Iqbol Mirzo. Ulug‘im

http://n.ziyouz.com/images/muhammad-yusuf.jpg

Muhammad aka o‘z she’r­lariga quyib qo‘ygandek o‘x­shardi: sodda, rost, samimiy… Aytgancha, samimiy de­gani nimani anglatadi, bi­rodari aziz? Ko‘p ishlatilganidan dehqonning ketmonidek yaltillab ketgan bu so‘zning qiyofasi qanaqa? “Uning she’rlaridan samimiyat balqib turadi”, deb yozishadi olimlarimiz. Hech tasavvur qilolmayman-da. Yoki bu yurakdan chiqqan, do‘s­to­na aytilgan gap deganimikin?

Kaminaning ojiz fikricha, iste’dod qir­ra­laridan biri – samimiyat. Bu ta’rif ostida mardonalik, to‘g‘­ri­lik, til va dil bilish, inson qalbini teran his qilish, holatga kira olish… lar bor.

Muhammad akaning dast­­labki she’rlarini o‘qi­ga­nim­da qizg‘aldoqzor adirda pochalari shimarilgan o‘s­­pi­rin quyoshga qarab shoshmasdan ketayotgandek tuyulardi. Yana uning she’rlaridan endigina qo‘shquloq bo‘l­gan yalpizning hidlarini tuyardim. Xullas, g‘irt o‘z­bekcha manzara, kayfiyat edi bu. To‘g‘ri, hammamiz o‘z­bekcha yozamiz, lekin hamma ham o‘zbekona yozolmas ekan.

Muhabbat, ey go‘zal iztirob,
Qomatimni bukib qo‘yding-ku.
Ko‘kragimga qo‘lingni tirab,
Yuragimni to‘kib qo‘yding-ku…

“Yuragim ado bo‘ldi”, “vayron bo‘ldi”, “yara bo‘l­di”, hatto, “xarj bo‘ldi” kabi kitobiy jumlalar ko‘p. Muhammad aka esa rosmana xalqona qilib aytadi. Yurakkinang to‘kilib ketadi.

Yoshlikdan juda she’rsevar edik. Yaxshi she’rlar o‘z-o‘zidan yod bo‘lib qolardi. Bir-birimizga aytib charchamasdik. Musobaqalashardik ham. Sevimli shoirining suratlarini albom qiladiganlar ham ko‘p edi. Qiziq, gazet-jurnalda chiqqan rasmiga qarab odamning yaxshi-yomonligini sezsa bo‘ladi. Sizga ham shunday ko‘rinadimi? Muhammad Yusuf­ning “Yoshlik”dagi katta surati deyar­li hamma talabalarning yotoqxonasida osig‘liq turardi. O‘sha nim tabassum, ko‘z allanechuk yoshinqiragan. Ochig‘i, ba’zi qizlardan o‘sha rasmlarni rashk qilardik. Biz ham shoirlikka o‘zimizcha nomzod edik-da.

1988 yil. Biz filologiya fakultetining ikkinchi kurs talabasimiz. Zamon olag‘ovur, rost-yolg‘on aralash, qizil imperiya tagiga suv keta boshlagan davr­larni yaxshi eslasangiz kerak. Ijtimoiy dard deganda, albatta, unga malhamdek bo‘lib Muhammad akaning she’rlari yodingizga tushar. “Bobodehqon”, “O‘zbek ishi”, “Nega yig‘lamaysan”, “Urush bo‘lmasin”, “Paxta”, “Birinchi sinf bolalari”, “So‘roq”… har biri jamoatchilik tomonidan katta voqea sifatida qabul qilinib, qizg‘in muhokama-munozaralarga sabab bo‘lgandi. O‘sha yili yoz boshida Farg‘onadagi Markaziy stadionda katta kontsert tashkil qilindi. Sizga yolg‘on, menga chin, futbol tomoshasigayam buncha muxlis tushmaydi: o‘tirgani joy yo‘q, tumonat odam. Sababi bor-da, kimsan Tavakkal Qodirov boshchiligida buyog‘i Oxunjon Madaliyev torini sozlab turgan bo‘lsa, buyog‘da esa Anvar Obidjonu Muhammad Yusuflar chiqishi kutilayotgan bo‘lsa… Kontsert o‘z yo‘liga, Anvar akaning oltiariqcha hazilga yo‘g‘rilgan she’rlari tomoshabinlarni bir qiyqiratib oldi. Ustozdan so‘ng navbat “yoshlarning sevimli shoiri Muhammad Yusufga” berildi. Muhammad aka, o‘ziga xos sal qiyrixonroq odim otib, minbarga ko‘tarildi. Stadion suv quygandek jim. Xalq o‘z dardkash shoiridan har doimgidek kutilmagan bir she’r kutyapti. Shoir biroz bo‘g‘iq, uzuq ovozda “Do‘ppi” she’rini o‘qiy boshladi. Men atrofga qarayman: minglab muxlis nafas yutib, saratonda cho‘llagan yo‘lchidek yutoqib ting­layapti. Nihoyat she’r yakunida fikr portladi: “Boshga loyiq do‘ppi yo‘qmi yo, Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq!” Stadion larzaga tushdi. Odamlar jon-jahdi bilan qarsak urardi, yoshlarning olqishlab qiyqirishidan quloqlar batang bo‘ldi. Yonimda o‘tirgan Abdulla do‘stim qo‘li bilan ishora qilib bir narsalar dedi. Qarasam, bir kishi maydonni ko‘ndalang kesib shoirga qarab shitob boryapti. Minbarga yengil ko‘tarildiyu qo‘ynidan yap-yangi Marg‘ilon do‘ppini olib, sovrinni ko‘z-ko‘z qilayotgandek boshi uzra ko‘tarib namoyish etdi-da, mehr bilan, ehtirom bilan shoirning boshiga kiygazdi. Yana qarsak, yana olqish. Bu o‘ziga xos sov­rinda o‘zbekona timsol bor edi nazarimda.

