Lilion Ross. Xeminguey portreti

So‘zboshi

Ertalab soat yettida poyezd kelib to‘xtagandan keyin Xeminguey bilan birinchi marta uchrashdik. Havo minus o‘n daraja sovuq bo‘lishiga qaramay, u qor bosgan uy yonida paypoqsiz xonaki tufli kiygan, kumush uqali hindular kamari taqilgan jinsi shimda, cho‘ntaklariga yaltiroq tugmalar qadalgan, yoqasi ko‘tarilgan yupqa kovboylar ko‘ylagida turar edi. Mo‘ylovi oqara boshlagan, ruhoniylarnikiga o‘xshab ketadigan kalta soqoli unga salobat va soddalik bag‘ishlab turganiga qaramay, qaddi-qomatiga unchalik mos emasdi. Shu kungi tongda u ulug‘vor, tetik, muloyim va mehribon ko‘rinardi. Issiq palto kiygan bo‘lsam-da, sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketgandi. “Sovuq qotmayapsizmi?” deb so‘ragan edim, Xeminguey: “Zarracha ham”, deb javob qaytardi. Nazarimda, butun vujudidan harorat yog‘ilib turgandek edi. Xeminguey va do‘stlari bilan kunni juda xushchaqchaq o‘tkazdik. Ochilib gaplashdik, magazinlarga kirib, mavlud bayramiga sovg‘a-salomlar xarid qildik. Meri Xeminguey ham xuddi eri kabi o‘zini nihoyatda quvnoq, yoqimtoy va xushchaqchaq tutdi, ayni zamonda mashhur yozuvchiga munosib xotin rolini o‘rinlatib ado etdi. Menga ular bir-biriga nihoyatda mos juft bo‘lib tuyuldi.

Ketchamga kelib-ketganimdan keyin ko‘p o‘tmasdan Xemingueydan xat oldim. U meni buqalar jangi haqida maqola yozishga juda munosib muallif deb ta’riflagan edi. O‘zim ham o‘ylab-o‘ylab tavakkal qilishga – Franklin haqida ocherk yozishga jazm etgan edim. Ocherk rejasi ma’qullangandan keyin Xemingueyga maktub yo‘llab, bir qancha masalalarda maslahat so‘radim, u ham o‘z navbatida savollarimga batafsil javob qaytarishidan tashqari, maqolamni betoqatlik bilan kutayotganini ham ma’lum qildi. Ayni shu kezlarda “Nyu-yorker” bir nechta hikoyamni bosib chiqargandi, Xeminguey va xotini jurnalning doimiy o‘quvchilaridan edi, hikoyalarim, chamamda, ularga ma’qul bo‘ldi. Nihoyat, “Franklik portreti” chop etilgandan ke­yin men Xemingueydan qalamda bitilgan xat oldim, Italiyadan – Kortina d’Ampetstsodagi “Villa Aprile”dan jo‘natilgan edi, xatda Franklin haqidagi ocherk ma’qul bo‘lgani aytilgandi. Xeminguey butun umri davomida uchratgan turli-tuman odamlarni yodida saqlab qolishga urinar, birovlar haqida avval aytgan gapini noto‘g‘ri deb hisoblasa, buni mardona tan olar edi. Maqtovlari ham astoydil va chin yurakdan bo‘lar, har doim odamlarning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. U sizni istiqboli porloq yozuvchi deb atab, Jo Peyjem va Xyu Keysi bilan qiyoslashdan tap tortmasdi, ayni zamonda maqtash uchun bu beysbol yulduzlari tarixini bilish shart emas, deb hisoblardi. Xatlarini o‘qiganda ham u xuddi yoningizda gaplashib turgandek tuyular, bu esa juda ajoyib va yoqimli taassurot qoldirardi. U saxiy suhbatdosh edi. O‘z g‘oyasi yoki qarashlari, hazil-huzullari, shaxsiy fikrlarini zo‘rlab o‘tkazishni yoqtirmasdi. O‘ta hozirjavob edi, xulosalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularni katta qalb harorati bilan bayon etishni yaxshi ko‘rardi. Masalaning tagiga yetib, quvnoq yumor, hozirjavoblik, nazokat bilan aytgan gaplaridan juda ko‘p narsalarni bilib olish mumkin edi. U ochiqchasiga dangal gapirar, gaplari esa har doim nihoyatda tetik va quvnoq bo‘lardi.

1950 yilning bahorida yana shu “Nyu-yorker” uchun “Xeminguey portreti”ni yozib tugatdim. Men Nyu-Yorkda Xeminguey bilan o‘tkazilgan ikki kun haqida nihoyatda samimiy ruhda yozdim, unda dunyoda hech kimga o‘xshamaslik uchun jasorat topa olgan Xeminguey aslida qanday odam ekanini iloji boricha aniq ko‘rsatishga harakat qildim; u ishlayotganda, suhbatlashayotganda, dam olayotganda qanday holatda bo‘lishini ko‘rsatdim; boshqacha aytganda, men hazil-mutoyibani nihoyatda yaxshi ko‘radigan bu insonning qiyofasini butun jozibasi, hayotsevarligi bilan chizib berishga urinib ko‘rdim. Ocherkni e’lon qilishdan oldin terilgan nusxalarini Xemingueylarga jo‘natdim, ayrim tuzatishlar kiritilgan holda ularni menga qaytarib yuborishdi. Xeminguey ilova tarzida yozilgan xatida “Portret” qiziqarli va maroqli chiqqanini ta’kidlab, faqat bir joyi olib tashlansa, yaxshi bo‘lishini aytgan edi.

Shundan keyin yozuvchilik hayotimda hech qachon uchramagan g‘alati va sirli bir hodisa yuz berdi. Men va jurnal tahririyati, hatto Xemingueyning o‘zi uchun ham sira kutilmagan tarzda “Portret” katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. O‘quvchilarning ko‘pchiligi uni to‘g‘ri qabul qilishdi, nazarimda, ocherk ularga ma’qul tushgandi. Ba’zilar unga keskin va adolatsiz baho berishdi. Ular orasida Xeminguey yoqtirmaydigan odamlar ham bor edi, ular meni ham yozuvchini xush ko‘rmaydiganlar qatoriga qo‘shib, aslida yo‘q jihatlari uchun asarimga maqtov yog‘dirishgandi. Boshqacha aytganda, qahramonimni imkon qadar aniq tasvirlash orqali uning ustidan kulgan yoki unga hujum qilgan emishman. Yana ba’zilarga Xemingueyning so‘zlash usuli yoqmagandi (Xeminguey ba’zan hazil tarzida inglizchani buzib gapiradigan hindularga taqlid qilib, qo‘shimchalarni ataylab tashlab ketardi), uning erkin turmush tarzi, o‘zi ham e’tiborsiz qaraydigan boksga behuda qiziqish, hayvonot bog‘ida sayr qilish, do‘stlar bilan suhbatlashish, baliq ovlash kabi ermaklari kimlargadir xush kelmasdi. Ular yozuvchining odamlar bilan gaplashishni sevishini, biron asarini yozib tugatmasdan avval shampan vinosi va uvuldiriq bilan tantanalar o‘tkazishini yoqtirishmasdi. Xullas, ularga hech narsa yoqmas, aniqrog‘i, Xemingueyni Xeminguey bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rishmasdi. Uning o‘zgacha bo‘lishini, ochig‘i, o‘zlariga o‘xshashini xohlashardi. Bulardan shunday xulosa chiqarilgandiki, ocherkda Xemingueyning hayoti buzib tasvirlangan, yoki u haqiqatan ham shunday bo‘lsa, men u haqda umuman yozmasligim kerak ekan. Chamasi, ular ulug‘ yozuvchi qanday bo‘lishi haqida meshchanlarcha fikr yuritib, o‘zlarining hayotdan uzilib qolgan qarashlarini zo‘rma-zo‘raki himoya qilishar yoki Xemingueyga xiyonat qilishda ayblab, menga behuda ta’na yog‘dirishardi. Ba’zi o‘ta ashaddiylar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Portret”ni mahv etuvchi asar, deb hisoblashgandi. Bu g‘alvalardan xabar topgan Xeminguey 1950 yilning 16 iyunida menga taskin beruvchi maktub yo‘lladi. U meni hayajonmaslikka chaqirgan va sizni to‘g‘ri tushunishmabdi deb ko‘nglimni ko‘targandi. “Ba’zilar, – deb yozgan edi u, – hayotga cheksiz maftunligimga ham g‘ashlanib qarashadi. Savlat to‘kib yurmasdan ham jiddiy yozuvchi bo‘lish mumkinligiga ularning aqli yetmaydi”.

O‘lim narsalarga boshqacha ko‘z, o‘zgacha nuqtai nazardan qarashga majbur qiladi. O‘sha paytda “Portret”ni buzib talqin qilganlar uni bugungi kunda o‘qisa, boshidan oxirigacha to‘g‘ri qabul qilgan bo‘lardi. “Portret”ni yozayotgan vaqtimda faqat o‘zim ko‘rgan va eshitgan narsalarnigina bayon qilishga intilgan va faktlarni yoki o‘z fikrlarimu mulohazalarimni izohlashga o‘rin qoldirmagandim. Ishonchim komilki, o‘z nuqtai nazarimni bildirmagan bo‘lsam ham, xohlagan o‘quvchi men tanlab olgan detallar asosida yaratilgan chizgilar to‘la mehr va hayratga yo‘g‘rilganligini ko‘rishi mumkin.

Xeminguey Nyu-Yorkda ikki kun ichida menga qanday ko‘ringan bo‘lsa, portretda uni shundayligicha gavdalantira olganim uchun o‘zimni baxtiyor sanayman…

Men chizgan lavhalarimda Xeminguey asarlariga hech qanday baho berganim yo‘q, ammo ulardan har doim cheksiz lazzat olganim uchun bir o‘quvchi sifatida yozuvchi ijodi keyingi yillarda pasayib ketdi, deb dimog‘dorlik qilayotgan tanqidchilar haqida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tmoqchiman. Ba’zi mulohazalarni o‘qiganda, Xeminguey go‘yo qasddan birovlarning o‘sib-unishiga xalaqit berib, o‘zini va shu yo‘l bilan ijtimoiy mavqeini oshirishga urinayotgandek taassurot paydo bo‘ladi.

Holbuki, mening yaxshi xabarim bor, u to o‘limiga qadar o‘z e’tiqodida sobit turdi, hech kimga yon bermasdan, qat’iyat va matonat bilan kuchi yetgancha ijod qildi, imkoni qancha bo‘lsa, shuncha yaxshi yozdi. Hatto yozolmay qolganda ham, kitoblar orasidagi tanaffuslar paytida ham yashash tarzini zarracha o‘zgartirgani yo‘q.

U umrini jo‘shqin hayot quchog‘ida o‘tkazdi va o‘zgalar ham hayotdan zavq olsin, deb o‘z tajribalarini hammaga ulashib yashashni katta baxt deb bildi.

Xemingueyga xos saxovat xilma-xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lardi. Do‘stlariga yozgan xatlari va suhbatlarida Xeminguey bergan maslahatlar asosida katta-katta asarlar yaratish mumkin edi. Uning maktublari o‘ziga xos erkin, quvnoq ohangda bo‘lib (u hammaning vaqti ziqligini yaxshi bilardi), Xemingueycha “tezkorlik”da bitilar, bu uslubdan kitoblariga qaraganda maktublarida ko‘proq foydalanar edi. U xat yozishni yaxshi ko‘rardi. “Portret”ni tamomlagach, filmlar qanday tayyorlanishi haqida turkum maqolalar yozish uchun bir yarim yilga Gollivudga ketdim. Bu yerda Xemingueydan ko‘plab maktublar oldim; u kinofilmlar qanday suratga olinishi haqida o‘z nuqtai nazarini bildirgan, Kubadagi hayoti qanday kechayotgani, so‘nggi voqealar haqida xabar bergan, baliq ovi va boshqa sarguzashtlarini qiziqarli bayon qilgan edi. 1953 yilda ov qilish uchun Afrikaga ketganda ham bu o‘lkadagi ajoyibotlar haqida yozib turdi. U Afrikadagi hayot boshqa joylarga qaraganda ko‘p jihatdan yaxshi deb ta’kidlar va bunga ishonch hosil qilish uchun u yerga taklif etardi. Maktublar ko‘pincha, albatta javob qaytaring, degan iltimos bilan tamomlanardi. U yozishmalarni to‘xtatishni yoqtirmasdi, bu haqda bir marta menga ochiqchasiga yozgan va maktublar kelmay qolsa, o‘zimni yolg‘iz his qilaman deb qo‘shib qo‘ygan edi. Ba’zan Meridan ham Xemingueyga xos quvnoqlik va hayotsevarlik bilan sug‘orilgan xatlarni olib turardim. U Keniyadan yozgan maktubida, bu yerda tong otayotganda uxlash rohat bag‘ishlaydi, quyosh chiqqanda yuvinish uchun daryoga borib, bahaybat begemotlarni ko‘rganda hayotdan chinakamiga zavqlanish mumkin deb, yozgan edi. Xemingueylarni menga qaraganda yaxshiroq biladigan boshqa odamlar ham bunday da’vatnomalarni olganiga shubha yo‘q. Xemingueylar hamisha quvnoq va mehmondo‘st edilar. Ular Keniyaga, Parijga yoki Kubadagi fermasiga chin ko‘ngildan taklif qilishardi. Bunday samimiy da’vatlardan foydalana olmaganim uchun achinaman!

