Mahkam Mahmudov, Alisher Mahmudov. Lessing va Herder

XVIII asr ma’rifatchilik adabiyotining vakili Lessing ijodi jahon adabiy tafakkuri tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. Ma’rifatchilik adabiyoti uchun Uyg‘onish davri zamin tayyorlab berdi. Ma’rifatchilik adabiyoti paydo bo‘lgunicha zohid avliyolarni ulug‘lovchi, ilohiy sevgini dunyoviy sevgidan ustun qo‘yuvchi, g‘aroyibotlarni tasvirlovchi klassitsizm va barokko yo‘nalishidagi asarlar mavjud edi. Bu oqimlar jahon adabiyotiga Lope de Vega, Torkvato Tasso, Per Kalderon, Jon Milton, Jeffri Choser, Per Kornel, Jan Rasin, Moler, Bomarshe kabi buyuk ijodkorlarni berdi. Ma’rifatchilik adabiyotiga uch adabiy oqim asos bo‘ldi: 1) G‘arb Uyg‘onish davrining gumanistik realizmi; 2) antik madaniyatga ergashuvchi klassitsizm; 3) muhtasham gotik qasrlarni eslatuvchi, mo‘jizalar va ajoyibotlarga boy barokko. Bu adabiy oqimlar uch xil usulni vujudga keltirdi. Keyinroq bu ijodiy usullardan Gyote, Klinger, Shiller, Lessing, Bayron, Gyugo, Balzak, Flober ham foydalandi.

Lope de Veganing realistik fojiaviy komediyalari (“Qo‘zibuloq”, “Sevilya yulduzlari”), Pedro Kalderonning barokko ruhidagi dramalari (“Valtasar bazmi”, “Salameya sudyasi”, “Matonatli shahzoda”, “Hayot – tush”, “O‘limdan keyingi sevgi”), Jan Rasinning antik syujetlarga asoslangan dramalari (“Andromaxa”, “Mitridat”, “Fedra”), Kornel tragediyalari (“Sayid”, “Gratsiy”, “Sinna”) jahon adabiyoti durdonalariga aylandi.

Jon Miltonning “Yo‘qolgan jannat”, “Qutulgan Quddus” poemalari Homer dostonlari ruhida yozilgan bo‘lsa ham Lessing xalqchil emas deya tanqid qildi. Ke­yinchalik Bayron ham bu poemalarga salbiy baho berdi. Shunga qaramay, Jon Milton poemalari jannat va do‘zax, savob va gunoh, din va dunyo, tarix va zamon chuqur badiiy aks ettirilgan asar sifatida shuhrat topdi.

Frantsiyada antik san’at tarafdorlari bilan yangi davr shoirlari o‘rtasidagi bahs chorak asr davom etdi. Bu munozaraga Germaniya hamda Ang­liya ijodkorlari ham qo‘shildi.

Qadimchilar va jadidlar bahsini Frantsiya San’at akademiyasi yetakchilaridan biri, xalq og‘zaki ijodi bilimdoni, shoir Sharl Perro boshlab berdi. U akademiya majlisida mutlaq hukmronlik o‘rnatgan, diniy bag‘rikenglikka qarshi bo‘lgan, hurfikrlikni qatag‘on qilgan qirol Lyudovik XIV davrida frantsuz adabiyoti va san’ati mislsiz rivojlanib, Homer, Esxil, Sofokl, Evripid, Vergiliy, Goratsiylarning poeziyasini orqada qoldirdi, degan fikrni aytdi1. Antik davrdagi Arastu maqtagan uch birlik qonuni (qahramon, makon, vaqt birligi) san’atkorni cheklab qo‘yar edi. Yangi davr san’ati bu kamchilik­lardan qutulib, erkin rivojlandi. Shu sababli Sharl Perro qadimgi adabiyotning endi bizga keragi yo‘q, deb yozdi. Uning fikricha, yangi frantsuz she’riyati, ilm-fani, me’morchiligi, musiqasi, tasviriy san’ati qadimgi yunonlarnikidan o‘zib ketdi. Sharl Perro bu bilan cheklanmay, uch qismdan iborat “Qadimgilar va jadidlarni qiyoslash” asarini bitdi. Arastuning poetikaga doir nazariy fikrlarini keskin tanqid qilib, qahramon, makon, vaqt birligini qoraladi.

