Ja’far Xolmo‘minov. Biz bilgan-bilmagan Xayyom

Mavlono Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy”sidagi bir hikoyatda, hindlar filni qorong‘i uyga qo‘yib, umrida bu hayvonni ko‘rmagan kishilarni birma-bir o‘sha qorong‘i uyga kiritadilar. Qorong‘ida biri xartumini tutib, fil tarnovga o‘xshar ekan desa, ikkinchisi qulog‘ini ushlab, fil bahaybat yelpig‘ich ekan deydi, uchinchisi oyog‘iga qo‘l tekizib, ustunga o‘xshar ekan desa, yana biri ustini silab, xontaxtaga o‘xshar ekan, deydi. Xullas, kim filning qaysi a’zosini ushlasa, uni o‘zi bilgan narsaga o‘xshatadi.[1]

G‘arb va Sharqning Xayyom haqidagi tasavvurlari ham yuqoridagi fil ko‘rmaganlar fikriga o‘xshab ketadi. Biri, Xayyomdan o‘taketgan ishratparast, mayparast, epikurchi, dinsiz, shakkok, moddiyunchi faylasuf yaratishga harakat qilsa, boshqasi, zo‘r berib undan ilohiyotchi, so‘fiy, avliyo chiqarishga intiladi. Keyingilarning Xayyomga munosabati, qaysidir ma’noda, Mansur Halloj taqdirini eslatadi. Halloj aslida qanday shaxs bo‘lgan: xudolik da’vo qilgan kofir, shakkokmi yoki imon-e’tiqodi komil kishimi? Karomat ahlidanmi yoki sehr ishlatgan jodugarmi? Tafakkur xazinasini boyitgan mutafakkirmi yoki buzg‘unchi g‘oyalar muallifimi? Halloj darajasida bo‘lmasa-da, Xayyom shaxsiyati ham turli shubha-gumonlar, taxminlar, tasavvurlar, talqinlarning goh qalin, goh siyrak tumanlari ichra ko‘rinib, ko‘rinmay ketadi.

Davr

Yuzlab mutafakkirlar, oriflar va shoirlarni bashariyatga taqdim etgan Movarounnahru Xurosonning eng gullab-yashnagan davrida Xayyom tug‘ildi. Bu davrda diniy-tasavvufiy ilmlar, tabiiy va aniq fanlar, adabiyot va san’at yuksak darajada rivojlandi. Aynan shu davrda Nizomiy, Xoqoniy, Tusiy, Sanoiy, G‘azzoliy, Zamaxshariy, Aruziy Samarqandiy, Bayhaqiy, Faxriddin Roziy kabi ulug‘ allomalar, shoirlar yashab o‘tdi.

G‘iyosiddin Abulfath Hakim Umar Xayyom (h. 439-527/ m. 1047-1123) saljuqiy­lar­ hukmronligi davrida Nishopur shahrida dunyoga keldi, umrining asosiy qismini ona shahrida o‘tkazdi va shu yerda vafot etdi.

Xayyomning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi borasida manbalarda turli raqamlar ko‘rsatiladi. Masalan, o‘tgan asrda Xayyom hayoti, ilmiy-adabiy merosi haqida tadqiqot olib borgan, ruboiylarini to‘plagan eronlik olim Sodiq Hidoyat Xayyom vafoti sanasini hijriy 517 yil, deb ko‘rsatsa[2], asli eronlik Amerikada yashaydigan xayyomshunos, Vashington universiteti professori Mehdiy Aminrazaviy Xayyom h.515-520/m.1124-1129 yillar oralig‘ida vafot etgan[3], deydi.

