Yo‘ldosh Solijonov. Sizif va absurd

http://n.ziyouz.com/images/sizif.jpg

Ochig‘i, men G‘arb adabiyoti nazariyasi, xususan, so‘nggi yillarda iste’molga kirib kelgan va juda ko‘p qo‘llanilayotgan modernizm, postmodernizm, absurd, ekzistentsializm, syurrealizm kabi atamalar mohiyatini yaxshi bilmayman. Ularni anglashga, qancha ko‘p bilishga intilganim sayin bu borada bilimlarim kamligini ko‘proq anglayapman. Ehtimol, bu ilmiy adabiyotlarning yetishmasligi, borida ham bayon qilingan fikrlarning mujmalligi, bir-birini rad etishidandir? Ayniqsa, bu oqimlar orasida absurd atamasi o‘zining nomi singari mavhumligicha qolib kelyapti. Balki o‘zbek adabiyotshunoslari absurdning tub mohiyatini anglab yetmay, unga biryoqlama munosabatda bo‘layotganliklari ham ana shunday chalkashlikni vujudga keltirayotgandir?

Har holda kasbim va mutaxassisligim ehtiyoji nuqtai nazaridan men “Absurd nima? – degan savolga javob izladim. Izlanishlarimdan bir chimdimini hamkasblarim bilan baham ko‘rgim keldi.

* * *

Absurd atamasi shu paytgacha adabiyotshunoslikka oid ko‘pchilik lug‘atlarga kiritilmagan. Chunki Sho‘rolar davrida sotsialistik realizm metodiga asoslangan sovet adabiyoti uchun boshqa har qanday metod, oqim, yo‘nalishlar yot hisoblanardi. Mustaqillik yillarida nashr etilgan «O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi»ning 1-jildida «Absurd drama» haqida ma’lumot berilgan. Unda ham «absurd» so‘zining mohiyati to‘g‘risida hech narsa deyilmagan-da, absurd drama oqimi «tarafdorlari inson hayoti ma’nosiz, mavhum degan nuqtai nazarni ilgari suradi. Ular fikricha, inson hatto nima uchun yashayotganini ham anglab yetolmaydi, u doimo yolg‘on burch, yolg‘on axloq, yolg‘on munosabatlar qurboni bo‘laveradi» degan g‘oyani ifodalashga ko‘proq e’tibor berganliklari misollar asosida aytiladi, xolos.

Xullas, turli ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan, ilmiy sa-viyasi jihatdan bir-biridan farqlanadigan maqolalarni o‘qib, absurd haqiqatan ham ma’nisizlik ekan-da, degan xayolga kelish mumkin. Unday bo‘lsa, adabiyotning ma’nisizlikni targ‘ib qilishidan murod nima? Axir har qanday adabiy asar insonni hayotdan zavqlanishga, lazzat olishga, ma’lum maqsad bilan yashashga va unga erishish uchun kurashga undaydi-ku! Agar absurd hayotda yashashning ma’nisizligini, turmushning tuturiqsizligini targ‘ib qiladigan bo‘lsa, uning insoniyatga nima keragi bor? U holda adabiyot o‘zining insonshunoslik mohiyatidan uzoqlashib ketmaydimi? G‘arb faylasuflari aynan absurdni nega bayroq qilib ko‘tardilar? Bu savollar menga ko‘p vaqt tinchlik bermadi. Ularga javob topish ilinjida o‘sha absurd asarlar yaratgan G‘arb adiblarining ijodi bilan tanishishga kirishdim.