Bu majlisda qatnashgan qadimchilar vakili Nikola Bualo ruhoniy Yuega qarab: “Perroning bu gaplari frantsuz akademiyasini sharmanda qildi. Akademiya ramziy nishonini (emblemasini) bir to‘da maymunlar suratiga o‘zgartirishi kerak!” – dedi. Dramaturg Rasin va satirik Lafanten ham Bualo fikrini quvvatladi. Ertasiga Lafanten Kvintilian “Saylanma”siga quyidagi to‘rt misrani solib, ruhoniy Yuega yubordi:

Jimjimador so‘zlar bilan maqtanish oson,
Maqtalgan asarlar topilmas qo‘lda.
Qadimgi san’atdan bahra olmaslar –
Adashar, haq yo‘lni topa olmaslar.

Kvintilian: “Qadimgi buyuklarni so‘kishdan ko‘ra maqtashning gunohi kamroqdir” degan gapi bilan mashhur edi.

Jadidlar tarafdori De-Mare qadimchilarni mushriklar deb ayblab, ijodkorlarni antik syujetlar o‘rniga masihiylik mavzularida yozishga da’vat etdi. Bualo unga: “Qadimgi syujetlar mifologiyadan olingani uchun badiiy to‘qimaga keng o‘rin beriladi, xristianlik syujetlarida badiiy to‘qima kufrga olib keladi”, deb javob berdi.

Bualo antik asarlarni yuksak badiiylik namunalari hisoblab, Arastu “Poetika”da maqtagan ijodkorlarning buyukligini isbotlashga harakat qildi.

Rasin qadimchilar va jadidlar bahsida o‘rta yo‘lni tanlab, nisbatan yaqinroq tarixdan “Boyazid” dramasini yozdi. Unda malika erining ukasi Boya­zidni sevib qolishini “Shohnoma”dagi “Siyovush” qissasi hamda Sharqda mashhur “Yusuf va Zulayho” dostoni syujetlariga yaqin ruhda tasvirlaydi.

Bu davrda Lessing “Fotima” asarini yozdi. Lessing kabi Herder ham poe­ziya ayrim nozikta’b odamlar, aslzodalarning ko‘ngilxushligi uchun emas, balki hamma odamlar go‘zallikdan, so‘z san’atidan zavq olishi mumkin, deb bilardi. Bu sohada Herder “Bo‘ron va hujum” deb nomlangan adabiy oqim asoschilaridan Gamanning (1730-1788) izdoshi edi. Gaman hamshahri Kantning ratsional tizimiga qarshi chiqib, inson ma’naviyati aql bilan emas, ko‘ngil, intuitsiya, his-tuyg‘ular, yana-da aniqrog‘i, imon-e’tiqodi bilan kamol topadi, deb bilardi.[1]

Gaman yana: “Voqelikni aql bilan anglash inson ruhini qashshoqlash­tiradi, hayotning barcha turli-tuman ranglarini aqlli odamlar emas, his-tuyg‘uli insonlar ko‘ra oladi”, der edi. Hissiyotli kishi jonzotni ko‘rsa, aql yurituvchi skeletning shaklini ko‘radi. Shu sababli u diniy e’tiqodni, muqaddas kitoblarni adiblar, shoirlarning to‘qimasi emas, balki o‘z davrida hukmdorlarning jabr-zulmiga qarshi chiqqan xalqning imon, ishonch, e’tiqod haqidagi tarixiy sharoitda tug‘ilgan ijodi deb hisoblaydi. Bu bilan Gaman Yung aytgan tug‘ma daholar haqidagi fikrga qo‘shiladi.

Gaman fikricha, intuitivizm – emotsional xarakter, ya’ni shaxsning his-tuyg‘ulari boyligidir. Intuitiv bilimlar (ilmi g‘ariba) poetik daholar ijodi bilan bog‘liq hodisa.