Xeminguey qanday yozish yoki yozuvchi qanday bo‘lishi borasida hech qachon yanglishgan emas. U har ikki holatni ham yaxshi, juda yaxshi bilar edi. Ba’zi yozuvchilarning asarlari ko‘p nusxada bosilgani, kinokompaniyalardan katta gonorarlar olgani, nomi mashhur bo‘lib ketganiga qaramay, ularning bahosi qandayligi, yozuvchi sifatida qaysi darajada turishini aniq-tiniq ko‘rib turardi. 1950 yil 8 avgustda bir umr iloji boricha yaxshi yozishga intilgani, imkoni qadar ko‘p o‘rganish va anglashga harakat qilgani haqida yozgan edi. Shunday odamlar borki, tinimsiz mening nuqsonlarimga taqlid qilishadi, musiqa va ohanglarimni takrorlashadi va buni Xeminguey maktabi deb taqdim etishadi-yu, ammo hech kim menga yaxshilikni ravo ko‘rmaydi, deb ta’kidlagan edi. Keyin go‘yo fikrini o‘zgartirganday bo‘lib, bu borada men haq emasman, ko‘pchilik yaxshilik qilishni xohlaydi, ammo bu haqda jiddiy gapirishdan tortinadi, deb qayd etgan edi. Yozuvchilik mehnatiga, adabiyotga u katta mas’uliyat bilan qarardi. Undan nimani kutsalar, shuni amalga oshirishga harakat qilardi. Boshlovchi yozuvchilarning savollariga hech paysalga solmasdan javob qaytarardi. Bir mahal o‘qishga qaysi kitoblarni tavsiya qilishini so‘radim. U quyidagi ro‘yxatni tuzib berdi:

Mopassan. “Do‘ndiq” va “Telening uyi”.

Stendal. “Qizil va qora”.

Bodler. “Yovuzlik gullari”.

Flober. “Bovari xonim”.

Mann. “Buddenbroklar”.

Gogol. “Taras Bulba”.

Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”.

Tolstoy. “Anna Karenina”, “Urush va tinchlik”.

Gotorn. “Alvon harflar”.

Prust. “Yo‘qolgan vaqt izidan”.

Kreyn. “Jasoratning alvon surati”.

Tven. “Geklberri Finning sarguzashtlari”.

D.Jeyms. “De Mov xonim”.

Xeminguey bilan nima haqida gaplashgan bo‘lsam, u hamisha foydali maslahatlar berishga harakat qildi (yoki menga shunday tuyuldi). Bir kuni katta asarni yozib tugatganimdan keyin unga qisqa va yengil narsalarni yozganim ma’qul ekan dedim. U esa menga imkoni boricha qiyin narsalarni yozishga va uni qanday bo‘lmasin yaxshi bajarishga urining, umr bo‘yi shunga intiling, deb maslahat berdi. “Faqat o‘lishga shoshilmang”, qo‘shimcha qildi va u dunyodagi eng foydasiz narsa deb tushuntirdi. U eng mayda-chuyda ishlarda ham qarashib turardi. Kaliforniyaga borganimda otda yurishni o‘rganmoqchi bo‘ldim, Xeminguey menga yirik, yaxshi boqilgan otlarda emas, kichik, ammo aqlli va yuvosh otlarda yurishni maslahat berdi. Gollivud masalasida fik­ri juda qisqa bo‘ldi: u yerda juda uzoq qolib ketmang, deb tavsiya qildi.

Ba’zi donolar uni realist emas, romantik hisoblashardi. Menga esa Xeminguey har doim mavjud hayotning xolis kuzatuvchisi bo‘lib tuyulardi va uni yuqori darajada tushunardi. Maktublarimdan birida o‘g‘li Jon haqida yaxshi gaplar eshitganimni yozgan edim. Xeminguey javob xatida o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rishini va yana qo‘shimcha sifatida uchta qit’ani, bir necha samolyotlarni va kemalarni, ummonlarni, singillarini, xotinlarini, hayot va o‘limni, tongni, tush paytini, oqshom va tunni, nomusni, o‘rin-ko‘rpani, boksni, suzishni, beysbolni, otishni, baliq ovini, o‘qish va yozishni hamda barcha nodir suratlarni sevishini ma’lum qilgan edi.

O‘limidan salgina oldin Rochesterdagi Meyo shifoxanasida davolanayotgan Xeminguey nihoyat “arzimagan” qon bosimidan qutulganini, ammo yozadigan ko‘p narsalari qolib ketayotganini va tez kunlarda Meri bilan odamlar ularni bezovta qilmaydigan va “ishlashga xalaqit bermaydigan” joyga ketish niyati borligini yozgan edi.

 

XEMINGUEY PORTRETI

Hozirgi Amerikaning buyuk romannavisi va ixcham hikoyalar ustasi – Ernest Xeminguey Nyu-Yorkka kam kelar edi. Ko‘p yillardan beri u deyarli hech qayerga chiqmasdan Gavanadan o‘n chaqirim uzoqdagi Finka Vijiadagi fermasida xotini, to‘qqizta xizmatchisi, ellik ikkita mushugi, o‘n oltita iti, ikki yuzta kaptari va uchta sigiri bilan yashardi. Nyu-Yorkka safarga ketayotgandagina bir muddat to‘xtab o‘tardi.

1949 yilning oxirida Yevropaga otlangan Xeminguey Nyu-Yorkda bir necha kun bo‘ldi. Men unga uchrashish haqida xat yozdim. Mashinkada yozilgan javob maktubida u qarshi emasligini bildirib, aeroportda uchrashishni taklif qilgandi.

“O‘zim yoqtirmaydiganlarni ko‘rishni, reklamani, vaqtni behuda o‘tkazishni xohlamayman, – deb yozgan edi u. – Broksdagi hayvonot bog‘ini, Metropoliten muzeyini, zamonaviy san’at muzeyini, tabiat muzeyini, tabiat tarixi muzeyini va boks musobaqasini ko‘rishni mo‘ljallaganman. Metropolitenga qo‘yilgan oliyjanob Breygelni ko‘rmoqchiman. Afsuski, u yerda Goyyaning ikki yaxshi asari va El Grekoning “Toledo”si yo‘q, Tuts Shorga[1] bormayman. Shahardan ketgunimcha og‘zimni ochmayman. Tungi qovoqxonalarga kirmayman. Matbuot xodimlari bilan uchrashmayman. Vaqtim faqat do‘stlarimni ko‘rishga yetadi”. Qalam bilan yana “Nima bo‘lganda ham bizning vaqtimiz ziq”, – deb qo‘shib qo‘ygan edi.

Gavanadan kelgan kuni Xeminguey shoshilayotgan odamga o‘xshamasdi. U kechqurun “Aydluayld” aerodromiga qo‘nishi kerak edi. Men aerodromga yetib borganimda, samolyot qo‘nib bo‘lgan ekan. Xeminguey chiqish eshigida yuklarini olish uchun ketgan xotinini kutib turgandi. U bir qo‘lida eski, titilib ketgan, mehmonxonalarning yorliqlari yopishtirilgan sumkani bag‘riga bosib turar, ikkinchi qo‘li bilan qora terga pishib ketgan qandaydir kichkina, qotma kishini quchoqlab olgan edi. Xeminguey qizil katak ko‘ylak kiyib, guldor naqshli jun bo‘yinbog‘ taqqan, yelkasiga yengsiz jigarrang to‘qima nimcha tashlagandi. Kulrang yupqa shim, yumshoq ag‘darma charm tuflida edi. Muloyim, yuvosh ayiqqa o‘xshab ko‘rinardi.

Orqasiga taralgan uzun sochlari, mo‘ylovi va tekis kuzalmagan kalta soqoli butunlay oppoq edi. Po‘lat bandli ko‘zoynagi gardishiga qog‘oz qistirilgandi. Umuman, u Manxettenga shoshilmayotganga o‘xshardi. Qo‘ltig‘idagi portfeliga ishora qilib, unda hali bitmagan “Daryo ortidagi daraxtlar soyasida” romanining qo‘lyozmasi bor, deb qo‘ydi. Bag‘riga bosib olgan pakana, chayir kishini samolyotdagi hamrohim deb tanishtirdi. Ismi Mayers, uzuq-yuluq gaplarini to‘g‘ri anglagan bo‘lsam, u Kubaga muhim ish bilan borib, qaytib kelayotgan ekan. Mayers uning quchog‘idan sirg‘alib chiqishga urinib ko‘rdi, ammo Xeminguey bo‘shatishni xayoliga ham keltirmasdi.

–  Samolyotda kitobdan bosh ko‘tarmadi, – dedi Xeminguey. U hindularining inglizcha so‘zlashuviga taqlid qilsa-da, talaffuzida O‘rta G‘arb lahjasi ochiq sezilib turardi. Chamamda, kitob yoqib qoldi, – qo‘shib qo‘ydi u Mayersga yuqoridan do‘stona qarab, uni ohista silkitar ekan.

– Sog‘ bo‘ling! – dedi Mayers.

– Kitob uni qiynab qo‘ydi, – davom etdi Xeminguey. – Avval sokin boshlangan edi, keyin odamni yiqitib yuboradigan tezlikka o‘tdi. Men hissiyotlarni ana shu tarzda kuchaytirib boraman. Keyin o‘quvchiga havo yetishmay qolmasin, deb tezlikni pasaytiraman. Kitob mashinaga o‘xshaydi, ohista tormoz berish kerak.

– Sog‘ bo‘ling! – takrorladi Mayers.

Xeminguey uni qo‘yib yubordi.

– Kitob durangni yoqtirmaydi, – dedi u. – Har qanaqasi – 12:0 ham, 12:11 ham yutuq.

Mayers hech narsani tushunmadi.

– Bu kitob “Alvido…”[2]dan yaxshi, – dedi Xeminguey. – Men buni yaxshi chiqdi, deb o‘ylayman. Ammo doim yuqoridan qarab baho berishadi. Ayniqsa, o‘zingni o‘ta kitobxon deb hisoblasang. – U Mayersning qo‘lini qattiq silkitdi. – Kitobni o‘qiganing uchun rahmat.

– Marhamat qiling, – dedi Mayers va gandiraklab uzoqlashdi. Xeminguey uning orqasidan qarab turdi-da, menga o‘girildi.

– Kitobni tamomlaganingdan keyin xuddi murdaga o‘xshab qolasan, – dedi tushkun ohangda. – Ammo buni hech kim bilmaydi. Yozuvchi ishini bitirgandan keyin hamma narsaga tupuradi deb o‘ylashadi. Yozish – naqadar katta mas’uliyat ekanini unutib qo‘yishadi.

U o‘zini yaxshi his etgan bo‘lsa-da, qattiq charchaganini aytdi, vazni 97 kilogrammga tushibdi, qon bosimi ham pasayibdi.

Kitobning ko‘p joylarini yana ko‘rish kerak ekan, o‘ziga ma’qul bo‘lguncha qayta-qayta yozishga qaror qilibdi.

– Yozuvchi beysbol o‘yinchisi emas, uni maydondan hech kim chiqarib yuborolmaydi, – dedi Xeminguey. – U o‘lim holatida ham doirani bosib o‘tishga majbur.

Nozik, serharakat, quvnoq ayol – Xemingueyning xotini Meri oldimizga keldi. U yaltiroq sochlarini kalta kestirgan, yoqasi mo‘ynali uzun manto kiygan edi. Orqasida chamadonlarga to‘la aravachani sudrab kelayotgan hammol.

– Dadasi, hamma buyumlar joyida, – dedi u Xemingueyga. – Endi yo‘lga chiqsak bo‘laveradi…

U esa yuz-ko‘z ifodasi bilan shoshilmayotganini bildirdi. Erinmay chamadonlarni sanashga tushdi. Ular o‘n to‘rtta edi, yarmisi katta chamadonlar bo‘lib, miss Xemingueyning aytishicha, erining chizmalari bo‘yicha yasalgan. Ularga o‘zi o‘ylab topgan usulda familiya va ismlarning bosh harflari yozilgan ekan. Xeminguey sanab bo‘lgandan keyin xotini yuklarni qayerga olib borishni tushuntirdi. Xeminguey hammolga kutib turishni buyurdi va xotiniga burilib:

– Azizam, ko‘p shoshilmasak ham bo‘ladi. Kun tartibiga ko‘ra eng avval oz-ozdan ichishimizga to‘g‘ri keladi, – dedi.

Biz aeroportdagi barga kirib, to‘siq yonida to‘xtadik. Xeminguey portfelini yaltiroq stulga qo‘yib, uni o‘ziga tortdi. Suv qo‘shilgan viskiga buyurtma berdi. Missis Xeminguey ham bu taklifga qo‘shildi, men bir finjon qahva so‘radim. Xeminguey barmenga ikki hissadan deb ishora qildi. U viskini sabrsizlik bilan kutar ekan, to‘siqqa ikkala qo‘lini qo‘yib, qandaydir tushunib bo‘lmaydigan ohangni xirgoyi qilishga tushdi. Missis Xeminguey Nyu-Yorkka qorong‘i tushmasdan yetib olsak yaxshi bo‘lardi, deb istak bildirdi. – Buning menga zarracha ahamiyati yo‘q, sababi Nyu-York qo‘pol, soxta, kun bilan tunni ajratib bo‘lmaydigan shahar, umuman, u yoqqa borayotganimdan xursand emasman, Venetsiya bo‘lsa boshqa gap edi, – deb javob berdi Xeminguey. – G‘arbda men Vayoming, Montan va Aydaxoga borishni xohlayman, yana menga Kuba, Parij, Venetsiya atroflari ham yoqadi, Vest-portni ko‘rganda ko‘nglim ozadi.

Missis Xeminguey sigareta tutatib, qutini menga uzatdi. Men sigaretalarni eriga havola qildim, ammo u chekmayman, chekkanda hid bilish tuyg‘usi yo‘qoladi, ayniqsa, ov paytida bu juda muhim, dedi.

