Men Pushkinni sevgi bois qattiq sevdim. U menga odam bolasini goh telba, goh odil, goh daho, goh gado qiladigan; goh gulxanga o‘xshab sachrab-sachrab yondiradigan bir hissiyotning nomini topib berdi. Muhabbat Oneginni jim tinglayotgan Tatyana ekan. Tatyananing xonishlarida zarracha bo‘lsa-da, rad etilganlik alami yo‘q. U mardlik suvrati. G‘urur suvrati. Bir umr o‘qib, to‘ymaydigan kitobim mening Tatyanam!
Marina Svetayeva
“Pushkin adabiyot qasriga nopok libosda kirib kelmadi”. Nikolay Gogol bu fikrni aytar ekan, Aleksandr Pushkinning pok ideallarini, sof niyatini nazarda tutadi. Shoirning yuksak ideallari, metin shaxsiyati aynan “Evgeniy Onegin” she’riy romanida bor bo‘yicha ko‘rinadi. Shoirning o‘zi tan olishicha, bu asar aqlning sovuq kuzatuvi va yurak hasratining mahsulidir. Siz unda orzu-xayollar bilan vidolashayotgan romantik yigit dardlariga oshno bo‘lasiz. Uning erka ruhi tuyg‘usi po‘k ayollardan bezgani kabi, jamiyat riyolaridan ham erta toliqadi. Xayol va hayot o‘rtasidagi ziddiyatlar yigit ko‘nglini toptaydi.
Aleksandr Sergeevich bu og‘rig‘ini qog‘ozga to‘kish uchun to‘qqiz yil ter to‘kdi. 1823 yili boshlangan asariga 1832 yili nuqta qo‘ydi. Bu paytga kelib Pushkin uylangan va o‘ttiz uch yoshda edi. Qolaversa, o‘tgan yillar davomida quvg‘inlikda hayot kechirdi. Erksevar shoir chekka bir qishloqqa surgun qilinadi. Shahar havosiga o‘rgangan ijodkor qishloqning biqiq hayotiga sig‘maydi. Mana shu kayfiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri qahramoni Onegin siyratiga ko‘chadi.
Sargardonlikning sababi bor edi, albatta. Shoir 1826 yilning 8 sentyabrida imperator Nikolay I bilan uchrashadi. Podshoga ochiqdan-ochiq “Men sizning emas, dekabristlar tarafida edim”, deb o‘z qat’iyatini namoyon etadi. Umuminsoniyat mulkiga aylangan “Evgeniy Onegin” she’riy romani mana shu o‘jar ruh, toblangan shaxsiyatning mardona iqroridir. Asrlar oshsa hamki, o‘z davri yuragiga jarohat bo‘lib ko‘chgan Shaxs azobi va ayol go‘zalligini nomus tarozisida o‘lchagan jo‘mard yigit tazarrusi millionlab dillarni qalqitib kelyapti.
Evgeniy Onegin – kiborlar dunyosidan butkul toliqqan, o‘zining erka-tantiq, buzuq hayotidagi zerikishdan-da zerikkan, hatto o‘z o‘limini ham istagan inson…
…Uning hislari sovidi erta,
Zeriktirdi kibor hayot shovqini.
Fikrini go‘zallar, jononlar qisqa
Zamongina mashg‘ul etgandi uni;
Xiyonatlar uni charchatib qo‘ydi.
Do‘stlar, do‘stliklardan juda tez to‘ydi.
Yana har kun laziz ovqat yeyish,
Har kun shampanskoy qoniqib ichish…
…Bulardan zerikdi, dili bo‘ldi qon…
Qulflangan eshik ortida hamisha dur-javohir yashirin. Tabiiyki, ichki dunyosi boy, o‘z olamiga ega Tatyana ham yigitlarning eng munosibiga ko‘nglini ochadi.
