Shoir Barnobek Eshpo‘latovning she’rlarini, kitobini o‘qiganman. “O‘ziga xos shoir ekan”, deb o‘ylaganman. Ruhiyat qudrati, tafakkur quvvati yuksak, ammo tuyg‘ularini aql jiloviga topshirgan shoir she’rlari ekan, degan xulosaga kelganman, ammo fikrlarimni yozmaganman.
Kunlardan bir kun daryolar olgay-da qalam
Falsafiy risola bitgay Boqiylik haqda.
Ko‘zlari mangu yoshlardan limmo-lim baliq
Eng go‘zal sevgi qissasin o‘qir shivirlab.
Kuykunak va burgut kuylar iztirob ila
Ko‘klarni sog‘ingan inson haqida marsiya.
Bir yil yashasa ham bizdan dono Qaldirg‘och,
Kulbasozlik qomusini tuzar mukammal.
Bular “Shukuh” she’ridan olingan satrlar. Har bir satrni o‘ylab ko‘rasiz. Nima demoqchi, deb fikr yuritasiz. Chin she’r aslida fikrlashga o‘rgatadi, tuyg‘ularni tarbiyalaydi, inson ruhiyatiga qanot beradi. Barnobek Eshpo‘latovning har bir satri shunday xususiyatga ega. Birinchi bandni o‘quvchi osongina anglaydi. Ikkinchi bandni o‘qish jarayonida savollar yuzaga kela boshlaydi. Burgutning erk timsoli ekani “Ko‘klarni sog‘ingan inson haqida marsiya” aytishiga she’rxonni ishontiradi. Shoirning o‘ziga xosligini uch so‘z anglatadi: kuykunak, iztirob, marsiya. Kuykunak?! “Devonu lug‘otit turk”ni o‘qishimiz lozimmi, deb o‘ylab qolamiz. Bu haqda ma’lumotimiz yo‘qligi shoir bilgan manbalar, hayot tajribalari ortidan ergashishimiz lozimligiga bizni iqror qiladi. Burgutning iztirob bilan kuylash holati marsiya aytishini anglatadi. Ko‘klarni, balkim sakkiz falakni sog‘ingan inson o‘lgan. Shoirni azoblagan dard shunda! Bandning keyingi ikki misrasini har bir she’rxon o‘zicha anglaydi. Qaldirg‘ochning uy qurishini kuzatib, men ham hayratlanganman: Alloh bergan ulug‘ inoyat! Undan mukammal kulbasoz yo‘qdir. Shoir bu hayotiy xulosasidan she’rxonga yangi xulosalar taqdim qilmoqda: 1. Qaldirg‘och bir yil yashasa ham ko‘p yil yashaydigan bizdan – insondan dono. 2. Inson uy bino qilganida ham, oila barpo qilganida ham bir qushcha qurbi yo‘q.
Toshbaqalar ila qarg‘alar bahsidan, sezdim,
Vaqt nisbiyligi mezoni yo‘qdir azaldan.
Tulkilar ham tulkilikning asl mohiyatini
Avlodlarga meros bergay esdalik tarzda.
Bu satrlar allaqaysi masallarni eslatadi. Eng donishmand inson ham “vaqt nisbiyligi mezoni”ni ishlab chiqolmasligini anglaymiz. O‘z mohiyatimizni meros qoldirishda tulkidan ham no‘noqligimizdan o‘kinamiz.
Izingizdan ergashgan xushhol Musicha
Bolalik haqida yangi nag‘malar kuylar.
Qari tutlar maqol to‘qir, O‘rik rivoyat,
Tevarakda chuldiraydi Bog‘lar dostoni.
Bu satrlar bizni bolaligimizga qaytaradi, o‘zbek xalqining ramzi sifatidagi daraxtlar: maqol aytgan tutbobo, rivoyat aytgan o‘rikmomoni eslaymiz. Shoir bir-biridan uzoqday tuyulgan, bir-birini taqozo qilgan tasvirlarni – so‘zlar ko‘magida yaratilgan manzaralarni berar ekan, davrga aloqador dardini ikki satrda aytib ketadi. Qo‘zyozmasini nashr qildirolmay yurgan donishmand va topilmas muharrir masalasi Barnobek Eshpo‘latov mansub avlodni qiynagan dardlardan. She’rxon she’rning nomini oxirgi satrdan anglaydi. Shoir yuragi yangilansa shukuh sababdir. Shoir yuragining yangilanishi – shukuh!