Ammo, Herder “Tanqid uyining havozalari” asarida Lessingni “Laokoon” asarini tanqid qilganida intuitsiya bilan emas, balki aqliy dalillar bilan fikr yuritdi. Shunga qaramay, poeziyaning xalqchilligi, emotsional xususiyatlari, ijtimoiy taraqqiyotga ta’siri, shaxs ma’naviy kamoloti, iste’dod va ilhom masalalarida bu ikki olmon mutafakkiri maslakdosh, hamfikr edi.

Herder “Kalligona” (Nafosat) asarining “Nazm va fasohat” bo‘limida poe­ziyaning xalqchilligi haqida yozar ekan, Aristoteldan Lessinggacha bo‘lgan nafosatshunoslar poeziyaning kelib chiqishini qadimgi xalq bayramlarida ijro etiladigan o‘yinlar, tomoshalar bilan asoslashiga qo‘shilmadi va o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdi: “Fasohat, ya’ni so‘z san’atini agar o‘yin desak, bu o‘yinni jiddiy kasb bilib, o‘z hayotining ma’no va mazmuniga aylantirgan notiqlar va shoirlarni mayda odamlar deyish kerak. Nahotki, inson tabiati shunday o‘yinlarga muhtoj darajaga tushib qolgan bo‘lsa! Bunday o‘yinlarda aql tasavvurni aldaydi va bu aldamchiliklarning aybdori nafis san’at vakillari bo‘lib qolar edi”. Herder bu asarida Aristotel va uning tarafdori Lessingni poeziya san’ati tamoyillarini yaxshi bilmaslikda aybladi. Herder shartli ravishda arxitekturani “soqov muza”, notiqlik va poeziyani “so‘zlovchi muza” deb atadi. Quyidagi fikrni esa Herder ustozi Gaman asaridan ko‘chirib keltiradi: “Bog‘dorchilik – dehqon ishi, rangtasvir – rassom ishi, musiqa – sozandaniki, mol ayirboshlash – savdogarniki, poeziya – inson tilidir. Tuyg‘u va ehtiros faqat so‘z bilan tasvirlanadi. Tasvir va tasavvur insoniyat bilimlari xazinasidir. Ibtidoiy zamonlarda barcha xalqlar o‘z tuyg‘ularini poetik tasvir, tovush, imo-ishora, raqs vositasida ifoda qilgan. Inson his-hayajonlarini goh hovliqib, goh tutilib, goh to‘xtab, goh tovushni o‘zgartirib bildirgan. Agar inson hayajonlanmay, shoshilmay, to‘xtab, tin olib ifodalamoqchi bo‘lsa, bayon qilishga o‘tadi”. Herder fikricha, nasriy so‘z san’ati shundan kelib chiqadi. Homer dostonlarida epos so‘zi hikoya, voqea, tarix ma’nolarida qo‘llaniladi. Qadim vaqtlarda eposda hikoya, poeziya, tarix qo‘shilib ketgan edi. Aristotel davriga kelib, poeziya va tarix bir-biridan ajraldi. “Poetika” muallifi aytganiday: “Tarix hayotda yuz bergan bir hodisani, poeziya o‘tgan, hozir kechayotgan yoki kelgusida bo‘lishi ehtimoli bor voqea-hodisalarni tasvirlaydi”. Shu sababli Arastu fikricha, tarixga nisbatan poeziya falsafiyroqdir.

Herder “Kalligona” (Nafosat) asarining poeziya haqidagi bo‘limida Kant va Lessingning ayrim fikrlariga e’tiroz bildirgan holda “Poetika”dagi poeziyaning asosiy tamoyili Mimesis nazariyasini yoqlab chiqdi, uni yana-da rivojlantirib, chuqurlashtiradi. Tarixiy asarda biror voqea qachon, qayerda sodir bo‘lgani bayon etilsa, poeziyada shoir o‘sha voqea qanday yuz berganini, voqeani keltirib chiqargan odamlarning ruhiy holatlarini, o‘y-kechinmalarini, voqea tafsilotlarini tasvirlaydi va haqiqatan shunday bo‘lganiga ishontiradi. Yunon tilida poeziya ijod qilmoq, yasamoq, bunyod etmoq, yaratmoq ma’nolarini bildiradi. Ijodni bilmay, bo‘lgan voqeaning o‘zini bayon qiluvchi kishi shoir bo‘la olmaydi.[2]

