-suv kabi kundalik ehtiyojdir. U har bir so‘zga zargarona ishlov beradi. Albatta, qadimdan chinakam so‘z san’atkorlari so‘zga ana shunday yondashganlar. U poyonsiz ummondir. Zero, so‘z haqida qadim IV–VI asr Veda adabiyoti matnlarida qiziqarli ma’lumotlar uchraydi, ya’ni ularda So‘z (Nutq) ilohiy qo‘shiq va bilim vositasida tarannum etilib, ilohiylashtiriladi. Albatta, qadim hindlarning Veda adabiyotlaridagi so‘z ilohasi ta’sirida shoir she’riyatida ham ko‘plab munozarali mushohadalar, qizg‘in bahslar, ayniqsa, ajoyib she’rlar yuzaga kelgan edi. Ularda Veda adabiyotlarida tilga olingan inson – Yama (bu so‘z qadim hind matnlarida “Yima”, “Jama” tarzida ham qo‘llanilgan) – “u dunyo”, “o‘lim ma’budi”, ya’ni uning davrida insoniyat farovon hayot kechirgan; Sarasvati – “fan va san’at ilohasi”, Shiva – “bunyod va barbod ma’budi”, Srabon – “tinimsiz yomg‘ir yog‘adigan oy” singari badiiy obrazlar o‘z ifodasini topgan edi: “Yamaning ruhiga sokin so‘yladim/Sohir Sarasvati! Nadir bu aqlim/Tuproqni bulg‘amang. O, Shiva, yetar!/Tovonimni teshdi srabon yomg‘ir” singari she’riy satrlar shular jumlasidandir.
Aytish mumkinki, qadimgi hind matnlarida so‘z ilohiy qudrat darajasida ulug‘lanadi. Fikri ojizimizcha, uning inson ruhiga aloqadorligi ochiq e’tirof etilmasa-da, lekin matn zamiridagi tag-ma’nolar shunga ishora qiladi. Zero, “Hindlarning e’tiqodiga ko‘ra, inson ruhi tamoman poklanmaguncha tanadan tanaga ko‘chib yuraveradi. Shu jarayonda inson ruhi nafsoniy illatlardan qutulib, asl ilohiy mohiyat kasb eta boradi… Agar inson ezgu ishlarni ko‘p qilib, ma’naviy kamolotga intilsa, uning Ruhi oldingi “yuk” – kamchiliklaridan qutula boradi. Bu esa, inson ruhining ilohlar makonidan mangu joy olish jarayonini tezlashtiradi. Ilohlar maqomiga erishish – har bir hindning so‘nmas orzusidir”.
Albatta, qadimda O‘rta Osiyo allomalari ham so‘z haqida ko‘plab qiziqarli bahs-munozaralarni o‘rtaga tashlaganlar. Jumladan, XI–XII asrlarda yashab ijod etgan Shayx Farididdin Attor: “O‘z ko‘zing bilan boq o‘zingga, so‘zga o‘ralgin. Dunyo odamlardan emas xoli. Ikki olamning asosi So‘zdir, chunki So‘z Haqdan mujda bo‘lib keldi. Axir arshi a’loda bitilgan “Lavhi mahfuz” (azaldan ko‘kda insonlarning yaxshi va yomon amallari maxfiy saqlangan yozuv lavhi – M. A.) ham So‘zdir. Hamma narsa So‘zdan ijod etilgan va So‘zga qaytadi”, deydi. XII–XIII asrlarda Mavlono Jaloliddin Rumiy ham so‘zga shunday tavsif beradi: “Har narsaning asli – so‘z. Sening so‘zdan xabaring yo‘q va uni mensimaysan. So‘z amal daraxtining mevasidir. Chunki u amaldan tug‘iladi. Ulug‘ Tangri olamni so‘z bilan yaratdi va “Bo‘l” deyishi bilan u ham bo‘la qoldi”. Bundan tashqari, u “Xayol olami tasavvurlar olamiga qaraganda yanada kengdir. Chunki butun tasavvurlar xayoldan tug‘iladi. O‘z navbatida, xayol olami ham uni bor etgan olamning qarshisida yo‘qsildir. So‘z-la faqat shu qadar anglashiladi, xolos. Yo‘qsa, haqiqiy ma’noning kalima va jumlalarda oshkor bo‘lmog‘i imkonsizdir. Bittasi: “U holda jumla va so‘zning foydasi nimadir?” – deb so‘radi. So‘zning foydasi shuki, seni istamakka yo‘llaydi, ilhom beradi. Yo‘qsa, istalgan (talab qilingan) so‘z-la hosil bo‘lmaydi. Agar hosil bo‘lsaydi, mujohadayu fidokorlikning nima hojati bor edi?”. Ta’bir joiz bo‘lsa, XX – XXI asr ruhoniyat shoirlaridan Rauf Parfi “Ollohim, madad ber. Bir so‘z ber menga/So‘zning gulxanida ruhim isindi/Hech tuzalmas yara, u So‘zdir axir/Adashgan yo‘lchini yo‘llagan, ey So‘z/Loyiqmanmi So‘zga, bilmadim netay?/So‘z meni ta’qib qilar/Chirqirtirar o‘yib ko‘ksimni/Sen kimning bojisan, ey So‘z” singari so‘z ruhiga talpinishlari ham bejizga emas edi. Zero, ijod asnosida so‘z san’atkori ruhiyatidagi ko‘tarinki yoki tushkun holatlar, aslida, badiiy tafakkurning qalbi bo‘lgan so‘z ruhi, ya’ni so‘zning ta’qibi natijasida zohirlanadi. Boshqacharoq aytganda, bunda, ijodkor chinakam so‘z ruhining asiriga aylanadi…
Manzar Abdulxayr,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 32-son