O‘sha kuni oqshom Vodilga – Tursunali polvonnikiga ziyofatga jo‘nadik. Muhammad akalar alohida yengil mashinada, biz polvonning tomosha mashinasida. Polvon akani bilasiz, yaxshi she’rning, haqiqiy shoirning quli. Eh-he, bu daryodil inson tufayli qanchadan-qancha ijodkorlar bir-birini tanigan, topgan, ko‘ngli o‘sgan. Akaning saxovati ham o‘shancha bor. Shu kecha haqiqiy nazm va navo kechasi bo‘ldi. Asosiy qahramon, albatta, Muhammad Yusuf. Tabiiyki, davradagilar shoirdan yangi she’r so‘rashdi. Muhammad aka shoshmasdan cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘ozni oldi-da, “tandirdan yangi uzilgan, hali o‘zim ham yod olganim yo‘q, sizlar birinchi eshituvchisizlar. Tursunali polvon o‘qishga milliy kiyimda borsa, rektor bu Madaniyat instituti bo‘lsa, to‘n kiyib yurish mumkin emas, deganmish”, dedi-da mashhur “To‘n”ini o‘qiy boshladi.

O‘zbekning to‘nini yenglari uzun,
O‘zbekning jo‘nini yenglari uzun.
Engi uzun ko‘ylak kiymanglar sizlar,
Madaniyat dargohida o‘qisangizlar…

Xizmat qilib yurgan mezbon bolakay ham she’rga mahliyo bo‘lib qo‘lida choynak bilan eshikka suyangancha qotib turardi. She’r nihoyatda ravon, quyma, tabiiy, xuddi Vodilsoyning kumush suvidek rohatijon edi. Bir pasdan keyin Polvon aka meni ta’riflab davraga tanishtirdi va Muhammad akadan izn so‘rab, kaminaga navbat berdi. Yoshlik ekan-da, xotira tiniq, qon qaynoq, qoyil qoldirish, taassurot uyg‘otish istagi jo‘sh urgan… Shoir menga yonidan joy berib, “ana endi o‘qi”, deb buyurdi. Polvon aka davraning u yoq-bu yog‘ida gaplashayotganlarni “tshsh” deb ko‘rsatkich barmog‘i bilan yolg‘ondakam po‘pisa qilib tinchitishga kirishdi. She’r ayta boshladim. Gap-so‘z asta-sekin tinchib, davradagilar taajjublanib bir-biriga qarab, qosh ko‘tarib imo-ishoraga tushdi. Men hozirgina Muhammad aka o‘qigan “tandirdan yangi uzilgan” she’rni tutilmasdan, bamaylixotir yoddan aytib bermoqda edim. She’r tugadi. Shoir menga biroz ajablanib, ham ikkilanib qaradi. Keyin gap nimadaligini tushunib, “Qoyil! Ikkovimiz bitta she’r­ni yozib qo‘yibmiz-a”, deb hazillashdi-da, sochimdan g‘ijimlab, peshonamga peshonasini do‘stona urib qo‘ydi. Shoirning iltifotidan davraga yanada fayz kirganday bo‘ldi…

* * *

“Men jumla jahonni sevaman, butun insoniyatga jonim sadag‘a”, deb aytish oson. “Butun dunyo onalariga guldan haykal qo‘yaman”, deb hammayam aytoladi. Lekin bittagina odamni yaxshi ko‘rish, qadrlash, unga yaxshilik qilish ancha mushkul ish. Yon qo‘shnisiga kerak paytda yordam berolmagan odam jahonga nima qilib berardi deysiz. Buyuk Navoiy bejiz “Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay…” deb yozmagan.