O‘z xalqining shoh asarlarni tahlil qilish asosida Arastu poetika qonuniyatlarini kashf etdi. U badiiy asar fabulasi, voqealar bir butunligi, asar hajmi, tili, badiiy asarda xarakter, e’tiqod, ehtiros, ajoyibotlar haqida fikrlar ekan, bularning hammasi jonli tasvir – mimesisga borib taqaladi, deydi.

Lessing “Hamburg dramaturgiyasi”da Fransua Volterning “Zaira”, Per Kornelning “Rodogyuna” asarlarini “Poetika” talablaridan kelib chiqib, juda mufassal va teran tahlil etdi. Antik mumtoz adabiyoti ruhida yozilgan bu asarlarni mualliflar, adabiyotshunoslar, san’atshunoslar ko‘kka ko‘tarar edi. Lekin, Lessing bu dramalarda juda ko‘p kamchiliklar borligini badiiy, mantiqiy, ruhiy tahlil orqali ko‘rsatib berdi. Lessing Volter o‘z dramasini nokamtarlik bilan maqtagan so‘zlarini keltiradi: “Aslzoda xonimlar dramalaringizda sevgi yo‘q, deb gina qilibdi. Volter ularga bunday javob qilibdi, tragediya sevgining unchalik o‘rni emas, lekin juda sevgini xohlayotgan bo‘lsangiz, mana sizlarga sevgi deb “Zaira”ni 18 kunda yozib tugatibdi. Asar katta muvaffaqiyat qozonibdi. Parijda uni xristianlar tragediyasi deyishar ekan. Uni ko‘pincha “Polievkt” (Sofokl asari) darajasiga qo‘yar ekanlar”.

Bir san’atshunos Volterga asari haqida: “Zaira”ni muhabbatning o‘zi yozdirgan!” – deb xitob qiladi. “Lekin, men, – deydi Lessing, – muhabbat o‘zi yozdirgan birgina asarni – Shekspirning “Romeo va Juletta”sini bilaman. To‘g‘ri, Zaira o‘z kechinmalarini nazokat va odob bilan namoyish etadi. Biroq, ­Z­ai­ra tuyg‘ulari qayoqdayu, Shekspir tasviridagi tuyg‘ularning cheksiz tovlanishlari qayoqda?”[3] Lessing yana kinoya bilan: “Ehtimol, Volter janob­lari sevgi mohiyatini Shekspirchalik bilar, lekin odob saqlab, ko‘p narsalarni yashirgani uchun asar muallifga sira munosib bo‘lmay qolgandir”, deydi. Lessing fikricha, ba’zi san’atshunoslar Volter Sheks­pir olovidan mash’ala yoqib, oldinga borayotgani haqida yozganlarida haq emaslar. “Zaira” tragediyasiga qarab baholansa, Volterning qo‘lidagi yoniq mash’ala emas, balki Shekspir o‘chog‘idan olingan bir cho‘g‘, xolos. Bu cho‘g‘ esa yonishdan ko‘ra tutashga moyilroq. Volter “Zaira”ning oshig‘i turk sultoni Orosmanni (O‘rxon) rashkchi sifatida Shekspirning Otel­losiga qiyoslaydi. Lessing bu oshiq bilan Otello orasida yer bilan osmoncha farq borligini aytadi. Volter “Zaira”ni inglizchaga tarjima qilgan Xillga xushomadgo‘ylik qilib maqtaydi, shu bahonada, o‘zini ulug‘laydi. Lessing, umuman, frantsuz xalqining yengiltakligi va maqtanchoqligi haqida gapirib: “Ular o‘z kamchiliklarini bilmay, o‘zini ulug‘layvergani uchun ijodiy o‘smaydi”, deydi.

Tragik poklanish – “katarsis”ni tushuntirishga, u bilan bog‘liq masalalarni hal etishga ko‘plab urinishlar bo‘lgan. Asrlar davomida bahslar Arastu kashf etgan “mimesis” va “katarsis” atamalari ustida bo‘lib, bu so‘zlarning turlicha talqinlari vujudga keldi.

