Komil Avaz. Muhammadrizo Ogahiy

http://n.ziyouz.com/images/ogahiy.jpgSALOHIYaT SAODATI

Xalqimizning ma’naviy merosiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, tarixnavis olim, mohir tarjimon, davlat va siyosat arbobi Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludiga 200 yil to‘ladi.

U 1809 yilning 17 dekabrida Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida, mirob oilasida dunyoga kelgan. Ogahiyning uyi Ko‘hna Arkdan taxminan 5–6 chaqirim masofada, Qiyot qishlog‘ining Xiva–Qo‘shko‘pir yo‘lining chap tarafida. Shu kunlarda, shoirning “uy-muzeyi” joylashgan bu hovli “Ogahiy bog‘i” deb ataladi. Shoirning borliq umri o‘tgan bu boqqa qadam qo‘yishingiz bilan osmonga sapchiyotgan otga mengzar tut xayolingizni moziyga olib ketadi.

Muhammadrizo otadan erta yetim qolib, amakisi, zamonaning yetuk shoi-ri, katta mansab egasi – xonning bosh mirobi, ustoz Munis Xorazmiy qo‘lida tarbiya topadi.

U amakisi ham ustozi Shermuhammad Munis Xorazmiy ila bamaslahat o‘ziga Ogahiy taxallusini oladi. Shoirning taxallusi ham o‘zi aytmish ogohlik bilan xushmavzundir:

Ne tong ogoh bo‘lsa, Ogahiy, ishqing siridin kim,
Onga behuda ermas osmondin bu laqab paydo.

Ogahiy “Ta’viz-ul oshiqin” devoni debochasida “Saodatlik asrining yoqimli, uslubi chiroyli bayon fozillariga va sharofatlik zamonining shirin tillik shoirlariga diqqatli she’rlari va nazokatga yaqin nazmlari baxshishligi uchun mo‘l in’omlar, xursandlik va ko‘p ehsonlar bilan bahramandlik yetkarib, qadru martabada o‘zgalardan aziz va mo‘tabar, izzat va shavkatda o‘zga odamlar orasida quyoshdek porloq va sarbaland qildi”, deya o‘zining qadri balandligidan shodmonlik tuyg‘usini izhor qiladi.

Yuqoridagi dil izhori bejiz emas. Chunki mavlono tirikligidayoq elda aziz shoir, tarixnavis olim, tarjimon, ulkan mirob bo‘lib yetishgan, kamol topgan ulkan Shaxs edi. Bularning barisi tinimsiz mehnat, ilm olish, izlanishlar, Olloh bergan iste’dodiy ijod mulkidan samarali foydalanish mahsulidir. Shuning uchun ham Ogahiy avvalam bor ilmni yuqori darajada sharaflaydi: “Ilm andoq ganji nofi’dur bani odamg‘akim, kimda ul bo‘lsa, iki olam bo‘lur obod anga”, deya ulug‘lovchi shoir, keyinlarda oyog‘ida quvvat yo‘qligi ishorasida, ilmga nisbatan yanada yuksak martabada urg‘u beradi:

Ey, keldi fununu ilm taslim sanga,
Qilmoq manga lozim o‘ldi ta’zim sanga.
Garchi yo‘q edi quvvat ayoqimda, vale,
Keldim bosh ila olg‘oli ta’lim sanga.

Shoirning g‘azaliyoti, uning nazm nahri, yurtga jon baxshida etib turgan Jayhunga mengzaydi, gahi shiddatli, gahi sokin, gahi sho‘x, gahi mahzun oqadi. Daryolar qay tarzda oqmasin, ular elu elatlarga hayot baxshida etib turadilar. Nainki yozish, hatto ba’zi birovlarning umr mobaynida o‘qib chiqishga ham vaqti yetmaydigan darajada sermahsullik hamma ijodkorlarga-da nasib etavermaydigan noyob baxtdir.

1826 yildan sipohiylik – harbiy xizmatda bo‘lgan davridayoq elga shoir bo‘lib tanilgan, Xiva adabiy muhitida tilga tushgan Muhammadrizo Ogahiy xon saroyida mirza bo‘lib ishlay boshlaydi.

