1991 yil 13 aprelga respublika mashrabshunoslari FA ijtimoiy fanlar bo‘limiga taklif etildi. Lekin akademiyada qandaydir tadbir bo‘lib, yig‘ilish 15 aprelga qoldirildi. 13 aprelda samarqandlik mashrabshunos J. Yusupov Toshkentga keldi. Men u bilan ancha suhbatlashdim. U Mashrab Namanganda tug‘ilgani to‘g‘ri, lekin tavalludi 1640 yil emas, 1653 yil degan fikrni aytdi va shu haqda bir varaq qog‘ozga yozib menga taщlab ketdi. Xatda Mashrabning Namanganda tug‘ilganligi ilmiy dalillar asosida qayd etilar ekan, shoir tug‘ilgan yili 1653 yil deb ko‘rsatilgan. Xatda yana shoir 1664 – 68 yillari Mulla Bozorda o‘qigan, 1669 – 70 yillari Samarqandga sayohat qilgan, 1671 – 90 yillari Qashqarda safarda bo‘lgan. Keyin Movarounnahr safari, so‘ngra 20 yillik chet el safari deb ko‘rsatilgan.
1990 yil 15 aprel kuni O‘zFA ijtimoiy fanlar bo‘limidagi yig‘ilishda mashrabshunoslar H.G‘ulom, A.Qayumov, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, M, Zokirov, I. G‘afurov, H.Muhammadxo‘jayev, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim boshlig‘i M.Sa’diy qatnashdi. Men ham ishtirok etganman. Yig‘ilishda Mashrab hayotiga oid ba’zi chalkashliklar haqida fikrlar aytilib, shoir 1640 yili Namanganda tavallud topgan va 1711 yili Balxda dorga osilgan; uning tavalludiga 350 yil to‘lganligi munosabati bilan yubiley tantanalari, mashrabxonlik kunlarini yuksak saviyada o‘tkazish ma’qul deb topilsin, degan qaror qabul qilindi.
Men yig‘ilishda J. Yusupov xatini o‘qib berdim. Uning Mashrab 1653 yili tug‘ilgan degan fikrini hech kim ma’qullamadi va ilmiy asossiz, deb topildi. Yig‘ilish haqidagi suhbat “ O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”ning 1991 yili 17 may sonida M. Sa’diy tomonidan e’lon qilindi.
Shundan keyin yubileyoldi respublika matbuotida chop etilgan hamma maqolalarda Mashrab 1640 yili Namanganda tug‘ilgan deb yozildi. 1992 yil Alisher Navoiy nomidagi katta teatrda shoir tavalludining 350 yilligi shu ma’lumotlar asosida tantanali nishonlandi. Bulardan J. Yusupov xabardor bo‘lishi kerak.
Keyinchalik Mashrabning yirik falsafiy-axloqiy asarini eng ishonchli qo‘lyozmaga solishtirib, nashrga tayyorladim, bu keng so‘zboshi va izohlari bilan 1994 yili “Fan” nashriyotida bosilib chiqdi. Shoirning “Kimyo” kitobi (“Namangan” nashriyoti,1999), “Alifni dilga jo qilmoqni bismillohdin o‘rgandim” nomli nashr etilmagan she’rlar to‘plami (“Namangan” nashriyoti, 1999), ”Mashrab hikmatlari” risolasini (“Namangan” nashriyoti, 2000) chop etdik. 1995 yili E. R.Musulmonqulov “Rahimbobo Mashrab va uning badiiy adabiyotdagi talqini” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. M.Hoshimxonov ham Mashrab dunyoqarashi haqida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi va uning “Mashrab va O‘rta Osiyo ijtimoiy fikr taraqqiyoti” (Toshkent, 1994 yil) kitobi nashr etildi. Bulardan tashqari, an’anaviy mashrabxonlik munosabati bilan shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida ko‘plab ilmiy-ommabop maqolalar jurnal, to‘plam va gazetalarda bosilib turibdi. Bularning hammasida Mashrab 1640 yili tug‘ilganligi qayd etilgan.
