Odil Alimov. Ilk turkiy tilda bitilgan payg‘ambarlar tarixi

O‘rta asr sharq adabiyotida payg‘ambarlar, umuman olganda, buyuk shaxslar haqida asar bitish an’ana shaklini olgan. Bu sohadagi ilk namunalar arab adabiyotiga oid. 10-11 asrlarda Muhammad ibn Jarir at-Tabariyning «Tarix-ur-rasul va-l-muluk» («Payg‘ambarlar va podshohlar tarixi») nomli kitobi shu turga oid eng mashhur asarlardan sanaladi. Bunday asarlar ko‘p tillar qatori keyinchalik turkiy tilga ham tarjima qilingan. Biroz keyinroq tarjimalar asosida turkiy tillarda shu turga mansub asarlar yuzaga kelgan.

Nosiriddin Rabg‘uziy qalamiga mansub «Qisasi anbiyo» ham ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Adabiy an’analardan farqli o‘laroq o‘ziga xos uslubda bitilgani e’tiborga molik. Undagi uslub o‘zidan keyingi asarlarga namuna vazifasini o‘tagan. Masalan, 16 asrda Boshqurt tomonidan yozilgan «Chingiznoma»dan joy olgan «Oqsoq Temur» qissasining ilk qismi aynan «Qissai Ibrohim alayhissalom» hikoyasiga o‘xshash.

Rabg‘uziy shaxsiyati

Burhoniddin ibn Nosiriddin ar-Rabg‘uziy 13 asrda Xorazmda yashab ijod etgan. Uning hayotiga oid yetarlicha ma’lumotlar yo‘q. Muallif o‘z hayoti to‘g‘risida «Payg‘ambarlar qissasi»da qisqacha to‘xtalib o‘tgan. U Rabg‘uziy taxallusini bir muddat qozilik qilgan Rabot o‘g‘uzi degan joy nomidan olgani aytiladi. Keyinchalik Chig‘atoy xoni Tarmashirinning yaqin maslahatchilaridan bo‘lmish To‘qbug‘a qo‘l ostiga keladi. Tarmashirin Naxshobda (hozirgi Qarshi) o‘zining yaqinlari bilan islomni qabul qilgan mo‘g‘ul xonlaridan biri. Movarounnahrda yashayotgan turkiy xalqlar Payg‘ambarlar tarixi janridagi asarlarga o‘z tillarida ehtiyoj seza boshlaganlari bois Rabg‘uziy 1311 yilda «Qisasi anbiyo» asarini yozadi. Tadqiqotchilar bu asarni o‘g‘uz-qipchoq tilida yozilgan dastlabki asarlar qatoriga qo‘shishadi. Keyinchalik bu asar asosida qadimgi turkiy tillar lug‘atlarini tuzishda ham foydalanilgan1. Asarning serqirraligi Rabg‘uziy dunyoqarashining juda ham keng bo‘lganini ko‘rsatadi.

Xalq ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida

Asar o‘z davri va keyingi asrlarda keng omma tomonidan mutolaa etib kelingan. Turkiy tilda yozilganidan tashqari sodda tilda bitilgani oddiy xalqqa uni o‘qishda qulaylik tug‘dirgan. Bunga asardagi «Muso diydor tiladi, bermadi. Hikmat na erdi? Javob aytmishlar, andog‘ temak bo‘lur: Ey Muso, nafsing foniy, ko‘zung foniy, dunyo foniy. Foniy nafs diydorin netak ko‘rarsen? Sabr qilg‘il nafsingni boqiy qilayin. Anda kezin boqiy saroyda, boqiy diydorini ko‘rgaysan…» tarzidagi savol-javoblar, «Ey mo‘‘min, o‘z yozuqingni (ayb) o‘zgaga yuklamagil, yuklading ersa mavlo o‘g‘londek aning arig‘liqin (nopok) bilgurtgay, seni rasvo qilgay. Ayzan (yana). O‘ngingda kim ersaning aybin ochmag‘il…» kabi hikmatli so‘z, she’r va hikoyatlar misol bo‘ladi. Ularda kishilarga oddiy bo‘lib ko‘ringan kundalik hodisalarga tafakkur bilan qarashga undovlar bor. «Sulaymon qarinchqa (chumoli) bilan so‘zlashgani» qismi ushbu fikrni tasdiqlaydi. Misol uchun: «… Emdi dastur (izn) bersang necha mas’ala savol qilayin». Sulaymon aydi: «Qilg‘il». Qarinchqa aydi: «Mavlodin ne tilading?». Sulaymon aydi: «Andog‘ mulk tiladimkim, mandin o‘zga kim ersada bo‘lmasun». «Bu so‘zdin hasad isi kelur, manga bo‘lgun, o‘zgalarga bo‘lmagun. Taqi (yana) ne tilading? Sulaymon aydi: «Elni tiladimkim manga musaxxar qildi, minib yururman. Asthardin Shomg‘a, Shomdin Astharg‘a bir oylik yer turur. Kunda borurman ham kelurman». Qarinchqa aydi: «Ma’nisi ul bo‘lur: Sening ilkingdagi mulkning qamug‘i (barchasi) yel turur. Ani minguncha ma’rifat markabini minsang senga yaxshiroq bo‘lur. Ko‘z yumub ochg‘uncha bir soatda Arshg‘a tekkay erding. Yana ne tilading?» Aydi: «Yag‘an (fil) so‘ngukindin (suyagidan) taxt berdi». Qarinchqa aydi: «Mavlo taolo yorliqar: «Val arzo farashnaha fa ni’mal mahidun. Bu keng yer kifoyat bo‘lmadimu?» – Qarinchqa aydi: «Taqi ne berdi?» Aydi: «Dev, parini manga musaxxar qildi (bo‘ysundirdi)». Qarinchqa aydi: «Bu sahl (engil) mulk turur. Sabr qilsang erdi farishtalarni sanga musaxxar qilur erdi. Netak oxir uz-zamonda Muhammad otlig‘ payg‘ambar bo‘lg‘ay. Mavlo ta’olodin hech narsa qo‘lmag‘ay. Qamug‘ (barcha) farishtalar anga musaxxar kelgaylar». Sulaymon aydi: «Bu bilikni kimdin o‘rganding?» Aydi: «Allamani robbi», ya’ni izim (Robbim) o‘rgatti» .

