Amir Temur avlodlari orasida Ibrohim Sulton ibn Shohrux ibn Temur Ko‘ragoniy (1394-1435) o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan. Manbalardagi qaydlarga ko‘ra, Sohibqiron boshqa amirzodalar qatori Ibrohim Sultonning tarbiyasi, ilm olishi, adabiyot, san’at, harb sohasi, davlat ishlaridan xabardor bo‘lib voyaga yetishi uchun alohida e’tibor qaratgan. Turli anjumanlar, harbiy harakatlar, elchilar qabuli va davlat ahamiyatiga ega marosimlarda qatnashtirgan. Keyinchalik otasi Shohrux hukmronligi vaqtida ham yuqoridagi kabi tadbirlarda bevosita ishtirok etganligini Mirxond[1], Fasih Havofiy[2] va Abdurazzoq Samarqandiy[3]lar yozib qoldirgan.
Davlatshoh Samarqandiyning bildirishicha, Shohrux Mirzo saroyida ko‘plab olim va fozillar yig‘ilgan. Shuningdek, harbiy harakatlar chog‘ida ham ularni o‘zi bilan birga olib yurgan.
Amir Temur va Shohrux singari Ibrohim Sulton ham adabiyot, san’at, musiqani yaxshi bilgan va bu soha vakillarining iqtidorini qadrlagan. Aka-uka Mirzo Ulug‘bek, Ibrohim Sulton va Boysung‘ur Mirzolarning adabiyot va san’at asarlari haqidagi yozishmalari ham mavjud bo‘lib bizgacha yetib kelgan. Xususan, Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirai shuaro” asarida amirzoda birodari Boysung‘ur Mirzodan musiqa bilimdoni Xoja Yusufni so‘rab yozgan maktublari haqida so‘z yuritgan. Yana Ibrohim Sulton va Mirzo Ulug‘bek to‘g‘risida bu kabi latifa, hikoyalarlar ko‘p ekanligini ham qayd qilib o‘tgan.
Amirzodaning o‘zi ham yaxshigina shoirlik iqtidori egasi bo‘lgan va asarlar bitgan[4].
Yosh va shijoatli temuriyzoda saltanatning Fors viloyatida yigirma yildan ortiq hukmdorlik qilgan. Mazkur davrda Sherozda “Madrasai dor us-safo”, “Dor ul-eytomiy” (etimxona) kabi binolar va bog‘ barpo qilganligi ma’lum[5]. Uning ko‘rsatmalariga binoan temuriylar tarixini o‘ta tantanavorlik va badiiy bo‘yoqlarga boy tarzda yoritgan Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarini yozib tugatgan.
Shuningdek, Ibrohim Sultonning nomi xattotlik san’ati sohasida qoldirgan asarlari bois suls xatining ustozlari qatorida qadrlanadi. Bu sohani u Fors viloyatiga kelgan paytlarida Pir Muhammad Sheroziydan o‘rgangan[6]. Ibrohim Sulton ko‘chirgan bir nechta Qur’on nusxalari hozirda Eron qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
Ibrohim Sulton homiyligida turkiy va fors adabiyotining ajoyib namunalari yaratildi va nodir nusxalari ko‘chirildi. Uning hukmdor va ijodkor sifatida muntazam adabiy anjumanlar o‘tkazib turganligi ham ma’lum.
Qisqa umri davomida Fors viloyatining hukmdori sifatidagi faoliyati ilm-fan, adabiyot va san’at sohalari vakillari tomonidan yuksak qadrlangan[7]. Shu bois uning bevaqt vafoti qattiq qayg‘u bilan, katta yo‘qotish sifatida qabul qilingan. Hukmdorning vafoti munosabati bilan marsiyalar bitilgan. Ana shunday marsiyalardan biri Hofiz Xorazmiy ijodiga mansub. Bu marsiya turkiy tilda yozilganligi bilan e’tiborga loyiq.
Hofiz Xorazmiy devoni qo‘lyozmasi 1975 yilda professor Hamid Sulaymonov tomonidan Hindistonning Haydarobod shahridagi Salarjang muzeyi sharq qo‘lyozmalari xazinasidan topilgan. Devonda shoirning 9 ta qasida, 2 tarkibband (shundan bittasi marsiya), 3 ta tarji’band, 1 muxammas, 1052 ta g‘azal, 2 ta mustazod, 31 ta qit’a, 12 ta ruboiysi jamlangan.