1829 yilda amakisi, mashhur shoir va tarixchi Munisning 51 yoshida vafot etishi, shitob bilan adabiyot maydoniga kirib kelayotgan yosh shoir uchun katta yo‘qotish edi. 20 yoshida Olloqulixon tomonidan u miroblik vazifasiga ta-yinlanadi.

MIROBLIK

Asosiy tirikchiligi yerdan, sug‘orma dehqonchilikdan iborat bo‘lgan Xorazmda miroblik hamisha ulug‘ mansab hisoblangan. Ilmiy bitiklarda al-Beruniy bobomiz ham miroblik bilan shug‘ullangan va allomaning bevosita boshchiligida o‘sha davrda ikki yarim milyon tanob ekin maydoni sug‘orilgan, deyiladi.

Xiva xonligida miroblik ilmiga, miroblar mas’uliyatiga e’tibor kuchaytirilgan. Ayniqsa, Muhammadrahimxon I ning xonlik davrida (1806–1825) Munis Xorazmiy – Shermuhammad mirob Xorazm mamlakatining bosh mirobi sifatida iqtisodiy rivojlanishning bosh omili bo‘lmish suv xo‘jaligining takomili uchun katta ishlar qilgan, “Ornalar” (daryodan oqib chiqadigan an-horlar) haqida asar yaratgan.

So‘ngra Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammadaminxon, Sayidmuhammadxon davrlarida Tog‘ay mirob va Muhammadrizo mirob – Ogahiy (1825–1857 yillarda) bosh miroblik vazifasida ishlagan.

Ogahiy ayni kuchga to‘lgan, 36 yoshida ariq yoqasida otdan yiqilib oyog‘i sinadi va mayib bo‘ladi. Ammo jismonan baquvvat, irodasi mustahkam shoir ruhini tushirmaydi. 1847 yilda Madaminxonga hamroh bo‘lib Ko‘hna Urganchga boradi. U yerda Xonobod yopi qaziladi va bog‘lar barpo etiladi.

Ogahiy o‘zi iqtidor, ishbilarmonligi tufayli hayotning eng oliy ne’mati bo‘lmish suv va undan foydalanish ilmini mukammal egallab, ulkan davlat arbobiga aylanadi.

Albatta, yillar o‘z hukmini o‘tkazmay qolmaydi. Ogahiy 1857 yili kasalligi sababli o‘z xohishi bilan bosh miroblik vazifasidan iste’foga chiqadi.

Ogahiyning umr yo‘li 8 nafar xon hukmronlik etgan davrlarda kechadi. U 8 xil boshqaruv, 8 xil muhitda ham o‘zi tanlagan saodatli yo‘ldan og‘ishmay yashagan, ishlagan, ijod qilgan. Shu xonlarning qay biri zamonida balki shoirga nisbatan sovuq munosabat bo‘lgan bo‘lsa ne tong:

Ruh kabi shahdin yiroq o‘lmay desang bu arsada,
Har tarafg‘a moyil o‘l, andoqki farzin, ey ko‘ngul.

Yoki:

Joh uchun olamda har nokasga ta’zim aylama,
Istamas ersang agar juhhol aro bo‘lmoq haqir, –

deya nido qilishida qaysidir farzin – vazirni ko‘zda tutganini o‘zidan bosh-qa hech kim bilmasa ham kerak. Umri hamjihatligu kurashlarda o‘tgan shoir katta amaldor bo‘lishiga qaramay, halollik rutbasiga musharraf bo‘lgan, saodatda ulug‘ insondir. Bir baytida deydi:

Er yuzida, Ogahiy, chun yo‘q sanga bir kulcha yer,
Barcha umringda na hosil aylasang miroblig‘.

Ogahiy nechog‘lik katta mansab egasi bo‘lsa ham boylikka ruju qo‘ymagan, foniy dunyo shavqiga berilmagan va g‘azallarida ham mol-dunyoga hirslik balosidan ayrila olish mushkulligini falsafona, tasavvufona raqam etadi:

Solma ko‘z ushbu jahon shavqiga zinhor, e ko‘ngul,
Ayrila olmas balog‘a bo‘lma duchor, e ko‘ngul.

