Shunday oilalar bo‘ladiki, ularda davr, mamlakat va xalq taqdiri aks etib turadi. Bunday oilalar hayotida san’atkorlik, yaratuvchilik, ilmu fan kashfiyotlari el shuhratiga shuhrat, sharafiga sharaf qo‘shadi.
Oybek va Zarifa Saidnosirova, Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova, Halima Nosirova va Komil Yashin, Said Ahmad va Saida Zunnunova… Bular har tomonlama hamohang va munis, hamdam va hamkor insonlar.
Oybek og‘ir urush kunlarida “Navoiy” romanini yaratayotib, tariximiz qa’rlariga kirib borarkan, Zarifa Saidnosirova adibning tinch ijodiy mehnat onlarini ko‘z qorachig‘iday qo‘riqlar, o‘zi ham fan sohasida katta ixtirolar uchun yo‘l ochar, adib ishdan horigan damlarda ko‘zlari yashnasin deb, mo‘yqalamda go‘zal manzaralar chizardi. Farzandlar esa og‘ishmay ikki ulug‘ allomaning izlaridan borishardi… Abdulla Qahhor “Qo‘shchinor” ustida zahmat chekkanida Kibriyo Qahhorova adibga ijod sharoitini yaratar va o‘zi “Urush va tinchlik”ni o‘zbek tilida yangratish uchun ter to‘kardi. Said Ahmad va Saida Zunnunova xuddi bir-biri bilan musobaqalashganday basma-basiga hikoyalar va qissalar taronalarini sozlashardi…
O‘z xalqining orzu armonlari bilan hamohang va hamnafas yashagan yana bir afsonavor oilani XX asrning yoshu qarisi baravar e’zozlashar, alqashardi. Bu — Hamid Olimjon va Zulfiyaning juda navqiron oilasi. Unda munis dillar saodatining dostoni yaratilardi. Yo‘q, bu XX asrning asil dostoni Tohir va Zuhra, Farhod va Shirin qissasiga aslo o‘xshamasdi. Bu qismat va hayot soniyama-soniya, qadam-baqadam yaratayotgan muhabbat dostoni edi. Ular yangi oila qopqalarini ochib kirdilar. Ular timsolida yangicha oilaviy munosabatlar kashf etildi. Nasllar va zamondoshlarga oila kamoloti va mehru vafo qudratining ibrat namunalarini berdilar. Bu oilada munislik hokim edi: munislik esa ajralmas hamdamlik, sadoqat va jasoratda to‘la hamohanglikdir.
* * *
Otashin shoir Hamid Olimjonning tabiati, fe’li-atvorida surur va shodumonlik mujassam edi. Bu tuyg‘ularni kuylashni u ongli suratda tanlagan va ijodiy yo‘li, ovozining asosiga qo‘ygan edi. Buning juda chuqur sabablari bor, albatta. Uni otashin shoir deb haqli suratda aytamiz: zero, otashinligi surur bilan to‘la yo‘g‘rilgan edi. Holbuki, u to‘rt yoshida — qirchillama yigit otasi o‘lib, yetim qolgan edi. Uni bobosi Mulla Azim tarbiyalab, o‘qitib, el qatoriga kiritib voyaga yetkazdi. Bobosi bilan birga yetti yashar Hamid Olimjon 1916 yil Jizzax voqealarini, xalqning dashtga haydalish, quvg‘in-qirg‘in onlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi, boshidan kechirdi. Hamid Olimjonning tabiatida quyoshning haroratidan, obu havolarning mayin hayotbaxshligidan, Sangzor kabi sho‘x daryolarning serobligidan, Jizzaxni qurshagan ajib shoirona nomlarga ega tog‘larning viqoridan nimalardir bor edi. Mulla Azim Jizzax va Samarqand yoqlarda elga tanilgan, yaxshiliklari bilan dovruq qozongan ziyoli inson edi. Uning yuzidan aql va farosat nurlari yog‘ilib turardi. Fozil shoir, Islom shoir, Abdulla shoir, Ergash shoir kabi xalqning sevimli baxshilari Mulla Azimning saxovatli xonadonida tez-tez qo‘noq bo‘lib turishardi. Hamid Olimjon go‘daklik va bolalik chog‘larida ulug‘ ma’rakalarda va bobosi huzurida ularning eran ovozli termalari, o‘lanlari, ertaklari, dostonlarini jon qulog‘i bilan uzoq tinglar va murg‘ak yuragiga jo qilardi. Bu aytishuvlarda yuragi ko‘radagi oltin kabi erir va xalqning sodda, ulug‘ so‘zlarini joniga naqshlardi. Ajab emasdirki, xalqning go‘zal dahosidan o‘z ijodida Hamid Olimjonchalik romantik tarzda istifoda etgan shoir kam, balki yo‘qdir.