– Hissiyoti nozik odamlarga sigaret hidi dahshatli ta’sir ko‘rsatadi, – u kulimsirab engashdi-da, egilib, o‘zini himoya qilayotgandek mushtlarining orqasini yuziga yaqin keltirdi, so‘ng, – los, bug‘u, silovsin hamda yenotni hididan ajrata olaman, – dedi.

Barmen ichimliklarni olib keldi. Xeminguey bir necha qultum ho‘plagandan keyin men odamlarga qaraganda jonivorlar bilan yaxshiroq chiqisha olaman, deb qo‘ydi. Bir gal Montanda ayiq bilan birga yashagani, birga yotgani, birga ovqatlangani, juda inoqlashib ketgani haqida gapirdi. Shundan keyin mendan Broniksdagi hayvonot bog‘ida haliyam ayiqlar bormi deb so‘radi. Men buni bilmayman, ammo Markaziy bog‘da ayiqlar borligidan aniq xabarim bor, deb javob berdim.

– Bronksda bo‘lganimda Granni Rays bilan birga hayvonot bog‘iga borib turdim, – dedi u. – Men hayvonot bog‘iga borishni yaxshi ko‘raman. Ammo dam olish kunlarida emas. Odamlar hayvonlarni mazax qilishlariga toqat qilolmayman, aslida buning teskarisi bo‘lishi kerak edi.

Missis Xeminguey sumkasidan kichkina yondaftarchasini olib, eri bilan Nyu-Yorkdan jo‘nab ketguncha qilinadigan ishlar ro‘yxatini ko‘rsatdi. Ular termos uchun qopqoq, sodda italyan darsligi, qisqacha Italiya tarixi, Xeminguey uchun esa to‘rtta jun ko‘ylak, to‘rt juft chit, ikkita kalta jun ishton, tungi shippak, kamar va plashdan iborat edi.

– Dadamiz hech qachon plash kiymagan, – dedi u. – Dadamizga albatta plash olishimiz kerak (Xeminguey kuldi va to‘siqqa ko‘kragini qo‘yib engashib oldi).

– Nam o‘tkazmaydigan yaxshi plash kerak, – takrorladi missis Xeminguey. – Keyin ko‘zoynagini ham tuzattirishimiz lozim, u qansharini qiyib yuboryapti. Doim og‘ritib, azob beradi. U haftalab bitta qog‘ozni burnining uchiga qo‘yib yuradi, faqat rosmana yuvingandagina uni almashtiradi.

Xeminguey yana hiringladi.

Barmen keldi, Xeminguey tag‘in viski keltirishni buyurdi. Keyin xotiniga:

– Meri, mehmonxonaga borishimiz bilan birinchi navbatda Karamga qo‘ng‘iroq qilamiz, – dedi.

U yana kulib, mushtini yuziga tiradi va Marlen Ditrixni – eski do‘stini erkalatib shunday atashini, Fink Vijianing fermasida g‘alati laqablar va shartli iboralardan tuzilgan katta lug‘ati borligini tushuntirdi.

– Mana shunday hazilomuz lahjada gapir, bizga yoqadi, – dedi u.

– Eng oldin Marlenga qo‘ng‘iroq qilamiz, keyin uvuldiriq bilan shampanga buyurtma beramiz, – dedi missis Xeminguey. – Ko‘pdan beri shampan va uvuldiriqni sog‘inib kelaman.

– Karam. Uvuldiriq va shampan, – Xeminguey xuddi harbiy buyruqni yodlab olayotganday ohista sanab chiqdi. U bir ko‘tarishda stakanini bo‘shatdi, barmenni imlab chaqirib, yana takrorlashni buyurdi va menga o‘girildi: Biz bilan plash sotib olishga borasizmi?

Men bu taklifdan xursandligimni aytdim va boks ko‘rmoqchi ekanligini eslatdim. Bunday tomoshalarni yaxshi biladigan tanishimdan so‘rab, bu haftadagi yagona uchrashuv bugun kechqurun Sent-Nikolasdagi ringda o‘tkazishini bilib olgan edim. Tanishimda to‘rtta chipta borligini, u jon deb bizni taklif etishini aytdim. Xeminguey bokschilar bilan qiziqdi. Ular kimligini aytdim, hammasi dangasalar ekan, dedi u.

– Dangasalar, – takrorladi missis Xeminguey ham va Kubadagi bokschilar bulardan yaxshi ekanligini qo‘shib qo‘ydi.

Xeminguey menga bir muddat ta’naomuz tikilib turdi.

– Bilib qo‘y, qizalog‘im, yomon boks ko‘rgandan ko‘ra unga bormagan ma’qul. Yevropadan qaytganimizdan keyin birga boksga boramiz, chunki bir yilda hech bo‘lmaganda bir necha marta yaxshi jangni ko‘rish kerak. Agar uzoq muddat boks ko‘rishga bormay qo‘ysang, undan butunlay chetlashib ketasan. Bu esa juda xavfli… – U yo‘talib qo‘ydi. – So‘ng gapini tamomladi: Uyni sog‘inishni o‘rganasan.

Barda bir muddat o‘tirganimizdan keyin Xemingueylar meni mehmonxonaga taklif qilishdi. Yuklarni taksiga ortdik, o‘zimiz boshqa mashinaga o‘tirdik. Qorong‘i tushib qolgan edi. Biz katta ko‘chadan ketdik, Xeminguey diqqat bilan yo‘lga qarab bordi. U har doim shunday qiladi, odatda haydovchi yonida o‘tiradi. Bu odat unda birinchi jahon urushidan qolgan, deb izoh berdi missis Xeminguey. Yevropada nima qilasizlar, deb so‘radim men. Ular Parijda bir hafta yoki undan ko‘proq turishni mo‘ljallashganini, so‘ng mashinada Venetsiyaga bormoqchi ekanliklarini aytishdi.

– Parijda kezishni yaxshi ko‘raman, – dedi Xeminguey yo‘ldan ko‘zini uzmay. – Hech kimga bilintirmay boraman, hech qanday intervyu bermayman, hech kim kelganimni bilmaydi. Va albatta, eski qadrdon kunlarni eslab, soqol-mo‘ylovimni olmay yuraman. Qahvaxonaga kirishni yoqtiraman, u yerda meni faqat ofitsiant va sherigi taniydi. Yangi suratlarni ko‘rishni yoqtiraman, eskilarini ham, velosiped poygalari va boksga boraman, yangi haydovchilar va bokschilar bilan tanishaman. Arzon baholi ko‘hna restoranlarni izlab topaman, u yerda azaldan kamyob taomlar tayyor turadi. Shahar bo‘ylab kezib yurishni ham yoqtiraman: mana bu yerda adashib qolganmiz, mana bu yerda bizda yorqin orzular tug‘ilgan, g‘ira-shira tuman ichida sayr qilganmiz va hokazo. Musobaqalar dasturini o‘rganamiz va kim g‘olib chiqishini bashorat qilamiz, keyingi kuni Otela yoki Enginaga borib garov o‘ynaymiz.

– Poygada dadamiz juda omadli, – gap qo‘shdi missis Xeminguey.

– Dasturni yaxshi o‘rgangan bo‘lsam, – dedi u.

Biz Kvinsboro ko‘prigidan o‘tdik, Manxettendagi osmono‘par binolar ko‘zga tashlandi. Ular yog‘du sochib turardi. Xeminguey ularga e’tibor bermadi.

– Bu mening shahrim emas, – dedi u. – Bu faqat bir ko‘rib o‘tishga arziydigan shahar. U ezib tashlaydi. Parij bo‘lsa boshqa gap, u menga ikkinchi uyimdek bo‘lib qoldi… Yolg‘iz yashaganimda ham u yerda juda baxtiyor edim, bu shaharda yashadik, o‘qidik, ishladik, ulg‘aydik, keyin esa har doim bu yerga qaytishga intilib yashaymiz.

Uning ikkinchi uyi Venetsiya edi. Xotini bilan Italiyaga oxirgi marta borganida to‘rt oy Venetsiya va Kortin vodiysida turgan, oq qilgan va hozir yozayotgan kitobida ham bu joylar, ayrim odamlarni tasvirlagan edi.

– Italiya shu qadar go‘zalki… – dedi u. – Xuddi sen o‘lgansanu ko‘kka ko‘tarilib, shu yerga tushgansan. Bu yurtni boshqacha ta’riflab bo‘lmaydi.

Missis Xeminguey shu yoqda chang‘ida uchayotganda o‘ng boldirini sindirib olganiga qaramay, ular yana chang‘ida uchishga hozirlik ko‘rishayotgan ekan. Paduyada Xemingueyning ko‘zi shamollab, kasalxonada davolangan ekan, ammo u Italiyaga yana borish va ko‘p sonli qalin do‘stlari bilan suhbatlashish ishtiyoqida. U shamolli kunlarda gondolerlarni[3] qayta ko‘rishni, avvalgi borishlarida turgan “Gritti-palas” mehmonxonasida bo‘lishni, Torchellodagi ko‘hna musofirxona – “Lokandu chipriano”da tunashni, Venetsiyaning shimoli-sharqida venetsiyaliklar chodir tikib yashagan kichik orolchada sayr etishni nihoyatda xohlar edi. Hozir Torchelloda bor-yo‘g‘i yetmishga yaqin odam yashaydi, bu yerdagi erkaklarning hammasi o‘rdak ovlab tirikchilik o‘tkazishadi. Xeminguey ko‘hna musofirxonadagi keksa bog‘bon bilan birga ko‘p marta ovga borgan edi.

– Biz kanallarda suzib uchib ketayotgan o‘rdaklarni otar edik, suv qaytgan paytlarda qamishzorlarda kezib loyxo‘raklarni ovlardik, – deb esladi Xeminguey. – Bu joylar o‘rdaklar o‘tadigan yo‘lga to‘g‘ri kelib qolgan. Pripyat botqoqlaridan uchgan o‘rdaklar mana shu yerlardan o‘tadi. Men nishonga aniq urardim, shu sababdan hurmatim baland edi. Bu yerlarda qandaydir kichkina qushcha makon qurgandi, ular shimoldagi uzumzorlardan janubga – bu tomonlarga uchib kelishardi. Mahalliy ovchilar ularni yerda otardi. Men uchib ketayotganlarini ham urib tushirardim. Bir marta uchib ketayotgan galaga o‘q uzib, ikkitasini urib tushirganimda bog‘bon hayratdan qichqirib yuborgan edi. Uyga qaytayotganimizda ancha balandda oy gardishi fonida uchib ketayotgan o‘rdakka o‘q uzdim, u to‘g‘ri kanal ichiga quladi. Hamrohim qoyil qolganidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Sharobdan bo‘shagan shishalarni ham urib tushirardim. Sovuq qotmaslik uchun o‘zimnikini yo‘ldayoq ichib qo‘yardim. Bog‘bon esa hayratdan to‘lqinlanib, lol qolgan va o‘zini ortiq tutib turolmaydigan paytlarda shishani bo‘shatardi. – Biz jim tinglar edik, keyin Xeminguey xitob qildi: – Venetsiya – mo‘jizalar mamlakati!

Xemingueylar “Sherri-Nederlend” mehmonxonasiga tushdilar. U qog‘ozlarni to‘ldirgach, xodimga kelganimni hech kim bilmasin, deb tayinladi. U hech kimni ko‘rishni, miss Ditrixdan boshqa hech kim bilan telefonda gaplashishni xohlamadi. Keyin biz ularga ajratilgan mehmonxona, yotoqxona va kichik oshxonadan iborat nomerga ko‘tarildik. Xeminguey ostonada biroz to‘xtab, mehmonxonani ko‘zdan kechirdi. U XVIII asr uslubidagi mebellar va gilamlar bilan ziynatlangan katta xona edi. Soxta kaminga qalbaki ko‘mirlar qalangandi.

– Uyaga o‘xshaydi-ku, – dedi u eshik tagida turgan holda. – Ular hoynahoy buni xitoy koshinkorligi deb o‘ylashsa kerak.

Missis Xeminguey javon oldiga borib, taxlangan kitoblarni ko‘zdan kechirdi.

– Qarang-chi, dadasi, – dedi u. – Hammasi soxta. Bular chinakam kitoblar emas, dadasi, ushoq narsalar.

Xeminguey portfelini to‘q qizil o‘rindiq ustiga tashlab, javon oldiga keldi. So‘ng ohista, ifodali ovozda sarlavhalarni o‘qidi:

“Boshlang‘ich iqtisod”, “Qo‘shma Shtatlar hukumati”, “Shvetsiya – tabiati va odamlari”, Fellis Bentlining “Xotirjam uxla” asari. – U bo‘yinbog‘ini yecha turib: – Chamasi biz shiddat bilan inqiroz sari ketyapmiz, – dedi.

Xeminguey bo‘yinbog‘, keyin pidjagini yechib, buyumlarni saranjomlash uchun yotoqxonaga kirib ketayotgan xotiniga uzatdi.

Tugmasini yechib, telefon oldiga bordi:

– Karamga qo‘ng‘iroq qilaman.

U Plazaga telefon qilib, miss Ditrixni so‘radi. Xonim yo‘q ekan, kechki ovqatga yetib kelsin, kutamiz, deb tayinladi. Keyin restoranga sim qoqib uvuldiriq va ikki shisha nordon “Perre–Jue” shampaniga buyurtma berdi.

Yana kitob javoni oldiga kelib nima deyishini bilmayotgandek xayolchan turib qoldi, so‘ng karton muqovalarga qarab gapirdi:

– Bular ham xuddi shahar kabi qalbaki.

