X asr so‘fiylik tariqatining buyuk namoyandasi, barcha davrlarning ulug‘ shoiri Jaloliddin Muhammad Rumiy (Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy) hozirgi Afg‘oniston shimolidagi Balx shahrida 1207 yilning 30 sentyabrida tavalud topgan va 1273 yil 17 dekabrda Turkiyaning Kunya shahrida vafot etgan. U chahoriyorlardan Abu Bakr Siddiq zurriyodlaridan hisoblanadi. Rumiyning buvisi Aloiddin Muhammad Xorazmshohning qizi, otasi Bahouddin Valad esa shayx Najmiddin Kubro muridlaridan bo‘lgan.
So‘fiylik tariqatining buyuk yo‘lboshchi allomalaridan bo‘lgan mavlono Jaloliddin Rumiy musulmon olamining ulug‘ shoiri sifatida ham benihoya qadrlanadi. U fors, arab, yunon va turk tillarini mukammal bilgan. Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti — AYSESKO tomonidan Toshkentning “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingan yilda qadim Turon yurtining ulug‘ farzandi Jaloliddin Rumiy tavaludining 800 yilligi nishonlanishida katta mazmun va mohiyat bor, deb o‘ylayman. Rumiyning qabri ustida ho‘ngrab yig‘layotgan bir nasroniydan “Nega musulmonlar shoiri qabrida ko‘z yosh to‘kyapsan?”, deb so‘raganlarida “Biz uni davrimizning Musosi, Dovudi va Isosi kabi muqaddas bilamiz. Barchamiz uning izdoshi va shogirdlarimiz”, deb javob bergan ekan. Nasoro va yahudiylar ham Rumiyni muallim, deb bilishgan.
So‘fiylik ta’limotining asosiy ob’ekti inson va uning Allohga munosabatidir. So‘fiylikda va uning suluklarida pir va shogirdlik munosabatlari asosiy o‘rin tutadi. So‘fiylik tariqatida ruhiy kamolotga erishishning asosiy yo‘llari to‘rt bosqichdan iborat. Tasavvuf ahli avvalo islom dinining barcha talablariga bo‘ysunishi kerak. Bu — birinchi bosqich shariatni tashkil etadi. Faqat shundan keyingina ikkinchi bosqich — tariqatga ko‘tarilish mumkin. Bulardan o‘tganlar uchinchi bosqich — ma’rifatga erishadilar. Bundan keyin to‘rtinchi bosqich — haqiqat egallanadi.
Haqiqatga erishuv jarayonida so‘fiylar shaxs sifatida tugab, Allohga yetishishi mumkin. Bu jarayonda ular abadiylikka ega bo‘ladilar, deb ta’lim beradi islom ulamolari. Bunday yuksak maqomga so‘fiylar maxsus ruhiy va jismoniy harakatlar — sig‘inish va ibodat orqali intiladilar. So‘fizm moddiy boylikka ega bo‘lishni qoralab, haqiqiy boylik — ma’naviy, ruhiy boylik deb hisoblaydi.
V.Bartold Movarounnahrda keng tarqalgan so‘fizm oqimi Yusuf Hamadoniy (X asr) tariqatidan boshlangan, deb hisoblaydi. Bu tariqatda ham keyinchalik turli yo‘nalishlar paydo bo‘lgan. Ularning eng yiriklari Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomlari bilan bog‘liqdir. Bahouddin Naqshband Said Muhammad ibn Jaloliddin (1318 — 1389) ustozi Mir Said Kulol ta’sirida o‘z tariqatini yaratgan. Bahouddin Naqshbandning ayrim qarashlari so‘fizmning boshqa vakillari, xususan, Ahmad Yassaviy qarashlaridan farqlanadi. U ham faqirlikka, miskinlikka undaydi, lekin xayr-ehson hisobiga emas, balki faqat o‘z mehnati bilan yashashni yoqlaydi. Naqshband: “Diling Alloh muhabbatidayu qo‘ling esa ishda bo‘lsin” (”Dil ba yoru, dast ba kor”) degan nuqtai nazarni ilgari suradi.