Umar Xayyomning otasi “xaymado‘z” – chodir tikuvchi bo‘lgani uchun bu taxallusni ota kasbiga hurmat yuzasidan tanlagan, deyishadi. Xayyomning kosibchilik bilan shug‘ullangani haqida manbalarda hech qanday ma’lumot uchramaydi. Qolaversa, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga Xayyomning vaqti ham, ehtiyoji ham yo‘q edi. Zero, Xayyom butun yoshligini ilm o‘rganish bilan o‘tkazgan. Kamolga yetib, olim bo‘lgach, saljuqiylar saroyida katta obro‘-e’tibor qozongan. Ma’lumotlarga qaraganda, saroyda yuksak mansablarda xizmat qilgani uchun unga “Dastur” degan laqab ham qo‘yilgan. Devoni oliydan yiliga o‘ng ming dinor maosh olib turgan.

Beshik

Xayyom Qur’on tajvidi, arab tili sarf va nahvi kabi umumiy bilimlarni o‘z shahrida, Qozi Muhammad huzurida hosil qiladi, so‘ng ustozining tavsiya­si bilan riyoziyot (matematika), nujum (astronomiya), turli nazariyalarga oid ilmlarni Abulhasan Anboriydan o‘rganadi. Falsafani Imom Muvaffaq Nishopuriy, Shayx Muhammad Mansur kabi ulug‘ donishmandlardan oladi. Ibn Sino falsafasi bilan tanishgach umri so‘nggigacha uning tafakkur olami sayyohiga aylandi. Aytishlaricha, o‘limidan bir-ikki soat oldin ham qo‘lida Sinoning “Shifo” kitobi bo‘lgan ekan.

Abulbarakot Bag‘dodiyning muridi Ray hokimi Alouddavla, Abulbarakot Sinoni ayovsiz tanqid qilgani haqida gapirib, bu haqda uning fikrini so‘raydi. Xayyom: “Abulbarakot Ibn Sinoning biror so‘zini ham tushunmagan ko‘rinadi, shunday ekan, qanday qilib uni tanqid qila olishi mumkin?” – deb javob beradi.[4] Xayyomni Sino bilan bog‘laydigan yana bir dalil: keyingi davr tarixchilaridan Safadiy o‘zining “Vofiy bil-vofiyot” kitobida, Qutbiddin Sheroziy “Tuhfat ush-shohiya” asarida Xayyom Sinoning mashhur o‘quvchisi Bahmanyorga shogird tushganligi haqida ma’lumot berib o‘tadilar[5]. Xayyom bir muddat o‘sha davrdagi katta ilmiy markaz hisoblangan Samarqandda ham ilm tahsili bilan shug‘ullanib, qadimiy Turon xalqlarining hikmat va ma’rifat bulog‘idan totdi. Buni mutafakkirning falsafiy ruboiylaridan ham bilsa bo‘ladi.

Meros

Xayyom qomusiy olim sifatida boy ilmiy meros qoldirdi. Ayniqsa, algebra masalalariga bag‘ishlangan “Al-jabr val-muqobala” nomli risolasi nafaqat Sharq mamlakatlarida, balki Yevropada ham muhim qo‘llanma sifatida foydalanilgan. Arab tilida yozilgan bu asar frantsuzcha tarjimasi bilan 1851 yili Parijda nashr etilgan. Yana bir mashhur asari “Fi sharhi mo mushkil min sodiroti kitobi Uqlidus”ning yagona qo‘lyozma nusxasi Leydan (Gollandiya) kutubxonasida saqlanadi. “Fi ihtiyolil-ma’rifati miqdoriz-zahab val-faza fi jismi murakkab minhumo” nomli fizikaga oid risolasining qo‘lyozma nusxasi Germaniyadagi Hyote kutubxonasida, fors tilida yozilgan “Risola dar vujud” nomli falsafaga oid asari esa Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Shuningdek, Xayyomga nisbat beriladigan yana bir necha asar ham bor. Ulardan eng muhimlari tabiatga oid “Kavn va taklif”, “Lavozim ul-makna dar fusul va illati ixtilofi havoi bilodu aqolim” kabi risolalari. Bundan tashqari, Saljuqiy sulton Malikshoh davrida vazir Nizomulmulk boshchiligida yaratilgan ilk zijlardan biri – “Ziji Malikshohiy”ning asosiy mualliflaridan biri ham Xayyom hisoblanadi. Xayyomga nisbat beriladigan yana bir asar, bu – Xayyomning “Navro‘znoma” nomli risolasi. Xayyom musiqa, mantiq, etnografiya, tarix sohalarida ham tadqiqotlar olib borgan.

