Menda Joys ijodiga qiziqish katta. Negaligini o‘zim ham bilmayman. Xotiramda, Moskvadagi 1-chet tillar institutida o‘qib yurgan vaqtimda ilk bor Jeyms Joys nomiga ko‘zim tushgandi. Bu nom yumshoq muqovali kitobcha ustiga katta qilib bitilgan edi. Men kitobchani talaba qiz qo‘lida ko‘rdim. Seminarda o‘tirar ekanmiz, kitobcha va nom o‘ziga tortaverdi. Tanaffusda iltimos qilib, uni qo‘limga olib ko‘rdim. Shu-shu xanuzgacha Joys bilan ahyon-ahyon bo‘lsa-da, shug‘ullanib turaman. Qo‘limdagi manbalar ham, har holda yetarlicha. Oksford universiteti kitob va maqolalar to‘plami, Harri Levin nashr etgan qisqa tanlangan asarlar (Levinning katta so‘zboshisi bilan) “Uliss” romanining 1992 yilgi o‘n beshinchi to‘liq nashri (Dekln Keberdning katta so‘zboshisi bilan) “Finneganning uyg‘onishi” romani, Moskva “Progres pablishers” nashri “Dublinliklar. Yosh artistning portreti” (E.Yu.Geniyevaning so‘zboshi va 120 sahifalik izohi bilan) va hokazo.
Men ilk bor Joysning nomi va kitobchasini ko‘rgan vaqtlar u sobiq Ittifoqda taqiqlangan payt edi. Moskvalik qiz har uchrashganda ko‘zlarimdagi bir narsani uqdimi, otasiga aytib menga ham shu kitobdan keltirib berishni va’da qildi. Uning otasi katta amaldor bo‘lib, Angliyaga vazifasi nuqtai nazaridan qatnab turar ekan. Yaxshi odam bo‘lsa kerak uzoq kuttirmadi, maqsadimga yetdim.
Kitobchani avaylab titkilab, qandaydir dunyoga kirib qolayotgandek edim. Joysni mutolaa qilish mazza. Ayniksa, “Dublinliklar” to‘plamiga kirgan hikoyalar juda zavqli. Aslida hikoyalarda hech narsa yo‘q. “Opa-singillar” hikoyasini ochsak, tobutda o‘lim to‘shagida yotgan ruhoniy va atrof-muhitning oddiy tasviri. Biroq, hikoya nomining o‘ziyoq sirli: o‘ylana boshlaysiz, u “Opa-singillar”mi yoki “Rohibalar”, xohlaganingizni tanlab olavering. Hikoyaning tili murakkab emas, ayrim izohtalab so‘z va birikmalarni hisobga olmasa – sodda. Ammo hikoyaga necha bor qaytar ekanmiz, yangi ma’no va mazmun kasb etaveradi. Bir qarashda oddiy, sodda ko‘ringan matnda ma’no chuqur. O‘sha “ma’no”ni o‘z shaxsiy dunyongizdan kelib chiqib anglayverasiz va qabul qilaverasiz. Endi xayolot dunyosidasiz. Buni xayolot deyish ham qiyin. Balki mohiyatdir. Dunyo, uning siz shu choqqacha anglolmagan kori-bor, oddiy narsa va tushunchalarning g‘aroyibligi, mif va asotirlarning hozirda Joys qahramonlarini emas, sizni o‘rab turgan havosi, azaliyat va abadiyat, botinlik va zohirlik, oddiy kundalik hayot va kahramonlik, yer va mavjudot davomiyligi, qolaversa, odamlarni o‘zgartirishga unday olmay telba bo‘lgan Nitshe nazaridagi eski “etik” tushunchalar, kundalik turmushdagi o‘rningiz, Kalvak Maxsumchalik yoxud Qori Ishkambachalik fikr yurgizmaydigan yaqin do‘stlaringiz bor tiynati, siyrati, surati bilan namoyon bo‘laveradi. Qo‘pol va lo‘nda qilib aytganda, asarda Joys va uning qahramonlari yo‘q, bu olamda hech kim yo‘q, sizning Dunyongiz va undagi qatnashchilar mavjud, xolos.