Dastlab absurd g‘oyasining ulkan bilimdoni, falsafiy asoschisi Alber Kamyuning «Sizif haqida afsona» nomli essesini mutolaa qildim. Sababi, kimki absurd haqida fikr yuritsa, birinchi galda shu manbani tilga oladi va unga tayanib mulohaza yuritadi. Kamyuning o‘zi ham «Sizif haqida afsona» degan sarlavhadan keyin «Absurd haqida esse» deb izoh bergan. Adibning ushbu asari yaratilgan davridayoq mashhurlikning shohsupasidan joy olgan va hanuzgacha o‘sha mavqeini saqlab kelayotir. Ikkinchi jahon urushining avji qizigan yillarida bosilib chiqan bu asar (1942) fashist bosqinchilariga qarshi kurashga chaqiriq, isyon sifatida qabul qilingan. Bundan tashqari, mazkur esse o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra Frantsiya falsafasi tarixiga «ekzistentsializmning ateistik manifesti» bo‘lib kirgan. Shu bilan birga aynan shu esse ko‘pchilik tomonidan faylasuf yozuvchi Alber Kamyuning badiiy asarlarini o‘qish, uqish va tushunishning falsafiy kaliti deb ham tan olingan.

Darhaqiqat, bu kalit o‘quvchiga Kamyuning ijod xazinasi eshigini ochib berishga xizmat qiladi. Darvoqe, Kamyu o‘zining zamonga, jamiyatga, dinga, fashizmga, siyosatga bo‘lgan munosabatini ifoda etish uchun nega aynan eramizdan ancha avval dunyoga kelgan Sizif haqidagi mifga murojaat qildi? O‘z salaflari va zamondoshlari F.Nitshe, Z.Freyd, E.Fromm, J.P.Sartr, F.Kafkalar bilan munozaraga kirishib, falsafiy mulohazalarini bayon etaversa bo‘lmasmidi? Bunga uning bilimi ham, quvvai hofizasi ham yetardi-ku! Nazarimda, boshqalardan farqli o‘laroq, Sizifga murojaat qilishida Kamyuni ham faylasuf, ham ijodkor sifatidagi ma’naviy-ruhiy ehtiyoji da’vat etgan. Sezishimcha, Sizif xarakteridagi o‘jarlik, qasdma-qasdiga o‘zining haqligini isbotlashga urinish Kamyuning hayotiy idealiga mos kelgan.

* * *

Men Kamyu va uning asarlaridagi qahramonlar haqida o‘ylaganimda beixtiyor ko‘z oldimda har doim yelkasiga og‘ir yuk ortgan, horg‘in, ammo uni ko‘zlagan manziliga yetkazmaguncha ahdidan qaytmaydigan o‘jar va qat’iyatli Sizif namoyon bo‘laveradi. Yo‘q, bu tasavvurim adibning «Sizif haqida afsona»ni yozganligi uchun emas. Aslida bu qaysar Sizif to‘g‘risida afsonalar, rivoyatlar, dramalar qadimgi Yunon adabiyotida juda ko‘p yaratilgan va ularni o‘qib, xudolarning qahriga uchragan bir bandai mo‘min to‘g‘risida talay ma’lumotlar olish mumkin. Gap boshqa yoqda: Kamyu absurd obrazni ilmiy va badiiy tomondan isbotlash uchun nega aynan Sizifga murojaat qilishidadir.

Yozuvchining falsafiy hofizasi keng va chuqur ekanligini ushbu asarning Sizif haqidagi afsona qismi bayon qilingunga qadar bo‘lgan 2 bo‘lim va 12 bobda ilgari surilgan mulohazalar ham tasdiqlaydi. «Absurdcha mushohada» va «Absurdcha ijod» deb nomlangan bo‘limlarda Kamyu dastlab absurdning falsafiy asoslarini izlaydi, hayotiy misollar bilan isbotlab beradi va oxirida ana shu falsafiy qarashlarini absurd qahramon – Sizif faoliyati misolida aks ettiradi.