So‘fiy

Tasavvuf Xayyomning ustozi ibn Sinoni ham o‘ziga jalb etgan. Manbalarda kelishicha, ibn Sino umri nihoyasida tasavvuf ta’limotiga ancha qiziqib qolgan. Aslida, bu ta’limot allomani butun umr o‘ziga tortgan ko‘rinadi. Chunki ulug‘ mutafakkirning “Hay ibn Yaqzon”, “Risolatun fit-toyr” va “Risolatun fil-ishq” kabi falsafiy asarlari va ba’zi bir she’riy parchalarida ilohiy ishq va irfoniy tafakkur shu’lalari barq urib turibdi. Ibn Sino bu olamda bor-yo‘g‘i 57 yil umr ko‘rdi. Uzoqroq umr ko‘rganida, Imom G‘azzoliy kabi oxir-oqibat so‘fiylar xilvatxonasiga yuz burarmidi. Nima bo‘lganda ham, bu moyillik uning izdoshi Xayyomga ham tinchlik bermagan ko‘rinadi. Bu holat uning bir qator irfoniy ohangdagi ruboiylarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Xo‘sh, Xayyom so‘fiymi? Biror shayxga murid tushib, ta’lim olganmi? Umuman, uni tasavvuf ahlidan, deb bo‘ladimi? Shunga o‘xshagan savollar, bir necha asrdirki, din va ilm ahlini qiziqtirib kelmoqda. Aftidan, bu savol Xayyom tiriklik chog‘idayoq turli toifalar o‘rtasidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Nega deganda, Xayyomning zamondoshi, falsafiy bahslardagi kuchli raqibi Imom Muhammad G‘azzoliyning ukasi, tasavvuf vakili Ahmad G‘azzoliy uni so‘fiy deb hisoblagan. Ahmad G‘azzoliy Xayyomning bir necha ruboiysiga so‘fiyona ohang berishga harakat qilgan. Shu o‘rinda, Xayyom va G‘azzoliy o‘rtasidagi bahs-munozaralarga qaramay, nega undan so‘fiy shoir “yasamoqchi” bo‘lgan, degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, Xayyom ruboiylarining katta qismi tasavvufiy obrazlar, ramzlar, istioralar va ohanglar bilan limmo-lim. Xayyom ruboiylarida keyingi davrlarda yashagan shoirlar – Attor, Rumiy, Sa’diy, Hofiz she’riyatidagi irfoniy obrazlar, ramzlar va istioralar qo‘llanilishi noyob hodisadir. Shu nuqtai nazardan, Xayyomni bemalol tasavvufiy she’riyat asoschisi Abulmajid Sanoiy bilan bir qatorga qo‘yish mumkin. Xayyomning quyidagi ruboiysida keyingi davr so‘fiy shoirlar ko‘p ishlatgan so‘zlar, iboralar, fikrlarni kuzatish mumkin:

Ey so‘fiyi sofiy, ki Xudo metalabiy,
O‘ joy nadorad, zi kujo metalabiy?
Gar z-on ki shinosiyash, charo metalabiy?
V-ar z-on ki nayash, bigo‘, kiro metalabiy?

Ey Xudoni izlayotgan sof so‘fiy! Uning joyi yo‘q, sen Uni qayerdan izlayapsan? Agar Uni tanisang, nega izlayapsan? Va agar Uni tanimasang , unda kimni izlayapsan?