Shuning uchun ham qanoatni har nedan yuqori qo‘yadi:

Aziz o‘lmoq agar istar esang ahli jahon ichra,
Qanoat aylakim, ul rutba osori qanoatdur.

Sabru qanoati tufayli elda aziz, ishga fidoyilik, ishbilarmonlik, yurt ravnaqi uchun jonini fido etishga bel bog‘lagan Ogahiyning miroblik davrida (1829–1857) yuqorida ta’kidlaganimizdek, Xorazmda ko‘pgina yangi kanallar qazilib, suv inshootlari qurilgani, vohaning sug‘orish istiqbollari borasidagi muammolarning oqilona hal bo‘lishi hazrat nomi bilan bog‘liqdir.

Ogahiyning miroblik davri hali yaxshi o‘rganilmagan va yozilmagan. Uning tarixiy asarlari (matn sharhlari ila) chop qilinsa, Xorazmning sug‘orilish tarixi yanada oydinlashadi va ne-ne ilmiy ishlarga asos bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Ulug‘ shoir miroblikdan iste’foga chiqqach, nazm, tarix bitish, tarjimonlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ogahiy 1874 yilda vafot etdi.

OGAHIYoNA OGOHLIK

Insonning aqlu tafakkuri umrning asl muddaosi ekanini keng mushohada etgan va shu barobarida uning qadrini ko‘k qadar baland tutgan allomalardan biri Muhammadrizo Ogahiy ishq jozibasini, uning mohiyatini nainki shoirona, balki orifona raqam etgan benazir shoir.

Ogahiy holini gar ishq ichra bilmak istasang,
Chashmi ibrat birla dardangiz devonimg‘a boq.

Ogahiyning oshiqlik lirikasi zamirida ham, ijtimoiy-siyosiy bitiklari talqinida ham adabiyotimizning azaliy mavzusi – oshiqlik va ogohlik, ma’viza (pandu nasihat) yetakchi o‘rinni egallaydi. Lekin, oshiqlik, ogohlik va ma’viza zamirida mayishiy ogohlik, maddohiy nasihat emas, balki ma’rifiy ogohlik, navodir nasihat yotsagina u ijtimoiy darajaga ko‘tarila oladi. Negakim, ma’rifiy ogohlikda komillik mavjud. Komillikda millat taqdiri, elu yurt taqdiri, navodir nasihatda esa ikki olamga, vatanga, do‘stu birodarga muhabbat talqini mujassamdir.

Mulku millatg‘a amin o‘lsa agar ogohlar,
Ikki olam obro‘yini hosil etkay shohlar.
 
Ogahiy, qil shohi ogohing duoyi davlatin,
Kim onga arkoni davlatdur hama ogohlar.

Ogahiyning ogohlikka da’vat borasidagi bitiklari hozirjavobligi bilan diqqatga sazovordir. Uning falsafiy qarashlarida ham, pandu nasihatlarida ham olam sirlaridan, adabu ikrom xislatlaridan voqiflik tuyg‘usi bosh mezon hisoblanadi.

ShOIR QALBI SOZDA

So‘z va sozning yozilishiyu talaffuzida ajib bir mushtaraklik bor. Va ajabkim, muomalot dunyosining tirikligi bo‘lmish so‘z hamisha soz ohangi ila mavzunlik kasb etadi.

Ogahiy hazratlarining “So‘zdur inson ko‘nglida bir gavhari qiymatbaho” deyishida hikmat ko‘p, negakim, “Bilmagan o‘z qadrini ne bilgusi so‘z qadrini”, deydi.

Uning g‘azallarini mutolaa etganingiz sari mehringiz oshib boraveradi, chunki Ogahiy har bir so‘zga zargarlardek sabr va sobitlik bilan sayqal beradi. Shoir bir g‘azalida ko‘ngil dengizidagi zaxxor (liq to‘la) so‘z ma’ni shohidig‘a zevar bo‘lsa, pokiza gavharga aylanadi deydi:

Ko‘ngil bir bahri zaxxoru ondadur pokiza gavhar so‘z,
Vale shart ulki ma’ni shohidig‘a bo‘lsa zevar so‘z.