Men shu kunlarda adabiy davralarda uning to‘g‘risida juda ko‘p gaplar bo‘layotganini aytdim. Faqat u yozgan kitoblar haqida emas, yozilajak asarlari haqida ham tanqidchilar qizg‘in bahs boshlagan edilar. Xeminguey Nyu-Yorkda ko‘rgim kelmayotgan odamlar orasida tanqidchilar birinchi o‘rinda turadi, deb javob berdi.

– Ular xuddi beysbol o‘yiniga kelib, dasturga qaramasdan o‘yinchining nomini ham aytolmaydigan odamlarga o‘xshaydilar, – dedi u. – Menga yoqmaydigan kimsalarga tupuraman. Shaytonning o‘zi! Agar ular menga zarar yetkazmoqchi bo‘lsa, mayli, urinaversinlar. Xafa bo‘laman, ammo o‘yin-o‘yin-da.

Xeminguey tanqidchilardan keyin iloji boricha uchrashmaslikni ma’qul ko‘radiganlar toifasiga umrida poroxni hidlab ko‘rmasdan turib urush haqida yozadigan yozuvchilarni kiritgan edi.

– Ular jo‘ngina tepilgan to‘pni ham ushlay olmaydigan, qo‘lidan to‘pni tushirib yuborib, butun jamoaning harakatini puchga chiqaradigan yoki o‘zlari to‘p uzatganda ko‘proq raqib o‘yinchilarini mayib qilishga harakat qiladigan o‘yinchilarga o‘xshaydi.

Xemingueyning o‘zi to‘pni oshirganda, agar zarurat bo‘lmasa, biron marta ham raqib o‘yinchisini safdan chiqarmagan ekan.

– Mana shu qo‘llarim bilan to‘pni juda tez va aniq o‘yinga kiritib berganman, – dedi u, – to‘p havoda bo‘ladimi, yerda bo‘ladimi, har doim ushlab qolishga harakat qilganman.

Ofitsiant uvuldiriq bilan shampan olib keldi, Xeminguey shishalarni ochishni iltimos qildi. Missis Xeminguey yotoqxonadan chiqib tish cho‘tkasini topolmayotganini aytdi. U qayerga qo‘yganimni bilmayman, yangisini sotib olamiz, dedi. Missis Xeminguey rozi bo‘lib, yotoqxonaga qaytib kirib ketdi. Xeminguey ikki qadahga shampan quyib, birini menga uzatdi, ikkinchisini o‘zi ichdi. Ofitsiant oshkora hayrat bilan uni kuzatardi. Xeminguey boshini yelkasiga egdi, unga ispan tilida nimadir dedi. Ikkalasi kulib yuborishdi va ofitsiant chiqib ketdi. Xeminguey qadahni ko‘tarib borib qizg‘ish o‘rindiqqa o‘tirdi. Men ro‘parasidagi kresloga joylashdim.

– Birinchi jahon urushi menda shunchalik kuchli nafrat uyg‘otgan ediki, o‘n yillar davomida u haqida hech narsa yoza olmadim, – dedi u qo‘qqisdan g‘azablanib. – Urush yozuvchida juda sekin tuzaladigan yara singari taassurot qoldiradi. Qachonlardir bu borada uchta hikoya – “Begona mamlakatda”, “Siz unday bo‘lolmaysiz” va “O‘zimga xiyonat qildim”ni yozgan edim.

U urush haqida yozib, o‘zini ikkinchi Tolstoy deb hisoblagan bir yozuvchining nomini tilga oldi, ammo u maysazorda yalangoyoq chopgani bilangina Tolstoyni eslatar ekan.

– O‘q ovozini umrida eshitmagan bu qalamkash, artilleriya zobiti sifatida Sevastopol jangida qatnashgan va o‘z ishini a’lo darajada bilgan, to‘shakda ham, ichkilikbozlikda ham, oddiygina bo‘m-bo‘sh xonada stol ustida yolg‘iz o‘tirib xayol surgan chog‘ida ham chinakam erkak bo‘lgan Tolstoyga o‘zini teng qo‘ymoqchi bo‘ladi. Men juda kamtarona boshlab, janob Turgenevni yiqitdim. Keyin juda katta mehnat evaziga janob de Mopassanni yiqitdim. Janob Stendal bilan ikki marta durang natijaga erishdim, ammo chamasi, so‘nggi raundda men ochkolar hisobiga yutib chiqdim. Ammo hech kim meni janob Tolstoyga qarshi ringga chiqishga majbur qilolmaydi. Agar shunday bo‘lsa men aqldan ozib qolaman yoki erishib bo‘lmaydigan yuksaklik darajasiga ko‘tarilaman.

Xeminguey yangi kitobi kichik hikoya asosida paydo bo‘lganini so‘zlab berdi.

– Hikoyam romanga aylandi, – tushuntirdi u. – Barcha romanlarim shunday bo‘lgan. Yigirma besh yoshga to‘lgan paytimda men Somerset Moem va Stefan Sent Viksen Benet romanlarini o‘qidim. – U xirillab kuldi. – Ularning kitoblari bor edi, o‘zimga alam qilib ketdi: menda bittayam yo‘q. “Quyosh…”[4]ni shunday yozganman. Yigirma yetti yoshda edim, kitobni olti haftada yozib bitirdim: tug‘ilgan kunimda, oltinchi sentyabrda Parijda tugatdim. Ammo roman lattaga o‘xshardi, uni besh oy qayta ishladim. Balki u yosh yozuvchilar uchun namuna bo‘lib xizmat qilar va shundan keyin ular o‘z shifokor-psixoanalitiklarining maslahatlariga amal qilmaydigan bo‘lishar. Bir kuni ana shunday shifokorlardan biri menga: “Siz psixoanalitiklardan nimani o‘rgangansiz?” deb xat yozibdi. Men juda oz narsa deb javob qaytardim, mabodo ular ham kitoblarimni anglagan bo‘lsalar, ko‘p narsa olmaganlariga ishonaman. Faqat mudofaa bilan cheklangan boks­chi hech kimni yenga olmaydi. Raqibingni yengishga ko‘zing yetmasa, ringga chiqib ovora bo‘lma. Bokschini burchakka taqab qo‘y va urib ruhini so‘ndir. Qarshi zarbalarga chap ber, joning boricha to‘g‘ri zarbani qaytar. Kamina bularning hammasini o‘z badanida sinab ko‘rgan…

Xeminguey qadahiga yana shampan quyib, magnitofon sotib olganimga qaramay qo‘lda yozishni yaxshi ko‘raman, dedi.

– Gapiruvchi mashinadan foydalanishni o‘rganmoqchiman, – davom etdi u. – Gapiradigan mashina hammasini hikoya qilib, ko‘chirib yozish uchun kotibaga beradi…

Xeminguey juda qiynalib yozadi. Faqat dialoglargina quyilib oson keladi.

– Oldimda gapirib turgan odamlarning so‘zlarini tez yozib ulgura olmayman, ammo bu vazifani katta ishtiyoq bilan bajaraman. Jumlalarga ular ko‘tara olganidan ko‘proq yuk ortaman, keyin erkin uchsin deb qo‘yib yuboraman, chinakamiga yaxshi uchuvchilarga o‘xshab tasavvurga sig‘maydigan xavfli parvozlarga yo‘l qo‘yib beraman: parvozning asosiy qismini ular katta tezlikdan zavqlangan holda osoyishta o‘tkazadilar. Hayot shunday davom etadi. Ya’ni men asar ana shunday umr kechiradi, demoqchiman. Xo‘sh, jentlmenlar, sizlar bu haqda nima deysizlar?

Nazarimda, bu savol o‘zi uchun qandaydir muhim ahamiyatga ega edi, ammo u buni tushuntirib o‘tirmadi.

Men yangi kitobi avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishini so‘radim. U menga ta’na qilayotgandek bir muddat qattiq tikildi.

– O‘zingiz qanday o‘ylaysiz? – deb so‘radi ancha jim turgach. – Albatta, siz Addis-Abebadagi askarlar yoki to‘plarni zabt etayotgan jangchilar haqida “Alvido, qurol”ga o‘xshagan narsa yozishimni xohlamaysiz-ku.

U yangi kitobi ikkinchi jahon urushidagi zobitlar haqida ekanini aytdi.

– Shunchaki askarga o‘xshaganlar meni qiziqtirmaydi. – U yana achchiqlandi. – Yoki shaxsan men, alohida ta’kidlayman, boshimdan kechirgan adolatsizlik­larni olib ko‘ring. Jin ursin, meni shafqatsiz urush ilmi qiziqtiradi!

O‘zining aytishicha, yangi romanida to‘pori so‘zlarni ko‘p ishlatibdi.

– Bunga sabab, urushda juda qo‘pol so‘zlashadilar, holbuki, men juda muloyim gaplashishni xohlayman, – dedi. – Shu ma’noda, menimcha, roman “Alvido…”dan ko‘ra kuchli bo‘ladi. – U portfeliga qo‘l cho‘zdi. – Bu kitobda yoshlikdagi g‘o‘rliklar yo‘q. – So‘ng toliqqan ovozda so‘radi: –Xo‘sh jentlmenlar, nima deysizlar?

Eshik taqilladi. Xeminguey tez turib eshikni ochdi. Bu Marlen Ditrix edi. Ular juda quvnab ko‘rishdilar. Missis Xeminguey yotoqxonadan chiqib, mehmonni nazokat bilan qarshiladi. Xeminguey unga muloyim qarab qo‘ydi.

– Dadajon, juda ajoyib ko‘rinasan, – ohista gapirdi u.

– Seni sog‘indim, qizalog‘im, – dedi Xeminguey. U mushtini yuziga olib bordi, yelkalarini silkitib, tovush chiqarmay kuldi.

Miss Ditrix mo‘ynali po‘stin kiygan edi. Negadir chuqur xo‘rsinib po‘stinni yechdi va missis Xemingueyga uzatdi. Keyin yana xo‘rsinib, yumshoq o‘rindiqqa suyanib o‘tirdi. Xeminguey qadahga shampan quyib, unga uzatdi.

– Karam nihoyatda jozibali, – dedi menga qadahini uzata turib.

Shundan keyin u stulini surib, Marlen Ditrix yoniga o‘tirdi.

Ular hol-ahvol so‘rashib, do‘stlarni eslab ketishdi. Teatr va kinochilar haqida gaplashishdi, Xeminguey ulardan birini “dengiz qaroqchisi” deb atadi.

Marlen nega shunday ataganini so‘radi.

– Sababi, dengiz quruqlikdan katta, – javob berdi Xeminguey.

Missis Xeminguey xonadan chiqib, bir necha daqiqada uvuldiriqli buterbrod olib keldi.

– Meri, men buvi bo‘lib qoldim, endi qanday kutishim kerak deb so‘rayapman, – dedi Marlen buterbrodni olib. – Har doim bolalarni o‘ylashga to‘g‘ri keladi. O‘zing bilasan-ku, Dada?

Xeminguey tushunaman, degandek boshini silkitdi, Ditrix sumkasidan nevarasi tushirilgan bir necha suratni olib, bizga ko‘rsatdi. Nevarasi bir yarim yoshda ekan.

Xeminguey kichkintoyni boks chempioniga o‘xshatdi va bokschi bo‘lganim uchun sog‘lom bolalarni yaxshi ko‘raman, dedi.

Miss Ditrix, qizim yaqinda ikkinchi farzandli bo‘ladi, dedi.

Xeminguey unga beparvo qaradi:

– Bir necha oydan keyin men ham buva bo‘laman. O‘g‘lim Bambining xotini ham homilador.

Missis Xeminguey menga Xemingueyning o‘g‘li armiya kapitani Jon shunday atalishini, u Berlinda xizmat qilayotganini tushuntirdi. “Sichqoncha” laqabli ikkinchi o‘g‘li Patrik Garvard universitetida ikkinchi kursda o‘qir, yoshi yigirma birda, iyunda uylanar ekan. “Jiji” laqabli Gregori yaqindagina Annapolisdagi Sent-Jon harbiy akademiyasiga kiribdi. Yoshi o‘n sakkizda. Patrik to‘yga missis Xemingueydan tashqari otasining ikkinchi xotini – o‘zining onasi Polika Feymer va Jijini ham taklif qilmoqchi. Xemingueyning birinchi xotini – Bambining onasi Xedli Richardson bo‘lib, hozir u missis Pol Skott Mourer deb atalar ekan. Xemingueyning uchinchi xotini – Marta Gellxori.

– Endi bu yog‘iga faqat bolalar deb yashaymiz, – ta’kidladi Marlen Ditrix.

– Hammasi bolalar uchun, – Xeminguey uning qadahini to‘ldirdi.

– Rahmat, Dada, – dedi u chuqur xo‘rsinib. – Men Plazada yashayapman, – deb davom etdi, – ammo ko‘p vaqtimni qizimnikida – uchinchi avenyuda o‘tkazaman. Dada, meni qizim bilan kuyovim biron yoqqa ketganda ko‘rsang edi, – u gapirar ekan, shampan ho‘plab qo‘ydi. – Enaga bo‘lib qolganman. Ular ketishi bilan xonalarda gir aylanaman, har bir teshikni ko‘zdan kechiraman, yashiklarni yopaman, changlarni tozalayman. Tartibsiz va iflos joyda o‘tirolmayman. Plazadan olib kelgan sochiq bilan hammayoqni artib chiqaman. Ular yarim kechadan oshganda kelishadi, men bo‘lsam yuviladigan iflos sochiqlar va bolalarning ichki kiyimlarini tugib uyga jo‘nayman va taksi yollayman. Haydovchi meni uchinchi avenyudagi keksa oqsoch deb o‘ylaydi, menga mehribonlik ko‘rsatib, mashinaga o‘tkazadi. Men Plazaga boraman deb aytishdan qo‘rqaman. Uyimdan bir mahalla narida mashinadan tushaman va tugunchani ko‘tarib piyoda ketaman, bolalarning kiyimlarini yuvib bo‘lganimdan keyingina uxlagani yotaman.