Arastu “Poetika”sining sharh va talqinlari orasida Robertello, Madji asarlari keng shuhrat qozondi. Nikola Bualo ham o‘z “Poetika”sida Arastuning ko‘pchilik qoidalarini asos qilib oldi. Lekin u yunon mutafakkirining jonli fikrlarini o‘zicha qayta ishlab, frantsuz klassitsizmiga moslashtirdi. Robertello va Madji sharhlarida Arastu “Poetika”sida tilga olingan “katarsis” terminiga jiddiy e’tibor berildi. Bunda ular san’at asarining inson ruhiga ta’siri, ruhni poklashi, baxillik, yovuzlik kabi illatlardan tozalab, ezgulik, yaxshilik tomon yo‘llashi, ya’ni axloqiy, ijtimoiy, tarbiyaviy ahamiyatiga doir fikrlarini bildirdilar. Jumladan, Robertello bunday yozadi: “She’riyat va boshqa har xil asarlar odamlarga foyda keltiradi. Mashhur qahramon jasorati tasvirlangan asar o‘quvchilarni mardlikka o‘rgatadi. Badiiy asarda illatlar, tubanliklar tasvirlansa, odamlarda bu illatlarga nafrat uyg‘onadi, yomon ishlardan uzoq yurishga harakat qiladi”.

Arastuning “katarsis”ga doir fikrlari Lessingning “Hamburg dramaturgiyasi” asarida kengroq talqin etilgan.

Lessing “Laokoon” kitobi boshida atoqli san’atshunos do‘sti Vinkelmanning “Qadimgi san’atlar tarixi” asaridagi nazariy mulohazalaridan parcha keltiradi. Homerning “Iliada” dostonidagi voqea asosida yasalgan haykalda bir kishi bilan uning o‘g‘illari badaniga ikki ilon o‘ralib, chirmashib chiqayotgan vaqtda og‘riq zo‘rligidan qichqirmay, chidab turgan insonning buyuk ruhi tasvirlanadi. Bunday inson ruhi ko‘rganlarda qo‘rquv va hamdardlik uyg‘otadi. Qadimgi yunon san’ati asarlarida go‘zallik, nafosat bilan birga ruhiy ulug‘vorlikni tasvirlashga ham katta e’tibor berilgan. Yunonlarda ruh ulug‘vorligi e’zozlangan.

Herder fikricha, badiiy asardagi fantaziyani xalq fantaziya emas, balki sirli hodisalar zuhuri deb tushunadi va bunday asarlarni hakqoniy, ilohiy ilhom bilan tug‘ilgan ijod mevalari deb biladi. Arastu kabi o‘z nazariy fikrlariga Homer, Dante, Shekspir asarlarida tasvirlangan xayo­liy, fantastik manzaralar va holatlarni dalil sifatida keltiradi. U Homer dostonlarida Ahill, Hektor, Laokoon, Odissey taqdirlariga ma’budlarning aralashuvi, Dantening “Ilohiy komediya”sidagi do‘zax manzaralari, V.Shekspirning “Yoz kechasidagi tush” asaridagi Ariel (Uchar odam), qo‘rqinchli maxluq Kaliban tasvirlarini mana shunday ilohiy ilhom xilqatlari deb ko‘rsatadi. Faylasuf Herder o‘zining estetik qarashlarida hodisalarning ilohiyligi sababli xalq ularga ishonishini, qiziqish bilan qarashini eslatadi. Arastu ham “Poetika”da Homer asarining ana shu fazilatlari uchun maqtagan edi: “Homer boshqa fazilatlaridan tashqari, yana shu bilan maqtovga sazovorki, shoirlar ichida birgina u poema yaratish uchun nima qilish zarurligini yaxshi bilgan. Shoir poemada iloji boricha o‘zi kamroq gapirishi kerak, aks holda, u hayotga o‘xshatuvchi shoir bo‘lolmaydi. Boshqa shoirlar esa (o‘z hikoya usulida) hamma sohada o‘zini ko‘rsatishga intilishadi. Faqat mayda-chuyda narsalarni aks ettirishadi. Homer esa, kichik bag‘ishlov tugashi bilan erkak yo ayol qahramonning muayyan xarakterini ocha boshlaydi. Hech kimni xaraktersiz ko‘rsatmaydi!”[4]