Hikoyadagi takroriy “falajlik”, “mo‘rtlik”, “oppoq soch”, “murda” so‘zlari kayfiyatingizni boshqarib turadi. O‘limning ta’sir etuvchi, turli assotsiatsiyalar asosidagi ko‘rinishi va mohiyati mungli notasini chalib turadi. Shunda “Cherkovdagi simoniya” iborasiga duch kelasiz, nigohingiz to‘xtab qoladi, qancha fursat o‘tdi endi baribir, diniy aqidalar, “ol-ol, ber-ber”lar, ikkiyuzlamachilik va tovlamachiliklar, diniy cheklanganlik, qotib qolish, xullas, ne narsaki, sizni bezovta etib yurgan bo‘lsa, barchasi qalqib chiqaveradi. Turli qiyofalar, turli toifadagi tumonat odam, siz guvoh bo‘lgan yoxud eshitgan aqlni lol etuvchi voqea-hodisalar… Aslida esa simoniya haqda gap ketayotgan edi. Joys shuni, ya’ni cherkovdagi amallarning sotilishi, pulga dam solish kabilarni ko‘zda tutgan edi xolos. “Simoniya” so‘zi apostllardan g‘aroyibot yaratish iqtidorini sotishni so‘ragan jodugar Simon ismidan olingan. Tamom.
Eng yaqin do‘stlardan biri, dunyoda hech narsani o‘ylamay yashayverish kerak dedi. U aldayotgandi. O‘zi ham biror daqiqa, ongsizlik holatlarini hisobga olmasa (o‘shanda ham surragotlar o‘lmaydi) o‘ylamasdan yashashga qodir emas.
Inson tabiatidagi har narsani bilishga qiziqish, ilmga chanqoqlik hech qachon tinchlik bermaydi, dilga qutqu solaveradi. Barcha ijtimoiy ong mahsullari shu asosda yaraladi. Joys qahramon degan tushunchani tan olmagan. Qanday xarakterda bo‘lmasin, qahramonlik sun’iy yaratiladi. Joys uchun haqiqiy qahramon yerda. U oddiy odam. U hoh hayotda, hoh san’atda bo‘lsin, baribir, oddiy odam.
Digamen do‘stim shunday deydi: oddiy narsa oddiy emas. Cheksiz koinot mavhumligi ichidagi bitta tushuniksiz unsur. Buni unutmaslik lozim.
Digamen yana aytadi: Men Nitsheni tushunaman. U o‘z asrida tug‘ilmagan. Bechoraga qiyin bo‘ldi. Oila nimaligini bilmadi, qirqqa kirmay o‘lib ketdi. Ammo etik kategoriyalar hali ham zarracha o‘zgargani yo‘q. Iloj va imkoniyatsizlikni badiiy san’at darajasiga ko‘targan Kafka, Kamyuni ham tushunaman. Ular o‘zlari yozishdan boshqa imkoniyat topa olmadilar. Sizifning yumushini bajaraverdilar. Qizig‘i, ular ham ancha yosh o‘tib ketganlar. Taqdir taqozosi bilan biri tabiiy, ikkinchisi fojiali o‘lim topdi.
Ko‘zimiz ko‘rib, qulog‘imiz eshitayotgan narsalar onglilik darajasida qanchalik mavhum. Undan tush aniq. Tush onglilik va ongsizlikning qaysi chegarasida yuz berishi aniqlanmagan. Ongsizlik, ya’ni uyqu holati deyilsa, unda tush aynan hayot parchasi ekanligiga shubha uygonadi. Sartr ahmok emas. Ammo tush tasvirlari qoniqtirmaydi. Tush kinoga olinsagina qoniqtirishi mumkin. Aks holda hayotiy polifoniya tasviriyligiga erishib bo‘lmaydi. Qalam ojizlik qiladi. Bu narsa Joysni ko‘p qiynagan. U ham maqsadiga yeta olmagan.