– Qizalog‘im, sen bularni o‘zing uchun emas, bolalar uchun qilasan, – dedi Xeminguey jiddiylik bilan.

Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Aloqachi xodim guldasta ko‘tarib kirdi. Missis Xeminguey bog‘ichni yechib, yashil orxideyalarni oldi. Ularni onasi yuborgan ekan. U gullarni vazaga solayotib, kechki taom vaqti bo‘lganini eslatdi.

Ovqat paytida ham Xeminguey va Marlen Ditrix urush haqida gaplashdilar. Uchalasi ham uni yaqindan ko‘rgan edi. U paytlarda Meri Uelch bo‘lgan Missis Xeminguey Londondagi “Taym” gazetasi muxbiri edi. Shu yerda Xemingueyni uchratgan ekan. Marlen Ditrix bilan ham ana shu yillarda do‘stlashganlar, keyinchalik Parijda tez-tez ko‘rishib turishgan. U frontdagi aktyorlar dastasida xizmat qilgan va Yevropadagi barcha janggohlarda kontsertlar bergan. Urush haqida gap ketganda, u ma’yuslanib qolardi. U askarlarga tomosha ko‘rsatishni yoqtirar va o‘z yurtidan uzoqlarga tushgan bu odamlarning iliq muomalasi, o‘zining aytishicha, unga hamma narsadan aziz edi.

– Ular chinakam insoniy fazilatlarini saqlab qoldilar, – dedi Marlen. – Ular ablah ham, qo‘rqoq ham emas, bir-birini hurriyat qiluvchi oddiy odamlar edilar.

Xeminguey uning sog‘lig‘iga qadah ko‘tardi.

– Urush tamom bo‘lgandan keyin Dadamizni negadir hamma unutgandek tuyula boshlagandi, mana, nihoyat sababini bilib oldim, – dedi missis Xeminguey. – Tinchlik paytida u jasorat ko‘rsatadigan maydon qolmagan ekan.

– Urushda hammasi boshqacha bo‘ladi, – gap qo‘shdi Ditrix. – Odamlar juda mehribon, ahil bo‘lib qoladi.

Xeminguey undan urush paytida yozilgan plastinkalarini, nemis tiliga ag‘darilgan ommaviy Amerika qo‘shiqlarini so‘radi. Ular menga kerak, dedi u.

– Bu plastinkalarni yangi qo‘lyozmalarimga almashtiraman, qizalog‘im, – deb hazillashib qo‘ydi.

– Sen bilan savdolashmayman. Seni yaxshi ko‘raman, – dedi miss Ditrix.

– Senga o‘xshagan yaxshi odamni ringda uchratmaganman, – dedi Xeminguey.

Erta tongda meni telefon qo‘ng‘irog‘i uyg‘otdi. Xeminguey zudlik bilan mehmonxonaga yetib kelishimni so‘radi. Ovozida qandaydir hayajonlanish sezilardi. Tezda bir finjon qahva ichib, xonasiga yetib kelganimda eshik ochiq ekan. Ichkari kirdim. Xeminguey telefonda gaplashib turardi.

Egnida tor kelib qolgan sarg‘imtil katak xalat. Bir qo‘lida shampan quyilgan qadah. Soqoli kechagiga qaraganda ancha o‘sib qolgan edi.

– O‘g‘lim Patrik Garvarddan kelyapti, men xonani unga qoldirishingizni so‘rayman, – dedi u telefonda. – Patrik, birinchi harfi P. – U jim qoldi va qadahdan ho‘pladi. – Katta rahmat. U Garvarddan keladi.

Xeminguey telefonni qo‘ydi, xalat cho‘ntagidan shishacha olib, kaftiga dori tushirdi va ularni shampanga qo‘shib ichdi. Ertalab soat oltida turgani, xotini hamon uxlayotgani, tongda yaxshi ishlagani va hozir suhbatga juda moyil ekanini aytdi. Gaplashib o‘tirib dam olardi. U kipriklari kalta bo‘lganidan har doim erta turib ketar, yorug‘likka o‘ta ta’sirchan edi.

– Umrim bo‘yi quyosh chiqishini kuzatib kelaman, – dedi u. Bugungi tongda qo‘lyozmasini sinchiklab ko‘zdan kechiribdi.

– Tongda uyg‘ondim, miyamda turli jumlalar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi, ulardan xalos bo‘lishim – kimgadir so‘zlashim yoki yozishim kerak, – dedi.  – Karam Sizga ma’qul keldimi?

– Juda yoqdi, – deb javob berdim.

– Men Karamni yaxshi ko‘raman, Ingrid[5] ham menga yoqadi. Agar miss Meriga uylanmaganimda, miss Merini sevmaganimda, ikkalasiga yopishib olardim. Birida yo‘q narsa ikkinchisida bor. Shuning uchun ikkalasini birdek yoqtiraman. – Bir lahza o‘zi aytgan so‘zlardan lol qoldi, so‘ng tez gapirib ketdi: – Aslo aktrisaga uylanmagan bo‘lardim, ular martabaga erishishlari kerak, buning ustiga noqulay paytlarda ishlashadi.

Men o‘zingizga plash sotib olasizmi, deb so‘radim. Albatta, deb javob berdi u. Sotib olaman, ammo olomon orasida yurishga toqatim yo‘q, buning ustiga ko‘cha juda sovuq.

Kursi yonidagi kichkina stolga qo‘yilgan muzli chelakchalarda shampan shishalari ko‘rinib turardi. Qadahni ushlab, shishalardan birini sug‘urdi, u bo‘sh edi. Ikkinchi shishani olib qadahni to‘ldirar ekan:  “Menga o‘q bering, menga o‘q bering, uchinchi diviziyadan haydab yubormang aslo. Dunyoda tengi yo‘q askarsan o‘zing”, deb xirgoyi qilib turdi. Bir oz tin olgach, tushuntirdi:

– Bu uchinchi piyoda diviziyasining qo‘shig‘i – u menga yoqadi, musiqa eshitgim kelsa, doim shuni xirgoyi qilaman. Har qanday musiqani, hatto operani ham yaxshi ko‘raman. Afsuski, ovozim yo‘q, ashula ayta olmayman. Bironta asbob, hatto royal chalishni bilmasam ham qulog‘im juda o‘tkir. Onam violonchel chalishni o‘rgatmoqchi bo‘ldi. Shuni deb maktabdan ham chiqarib oldi. Men futbol o‘ynashga ishtiyoqmand edim. U esa uyimizda kamer musiqasi yangrab turishini xohlardi.

Yozuv stoli ustidagi ochiq portfel ichida xafsalasizlik bilan joylangan qo‘lyozmalar ko‘rinib turardi. Xeminguey qo‘lyozmalarni qisqartirganini aytdi.

– Muallif qancha qisqartirganiga qarab kitobni baholash mumkin, – deb davom etdi u. – Yozayotgan paytimda, jin ursin, arslondek mag‘rur bo‘lib ketaman! Qadimiy ingliz so‘zlarini ishlataman. Odamlar meni oddiy so‘zlarni ham bilmaydigan tentak va savodsiz deb o‘ylashadi. Men shuni yaxshi bilamanki, ulardan ko‘ra kuchliroq ko‘hna so‘zlar bor, o‘rnini topib qo‘llay olsang, yodda uzoq saqlanib qoladi. Yodingda tut, kimki oliftalik bilan o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, hech narsaga erisha olmaydi. Yana shuni ham unutmaginki, qizalog‘im, men to‘rt yoshimdan boshlab duxoba ayiqcham bilan uxlamaydigan bo‘lganman. Hozir esa yetmish sakkiz yoshdagi kampirlar ham urushda halok bo‘lgan jangchilarning onalariga beriladigan imtiyozli bilim olish haqidagi qonunlarni izlashadi. Men o‘zimga nafaqa tayinlab, Garvard universitetiga borsammikan deb o‘ylab yuraman, sababi, xolam Arabella Xemingueylarning so‘nggi avlodi bo‘laturib, hatto kollejda o‘qimaganimdan qayg‘urib yurardi. Ammo menda bunga sira imkon bo‘lgan emas. O‘rta maktabni bitirganimdan keyin ikki yil tezkor harbiy bilim yurtida o‘qidim, frantsuz tili bilan shug‘ullanishga vaqtim yo‘q edi. Men frantsuz tilida chiqadigan “Assoshieyted press” xabarlari orqali frantsuz tilini o‘rganganman, avval ularni Amerika gazetalaridan o‘qib olar edim. Bora-bora o‘zim ishtirok etgan voqealar haqidagi xabarlarni o‘qib tushunadigan bo‘ldim, so‘ng les evenements[6] va les crimes[7]ni o‘qiy boshladim. Bunday amaliyotdan keyin janob Mopassanni qiynalmay anglaydigan bo‘ldim, chunki u menga tanish va tushunarli narsalar haqida yozardi. Dyuma, Dode, Stendalni o‘qiganimda o‘zim ham shunday yozgim kelayotganini sezar edim. Janob Flober to‘pni har gal aniq tarzda kuchli va baland oshirar edi. Janob Bodlerdan juda qiyin to‘plarni uzatishni o‘rgandim, undan keyin umrida biron marta chiroyli to‘p tepa olmagan janob Remboga navbat keldi. Janob Andre Jid va janob Valeridan hech narsani o‘rgana olmadim. Janob Valeri men uchun o‘ta jimjimador ekanligini bilaman. Xuddi Jek Britton va Benni Leonard singari.

– Jek Briton, – qo‘shimcha qildi Xeminguey – bokschi edi, men uni ardoqlardim. Jek Briton har doim hushyor turardi. Ringda tinimsiz harakat qilib, kuchli zarbaga yo‘l qo‘ymasdi. Men ham hushyorlikda qolishmasdim va har qanday kuchli zarbaning oldini olardim. Raqibingga zarba berolmasang, o‘zingni o‘ta-cho‘qqa urishdan foyda bormi? Bokschini burchakka taqab qo‘y… Xeminguey bokschilar holatiga kirdi va o‘ng qo‘lini shampan to‘la qadah bilan ko‘kragiga bosdi. Chap qo‘li bilan ko‘zga ko‘rinmas raqibiga bir necha zarba bergandek bo‘ldi.

– Yodingda tut. Svingdan qoch. Xukni daf et. Kuching yetgancha to‘g‘ri zarbalarni qaytar.

U qaddini rostlab qadahga o‘ychan tikilib qoldi. So‘ng gapga kirdi:

– Bir kuni Jek bilan Benni Leonard o‘rtasidagi kurash haqida gaplashib o‘tirganimizda: “Jek, qanday qilib Bennini juda tez mag‘lubiyatga uchratding?” – deb so‘radim. “Benni juda tajribali bokschi. U jang chog‘ida ham o‘ylashdan to‘xtamaydi. U o‘ylay boshlagan paytda men zarba berdim”. – Xeminguey bu gapni birinchi marta eshitayotgandek xirillab kuldi. – Jek ringda geometrik aniqlik bilan bir millimetr ham chetga chiqmay aniq harakat qiladi. Unga hech kim kuchli zarba berolgan emas. Xohlagan paytda raqibini mag‘lub eta olardi. – Yana yayrab kuldi. – “U o‘ylay boshlaganda men zarba berdim”.

Xeminguey bu lavhani “Ellik ming” hikoyasiga kiritganini, ammo Skott Fittsjeraldning maslahatiga ko‘ra olib tashlaganini ham aytib berdi. – Skott bu voqea hammaga ma’lum deb o‘ylar ekan. Holbuki, uni men bilan Jek Brittongina bilar edik. Skott ana shu parchani olib tashlashga meni ko‘ndirdi. Men buni xohlamasdim. Ammo Skott mashhur yozuvchi edi. Uni hurmat qilardim. Shuning uchun maslahatiga ko‘ndim.

Xeminguey kursiga o‘tirdi va diqqatimni tortish uchun imo-ishora qildi.

– Yoshing ulg‘aygan sari qahramon topish qiyin bo‘la boradi. Ammo topish kerak, – dedi u. – Mening Buaz degan mushugim bor. U odam bo‘lishni juda xohlaydi. – Ohista davom etdi. Ovozini shivirlash darajasigacha pasaytirib, dedi: – Buaz odamlar yeydigan hamma narsani yeyaveradi, u sabur[8]dek achchiq darmondorini ham bemalol chaynaydi. Men qon bosimini pasaytiradigan bu dorini ham, uyqudan oldin ichiladigan xapdorini ham unga bermayman, albatta, u meni xasis deb o‘ylaydi. – U guldurak ovozda kulib yubordi. – Men tentak qariyaman. Xo‘sh, bunga nima deysizlar, jentelmenlar?

– Ellik yosh… – Xeminguey biroz jim turgach davom etdi. – Ellik yosh qarilik belgisi emas. Ellik yoshda ham erishgan martabalaringni saqlab qolish uchun imkoniyat bor. Men ularni 20-yillarda qo‘lga kiritganman, 30–40-yillarda himoya qilganman. 50-yillarda ham himoya qilishga tayyorman.