Qo‘lyozmasin shaldiratib
Donishmand shamol
Izlab yurar Muharrirning uyini sarson…
Nelardir o‘zgardi endi dunyoda, so‘zsiz,
Yuragim yangi ekanin payqadim shunda.
Shukuh nimaligini shoir keyingi misralarida ifodalaydi. Dunyo mohiyatini, inson hayoti mohiyatini idrok qilgan shoirning yuragi yangilanadi. Endi u ummonlarda “suzdi”, “so‘zlarni nahanglardan, hayot qasidasini qumrilardan o‘rgandi”. Endi uning “oshiq diliga baliqlar yuksak bir kuy tortiq etdi, sog‘inch tushlari ta’birini tongda laylaklar aytib berdi”. Oqibat Barnobek Eshpo‘latov ismi sharifi bilan bir shoir dunyoga keldi:
Men esa, ming shukur, topdim qalamim izlab,
Ko‘ngul yetovida chiqdim
So‘ngsiz safarga.
Barnobek Eshpo‘latov she’riyati alohida talqinga, monografik tadqiqotga loyiq va munosib tadqiqotchisini topsa, adabiyotshunosligimizning zamonaviy she’riyat haqidagi sahifalarida yangicha xulosalar paydo bo‘ladi.
Barnobek Eshpo‘latov she’riyati Sharqu G‘arb adabiyotini, adabiyotshunosligini atroflicha mutolaa qilgan va chuqur idrok etgan shoirning betakror qalamidan bunyod bo‘lgan. Uni hech kim takrorlay olmaydi, o‘ziga xos she’riyat. U ham hech kimni takrorlab qo‘ymaslikka intilib ijod qildi.
Barnobek Eshpo‘latovning she’riy to‘plamlari kitobxon qo‘liga yetib borgan. Uning “Hayrat dunyolari” kitobiga shu to‘plamlar asosida tartib berilgan. Shoir o‘zbek she’riyatida harakatda bo‘lgan uch she’riy tizimning turli vaznlarida barakali ijod qilmoqda. “Buxorodagi ajab hikmat tut”, “Qadimiy qor”, “Bolalik”, “Barhayot to‘zim”, “Hijron xonaqosi va sahro ila erkak”, “Muhabbat” kabi she’rlari sarbastda yozilgan. Ayrimlarining vazni haqida yozganda barmoq va sarbast qorishib ketgan, deb o‘ylab qolasan, kishi:
Deylik, ravotlardan kecha
Bir she’r aytdingiz,
Karvon tortgan katta dadam,
Yo‘lni angladim!
Kulbasida qaldirg‘ochlar jo‘shgan bahorda,
Bug‘doyzorda boshoqlari shovullagan sir,
Kaftlariga termulgancha oydin nahorda,
Sajdodada she’r simirar
Bobodehqon pir!
“O‘t soldi”, “Yoqalab”, “Kechmagay”, “Oyparcha”, “Qo‘rqaman”, “Ko‘rmisham” radifli g‘azallari shoirning aruz she’riy tizimida ham ijod qilganini dalillaydi. Uning turkum tarzida yaratilgan she’rlari ham e’tiborimizni tortdi. Turkumlarda shoir mahoratidan zavq olasiz, ayrimlarida shoirning tarixni chuqur bilishiga guvoh bo‘lasiz.
Barmoq she’riy tizimi asosida yozilgan she’rlar shoir ijodida asosiy o‘rinni egallaydi. “Muhabbat oqshomi”, “Baxshida”, “Gibraltar kaptarlari”, “Kuzak” kabi she’rlari sodda; aytaylik, “Oydinlik” she’ri murakkab barmoq vaznida yozilgan. Qator she’rlari 13 hijoli barmoq vaznida yozilgan. Bunday vazn ruhiyatdagi toshqinlik bilan vazminlikning mutanosibligidan yuzaga keladi. Bu esa hamma shoirda ham uchrayvermaydi. Barmoq she’riy tizimining sodda vaznida yozilgan “Fevralning so‘nggi kunida” she’ridan keltirilgan bu bandning bir misrasi ta’kid istagida ikkiga bo‘lib berilgan, natijada erkin vaznda yozilgan she’rga o‘xshab qolgan:
Qirlarga tutashgan dala boshida
qari tutlar qolmish gala qushlarday
shamolda qunishib.