Qirq yoshlarida tasavvufga oid ta’limotini targ‘ib qila boshlagan Rumiy o‘z taxallusiga Rum saltanatining nomini asos qilib olgan, degan qarash ko‘p urf bo‘lgan. Biroq Rumiy so‘zining son ekvivalentlari yig‘indisi 256 ga teng kelishini e’tiborga olsangiz, bu nur so‘zining ma’nosi ildiziga mos kelishi ma’lum bo‘ladi. Arab, eron va o‘zbek tillarida ushbu ildiz “yorug‘lik” so‘zining ma’nosini beradi. Rumiyning otasi Bahouddin Valad mashhur valiy Najmiddin Kubrodan ijozat qog‘ozi olib, haq so‘z bo‘yicha mustaqil fikr-mulohaza yuritish huquqiga ega bo‘lgan. Unga tushida payg‘ambarimiz Muhammad (SAV) uning Sulton-ul-Ulamo (Ulamolar Sultoni) bo‘lgani haqida xabar bergan. Bahouddin Valad o‘z davrining musulmon ilohiyotidagi zo‘r donishmandlardan hisoblangan. Uning “Al-Ma’orif” asari Jaloliddin dunyoqarashi shakllanishida muhim rol o‘ynagan.
Bahouddin Valad Najmiddin Kubroning Majiddin Bag‘dodiy ismli muridi bilan ham qadrdon bo‘lgan. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asaridagi kaftdagi tegirmon toshi haqidagi rivoyat Bag‘dodiyga mansubdir… Shayx Bag‘dodiy Muhammad Xorazmshohdagi kibr-havo, ulug‘lik vasvasasi, zolimlik bir oz bo‘lsa ham barham toparmikan, degan niyatda shoh xonadoniga yaqinlashadi. Lekin shayxning ulug‘ qalbini ko‘rishga ojiz bo‘lgan Xorazmshoh uning boshini kesdirib, Amudaryoga tashlatgan ekan. Shu kundan e’tiboran shohni buyuk ulamoning nohaq to‘kilgan qoni tutib, omad yuz o‘giradi…
Bahouddin Valad 1219 yil qish kunlarining birida Balxdagi jom’e machitida oilasi va uch yuz muridi bilan shaharni tashlab ketayotganini ma’lum qiladi. Bunga sabab qilib, bir yildan keyin sharq tomondan mo‘g‘ullarning chigirtka misol behisob askari yopirilib kelishi, bu yerlar va Xurosan elida qirg‘inlar bo‘lishini bashorat qiladi. Bahouddinning karvoni Nishopurda bir oz to‘xtab o‘tadi. Shunda Attor bilan uchrashish uchun Bahouddin uning shahardan tashqaridagi ovloq hujrasiga boradi. Ushbu uchrashuv chog‘i 12 yasharlik Jaloliddin ustozi Attorni ko‘radi va uning suhbatiga muyassar bo‘ladi. Attor Jaloliddinga o‘zining “Asrornoma” kitobini tuhfa qiladi.
Ulamolar Sultoni Bahouddin Valad oilasi haj amallarini ado etib qaytgach, Saljuqiylar davlatining Laranda shahrida (Turkiyaning hozirgi Karaman shahri) yetti yil istiqomat qiladi.
Saljuqiylar sultoni Aloiddin Qayqubod Ulamolar Sultonini o‘z yaqinlari bilan birgalikda Kunya shahri tashqarisiga chiqib kutib oladi. Bahouddinga Kunya shahri ma’qul bo‘ladi va Jaloliddinga shaharni ko‘rsata turib: “Qara, o‘g‘lim… bu shaharda yashash senga, nabiralarimga, nabiralarimning nabiralariga nasib qilsin. O‘z qal’angni xayrli, ezgu, savob ishlardan qurgin. Olamda ushbu qal’adan mustahkamrog‘i bo‘lmaydi”, — deb nasihat qiladi. Bahouddin Valad 73 yoshda (1231 yil 12 yanvar) vafot etadi.
