1747 yilda Eron hukmdori Nodirshoh Afshor saroyida g‘animlar suiqasdi sababli o‘ldirilgach, u bosib olgan mamlakatlar xalqlari ozodlikka erishadilar. Jumladan, Nodirshoh huzurida harbiy xizmatda turgan asli gurjistonlik sarkarda Irakliy ham erkinlikka erishib, Tiflisga qaytadi va yurtni boshqarishga kirishadi. Biroq ko‘p o‘tmay, Oqo Muhammadxon Qojor davlat taxtiga chiqqach, tag‘in Gurjistonni bosib oladi.
Bu bosqin payti Tiflisda yosh bolalarni asir sifatida Eronga olib ketish borasida farmon chiqadi. Shu tariqa gurji bolalari Eronga keltirilib, davlat tomonidan harbiy xizmat maqsadlari uchun tarbiyaga jalb etiladilar.
Bular orasida Gurjiston hokimi Irakliyning Humoyun ismli 9 yashar va Xusravxon ismli 7 yashar o‘g‘illari ham bor edi.
Fathalishoh taxtga o‘tirgach, Hindistondagi Sind viloyatining bu shoh bilan do‘stlik aloqalariga ega voliysi Mir Karam Alixon Xusravxonni o‘zi uchun farzandlikka so‘raydi va uni o‘g‘li sifatida rasmiylashtirib, merosxo‘ri deb e’lon qiladi.
O‘sha kezlarda yana to‘rt nafar gurji o‘smiri — Faridun, Qurbonali, Rustam va Muhammad Boqir ham Sind o‘lkasiga kelishadi. Bu paytda musulmon sanalgan va yozuv-chizuvga iste’dodli bu o‘smirlarning ismi oldiga o‘sha davr rasmiga binoan “mirzo” va oxiriga turkiycha “bek” so‘zlari qo‘shilgan edi.
Ana shundan boshlab Sindning Haydarobod shahrida “mirzo” laqabli gruzin ziyolilari paydo bo‘ladi.
Aytish lozimki, boburiylar sulolasiga o‘ta hurmat bilan qaragan bu gurjilar keyinchalik o‘z farzandlariga Zebunniso, Jahonshoh kabi ismlar qo‘yishgan. Xullas, Mirzo Xusravbek Gurji davlat arbobi va shoir bo‘lib yetishadi. Undan yodgor qolgan “Mahaki Xusraviy” nomli she’rlar devoni (Tehron: “Merosi maktub”, 2011) chop etilgan.
Tiflis yaqinida dunyoga kelib, bolaligi Gurjistonda, o‘smirligi esa Tabrizda va qolgan umri Sindning Haydarobod shahrida kechgan Mirzo Faridunbek Gurjining o‘g‘li Mirzo Qilichbek Gurji (1853 – 1929) ham otasiga o‘xshab, shoir va ma’rifatparvar bo‘lib yetishadi.
Uning “Gurjinoma” asarida (Islomobod, “Markazi tahqiqot”, 2001), asosan, fors tilidagi she’rlaridan bir qismi jamlangan bo‘lib, ular orasida fors, sind, hind, urdu, arab, ingliz va turkiy tillarini mukammal bilgan Qilichbekning hali adabiyotshunoslikda nomi tilga olinmagan janrlarda o‘sha tillardagi nazmiy asarlari ham uchraydi.
Shoir mashhur fors va turkiyzabon shoirlar asarlariga yozgan tatabbu’larini goh baytma-bayt tarjima, gohida bir necha tilda — shiru shakar uslubida yaratgan. Alisher Navoiyning o‘zbekcha va Fuzuliyning ozarbayjoncha g‘azallarining baytma-bayt forschaga tarjimalari, Zebunniso g‘azaliga javobi, yana o‘nlab turkiycha qit’alar ana shular jumlasidan.
Mirzo Xusravbek va Mirzo Faridunbekning juda boy kutubxonasi bo‘lib, farzandlarga meros qolgan bu ma’rifat xazinasida Alisher Navoiy ijodiga taalluqli “Xamsa” dostonlari, turkiy va forsiy she’riy devonlari hamda boburiylar ijodidan namunalar bitilgan qo‘lyozmalar mavjud. Mirzo Faridunbekning chevarasi, manbashunos olima Foiza Zuhro Mirzoning aytishicha, “Gurjinoma”dagi turkiy merosni qo‘lyozmadan o‘qib, chop etish jarayonida qiyinchliklar yuzaga kelgan. Chunki bu ishda o‘zbek tilini yaxshi biladigan mutaxassis ishtirok etmagan.
Alisher Navoiyning “Gurjinoma”ga kiritilgan g‘azali va uning forschaga baytma-bayt tarjimasi “Xayoli zulfi tu” (Zulfing xayoli) sarlavhasi ostida berilib, tagiga “Tarjumai g‘azali Navoiy (az turkiy ba forsiy)”, deb yozilgan. So‘ng g‘azalning vazni ko‘rsatilgan.
Etti baytli bu g‘azalning birinchi bayti va uning Mirzo Qilichbek tomonidan qilingan forschaga tarjimasi quyidagicha boshlangan:
Oy qochti munfail bo‘lubon ul jamoldin, Shoyad ki, chiqmag‘ay yana, infioldin.Mirzo Qilichbek tarjimasi:
G‘oyib shuda qamar ba xijolat az on jamol, Shoyad ki boz rux nanamoyad zi infiol.(Infiol – uyat, munfail – uyalgan.)
Mazkur g‘azalning maqta’si tarjimasida Mirzo Qilichbek negadir boshqacha yo‘l tutgan – g‘azalning o‘zbekcha matni oxirgi baytida Navoiy taxallusi odatga ko‘ra aniq berilgan esa-da, forscha tarjimada uning o‘rniga tarjimon o‘z taxallusini qo‘ygan:
Xursandlig‘, Navoiyg‘adur, bu umid ila Kim, vasli toshg‘ori xud emas ehtimoldin.Mirzo Qilichbek tarjimasi:
Shod ast bas Qilich hamidun bar in umid, Gohe visoli dust barun nest zi ehtimol.(Forscha matn mazmuni: Endilikda Qilich ko‘p xursanddir ushbu umid-la, Ki do‘stning biron galgi visoli ehtimoldan tashqari emas.)
Xulosa qilib aytganda, modomiki, Alisher Navoiyning turkiy tildagi ijod namunalari pokistonlik gurji mirzolar xonadonida sevilib o‘qilgan va e’zoz-qadr topgan ekan, demak, bu xonadonning keyingi avlodlari ham shu asarlar ruhida tarbiya topishganiga shubha yo‘q.
Ismoil Bekjon,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 18-sonidan olindi.