Qo‘shimcha ravishda ba’zi o‘rinlarda savollar o‘rtaga tashlanar ekan, ularga «Javob, Taqi javob, Taqi javob…» yoki «Bu savolning javobi yetti turluk turur» qabilida javoblar ketma-ketligi keltirib o‘tiladi. Asarda kamtarinlik ulug‘lanadi, takabburlik, ichkilik va boshqa salbiy sifatlar qoralanadi. Shuningdek, sevgi va sadoqat, urush va tinchlik mavzularida bahs yuritiladi. Deyarli har bir sahifada Allohni ulug‘lash, ota-ona va farzand munosabatlari, do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalari ilgari suriladi.

Alloma Alloh taolodan faqat bu dunyoga qaratilgan «dasturxonimiz to‘kin sochin bo‘lsin», «to‘ylar ko‘p bo‘lsin» qabilidagi duolardan tashqari oxirat obodligini so‘rashni ham o‘rgatadi. «Munojoti ilohiy»da keltirilgan: «Ul misoq kunida biz mo‘‘minlarni kofirlardin sochib, ujmoh (jannat) yonida turg‘uzub, haulai fin-nari va la ubali teyu hisob qildik. Bizda toat va ibodat yo‘q erkan o‘z fazling va karaming birla bizlarni ulardin socha yorliqading, qiyomat kuni yo‘l boshinda kofirlarg‘a qo‘shmayin, ulardin ayirib «faqirun fil-jannati» zumrasinda (guruhida) bo‘lmoqqa sen Alloh ro‘zi qilu ber!» munojoti bunga juda chiroyli misol bo‘la oladi.

O‘z navbatida, o‘quvchiga asardagi badiiy bezaklar – hamd, na’t, she’r, munojot, pand va nasihatlar qalb va ruh ozuqasi o‘laroq xizmat qiladi.

Pand va nasihat: «Ey musulmonlar, yomonlar birla qo‘ldoshliq qilmang. Tongla (ertaga) ular birla tamug‘g‘a (do‘zax) bormang. Bu kungi yomon esh, qo‘ldoshlar tongla barchasi dushman bo‘lgusi. Al-axillau yavmaizin ba’zuhum li-ba’zin ‘aduvvun illa-l-muttaqin2. Qiyomat kuni yomon esh qo‘ldosh bir birindin tabarro qilurlar. Ayturlar3: Ey koshki, maning birla saning oramiz mashriq birla mag‘rib choqliq bo‘lg‘ay erdi. Nima yomon turur mundog‘ qo‘ldosh. Ya layta bayni va baynaka bu’da-l-mashriqayni fa bi’sal qarin.»

She’r:
Na ekan tuproq ostin keng jahonga sig‘magan,
Tor lahad ichra yoturlar yurkanib atlas, ag‘i.
Mustafoqa jofiy dunyo qilmadi, ko‘rgil vafo,
Tegdi oxir arig‘qa bu o‘lumning achig‘i.
Rabg‘uziy Nosir tayanma tunla kunduz ingranib,
Sayrag‘il, suchuk tilingdin so‘z chiqar so‘zlar sog‘i.

