Norqobil Jalil. «Men yer bilan salom-alik qilaman» (2004)

Biz uchun g‘ayritabiiy tuyuluvchi bu “salom-alik” Tog‘ay Murodning shiori edi va u bir umr shunga amal qilib yashadi. Chunki u shunday fe’l-a’moli bilan, qolaversa, o‘ziga xos hayot tarzi bilan boshqalardan ajralib turardi. “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” deya erta bashorat qilgan yozuvchining vafot etganiga bir yildan oshdi. Lekin turli ijodiy davralarda, o‘quvchilar orasida uning xalqona ijodi, kamtarona yashab o‘tgan hayoti tez-tez eslanadi. Men ham suyukli adib bilan bog‘liq ayrim hayotiy hikoyalarni eslashga urindim.

BIRINChI QO‘NG‘IROQ

Gazetada ishlab yurganimda bir topshiriq bahonasida Tog‘ay akanikiga qo‘ng‘iroq qildim. Ayolini yaqindan tanirdim-u, lekin o‘zi bilan hech gaplashmagandim. Ma’suma opa men bilan samimiy so‘rashgach, biroz jim qoldi-da, juda xokisor ohangda: “O‘zbekiston ovozi”da ishlaydigan jurnalist ukam siz bilan suhbat qurmoqchi ekan”, dedi. Shunda u yoqdan: “Qaysi biri, Norqobil ko‘p bo‘lsa”, degan javob eshitildi. Mening ham fe’lim o‘zimga yarasha bo‘lsa-da, sabr qilib turdim. Negaki, Tog‘ay akaning qaysarligi haqida ko‘p eshitgandim-u, biroq telefonga kelishidan avvalgi “so‘roq”lari sal og‘ir botdi. Nihoyat, telefonni ko‘tardi.
Quyuq salomlashdim. U kishi bo‘lsa gapimni cho‘rt kesdi:
—    Qanday mavzuda suhbat qilmoqchisiz o‘zi?
Izoh berdim: “Hayot, adabiyot haqida uch-to‘rtta savollarim bor edi. Qachon vaqtingiz bor?” Trubkani qo‘li bilan yopdi shekilli, ovozi past eshitildi. “Ma’suma, bu bola mendanam qo‘polga o‘xshaydi-ku!” So‘ng “Ertaga opang shu tomonga o‘tarmish, aytib yuboraman”, degan gapining orasidagi “opang” deya sensiragani negadir ko‘nglimni ko‘tardi.
Ertasi kuni Ma’suma opa keldi. Uzoq gaplashdik. Tog‘ay aka men haqimda obdon surishtiribdi. “Agar biror narsa yozgan bo‘lsa, sendan berib yuborsin, o‘qiyin, keyin o‘zi bilan suhbatlashaman”, debdi. Xuddi shu kuni ikki-uchta she’rlarimni ko‘chirib o‘tirgandim, qo‘liga tutqazdim.
Peshindan keyin yana qo‘ng‘iroq qildim. Bu safar Tog‘ay akaning o‘zi oldi. Endi uyim, ota-onam, o‘qishim haqida so‘radi va “Onadan erta yetim qolgan ekansan-da, she’ringni o‘qidim, meniyam boshimdan bunday kunlar o‘tgan, uka. Qaysi urug‘dansan o‘zi?” deb qoldi. Javobimni eshitib: “Meni enam qo‘ng‘irotlardan, Dehqonobodning qaysidir qishlog‘idan edi. Tog‘alarim, xolalarim tog‘ oshib eshakda biznikiga kelishardi, hozir uzilib ketdik, bilmayman”, dedi-da, yozib yuborgan savollarim ma’qul bo‘lganini, ertaga suhbat tayyor bo‘lishini aytdi…

MUKOFOT OLGAN KUN

Shu kuni gazetada navbatchi edim. Bir kun avval Tog‘ay Murodga Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berilganini o‘qib, juda suyundim.
Kech bo‘lsayam uyiga telefon qildim. Odatdagidek, yana Ma’suma opa trubkani ko‘tardi. Uyda mehmonlar ko‘p ekan shekilli, Tog‘ay akaga “Ukangiz so‘rayapti”, degach, u kishi trubkani oldi: “Mayli, suhbat chiqmasa chiqmas, sen hech xijolat bo‘lma, men xafamasman, kitobga kiritaman, kelasanmi uyga?” deb so‘radi. “Navbatchi edim, bugun sal kechroq qolayapmiz” devdim, Tog‘ay akaning biroz kayfi bor ekanmi, “Qo‘ysang-chi navbatchiligingni, menam dejurlik qilganman gazetda. “O‘zbekiston fizkulturachisi” degan gazet bo‘lardi bir zamonlar, bir marta uyga ketib qolsam, ertasi kuni chiqmay qolgan, rosa to‘polon bo‘lgan, Usmon Azimdan so‘rasang, aytib beradi. Xo‘p, kelasanmi-kelmaysanmi?” degan qat’i savoliga javoban boshqa kuni borishimni aytdim.
Ming afsuski, bu orada necha yillar o‘tib ketdi. Tog‘ay aka bilan ko‘risholmadik. Men boraman deganimda, u kishini topolmadim, u kishi uyiga chorlaganida mening ishim chiqib qolardi.

