Istiqlolga erishganimizdan keyin xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan e’tibor yanada ortib, yangicha mazmun va mohiyat kasb etdi. «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» kabi o‘lmas dostonlar, bebaho qo‘shiq, ertak, maqol va matallarimizning yangidan-yangi nashrlari bosilib chiqdi. Birgina maqolni oladigan bo‘lsak, keyingi o‘n yilda ham kirill, ham lotin alifbosida juda ko‘p nusxalarda chop etilib, kitobxonlarning qo‘liga tegdi.
Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, ayrim nashrlardan ko‘ngil to‘lmayotir. Sababi, ularda na xalq og‘zaki ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, na mualliflik huquqi e’tiborga olingan. Hatto oddiy imloviy xatolarni tuzatishga hafsala qilinmagani achinarli holdir. «O‘zbek xalq maqollari. 65 mavzuda maqollar guldastasi» (“Yangi asr avlodi”, Toshkent, 2013) kitobini bu fikrga bir misol sifatida keltirish mumkin. Ushbu «guldasta»ni M.Qutliyeva nashrga tayyorlagan, so‘zboshi muallifi U.Bekmuhammad.
Odatda xalq og‘zaki ijodi namunalari mazkur sohaning zahmatini chekib, uning pastu balandini biladigan malakali mutaxassis tomonidan nashrga tayyorlanadi yoki nashr ishida soha xodimlari fikriga tayaniladi. Zero, folklor ilmning xiyla murakkab tarmoqlaridan biri. Shu bois tadqiqotchi va noshirdan faqat o‘z sohasini emas, til, tarix, etnografiya, falsafani ham bilish talab etiladi. Folklor deyilganda, insonning o‘y-kechinmalari, u yaratgan badiiy ijod namunalaridan tortib, uning yashash tarzi, moddiy-maishiy hayoti yaxlitlikda olib qaraladi. Folklor an’analar ichida yashab, bu an’analarni avlodlariga meros qoldirayotgan inson va uni qurshab turgan olam haqidagi mukammal bilim majmuasidir. Shuning uchun ham, ehtimol, ustozlarning folklorshunos bo‘lishdan oldin fanning boshqa sohalarida o‘zini ko‘rsatib, ma’lum bir ilmiy tajriba to‘plashni talab etishlari bejiz emasdir.
Shunday ekan, xalq og‘zaki ijodidagi muayyan janrga mansub asarni nashrga tayyorlovchi yoki tuzuvchi o‘zidan bu sohada bilimim yetarlimikan, deb qayta-qayta so‘rab, o‘ylab ko‘rishi zarur. Aks holda, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yish hech gap emas.
«O‘zbek xalq maqollari. 65 mavzuda maqollar guldastasi» kitobida xalq og‘zaki ijodi va folklorshunoslarimiz mehnatiga bepisand qaralganiga guvoh bo‘lamiz. Har bir sahifadagi xatolar, kitob mavzulariga maqollar noo‘rin kiritilgani, mazmuniga qaramay qo‘shib yuborilgani ham shundan dalolat beradi.
Ma’lumki, maqollarni mavzularga turkumlash mashaqqatli ish. Minglab sahifalar orasidan eng maqbul maqollarni tanlab olib mavzusiga qarab tasniflashga bir odamning umri ba’zan kamlik qiladi. O‘zbek xalq maqollari Hodi Zarifov, To‘ra Mirzayev, Bahodir Sarimsoqov, Zubayda Husainova va Asqar Musaqulov singari fidoyi folklorshunos olimlarimizning ko‘p yillik mehnatlari samarasi o‘laroq rang-barang mavzularga ajratilib, bir necha bor chop etilgan. 1989 yilgi hamda 2003, 2006, 2009 yilgi nashrlarda 70 dan ziyod mavzudagi maqollar jamlangan.
Maqol janrining o‘rganilish tarixi esa, Mahmud Koshg‘ariydan boshlanadi. «Devonu lug‘atit turk» asaridan 400ga yaqin maqol va matal joy olganki, ular bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Gulxaniy singari mumtoz adiblarimiz o‘z ijodlarida maqoldan unumli foydalanishgan. Biroq kitobdagi «Fikrlar qaymog‘i» sarlavhali so‘zboshini o‘qigan o‘quvchida maqollarimiz tarixi Herman Vamberi va Mullo Ishoq bilangina bog‘liq ekan-da, degan tasavvur uyg‘onadi. Vaholanki, so‘zboshida maqol janri, uning o‘ziga xos xususiyati, ushbu nashrning maqsad va vazifalari haqida fikr yuritilsa ma’qul bo‘lardi. Biroq so‘zboshida maqol janri bir chetda qolib, Mullo Ishoq va Herman Vamberi hayotiga doir barchaga ma’lum ma’lumotlar keltiriladi va: «Ma’lumki, maqol — xalq ijodi haqidagi janr», degan xulosaga kelinadi (4-bet). Bunday mantiqqa zid, chuchmal fikrlarga ikki sahifali so‘zboshida bir necha bor duch keldik.
Aslida bu so‘zboshi kitob uchun maxsus yozilmagan, balki U.Muhammadning matbuotda chop etilgan «Evropaga tarqalgan o‘zbek maqollari» (“Darakchi” gazetasi, 2011 yil, 9 iyun 23-son) maqolasi o‘zgartirishsiz ushbu “guldasta”ga kirish so‘z sifatida kiritilgan.