Manbalari

Asarning ertakka o‘xshash uslubda yozilgani oddiy xalq saviyasiga mos tushgan. Aslida undagi voqeliklar ertak emas, haqiqiy tarixiy manbalardir. Rabg‘uziy oyat va hadislarni asl holida – arab tilida keltiradi, davomida esa turli tafsirlardan foydalanadi, Abu Ishoq Niysaburiyning «Qisas-ul-anbiyo», Al-Bag‘oshiriyning «Ismat-ul-anbiyo» kabi tarixiy asarlariga murojaat etadi. Allomaning mufassir va tarixchi bo‘lgani quyidagi misralardan bilinadi: «IShORAT. Yusuf Zulayhog‘a o‘g‘ramaduq (qo‘l urmoq) bo‘lsa. Va kazalika linafsiha anhu as-su’a va al-fahsha’a, ma’nisi bermagay erdi… Bu Yusuf bizning muxlis qullarimizdan erdi. Innahu min ibadina al-muxlasina4. Qamug‘ (barcha) yalavochlar (payg‘ambarlar) ham muxlis erdilar ham muxlas. O‘zga mo‘‘minlar muxlis erdilar ammo muxlas eramazlar.»

Tadqiqotchilarning fikricha to‘liq nusxasida jami 33 ta payg‘ambar va valiy zotlar tarixi yoritilgan «Qisasi Rabg‘uziy» Tabariy uslubi asosida bitilgan bo‘lib, unda isroiliyot5dan ham foydalanilgan. Asar Movarounnahrdagi mo‘g‘ul va turkiy xalqlarning islomni qabul qilishiga ham sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan. Kitobning qo‘lyozma nusxalari va 20 dan ortiq tosh bosma nashrlari Toshkent, Ufa, Qo‘qon, Farg‘ona, Kogon shaharlari kutubxonalarida saqlangan. Bugunga kelib, Qozon, Anqara va Toshkent shaharlarida tadqiqotchilar tomonidan nashr etilgan nusxalar mavjud.

Tadqiqotlar ibtidosi…

Qisasi Rabg‘uziyning eski o‘zbek yozuvidan kirill alifbosiga o‘girilib, chop etilishi garchi mustaqillik yillariga to‘g‘ri kelsa-da, tayyorlanish jarayoni biroz avval amalga oshirilgani uchunmi, taqdim so‘zi va lug‘atlardagi izohlarda shaxs va hodisalarga kommunistik nuqtai nazardan yondashilgan. Shu bois, ushbu tarixiy asar islomshunos olimlar tomonidan qayta nashrga tayyorlansa, bag‘oyat savobli ish qilingan bo‘lar edi. Shuningdek, 1990-91 yilgi nashrda ba’zi ismlar noto‘g‘ri yozilgan (masalan, sahoba Amr ibn Osning Umar ibn Os deb yozilishi kabi). Diniy istilohlar izohida ham ko‘p xatolarga duch kelish mumkin. (Ulan namozi – peshin o‘rniga shom, Ikinduk namozi – asr o‘rniga peshin namozi deb izohlangani kabi).

Asar tili to‘g‘risida gap ketganda shuni ham aytib o‘tish kerakki, kitob salkam sakkiz asr oldin yozilgan bo‘lishiga qaramasdan, undagi so‘zlar bugungi o‘quvchi uchun ham butunlay notanish emas. Asar tilimiz tarixini o‘rganishda ham yaxshi manbadir6.

Asarda rus tilida uchrab turadigan, ammo, asli turkiy tillarga oid bo‘lgan so‘zlar ham bor. Masalan:
qilavuz – yo‘lboshchi
kirpich – g‘isht
tovar – tovar, mol
karkas – o‘limtiklar bilan kun kechiruvchi yirtqich qush
kub – xum

«Qisasi Rabg‘uziy» qo‘lyozmalari bugungi kunga to‘laligicha yetib kelmagan. Masalan, kitobda Ayyub, Horun, Shuayb, Zul-kifl, Al-Ya’sa (alayhimus-salom) qissalari yo‘q. Qo‘lyozmaning ba’zi varaqlari yo‘qolgan. Misol uchun, Yusuf (a.s.) qissasi tugamasdan, Muso (a.s.) qissasi o‘rtasidan boshlanib ketadi.

Asarning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi XV asrda ko‘chirilgan bo‘lib, Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Ushbu nusxaning faksimilesi matnshunos K.Gronbek tomonidan 1948 yil Kopengagenda nashr qilingan va bu 1990-91 yilgi nashriga asos qilib olingan7.

Odil Alimov

1 N. F. Kashtanov, Musulmanskie legend?. Teksti i perevod?, SPb., 1894 (Zapiski Imperatorskoy akademii nauk. LXXV. Prilojenie, ?3).
2 Bu yerda Zuhruf surasining 67 oyati. Tarjimasi esa davomidagi gap.
3 Oyatning arab tilidagi qismi matn so‘ngida keltirilgan. Rabg‘uziy bir joyda ikki xil uslubni qo‘llamoqda.
4 Ushbu oyat ma’nosi avvalgi gap. Rabg‘uziy bu uslubni asarning juda ko‘p joylarida qo‘llaydi.
5 Islomni qabul qilgan yahudiy va nasroniy olimlari orqali kirib kelgan rivoyatlar.
6 Nosiruddin Burhoniddin Rabg‘uziy, Qisasi Rabg‘uziy, T. 1990. B. 5-7.
7 Nosiruddin Burhoniddin Rabg‘uziy, Qisasi Rabg‘uziy, T. 1990. B. 8.