Lessing “Laokoon” asarida haqiqiy poeziyaning hayotiy voqealarini, moddiy qurollarni va ko‘rinmas ma’budlarning xatti-harakatlari, qilmishlari, xarakterlarini tasvirlashda rangtasvir san’atiga nisbatan kengroq va ko‘proq imkoniyatlarga ega ekanligini dalillashda Homer “Iliada”siga tez-tez murojaat qiladi. Lessing dostonning turli qismlarida aks etgan holatlar va xatti-harakatlarning poetik tasvirini chuqur, mufassal tahlil qilib, rangtasvirchi mussavirlarni voqelikni, xarakterlarni aks ettirishda shoirlardan ustun qo‘ygan san’atshunos graf Keylyus bilan bahsga kirishib bunday deydi: “Menimcha, Homer o‘z dostonida voqeani hayotdagi kabi ketma-ketlikda tasvirlaydi, boshqa badiiy detallarni asarda qatnashuv tartibiga ko‘ra faqat birgina xususiyatini ko‘rsatadi. Homer tasvirlayotgan narsalarning ba’zilarini, ehtimol birortasini ham rassom ko‘rolmasligi mumkin. Shoir tasvirlayotgan narsalar, harakatlar, holatlarning eng go‘zallari, eng ajoyiblari rassom uchun ajablanarli emas. Ehtimol, rassom uchun juda go‘zal, yoqimli, ajoyib ko‘ringan shaxslar, holatlar shoir uchun u qadar e’tiborli emasdir? Keylyus o‘z asarida Homer dostonidan keltirgan va rassomlar uchun muhim deb bilgan manzaralar bizning fikrimizni tasdiqlaydi”.[5]

Shundan so‘ng Lessing o‘z fikrini isbotlash uchun Homer dostonidan ma’buda Yunona uchun jang aravasini uning xabarchisi Xeba qanday yasaganligi, aravaning barcha qismlari birin-ketin qanday biriktirilib, tayyorlanishi mufassal tasvirlangan parchani keltiradi. Homer jang aravaning sakkizta g‘ildiragi misdan yasalib, ustidan tilla gardishlar qo‘yilib, uning ustidan yana mis gardish qoplangani, bu g‘ildiraklar va faytun uzun temir o‘qlarga o‘rnatilgani, kumush shoti, otlarga kiygiziladigan tilla bo‘yinturuqlarni tafsilotlari bilan erinmasdan tasvirlaydi. Lessing, bu o‘rinlarni tasvirlash qonuniyatiga muvofiq keladi, deya baholaydi.

Yana bir o‘rinda Homer yunonlarning Troya urushida birlashgan qo‘shinlar boshlig‘i Agomemnon jang oldidan qanday liboslar va sovutlarni birin-ketin kiyishini, yana bir o‘rinda Axillning mashhur kamoni kiyikning katta shoxidan qanday yasalganini, boshqa bir joyda kamonga o‘q qanday joylanishi, o‘qning sifati, o‘q va kamon ipi tarang tortilganida, o‘q kamondan uchganida zirillashini, yana bir o‘rinda Axillning qalqonida qanday voqealar va manzaralar naqsh etilganini juda mufassal tasvirlaydi. Lessing shu kabi badiiy tasvirlar asarda jonli hayotga yaqinlik hosil qilishini aytar ekan, musavvir o‘z asarida qahramonlar harakatini, fikrlarini, bahslashuvlarini, vaqt oqimining ketma-ketligini tasvirlashda rang-bo‘yoqlar imkoniyati chek­langanligini, graf Keylyus va boshqalar rangtasvirni so‘z san’atidan afzal va yuksak deyishlari xato ekanligini isbotlab beradi.[6]

