Isomiddin Po‘latov. Kitob o‘qimay shoir bo‘lish mumkinmi?

http://n.ziyouz.com/images/kitoblar.jpgDunyo adiblaridan biri Lev Tolstoy shunday yozgan edi: «Har kuni jahonning eng donishmand kishilari bilan muloqotda bo‘lishdan ko‘ra qimmatliroq nima bor?». Tabiiyki, Yozuvchi urg‘u bergan muloqot vositasi bu shubhasiz, kitob. Shunday ulug‘ adib kitobga, o‘zgalarning fikriga quloq tutib, hurmat bilan qarabdimi, bunda bir hikmat bor.

Anglaganingizdek, gap mutolaa, badiiy asarlar, ijodiy saviya haqida bormoqda. Yaqinda ikki-uch ijodkor davrasida qatnashdim. Davramizga o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlar chamasidagi bir yigit kelib qo‘shildi. O‘zi yozgan she’rlaridan o‘qib berdi. Mashqlari bo‘sh, tashbih, yangilik yo‘q, deyish fikridan tiyilib turaylik. U shunchaki hech bir ijodkorni o‘qimagan. Oramizdagi yoshi kattaroq Yozuvchi uni so‘roqqa tutdi. Faqatgina Muhammad Yusufni bilar ekan.

Albatta, Muhammad Yusuf — xalq shoiri. Uni bilmagan, sevmagan o‘zbek yo‘q, hisobi. Bu — shoirning baxti. Ammo eng yomoni, «men ham Muhammad Yusufdek yoza olaman» deguvchilar ko‘payib qoldi. Vatan, ona, sevgi haqidagi yuzlab kseronusxa she’rlar paydo bo‘ldi. Qo‘polroq qilib aytganda, «inkubator»dan chiqqan jo‘jalardek sap-sariq, sip-silliq «she’rlar». Bu yigit ham shundaylardan ekan. Yo‘q, unday emas, yosh ijodkorlarni tarbiya qilsa, yaxshi yozib ketadi, degimiz keladi. Ammo Hazrat Navoiyning «Qobiliyatli odamni tarbiya qilmaslik, zulmkor va noqobil odamga tarbiya hayfdir. Tarbiyangni ayab unisini nobud qilma, tarbiyangni bunisiga zoye ketkizma» degan hikmatini o‘qiganda ikkilanib qoladi, kishi. Axir, o‘zida ijodkorlik iqtidori bo‘lsa, bu uning ilk mashqlaridanoq ko‘rinib turadi. Ammo ana shu iqtidorning o‘zi bo‘lmasa-chi? Bunday holda, yoshlarning o‘z qobiliyatini bilmay, nima qo‘lidan kelishini anglamay yo‘qotadigan vaqti va zoye keta­digan mehnatiga achinasan.

Darvoqe, o‘sha yigitdan mumtoz asarlarni, Navoiy, Boburni o‘qiganmisan, deb so‘radik. O‘qimagan ekan, lekin o‘zi ham g‘azal yozibdi — «dur», «durur»ni hisobga olmasa, barmoq vaznida yozilgan oddiy xashaki she’r. Bu «g‘azal»ni eshitgan shoir akamiz tutaqib ketdi. Ko‘proq kitob o‘qishni maslahat berib, gapni qisqa qildi.

Boshqa kuni she’rlari o‘zbek she’riyati me’yorlariga «sig‘magan» yosh singlimiz mashqlarini olib keldi, so‘roqqa tutdik. O‘zimizni o‘qiganman, deb yurgan ekanmiz-da! Uning yozganlari, bir qarasangiz, ustoz shoir Mirtemir aytganidek, «oddiy qora so‘z»dan farqi yo‘q, bir qarasangiz tushunmaysiz. Tushunmasligimiz boisi, u modernda ijod qilarkan. Bu uslubda yozish uchun, albatta, chet el adabiyotini ko‘p mutolaa qilgan chiqar, hech bo‘lmasa, modern adabiyoti nazariyasidan xabardordir, deb o‘yladik. Qayoqda deysiz, Rashod Nuri Guntekinning «Choliqushi»si va Chingiz Aytmatovning «Oq kema»sinigina o‘qigan ekan…

Nazarimda, keyingi paytda «izm»larni o‘rganishga harakat qila-qila, o‘zimiz ham «izm»lar yaratib olgandekmiz. Hozir birovdan she’ringni bo‘g‘inlari nega har xil, qofiyasi yo‘q, desangiz, baloga qolasiz. Axir, modern, postmodern, xakku, boringki, oq she’rni farqlamaysizmi, deb dashnom beradi. Tortishsangiz, gap ko‘p. Qisqa qilasiz. Ammo yoshlarga, tajribasizroq bo‘lgan ijodkorlarga nisbatan shu tarzda «yon beraversak», oqibati nima bo‘larkin? Avval barmoqni o‘rgan, aruzni o‘qi, deyish o‘rniga, o‘zimizni tushunmaslikka olsak, adabiyot karvonsaroyga aylanib, tom-tom kitoblar javonlarda chang bosib qolmaydimi?

Ma’lumotlarga qaraganda, Buyuk Britaniyadagi har uchinchi bola bironta ham kitobga ega emas ekan. Mamlakat milliy savodxonlik fondi olib borgan tekshirishlarga ko‘ra, shaxsiy kitobi bo‘lmagan bolalarning o‘qishi, o‘zlashtirish qobiliyati, nutqi darsliklardan tashqari o‘zining shaxsiy kitobi bo‘lgan bolalarga nisbatan ancha past ekan. Shuning uchun ham britaniyalik ota-onalar bu haqda jon kuydira boshladi, kitobsiz yoshlarning tashvishini qilayapti. Biroq biz-chi? Yonimizdagi o‘spirindan, ukamiz, farzandimizdan nechta kitobing bor, deb so‘rayapmizmi? Kitob-ku sovg‘a qilmaymiz. Bola ozib-yozib o‘qishga kirganda «bor, falon ishni qil» deyishdan o‘zimizni tiyayapmizmi?..

Yaqinda poytaxtimizda «Ma’rifat markazi» va Milliy kutubxona ochildi. Bu yurtimizda ma’naviyat va ma’rifat masalasiga qaratilayotgan ulkan e’tiborning bir ifodasi. Axir, ziyolisi ziyo taratmagan, ilmu urfondan bebahra el ertasini qanday ko‘ra olsin. Bu holning o‘ziyoq nafaqat kelajak egalari bo‘lmish yoshlardan, balki barchamizdan ilm-ma’rifatga, ma’naviyatga, kitobga, kitob o‘qishga yanada ko‘proq e’tibor qilishimiz kerakligini bildiradi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).