Manzar Abdulxayr. Ishq ahlining ko‘zgusi

Navoiy portreti. Qirg‘izistonning Isfana shahridagi Alisher Navoiy nomidagi maktab

Bugun moddiyatga “mastu mustag‘raq” insoniyat shitob bilan harakatlanmoqdaki, uni bir fursatga bo‘lsa-da, xayoliy olamga olib kirish ancha mushkul. Negaki, bu tezkorlik XXI asr kishisi uchun odat tusiga aylangan. Kishi taxayyul olamiga kirishi uchun esa vaqti-vaqti bilan o‘z ko‘ngil botiniga boqib, bir fursat bo‘lsa-da, oyog‘i zamindan uzilmay, chinakam voqelikka, she’riyatu tabiatga uyg‘un tarzda harakatlanishi lozim. Bu bilan o‘zining “savdoyi xom” xayollarini pishiradi va tasavvur olamini yanada boyita boradi. Zero, hazrat Rumiy aytganlariday, “Xayol olami tasavvurlar olamiga qaraganda yana-da keng. Chunki butun tasavvurlar xayoldan tug‘iladi. O‘z navbatida, xayol olami ham uni bor etgan olam qarshisida yo‘qsildir”.

Ayni shu ma’noda, bugun Hazrat Alisher Navoiy she’riyatiga xos – “taxayyul mulki”ga kuchli ehtiyoj sezamiz. Ulug‘ shoirning har bir g‘azali zamirida bunday xususiyatlar mujassam bo‘lib ishoralar tilida bayon etiladi. Quyida shunday badiiyat mo‘jizasi bo‘lmish “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi 428-g‘azalni ko‘rib chiqamiz:

Bo‘lmasun ko‘nglung qushig‘a durru gavhar vasli kom
Kim, qazo ul donalarg‘a bahr mavjin qildi dom.

Gar malak tasbihi dona, hur zulfi dom erur
Kim, bu domu donag‘a ziyrak qush ersang, bo‘lma rom.

Dahr bog‘ining havosidur samumu suyi zahr,
Anda bo‘lmas bu havovu su bila qilmoq maqom.

Bog‘kim, nilufariy ko‘kurd o‘tidur anglakim,
Ne muattar bo‘lg‘ay andin tarbiyat topqan mashom.

May o‘ti birla dimog‘ingni qizitmakim, bu o‘t
El dimog‘ida pishirmaydur bajuz savdoyi xom.

To o‘zungni xascha ko‘rgungdur emassen odamiy, 
Gar havoda sayr qil, gar su uza ko‘rguz xirom.

Kul qil ul xasni fano otashgahig‘a tashlabon, 
To ko‘ngul mir’oti ul kuldin jilo topqay tamom.

Istaram, ko‘zguda ko‘rsam yor aksin bir nafas, 
Soqiyo, maykim! Erur ishq ahlining ko‘zgusi jom.

Sakkiz baytdan tarkib topgan bu g‘azal zohiriy va botiniy ma’nolariga ko‘ra ham xalqona, ham so‘fiyona bir ruhda bitilgan. G‘azalning ma’naviy qimmati majoz va haqiqat ichra “odamiylik shevasi”ga qaratilgan taxayyuliy tarz va tafakkuriy qiyosiylikda ko‘rinadi. Uning devondagi boshqa g‘azallardan eng asosiy farqli xususiyati taxallussiz yozilganidir. Endi baytlar sharhiga o‘taylik.

Bo‘lmasun ko‘nglung qushig‘a durru gavhar vasli kom
Kim, qazo ul donalarg‘a bahr mavjin qildi dom.