Ogahiy bitiklaridagi serjilo ohang, musiqiy munavvarlik alohida tahsinga loyiq. Shoir g‘azallari beixtiyor kuyga tushib ketaveradi:

Ashkima gar kanora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun netay,
Ohima ham shumora yo‘q, bo‘lmasa bo‘lmasun netay.

Shoir g‘azallaridagi ohang o‘ynoqiligi, so‘z ko‘rkini jilolantirgani bilan bir qatorda g‘oyani kuchaytirganligiga hayratlanmay ilojingiz yo‘q:

Kelib nogoh meni ul qoshi yo o‘ltirmay o‘ltirdi,
Otib mujgon o‘qin, aylab jafo o‘ltirmay o‘ltirdi.

Mavlono xoh tabiat, xoh ijtimoiy-siyosiy, xoh ishqu muhabbat – qay mavzuda qalam tebratmasin, o‘z hayotiga qisman yondashib o‘tadi:

Qilma havas, e Ogahiy, emdi yigitlik ayshini,
Kim yetti umring muddati ellik yeti yosh ustina.

Yoinki:

Shohi zamon lutfidur teng yovuqu yiroqg‘akim,
Fayzi nigohi yetkusi ham biyigu ashoqg‘akim,
Boqmasa ul boqar edi man kabi bir cho‘loqg‘akim,
Muddati umrin, Ogahiy, cheksun ug‘on uzoqg‘akim,
Ayshu tarab zamonidur shohi jahon zamonasi.

Ogahiyning 20000 misradan ziyodroq nazm durdonalarini o‘zida jam etgan “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devoni abadul-abad ishq ahlining tumori bo‘lib qoladi.

TARIXNAVIS VA MUTARJIM

Ogahiy tarixnavis olim sifatida beqiyos iz qoldirgan ulkan ilm sohibidir. Amakisi Munis yozib ulgurmagan “Firdavs ul-iqbol” (“Baxt bog‘i”) asarining Muhammadrahimxon I (1813 –1825 yillar) xonligi davriga bag‘ishlangan qismini Olloqulixon buyrug‘i bilan 1842 yilda yozadi.

“Firdavs ul-iqbol” asarini tugatganidan keyin Ogahiy 5 ta mustaqil tarixiy asarlarini yaratgan: “Riyoz ud-davla” (“Saodat bo‘stonlari”) – Olloqulixon hukmronligi davri, (1825–1842), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar sarasi”) – Rahimqulixon davriga oid (1843–1846), “Jome ul-voqeoti sultoniy” (“Sultonlik voqealari to‘plami”) – Muhammadaminxon, Abdullaxon, Qutlug‘murodxon davri (1846–1855,56), “Gulshani davlat” – Sayyidmuhammadxon davri (1856–1865), “Shohidi iqbol” – Muhammadrahimxon Soniy – Feruz hukmronligining (1865–1873) qariyb 10 yillik davrini o‘z ichiga oladi.

Ogahiyning tarjimachilik borasidagi mahorati xususida ko‘p yozilgan, hali ko‘p yozilajak. Ayniqsa, filologiya fanlari doktori, ogahiyshunos olim professor Najmiddin Komilov tadqiqotlari benihoya ulkan tahsinga loyiq. U kishi Ogahiy tarjimalarini asl nusxalar, boshqa tarjimalar bilan solishtirib, hazrat iqtidoriga, qoyil qolib, nihoyatda yuksak baho bergan. N.Komilovni Ogahiyning tarjimonlik faoliyatini ipidan ignasigacha o‘rgangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, prof. N.Komilov nafaqat nomzodlik, balki doktorlik dissertatsiyasini ham hazrat Ogahiy ijodiga bag‘ishlagan ustod hisoblanadi.