Xayyomni botiniy holatlarga e’tibor bergan, so‘zlarni majoziy ma’noda ishlatgan musulmon ekanini eronlik va yevropalik xayyomshunoslar ko‘p ta’kidlagan. XIX asrda Abbosali Kayvon Qazviniy Xayyom ruboiylariga ikkita ramziy sharh yozgan. Qazviniy ikkinchi sharhni yozib tugatganida tushida Xayyom uning oldiga kelgani va sharhdan rozi ekanligi haqida gapirganini aytgan.[6] Xayyom ruboiylarini ramziy sharhlash imkoniyati bor ekan, qanday qilib tasavvufdan chetda deyish mumkin?[7]

Dar korgahi ko‘zagare raftam do‘sh,
Didam du hazor ko‘za go‘yovu xamo‘sh.
Nogoh yake ko‘za barovard xuro‘sh:
Ku ko‘zagaru ko‘zaxaru ko‘zafuro‘sh?!

Tarjimasi:

Kulol do‘koniga tashladim nazar,
Ikki mingta ko‘za sukutda turar.
Nogoh bir ko‘za tilga kirib der:
Qay biri sotuvchi, oluvchi, qani ko‘zagar?

Umar Xayyom ruboiylaridan so‘fiyona ohanglarni izlash, tasavvuf ta’limoti asosida sharhlash Yevropa olimlari orasida ham uchrab turadi. Jumladan, Bicherhord Xayyomning bir necha ruboiysini tasavvuf g‘oyalari asosida sharhlagan.

Ammo qancha urinmaylik, baribir, Xayyomni so‘fiy deyish qiyin. Xayyom hech qaysi toifa bilan kelisholmaganidek, so‘fiylar jamoasini ham unchalik xushlamagan ko‘rinadi. Ruboiylaridagi so‘fiyona ohanglarni esa tasavvuf ta’limoti davr ma’naviy hayotiga shiddat bilan kirib kelishi bilan izohlash mumkin.

Yulduzlarga oshufta ko‘ngil

Xayyom munajjim ham edi. U bu sohaga yoshligidan qiziqardi. Ustozi esa: “Xayyom yulduzlarda Qur’on oyatlari tafsirini ko‘radi”, derdi. Xayyomning ba’zi ruboiylarini astronomiya va tabiiy fanlarni yaxshi bilmasdan turib anglab bo‘lmaydi. Ularda bepoyon galaktikamizda suzib yurgan sayyoralar, yulduzlarning nomi, ularga xos xususiyatlar berilgan. Masalan:

Govest dar osmonu nomash Parvin,
Yak govi digar nuhufta dar zeri zamin.
Chashmi xiradat boz kun az ro‘yi yaqiyn,
Zeru zabari du gov mushte xar bir.[8]

Mazmuni:

Osmonda bir ho‘kiz bor, uning nomi Parvin,
Yana bir ho‘kiz yerning ostida yashirin.
Aql ko‘zingni yaqiyn (qat’iy ishonch) bilan och:
Ikki ho‘kiz (osmon bilan yer) o‘rtasida bir to‘da eshakni ko‘r.

Aruziy Samarqandiyning guvohlik berishicha, u astronomiya fanida tengsiz bo‘lsa-da, yulduzlarga qarab fol ochishga ishonmasdi. Xayyom folbin emas, yulduzshunos edi. Uning “Ziji Malikshohiy” nomli asari, o‘sha davrda eng aniq hisoblangan taqvimi va ilk rasadxonaning qurilishida ko‘rsatgan faoliyati bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Afsuski, ushbu rasadxona noma’lum sabablarga ko‘ra nihoyasiga yetmadi. Oradan ikki yuz yilcha vaqt o‘tib, Xayyom va Nizomulmulk orzusini Mirzo Ulug‘bek Samarqandda ro‘yobga chiqardi.

Shoir

Xayyom haqida ma’lumot beradigan eng qadimiy manba vatandoshimiz Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Chahor maqola”sidir. Xayyom bilan zamondosh olim mutafakkirni Marvda ko‘rganini, Sulton u bilan ovga chiqqanini yozar ekan, “Hujjat ul-haq” unvoni bilan tilga oladi va nujum ilmidagi o‘rnini eslatib o‘tadi. Ammo, Xayyomning shoirligi, yeru ko‘kni titratuvchi ruboiylari haqida lom-mim demaydi. Xayyomdan bir-ikki avlod keyinroq yashagan tazkiranavis Avfiy Buxoriy ham “Lubob ul-albob” asarida Xayyom haqida hech qanday ma’lumot bermaydi. Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarida ham Xayyom shoirlar safidan joy olmagan. Unda Xayyom nomi bilan mashhur ruboiylar kimniki?