Ma’lumki, Sizif haqida Gomer, Esxil, Sofokl, Yevripid, Kritiy singari buyuk yunon mutafakkirlaridan tortib, Sartr, Joys, Kafka, Prust, Merlp, Nikitin va boshqa o‘nlab Yevropa adiblari turli janrlarda asarlar yaratishgan. Ularda Sizif turli qiyofa va xarakterda namoyon bo‘ladi. Lekin barchasi uchun yagona xususiyat ham mavjud: Sizif firibgar, xudolarni aldagan, ularning sirini fosh qilgan, bo‘ysunmagan, amrini bajarishdan bo‘yin tovlagan. Bunday shakkokligi va qaysarligi uchun u xudolar tomonidan qattiq jazoga mahkum etiladi: uning zimmasiga ulkan xarsangtoshni pastlikdan tog‘ning eng baland cho‘qqisiga yumalatib olib chiqish vazifasi yuklanadi. Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q. Tosh esa Sizifga begona emas. Gomerning tasvirlashicha, Sizif aslida o‘ta ta’magir, shuhratparast, xudbin, yo‘lto‘sar-qaroqchi bo‘lgan va yo‘lovchilarni tunab, boyliklarini tortib olgach, ularni ana shu tosh ostiga bostirib, azoblab o‘ldirishdan zavqlangan.

Xudolarning bu hukmi zamirida ikkita ma’no bor: birinchisi, bundan keyin odamlar shu tosh ostida qolib azob tortmasligi uchun Sizif uni yuqoriga olib chiqib qo‘yishi shart; ikkinchisi, ajabmas, Sizifning o‘zi toshni ba-landlikka olib chiqayotganda qayta dumalab ketgan toshning tagida qolib azoblansa; Xudolarning fikricha, bandasi uchun befoyda va samarasiz mashg‘ulotni bajarishdan og‘irroq jazo yo‘qdir. Sizif esa o‘limga mahkum etilganlar orasida eng dono va hushyor kimsa hisoblanadi. U shu yerda ham xudolarni aldashga, o‘zining «haq»ligini isbotlashga urinadi.

Sizif tabiatidagi xuddi mana shu qirralarga Kamyu boshqacha yondashadi. Adib Sizif siymosida zolimlarga qarshi kurashuvchi proletar timsolini ko‘radi. «Xudolarning proletariysi, ojiz bo‘lsa-da, isyonkor Sizif, – deb yozadi Kamyu va o‘zining tuganmas qayg‘uli qismatini yaxshi biladi; bu haqda u pastlikka tushayotganda o‘ylaydi».

Kamyuning ifodalashicha, Sizif jahannamning mangu malayidir. Yozuvchi bu afsonadagi ramziy obraz hamda makon orqali real hayotga munosabat bildiradi. Uningcha, inson yashayotgan hayotning o‘zi do‘zax azobidan iboratdir. Odam bu hayotda qanday yashashni, kimga ishonishni, nimaga ko‘ngil qo‘yishni bilmaydi. «Shundan anglashiladiki, Sizif absurd qahramondir» degan xulosaga keladi Kamyu. Demak, bu ma’nisiz hayotda foydasiz urinish va ro‘yobga chiqmaydigan umid bilan yashash absurdning falsafiy mohiyatini tashkil etar ekan. Sizif o‘zining yer yuzidagi zavq-shavqli hayotiyu, dahshatli qilmishlari, jahannamda tortayotgan azob-uqubatiyu kulfatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Odamzod foniy dunyoda kechirgan behuda qilmishlari uchun boqiy dunyoda javob berishga majbur. Ajabki, insoniyat hayotining ikki bosqichidan (tiriklik va o‘limdan keyin – Y.S.) kelib chiqadigan bu xulosa absurd falsafasining islom dini qoidalari va shartlariga ham yaqin kelishini ko‘rsatadi.