1994 yili Nabijon Boqiy rahbarligida Sho­himardonga boradigan bo‘ldik. Nabijon aka “Muhammad bir ziyorat qilib kelaylik deyapti, yig‘ishtiring mayda-chuyda ishlarni, ketdik”, dedi. Xo‘p, dedik. Ko‘nmay ko‘ring-chi! Nabijon Boqiyni bilasizu… Ertasi oqshom Andijon poyezdiga Musulmon Namoz, Salim Ashur, Muhammad Sharif… chiqdik. Azongacha uyqu tugul, yonboshlab yotish ham bo‘lmadi. Muhammad Yusufning suhbati, mushoira, ulfatchilik (aytgancha, u davrlarda Nabijon aka ajabtovur ichardi). Tongda Bag‘dod tumani markazidagi Furqat stantsiyasida bizni shaxsan Abduqahhor Abdusamatov kutib oldi. Muhammad akaning oyog‘iga qo‘y so‘yildi, mezbonlikning rasm-rusumlari bajarildi. Hozir “Tohir-Bag‘dod” ijod uyi joylashgan tolzorda yuzlab odam yig‘ilgan, bayramona shukuh hukmron edi. Rostdan ham Muhammad Yusufdek shoir bilan yuzma-yuz uchrashish, she’rlarini o‘zidan eshitish qadrini bilgan odamga to‘yday gap emasmi? Axir xalqning o‘z shoiri oila a’zosidek qadrdon bo‘lib qoladi, asarlarini har bir odam men uchun yozilgan, mening ichimdagini yozgan, deb o‘ylaydi. Salim Ashur ikkimiz ham she’r o‘qidik, olachalpoq qarsak bo‘ldi. Muhammad aka ko‘nglimizni ko‘tarib, xalqdan duo olib berdi. So‘ng Bag‘doddan Shohimardonga yo‘lga chiqdik, hokim buva bekamu ko‘st kuzatdi. Ko‘li Qubbon, Yordan aziz kabi qutlug‘ manzillarda uch kun istirohat qildik. “Yoz fasli, yor vasli, do‘stlar suhbati” bir umrga esdalik bo‘ldi. Gaplashilmagan mavzu, tegilmagan masala qolmadi. Biroq g‘iybatlashmadik. Qaysi shaxs haqida mundayroq gap qo‘zg‘olsa, Muhammad aka og‘izga urardi: “Hech bo‘lmasa, Shohimardondan uyalinglar. O‘sha odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring-chi! Ularga ham oson emas…” Men akaning bag‘rikengligi, olijanobligiga yana bir bor besh ketdim.

Shohimardon markazidagi tomosha maydonida ittifoqo ustoz Yo‘ldosh Sulaymonni uchratib qoldik. U kishi uch-to‘rt marg‘ilonlik ijodkorlar bilan dam olishga chiqqan ekan. Uzoqdan to‘lib-toshib, quvonchdan charaqlab, quchog‘ini ochgancha Muhammad akaga peshvoz yurdi. Shoirni azamat quchog‘iga olarkan, tinmay “Ulug‘im, ulug‘im-a”, derdi. Yo‘ldosh aka tushlik chog‘i cho‘ng‘ara guruchiga osh damlatib, bizni siyladi. Muhammad Yusuf ahyon-ahyon adibga javoban askiya qilmoqchi bo‘lar, o‘xshasa-o‘xshamasa, Yo‘ldosh aka tizzasiga shappatlab, osmonga qarab, silkinib kulardi…

Qaytishda yana Bag‘dodda qo‘noq bo‘ldik. Ustoz ma­halliy polvonlarni surishtirdi: “To‘ra polvon bo‘­lardi, tirikmi? Rustam polvon vaxli ketibdi-da, attang… Yosh polvonlar ham bormi?” Keyin Marhamatda sayllarda kurash bo‘lishini, Qozog‘istonu Tataristondan polvonlar kelib belolish kurashida qatnashgan paytlarni esladi. “Ammo hammasidan bag‘dodliklar zo‘r chiqardi, Hojimuqoniniyam chalpak qilardi Rustam polvon”, dedi.