Marsiyaning ayrim matn xususiyatlari, shoirning hayot yo‘li, devon tartib berilgan sanasi, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida eng qadimiy marsiya namunasi ekanligi xususida Hamid Sulaymonov[8] va Mo‘min Sulaymonov[9] lar tomonidan fikrlar bildirilgan. Ilmiy izlanishlarda marsiya yuzasidan xulosalar bildirilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar matn to‘liq e’lon qilinmagan. Marsiya matnining e’lon qilinishi o‘zbek adabiyotida marsiya janri, uning tarixiy taqdiri, badiiyati kabi masalalar yuzasidan olib borilajak tadqiqotlarda o‘ziga xos ilmiy ahamiyatga ega bo‘la oladi.
Marsiya to‘qqiz banddan iborat, tarkibband shaklida yozilgan. Unda muallif Ibrohim Sultonning tarixiy va adabiy manbalarda e’tirof etilgan barcha fazilatlarini o‘quvchi ko‘z oldida gavdalantirishga harakat qilgan. Xususan, sarkarda sifatida erishgan g‘alabalari, jasorati, saxiyligi, adolat bilan olib borgan siyosati, ilm-fan, san’at, adabiyot sohasi vakillarini qadrlaganligi esga olinadi. O‘z navbatida bu motamdan barcha qattiq qayg‘uda ekanligi aytiladi va o‘sha qayg‘uga botganlarga Ibrohim Sultonning o‘rniga o‘g‘li Mirzo Abdullo qolganligini bildiradi. Marsiya muallifning Tangridan Ibrohim Sulton ruhini shod qilishini hamda Mirzo Abdulloga uzoq umr berishni tilab qilgan duosi bilan yakun topgan.
Matbuotda ilk bor e’lon qilinayotgan mazkur marsiyani nashrga tayyorlashda professor Hamid Sulaymonov Hindistondan olib kelgan kseronusxaga va Rajab Toparli tomonidan Anqarada chop etilgan matnga tayandik[10].
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 6-son
Jaloliddin Jo‘rayev 1970 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat Sharqshunoslik institutining filologiya fakulteti Eron bo‘limini tamomlagan. Ko‘plab qo‘lyozmalarni nashrga tayyorlagan. Hozirda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Hulali mutarraz dar fani muammo va lug‘az” asarining matniy-qiyosiy tadqiqini amalga oshirmoqda.
Hofiz XORAZMIY
MARSIYa
-1-
Bu vafosiz foniy olamda baqoni izdamang,
Dardi jong‘a emdidan so‘ngra davoni izdamang.
Barcha yoru do‘stdan begona bo‘lmoq bor emish,
Ko‘rub ushbu holni siz oshnoni izdamang.
Kechasi olamni tiyra qildi hijron kechasi,
Bu qorong‘u kechada nuri ziyoni izdamang.
Xoli bo‘lmadi kuduratdin chun oyu kun yuzi,
Bas, munungtak dunyoda zavqu safoni izdamang.
Siflavu dunparvar erur ushbu davri ro‘zgor,
Siflavu dun ilkidin fayzi atoni izdamang.
Gulshani jannat bikin chun bog‘-bog‘i jon erur,
Tark etib gulshanni, bog‘i dilkushoni izdamang.
Gulistonu bo‘ston bulbullari qilmas navo,
Guliston kezmang, taqi bargu navoni izdamang.
Tark qilmoq kerak chun oqibat toju lavo ,
Haq yo‘lini izdangiz, toju lavoni izdamang.
Fors mulkining shohi, ul forsi maydondin
Bordi ersa, ondin o‘zga podshoni izdamang.
Fathu nusratlig‘ ul Ibrohim Sulton qondadur
Kim, firoqi zaxmidin choli jigarlar qondadur?
-2-
Qurrat ul-ayni shahanshah Shohrux xoqon qani?
Malik ul-mulki Sulaymon, sohibi farmon qani?
Besha yanglig‘ bor lashkar shohi olamg‘a, vale
Ul to‘qush ko‘yinda sher, beshai maydon qani?
Soni yo‘q yulduz mengiz shahzodalarning bori bor,
Nurbaxsh etgan jahong‘a ul mahi tobon qani?
Zulmat ichra tiyra tuproq yangli qoldi olame,
Ushbu zulmatning ichinda chashmai hayvon qani?
Xalqi olamg‘a bag‘ishlag‘on safoyu zavqlar,
Oftobi mulku davlat, soyai Yazdon qani?
