Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asari turkiy xalqlarninggina emas, balki jahon ma’naviy xazinasining oltin kitobi hisoblanadi. Bitig 1072 yilning 25 yanvaridan 1074 yilning 10 fevraliga qadar mashaqqatli mehnat evaziga yaratildi. Bu bebaho asarga manba yig‘ish uchun Qoshg‘ariy Yuqori Chindan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afg‘onistonga qadar cho‘zilgan turkiy o‘lkalarni, shaharlar, qishloq va yaylovlarni kezib chiqdi, shu asnoda turli sheva va lahja xususiyatlarini o‘rgandi, ularni adabiy til bilan chog‘ishtirdi, o‘z ishi uchun nihoyatda boy badiiy-ilmiy ashyo to‘pladi.
Muallif o‘z asari haqida shunday degan: “Kitob 464 yilda (hijriy) jumadul avval boshlarida boshlandi va to‘rt karra yozilgandan (ko‘chirilgandan) va tuzatilgandan so‘ng 466 yil jumadul oxirning 12-kuni bitirildi… Men bu kitobni maxsus alifbo tartibida hikmatli so‘zlar, saj’lar, maqollar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim… Bu ishda misol tariqasida turklarning tilida qo‘llanib kelgan she’rlaridan, shodlik va motam kunlarida qo‘llaniladigan hikmatli so‘zlaridan, maqollaridan keltirdim”. Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, Qoshg‘ariy turklar deganda turkiy tilda so‘zlashuvchi elat va urug‘larni, o‘g‘uz deganda esa o‘g‘uz lahjasida so‘zlovchilarni nazarda tutadi. Xuddi shunday qarashni buyuk daholarimiz Navoiy va Boburda ham uchratamiz. Xususan, nuktadon bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Andijon to‘g‘risida so‘z yuritib: “…eli turkdur, shahar va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur… Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim Hirida nash’u namo topiptur, bu til biladur”, degan edi.
Bugun ma’naviy hayotimizni bezab turgan “qo‘shiq”, “she’r”, “qasida”, “afsona”, “maqol” kabi atamalar ilk bor “Devonu lug‘otit turk”da qo‘llangan va uyg‘ur yozuvi haqida ham ilk ma’lumotlar keltirilgan. Asarda mehnat va marosim qo‘shiqlari, lirik qo‘shiqlar va o‘gitnomalar, “Qish va yoz” munozarasi, “Alp Er To‘nga” (Afrosiyob) marsiyasi, savlar (afsonalar), maqollar, “Oltin qon” afsonasi (unda qadimgi turkiy ajdodlarimizning Iskandar Zulqarnaynga qarshi mardliklari hikoya qilinadi), “Tangutlar bilan jang”, “Yaboqular bilan jang” kabi asarlaridan parchalar keltirilgan.
Lirik qo‘shiqlarda insonning qalb kechinmalari, nozik his-tuyg‘ulari ifodasi, tabiat va ona yurt manzaralari tasviri yetakchilik qiladi. Kishilarni qurshagan olam haqidagi qo‘shiqlarda turkiy xalqlarning doimiy yo‘ldoshi – otlar ham alohida mavqe tutadi. Asardagi ko‘pgina qo‘shiqlar ovchilik, chorvachilik bilan, turkiy xalqlarning yashash tarzi bilan chambarchas bog‘liq holda yuzaga kelgan. Mahmud Qoshg‘ariy “qo‘shuq” atamasiga “she’r, qasida” deb izoh bergan. “Devon”ga kirgan adabiy parchalarning asosiy qismini to‘rtliklar tashkil qiladi. Bitigda keltirilgan maqollarni o‘z falsafasi, ohangi va xulosasi bilan kichik tugal she’rlar deb atash mumkin.
O‘zbekistonda “Devon”ning birinchi tadqiqotchisi va qisman noshiri professor Fitratdir. Keyinchalik bu asarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, taniqli tilshunos, millatsevar olim Solih Mutallibov 1960–1963 yillari hozirgi o‘zbek tiliga ag‘dardi.
Tan olmoq kerak, mazkur tarjima ikki-uch avlod olimlariga ilmiy manba bo‘lib xizmat qilib keldi. Hozir ham ushbu nashrning mavqei yuqori. Biroq kitob o‘sha chiqqanicha uzoq yillar ma’lum mafkura tufayli qayta bosilmadi. Nihoyat 2016 yili zahmatkash noshirlarimiz professorlar Qosimjon Sodiqov va Hamidulla Boltaboyevlar sa’y-harakati bilan ikki bor chop etilib, afkor xalqimiz bu bebaho asardan bahramand bo‘ldi. Ushbu nashrning e’tirofli jihatlari quyidagicha:
- Uchala jild birlashtirilgan.