Bu paytda Jaloliddin 24 yoshda edi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan katta olim bo‘lib yetishgan edi. Balxdaligidayoq Qur’oni karimni, qator hadislar, ularning tafsirlarini yod bilardi. Shohlar tarixi, ulug‘ riyozatchilar, zohidlar va so‘fiylik peshvolarining hayot yo‘llari bilan tanish edi. Damashq va Halab madrasalarida yirik olim va shayxlarning astrologiya, alximiya, algebra, geometriya va tibbiyot sohasidagi saboqlarini tinglagan va shu yoshida zamonasining eng dono odamlari ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ilmlarning barchasini egallagan edi. Lekin bilim boshqa, tajriba boshqa! Kunyalik ko‘p ruhoniylar Jaloliddinga hasadi kelib, unda shayxmuallim ijozati yo‘qligini pisanda qiladilar. Jaloliddin otasi vafotining qirqinchi kuni jom’e machitida xutbani o‘qib bo‘lgach, yo‘lga otlanadi. Halab va Damashq shaharlarida o‘zining bilim saviyasini yana bir bor sinovdan o‘tkazib, olimlar, ulamo va shayxlar muhri bosilgan ijozat qog‘ozi bilan Kunyaga qaytib keladi. Kunyaga kelib Jaloliddin o‘zining sevimli yori Gavharoyim olamdan o‘tganidan xabar topib, chuqur qayg‘uga botadi. Baxil ulamo va shayxlar uning ushbu qayg‘usini taqdirga tan bermaslik deya baholashib, yana Jaloliddinning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘la boshlashadi.
Shu kezlarda Bahouddin Valadning o‘g‘li Jaloliddinga tayanch lozim bo‘lib qolganini karomat ila sezgan shayx Said Burhoniddin Termizdan Kunyaga yetib keladi. U 12 yildan beri Jaloliddinni ko‘rmagan edi. Said Burhoniddin Jaloliddinning bilimiga yuqori baho beradi va “Din ilmida va bizning bilimda sen o‘z otangdan ham ilgarilab ketibsan. Lekin otang bundan tashqari yana maxfiyni ham fahmlash ilmini egallagan edi. Men ushbu ilmga sening otang, mening shayxim sababli sazovor bo‘ldim. Endi men seni ushbu yo‘ldan olib o‘tmoqchiman. Sen maxfiyni bilish ilmida ham otanga teng bo‘lib uning merosxo‘ri bo‘lgin”, deya Jaloliddinni tiz cho‘ktirgan holda o‘ziga muridlikka qabul qiladi. Ushbu xayrli riyozat yo‘lida Allohdan sabr-toqat, bardosh berishini so‘rab duo qiladi. Jaloliddinga darveshlar kiyib yuradigan xirqa va kuloh kiydiradi, beliga itoatgo‘ylik belbog‘ini boylaydi, jingalak soqoli va sochini qirtishlab olib, qoshlarini kuydirib tashlaydi. Shundan so‘ng Said Burhoniddin eng avval Jaloliddindagi kibru-havoni o‘ldirish uchun uni har kuni kishilar xizmatiga chiqib ularning hojatxonalarini, to‘kindixonalarini tozalash kabi ishlarni bajarishga buyuradi. Ushbu ishlarni bajarib qaytgan Jaloliddin tong otguncha ibodatda bo‘ladi, otasining “Maorif” kitobini o‘qiydi. Said Burhoniddinning talabi bilan ushbu kitobni 101 marotaba o‘qib chiqish shart qilib qo‘yiladi. Biroz vaqt o‘tgach, Said Burhoniddin Jaloliddindan shaharda yurib, odamlarning uyiga borib sadaqa so‘rashni ham talab qiladi. “Bilib qo‘y, qalbni tozalash axlatxonalarni tozalashdan ko‘ra murakkabroqdir”, — deb o‘git beradi… Shu kabi og‘ir sinovlar bilan muridlar uchun odatda talab qilinadigan 1001 kun nihoyasiga yetadi. Sinovlarni talab darajasida bajargan Jaloliddinni ustozi bag‘riga bosadi va unga Oriflar libosini kiydirib fotiha beradi.