Chatr ila ayvonda bor erdi base nuru safo,
Emdi ul nuru safolig‘ chatar ila ayvon qani?
Dardi hijrat o‘rtadi majmu’i olam jonini,
Ey hakim, aylag‘il bu dardi jonlarg‘a darmon, qani?
Bo‘stong‘a ravnaqe bergon o‘shul sarvi ravon,
Bo‘ldi g‘oyib ko‘zdin, emdi ravnaqi bo‘ston qani?
Gulistonning gullari borisi qon yosh yig‘layur,
Gulistonning ziynati, yuzi gulxandon qani?
Bordiyu qoldi guliston birla bog‘i yodgor,
So‘xta jonlarda bo‘ldi dardu dog‘i yodgor.
-3-
Tiyra bo‘lduq tushgali ul mohmanzardin judo,
Tig‘ birla olam olg‘an mehri anvardin judo.
Fathu nusrat emdidin so‘ng kimga ko‘rguzgay yuzin
Chunki tushdi nogahon shohi muzaffardin judo.
Baxtu davlat kimga qo‘l qobg‘oyu qulliq aylagay,
Taxt uzra ul sazoi toji qaysardin judo.
Yoyi sochingni tug‘u yerga chol o‘zungni, ey alam,
Chun tushubdursan sipohsolori lashkardin judo.
Tullog‘on otlari kechimlar kesib kim chiqidalar,
Bo‘ldi ul damda qiyomat ro‘zi mahshardin judo.
Borchag‘a erur muhaqqaq, nasx bo‘ldi xatti suls,
Qoldi tavqe’inda rayhon xomagustardin judo.
Qilma naqqoshu muzahhib lavhada debochalar,
Bu hunarlar qadrini bilgan hunarvardin judo.
Bo‘ldi g‘amxona o‘sh emdi borchag‘a bayt ul-farah,
Ul farah sarmoyasi ruhi mansurdin judo.
Dardi hijrondin yuraklar qon bo‘lub, ko‘z yo‘lidin
Keldi yuz rangin qilurg‘a ul dilovardin judo.
Ey musulmonlar, bu dardi hijronga ne chora bor,
Ohi so‘zon birla yig‘lamoqdin o‘zga zor-zor.
-4-
Ohkim, tushdi yiroq ul jon bikin sultonimiz,
Mulki ma’no taxti uzra Xisravi xoqonimiz.
Ko‘z yaruqi, jon tilagi ul safoi jonu dil
Bordi ersa, bo‘ldi majarux ushbu xasta jonimiz.
O‘rtagay erdi bu oh o‘ti falakning sham’ini,
Dam-badam su sochmasa bu diydai giryonimiz.
Soyai lutfu inoyat kimdin o‘sung‘oy kishi,
Chunki g‘oyib bo‘ldi ko‘zdin soyai Yazdonimiz .
Sonsiz ehson qilg‘uchi ul ma’dani lutfu karam
Shohimizdin azrilibmiz qayda bo‘lg‘oy sonimiz.
Xush edi ul holkim, biz dardi so‘zin so‘zlasak,
Lutf etib aytur edi, biz dardlar darmonimiz.
O‘tg‘a yaqsoq daftaru devonni, emasdur ajab,
Chun iyosiz qoldi, abtar daftaru devonimiz.
Xori hasrat sanchilib ketmas ko‘nguldin bir nafas,
To nazardin bo‘ldi g‘oyib ul guli xandonimiz.
Dardi hijroni oningtak qildi bizlarni zaif,
Oh chekmakka taqi yo‘qdur bu dam imkonimiz.
Borimiz banda eduk, o‘rtada o‘zi shoh edi,
Holi xush erdi, chu barcha holidin ogoh edi.
-5-
Kechdi ersa gulistoni saltanatdin ul javon,
Bo‘ldi xoriston bikin borcha ko‘zinga bu jahon.
Yoz faslida guliston gullari so‘lmas edi,
Ushbu fasl ichra ne yondin bo‘ldi bu gulga xazon.
Qo‘y birla bo‘ri oning davrinda qardosh erdilar,
Chun oning adli edi sahronishinlarga sho‘bon.
Adli birla xalqi olam posini tutmoq uchun,
Surat ila shoh ediyu ma’no birla posbon.
Emdidan so‘ng xalq topg‘oymu omonliq ne’matin,
Adl ila Sherozni qilmish edi dor ul-amon.