Avvalo, mazkur baytdagi eng xarakterli so‘zga e’tiborni qarataylik. Bu arabcha bahr so‘zidir. Zero, uning zamirida shoir nazarda tutgan ajib bir manzara yashirin. Bu so‘z Alisher Navoiy asarlarida: “Xazar” (Kaspiy), “Axmar”; “katta azim daryo”; “biror narsaning buyukligi, ulug‘ligi” singari ma’nolarda qo‘llaniladi. Umuman, mumtoz adabiyotda bu so‘zning “bahrayn” shakli “ikki dengiz”, “ikki daryo” ma’nosida keladi. “Saddi Iskandariy” dostonining XXVII bobida esa Fors qo‘ltig‘idagi orol nomini ham ifodalagan: “Qutayf ahli, Bahraynu Bag‘dod ham / Sipahbad alarg‘a kelib Gustaham”[1]. Agar sharhlanayotgan bayt mazmuniga asos bo‘ladigan manbalarga e’tiborni qaratsak, u quyidagicha tus oladi: bahrayn (bahr) qadim fors manbalariga ko‘ra, Fors qo‘ltig‘i va uning atrofidagi jazirama muhitdir. Demak, qaysidir ma’noda u yerdan qush uchsa qanoti kuyadi. Shuningdek, unda neft ko‘p va boz ustiga, uning zumrasidagi bahri muhitda ko‘p marvaridlar hosil bo‘ladi. Ulug‘ shoir ushbu baytda go‘zal tashbeh orqali ayni shu holatga ramz-ishora qilganligining ehtimoli bordir. Bundan tashqari, bu baytda dona so‘zi marvarid ma’nosida ishlatilgan. Ayni shu ma’noda baytning qisqacha mazmunini quyidagicha sharhlash mumkin: ey odam, ko‘nglingda aslo duru gavharlarga moyillik paydo bo‘lmasin! Bordi-yu, ularning asliga, ya’ni azaliy kelib chiqishiga nazar tashlaydigan bo‘lsang xatardan boshqa narsani ko‘rmaysan… Axir, azaldan taqdir, aniqrog‘i, ilohiy hukm o‘sha marvaridlarga kuchli siqiqlik ichra dengizning jo‘sh urishini tuzoq qilib qo‘ydi. Sen ham o‘sha muhit tepasi yoki ostidagi singari tuzoqlarning qurboniga aylanmagin.

Gar malak tasbihi dona, hur zulfi dom erur
Kim, bu domu donag‘a ziyrak qush ersang, bo‘lma rom.

Baytning qisqacha mazmuni: agar farishta tasbihi dona bo‘lsa, huri g‘il-mon zulfi tuzoqdir (Bu o‘rinda zulf ko‘proq foniy dunyoga ramziy-ishoradir). Ey odam, agar o‘zingni ziyrak qush deb bilsang, hech vaqt bu tuzoq va donaga bo‘lma moyil. G‘azalda “ko‘ngul qushi” va “ziyrak qush” iborasi qo‘llaniladi. Bunda shoir, asosan, ma’naviy-botiniy bedorlikni nazarda tutadi.

Dahr bog‘ining havosidur samumu suyi zahr,
Anda bo‘lmas bu havovu su bila qilmoq maqom.

Bayt mazmuniga ko‘ra, foniy dunyo, ya’ni bu olam bog‘ining havosi, aslida, hamma narsani quritadigan issiq shamol, garmselga, suvi esa, og‘uga o‘xshaydi. Bas shunday ekan, ey odam, unga ko‘p oshufta bo‘lma, alhol o‘z tadorigingni ko‘r, zero, bu havo va suv bilan maqsad manziliga yetib bo‘lmaydi.

Bog‘kim, nilufariy ko‘kurd o‘tidur anglakim,
Ne muattar bo‘lg‘ay andin tarbiyat topqan mashom.

Avvalo, baytdagi notanish so‘z arabcha mashom so‘zidir. Uning lug‘aviy ma’nosi “dimog‘”, “burun”. Shundan kelib chiqib baytni quyidagicha sharhlash mumkin: kishining dimog‘i bu dunyo bog‘ining xushbo‘yliklariga oshufta bo‘lsa, ya’ni unga o‘rganib qolsa, bu mushkul bir holatdir. Axir, bir kun kelib, bu bog‘ sap-sariq tus olib, undan oltingugurt, yoki gugurt o‘tiga o‘xshash badbo‘y hid chiqadi. Bundan dimog‘ qanday tarbiyat topishi mumkin?! Shuning uchun ham, bunga, eng avvalo, ulug‘ tayyorgarlik (Botin olami sirlarini o‘rganish ko‘zda tutilgan – M.A.) ko‘rmoq kerak. Biroq matn ortida yana shunday bir ramziy ishora ham yo‘q emas: dimog‘ tarbiyati faqat bu dunyoga xos yumush. Komillik istagida bo‘lgan odam ko‘proq ko‘ngil tarbiyasiga berilishi joiz. Chunki ko‘ngilga naqshlangan tarbiya kishi ruhi bilan payvasta. Dimog‘chi… Zotan, bunda shoir xotirlari tubida bir qadim rivoyat o‘rlashadi: qadim naqllarga ko‘ra, dono shoh Iskandar vafotidan so‘ng, undan quyidagi satrlar qoladi: “Jumla jahonda to‘yim/ Naqshi nigorli uyim/ Chiqqanda margim hidi/ Isiga arzimaydur…” Mazmuni: “Vaqtiki, men olamdan o‘tganimdan so‘ng, bashariyat mening sharafimga to‘y beradi, maqbaralarimni tillo-zarhallar bilan bezaydi. Bordi-yu, vafotimdan qirq kun o‘tgandan so‘ng qabrimni ochib, xoki turobimni bir hidlasalar, shu onda undan dimog‘lari achishib, nafaqat ismi yodimni, balki mening bu dunyoda qilgan barcha yaxshi amallarimni ham birpasda unutgan bo‘lur edilar…”. U o‘zining barcha ramziy maqbaralari peshtoqida bu bitik yozilishini vasiyat qilgan edi.