O‘qish-o‘rganish bolalikdanoq Hamid Olimjonning jonu dili edi. U kitobsiz, mashg‘ulotsiz turolmasdi. Yoshlik chog‘larida Jizzaxda, Samarqandda, Toshkentda juda puxta bilim egalladi. Bilim xotirasi va zaxirasi juda katta edi. U 30-yillar oxirida “Alpomish”dek xalqning badiiy qomusini nashrga tayyorlagani, mumtoz adabiyotimizning ikki jildli xrestomatiyasiga muharrirlik qilgani, Navoiy, Muqimiy singari ulkan adabiyot namoyandalari ijodi bilan shug‘ullanib, ilk tadqiqotlar yaratgani bejiz emas. Chamasi, 1931 yilda Hamid Olimjon Toshkentga ko‘chib keldi. U matbuot, nashriyotlar, Ilmlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi ishlarida faol qatnasha boshladi. Gazeta-jurnallarda mas’ul kotib bo‘lib ishladi, muxbirlik qildi. Uyushmada Uyg‘un bilan birgalikda yosh qalamkashlar seminari mashg‘ulotlarini olib bordi. Toshkentdagi pedbilim yurtining talabasi Zulfiya adabiyotga qiziqadigan dugonalari bilan shu seminarda qatnashardi. 1932 yilda uning ilk kitobchasi “Hayot varaqlari” bosilib chiqqan edi. Shoir Shukur Sa’dulla va Toshpo‘lat Sa’diy pedbilim yurtida qizlar o‘rtasida adabiyot to‘garagi mashg‘ulotlarini o‘tkazishar, “Hayot varaqlari”ni ular talabchan nigoh bilan ko‘rishgan va bosmaga tavsiya qilishgan edi. Hamid Olimjon, Uyg‘un, Mirtemir, G‘afur G‘ulom, Nasrullo Oxundiy, Oydin Sobirova, Muzayyana Alaviya o‘sha paytda nomdor qalamkash sifatida tanilib kelar va shu bilim yurtida ham uchrashuvlar o‘tkazardilar. Shukur Sa’dulla tavsiya qilgan bo‘lsa kerak, Hamid Olimjon “Hayot varaqlari”ni o‘qib chiqadi. O‘n yetti yashar chaqnoq yulduzdek yosh shoirani qo‘lladi, dalda berdi, tez va xo‘b yozishga undadi. Zulfiya bilan Hamid Olimjonning ilk uchrashuvi chin ma’noda taqdirsoz bo‘ldi. Hamid Olimjonning samimiy so‘zlari, bergan bahosi Zulfiyaga qanot bag‘ishladi. Bu paytlar Hamid Olimjonning asarlari matbuotda baland ovoza bo‘lgan, uning «Ko‘klam”, “Olov sochlar”, “Poyga”, “O‘lim yovga” singari she’r to‘plamlari 1929 – 1932 yillarda ketma-ket chiqib shov-shuv bilan o‘qilar, hamma yangi she’riyat yulduzi balqiganidan so‘ylardi. Zulfiya uning bu to‘plamlarini qattiq hayajonlanib o‘qib chiqqan, uning matbuotdagi chiqishlarini ham kuzatib borardi. Ustozlar ham bu to‘plamlar va ularning uchqur badiiy olamlari to‘g‘risida ko‘p gapirar, yoshlarni qiziqtirar edilar.