- Mutaxassislar uchun ham, o‘quvchi uchun ham foydalanishga qulay.
- Yangi nashr asarning qo‘lyozma nusxasi asosida qayta ko‘rib chiqilgan, avvalgi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tuzatilgan.
Endi “Devon”ning ma’naviy hayotimizga qaytishiga, ya’ni topilishiga sabab bo‘lgan baxtli tasodif to‘g‘risida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Manbaga ko‘ra, bir kuni Diyorbakirda yashovchi Ali Amiriy ismli tolei yorug‘ turk birodarimiz eski kitoblar sotiladigan sahhoflar bozoriga borib, o‘ziga ma’qul hech vaqo topmaganidan so‘ng do‘kondor Burhonbeydan biror yangi narsa bormi, deb so‘raydi. Sotuvchi bir kitob bor-u, biroq qimmat ekanini, hatto maorif vazirligining ham qo‘li kaltalik qilganini aytib, bitigni unga ko‘rsatadi. Ali Amiriy kitobni qo‘liga olishi bilan bu asar yagona qadimiy nusxa ekanini, asarning jahonshumul ahamiyatini darhol tushunib yetadi. Hayajonini Burhonbeyga sezdirmasdan u bilan savdolashib, kitobni 33 liraga sotib oladi. Ali Amiriy shundan keyingi taassurotini maslakdoshlariga bunday hikoya qilgan edi: “Kitobni olib uyga keldim. Yeb-ichishni ham unutib, bir necha soat uning mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ldim. Do‘stlar, sizga bildiryapman. Bu kitob emas, Turkiston o‘lkasidur! Turkiston emas, jumlai jahondur! Turk tili bu kitob soyasida chinakam ravnaq topadi! Arab tili uchun Sebavayhiyning kitobi qanchalik muhim bo‘lsa, bu ham turk tili uchun shunchalik ahamiyatlidir. Hozirga qadar turk tilida buning kabi kitob yozilgani yo‘q. Bu kitobning haqiqiy bahosi aniqlanmoqchi bo‘lsa, jahonning xazinalari bunga teng kelolmas. Bu kitob bilan hazrati Yusuf orasida bir o‘xshashlik bor. Yusufning akalari uni arzimas aqchaga sotdilar. Biroq uni Misrda o‘zining vaznicha keladigan javohirga pulladilar. Burhonbey bu kitobni menga 33 liraga sotdi. Men esa buni behisob olmoslarga, zumradlarga bermayman”.
“Devon”ning topilishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hatto uni Mojariston Fanlar akademiyasi o‘n ming oltin pulga sotib olishni taklif etdi. Frantsuzlar “Devon”ni qo‘lga kiritish uchun quyuq va’dalar berib ko‘rdi. Biroq millat manfaatini har qanday moddiy boylikdan ustun qo‘yadigan Ali Amiriy barcha takliflarni rad etdi. Shu tariqa “Devon” 1915–1917 yillari Istanbulda chop etildi. Keyinchalik ingliz, nemis, rus, turk, ozarbayjon, uyg‘ur va o‘zbek tillariga tarjima qilindi. Turkiyshunoslikda asar haqida ko‘plab tadqiqotlar yaratildi. Bu asarni ilmiy o‘rganish va ommalashtirishda o‘zbek olimlarining ham xizmati beqiyosdir.
Buyuk olim dunyoga mutafakkir nigohi bilan boqib, zukkolik bilan tuzilgan dunyo xaritasi (dunyoning doira shaklidagi tasviri)ni “Devon”ga ilova qilgan.
Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, tog‘, cho‘l, dovon, dengiz, ko‘l, daryo nomlari yozilgan. Yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Xarita, asosan, hozirgi Sharqiy yarim sharga to‘g‘ri keladi. Asarda XI asrdagi shaharlar, qishloqlar, dengiz, ko‘llar, turkiy qabilalar va urug‘lar haqida, urug‘larning ijtimoiy ahvoli, kelib chiqishi, nomlanishi, ichki urug‘ va toifalari, ularning joylanishi, urf-odatlari, til xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Bundan tashqari, hayvonot va o‘simliklari, ularning nomlanishiga to‘xtab o‘tiladi, astronomik ma’lumotlar, burj va muchal haqida ham bayon bor. “Devon”da, ayniqsa, qabila va urug‘ tillariga oid lingvistik ma’lumotlar ancha batafsil berilgan. Bunda so‘zlarning ma’nolari (ko‘p ma’noli, shakldosh, ma’nodosh, zid ma’noli va arxaik so‘zlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim so‘zlarning etimologiyasiga to‘xtalib o‘tiladi. Tovushlar (fonemalar)ning tahlili ancha mukammal: unli va undosh fonemalar, cho‘ziq va qisqa unlilar, ularning urug‘ tillaridagi talaffuzi va orfografiyasi, tildagi fonetik hodisa va qonuniyatlar batafsil izohlangan. Morfologiya sohasida so‘z turkumlarini, davr an’anasiga ko‘ra 3 so‘z turkumiga: fe’l, ism, bog‘lovchiga bo‘lib, ularning yasalish va turlanish yo‘llari ko‘rsatib o‘tilgan. “Devon”da 250 dan ortiq maqol va matallar, o‘nlab she’riy parchalar keltirilgan.
Akademik V. V. Bartold “Devonu lug‘otit turk”dan o‘z ilmiy ishlarida keng foydalangan. Tilshunos olim V. I. Belyayev “Devonu lug‘otit turk” haqida shunday yozadi: “Biz bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan… Muallif bergan ma’lumotlar… arxeologik kashfiyotlar bu ma’lumotlarning aksariyatini isbot etmoqda”.
Nemis sharqshunosi K. Brokkelman asarni 1928 yilda nemis tiliga tarjima qildi. “Devon” qo‘lyozmasining fotonusxasi Istanbulda Kilisli Rifat (3 jildli; 1915–1917), keyinchalik Besim Atalay tomonidan (3 jildli; 1939–1941) turk tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Turk tilidagi keyingi qayta nashri 1957 yil amalga oshirildi.
“Devonu lug‘otit turk” ikkinchi bo‘lib o‘zbek tiliga, aytib o‘tilganidek, Mutallibov domla tomonidan tarjima qilingan. Ushbu nashr faqat tarjima bo‘lmay, turkcha tarjimaga munosabat, baho, atamalar, shaxs nomlari, shahar va joy nomlariga izoh va tafsir hamdir. O‘zbekcha nashrining muqaddima qismida XI asr filologlari, “Qutadg‘u bilig” asari, Mahmud Qoshg‘ariyning lingvistik qarashlari, turkiy qabilalar, ularning shakllanishi, bu urug‘ va qabilalar, tillarning hozirgi turkiy xalqlar va ularning tiliga munosabati, tarjima transkriptsiyasi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. “Devonu lug‘otit turk” o‘zbekcha nashrining oxirida turkiy urug‘, qabila, shaharlar va boshqalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uchragan so‘z va iboralar keng ta’riflanadi, izohlanadi. O‘zbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, ushbu jildlar asosida asarning indeks-lug‘ati ham bosib chiqarildi. Unda “Devon”da uchragan so‘zlar alifbo tarzida keltirilib, so‘zning o‘zbek va rus tilida tarjimasi berilgan. Mazkur so‘z “Devon”ning qaysi betlarida uchrashi (oldin o‘zbekcha, so‘ng turkcha nashrlarining beti, satri) ko‘rsatib o‘tiladi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, “Devon”ga allomalar Alixonto‘ra Sog‘uniy, Alibek Rustamiy, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov, akademik Ne’matilla Ibrohimovlar chuqur ehtirom ila yondashib, bu tengsiz asar bilan millat yoshlarini yaqinroq oshno etishni ta’kidlaganlar. Keyingi paytlarda bir qator taniqli olimlarimiz, jumladan, akademik G‘ani Abdurahmonov, professorlar Qosimjon Sodiqov, Hamidulla Boltaboyev, dotsentlar Baxtiyor Isabekov, Qayum Karimov, Salima Rustamiy (Alibek Rustamiyning qizi), tadqiqotchi olimlar Jo‘ra Xudoyberdiyev, Nodirbek Abdulahadov, Isroiljon Toshpo‘latov, Umidaxon Nosirova, Umidaxon Jo‘raboyeva kabilar ushbu nodir asarning tadqiqoti va targ‘ibotiga alohida hissa qo‘shib kelmoqdalar.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, “Devon” bo‘yicha hozirgacha qancha ko‘p tadqiqot qilingan bo‘lsa, asar hali bundan ham ko‘p ishga mavzu berishi mumkin. Bu borada ochilmagan qo‘riqlar, qilinajak tadqiqotlar sizu bizdan g‘ayrat va shijoat kutib turibdi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 8-son