Xonaga missis Xeminguey kirdi. U kulrang shim va oq kalta ko‘ylak kiygan edi. O‘zini nihoyatda yaxshi his etayotgani va olti oydan beri bugun birinchi marta issiq vanna qabul qilganini aytdi. Zarur ishlar bilan ko‘chaga chiqmoqchi ekan; Xemingueyga ham ishlarini bitirish kerakligini eslatdi. U tushlik yaqinlashib qolgani, agar shaharga chiqib ketilsa, har qaysisi alohida ovqatlanish uchun qayergadir kirishi lozimligini ta’kidlab, vaqtni tejash uchun tushlikka buyurtma bergan ma’qul dedi. Missis Xeminguey eri kiyinib chiqquncha tushlikka buyurtma bermoqchi bo‘ldi. Adib qo‘lidagi qadahini ko‘targan holda xohlamaygina o‘rindiqdan turdi, shampan vinosini oxirigacha ichdi va yotoqxonaga kirib ketdi. U aynan kechagidek kiyingan holda, faqat ko‘ylagi ko‘k, tugmachali yoqasi silliq edi. Chiqib kelganda ofitsiant dasturxon yozib ulgurgandi. Xeminguey “Tavelya” vinosi bo‘lmasa tushlik qilolmaymiz, dedi. Biz ofitsiant vino olib kelguncha kutib o‘tirdik. Xeminguey dengiz ustritsasidan boshladi. Har birini zo‘r hafsala bilan chaynar ekan:

– Yaxshi chaynasang, yaxshi o‘tadi, – deb qo‘yardi.

– Dada, marhamat qilib ko‘zoynagingni tuzatib ol, – deb gap qo‘shdi missis Xeminguey. U bosh silkib ma’qulladi. So‘ng menga qarab boshini bir necha marta liqillatib qo‘ydi.

– Qariganimda hammani bezdiradigan chol emas, donishmand oqsoqol bo‘lishni xohlayman, – u ofitsiant har xil osh-ko‘klar va rezavorlar qo‘yib, “Tavelya” sharobini qadahiga quymaguncha jim o‘tirdi. Xeminguey sharobni ho‘pladi va ofitsiantga bosh irg‘ab qo‘ydi. – Hozirgi barcha yangi boks­chilarni, uchqur arg‘umoqlarni, baletlarni, velosiped musobaqalarini, toriadorlarni, rassomlarni, samolyotlarni ko‘rgim keladi; barcha qahvaxonalarning doimiy mijoziga aylangan qarg‘ish tekkan o‘smirlar, xalqaro fohishalar bilan suhbatlashishni, restoranlarda o‘tirishni, eski sharoblarni sinovdan o‘tkazishni, gazeta xabarlarini o‘qishni va bular haqida hech qachon biron satr yozmaslikni xohlayman. Men do‘stlarimga ko‘plab xatlar yozishni va javob olishni istayman. Aynan Klemansoga o‘xshab 85 yoshgacha dadil bo‘lib qolishni xohlayman. Berni Baruxga o‘xshab qolishni yoqtirmayman. Men parklardagi o‘rindiqlarda mudrab o‘tirishni emas, kezib yurishni, vaqti-vaqti bilan kaptarlarni boqishni orzu qilaman. Uzun soqol qo‘ygan Bernard Shouga o‘xshamagan yolg‘iz qariya bu dunyoda sandiraqlab yurishini tasavvur qilolmayman. – U gapirishdan to‘xtab kaftining orqasi bilan soqolini siladi va xonaga xayolchan ko‘z yugurtirdi. – Umrimda hech qachon mister Shou bilan uchrashmaganman, – davom etdi u. – Niagara shalolasini ham ko‘rmaganman. Ammo jon deb chopish musobaqalarida qatnashgan bo‘lardim. Yoshing 78 ga borgan chog‘dagini chopish nimaligini anglay boshlaysan. Shundan keyin faqat yoshlardan iborat bo‘lgan “Beysbol” komandasini izlab topardim. Faqat men o‘yin yo‘nalishini o‘zgartirish uchun avvaldan dasturlashtirilgan nishondan foydalanmas edim. Men belgilarni ishlatishni o‘rganmaganman. Bularning hammasi tamom bo‘lgandan keyin mendan chiroyli murda chiqadi, bunaqasini yoqimtoy Floid zamonasidan beri hech kim ko‘rmagan. Faqat churvaqalargina o‘zini ayab yashaydi. Qo‘lingga kirgan marralarni boy bera boshlaganingga aqling yetgandan keyin, jin ursin, o‘zingni avaylaganingdan foyda bormi? O‘lish qiyin emas. – U og‘zini ochib dastlab ovoz chiqarmasdan, so‘ng baralla kuldi. – Hali qiladigan ishlari ko‘p.

Qo‘lini cho‘zib, uzun sarsabil bog‘lamini tortdi. Unga ma’nosiz tikilganicha:

– Faqat juda kuchli odamlar o‘layotganda ham tiniq fikrlay oladi, – dedi xayolchanlik bilan. Missis Xeminguey taomni tez yeb, sharobni ichib tugatdi. Xeminguey qadahdagi mayni shoshilmay ho‘pladi. Soatga qaradim. Uchga yaqinlashib qolgandi. Ofitsiant stolni yig‘ishtirishga tushdi, biz qo‘zg‘aldik. Xeminguey o‘rnidan turar ekan, shishada qolgan sharobga dilsiyohlik bilan qarab qo‘ydi. Missis Xeminguey paltosini kiydi, men ham kiyindim.

– Ichilmay qolgan shampan sharobi insoniyat dushmanidir, – dedi Xeminguey. Biz qayta o‘tirdik. – Qo‘limga pul tushsa, shampan sharobi sotib olishdan boshqa narsani bilmayman, – dedi u qadahlarga sharob quyaturib.

Sharob ichib bo‘lgach, nomerdan tashqariga chiqdik. Missis Xeminguey ko‘zoynak tuzatishni yana bir bor eslatib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Havo odatdagidek sovuq edi.

– Yoqimsiz havo, ko‘chada yurging ham kelmaydi, – dedi u ma’yuslanib va chamasi tomog‘im og‘riyapti, deb qo‘shib qo‘ydi.

Men doktorga ko‘rina qoling, deb taklif qildim. U xohlamayman, deb rad qildi.

– Pul oladigan doktorlarga hech qachon ishonmaganman, – dedi u Beshinchi avenyuning narigi tarafiga o‘tganimizda. Bir gala kaptarlar uchib o‘tdi. U to‘xtab, yuqoriga tikildi, xayoliy miltiq bilan nishonga olib, tepkini bosdi. Hafsalasi pir bo‘lgandek bizga qaradi.

– Nishonga urib bo‘lmadi, – dedi u va yana miltiqni to‘g‘rilagandek harakat qildi. – Mana bunisi juda oson. Ana, ko‘ringlar!

U yo‘lkadagi dog‘ni ko‘rsatdi. O‘zini yengil his qilgandek bo‘ldi.

– Eng oldin ko‘zoynak do‘koniga kirmaysizmi? – deb so‘radim undan. U yo‘q, dedi. Missis Xeminguey plashni “Aberkrombi va Fitch” do‘konidan izlanglar, degan edi. Shuni aytdim. U yana yelkasini qisdi-da, ohista qadam tashlab taksiga qarab yurdi. Biz mashinalar oqimiga qo‘shilib, Beshinchi avenyu bo‘ylab ketdik. 54-ko‘chada politsiyachi hushtak chalib mashinani to‘xtatdi.

– Achchig‘i chiqqan irland politsiyachini ko‘rishni yoqtiraman, – dedi Xeminguey zavq bilan. – Birga sakkiz tikib baholashishga tayyorman, u urush paytida harbiy politsiyada xizmat qilgan. Juda epchil xodim. Qurol ishlatishga mohir. Haqiqiy politsiyachilar Xallinjer filmlaridagiga o‘xshamaydi. Ayrimlari bundan mustasno.

Biz olg‘a yurdik, u bir kuni Beshinchi avenyuda Skott Fittsjerald bilan uchrashib qolgan joyni ko‘rsatdi.

– Shundan keyin Skott Pristonga boshqa kelmadi, ammo faqat futbol haqida bahslashgan edi, – loqayd gapirdi Xeminguey. – U hayotini futbolsiz tasavvur qila olmasdi. “Nega futbolni tashlamaysan?” – deb so‘radim undan. “Esingni yeb qo‘yibsan, yigitcha”, – dedi u. Bor gap shu. Agar ko‘chani kesib o‘tolmasang, futbolda mudofaani qanday yorib o‘tasan? Sirasini aytganda, men Tomas Mann emasman, – so‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Men boshqacha fikrdaman…

“Aberkrombi” do‘konga yetib borguncha Xeminguey yana tumshayib oldi. Taksidan istar-istamas tushdi, do‘konga kaltak yegan odamga o‘xshab kirib bordi. Men undan eng oldin plash ko‘rishni xohlaysizmi yoki boshqa narsanimi, deb so‘radim.

– Plash, – dedi u tushkun ovozda.

Liftda Xeminguey nihoyatda boshqacha – vazmin bo‘lib qoldi, faqat yuzi qiynoqqa solinayotgan odamning aftini eslatar edi. Yonida turgan o‘rta yoshlardagi ayol unga xushlamasdan xavotirlanib qaradi, ayniqsa, taralmagan oppoq soqoliga qattiq tikildi.

– Yo Xudoyim-ey! – kutilmaganda xitob qildi Xeminguey liftda hukm surayotgan jimlikni buzib. Ayol o‘z tuflisiga nazar tashladi. Lift bizga kerakli qavatda to‘xtadi, undan tushib plashlar bo‘limiga bordik. Oliftanamo kiyingan baland bo‘yli sotuvchi istiqbolimizga chiqdi, qo‘llarini shimi cho‘ntagiga tiqib olgan Xeminguey uning oldiga bordi.

– Bu do‘kondan qarzga mol olishga umid qilsam bo‘ladimi? – so‘radi u sotuvchidan.

– Bo‘ladi, ser, – dedi sotuvchi yo‘talib.

– Plash olmoqchiman, – dedi Xeminguey tahdid bilan.

– Marhamat, ser, – dedi sotuvchi. – Qaysi plashni ko‘rishni xohlaysiz, ser?

– Hov anavini.

U ilgichga osilgan – suv o‘tkazmaydigan, belbog‘siz, qopga o‘xshagan plashni ko‘rsatdi. Sotuvchi plashni uzatdi va tavoze bilan uni katta oyna oldiga boshlab bordi.

– Kafanga o‘xshaydi, – dedi Xeminguey plashni egnidan yechar ekan. – Gavdamga to‘g‘ri kelmaydi. Sizlarda boshqa plashlar yo‘qmi? – so‘radi u yo‘q degan javob eshitish umidida. Va shoshilmasdan lift tomonga yurdi.

– Mana bunisini ko‘ring, ser, qadama astarli, – taklif qildi sotuvchi.

Bu plashning kamari bor edi. Xeminguey uni kiyib ko‘rdi, o‘zini oynaga soldi va xuddi miltiq otmoqchidek qo‘lini ko‘tardi.

– Uni kiyib ovga bormoqchimisiz? – so‘radi sotuvchi. Xeminguey xi-xilab qo‘ydi va plashni olaman dedi. U sotuvchiga ismini aytdi, u esa barmoqlarini g‘alati qisirlatdi.

– Tushunarli! – xitob qildi u. – Hech kutmagandim!..

Xeminguey xafa bo‘lgandek ko‘rinardi. Plashni “Sherli Nederlend” mehmonxonasiga eltishni buyurdi va kamar ko‘rsatishni iltimos qildi.

– Qanday kamarni xohlaysiz, mister Xeminguey? – so‘radi sotuvchi.

– Qo‘ng‘irini, albatta.

– Kamarlar sotiladigan peshtaxta oldiga bordik, qarshimizda boshqa sotuvchi paydo bo‘ldi.

– Marhamat qilib, mister Xemingueyga kamar ko‘rsating, – dedi birinchi sotuvchi va bir qadam chekinib, uni diqqat bilan kuzatib turdi.

Ikkinchi sotuvchi cho‘ntagidan o‘lchagich oldi va Xemingueyga qirq oltinchi yoki qirq to‘rtinchi o‘lchamda kamar kerak, dedi.

– Garov o‘ynaysizmi? – so‘radi Xeminguey va sotuvchining qo‘lini ushlab, o‘z qorniga urdi.

– Qoyil-e! Xuddi po‘latdek! – dedi sotuvchi va Xemingueyning belini o‘lchay boshladi.

– O‘ttiz sakkiz! – e’lon qildi u. – Gavdangizga nisbatan belingiz ingichka. Sport bilan ko‘p shug‘ullansangiz kerak?

Xeminguey yana xijolat tortdi, qo‘lini silkitdi, kulib yubordi, mehmonxonadan chiqqanimizdan buyon u birinchi marta quvnoq kayfiyatda ko‘rindi. Qo‘lini musht qilib, qorniga qattiq urdi.

– Qayerga ketyapsiz? Tag‘in Ispaniyagami? – so‘radi sotuvchi.

– Italiyaga, – dedi Xeminguey mushti bilan yana qorniga urib.

Biz oyoq kiyimlari bo‘limida ham ancha turib qoldik. Xeminguey xonaki yumshoq tuflilarni ko‘rmoqchi bo‘ldi.

– Vagonda kiyishgami? – so‘radi sotuvchi.

– O‘lchami nechanchi?

– O‘n birinchi[9], – dedi Xeminguey xijolatomuz. Tuflini ko‘rgach, sotuvchiga uni olaman, dedi.

– Cho‘ntagimga solib ketaman, – tushuntirdi u. – Faqat chek bering, meni o‘g‘riga chiqarishmasin tag‘in.

– Bizda o‘g‘rilik ko‘p bo‘lib turadi, siz buni tasavvur ham qilolmaysiz, – izoh berdi keksa pakana sotuvchi. – Kuni kechagina birinchi qavatdan katta g‘ildirakni o‘g‘irlab ketishdi. Shunday ko‘tarishganu…

Xeminguey e’tibor bermadi. Qo‘qqisdan bizga orqa o‘girib turgan baquvvat erkakka ko‘zi tushib:

– Vulfi! – deb hayqirdi.

Noma’lum odam o‘girilib qaradi.