Tushunmadim, deyman men.
Digamen davom etadi: yozuvda polifoniya yaratib bo‘lmaydi. Joysning Eyzenshteyn filmlariga, gluakomadan azob cheksa-da, ekran tagida o‘tirib termulavergani va Dublinda birinchi kinoteatr tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani ham bejiz emas. Aytmoqchimanki, yozuv yoxud bitikdagi qatorlar o‘quvchi miyasida to‘liq hayot effektini yarata olmaydi.
Modernizmning cho‘qqisi bo‘lmish Joys asarlariga qiziqish, o‘qish, o‘rganish, mana yuz yildirki, to‘xtagan emas. U butun dunyoda sevib o‘qilmoqda. Joyschilar markazlari, maktablari, ixlosmandlar klublari va ko‘p sonli mushtariylari soni kun sayin ortib bormoqda. Ular har yili 16 iyun kunini Blumsdey[1] sifatida nishonlaydilar.
Qizig‘i shundaki, 1917 yil oktyabr to‘ntarishi inqilobchilari ham Joys bilan qiziqqan ekan. 1932 yilda Moskvadagi “Inqilobchi yozuvchilar xalqaro uyushmasi” Joysga quyidagi savol bilan anketa yuborgan: “Oktyabr Inqilobi Sizga qanday ta’sir qildi, adabiy faoliyatingiz uchun buning qanchalik ahamiyati bor?”. Uyushma kotibi Romanova[2] imzosi bilan berilgan bu savolga Joys o‘z kotibi Poll Leon tilidan kinoyali javob bergan: “Rossiyada 1917 yil inqilob yuz berdi. U noyabrda amalga oshirildi. Qo‘limdagi bor ma’lumotlarga asoslanib uning ahamiyati haqida biron nima deyishim qiyin, biroq kotibangizning imzosiga qaraganda, o‘ta buyuk o‘zgarish yuz bergani yo‘q”.
O‘shandan buyon Joys nomini tilga olish taqiqlangan Rossiyaning Chet el adabiyoti davlat kutubxonasi bog‘ maydonida 2008 yil 17 martda uning sharafiga haykal o‘rnatildi.
O‘zbekistonda ham Joys ijodiga qiziqish hozir keng tus olgan. Men 2010 yili Milliy Universitet adabiyot fakulteti talaba va professor o‘qituvchilari bilan uchrashuvda talabalarning Joys hayoti va ijodiga bo‘lgan samimiy va yuksak e’tiborni ko‘rdim. Tolibi ilmlar u haqda maqolalar yoza boshlabdi. Bu, albatta, ijobiy xodisa.
Joysning “Musavvirning yoshlikdagi portreti”, “Uliss” shoh asari hassos yozuvchi va olimlar Ahmad Otaboyev, Ibrohim G‘afurov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima kilindi. Bu katta yutug‘imiz.
Demak, Joysga qiziqish ortgan ekan, uning murakkab asarlari o‘zbek tilida o‘qilayotgan ekan, tushunishga foydasi tegar degan maqsadda internetdan olingan va o‘zimda bor materiallarni quyida tarjimalar qilib berishni lozim topdim:
- Mamlakatimning ma’naviy-ruhiy olami haqida edi bu bobni yozishimdan maqsad, shu bois voqea ob’ekti sifatida Dublinni tanladim, chunki mening nuqtai nazarimda dunyoning qoq markazi xuddi shu yer.
- Hikoyalarimdan zahar, og‘u, iflos balchiq va axlat hidi anqisa, menda nima ayb?! Irland xalqi mening yaltiroq oynamda o‘ziga bir yaxshilab nazar solsin.
- Qancha yozsam, hamisha Dublin haqida yozaman, Dublinning mohiyatiga yeta olsam, demak, dunyodagi borki shaharlar mohiyati menga aniq namoyon bo‘ladi.