May o‘ti birla dimog‘ingni qizitmakim, bu o‘t
El dimog‘ida pishirmaydur bajuz savdoyi xom.

Ulug‘ shoir yuqoridagi badiiy kayfiyatni ushbu baytda ham bardavom ettiradi. Baytda may so‘zi o‘z lug‘aviy, ya’ni “mast qiluvchi ichimlik” ma’nosida qo‘llanilgan. Shu ma’noda bu bayt mazmuni quyidagicha: may o‘ti bilan dimog‘ingni qizitib tarbiya qilishing befoyda. Axir, el sening bu ishratiy holatingdan xabar topgandan keyin, o‘zga xomxayollaring pishishi o‘rniga yanada uning aksi bo‘ladi, xolos.

To o‘zungni xascha ko‘rgungdur emassen odamiy,
Gar havoda sayr qil, gar su uza ko‘rguz xirom.

Bu misralarda shunday badiiy kayfiyat ilgari suriladi: “odamiylik shevasi”ga har kim ham yetishavermaydi. Bunda, odam o‘zligini unutib, to xokisorlik maqomiga yetmaguncha hech bir hol yuz bermaydi. Illo, u xoh ko‘kka uchsin, xoh suv yuzasida yursin. Agar bu manzarani boshqacharoq bir tarzda, ya’ni botiniy bir tilda ifodalasak, unda odam menlikdan senlik rutbasiga o‘tishi joizdir.

Kul qil ul xasni fano otashgahig‘a tashlabon,
To ko‘ngul mir’oti ul kuldin jilo topqay tamom.

Bu o‘rinda ham yuqoridagi baytdagi singari badiiy tafakkur ilgari suriladi. U quyidagicha tus va tarovat oladi: bu “xas”ni sen fano oloviga tashlab kuydir va shu “xas” kuli bilan ko‘nglingni yuvib oynadek musaffo qil. Toki ko‘ngil ko‘zgung shu kuldan jilo topib, murod hosil qilsin.

Istaram, ko‘zguda ko‘rsam yor aksin bir nafas,
Soqiyo, maykim! Erur ishq ahlining ko‘zgusi jom.

Bu bayt qatida yashiringan teran ildizli, obrazli ifodalar yor – Olloh; “aks” – ilohiy nurning tajallisi; “soqiy” – piri komil; “may” – vahdat (birlik) mayi; “jom” – orif inson qalbi; “ilohiy tajalliy aks etgan borliq” kabi so‘zlar zamirida mujassam. Ammo bu obrazli ifodalar Navoiy she’riyatida bundan ham keng falsafiy, botiniy-ilohiy ma’nolarni ang­latib keladi. Shu ma’nolarga ko‘ra, bayt mazmuning quyidagicha: ilohiy nur taralib turgan olamni ko‘rsatib turuvchi ko‘zguda bir lahza bo‘lsa-da, ilohiy nur tajallisini ko‘rsam edi. Ey piri komil, ishq ahlining sarxushligiga azaldan ilohiy nur tajallisi sababdir. Modomiki, shunday ekan, olamni ko‘rsatuvchi oyina, ilohiy tajalliy aks etgan borliq va orif inson qalbidir.

Umuman, g‘azal botinan taxayyuliy va majoziy ma’nolarga boyligi, zohiran esa, odamiylik maqomiga yetishish yo‘lida naqadar cho‘ng bir tafak-kurni o‘zida jo etgan dasturulamal sifatida shoir g‘azaliyotida muhim o‘rin tutadi. Umuman, Navoiy g‘azaliyoti o‘zbek milliy poetik tafakkurida o‘zgacha ahamiyatga ega. Xossatan, bu go‘zal g‘azal kitobxon ko‘ngliga ko‘tarinki ruh va sokinlik baxsh etadi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 1-son

__________________
Manzar Abdulxayr 1964 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Respublika matbuotida ko‘plab ilmiy maqolalari chop etilgan.

[1] Saddi Iskandariy, 1993, 172-bet.