U qip qizil yuzlari yapaloq, chiroyli kishi edi. Xemingueyni ko‘rib, nihoyatda xursand bo‘lib ketdi.

– Otaginam! – qichqirdi u. Ikkalasi bir-birining yelkasiga urib, quchoqlashgancha ancha turib qolishdi. Bu kishi Uinston Gest[10] ekan. Yuqorigi qavatdan miltiq sotib olishini aytib, birga boraylik deb taklif qildi. Xeminguey qanaqa miltiq olishi bilan qiziqdi, “O‘ninchi kalibrli vinchesteri”, deb javob berdi Gest.

Xeminguey sotuvchidan xonaki tuflini olib, cho‘ntaklariga solar ekan, bebaho miltiq deb ma’qullab qo‘ydi. Liftda ko‘tarilar ekan, ikki do‘st qancha ozganliklarini surishtirishdi. Gest vazni bir yuz o‘n kiloga tushgani, buning uchun uzoq vaqt ot minib, maydonda uzluksiz mashq qilgani haqida so‘zladi. Xeminguey esa Kubada o‘rdak ovlab, kitob ustida qattiq ishlagandan keyin og‘irligi to‘qson yetti kilo bo‘lganini aytdi.

– Otaginam, qanaqa kitob yozding? – deb so‘radi Gest liftdan chiqqanimizdan keyin.

Xeminguey kulib, mushtlari bilan og‘zini to‘sdi va unvonimni himoya qilish uchun hali ko‘p jangga tushaman, dedi.

– Vulfi, men barmoqlarimni tishlab o‘tirmasdan, qotirib yozish mumkinligini birdan anglab qoldim, – dedi u ohista. – Hammasi miyamda pishib bir qolipga tushgunicha ma’lum bir muddat o‘tadi, shekilli. Shunday ekan, yozuvchining bosh chanog‘ini ochib ko‘rish yoki yetti martalab miyasini titkilashga, sindirishga yoki kallasini avtomobil oynasining  tozalagichi bilan ishqalashga, bu ham yetmagandek qo‘rg‘oshin bilan badanini ilma-teshik qilishga hojat yo‘q deb o‘ylayman. Ochig‘ini aytganda, Vulfi, hushtak chalsang bu cho‘chqa bolalari dumini qisib in-iniga kirib ketadi, – u yayrab kuldi. Gest ham ulkan qomatini silkitib xoxolar edi.

– E xudoyim-ey, – dedi u. – Ov miltig‘ing oroldagi kulbamda haligacha osig‘liq turibdi. Yana qachon ovga boramiz?

Xeminguey yayrab kulganicha uning yelkasiga turtib qo‘ydi.

– Vulfi, nega bunchalik beso‘naqay bo‘lib ketding?

Gest sotuvchiga miltiqni qayerga olib borishni tayinladi, biz yana liftga kirdik. Ular o‘tgan yili yarim tonna keladigan qora marlin tutgan ovchi haqida gaplashib ketishdi.

Birinchi qavatga tushganimizda, Gest devorga qoqilgan fil kallasini ko‘rsatdi:

– Bu fil emas, pakana odam-ku!

– Shuyam fil bo‘ptimi? – ma’qulladi Xeminguey. Ular bir-birini quchoqlagancha ko‘chaga chiqishdi. Men qaytishim kerakligini aytdim. Xeminguey ertalab vaqtli yetib keling, Patrik bilan birgalikda Metropoliten muzeyiga boramiz deb tayinladi. Ketar ekanman Gestning:

– Xudoga shukur! Hayotimga dog‘ tushiradigan biron ish qilganim yo‘q, – deganini eshitdim.

O‘girilib qaradim. Ular bir-birining qorniga urib, ovozi boricha xoxolashardi.

Ertasi kuni eshikni Patrik ochdi. U o‘rta bo‘yli, ko‘zlari katta-katta o‘smir bo‘lib, yuzida asabiylik sezilardi. Yengil matodan tikilgan kulrang shim, yoqasi ochiq ko‘ylak, jun paypoq va yumshoq ag‘darma tufli kiygan edi. Missis Xeminguey xat yozib o‘tirardi.

Meni ko‘rib boshini ko‘tardi:

– Dadamiz kiyinib bo‘lgandan keyin suratlarni ko‘rishga boramiz, – dedi va yozishda davom etdi.

Patrik menga kun bo‘yi suratlarni tomosha qilishga tayyor ekanini, o‘zi ham oz-moz chizib turishini aytdi.

– Dadam tushlikka qaytib kelishi shart, u mister Skribnerni[11] taklif qilgan, – dedi Patrik va ertalab otasini kuzatish uchun shaharga chiqishini qo‘shib qo‘ydi.

Telefon jiringladi, u dastani ko‘tarib, yotoqxonaning ochiq eshigiga qarab, qichqirdi:

– Dada, Jiji bo‘lsa kerak!

Xeminguey ichki kiyimda chiqib, telefonga qarab yurdi.

– Ahvollaring qanday, kichkintoy? – dedi u va Jijini ta’til paytida Finkdagi fermasiga kelishga da’vat qildi.

– Sen u yerda har doim aziz mehmonimiz bo‘lasan, – dedi u. – Suyukli mushugingni eslaysanmi? Antiqa deb ism qo‘ygan eding-ku! Biz nomini o‘zgartirdik, hozir Ekstaz deb chaqiramiz. Hamma mushuklarimiz ismini yaxshi bilishadi. U trubkani qo‘yar ekan: – Jiji – mohir mergan, o‘n bir yoshga to‘lganda Kubadagi o‘q otish musobaqalarida ikkinchi o‘rinni egallagan, – dedi menga.

– Sichqoncha, “Vedka” aniqmi? – so‘radi u.

– Shunday, dada, – javob berdi Patrik.

Men “vedka”ning ma’nosini so‘radim. Bu inglizcha jargon, deb tushuntirdi Xeminguey, u ma’lumot ma’nosini anglatadi, “vedka” “razvedka” so‘zidan kelib chiqqan. U uch toifaga bo‘linadi: oddiy “vedka”, “aniq vedka” shubha tug‘dirmaydigan ma’lumotlarni bildiradi, “mutlaqo aniq vedka” bo‘lsa, bemalol harakatga kirishish mumkin.

U yashil orxideyaga tikilib qoldi.

– Onam menga hech qachon gul keltirmagan, – dedi ma’yus ohangda. Xemingueyning onasi sakson yoshlar atrofida ekanini va u Illinoys shtatidagi River Forest manzilida yashashini bilib oldim. Ancha oldin vafot etgan otasi shifokor bo‘lgan, Ernestning bolalik paytida o‘zini otib qo‘ygan ekan.

– Agar suratlarni ko‘radigan bo‘lsak, hozir jo‘nashimiz kerak, – dedi Xeminguey. – Charli Skribnerni soat birga shu yerga chaqirganman. Kechirasiz, yuvinib olay. Katta shaharlarda, hech bo‘lmaganda, bo‘yinni yuvib yurish kerak.

U yotoqxonaga kirib ketdi. Missis Xeminguey eri yo‘qligida, Ernest oilasidagi olti bolaning ikkinchisi ekanini aytdi: eng kattasi Marselina, keyin Ernest, Ursula, Madlena, Karola va eng kichigi, yakkayu yolg‘iz ukasi Lester. Barcha singillariga muqaddas ismlar qo‘yilgan. Hammasi oilali. Lester Bogotoda – Kolumbiyada yashaydi, Amerika elchixonasida ishlaydi.

Birozdan keyin yangi plash kiygan Xeminguey chiqdi. Missis Xeminguey bilan Patrik palto kiyishgandi, biz pastga tushdik. Yomg‘ir yog‘ar edi, taksi tutishga oshiqdik. Muzeyga borguncha Xeminguey juda kam gapirdi. Nimanidir xirgoyi qilib, ko‘chaga qarab bordi. Missis Xeminguey qulog‘imga u taksida yurishni va haydovchi yonida o‘tirib yo‘lni kuzatib borishni yaxshi ko‘radi, deb shipshitib qo‘ydi.

Xeminguey oynadan qarab osmondagi qushlar galasini ko‘rsatdi.

– Bu yerda qushlar uchadi, ammo shaharga loqayd qarashadi, – dedi u. – Nyu-Yorkka qushlar qo‘nishni xohlamaydi.

Muzey yonida to‘xtadik. Bir guruh o‘quvchilar sekin yurib borishayotgan ekan. Xeminguey bizni ularning yonidan tez olib o‘tdi. Dahlizda to‘xtab, paltosi cho‘ntagidan kumushrang suvdon oldi, qopqog‘ini burab, bir qultum ho‘pladi. Suvdonni joyiga qo‘ygach, missis Xemingueydan oldin Goyyani ko‘rasanmi yoki Breygelnimi, deb so‘radi. U Breygelni ko‘ramiz, dedi.

– Men Parijdagi Lyuksemburg muzeyida rasm chizishni o‘rganganman, – dedi Xeminguey. – Institutni bitira olmadim. Qorning bo‘m-bo‘sh bo‘lsa, muzeyga tekin kiritilsa, albatta, muzeyga kirasan-da. – U Titsian bilan Jorjonega tegishli deb hisoblanadigan “Erkak portreti” suratiga e’tiborimizni qaratdi. – Bu suratlar ham ko‘hna Venetsiyadan keltirilgan.

– Menga mana bu surat ko‘proq yoqadi! – deb xitob qildi u. Shu payt Patrik va Xeminguey Franchesko Franchianing “Federiko Gonzago portreti” (1500-1540) surati yoniga bordi. Polotnoda plash kiygan, uzun sochli yosh bolaning tabiat qo‘ynidagi tasviri nihoyatda jonli aks ettirilgan edi.

– Sichqoncha, biz yozayotgan paytimizda aynan mana shularni ko‘rsatishga harakat qilamiz, – dedi Xeminguey suratning orqa tomonidagi daraxtlarni ko‘rsatib. – Yozayotganda ularsiz ish chiqmaydi.

Missis Xeminguey bizni chaqirdi. U Van Deykning “Rassom portreti” asari qarshisida turardi. Xeminguey unga qarab, “ma’qul” ma’nosida bosh silkib qo‘ydi.

– Ispaniyada Uitti Dal degan uchuvchimiz bor edi. Bir kuni ana shu Uitti oldimga kelib: “Mister Xeminguey, Van Deyk yaxshi rassommi?” – deb so‘radi. Men: “Yaxshi rassom”, – deb javob berdim. “– Ko‘nglimdagini aytdingiz. Men turgan xonada u chizgan surat bor ekan, menga juda yoqdi, shunisiga juda xursandman, u juda yaxshi rassom. U menga yoqqani uchun juda xursandman”, – dedi quvonib. Ertasi kuni Uitti halok bo‘ldi…

Biz Rubensning “Iso Masihning gunoh va o‘lim ustidan g‘alabasi” surati oldiga keldik. Unda Iso Masih ilonlar va farishtalar orasida tasvirlangandi. Missis Xeminguey bilan Patrik bu surat Rubens chizgan boshqa rasmlarga o‘xshamaydi, deyishdi.

– Nima desanglar deyaveringlar, ammo bu rasmni Rubens chizgan! – dedi komil ishonch bilan Xeminguey. – Ovchi it o‘ljani hididan sezgandek, asl nusxani ham adashmay bilish mumkin. Hatto qashshoq, ammo juda yaxshi rassomlar qo‘lida tahsil olganlar ham buni yaxshi bilishadi.

Shu bilan bahs nihoyasiga yetdi va biz Breygel rasmlari qo‘yilgan xonaga qarab yurdik. Eshik yopiq, unda “Ta’mir uchun yopilgan” degan e’lon osig‘liq edi.

– Hechqisi yo‘q, ularni kechiramiz, – dedi Xeminguey va yana suvdonni qo‘liga oldi.

Xonadan uzoqlashar ekanmiz, u:

– Baribir menga bu yerda yaxshi Bregel yetishmayotgandek tuyuladi, – dedi. – U qishloq manzaralarini chizuvchi rassomlarning eng ulug‘i, u chizgan g‘alla o‘rimi suratida boshoqlar shu qadar geometrik aniqlikda chizilganki, men har gal ko‘rganimda dil-dildan hayratga tushaman.

Biz El Grekoning yashil bo‘yoqlarda chizilgan “Toledo ko‘rinishlari” surati yoniga kelib, zavqlanib uzoq tomosha qildik.

– Bu yerda nodir asarlar juda ko‘p, ammo, menimcha, muzeydagi eng yaxshi asar mana shu, – dedi Xeminguey. Unga yoqmagan ba’zi suratlar Patrikni hayajonga solayotgani sezilib qoldi. Har gal shu ahvol takrorlanganda Xeminguey o‘g‘li bilan astoydil bahsga tushib ketardi. Shunda Patrik bosh silkitib kular va otasining fikrini hurmat qilishini tinimsiz ta’kidlar edi. U bahsdan o‘zini olib qochayotgandi.

– Qanday yaramaslik! – bexosdan qattiq gapirdi Xeminguey. – Men san’at tanqidchisi bo‘lgim kelmaydi. Hamma qatori suratni tomosha qilishni, undan zavq olishni va undan o‘rganishni xohlayman. Mana bu surat, nazarimda, nihoyatda yaxshi. – U orqaga tisarildi va ko‘zini qisib Reynoldsning “Polkovnik Georg Kussmaker” asariga tikildi. Suratda sarkarda ot minib, jilovni tortib, daraxtga suyanib turardi. – Ko‘rinadiki, polkovnik uchiga chiqqan yaramas odam. U o‘z suratini chizgan rassomga qancha bo‘lsa – shuncha pul berishga tayyor ablahlar toifasidan, – der ekan, Xeminguey kulib yubordi. – Naqadar dimog‘dorlik bilan o‘tirganiga qarang, otining mushaklari o‘ynab turganini, tuyoqlari bilan depsinayotganini ko‘ryapsizmi? Polkovnik shunchalik o‘ziga bino qo‘yganki, hatto egarda o‘tirganiga qaramay, daraxtga ham suyanib olgan.