Zulfiya Hamid Olimjon bilan o‘ttizinchi yillardagi ilk uchrashuvlari haqida: “Hamid Olimjon ilk ko‘rishuvlardanoq ko‘zimdan ko‘nglimga o‘tdi. Men juda yosh hissiyotim bilan uning keng qalbi, ulkan iqtidorini tuydim”, deb yozgan edi. Hamid Olimjon Zulfiyaga o‘sha ilk uchrashganda “she’rda qalbingizning surati bor”, deb aytgan va haqiqatni yozishga undagan edi. Bu so‘zlar Zulfiya yuragiga o‘zi e’tirof etganidek, afsonaviy bir qudrat bo‘lib kirdi va uning shoir bo‘lishi, tanilishi, jahonga chiqishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
“Hayot varaqlari” Hamid Olimjon va Zulfiya taqdirida chin ma’noda iqbol varaqlariga aylandi. U ikki yulduzni payvandladi. Adabiyot tarixida tarix yaratdi. Adabiy kechalar, ijodiy mashg‘ulotlar, she’r suhbatlari ularni tobora yaqinlashtirardi, maslaklar, intilishlar mushtarakligini ko‘rsatar va mustahkamlardi. Hamid Olimjon shu 32-yildan e’tiboran Zulfiya timsolida o‘lmas ilhomining mangu shovillab turadigan daryosini kashf etdi va to tirik ekan bu tiriklik daryosining sururbaxsh ovozi bir dam so‘nmadi. Uning she’riyati yangi mundarija kasb etdi. Hamid Olimjon o‘zining bu yillardagi ruhiy holatini mastlik va majnunlik deb atar, she’riy yorqinlik tobora ertaknamo fusun darajasiga ko‘tarilib borardi: “Eng gullagan yoshlik chog‘imda, Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda. Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni, Shunda qalbim tanidi yorni… Shundan beri tilimda oting, Shundan beri dilimda oting…”. Hamid Olimjon o‘z hayotidagi Zulfiya bilan tanishuvdan keyin boshlangan mislsiz o‘zgarishlarni mana shunday yuksak samimiyat bilan ifodalagan edi. 1935 yilning yozida ikki o‘tnafas shoirning to‘ylari bo‘ldi. Ularni katta san’at va adabiyot namoyandalari – Oybekdan tortib G‘afur G‘ulomgacha chin dildan qutladilar. Bu yangi adabiy oilaga juda katta kelajak umidini bildirdilar.
Hech kim Hamid Olimjonni inson, adib, ulkan tashkilotchi, zo‘r matonat va iroda egasi sifatida Zulfiyachalik aniq va haqqoniy ta’riflay olgan emas. Zulfiya Hamid Olimjonni asl oshiq deb ta’riflardi. Chindan asl oshiqlik bu favqulodda iqtidorli shoirning butun ijodi va butun suratiyu siyratida namoyon! Zulfiyaning xotiralarida hikoya qilinishicha, Hamid Olimjon bir kuni Samarqand safaridan Ra’no Uzoqova degan umidli shoiraning she’r kitobini olib keladi va uni tunda Zulfiyaga o‘qib beradi. O‘tli satrlarni ko‘rsatadi, so‘ng qulog‘iga ohista ta’sirlanib shipshiydi: “Siz bundan yaxshiroq yoza olasiz”. Bu so‘zlar Zulfiyaning nozik ta’sirchan shoir yuragida hech o‘chmas bo‘lib muhrlanib qoldi. U har qachon ilhom seli zabtiga olganda, she’r amri kuchga kirganda, to umrining so‘nggi damlarigacha, hatto “Xotiram siniqlari”ning so‘nggi akkordlarini qog‘ozga tushirayotganda ham shu so‘zlarni esladi va kuzak oftobiday mayin jilmayib qo‘ydi. Har qanday holda “men bundan yaxshi yoza olaman”, degan ulug‘ ishonch uni aslo tark etmadi va asarlariga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Shundan bilsa bo‘ladi: o‘z o‘rnida aytilgan so‘z yadro kuchiga ega. Hamid Olimjon bilan Zulfiya o‘rtasida bunday quvvatli so‘zlar ozmuncha emasdi va ular har ikkala shoirni dam sayin barq urib o‘sishga undardi. Ularning asarlarini varaqlasangiz, har sahifada buning go‘zal dalolatiga duch kelasiz: misollarni bir-biriga ulab o‘qishni istaysiz.