TOG‘AY MURODNING IZI

Uch yilcha avval Denovga bordim. “Chag‘oniyon” gazetasi tajribasi haqida ko‘rsatuv tayyorladik. Zoyir Mamajonov gurungimiz orasida betoqat bo‘laverdi. Nihoyat yorildi: “Men bugun Xo‘jasoatga boraman, deb odamlarga va’da beruvdim. Qolaversa, qahramon buvayam sizlarni kutayapti. Gullagan ketmonini ko‘rsatmoqchi…”.
Xo‘jasoat Tog‘ay akaning qishlog‘i. Denov qaydayu Xo‘jasoat qayoqda?! Bu jurnalist o‘zi nima deyapti, deb o‘yladim. Oxiri o‘zi gap ochib qoldi: “Tog‘ay men bilan to‘n kiyishmagan bo‘lsa-da, eng qadrdon va dildosh jo‘ram. U o‘qigan maktab haqida “Chag‘oniyon”ga biron maqola yozmoqchiydim. Bu ishniyam beliga tepdilaring. Mayli endi, keyin boraman. Ketdikmi Sobir Rahimovga?” deya denovlik O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullayev dalasiga chorladi.
Katta bir tepalik yonidan o‘tayotganimizda Zoyir aka haydovchining yelkasiga qarsillatib urib: “To‘xta, to‘xta oshna, manavi, qishloqda tug‘ilib qishloqni unutganlarga bir Tog‘ay Murodning dalalarini ko‘rsatayin, — deb qoldi. — Qani, tepaga chiqib, bir Denovni tomosha qilinglar. Huv, narigi tarafdan Xo‘jasoat ham ko‘rinadi. Tog‘ay bilan bu yerlarni qancha aylanganmiz. Lekin shunday roman yozayotganini hech sezdirmagan. Gap-gap bilan bo‘lib har zamonda “Nima yozayapsiz, jo‘ra?” deb so‘rasam, “O‘qiysiz hali, Surxonu Qashqaning, Farg‘onayu Xorazmning yelkasidan ketmoni tushmagan, peshonasi bir umr sho‘r bo‘lib kelgan DEHQONI haqida yozayapman”, deb qo‘yardi”.
Xullas, o‘sha kuni Ibrohim Fayzullayevning dalasiga sal kechikib bordik. Gap orasida yana Tog‘ay Murod haqida so‘z ochildi. Ibrohim aka jo‘shib ketdi: “Qoyilman Tog‘ayga. “Otamdan qolgan dalalar”ini o‘qib menday diydasi qattiq odam ham to‘yib yig‘ladim. Nega denglar-da? Axir, shunday kunlar hammamizning boshimizdan o‘tmaganmidi? Asli his qilish kerak ekan. To‘g‘ri, boshqalaram dehqonning og‘ir hayoti va mehnati haqida yozgan. Nimasidandir ko‘nglim to‘lmagan-da. Tog‘aydi kitobini o‘qib, suyundim, bor ekan-ku mardi, deb yuribman haliyam.
Bir narsani aytay sizga. Men yetmishdan oshdim, butun umrim dalada kechdi. Ota-buvam ham kengliklarda yashab o‘tgan. Lekin Tog‘ay Murod meni, sizni, butun xalqning dardini, armonini doston qipti, qo‘shiq qipti, otasiga rahmat. Lof emas, hammasi chin, meni hayron qoldirgan narsa, u qayerdan shuncha gapni, voqealarni topgan ekan-a!”
Zoyir aka bo‘lsa qahramonning gapini eshitib, egat oralab ketib qoldi. Yonimizga qaytib kelgach, so‘radim: “Nima, o‘zlariga tegib ketdimi Ibroyim akaning gaplari, oxirigacha eshitmadingiz, axir, sizam katta yozuvchi edingiz-ku”, degandim, doim har qanday gapni hazilga buradigan cho‘rtkesar Zoyir Mamajonov bu gal bosiqlik bilan so‘zlay ketdi: “Menam Tog‘ayning romanini bir kechada o‘qib chiqdim, bir kechada… kerak bo‘lsa, yuz yillik, ikki yuz yillik xalqimizning armonlari ko‘z oldimdan o‘tdi. Bilaman, bu romanni yozish Tog‘ay uchun oson kechmagan. Necha o‘n yillardan beri tayyorgarlik ko‘rgan ekan u. Xalqimizga haykal qo‘yaman desa, kulardim. Bir haykal bo‘lsa, shuncha bo‘lar-da. Shu romanni o‘qigach, necha kunlab o‘zimga kelolmadim. Qayerga bormayin, qaysi paykalga kirmayin, kim bilan gaplashmayin, Tog‘ayning o‘sha gaplari qulog‘im ostida jaranglab turaveradi”. Tog‘ay Murodning ma’rakasida Zoyir Mamajonov yana og‘ir armon bilan shunday deb qoldi: “Endi uning kitobini o‘qiy desam, yuragim betlamayapti. Nega desangiz, uning yozganlari hammasi haqiqat va endi har egatda, har paykalda, kerak bo‘lsa, har bir qishloqda Tog‘ayning izini ko‘rganday bo‘laveraman. Kimdir aytibdi, undan biron zuryod qolmadi-ya, deb. Tan olaylik, axir, Tog‘ay Muroddan qolgan yodgorlikni nima bilan o‘lchab bo‘ladi?”

SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ

Tog‘ay Murod bilan o‘n yil orasida ko‘p bora suhbatlashdik. Gohi juda band yoki kayfiyati bo‘lmasa gapni qisqaroq qilib: “Yana telefon qilarsan”, deb qo‘yardi. Avvaliga bu muomalasi menga sal erish ham tuyulardi. Keyin ko‘nikib ketdim va aksincha, o‘zimning ruhim tushsa yo ayrimlarning tilyog‘lamaliklariyu mayda gap-so‘zlaridan dilgir bo‘lib qolsam, hech ikkilanmay Tog‘ay akaga qo‘ng‘iroq qilardim. U kishi bo‘lsa, mening dardlarimni bo‘lmay eshitardi.
U kishi bilan so‘nggi marta, o‘limidan bir haftacha avval gaplashdik. Uyida yolg‘iz o‘zi ekan. Menimcha, zerikibroq turgan ekanmi, yo kayfiyati chog‘midi, bilmadim, bir soatcha so‘zlashdik. Men esa xijolat bo‘lib gap orasida: “Aka, uzr endi, vaqtingizni oldim”, desam ham negadir hech xayrlashgisi kelmadi. O‘sha kuni men ham nimadandir qattiq siqilib, Tog‘ay akaga dardlarimni aytib berdim. Shunda u kishi: “Esingdami, bundan sakkiz yilcha avval senga bir gapni aytuvdim. Yana takrorlayman, u qulog‘inggayam, bu qulog‘inggayam quyib ol, hali eslab yurasan, akam bekorga bu gaplarni aytmagan ekan, deb. Men bilan ham, sen bilan ham oshnam, do‘stim, og‘am deb o‘pishib, quchoqlashib ko‘rishadi va sal nariga borib izimizdan ming xil fisqu fasod, ig‘vo tarqatishadi. Parvo qilma, undaylar bilan o‘chakishib o‘tirma, qo‘yaver. O‘zingga ishon. Yana bir gapni aytayin, odam ahyon-ahyon bo‘lsa-da, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, dardlashib turishi kerak ekan. Qachonki mayda-chuyda gap-so‘zlarga o‘ralashib qolgan bo‘lsang, o‘zing ham mayda odamga aylanasan. Bir she’ringda “Olti yil yashadim Yolg‘izlik bilan”, deb yozibsan-ku. Biz hammamiz qismatning odamlarimiz. Nimadir yozaman, yarataman, deb qishloqdan kechib kelganmiz. U yoqda senu menga ko‘z tikib o‘tirgan qancha qorako‘zlar bor. Shularning yuzini yerga qaratmaylik…”. deya uzoq nasihat qildi.
Baribir hayron bo‘ldim. Nega kam gapiradigan, ustiga-ustak salom-alik tugar-tugamas: “Nima gap o‘zi, biron narsa yozayapsanmi? Uylar tinchmi?” deya gapni qisqa qiladigan Tog‘ay aka bunchalik ochilib ketdi, deya ajablandim ham. Kim biladi, balki rahmatli o‘ziga meni yaqin olib ko‘nglidagi bor hayratu hayajonlarini o‘sha kuni to‘kkandir.
Bir haftadan so‘ng…

KUZATISh

O‘shanda may oyining adog‘i edi. Erta tongdayoq Tog‘ay aka yashaydigan uy yoni odamlarga to‘lib ketdi. Mahalla oqsoqoli marhumning yaqinlarini shoshiltirardi: “Tez bo‘linglar, kun yorishib kelyapti, Chig‘atoydayam kutishyapti bizlarni”. Sirojiddin Sayyidning mungli ovozini eshitdim: “Yolg‘izgina singlisi kecha kechqurun yo‘lga chiqqan ekan, birpasgina kutaylik…”. Kattayu kichik avval bir-biriga, keyin soatiga qaraydi. Nihoyat…
Tog‘ay Murod o‘z uyi ostonasidan qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. O‘nlab mashinalaru avtobuslar liq to‘ldi. So‘zsiz, og‘ir nigohlarim bilan karvonni kuzataman. Nazarimda, shu kuni tanigan-tanimagan, bilgan-bilmagan odamlar bir-biriga yaqin, og‘a-inidek bo‘lib qolganday.
Chig‘atoy qabristoniga yetib kelganimizda bu yoqdayam ta’ziyaga kelganlarning adog‘i ko‘rinmadi. Janoza o‘qildi. Tumonat odam jo‘r bo‘lib “Rahmatlik yaxshi inson edi”, deya ovoz berdi. Qabriga tuproq tortilayotganida kimdir “avval yaqinlari tashlasin” degandi, birdaniga yuzlab qo‘llar belkuraklarga yopishdi…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 47-sonidan olindi.