Ulug‘larimiz “Aql Ka’baga bormoq uchun tuya hozirlaguncha, qalb ming bor ziyorat qilib keladi”, deb bejiz aytmagan. Shu ma’noda Tatyananing toshqin qalbi, yorqin idroki turgan-bitgani tilsimdan iborat aslzoda Oneginni ilg‘amasligi mumkin emasdi. Nigohi qorniga qadalgan o‘rtamiyona odamlar orasida g‘alatfe’l Onegin, shubhasiz, chaqnagan yulduz! Tatyana allaqachon qalbi bilan yetgan haqiqatni, afsuski, Oneginning o‘zi kech anglaydi. Ikkisi ham qiyqiriq izdihom uchun o‘gay, jamiyat uchun ortiqcha shaxs. Hammalashgan orzu-havaslar, ko‘pchilikni xursand qila oladigan dahmazalar ikkisi uchun ham keraksiz matoh. Onegin yaltiroq to‘daga intiladi, hasham ortida bekingan badburushlikni ko‘radi va undan yuz o‘giradi… Tuyg‘usi ma’yus va chuqur Tatyanada esa avvaldanoq to‘da bazmiga mo‘ralash xohishining o‘zi bo‘lmagan. Qiz garchi o‘zi o‘sha qozonda qaynamasa-da, ichki donishmandlik ila bu jilvalar tubanlik tomoshasi ekanini anglagan edi.
…Shuning uchunmikim: Tatyanasiga
Tangri baxsh etmishdir keng aql bilan
Isyonkor xayolni, inodchi boshni.
Jonli irodani va keng qarashni…
Tatyananing shu vaqtga qadar yashab kelgan sof, ichki ma’naviy hayoti faqat Onegin tufayli ilk bor yuzaga chiqadi.
Pushkinning o‘z botiniga g‘arq ma’yus Tatyanasi – yovvoyi, odamsuymas, kulgi-shodliklardan uzoq, xayolparast ma’suma, uning go‘shasi – kimsasiz joylar…
Beshikka belangan kunlardan buyon,
O‘ychanlik bu qizga o‘rtoq edi chin…
…Yoshlikdan yoqqandi unga romanlar,
Romanda unutdi har nimani ul;
…Oq ko‘ngil va sodda edi otasi…
Qizining boshida naq tongga qadar,
Yostiqlar tagida kitoblar yotar –
Bu haqda u sira chekmadi qayg‘u.
Asarda kiborlar dunyosining zavqi, tantanasi, o‘yin-kulgilar, turfa turli xotin-xalajlarning g‘amzasi boricha tasvirlanadi. Angliya ijodkorlari ishlagan “Onegin” filmini ko‘rsangiz, besh-olti odam, juda tor davra, lekin kiborlar dunyosidagi mana shu zavq-shavq, o‘yin-kulgi orasidagi tubanlik, mehrsizlik, buzuqlik, hissizlik, manfurlik bor qing‘irligi bilan aks etgan. She’riy romanda tasvirlangan kiborlar to‘dasi haqidagi shoirning hukmiga e’tibor bering:
Hammani tuturiqsiz, puch gap mashg‘ul etadi;
Ularda har narsa loqayd va so‘lg‘un,
Hatto bo‘htonlari rangsiz va yupun;
Puch, qovjiroq gaplar, surishtirishlar
G‘iybatlar, jo‘yishlar, har xil mish-mishlar,
Butun kun cho‘zilsin yalt etmas fikr…
Tolg‘in fikr kulmas: loaqal ba’zan
Hazil-chun yuraklar bir seskanmaydir,
Uchramas hatto kulgiga arzigulik ahmoqlik.
Uchramas hatto kulgiga arzigulik ahmoqlik! Ko‘ngil “kulgiga arzigulik ahmoqlik”ni qo‘msash darajasiga keldimi, endi uning makoni YoLG‘IZLIK. Birgina shu misrada nafaqat Pushkinu Lermontovlar yozg‘irgan zamonning qiyofasini ko‘ramiz, balki Yerda o‘zicha g‘imirlab yurgan ruhsizlikning g‘aribdan g‘arib ahvoli-da ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Har bir go‘zal hodisa o‘z bahosicha badal to‘laydi. Pushkin ham, Lermontov ham qahramonlari kabi o‘z kamoloti uchun juda katta tovonga tushadi. Dunyo o‘z qarichiga sig‘magan orzular uchun sizdan ayovsiz o‘ch oladi. Aybsiz orzular uvol ketgan parvozi haqqi xayolparastni jazolaydi. San’at asarining umrini uzaytiradigan ham ana shu mangu haqiqat, azaliy darddir. “Evgeniy Onegin” asari o‘z davrida e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Negaki, shoir qotib qolgan ko‘nikmalarni sindirishga, azaliy qoliplarni buzishga undaydi. Munaqqid Bulgarin “Pushkinning talanti tushib ketgan”, deb ayyuhannos solsa, boshqasi “Asarning oxirida na to‘y bor, na janoza”, deya ayblaydi. Ko‘rib turganingizdek, pushkinu oneginlar, lermontovu pechorinlar bor bezoriliklariyu ko‘rguliklari bilan ham mahdud davrning chinakam qahramoni, asl odami – javohiri edilar. “Evgeniy Onegin” asari bo‘lmaganda Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” romani ham yozilmasdi. Ziddiyatli obraz, baxtsizliklar doyasi Pechorin “Zamon qahramoni!” deb mardonavor tan olinmasdi. Yoki Gogol rus voqeligini bu qadar teran va aniq tasvirlashga, “hazrati inson” ustidan achchiqdan-achchiq kula olishga jur’at topishi dargumon edi. Chunki rus adabiyoti tarixida “Evgeniy Onegin” jamiyatga ayovsiz nigohini qaratgan, ijtimoiy muammolarni inson taqdiri misolida ochib bera olgan ilk asardir.