Nihoyat, “Yozuvchi” gazetasining 1998 yil 15 va 28 avgust sonlarida Jaloliddin Yusufiy (Yusupov)ning “Uni Devonai Mashrab derlar”… nomli katta maqolasi e’lon etildi. Muallif keyingi vaqtda o‘zi mutolaa qilgan manbalar asosida Mashrab hayoti va ijodi haqida anchagina yangi fikrlarni aytib o‘tgan, shoirning she’rlaridan iqtiboslar keltirib, ularni tahlil qilgan. “Mehribonim, qaydasan” to‘plamida aytilgan ba’zi fikrlar qisman takrorlab ham o‘tilgan. Bu maqolani keyingi vaqtda mashrabshunoslikka qo‘shilgan yangi ijod mahsuli sifatida tan olish kerak.
Ammo maqolada yo‘l qo‘yilgan ba’zi chalkashliklar haqida mulohaza yuritishni lozim topdik. Muallif shoirning o‘zi nashr etgan “Mehribonim qaydasan” (Toshkent,1990) devoniga yozilgan so‘ngso‘zda Mashrab tavalludini 1653 yil deb ko‘rsatgan va bu bilan shu paytgacha bo‘lgan har xil qarashlarga chek qo‘yilganiga ishora qilar ekan, yozadi: “Ammo 1994 yili “Fan” nashriyotida chop etilgan Mashrabning “Mabdai nur” nomli kitobiga yozilgan muqaddimada Boborahim Mashrab hijriy 1050 (milodiy 1640) yili Namangan shahrida kambag‘al bo‘zchi Boborahim oilasida dunyoga keldi deb darj etilgan. Ko‘pgina tadqiqotchilar shoirning bir muxammasida aytilgan:
Yoshi yetmish birga kirgan
bandai raddi falak,
Moru kajdumlar bilan
to‘lgan dilida raybu shakk –
baytidagi «etmish bir yosh»ga yopishib oldilar va uni har gal 1640 yilda tug‘ilgan deb yozishadi. Bu taxmindan boshqa narsa emas».
Bu fikrni isbotlash uchun J. Yusufiy «Devonai Mashrab» qo‘lyozmalarida «Yoshi to‘qson birga kirgan», “Yoshi oltmish birga kirgan” kabi bitiklarning mavjudligini qayd etgan. Buni biz “Qissai Mashrab”ning biron-bir nusxasida uchratmadik. M.Zokirov tomonidan “Sharq yulduzi”da parchasi chop etilgan “Tazkirai qalandaron” asarida “Hazrati Mashrab mavtlari ayyomida umrlaridan ellik sakkiz sana kechib erdi” degan jumlani J.Yusufiy dalil qilib ko‘rsatgan. O‘zFA da bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘sha “Tazkirai qalandaron”ni birontamizga ko‘rsatish haqida M.Zokirovdan so‘raganimizda: “Men 25 yil avval birovdan olib o‘qiganman, u kishi suv toshqinida ko‘kragidan tushirib yo‘qotgan”, – dedi. “Sharq yulduzi” manbani ko‘rmay, hech qayerda yo‘q narsani e’lon qilganini yig‘ilishda ta’kidlagan edik. Hamma kitob va maqolalarda Mashrab tavalludi 1640 yil ko‘rsatib kelingani, respublikamizning taniqli mashrabshunoslari – akademiklari, fan doktorlari va fan nomzodlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish qarori ”taxmindan boshqa narsa emas”, faqat J.Yusufiy fikri haqiqatmi? Akademik Vohid Abdullayevning ”O‘zbek adabiyoti tarixi”, A.Abdug‘afurovning “O‘zbek adabiyoti tarixi” akademik nashriga yozgan yirik ilmiy maqolasi va boshqa bir qancha asarlar, akademik M.Xayrullayev nashrga tayyorlagan “Buyuk siymolar, allomalar” to‘plamining uchinchi kitobi (Toshkent, 1997) va boshqa yuqorida qayd etganimiz olimlarning asarlarida 1640 (1050) yil ko‘rsatilgan, bularni rad etish, o‘jarlik bilan o‘z fikrida turib olish ilmiy odobdan emas.