- Niyat, maqsad va yozish texnikam qudrati ila odamzodgacha va undan keyin ham bo‘ladigan yerni tasvirlashga chirandim.
- Texnik jihatdan oldimga qo‘ygan vazifam o‘n sakkiz nuqtai nazardan va shuncha uslubdan iborat bir asar, kitob yozishdir, zohiran, bu hamma tijoratchi-do‘stlarimga ayon, faqat ular tomonidan hech qachon kashf etilmagan.
(Xerriyet Shou Uiverga xat. 24.06. 1921)
- Bu ikki xalq (isroil va irland) to‘g‘risida epopeya va shu bilan birga bir kunlik hayot haqidagi kamtarona hikoyadek barcha inson tanasining mavjud tsikli hamdir. Entsiklopediyadir desakmikin, xullas, shunga o‘xshash… Mening maqsadim mifni sub species temporis nostri (hozirgi zamonaviy asno) holiga ko‘chirishdir. Har qanday voqea-hodisa (shu bilan birga, har bir soat, har bir a’zo va har bir san’at turi, butunning struktur tuzilmasiga singdirib to‘qilgan) nafaqat shart-sharoit berishi, balki o‘zining shaxsiy texnik uslubini yaratishi shart (Karlo Linatiga xatdan. 21.09.1920y.).
- Turfa badiiy madaniyat sohasining qay bir tomonidan kelmang (ritorika, musiqa yoxud dialektika), tabula rasa[3]qoldiradi, xolos. “Siren”ni yozganimdan buyon ortiq musiqa eshita olmayman (Herriyet Shou Uiverga xat. 20.07.1920y.).
- Hissiy ko‘ruvning eshituvga aylanishi – san’atning bor mohiyatidir va u faqat va faqat o‘zi istagan ta’sirga erishishga urinadi… Xullas, “Uliss”dagi barcha ichki monolog xuddi shunday.
- Birdaniga o‘zimni ochib tashlasam, boqiyligimni boy beraman. Shunchalik ko‘p boshqotirma va topishmoqlarni yig‘dimki, asrlar bo‘yi olimlar yecha olmay bosh qotirsinlar, bu – abadiy o‘lmas bo‘lishimga kafolatdir.
- Eng achinarlisi, avom kitobimdan ahloq izlab ovora bo‘ladi, topishga urinadi, yanada yomonrog‘i uni jiddiy qabul qiladi. Gapning indallosini aytsam, unda bironta jiddiy satr yo‘q, qahramonlarim to‘pori laqmalar, xolos.
Kitobimga kimni kirgizmay, u shu zahoti o‘ladi yoki bosh olib ketadi yo bo‘lmasa u biron falokatga uchraydi.
- Bu asar mening o‘z qoidalarim asosida o‘ynagan o‘yinimdan boshqa narsa emas.
- Faust odamgarchilikka sig‘maydi emas, umuman, odam emas. Keksami u, yoshmi? Uning uyi, oilasi bormi? Hech narsasi yo‘q… Hamlet –ha, u – inson, biroq u o‘g‘il. Uliss bo‘lsa Laertning o‘g‘li, Telemakning otasi, Penelopaning eri, Kalipsoning jazmanii, Troya va Itaka devorlari qarshisidagi grek jangchilari safdoshi. Yana tag‘in unutmang, u harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan simulyant (mug‘ombir) ham. Urushga tushib qolib, oxirigacha boradi. Quroldoshlari qamalni to‘xtatishiga ko‘nmaydi, ularni olga boshlaydi. Shuningdek, u Yevropadagi birinchi jeltelmen ham. Ma’suma qirolicha ro‘parasiga shir yalang‘och chiqqanda, tuzlangan gavdasining sharm joylarini qiz nigohidan yashiradi. Va shuningdek, u – buyuk ixtirochi. Tank uning ixtirosidir. Yog‘och ot yoki qutimi – nima farqi bor? Unisi ham, bunisi ham ichida jangchilar yashiringan qobiq-ku!