Biz bir muddat zalga tarqalib, suratlarni yolg‘iz tomosha qila boshladik. So‘ng Xeminguey hammamizni yoniga chorlab, tagiga katta harflarda “Katarina Lorillard Vulf”, mayda harflarda esa “rassom Kabanel” deb yozilgan suratni ko‘rsatdi:

– Bunday suratlarni bolalik paytlarimda Chikagoda ko‘p ko‘rganman, – dedi u. – Uzoq yillargacha Bunte va Rayersonlarni eng yaxshi ko‘rgan rassomlarim deb yurganman. Bu ikki kishi Chikagodagi eng badavlat oilalarning farzandlari edi. Men u paytlarda rassomlar surat ostiga o‘z familiyalarini katta harflarda yozishadi deb o‘ylar edim.

Biz Sezanna, Dega va boshqa impressionistlarning suratlarini ham tomosha qildik. Xemingueyning zavqu hayajoni ortib bordi. U har bir rassom san’at olamiga nima bergani-yu boshqalardan nimalar olgani haqida chuqur mulohazalar yurita boshladi. Patrik uning fikrlarini hurmat bilan tinglab, chamasi, endi rassomlar mahorati xususida bahslashishga jur’at etmayotgandek ko‘rinar edi. Xeminguey bir necha daqiqa Sezanning “Foktenblo o‘rmonidagi qoya toshlar” suratiga tikilib qoldi.

– Biz ham yozayotganimizda shunday mukammallikka intilamiz. Mana daraxtlar, mana toshlar – ularni aynan ko‘rsatishimiz zarur, – to‘lqinlanib gapirdi u. – Mumtoz san’atkorlardan keyin eng yoqtiradiganim Sezann. Ajoyib! Juda ajoyib san’atkor! Dega – yanada mo‘jizakor rassom. Men Deganing bironta ham yomon suratini ko‘rganim yo‘q. Yomon asarlarini nima qilganini bilasizlarmi? Yoqib yuborgan.

Xeminguey suvdondan yana bir ho‘plab qo‘ydi. Biz Mane ingichka qalamda chizgan mademuazel Valtes de lya Bin portreti oldiga keldik. Bu sochi juda baland turmaklangan yosh, oppoq qizning portreti edi. Xeminguey bir necha soniya jim qarab turdi, so‘ng o‘girilib taassurotlarini bildirdi:

– Mane yosh qizcha qalbida guldek ochilayotgan tuyg‘ular go‘zalligini nozik ilg‘ay olgan.

Bir muddat zalda ikkimiz aylanib yurdik. Xeminguey:

– Men Pol Sezann suratlariga o‘xshatib manzara chiza olaman. Lyuksemburg muzeyida och qorin bilan ming marotalab kezib yurganimda undan manzara chizish sirlarini o‘rganganman. Ishonchim komilki, agar janob Pol tirik bo‘lib, men chizgan manzaralarni ko‘rganida undan ta’lim olganim uchun o‘zida yo‘q xursand bo‘lardi, – deb dilini ochdi menga.

Yana Xeminguey Iogann Sebastyan Baxdan ham ko‘p narsalar o‘rganganini qo‘shib qo‘ydi.

– Bax tutash nuqtalarni ta’kidlash maqsadida bir xil notani hadeb takrorlagani kabi men ham “Alvido, qurol”ning birinchi jumlalarida ongli ravishda “va” bog‘lovchisini ko‘p marta ishlatganman. Ba’zi-ba’zida men janob Ioannga aynan o‘xshatib yoki hech bo‘lmaganda unga yoqadigan qilib yoza olaman. Ulardan o‘rganish lozimligini yaxshi bilganim uchun bunday odamlar bilan til topishishim oson kechadi.

– Dada, qarang, – deb chaqirib qoldi Patrik. U Karpachchoning “Xochga tortilish azobi” suratini tomosha qilmoqda edi. – Diniy ruhdagi asar uchun tomoshabop hayvonlar to‘lib yotibdi.

– O‘ho‘, – deb qo‘ydi Xeminguey. – Bu rassomlar har doim muqaddas syujetlarni Italiyadagi o‘ziga yoqqan joylarga yoki o‘zlari yo bo‘lmasa ma’shuqalari tug‘ilgan yerlarga ko‘chiradilar. O‘z ma’shuqalarini madonnalarga aylantiradilar. Aytaylik, ular Falastinni chizishga jazm qiladilar, Falastin juda uzoqda. Rassomlar suratdagi manzaraga qizil to‘tini, ohuni, qoplonni tiqishtiradilar. Alhol, shu asnoda Uzoq Sharqni eslab qoladilar va darhol venetsiyaliklarning azaliy dushmani mavrlar qiyofasini suratga zo‘rlab kiritadilar.

U gapini to‘xtatdi va rassom suratni yana nimalar bilan to‘ldirgan ekan deb sinchiklab tikila boshladi.

– Shu paytda rassomning qorni ochib qoldi va quyonlarni ham rasmga joylashtirdi, – dedi u. – Buni qaranglar, Sichqoncha, biz juda ko‘p yaxshi suratlarni tomosha qildik. Sichqoncha, ikki soat surat ko‘rdik, buni kam deb o‘ylaysanmi?

Hammamiz qaytadigan vaqt bo‘ldi deb ma’qulladik. Xeminguey bugun Goyyani ko‘rmaymiz, xotinim bilan Yevropadan qaytganimizdan keyin muzeyga yana birgalikda kelamiz deb shart qo‘ydi.

Biz muzeydan chiqdik. Yomg‘ir hamon yog‘moqda edi.

– Jin ursin! – noroziligini bildirdi Xeminguey. – Yomg‘ir yog‘ayotganda ko‘chaga chiqishni yoqtirmayman. Ivib yurishga toqatim yo‘q.

Charlz Skribner mehmonxona dahlizida kutib turgan ekan.

– Ernest, – dedi u Xeminguey qo‘l uzatar ekan. U dona-dona gapiradigan, salobatli, kelishgan kishi edi.

Hamma liftga kirgandan keyin Xeminguey do‘stiga murojaat qildi:

– Charli, biz surat ko‘rgani bordik. U yerda juda go‘zal rasmlar bor, Charli.

Skribner ma’qulladi va duduqlanib;

– O‘ho‘, o‘ho‘, – deb qo‘ydi.

– Menga o‘xshagan chekkadagi kishi uchun nihoyatda ajoyib sayr bo‘ldi.

– O‘ho‘, o‘ho‘…

Xonaga kirib paltolarimizni yechdik, Xeminguey tushlikni shu yerning o‘zida qilamiz, dedi. U restoranga qo‘ng‘iroq qildi, missis Xeminguey esa xatni yozib tugatish uchun yozuv stoliga o‘tirdi. Xeminguey janob Skribner bilan divanga joylashdi va darrov do‘stiga kitobni yozish davomida olti kunlik velosiped poygasiga chiqqan sportchiga o‘xshab toza ter to‘kishga to‘g‘ri kelgani haqida shikoyat qila boshladi. Patrik burchakda otasiga qarab jim o‘tirdi.

Ofitsiant taomnoma olib keldi. Skribner Xeminguey to‘laydigan bo‘lsa, men hozir eng qimmat taomlarga buyurtma beraman, deb hammani kuldirdi. Patrik ham miriqib kuldi. Ofitsiant taomlarni olib kelishga ketdi, Skribner bilan Xeminguey zarur ishlar xususida gaplashib o‘tirishdi. Skribner jo‘natgan xatlarimni oldingmi, hozir ular yoningdami?, deb so‘radi.

– Robert Braunning she’rlari bilan birga ularni har doim yonimda olib yuraman, – javob berdi Xeminguey.

Skribner bosh tebratdi va pidjagining ichki cho‘ntagidan qandaydir qog‘ozlarni o‘zining aytishicha, yangi kitob uchun tuzilgan shartnoma nusxalarini oldi. Shartnomada yigirma besh ming dollar bo‘nak berish ko‘zda tutilgan ekan.

Xeminguey shartnomaga qo‘l qo‘ydi va divandan qo‘zg‘alib, shunday dedi:

– O‘zimni hech qachon daho hisoblamaganman, ammo o‘z sharafimni barcha iste’dodli yosh yozuvchilar oldida himoya qila olaman. – U boshini yelkasiga tortdi, chap oyog‘ini oldinga tashladi va bir necha marta goh o‘ng, goh chap tomonga zarba berayotgandek chaqqon harakatlar qildi. – Hech qachon kuchli zarba tegishiga yo‘l qo‘yma! – deb xitob qildi.

Skribner uni Yevropaning qaysi burchagidan topish mumkinligini so‘radi. Xeminguey “Garanti trast” kompaniyasining Parijdagi bo‘limi orqali topishdan qulay joy yo‘q deb tushuntirdi.

– Bir paytlar – Parijni zabt etgan paytimizda men bu bankni bosib olishga urinib ko‘rgan edim, ammo qattiq zarbaga uchraganman. O‘g‘il bola gapni aytsam, shaxsiy bank ochganimda zo‘r bo‘lar edi-ya! – dedi va o‘zini noqulay sezib, jilmayib qo‘ydi.

– O‘ho‘, o‘ho‘… – po‘ng‘illadi Skribner. – Italiyada nima ish qilmoqchisiz, Ernest?

Kunning birinchi yarmida ishlamoqchiman, ikkinchi yarmida italiyalik do‘stlar bilan uchrashmoqchiman, tonggi paytlarda o‘rdak ovlamoqchiman, – deb javob berdi Xeminguey.

– Bir kuni tongda olti kishi bo‘lib uch yuz o‘ttiz bitta o‘rdak otganmiz. Meri ham yaxshi otgan.

Missis Xeminguey boshini ko‘tardi.

– Dadamiz bilan turmush qurmoqchi bo‘lgan har bir ayol miltiq otishni yaxshi bilishi kerak, – dedi u va yana xat yozishga tutindi.

– Men bir marta ovga chiqqanman – bu Suffolkda, Angliyada bo‘lgan edi, – xayolchan gapirdi Skribner. Hammamiz gapning davomini ehtirom saqlab jim kutib turdik.

– Suffolkda ertalabki nonushtada g‘oz tuxumi berishganini yaxshi eslayman. Keyin biz ovga chiqdik. Men hatto tepki bosishniyam uddalay olmadim.

– Ov – yaxshi hayotning bir bo‘lagi. Vest-port yoki Bronskvilda sandiroqlagandan ko‘ra yaxshiroq, – dedi Xeminguey.

– Tepki bosishni o‘rganganimdan keyin ham bironta nishonni urolganim yo‘q.

– Men esa Monte-Karlodagi katta musobaqada va San-Romodagi jahon birinchiligida jon deb qatnashgan bo‘lardim, – dedi Xeminguey. – Yaxshi tayyorgarlik ko‘rganman, xohlagan musobaqada qatnashishim mumkin. Bir marta katta musobaqada hatto Vulfni yengib chiqqanman. Mohir mergan u. Uni yengish – o‘rgatilmagan otni minishdek og‘ir mashaqqat.

– Nihoyat, men ham bir marta nishonga urganman, – gapini tamomladi Skribner.

– Kimni otgansan? – sabrsizlanib so‘radi Xeminguey.

– Quyonni, – javob berdi Skribner. – Quyonni otganman.

– Monte-Karloda 1939 yildan beri katta musobaqa o‘tkazilgani yo‘q. – afsuslandi Xeminguey. – Yetmish to‘rt yil ichida faqat ikkitagina amerikalik g‘olib bo‘ldi. O‘q uzish menga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi. Hamma gap shundaki, bunday musobaqalarda atrofingda seni tushunadigan, senga xayrixoh odamlar bo‘ladi, boshqa joyda esa senga hasad qiladigan, yomonlik sog‘inadiganlar qurshovida qolasan. Bu tezkor o‘yin, beysboldan ko‘ra tez tamom bo‘ladi, birinchi xatodayoq o‘yindan chiqib ketasan.

Telefon jiringladi. Xeminguey dastani ko‘tarib tinglab turdi va nimalardir deb javob qaytardi, so‘ng bizga o‘grilib, “Endorsments inkorporeyted” nomli targ‘ibot idorasi qandaydir ichimliklarga uning nomini qo‘yish uchun to‘rt ming dollar taklif qilayotganini aytdi.

– Men ularga tekinga to‘rt ming dollar berganlaringda ham bunday atalani ichmayman deb javob qildim, – dedi u. – Ularga shampan sharobiga muxlisman dedim. Men har doim yumshoq ko‘ngilli odam bo‘lishga harakat qilaman, ammo bu juda og‘ir ish. Bostonda yutsang, Chikagoda yutqazasan.

Rus tilidan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 9-10-sonlar

[1] Tuts Shor – Nyu-York markazidagi restoran. Bu yerga yozuvchilar, rassomlar, artistlar yig‘ilishadi.

[2] “Alvido, qurol!” romani.

[3] Gondolerlar – Venetsiya qayig‘ini haydovchilar.

[4] “Quyosh baribir chiqaveradi” romani.

[5] Kinoaktrisa Ingrid Bergman.

[6] Sport yangiliklari (fr.).

[7] Jinoyat xabarlari (fr.).

[8] Sabur – aloe o‘simligi.

[9] Bizdagi 43-44-o‘lchamga to‘g‘ri keladi.

[10] Xemingueyning ovga birga boradigan do‘stlaridan biri.

[11] Xemingueyning noshiri.