Mehmonlarga xaridor ko‘p, ayniqsa, shoirga “bir piyola choy” taklif qilganlar son-sanoqsiz. Men qishlog‘imga o‘tib, uydagilar bilan xayrlashib keladigan, keyin Toshkentga qaytadigan bo‘ldik. Birdan Muhammad aka, “men ham sen bilan qishlog‘ingga boraman”, deb mashinaga chiqvoldi. Holatimni tushunib turibsiz, menga noqulay, shunday shoirni hech bir tayyorgarliksiz hovliga olib boramanmi? Gap eshitishim aniq. Ayniqsa, Ilyos akamdan: “Bir og‘iz xabar berib qo‘ymaysanmi, qo‘y-po‘y yonboshlatib kutib olmaymizmi? Ha, bola yosh!” degan dakkini eshitishim tayin. Yo‘l-yo‘lakay ustoz oilaviy sharoitni surishtirdi. Men shunchaki gap orasida dadam “Toshkentda odam bo‘lishingizga ko‘zim yetmayroq turibdi, undan ko‘ra tumanimiz gazetasida ishlaganingiz ma’qul, Abduqahhor o‘zimizniki”, deganini, o‘zim ham ikkilanib turganimni aytdim. Muhammad aka munosabat bildirmadi.

Hozirgidek esimda, so‘rida o‘tiribmiz. Tepamizda rang ola boshlagan uzumlar avgust shabadasida sokin chayqaladi. Akaga hovlimiz ma’qul tushdi. “Keng, sarishta ekan, o‘zbekning haqiqiy hovlisi shu-da”, dedi tandirga ishora qilib. Dadam ishda ekan, ayam darrov choy damlab keldi. Muhammad aka kutilmaganda ayamga yuzlanib: “Aya, men qanaqa shoirman”, deb so‘rab qoldi. Ayam: “Voy Muhammadjon, siz eng zo‘r shoirsiz-da, buni hamma biladi-yu”, dedi choy qaytarib. Shunda ustoz boshqacha bir ovozi tovlanib, “ayajon, o‘g‘lingiz mendan o‘n marta zo‘r shoir, hali ko‘rasiz, meni aytdi deysiz, faqat buni joyi Toshkentda, mening yonimda”, dedi. Ayam ko‘zlariga yosh oldi. Men bilib turibman, bu gaplar onaning ko‘ngli uchun, mening kelajagim uchun bo‘rttirib aytilgandi. Muhammad akaning shuhratiga yaqinlashishga mendaqalarga yo‘l bo‘lsin. Ustoz odamni, ayniqsa, onani mana shunday qadrlar edi.

* * *

Muhammad aka turmushning mayda ikir-chikirlariga berilmadi, o‘tkinchi tuyg‘ularga o‘ralashib qolmadi. Kuylaganda bor ovozi bilan, ro‘y-rost, baland pardalarda kuyladi. Hayotini, ijodini buyuk maqsadlarga bag‘ishladi. U o‘z xalqini, tuprog‘ini, O‘zbekistonini beg‘araz yaxshi ko‘rardi. Ishonchim komilki, agar kerak bo‘lsa, Vatan uchun hech ikkilanmay jonidan kechishga tayyor edi. “O‘zbekiston mening onam, kimki unga qo‘l ko‘tarsa, qo‘llarini urib sindiraman”, deganda haqiqiy farzandning, oriyatli yigitning iqrorini, ya’ni o‘zining chin so‘zini aytgandi.

Akaning Vatan haqidagi qo‘shiqlari minglab yoshlarni tarbiyaladi, to‘g‘ri yo‘lga soldi. “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!” deb hayqirganda yuraklarga larza tushdi, Vatan qadrini, ozodlik baxtini anglatdi. “Iddaolar qilmay” xalqini sevgan, Istiqlol kuychisiga aylangan shoir o‘z navbatida Yurtboshidan, yurtidan mehr ko‘rdi, ardoqlandi. “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida xalqqa, Vatanga “Muhammad Yusufdek shoirlar zarur”ligi alohida ta’kidlangani shoir ijodi va shaxsiyatining mohiyatini yaqqol ko‘rsatgan. Ijodkorga qo‘yilgan mezondan kelib chiqib qaraydigan bo‘lsak: “Ey odamzod, ko‘zingni och, sen nima uchun yashayapsan, inson degan yuksak nomga munosib bo‘lish uchun nima qilyapsan?” degan savollarni kitobxon oldida, jamiyat oldida qat’iy qilib qo‘ya oldi. Chunki bunday savolni qo‘yishga uning ma’naviy huquqi bor edi. Muhammad Yusuf katta bilim va hayotiy tajribaga, keng dunyoqarash, yuksak ijodiy mahoratga ega, shu bilan birga, kuchli iroda hamda fidoiy yurak sohibi edi. Ayni sifatlari bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bizga unutilmas saboqlar berib ketdi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 2-son