Kengliklar shiydam,
osmon osmonlarga tutilgan parda.
Bunday holatni “Shukuhli xo‘rsiniqlar”, “Tushkunlik”, “Yillar izi qolgan sochlar” kabi she’rlarida ko‘rish mumkin. Barnobek Eshpo‘latovning aksariyat she’rlari hajman ham zalvorli demoqchi bo‘lsak, “Kundalik va tundalik” turkumidagi she’rlari hajman qisqaligi bilan fikrimizni inkor etadi. Bir jihat haqki, qisqami, uzunmi, barida mazmun-mohiyat teran. Sevib o‘qisang, ko‘zing faqat fazilat ko‘radi, bu ham tabiiy.
Shoir tabiat kengliklarida ulg‘aygan inson bo‘lib, tabiatning rangin manzaralarini she’rxon ko‘zi oldida namoyon etadi:
Kalxatlar yolg‘iz charx urganmoviy dengizda
quyoshga talpina uchar dovdir mezonlar.
Bodomcha shoxidan jimjit dashtga termilar
ko‘zlari chiroyli abjir kaltakesak ham.
“Adirlarda bahor”, “Cho‘pon bolaning sunbulasi”, “To‘qayzorda” kabi she’rlar tabiat lirikasining go‘zal namunalaridir. Shoir she’rlarida ilon, toshbaqa, burgut kabi dasht jonivorlarining, shuvoq, binafsha singari o‘simliklar nomlari tez-tez uchraydi va bolaligidan meros bu so‘zlar shoirning dasht farzandi ekanini dalillaydi. Uning she’riyatida dasht kengliklariga xos erk hissiga beqiyos muhabbat, bepoyonlikka mehr, o‘zligiga sadoqat tuyg‘ulari takrorlanmas tarzda darj qilingan. “Hijron honaqosi va sahro ila erkak” she’rini o‘qisangiz, shoirning o‘zi lirik qahramon sifatida to‘la namoyon bo‘lganini his qilasiz:
Xushbo‘y sog‘inch yiroqlarga chorlagan tongda
bag‘rimda ulg‘aygan niyat ranglarin sezdim.
Quyoshning taftini tuydim qutlug‘ armonda,
yog‘dular izidan bordim.
Umidvor kezdim.
Shoir goho qo‘shma so‘zlar yasaydi. Bu so‘zlar yangi, ammo ularni, so‘zlar shoirning tafakkurida tabiiy holda yaralgani uchundir, g‘ashsiz qabul qilasiz. “Dengizsiymo kunlar jo‘shar dolg‘ama-dolg‘a”, “Sarsonsiymo kunlar jo‘shar dolg‘ama-dolg‘a”, “Taqdirqum fasli”, “Sarsontilak g‘am” va hokazo.
Meni o‘ziga maftun etgan satrlar, hayratangiz satrlar… Qayta-qayta o‘qidim… Har bir she’rda o‘nlab shunday satrlar: “Zamin yuragiga ildiz otgan shuvoqdek”, “Uyalmakdan qumga do‘nay, poyingda yitay”, “Binafsha tunlar yolg‘izi, gulim?”, “Dunyo bo‘lib Dunyolardan istayman savob”, “Oydin ayriliqdek teran ko‘zlaring, ay gul”, “Gullar jilmayadi, hayrat toshadi, qumrilar tilidan sachraydi bayot”, “Boshoqday to‘lishgan kunlarning jami”, “Yillar qavartirdi yuragim tovonlarini”… To‘g‘ri, bunday satrlarni she’rdan uzib olish noo‘rin. Ular o‘zining safdosh satrlari bilan jonlanadi, yanada tarovatlanadi. Ularni shunchaki, fikrlarimni anglatish uchun keltirdim. Bir o‘qib, nega shu she’riyatni bir umrli suhbatdosh qilmagan ekanman, deb koyindim. She’rxon safdoshim! Siz ham “Hayratlar dunyosi”ni kezsangiz, bu she’riyat haqida men bilan fikrdosh bo‘lasiz, albatta.
Laylo Sharipova,
Buxoro davlat universiteti professori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 19-son