“O‘zi bir paytlar shaloq, qartaboz to‘daga qo‘rboshi, sayoq,
Bukunlarda esa halim, ishonarli do‘st va hattoki u endi halol bir odam…”
Bu Zaretskiy obraziga berilgan ta’rif. Asarni o‘qiyotganingizda muloyimgina, o‘tmishi sayoqlik bilan o‘tgan bo‘lsa-da, hozir halollik to‘nini kiyib olgan, do‘mboqqina zamindor ko‘z oldingizga keladi. Lekin “Onegin” filmida Zaretskiy obraziga ahamiyat bersangiz: bir qaroqchi, dahshatli bir yovuz odam. Film ijodkorlari Zaretskiy obrazi orqali nafaqat duel boshida turgan shunchaki fosiq, balki johil muhitning obrazini yarata olishgan. Bemehr. Ayovsiz.
Evgeniy Onegin kimdir duelni to‘xtatishini, shu otishma bo‘lmasligini ich-ichidan xohlaydi. Lekin Zaretskiyning g‘iybatchiligini, uning qanday mavjudotligini bilgani bois bunday kaslar qo‘nim topgan dunyoda nomi badnom bo‘lishini tushungani uchun ham duelga boradi… O‘z muhitidagi jaholatga qarshi chiqolmaydi, muhit dedi-dedisining qurboni bo‘ladi. Harakat qiladi, biroq mana bu zaretskiylar, jamoat fikri ayni fojiaga olib boradi… Yevgeniy Onegin keyin batamom o‘zgaradi. Tatyanani ilk bor uchratgandagi xudbin qalbi qalb emas. Endi u Tatyanani ko‘radi! Lekin buyuk asarlarda hayot haqiqati aks etmasdan iloji yo‘q: Tatyana – o‘zganing yori.
Ikkisi ham bir manzilga yetgandi. O‘ychan Tatyanani tanholik ulg‘aytirgan ruhi, xayollari olib kelsa, Oneginni hayotning to‘fonlari surib keladi.
Tanimoq nima? Uzoq yillar bir tom ostida yashashmi? Yo‘q. Tanimoq – fikr-tuyg‘ular evrilishining ayni bir o‘zanga qarab siljishi. Haqiqat shuki, Tatyana Oneginni tanigandi. Xo‘sh, Onegin-chi? U Tatyanani tanimasmidi? Nega unda sodda shoir Lenskiyga “Agar o‘rningda bo‘lganimda, singlisini emas, opasini tanlardim”, deb aytadi? Onegin Tatyananing tuyg‘usi to‘mtoq olgalardan o‘zgachaligini, ko‘ngil odamini botiniy bir sezgi ila izlab yashash bu kabi qizlarning yozug‘i ekanini fahmlardi. Lekin yigit qalbini to‘sib qo‘ygan turg‘un tushunchalar bu qiz o‘zi uchun hayot-mamot qadar mungli haqiqat ekanini tan olishga yo‘l qo‘ymaydi. Yo‘qsa, Onegin qiz idrokidagi favquloddalikni, ma’sumiyatni bir boqishdayoq baholay olgan. Shu sabab ham mashhur ma’shuq yigit zakiy Tatyanaga boshqa ayollarga qaragan kabi munosabatda bo‘lishdan tiyiladi, qizning tuyg‘ularini ermak qilmaydi.