Zamaxshariy, Aruziy, Bayhaqiylar Xayyomni ko‘rgan, uchrashgan, nahotki, uning ruboiy yozishini eshitmagan? Faqat shunisi aniqki, ilk marta mashhur imom Faxriddin Roziy Xayyomning ruboiylaridan birini tilga oladi va ana shundan boshlab, shoir Xayyom she’riyat maydonida eslana boshlaydi.

Xayyom ruboiylari soni yuzdan uch yuzgacha yetadi, degan taxminlar va boshqacha fikrdagilar ham bor. Jumladan, Sodiq Hidoyat bu haqda shunday deydi: “Xayyom ruboiylarining Sherozda hijriy 865 yili kitobat qilingan qo‘lyozma nusxasi 525 raqami ostida Oksforddagi Bodlen kutubxonasida saqlanadi. Bu nusxada bor-yo‘g‘i 157 ta ruboiy mavjud. Holbuki, Abu Said Abulxayr, Afzal Koshoniy, Mavlaviy kabi shoiru mutasavviflar ruboiylari bilan adashtirilganlari 500 tadan 750 tagacha yetadi”[9]. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bir guruh olimlar taxminan 178 ta ruboiyni Xayyomga nisbat berishadi. Xayyom ruboiylarni ilk marta nashrga tayyorlagan (1942) eronlik olim Muhammad Ali Furo‘g‘iy ham 178 ta ruboiyni Xayyomniki deb hisoblagan.

Fittsjeraldni tanitgan shoir

 Dunyoda Umar Xayyom ruboiylarini o‘z ona tilida o‘qimagan biror madaniyatli millat bo‘lmasa kerak. Buni barcha olimlar bir ovozdan ingliz adibi va tarjimoni Edvard Fittsjeraldning (1809-1883) sharofati bilan deyishadi. Ingliz tarjimoni Artur Arberri: “Umar Xayyomning baynalminal shuhrati adabiyot tarixida g‘oyat nodir voqeadir. Agar Edvard Fittsjerald uni tarjima qilmaganda Eronda bir guruh mutaxassislargagina ma’lum bo‘lardi, xolos”,[10] deydi. 1858 yilda Fittsjerald Umar Xayyom ruboiylarini ingliz professori Kauell (1826-1903) orqali tanidi. Xayyomni yaqindan bilish istagi Fittsjeraldni fors tilini o‘rganishga chorladi. Professor Kauell birinchi marta Oksfordning Bodlen kutubxonasida Umar Xayyom ruboiylaridan nusxa tayyorlab, Fittsjeraldning qo‘liga topshirdi. 1863 yilda esa “Osiyo uyushmasi” kutubxonasi qo‘lyozmasidan bir nusxa ko‘chirib Fittsjeraldga jo‘natdi. Nihoyat, Fittsjerald 1858 yilda Umar Xayyom ruboiylari tarjimasini oxiriga yetkazdi. Avval bu tarjimani chop etish uchun “Frizer” jurnaliga berdi, muharrir tarjimani munosib ko‘rmadi va chop etmadi. Fittsejerald 1859 yilda Xayyom ruboiylaridan 250 tasini nashrdan chiqarib, sotish uchun kitob do‘koniga topshirdi.[11] 1862 yilda mazkur kitob Hindistonning Madras shahrida qayta nashr etilib, she’riyat va adabiyot muxlislariga tarqatildi. Ruboiy mutaxassislari Fittsjerald tarjimasini qizg‘in kutib oldilar. Jeyms Lauil bu borada shunday yozdi:

Bu marvarid fikrlar Fors dengizida ungan.
Uning har donasi to‘lin oydek muloyim tovlanadi,
G‘avvos Umar, barchasini ular to‘shagidan terib oldi,
Fittsjerald esa olib ingliz ipiga terdi.