Endi Sizif xudolar hukmini ado etishga majbur. U tinimsiz ravishda ulkan toshni dumalatib (ko‘tarib emas!) tepalikka olib chiqishga urinadi. Manzilga yetay deganda tosh yana pastga dumalab ketaveradi. Ammo Sizif ahdidan qaytmaydi, u takror va takror xarsangni tepalikka olib chiqishga intilaveradi. Sizif tosh orqasidan asta-sekin pastlikka tusha boshlaydi. «Meni mana shu ozgina fursatda namoyon bo‘lgan Sizif qiziqtiradi, – deb yozadi Kamyu. – Uning toliqqan yuzini toshdan farq qilib bo‘lmaydi! Men tuganmas azob-uqubatlari tomon horg‘in, biroq shaxdam qadamlar bilan tushib kelayotgan odamni ko‘rib turaman. U shu paytda nimalarni o‘ylayotgan ekan? Shu asnoda nafas olishi bilan hamohang ravishda uning ongi ham uyg‘ona boshlaydi. Qu-yiga, xudolar tomonidan mangu in’om etilgan g‘origa qaytar ekan, Sizif har daqiqada o‘z qismatidan yuqoriga ko‘tariladi. U o‘z toshidan ham qattiqroq irodaga ega bo‘la boshlaydi».

Faylasuf adib A.Kamyu Sizifni qadam-baqadam kuzatadi, xuddi uni ko‘rib turgandek tasvirlaydi. Zero, uning qismatida, amalga oshmaydigan faoliyatida Kamyu o‘z ideallarini ko‘radi. O‘zini xuddi Sizif singari chorasiz his qiladi. Ammo umid Kamyuni ham, Sizifni ham tark etmaydi. Shu ma’noda absurd umidni inkor qilmaydi. Umidsizlik absurdning ashaddiy raqibi hisoblanadi. Sababi shundaki, garchi absurd so‘zi «ma’nisiz, tuturiqsiz» degan ma’nolarni anglatsa ham badiiy asardagi absurd g‘oyasi insonning ana shu ma’nisiz, tuturiqsiz hayotda umid bilan yashab, biron bir iz qoldirish, umridan mazmun qidirishdan iboratdir. Bu mantiqsiz hayotda umid bilan yashash absurd g‘oyasining asosini tashkil qiladi. Ammo bu amalga oshmaydigan umiddir, sarobdir.

Kamyu Sizifning xatti-harakatlarida qachonlardir toshni qoyaga olib chiqishiga bo‘lgan ishonchli umidini tasavvur etadi. «Ongi uyg‘ona boshlagan qahramonga ega bo‘lgan bu afsona g‘oyat fojeiydir. Har qadamda uni g‘alabaga bo‘lgan umid qo‘llab tursa, yana qanaqa azob-uqubat to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin?!» deya hayqiradi Kamyu. Ha, noumidlik faqat shaytonga xos. Umid bilan yashamagan odamning kelajagi ham yo‘q. Sizif harakatlarining zoye ketishini, tosh tepalikda turib qolmasligini yaxshi biladi. Ammo u o‘z taqdiri ustidan ana shunday fojeiy hukm chiqargan xudolarga qarshi qasdma-qasdiga ishini davom ettiradi. Bu uning ongli isyonidir. Baribir, hukmni ijro etib, o‘zini hukmfarmonbardorlarga ko‘rsatib qo‘yishni istaydi. Mana shu xarakteri bilan Sizif Kamyuga yaqindir. Chunki Kamyu ham butun umri mobaynida hayotdagi norasoliklarga, tengsizlikka, millatlar va elatlarni kamsitishga, o‘zaro urush-janjalga, zulmga, inson erkini poymol qilishga qarshi isyon ko‘targan, ammo umidlari puchga chiqqan adib edi.

Absurd tarafdorlarining fikricha, inson o‘zining nima uchun yashayotganligini ham anglab yetmaydi. Anglashga intilish esa ekzistentsializmning mohiyatini tashkil etadi. Absurdda garchi yashash ma’nisiz bo‘lsa ham umid bor, odam nimanidir kutib yashaydi. Bu ma’nisiz hayotning aldamchi jilolariga uchib, tarkidunyo qilish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirish ham absurdga ziddir.