Lessingning “Laokoon” asari e’lon qilinishi qizg‘in bahs-munoza­ralarga sabab bo‘ldi. Badiiy adabiyotni, poeziyani antik davr namunalari ruhida yozish kerak deb o‘ylaydigan va shu yo‘lga amal qiladigan klassitsizm qonun-qoidalari tarafdorlariga qarshi ruhda yozilgan bu asarni “Bo‘ron va hujum” adabiy oqimi vakillari, jumladan Gyote hayratlanib kutib oldi. Gyote keyinchalik, avtobio­g­rafik ruhdagi “Poeziya va haqiqat” asarida bu asarni eslab, yozgan edi: “Lessingning “Laokoon”i bizga naqadar kuchli ta’sir etganini bilish uchun yana yoshligimizga qaytishimiz kerak. Bu asar bizni tashqi qiyofalarning qashshoq chizgilaridan hur fikrlash osmoniga ko‘tardi. Poeziya musavvirlik izidan borishi kerak, degan fikrimiz bir zumda o‘chib, yo‘qoldi. Yashin chaqib, uning yorug‘ida biz eskirgan, juldurvoqi tushunchalarimizni uloqtirdik, endi barcha yomonliklardan qutulganday edik”. Boshqa ma’rifatchilar kabi, Gyote ham “Qadimgi san’at tarixi” muallifi Vinkelman bilan Lessing bahs-munozarasiga qiziqish bilan qaragan edi.

Klassitsizm tarafdorlari Gotshed, Rasin va Kornel aslzodalar tabaqasi vakillarini, taqdir bo‘ronlariga chidam, matonat ko‘rsatgan, ideal qahramon­lar sifatida ulug‘lab yozgan bo‘lsalar, Vinkelman Afina demokratiyasini ozodlik kurashchilarini qahramon qilib tasvirlovchi san’at asarlarini himoya qilgan. Uning fikricha, Rim imperatori Avgust yoki Frantsiya qiroli Lyudovik XIV kabi ma’rifatli tojdorlar homiyligi san’atni rivojlantirmaydi, balki san’at taraqqiy etishi uchun siyosiy erkinlik, ijod erkinligi zarur. Lessing Vinkelmanning bu fikriga qo‘shilgan holda, uni yanada chuqurlashtirib: “Ma’rifatli tojdorlar siyosiy erkinlik berganida ham san’atni, poeziyani, dramaturgiyani qirollarga madh aytuvchi, laganbardor, mansab va mukofotlarni ta’ma qiluvchi ijodkorlar emas, (u Volterni shunday hushomadgo‘ylardan biri deb bilardi) balki ichki dunyosida, ruhida erkinlikni sevuvchi, kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha insonlarni, bunyodkor xalqni zolimlardan himoya qiluvchi ijodkorlar taraqqiy ettiradi”, – degan gapni aytdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son

_____________________
Mahkam Mahmudov 1940 yilda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetida tahsil olgan. “Talant va ijod falsafasi”, “Abadiyat lahzalari”, Orifi maoniy”, “Keshga bahor keldi” kabi ilmiy va badiiy asarlar muallifi.

Alisher Mahmudov 1973 yilda tug‘ilgan. Qarshi davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini tamomlagan. Bir qator nemis adiblari ijodidan o‘zbek tiliga qilgan tarjimalari respublika gazeta va jurnallarida e’lon qilingan. Hozirgi kunda “Lessing ijodida G‘arb va Sharq voqeligining mushtarak talqini” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda.

[1] Gerder. Izbrannыe sochineniya. M-L. GIXL. 1959, str. 8.

[2] Xerder. Izbrannыe sochineniya. M-L. GIXL, 1959, str. 215.

[3] G.E.Lessing. Izbrannыe proizvedeniya. Moskva. GIXL. 1953, str. 525-529.

[4] Arastu. Poetika. Axloqi kabir. T. “Yangi asr avlodi”, 2004, sah. 57.

[5] Laokoon ili o granitsax jivopisi i poezii. Lessing. Izbrannыe proizvedeniya. M.GIXL, 1953, – S.446.

[6] G.E.Lessing. Laokoon ili o granitsax jivopisi i poezii. – S.446-456.