Frantsiyaning Erondagi elchisi Jon Batist Nikolas 1847 yilda Umar Xayyom ruboiylarining yangi nashrini[12] taqdim etdi. Bu nusxa Fittsjerald qo‘liga tekkanda, undan yangi narsalarni o‘rgandi hamda yangi nusxalarni tarjima qildi. Avvalgi tarjimalarini tahrir qilib, 1868 yilda 110 ta ruboiyni bosmadan chiqardi. Fittsjerald tarjimalari 1872 yilda uchinchi marta, 1879 yilda to‘rtinchi marta, 1889 yilda esa beshinchi marta nashr etildi. Fittsjerald tarjimalari XX asrda ham Yevropada bir necha bor qayta-qayta dunyo yuzini ko‘rdi. Fittsjerald tarjimalari, Arberri tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Arberri Fittsjerald tarjimalarini chuqur tahlildan o‘tkazib, ulardagi asosiy kamchilik va yutuqlarni ko‘rsatib o‘tar ekan, u Xayyom ruboiylariga nisbatan o‘ta erkin munosabatda bo‘lgani, ruboiylarni qayta ishlab chiqib, yangicha mazmundagi she’rlar yaratganini ta’kidladi. “Umarni tushunishdagi asosiy kamchilik, – deb yozadi Arberri, – uni o‘z davridan ajratib olib o‘qishdadir, aslida uni fors adabiyotidan, Sharq falsafasi, Qadimgi Yunon va Rim madaniyatidan, o‘z zamonasidan ajratib olib tushunib bo‘lmaydi”.

Fittsjerald tarjimalari va Arberri tanqidi rus olimi Jukovskiyni ham befarq qoldirmadi. U Xayyom haqida bildirilgan turli fikr-mulohazalarni jamlab, mutafakkirning o‘ziga xos “portreti”ni chizib berdi. Jukovskiyning Xayyomni tavsiflagan “ziddiyatnoma”si (Najmiddin Komilov ta’biri) bo‘yicha: “U – hur fikrli, dinga g‘orat keltiruvchi; u – Xudosiz va materialist; u – ­mistikani masxaralovchi, panteist; u – dindor musulmon, izchil faylasuf, o‘tkir kuzatuvchi olim; u – shaloq yuruvchi, buzuq odam; u – riyokor, munofiq; u – Xudoni oddiygina tahqirlovchi emas, balki dinu imonni butunlay rad etishning tajassumi; u – yumshoqtabiat, hayot lazzatidan ko‘ra ilohiy narsalarni ­kuzatishga berilgan kishi; u – skeptik, epikurchi; u – forslarning Abul-A’losi, Volteri, Geynesi”.[13] Jukovskiy ushbu qarama-qarshi sifat va xislatlar bir shaxsning o‘zida mujassamlashganiga shubha bilan qarar ekan, “shoirga nisbat berilgan ruboiylarni o‘rganishga kirishadi va sof “xayyomona” ruhdagilarini tanlab, Xayyom siymosini “tiklashga” urinadi. Ammo, baribir, Umar Xayyomni ziddiyatlardan xalos qilib bo‘lmadi, eng qadimiy ishonchli qo‘lyozmalardagi ruboiylar ham mazmuniga ko‘ra xilma-xildir, ular orasida bir-birini inkor etuvchi asarlar ham bor”.[14]