“Qissai Mashrab” va boshqa hamma manbalarda Mashrab Mulla Bozor Oxundda yetti yil – 15 yoshgacha ta’lim olgan. Uni domlaning o‘zi 1665-yillari Qashqarga – Ofoqxo‘ja dargohiga yuborgani, yetti yil pir huzurida ta’lim olgani, keyin Namanganga kelgani qayd etilgan. Ana shundan keyin shoirning sarguzashtli sayohatlari boshlangan. Bu vaqtda u 21-22 yoshlarda bo‘lgan. J. Yusufiy maqolasida “1668 yili ilm istab Samarqandga keladi”, deyilgan. Agar u 1653 yili tug‘ilgan bo‘lsa, 15 yoshida Samarqandga borgan bo‘lib chiqadiki, bu hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan xulosa. Mashrab ijodini ilk ilmiy o‘rgangan rus sharqshunosi N.S. Likoshin (1860 – 1922) Mashrab haqidagi qissani rus tiliga tarjima qilib, 1915 yili Samarqandda so‘zboshi va izohlari bilan nashr ettirdi. Shoir yubileyi munosabati bilan bu asar 1992 yili G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda qayta bosildi. Ana shu kitobda Mulla Bozor Oxund vafoti tarixi “Bulbul biraft az bog‘i ilm” (“Bulbul ilm bog‘idan ketdi”) misrasi keltirilgan. Bundan abjad hisobida hijriy 1143 –milodiy 1668 yil – Mulla Bozor Oxund vafoti kelib chiqadi. J. Yusufiy menga qoldirgan xatida «turkman olimi Qarriyev yozgan» deyilgan, maqolada esa «Mashrab yozgan», deyilgan. Marsiyaning to‘la matnini topmaguncha, uning muallifi haqida so‘z yuritish asosli bo‘lmaydi. Maqoladagi Mashrab 1668 – 1672 yillari hozirgi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hududlaridagi aziz-avliyolar qabrlarini ziyorat qildi, degan fikrlar asossiz. Bu vaqtda shoir Ofoqxo‘ja dargohida bo‘lgan. Maqolada Mashrab 1691 yili O‘rta Osiyoning boshqa shaharlari qatori Samarqandda ham bo‘lgan deyiladi. Bu sana haqiqatga ancha yaqin. Mashrab shu yillar atrofida Samarqandga bir marta borgan. Birodarimiz Jaloliddindan nashrga tayyorlangan to‘plamlarida Mashrab tug‘ilgan yilni 1640 (1050) yil deb to‘g‘rilashni iltimos qilamiz, ilmda faqat o‘z fikrini to‘g‘ri deyish olim obro‘siga putur yetkazadi.
Maqolada “Mou man” so‘ziga noto‘g‘ri izoh berilgan. Bu forscha “Mo”(biz) va “man”(men) so‘zlaridan iborat bo‘lib, o‘rtada “vov”(va) bog‘lovchisi kelgan, “Biz va men” deb maqtanish, manmanlik, kibr ma’nolarini bildiradi. “Mo’u maniy” iborasidagi “mo’un” so‘zi arabcha “mo”dan keyin hamza qo‘yilib, “suv” ma’nosiga ega, “maniy” erkaklar urug‘i, “mou maniy” – “urug‘ suvi”. Maqoladagi keltirilgan bir band muxammasdagi “Kechdim mou manlikdan, manda illat qolmadi” degani, “Mujtahid” so‘zi “Ochuvchi, mushkul diniy masalalarni Qur’on, hadislar hukmi asosida hal qiluvchi, islom shari’atining qonunlarini yaratuvchi olim”, deb izohlangan. Bu so‘z “jahd qiluvchi, tirishuvchi, sa’y-g‘ayrat ko‘rsatuvchi” ma’nolariga ega. Diniy qonun-qoidalar asosida yangi mazhab tuzuvchi ham “mujtahid” deyiladi, lekin “yaratuvchi” emas.
Jaloliddin Yusufiy maqolasida Mashrabning ancha yangi she’riy parchalari diniy tasavvufiy nuqtai nazardan yangicha tahlil qilingan. Bu, albatta, mustaqilligimiz sharofati va tahsinga sazovordir. Jaloliddin shoirning 3769 misradan iborat yangi devonini tayyorlab qo‘ygani aytilgan, u kishiga devonni chop etishida muvaffaqiyat tilaymiz. Biz nashr etgan Mashrabning hozirgacha bosilmagan g‘azal, muxammas, musaddaslarini o‘z ichiga olgan “Alifni dilga jo qilmoqni bismillodin o‘rgandim” to‘plamini, “Kimyo” asari va “Mashrab hikmatlari” risolasini ham Jaloliddin ko‘zdan kechirib qo‘ysalar foydadan xoli bo‘lmas edi.
O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 10-sonidan olindi.