Jaloliddin Kunyaning eng mashhur, eng sevimli zohidi va so‘fiy xatiblaridan biriga aylanadi. U o‘z davrida aql bilan yetishish mumkin bo‘lgan barcha narsalarni bilar edi. Lekin yuragida bir iztirob bor edi. Uni nima qilish kerakligini bilmasdi. U o‘zini bildi, odamlarni bildi. Lekin bular unga xursandlik baxsh eta olmadi. U juda ham ma’yus edi… 1244 yilning 26 noyabr kuni muzokarali bir yig‘inga ketayotgan Jaloliddin mingan xachir tizginini notanish kimsa mahkam ushlab to‘xtatadi va savol nazari ila boqqan Jaloliddinga: “Ey, u va bu dunyo haqidagi fikr, ma’nolarni yangilovchi! Ayt-chi, kim yuqoriroq — Muhammadmi yoki Boyazid Bistomiy?”, deya qaltis savol beradi. Boyazid Bistomiy X asrda yashagan zohid, so‘fiy peshvolardan bo‘lgan. U “Ilon o‘zining po‘stini tashlagandek, men o‘zimni uloqtirib tashladim. O‘z mohiyatimga nazar soldim va…oh, men U bo‘ldim!” degan fikrni bildiradi. Ruhoniylar bu so‘zlarda gunohi azim ma’nosini o‘qishib, uni kofirga chiqarishadi va ona shahridan quvishadi. Lekin so‘fiylar orasida u ulug‘ obro‘-e’tibor qozongan, “Sulton al-orifin” taxallusini olgan edi… Yuqoridagi savol esa Jaloliddinga tumonot odam, muridlar qurshovida berilgan bo‘lib, hamma uning javobini kutib turardi. Jaloliddin: “Bu qanday savol? Albatta, Muhammad baland!”, deb javob beradi. “Xo‘p, mayli”, deydi noma’lum kimsa. “Nima uchun unda Muhammad: “Mening yuragimni zang bosadi va men har kuni yetmish marotabalab Rabbimga tavba qilaman!” — deydi-yu, Boyazid esa: “Men o‘zimni barcha nomukammal sifatlarimdan tozaladim va badanimda Xudodan bo‘lak hech narsa yo‘q. Men sharaflanganman, men sharaflanganman o, qanchalar mening martabam buyuk”, degan?“ — deb o‘zining ikkinchi asosiy savolini beradi. Jaloliddin notanish kimsaning savoli faqat qaltis emas, shu bilan birga o‘ta dadil va murakkab ham ekanini sezadi va: “Muhammad har kuni yetmish manzilni o‘tar edi va har safar yangi bosqichga yetgach, o‘zining oldingi bosqichdagi nomukammal bilimidan o‘kinib tavba qilardi. Boyazid esa o‘zi yetgan birdan bir manzilning ulug‘ligi bilangina o‘zidan ketib qoldi va gumrohlikka berilish bois ushbu so‘zlarni aytdi…”, deb javob beradi.
Notanish odam ushbu javobni eshitgan zahoti hushidan ketib yerga yiqiladi. Bu odam Said Burhoniddin karomat qilgan — Jaloliddinning dunyoqarashida jiddiy o‘zgarishlar yarata olgan Shamsiddin Tabriziy edi. U uzoq yillar Abu Bakr Tabriziy qo‘lida saboq olgan bo‘lib, Jaloliddinga bergan savolga o‘xshash savollariga ustozi vafot etib ketganligi sababli javob topa olmagach, Rumiy bilan uchrashish uchun yo‘l olgan edi. Yangi do‘stlar suhbati betinim uch oy davom etadi va shundan so‘ng olamga butunlay yangi bir Jaloliddin kirib kelgandek bo‘ladi.
G‘arbda bu uchrashuvni Suqrot va Aflotun, Shiller va Gyote uchrashuvidek ahamiyat kasb etdi, deb tariflashadi. Ushbu uchrashuv bois Jaloliddinning ma’yus hayoti barham topadi. Uning o‘rniga musiqa, raqs, she’riyat kirib keladi. Shamsiddin Tabriziy Jaloliddinni shoir Rumiyga aylantiradi. Rumiy 1248 yildan boshlab — Tabriziy vafotidan so‘ng o‘z g‘azallarini Shamsiddin Tabriziy taxallusi bilan yoza boshlaydi. Bu g‘azallar keyinchalik uning yetti jildlik “Devoni Kabir” she’rlar to‘plamiga kiritiladi. Rumiyning 43 yil ijod qilib, umri oxirlarida yakunlagan olti jildlik shoh asari “Masnaviyi ma’naviy” unga ayniqsa ko‘p sharaf keltirdi. Ushbu asar muallif so‘zlari bilan aytganda Qur’oni karimning sirli ma’nolarini ochib beradi (Asarda Qur’oni karimga 760 marotaba murojat qilingan).