Absurd masalasida Kamyu o‘zining ustozi, faylasuf, yozuvchi va dramaturg Jan Pol Sartr (1905-1980) bilan ham kelisha olmagan. Aslida ularning ikkovi ham absurd g‘oyasi bo‘yicha hayotning bema’niligini, tuturiqsizligini tan olgan san’atkor edilar. Shu bois Kamyu dastlab unga ergashdi. Biroq Sartrning asarlari bilan yaqindan tanishgan Kamyu hayotdagi mavjud tuturiqsizliklarni yengib o‘tish masalasida ustozi bilan kelisha olmay qoldi. Kamyuning e’tiqodicha, uni yengib o‘tish mumkin, inson bunga qodir. Sartr esa buning aksini tasvirlaydi. U o‘zining «Ko‘ngil aynishi» nomli romanida bosh qahramon Antuan Rekenten tasviri orqali mavjudlik tuturiqsizlikdir (absurd) degan xulosaga keladi. Rekenten e’tiqodining sustligi, xarakterining bo‘shligi oqibatida tevarak-atrofni o‘ziga bo‘ysundira olmay ko‘ngli ayniydi. Oxiri yozuvchi shunday xulosaga keladiki, mavjudlikning tuturiqsizligini amalda isbotlash uchun jismoniy mehnat qilish, kurashish, e’tiqodli bo‘lish shart emas. Buning o‘rniga o‘z mavjudligingga ma’no berish uchun roman yozsang, bas. Bu Alber Kamyu qarashlariga zid edi. Ehtimol, Sartr uchun ijod qilish hayotni mazmunli o‘tkazish uchun birdan-bir mashg‘ulot bo‘lgandir. Ammo ijod qilish qo‘lidan kelmaydigan minglab-millionlab odamlar hayotdan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urishi kerakmi? O‘limni ixtiyor etishi zarurmi? Bu albatta, isyonkor va o‘jar Kamyu tabiatiga mos kelmasdi. Uning qahramonlari ham o‘zi singari bu tuturiqsiz, ma’nisiz hayotda mavjudligini isbotlashga urinadilar. Balki Sizif Kamyuga shu boisdan ham yoqib qolgandir?

Aslida inson bu yorug‘ dunyoga o‘z hayotidan ma’no izlash, unga mazmun bag‘ishlash uchun keladi. Ollohning irodasi ham shunday, olamdagi hamma narsa inson uchun, uning baxt-saodati uchun yaratilgan. Demak, undan voz kechish bema’nilikdir. Darvoqe, Kamyu o‘z Sizifining ona-erga bo‘lgan muhabbatini, yashashga bo‘lgan ishtiyoqini ham alohida qayd etadi. Zero, absurd qahramon bu ma’nisiz turmushda umid bilan yashar ekan, iloji boricha, yerdagi narsalarga mehr qo‘yishi kerak. Shu jihatdan Kamyu o‘zining «qadrdon toshi» tomon horg‘in, lekin shaxdam qadamlar bilan enayotgan absurd qahramonining dastlabki paytdagi g‘am-anduhli qiyofasi yerga yaqinlashgani sari o‘zgarib borayotganiga e’tiborni tortadi. Sizif qoyadan qaytar ekan, yer bag‘riga yaqinlashgan sayin vujudida kuchli mehr, adoqsiz muhabbat, baxtiyorlik, osoyishtalik tuyg‘ulari paydo bo‘la boshlaydi. Biroq bu aldamchi tuyg‘ulardir, ularni his qilgani sari yuragidagi g‘am kattalashib, uni eza boshlaydi. Chunki u bu narsalardan endi lazzatlana olmaydi. Uni tosh kutib turibdi, o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lishi shart. Sizif peshonasiga yozilganidan qochib qutula olmaydi. Real hayotdagi inson ham ana shu qismatga mahkumdir.

Kamyuning yozishicha, baxt bilan absurd shu ona yerning egizak farzandlaridir, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Buning ma’nosi shundaki, dunyoga kelgan inson bu ma’nisiz hayotda o‘ziga sabr-toqat, taskin izlaydi (bu – baxt), ammo uni topolmay umri o‘tadi (bu – absurd).

Yo‘ldosh Solijonov, filologiya fanlari doktori

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 1-son.