Ishladi dor ul-adolat bergali adl ila dod,
Chun edi mazlumlar haqqig‘a shohi mehribon.
Shodmon umidi diydori bilan erdim vale,
Dardu g‘am bo‘ldi nasibu bo‘lmadim man shodmon.
Ohi otashbor elindin siynaning ichra jigar,
O‘tg‘a tug‘on ul kabobedurki, bo‘lsa xunchakon.
Kelturubdur ushbu shahzoda firoqi, ko‘z ko‘ra
Mahdi oliyg‘a qiyomatning tongidin yuz nishon.
Tig‘i hijroni bila xasta jigarlar poradur,
Rahm aylab aytungiz bu dardga ne choradur?
6-
Ko‘chdi ersa dunyodin ul mohmanzar, xushxisol,
Bor bo‘lsun oftobi mulku topmasun zavol.
Xisravi sohibqiron, sultoni a’zam – Shohrux
Kim, o‘shoning zoti erur fayzi fayzi zuljalol.
Baxt birla taxt uzra bo‘lsun ul kishvariston,
Topdi andin mulku millat chun base husnu jamol.
Ul shahanshohkim eshikini yostonmoq bila,
Kecha-kunduz mohu xurshid ayladi kasbi kamol.
Ostoni izzatining tuproqig‘a yetmadi,
Nechakim yel biki yukurub yeldi josusi xayol.
Shar’ yo‘lida aliftak rostrav bo‘lmoqina,
Dol qaddin qilmoqi erur namoz etkonda dol.
Ul daraxti saltanatg‘a meva bor erur erdi base,
Yo‘q edi mundog‘ javonkim topsa haddi e’tidol .
Ne ajab, gar bori g‘am birla egilsa shohkim,
Mohi tobon bo‘ldi bu motam g‘ami birla hilol.
Kesdi oliy sarvni tig‘i ajal nogoh, vale,
Shukrkim kim bordur maqomin saqlag‘on toza nihol.
Ey yaratg‘on, yalg‘uzoq bu yosh butoqning davlatin,
Aylagil doim ziyoda izzatu ham hurmatin.
-7-
Ey bahodirlar, aning in’omi omin yod eting,
Nur bergan mehrga mohi tamomin yod eting.
Subhi davlattak oning anvori yuzin sog‘inib,
Ayshu ishrat birla kechgan subhu shomin yod eting.
Kahrabotak garchi sarg‘ardi yuzungiz hajridin,
Siz mudom ul jur’aye yoqutfomin yod eting.
Komi jonni zahri hijron talx tutg‘on orada,
Shakkarin alfoz ila shirin kalomin yod eting.
Gulistonu chimgon arosinda gasht aylasangiz,
Kabk yo tovustak xurram xiromin yod eting.
Ro‘zi qilg‘ay haq o‘zingga ravzai dor us-salom,
Xastavu miskinlara qilg‘on salomin yod eting.
Chun erur shahzoda Abdulloh o‘zidin yodgor,
Topmasangiz o‘zini, qoyimmaqomin yod eting.
Ashnug‘i shahzodavu shahlarni atorg‘on aro,
Odil Ibrohim Sultonning nomin yod eting.
Temangiz Iskandar, Qaysar bila Doro so‘zin,
Bu yaqinda kechgan ul shah ehtishomin yod eting.
Kula urg‘on gunbadi afloku yulduzlar bilan,
Lashkari xaylu hasham turlu xiyomin yod eting.
Safi hijo ichra tig‘i obdorini chokib,
Jumla dushmanlardin olg‘on intiqomin yod eting.
Yod eting lutfu karamning koni ul shahzodani,
Podshohi olam erkan, borchadin ozodani.
-8-
Bandalardin chun judo tushdi esa ul podshoh,
Dudi oh ila falakning xaymasin aylang siyoh.
Qayda bo‘lg‘ay holi ul shahzodai olijanob
Kim, chekardi ro‘yu royidin xijolat mehru moh.
Asru sharmanda bo‘lur erdi bu xirgohi falak,
To‘y aylab tiksa erdi goh-gohi borgoh.
Qoni ul sultoni xushraftoru shirinkor teb,
Qoni yosh ichra mardumdin qilur har dam shinoh .
Shahzoda hasratu dardi firoqidin bu kun,
Pir bo‘lmay, bas, alif qadlig‘ javon bo‘ldi dutoh.