Faylasuf Ernest Renan Xayyom ruboiysini Nikolas tarjimasida o‘qishga berilib ketdi-da, darhol Xayyom ruboiylari haqida maqola yozib, Frantsiyaning “Osiyo” jurnalida chop ettirdi.[15] Albatta, Renan Xayyomni yetarli darajada tushunmadi, chunki Nikolasning tarjimasi qiyomiga yetmagan, hali yuzaki edi. Vaholanki, Fittsjerald Xayyom ruboiylarining mohiyatini boshqalarga nisbatan chuqurroq ilg‘agan, borliq haqidagi fikrlarini yaxshigina idrok eta olgan. Keyingi davrdagi ba’zi munaqqidlar tanqidiga uchrasa-da, Fittsjerald amalga oshirgan tarjima qisqa fursat ichida madaniyatlar chegarasidan o‘tib, kundan-kunga shuhrat qozona boshladi. Ta’kidlash lozim, Umar Xayyom jahonda qanday shuhratga ega bo‘lsa, Fittsjerald ham shunday tahsinga sazovor. Haqiqatda, ularning dovrug‘i bir-biri bilan uzviy bog‘liq, chunki Fittsjerald bo‘lmaganda Xayyom bu darajada omma e’tiborini o‘ziga jalb qila olmas edi. Bu haqda Artur Arberri yozadi: “Umar Xayyomning baynalminal shuhrati adabiyot tarixida g‘oyat nodir voqeadir. Chunki Fittsjerald tarjima qilmaganda Eronda ba’zi kishilargina, jahonda esa ayrim mutaxassislargina Xayyom ruboiylarini bilardi, xolos”.[16]

Boshida arzonlashtirilgan kitob do‘konlarida chang bosib yotgan Xayyom ruboiylarining inglizcha tarjimasi qisqa muddat ichida “favqulodda shuhrat qozondi. Butun Britaniyada Xayyom ruboiylari kirmagan xonadon qolmadi. Ingliz soldatlari har ikki jahon urushida ham uni o‘zlari bilan birga olib yurdilar”.[17] Fittsjerald tarjimalaridan keyin Xayyom ruboiylari ketma-ket olmon, farang, o‘rus, itolyon, ispan, chex, golland, portugal va boshqa tillarga tarjima qilinib, butun Yevropa bo‘ylab tarqaldi, u haqda maqolalar, tadqiqotlar yuzaga kela boshladi. Fittsjerald Xayyomni o‘zi uchun, qolaversa, Yevropa uchun “kashf” qildi. Ammo, aksincha, Xayyom Fittsjeraldni kashf etdi, desak, qandoq bo‘larkin? Axir, Xayyom emasmi Fittsjeralddek o‘rtamiyona shoir va tarjimonni dunyoga tanitgan?

1892 yilda Xayyom muxlislari Londonda “Umar Xayyom klubi”ni tashkil etdilar. Ular 1893 yilda Xayyom mozorida o‘stirilgan atirgullardan bir nechtasini Londonga keltirib, Fittsjerald qabri yoniga ekdilar. Bu gullar yoniga lavh o‘rnatib, quyidagilarni yozib qo‘ydilar: “Bu atirgul urug‘ini Uilyam Simpsen Nishopurdagi Umar Xayyom qabridan keltirgan. Edvard Fittsjerald muxlislarining qo‘li bilan “Umar Xayyom uyushma”si tomonidan ekildi. 1893 yil, 7 ­oktyabr”.

O‘zbek Xayyomi

Umar Xayyom merosi o‘zbek xalqi uchun ham qadrli. O‘tmishda xalqimiz Xayyom ruboiylarini asliyatda o‘qib, bahra olgan. Keyingi davrda, birinchi bo‘lib, mashhur sharqshunos olim Shoislom Shomuhammedov Xayyom ruboiylarini o‘zbek tiliga o‘girib, xalqimizga taqdim etdi. Bu tarjima asliyatdan farqli o‘laroq, barmoq vaznida bo‘lishiga qaramasdan, til va uslubining soddaligi, jozibadorligi, ravonligi bilan xalqning tili va diliga tushdi.