Tatyana kiborlar dunyosida… Go‘yo bir cheksiz ummonda, shovqin-suron muhitda, birgina o‘zi hech kimga ahamiyat bermasdan indamay suzib yuribdi. Bu riyokor dunyo unga qiziq emas. Bu boylik-hasham unga yot-begona…
Go‘yo tush ko‘rgandek ular gapini
Tatyana tinglaydi hissiz, beparvo;
Hech nima anglamas: lekin saqlar u,
Bir sukut ichinda sevikli – mangu
Ko‘ngil sirlarini; ular bebaho…
U hamon o‘sha sevgisining asirasi, hamon o‘y-xayolida O‘sha – Onegini…
Tuyg‘ular yetovida yurgan Tatyanada erkaklar uchun xavfli tuzoq – nozu-ishvadan mutlaq xoli rostgo‘ylik bor edi. Shu uchun ham muallif Pushkinning o‘zi suyukli, ma’yus Tatyananing oshkora dardkashiga aylanadi. Xayoliy qahramoniga uyg‘ongan sevgisini alam bilan baralla izhor qiladi. Bu g‘irrom dunyo, qolaversa, sho‘rlik qiz Tangri inoyati deb bilgan Onegin ham undagi samimiyatga hech arzimasligini o‘kinch va yig‘i bilan ta’kidlaydi. Shoir juda kechikib anglangan Tatyanasiga qadar o‘zi ham olgalar oshig‘i bo‘lganini, endi ular yigit ko‘nglini zada qilganini tan oladi.
Tubi qora o‘raga aylanayozgan yurakdagi mudroq tuyg‘ularni uyg‘otishga – muhabbat va olijanoblikka, mash’um zaretskiylarni nazarga ilmaydigan ruhiy erkinlikka erishishga, qo‘lni qondan asrashga, insonni hazrati inson maqomiga yuksaltirishga Tatyananing shaffof mehri qodir edi. Shu bois afsusu nadomatlarda o‘rtangan Onegin cho‘kayotgan odam kabi Tatyanaga intiladi. Undan qutqarishini, o‘zini asrab qolishini o‘tinadi. … Lekin bu bir vaqtlar rad etilgan ko‘ngilning alamli tantanasi emasdi. Qasos hissi – oliy qalb, mag‘rur Tatyana uchun yot tushuncha. Bu ko‘rgilik – Ayolning hech izmida bo‘lmagan qattol qismat qahri edi. O‘z vaqtida qadrlanmagan tuyg‘ular, ma’sum xayollarda oqib ketgan gul yoshlikning zavoli Onegindan shafqatsiz o‘ch oladi.
Onegindagi hamletona halokat – ko‘zning bemahal ochilishi, olamu odamni ohorsiz ko‘rish kayfiyati Lermontovda ijtimoiy tus olib keskinlashdi – Pechorinni tug‘dirdi, Tolstoyda falsafiy mohiyat kasb etib vazminlashdi – Bolkonskiyga ko‘chdi, Chexovda umri uvol ziyoli insonning yolg‘izligi bo‘lib Astrovda ko‘rindi, Pasternakda ham zamon, ham qalb fojiasi timsolida Yuriy Jivago dramasida yashadi. Bu qahramonlarning har biri “Nahot, iztirobda doim tafakkur” deb hanuz faryod qilayotgandek… Ming afsus, bu er yigitlarning AYoL irodasini mo‘rt qiluvchi muhabbati hech kimga baxt keltirmagan…
Ozurdajon Tatyana Larina-chi? U hayotning loyqasiga obdon cho‘milgan, daqqi tuyg‘ular shilimidan ko‘ngli zada bo‘lgan bo‘yin bermas shoirning orzusi edi… Rus adabiyoti tarixida sukut saqlagan qahramon ayol – faqat Pushkinning Tatyanasi bo‘lib qoldi. Buyuk shoir nafaqat o‘z ijodida, balki shaxsiy hayotida ham ayol or-nomusini o‘zi uchun hayot-mamot masalasi ekanini isbotlagan ShAXS edi. Jo‘mard Aleksandrni duelga, ajal yoqasiga yetaklagan saroy nayrangini eslang. Yana bir haqiqat ham borki, ehtimol, Tatyana “to‘rt burchak vijdon”da – kitoblarda tanhodir, lekin murosa evaziga kun ko‘rishga mahkum turmushning zakiy va qismatni bo‘yniga olgan tatyanalari bisyor…
Aleksandr Sergeevich Pushkinning boshqa asarlarida o‘z-o‘zini kashf etish, jamiki eng ardoqli, eng muqaddas tushunchalarga munosabat, inson go‘zalligiga chinakam ehtirom bu darajada yorqin namoyon bo‘lmagan. “Evgeniy Onegin” o‘z zamoniga sig‘magan, lekin hamma zamonlarning erka farzandiga aylangan shoir arzi holidir.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son