Sa’diyning “Guliston” asari tarjimasi xususida to‘xtalib, shunday yozadi: “Tasvirlanishicha, bir dono odam bir pahlavon yigitni uchratadiki, u nihoyatda g‘azablanib, qo‘liga tosh olib turibdi. Dono atrofdagilardan bunga nima bo‘ldi, deb so‘raganda, ular falon kishi tanbeh berdi, deb javob beradilar. Shunda u: “In furo‘man hazor man sang barmedoradu toqati suxane nameorad”, deb o‘tib ketadi. Bu jumlani Ogahiy: “Bu bechoraning ming botmon toshni ko‘tarmakka quvvati bordur, bir so‘zni ko‘tarmakka toqati yo‘qdur” deb o‘girgan. “Furo‘man” so‘zining lug‘aviy ma’nosi asli, nasabi past, demakdir. (Murodxo‘ja “past va badasl” deb tarjima qilgan). Ammo Ogahiy uni “bechora” deb o‘girgan. Bu to‘g‘rimi? Agar hikoyatning umumiy mazmuni va dono so‘zining ohangini nazarga olsak – bu to‘g‘ri. Sababi, bu so‘z jismoniy baquvvat bo‘lib, ma’naviy ojiz bo‘lgan pahlavonga nisbatan kesatiq ma’nosida ishlatilgan, sohibdil uning vajohatidan kuladi. Shuning uchun Ogahiyning uni o‘zbek tilida ta’na va kinoya ohangini ifodalovchi “bechora” so‘zi bilan ag‘darishi ayni muddaodir”.

Bu Ogahiyning bitta asardagi, bitta jumlasidagi mahorati. Ogahiy tarjimalarini ilmiy o‘rganish bizga katta maktab vazifasini o‘tash bilan birga tarjimashunoslik sir-asrorlaridan voqif qiladi, badiiy va ilmiy salohiyatimizning yanada sayqallashishiga yordam beradi. Hazrat mumtoz asarlarni turkiyga o‘girib, o‘zbek adabiyoti xazinasining boyishiga munosib hissa qo‘shgan alloma hisoblanadi.

Iqtidorli olim Nuryog‘di Toshev “Jome ul-voqeoti sultoniy”ning Toshkent nusxasi: “Ogahiy dastxatimi?” maqolasida: “Muhammadrizo Ogahiy haqli ravishda eng sermahsul va serqirra qalamkashlar qatorida e’tirof etiladi. U yirik she’riy devon va tarixga oid 6 ta asar bitgan, bundan tashqari, 19 ta badiiy, tarixiy va boshqa janrlardagi asarlarni fors tilidan, bitta asarni usmonli turk tilidan eski o‘zbek tiliga o‘girgan. Sanalgan 27 ta asardan 23 tasi ko‘plab nusxalarda bizgacha yetib kelgan”, deb yozadi.

Ogahiy avvalambor barakali ijod qilgan ulkan shoir. Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Munis va boshqa ko‘plab shoirlar g‘azallariga muxammaslar bog‘lab, Xorazm adabiy muhiti ravnaqiga katta hissa qo‘shgan. Birgina Navoiyning qirqqa yaqin g‘azallariga chiroyli muxammaslar bitib, hazrat ijodining xalq o‘rtasida ommalashishiga keng yo‘l ochgan.

Ogahiy hayoti va ijodini o‘rganish, tadqiq qilish borasida muayyan ishlar qilindi. R.Majidiy, S.Dolimov, A.Qayumov, Q.Munirov, F.G‘anixo‘jayev, A.Abdug‘afurov, I.Haqqulov, N.Komilov, H.Abdullayev, N.Jabborov, N.Toshev kabi o‘nlab taniqli olimlar, adabiyotshunoslar yaratgan risolalar, monografiyalar alohida diqqatga molikdir. Istiqlol tufayli bu xayrli ish ko‘lami yanada kengaydi. Bugungi kunda, shoir tavalludining 200 yilligi munosabati bilan olimlar, adiblar, ayniqsa yosh tadqiqotchilar Ogahiy hayoti va ijodini chuqur tahlil qilishga kirishdilar.

Boy adabiy merosga ega XIX asr Xorazm adabiy muhitini Ogahiysiz tasavvur qilish qiyin. Ana shu katta adabiyotning vorisi Ogahiy hazratlari Feruzdek, Komil Xorazmiy, Komil Devoniylardek zabardast shogirdlar yetishtirdi, o‘zidan katta adabiy-tarixiy meros qoldirdi.

Komil Avaz,

Ogahiy nomidagi jamg‘armaning faxriy raisi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 10-son.