Nashrga tayyorlovchi bu kitobning yuzaga kelishida astoydil «ter to‘kkan» chamasi, oldingi nashrlardagi 70 dan ziyod mavzuni qisqartirib 64 (muqovada 65 deb xato yozilgan) mavzuni, 10.000ga yaqin maqoldan faqat 3343 tasini taqdim etgan. Ammo oldingi nashrlardan to‘g‘ri ko‘chirishga hafsala qilmagan ko‘rinadi. Hatto ayrim mustaqil ikki maqolni qo‘shib, bir maqol sifatida taqdim etadi. Misol uchun: «Kirib chiqma, bilib chiq — kuygandan kul chiqar» (162-bet). Yoki buning aksi — bitta maqol ikkiga ajratilib, ikkita maqol sifatida berilgan: «Ko‘zdan tushgan ko‘ngildan ham nari» (110-bet), «Ko‘zdan tushgan tildan ham tushar» (110-bet).
Bundan-da afsuslanarlisi, kitobga «Go‘dak jon berayotganda alvasti ham qayg‘uradi» (95-bet) kabi soxta maqollarning kiritilganidir. Ilgarigi nashrlarning birortasida bunday maqol yo‘q. Zero, hech bir o‘zbek bunday demaydi ham. Qolaversa, «Baxt, omad va baxtsizlik» mavzusiga bu «maqol»ning nima aloqasi bor? Uni qanday qabul qilish kerak? «Foydasiz maslahat echkining qulog‘iga do‘mbira chertgandek gap» (179-bet), «Farzandning ko‘pi yaxshi, biri kofir bo‘lsa, biri musulmon» (132-bet) kabi maqollar ham soxtakorlikning aynan o‘zidir.
«Igna yo‘qotgandan sigir yo‘qotgan gumonsirar» (140-bet) maqolini o‘qib beixtiyor igna yo‘qotgan odamdan nega sigir yo‘qotgan odam gumonsirashi kerak, deb o‘ylanib qolasiz. Bunda mantiqsizlik shundoq ko‘rinib turibdi. Aslida esa bu maqol quyidagicha: «Igna o‘g‘irlagandan sigir yo‘qotgan odam gumonsirar».
Noshirning mas’uliyatsizligi oqibatida bir qancha maqolning maqollik xususiyati yo‘qolib, jo‘n, mazmunsiz jumlalarga aylanib qolganki, ularni kitobning istalgan sahifasidan topish mumkin. Mana bir necha misollar: «Chiroylilik murod emas, xunuklilik uyat» (88-bet), «Buzoqdan oldin qoqilmas» (106-bet), «Uy qiz — uchirma qush» (131-bet), «Baxtsiz quduqqa kirsa ham qum yog‘ar» (94-bet), «Rostini aytsang urarlar, rostini aytsang suyarlar» (149-bet), «Nomard dushmandan mard do‘st yaxshi» (69-bet) kabi maqollarning to‘g‘ri varianti esa «Chiroylilik murod, xunuklik uyat emas», «Buzoqdan oldin qoziq qoqilmas», «Bo‘y qiz — uchirma qush», «Baxtsiz quduqqa kirsa qum yog‘ar», «Rostini aytsang urarlar, xushomadni suyarlar», «Nomard do‘stdan mard dushman yaxshi»dir.
Xalq og‘zaki ijodi namunalarida — xoh doston, qo‘shiq, maqol yoki matal bo‘lsin — birgina so‘zning o‘zgarishi bilan matn ma’nosi butunlay o‘zgarib ketishi, ohangi, badiiyatiga putur yetishi mumkin. Masalan, «Befoyda o‘g‘ridan bo‘sh kunda yaxshi» (178-bet). Bu gapni o‘qigach o‘g‘rining ham foydalisi bo‘lar ekan-da, degan xayolga boradi kitobxon. Aslida esa «Befoyda o‘g‘irdan, bo‘sh kunda yaxshi», deyilganda bu chindan maqol sifatida qabul qilinadi.
Maqol — donolik, donishmandlik ramzi. Uni to‘g‘ri o‘qib, to‘g‘ri anglash va boshqalarga yetkazish alohida layoqatni talab qiladi. Bunda g‘o‘rlik, mas’uliyatsizlikka erk berib bo‘lmaganidek, bilib-bilmay o‘zlashtirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Maqollarni nashrga tayyorlab, uni ko‘pchilikka manzur etaman, degan odam avval ularning mag‘zini chaqib ko‘rishi kerak.
Xalq ijodi, folklor asarlari millatning umummulki, hech kim ularga mualliflikni da’vo qilmaydi. Biroq bu — duch kelgan kishi istagan folklor namunasini bemalol ko‘chirib bosaverishi mumkin, degani emas. Qolaversa, biror-bir folklor asari o‘z-o‘zidan kitob holiga kelib qolmaydi, uni kimdir ming-minglab sahifalar orasidan chang yutib, umrini bag‘ishlab, tanlab, saralab, zahmat chekib kitob shakliga keltiradi. Demak, muayyan folklor asarini chop etishdan burun uni ilk bor nashrga tayyorlaganlarning mehnatini inobatga olish ham qarz, ham farz.
«O‘zbek xalq maqollari. 65 mavzuda maqollar guldastasi» kitobi 5000 nusxada chop etilgan. Boz ustiga bu ikkinchi nashr. Demak, ushbu nashr turli yoshdagi minglab o‘quvchilarda xalqimiz tafakkurining bebaho durdonasi hisoblangan maqollar haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otgan. Axir, «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin», degan maqol bejiz aytilmagan.
Jabbor Eshonqul,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 14-son