Rumiy nuqtai nazariga ko‘ra islomning boshlang‘ich davrlarida din namoyandalari haqiqatni yaxshi bilishar edi. Lekin keyinchalik ularning izdoshlari o‘z xatti–harakatlarini shunday tashkil qilishdiki, natijada bir nechta odamni hisobga olmasa, barcha dil yorug‘ligidan benasib bo‘lib qolishdi. Shuning uchun Rumiy haqiqatga yetishish masalasida yangi yo‘l qidirdi va uning o‘ziga xos yo‘lini topdi. Uning masnaviylarida ibratli hikoya va rivoyatlar juda serob. Bir rivoyatda keltirilishicha, birovning hovlisiga notanish kimsa ranglari o‘chgan holatda hovliqib kirib kelib, salom yo‘q, alik yo‘q, o‘zini eshik panasiga oladi. Uy egasi: “Ha, birodar bunchalik bezovtasiz, tinchlikmi?” deb ajablanib so‘rasa, u odam: “Ko‘chada mo‘g‘ullar shohining odamlari eshaklar terisini shilishmoqda. Shundan qo‘rqib o‘zimni panaga oldim“, deydi. Uy egasi bunga javoban: “Birodar, siz eshak emassiz-ku? Nega bunchalik qo‘rqasiz?”, debdi. Shunda u odam: “Birodar, men o‘zimning eshak emasligimni yaxshi bilaman, lekin mo‘g‘ullarning avzoi juda buzuq. Shuning uchun eshak bilan mening farqimga bormay qolishadimi, deb ehtiyot shart o‘zimni chetga oldim”, deya suhbatdoshi ko‘nglini qanoatlantirgan ekan.
Rumiyning bunday rivoyatni yozishi bejiz emasdi. U yashagan davr mo‘g‘ul istilochilari ot surgan — insoniyat tarixidagi eng qora kunlar edi. Kunyaga mo‘g‘ul lashkarlari xavf solib kelar, o‘sha og‘ir kunlarda kunyaliklarning umid ko‘zi mavlono Rumiyga tikilgan edi… Bo‘lajak dahshatlar qarshisida chuqur o‘yga cho‘mgan Rumiy 654 hijriy yil zulqa’da oyining oxirgi shanba kuni (1256 yil) kechki payt Kunyaning sharqiy darvozasi orqali shahar tashqarisiga chiqib ketadi va bir tepalik ustida yolg‘iz o‘zi tong otguncha Allohga nola qilib, elni mo‘g‘ul falokatidan asrashni iltijo qilib so‘raydi. Shu kuni erta tongda, Kunya xalqi ko‘rsaki, mo‘g‘ul hoqoni Ilxon Xulagu yuborgan Bayju boshchiligidagi mo‘g‘ul askarlaridan nom-nishon ham qolmabdi…
Shunday karomatlar sohibi, qadim Turon yurtining ulug‘ farzandi, buyuk faylasuf, shoiri a’zam Jaloliddin Rumiydan insoniyatga uning o‘ttiz bir ming misrali shoh asari — olamga mashhur “Masnaviy”, ikki ming yetmish uch g‘azalni o‘z ichiga olgan qirq to‘rt ming misrali lirik she’rlar to‘plami — “Ulug‘ devon” va to‘rt ming misradan iborat falsafiy hamda lirik to‘rtliklar, ruboiylar meros bo‘lib qoldi. Bu ulkan va bebaho ma’naviy xazinaning qimmati asrlardan asrlarga oshib, hamon qanchadan-qancha ko‘ngillarni o‘z nuri bilan yoritib kelmoqda.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 11-sonidan olindi.