Arqo gar sinsa bori g‘amdin, emdi ne ajab,
Chun ko‘zumizga ko‘runmas bo‘ldi ul po‘shtu panoh.
Yo‘q turur lashkar boshorg‘on bosh bu dam, ne foyda,
Garchi bordur yuz tuman, ming lashkuru xaylu sipoh.
Razmgohu bazmgoh oning bilan gulzor edi,
Emdi xoriston bo‘lubtur razmgohu bazmgoh.
Bilmaduk erdi aning tapg‘unda bo‘lub qadrini,
Uzri taqsirot uchun emdi bo‘lolim xoki roh.
Kimdin emdi umsunolim soyai rahmatni biz,
Xastalardin chun yiroq tushdi o‘shul zilli iloh.
Doimo tushgay o‘zining uzri rahmat soyasi,
Anbiyovu avliyoning bo‘lg‘ay ul hamsoyasi.
-9-
Yo iloho, lutfi xosingni o‘zingga yor qil,
Jannati firdavs ichinda o‘rnini gulzor qil.
Gulistonu jo‘ybor ichra chun o‘grongon edi,
Manzilin jannati adn – tahtih al-anhor qil.
Otashi hijron bila tutmay o‘shoni tashnalab,
Havzi kavsardin sharobu soqiysin abror qil.
Yaxshilarni yaxshi ko‘rub asri xush asror edi,
San oni yaxshi asrob, mahrami asror qil.
Bahri vahdat ichraki gavharlaringdin, ey karim,
Ruhi pokig‘a o‘zining dam-badam iysor qil.
Xastavu miskanlara g‘amxor erdi doimo,
Emdi onlarning duosin munisu g‘amxor qil.
Ravzai rizvon qilib doim o‘shoning qabrini,
Hur ul-aynni lutf etib, o‘zigg‘a yori g‘or qil.
Ne tariqa mundakim sarvar , taqi solar edi,
Yuz o‘shancha anda o‘zin sarvaru solor qil.
Yosh butoqing‘a o‘shaning yoshlar sonicha yosh,
Ro‘zi aylab davlatu izzatda barxurdor qil.
Mustajob aylab Hofizning duosin, ey karim,
Rahmatingdan ber ulush, sansan chu rahmonu rahim.
[1] Mirxond. Ravzat us-safo. o‘zRFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi qo‘lyozmalar fondi. 2-raqamli bosma kitob.
[2] Fasih Ahmad ibn Djalal ad-din al-Havofi. Mudjmali Fasihi. – T.: Fan, 1980. – S. 149.
[3] Abdurazzoq Samarqandiy. Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn. – T.: Fan, 1969. – 466-b.
[4] Qarang: Mahdi Bayoniy. Majmu’ai munshaot // Rohnamoi kitob. Shumorai 4. 1340 h/sh.
[5] Qozi Ahmad Qumiy. Gulistoni hunar. Ba ko‘shashi Ahmad Sahiliy Xunsoriy. Tehron. 1352 h/sh. 30-sah; Yana shu muallif: Xulosahoi litavorix. Ba ko‘shashi Ehson Ashrofiy. Tehron, 1363 h/sh.; Mir Sayid Sharif Roqim. O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi. 2731/I raqamli qo‘lyozma. 38b-39a-varaqlar.
[6] Qarang: Qozi Ahmad Qumiy. Gulistoni hunar. Ba ko‘shashi Ahmad Sahiliy Xonsoriy. Tehron. 1352 h/sh. 30 sah.
[7] Mir Sayid Sharif Roqim. Tarixi Roqimiy. O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi. 2731/ I raqamli qo‘lyozma. 38b-39a-varaqlar.
[8] Sulaymonov H. Hofiz Xorazmiy / Hofiz Xorazmiy. Devon. I kitob. – T.: O‘zbekiston KP Markaziy komitetining nashriyoti, 1981. – B. 3-15
[9] Sulaymonov M.B. hofiz Xorazmiy va o‘zbek lirik she’riyatining rivoji: Filol. Fanlari nomzodi … dis. – Toshkent, 1996. – 160 b.
[10] Yfrezmli Hafiz’in Divani. Inceleme-Metn-Tipkibasim. Prof. Dr. Recep Toparli. Ankara, 1998. –c. 121-129; Hofiz Xorazmiy. Devon. Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyi xazinasidagi 4298 raqmli qo‘lyozma. Marsiya devonning 27a-30b-varaqlarida joylashgan.