Shoislom Shomuhamedov Dushanbeda, shuningdek, 1943 yil Tehronda chiqqan nashrlar asosida 1958 yilda Toshkentda Umar Xayyomning ikki yuzta ruboiysini o‘zbek va fors tillarida chop ettirdi. Mazkur nashr bir zumda butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqab ketdi, chunki unda ulug‘ mutafakkirning hurfikrlilik, hayotning har bir lahzasini qadrlash, bu o‘tkinchi hayotda faqat quvonch va shodu xurramlikda yashash kerakligi haqidagi mavzular ustunlik qilardi. Ruboiylar sodda va ohangdorlikdan tashqari chuqur falsafiy ma’nolarga ham ega. Ulug‘ shoirning falsafiy fikrlarga boy ijodi Rumiy, Sa’diy, Hofiz, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk so‘z san’atkorlari ijodiga ham ta’sir qilgani bejiz emas.

Xullas, Sharq va G‘arbda amalga oshirilgan Umar Xayyom ruboiylarining tarjimalari, mutafakkir shoir hayoti va qarashlariga oid tadqiqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi adabiy-ilmiy aloqalarning mustahkamlashuvi va turli xalqlarning o‘zaro yaqinlashuviga sabab bo‘ldi. Bu qutlug‘ va ulug‘ ish yana davom etar ekan, buyuk shoir Umar Xayyom tafakkurining yangi-yangi qirralari namoyon bo‘laveradi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 12-son

_______________
Ja’far Xolmo‘minov 1968 yilda tug‘ilgan. Tojikiston davlat universitetining fors-tojik filologiyasi fakultetini tamomlagan. Falsafa fanlari nomzodi. Falsafa, dinshunoslik, tasavvuf falsafasi, milliy ma’naviyat va adabiyotshunoslikka oid bir qator monografiya va risolalar, uch yuzga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi.

[1] Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi ma’naviy. 3/120-1269.

[2] Xeyyom-e Sodeq. Majmu’e-ye osor-e Sodeq Hedoyat dar bore-ye Xeyyom. Mo‘qaddeme va gerdovari-ye Jahongir Hedoyat.– Tehron:Nashr-e cheshme, 1384. – 25-bet.

[3] Mehdiy Aminrazaviy. Sahbo-ye xerad. Sharh-e ahvol va osor-e Hakim Umar-e Xeyyom-e Neshopuriy. – Tehron: “So‘xan”, 1385. – 33-bet.

[4] Mahdiy Aminrazaviy. Sahbo-yi xirad. – 36-bet.

[5] Safadiy. Al-vofiy bil-vofiyot. – Stanbul, 1964. – 142-bet.

[6] Kayvon Qazviniy. Sharhi ruboiyoti Xayyom. – Tehron, 1379. – 19-bet.

[7] Mahdiy Amin Razaviy. Sahbo-ye xerad. Sharh-e ahvol va osor-e Hakim Umar-e Xeyyom-e Neshopuriy. Tarjo‘me-ye Majdo‘ddin-e Keyvoniy. – Tehron: “So‘xan”, 1385. – 159-bet.

[8] Umar Xayyom Nishopuriy. Ruboiyot. Muhammadali Furo‘g‘iy va Qosim G‘aniy muqaddimasi va izohlari bilan. – Tehron: “Ketob-e fo‘ruzon”, 1362 (1983). – 107-bet.

[9] Xayyom-e Sodeq. – 32-bet.

[10] Omar Khajjam: A Nev Wersion Based upon Recent Dikoweries By Artur J. Arberry. London, 1956.John Murray albemarie Street.7.

[11] Amir Ismoil Ozar. Adabiyot-e Iron… – 418-bet..

[12] Nicolas, J.B. Les Quatrains de Kheyyam, traduits du Persan, Paris, 1867.

[13] V.A.Jukovskiy. Omar Xayyam i stranstvuyuщiye chetverostishiya. /”Muzaffariya” to‘plami, SPB., 1897. 320-bet.

[14] Najmiddin Komilov. Tafakkur karvonlari. – 191-bet.

[15] Qarang: Mujtabo Minaviy. – 324-325-bet.

[16] Omar Khayyam: A. New Version Based upon Recent Discoveries’ By J. Arberry. London, 1956. John Murray Albemarle Street. 7.

[17] O‘sha kitob. – 8-bet.