- Kechasi yozsam, negadir yozolmayman, so‘zlarni odatdagidek bog‘lolmayotganimni sezaman. Xuddi tundagi har xil – ongli, yarim ongli, so‘ng ongsiz holatlarga o‘xshab so‘zlar hech vaqo anglatmay qoladi. So‘zlarning odatdagidek munosabat va bog‘lanishlari asosida buning iloji yo‘qligini kashf etdim. Tong otadi, yana hamma narsa o‘z o‘rniga qaytadi. So‘zlarga ingliz tilini qaytarib beraman, uni abadiy buzib tashlamoqchi emasman.
- Men ushbu kitobdagi har bir qatorni himoya qilib oqlashim mumkin. Balki bu – tentaklikdir. Buni vaqt ko‘rsatadi.
- Asarlarimning asl qahramonlari – zamon, daryolar, tog‘lardir. Ochig‘ini aytganda, bu yerda umuman qahramonlar yo‘q.
- Qayta-qayta o‘qisa, har qanday o‘quvchi bu kitobni albatta tushunadi. Bunga shubham yo‘q.
- Ikkinchi jahon urushi haqida:
Polshani tinch qo‘yib, “Finegan ma’rakasi” bilan shug‘ullanishsa bo‘lmaydimi?
- Irlandiya haqida:
– Irland milliy xarakteri haqida nima deya olasiz?
– O‘ta yaramas, o‘zimdan qiyos.
- Sariq chaqachalik qadrini bilgan odam Irlandiyada yashamaydi.
- Joys o‘zi haqida:
- Men unchalik oliyhimmat emasman, xiyol ichkilikka ruju qo‘ygan, ojiz odamman.
- Miyamning chakana savdo do‘konidagi ish boshqaruvchinikidan farqi yo‘q.
- Joys otasi haqida:
- O‘zim gunohkor banda emasmanmi, shuning uchun uning nuqsonlari ham menga yoqadi.
- Balki uning (qizi Lyuichining) kasali “Uliss” asarim uchun berilgan jazodir?
- Kitobimdagi yuzlab sahifalar, o‘nlab personajlar otamdan olingan.
- Nora Joys (rafiqasi) haqida:
- Mabodo Xudo yerga tushsa, sen unga xam shu zahoti topshiriq berasan.
- Eh, Jim (Nora uni shundoq atardi) o‘zining yozuv-chizuvi bilan o‘ralashmay, ashulachi bo‘lganda edi!
- Nega sen mundoq odamlar tushunadigan aqlliroq kitoblar yozmaysan?
- Bekket “Uliss” haqida:
- Bu ingliz tilida yozilmagan deb da’vo qilyapsizmi? Bu, umuman yozilmagan. U o‘qish uchun emas…Uni faqat ko‘rish va eshitish kerak.
- Bu yerda shakl – mazmun, mazmun esa shakldir.
- Bekket “Finegan ma’rakasi” haqida:
- Joys matni – biron narsa haqida emas, uning o‘zi ana shu biron nima.
- Joys Penelopa monologi bilan irland ayolini haqoratladi, deya Irlandiyadan badarg‘a qilindi, men esam, Penelopa tarjimasini talaba qizlarga berganim uchun Farg‘ona davlat universitetidan haydaldim.
Tilavoldi Jo‘rayev
18 aprel 2011 yil Farg‘ona sh.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son
_______________________
[1] Blumsdey, Blum kuni – 1904 yilning 16 iyunidan Jeyms Joysning muxlislari “Uliss” romani uchun bayram kuni deb belgilaganlar.
[2] 1613 yildan hukmronlik qilib, 1917 yilda Oktyabr inqilobi oqibatida taxtdan ag‘darilgan rus imperatorlari sulolasiga ishora qilingan.
[3]Og‘ir hissiyot ma’nosida