Hamid Olimjon atrofida hayot xuddi tirik daryoday qaynardi. U shu qaynagan daryo ichida Zulfiya ijodiy qarashlarini tarashlar, sayqallar, chiniqtirardi. 1935 yilda u o‘zi orolagan, orzulagan baxt farishtasini topgan edi. Shu farishta tufayli uning ijtimoiy kuchli ijodiga ajib sehrli sevgi mavzulari shitob bilan kirib keldi, ne-ne go‘zal fusunkor she’rlar dunyoga keldi, ular hamon o‘z romantik sururini zarracha bo‘lsin yo‘qotgan emas. Zulfiya va Hamid Olimjon nashriyotlarda, matbuot, ilm dargohlarida yonma-yon hamnafas ishlardilar. Bir-birlariga madad berardilar, so‘ngsiz fikrlashardilar. 1944 yilda Hamid Olimjonning ilk tanlangan asarlari chiqadigan bo‘ldi. Uni Zulfiya tayyorladi. Saraladi, tahrirdan chiqardi. Shu jarayonda u Hamid Olimjon talantining qudratiga yana bir karra ishonch hosil qildi. Muharrir sifatida uning ijodi ichiga chuqurroq kirgach, Zulfiya rosmana hayratga tushdi. U chinakam she’riyat qanday bo‘lishini endi ichki tomondan juda teran anglaganday bo‘ldi. Bu uning o‘zining ijodi, ovozi, she’r uslubining shakllanishida beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. Keyingi oltmish yil mobaynida Hamid Olimjon ilmiy, ijodiy merosini qamrab olgan bir qancha salmoqli, e’tiborli ko‘p jildli asarlari chiqdi, o‘n jildli mukammal asarlari to‘plami nashr etildi, adabiyotshunoslarning tanqidiy, adabiy biografik ocherk kitoblari bosildi. Bularning bari o‘sha 1944 yilda Zulfiya tahriri ostida chiqqan ilk tanlangan asarlarga tayanadi. Zulfiya Hamid Olimjonning adabiy-badiiy merosini benihoya avaylab asradi (xuddi Zarifa Saidnosirova Oybekning ulkan merosini ko‘z qorachig‘ida asragandek), asarlarni nashrga tayyorlash, ilmiy-hayotiy izohlar bilan ta’minlashda, muammolarni yechishda katta yordam berdi, maslahatlarini ayamadi.
O‘n yetti yoshida Hamid Olimjonni tamomila maftun etgan zukko va aqli tiyrak qiz Hamid Olimjon nigohi ostida, uning eran shukuhi yog‘dularida Sharq ayolining timsoliga aylandi. Ne ajabki, Hamid Olimjonning ideali shunday aqlu idrokli hur va munis ayol edi. U shunday ayol tarix sahnasiga chiqishi uchun kurashgan edi. Hayotning barcha damlarida Zulfiya jozibador Ayol, Ona, Shoir, Yor ideali bo‘lib qoldi. Bu ikki aziz zot oilada sevgidan ham ortiq bir narsani birgalikda yaratdilar. Sevgidan ham ortiq bu narsa — Unsiyat edi. Mangu hamdamlik, mangu hamnafaslik, mangu dildoshlik faqat ana shunday unsiyatdan paydo bo‘ladi va asrlarcha yashaydi. Buning farhodu shirinlar, layliyu majnunlar, romeoyu julettalardan, lottalardan farqi shunda! Shu unsiyatda. Ammo tan olaylik: u insoniyat hayoti tarixida noyobdir. Buni boshiga tuganmas qayg‘u sharpa yozganda, Zulfiya ilk bor tilga olgandi: «Yo‘q edi-ku bo‘lmoq mahrum Bizning ilk munis ahdda?». Mana shu munis ahd ular hayotida fozil va yuksak ma’rifatli unsiyatga aylanib ulgurgan edi. Uni Hamid Olimjon va Zulfiya birgalikda ongli suratda yaratgan edilar va u she’riy ijodiyotlarining uzviy davomi, birgalikdagi umrlarining porloq sahifasi edi. Bu unsiyat o‘n yilgina davom etdi. Ammo asrlarga tatiydi va yaraydi. Bizga Hamid Olimjon va Zulfiyadan shunday hayotiy qudratli unsiyat meros qoldi. Ha, yana bir karra ta’kidlaymiz va ta’kidlashdan charchamaymiz:
O‘rtada tog‘ chashmasiday zilol, ulug‘ she’riyat bor edi. Uning mantiqi va mundarijasi shunga — Insoniy Unsiyatga olib keldi. Ikki muazzam nomni qadim, hozir va kelajak bilan bog‘ladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 9-son